Killer 3 (kamolov) copy
Vadim Samad akaning huzuriga ertasi kuni ertalab yetib keldi. Darvozada turgan qo'riqchilar ham unga qandaydir sovuq nigoh bilan tikilib qarashardi. U tushundi. Shuncha ishlardan so'ng harqalay quchoq ochib kutib olishmaydi. Aksincha, bir baloga giriftor qilib yubormasalar ham katta gap.
— To'xta, — dedi «Malla» laqabli qo'riqchi. Uni sochlari, qosh, kipriklari sap-sariq bo'lgani uchun shunday deb chaqirishardi. — biz cho'ntaklaringni tekshirib ko'rishimiz kerak!..
Vadim ikki qo'lini ko'tardi.
— Mana buni nega olib yuribsan? — o'dag'ayladi Malla Vadimning cho'ntagidan to'pponcha chiqarib olarkan. — Nima, xo'jayinni o'ldirishni xayol qildingmi?
— Vey, sal uyoq-buyog'ingga qarab gapir, yigit! — dedi Vadim jahli chiqayotganini yashirolmay. — Kim bo'psan menga o'dag'aylaydigan?.. Hozir…
— Vey, vey, hovliqma, hovliqma!.. Bu yer senga onangning uyimas!..
— Onadan og'iz ochma, hayvon!..
Vadim kutilmagan harakat bilan Mallaning bo'ynidan bo'g'ib oldi. Lekin ikkinchi qo'riqchi orqa tomondan kelib uni beli aralash mushtlab yubordi.
— Hay, hay, nima to'polon? — shu tobda ichkaridan chiqib kelgan Tolib qo'riqchilarni to'xtatdi. — Ie, mehmonniyam shunday kutib oladimi? He, ahmoqlar!.. Olib kir uni ichkariga! Xo'jayin kutib o'tiribdi…
Qo'riqchilar indamay Vadimni ikki tomonidan qo'ltiqlagancha darvoza hatlab hovliga o'tishdi…
* * *
— O', kimni ko'rayapman!?. — Ostonada Vadimga ko'zi tushgan Samad aka dast o'rnidan turib quchog'ini ochdi. — Kel, seni bir bag'rimga bosay!..
Jinoyat olami vakillari hech qachon tasodifiy hodisalarga, kutilmagan mulozamatlarga ishonishmaydi. Vadim ham qo'llarini ko'tarishga ko'tarib Samad akaga yaqin keldi-yu, biroq ehtiyotkorligini yo'qotmadi. Ikki ko'zi butun xonani, Samad akaning qo'l harakatlarini kuzatib chiqishga ulgurdi…
Xayriyatki, u kutgan ko'ngilsizlik sodir etilmadi. Tutingan ota uni to'rga o'tqazdi. Xizmatkor ayol birpasda dasturxon ustini noz-ne'matlar bilan to'ldirib, ikkovlariga navbatma-navbat choy quyib uzatdi va shu zahoti xonani tark etdi.
— Xo'sh, ota o'g'il, gapiring! — Samad aka negadir Vadimga sizlab murojaat qila boshladi. Killerni bu mulozamat ham hushyor torttirdi.
— «Nega meni birdan sizlab qoldi? — ko'nglidan o'tkazdi u. — Xusumati borligini bilmasam ekan. O'larmikan ochiq aytib qo'ya qolsa?..»
— Nimaniyam gapirardim? — dedi Vadim bosh eggan ko'yi. — Oldingizga kechirim so'rab keldim.
— Kechirim so'raydigan biror ayb ish qilganmiding?
— O'zingizga ayon-ku!.. Ahmoqlik qilib qo'ydim… Kechiring!..
— Men-ku, kechirarman, biroq Xudo kechirarmikan?.. Esingdami, bir paytlar kichkinagina ekaningda bozor biqinida o'tirib tilanchilik qilarding?
Vadim sekin boshini qimirlatib qo'ydi.
— O'shanda senga juda rahmim kelib ketgandi. Qara, hozir ham xuddi o'sha kundagidek rahmim kelayapti. Nega shunday ekan-a?..
«Ana, endi maqsadga o'tayapti. — o'yladi Vadim yer ostidan bildirmay Samad akaga qarab qo'yarkan. — Hozir qanday jazo bermoqchi ekanini aytadi…»
— Nega indamaysan? — so'radi Samad aka. — Nima uchun hozir senga rahmim kelayapti?
Vadim g'iq etmay turaverdi.
— To'g'risini ayt, Sho'rtumshuq qanday niyatda seni bu yerga yubordi?
— Meni u yuborgani yo'q.
— Yana aldayapsan… Sen shuncha ahmoqliklardan so'ng o'zingning kallang bilan huzurimga kelmasding… Gapiraver, bu yerda ikkalamizdan bo'lak hech kim yo'q. Xo'sh, Sho'rtumshuqqa yana nima kerak bo'p qopti?..
— Aytdim-ku, meni Sho'rtumshuq jo'natmadi bu yerga!
— Unda nimaga kelding? Men seni chaqirmagandim shekilli?
— To'g'ri… M-men… Aybimni yuvish uchun keldim.
— Qanday?
— Sho'rtumshuqning hisob raqamidagi pullarni sizning nomingizga o'tkazib yubormoqchiman.
— Nima? Sen-a?.. Yo'g'-e!..
— Ha, biz Ruxsora bilan shu haqda maslahatlashdik…
Samad aka to'satdan kulib yubordi.
— Vey, bo'ldi, kulgimni qistatma!.. O'sha suyuqoyoqning qo'lidan bunaqangi qaltis ishlar kelishiga o'lay agar ishonmayman.
— Yo'-o'q, u usta ekan! — o'zini oqlay boshladi Vadim. — Kompyuterchini qo'lga olaman deyapti…
— Bekorlarni aytibdi. Kimningdir hisob raqamidagi pullarni kimgadir o'tkazish uchun birgina kompyuterchi kifoya qilmaydi. Yana Sho'rtumshuqday ayyor bir kimsaning pullarini-ya!.. E, yo'-o'q, sen qo'lingdan keladigan ishni qilsang-chi, xumpar!..
Vadim qizarib-bo'zarib bir muddat jim qoldi. Nima deyishni, bu odamga qanday tushuntirishni bilmay turganda, Samad akaning o'zidan sado chiqdi.
— Agar, haqiqatan aybingni yuvmoqchi, yegan noningni oqlamoqchi bo'lsang, — dedi u hamon Vadimga sirli termulib turib. — Sho'rtumshuqni o'ldirasan.
— Bo'pti, — Vadim keskin boshini ko'tarib Samad akaning ko'zlariga boqdi. — bu ish menga cho't emas. Faqat… Meni kechirsangiz bas!..
— Cho't emasligini bilaman. Chunki sen ahmoq mening tarbiyamni olgansan… Hayronman, qayoqdagi suyuqoyoqni deb kimlarga ilakishib yuribsan…
Ruxsoraning nomiga aytilgan bir og'iz gap garchi Vadimning ich-ichini muzlatib o'tgan bo'lsa-da, sezdirmadi. Chidab turdi.
— Sen uni uxlab yotgan yerida tinchitishing kerak. — davom etdi Samad aka. — Qo'lingdan keladimi ishqilib?
— Albatta keladi! — dedi Vadim shosha-pisha. — Ja bo'lmasa, Ruxsora…
— Og'zingga olma o'sha qanjiqni! — jerkib berdi Samad aka. — Bu ishga umuman hech kimni aralashtirmaysan… Bir o'zing bajarasan. Bilib qo'y, mabodo yana qovun tushiradigan bo'lsang, uxlaysan-u, qaytib uyg'onmaysan, yetar!..
— Xo'p bo'ladi!..
— Endi bor o'sha Sho'rtumshuqnikiga!.. Natijasini ertaga ertalab kutaman.
— Xo'p, siz aytganday bo'ladi!..
— Tolib! — qichqirdi Samad aka Vadimning darvozadan chiqqanini ko'rgach.
— Labbay, aka, chaqirdingizmi?
— Sen tezda anavining orqasidan kuzatishni boshla!..
— Xo'p!
* * *
Sho'rtumshuqning saroylardek dala hovlisiga yetib kelgan Vadim yana bir ko'ngilsizlikka ro'baro' bo'ldi. Darvozada xuddi Samad aknikidagi kabi qo'riqchilar to'xtatishdi. U avvaliga hayron bo'ldi. Nega birdan to'xtatib qolishdi?.. Yo… Ha, Sho'rtumshuq nimanidir sezgan. Yo'qsa, bu taxlit tekshiruvlar o'tkazmasdi.
— Qo'lingni ko'tarib devorga o'giril! — buyurdi qo'riqchilardan biri Vadimga. Ikkinchisi shosha-pisha qo'liga to'pponcha olib uning boshiga tiradi. — Tez bo'l!..
Vadim indamay devor tomonga o'girildi va qo'lini ko'tardi. Qo'riqchi titkilay-titkilay, hech narsa topolmagach, teskari o'girildi.
— Endi kiraver!..
Vadim yelka qisgancha hovliga qadam qo'ydi. Ichkarida har doimgi kabi jimjitlik hukmron. Faqat xizmatkorlargina uyoqdan-buyoqqa chopish bilan ovora…
Asta-asta yurib mehmonxona eshigi ro'parasiga bordi. Birpas ikkilanib qoldi. Kirsinmi-kirmay qo'ya qolsinmi?.. Hammasidan xabardor bo'lgan bo'lsa-chi? Unda tamom. Bunisiyam boshida yong'oq chaqa boshlaydi. Ey Xudo, nimalar bo'layapti o'zi?.. Ikki o'tning orasida qoldi. Buyog'i nima bo'ladi?.. Bu olov kuydirib kul qiladi hali… Biridan eson-omon qutulganiga shukr qila boshlasa, ikkinchisi ro'para bo'laversa…
Xayol bilan qanday eshikni ochib yuborganini bilmay qolibdi. Sho'rtumshuq kim bilandir telefon orqali gaplashayotgan ekan. Vadimni ko'rdi-yu, gapni qisqa qilib telefonini stol ustiga qo'ydi. — Qani, gapir! — dedi u derazaga suyangan ko'yi Vadimga o'qrayib. — Samad otang qanday topshiriqlar berib yubordi bu safar?..
Vadim bildiki, hammasidan xabar topgan.
«Sho'rtumshuq deganicha bor ekan haromi! — dedi xayolan. — Bularning dastidan bir qadam bosib ko'chaga chiqib bo'lmaydi shekilli…
— Men u yerga borganim yo'q. — tavakkal yolg'on gapirdi Vadim. — Boshqa ishim bor edi. O'sha yoqqa borib keldim.
— Shunaqa degin? — sovuq tirjaydi Sho'rtumshuq. — Baribir meni ahmoq deb o'ylarkansan. Na iloj?.. Endi qattiqroq gaplashmasam bo'lmaydi ekan senminan… Vey, chuvrindi, o'shanikiga borasan-u, men bilmaymanmi?.. Kim ekanimni nahotki unutgan bo'lsang?..
Vadim lom-mim deyolmay qoldi. Nima ham derdi? Agar ortidan kuzatmaganda bu gaplarni gapirmagan bo'lardi…
Xo'sh, endi buyog'iga nima deb o'zini oqlaydi?.. Tag'in qanday yolg'onlar to'qiydi?..
— Bo'pti, indamasang indamay turaqol. — o'rtadagi jimlikni buzdi Sho'rtumshuq. — Men arqonni uzun tashlab qo'yadiganlar xilidanman… Unda gapimni eshit. Bugun kechasi Samadnikiga borasan. Qurollangan holatda. Yoningga yigitlarimdan qo'shib beraman. O'zim seni tegishli asboblar orqali kuzatib turaman.
— Nima qilishim kerak?
— Nima qilarding? Samadni uxlayotgan yerida tinchitasan. Ayyorlik qilishga, hiyla ishlatib qochib qolishga harakat qilma!.. Foydasi yo'q. Chunki sen shoxida yursang, yoningda boradigan yigitlar bargida yurishadi. Yana shuni esingda tutginki, agar uni o'ldirib, ishonchimni oqlasang, kelgusida seni yaxshi lavozimlar, mo'may pullar kutayapti. Aksincha ish tutsang, o'zingdan ko'r!.. Men hiylagarlarni yoqtirmayman…
— Mayli, ketsam bo'ladimi?
— Ha, borib tayyorgarligingni ko'r!.. Vaqt juda oz qolayapti…
Vadim boshini xam qilgancha bo'shashib mehmonxonani tark etdi.
* * *
Ikki o't orasida qolishdan yomoni yo'q ekan. Sho'rtumshuq ajratib bergan xonaga kirgach, Vadim boshini changalladi. Biladi. Bu yerda ham omonat. Samad akanikida-ku, hamma uni qo'li bilan ko'rsatib yotibdi. Xato qilib qo'yishini kutishayapti xolos…
Ha, demak, hayoti qil ustida turibdi hisob. Bu yerda ham, Samadnikida ham ortiqcha…
Xo'sh, buyog'iga qanday yo'l tutsin? Qay biriga yaxshi ko'rinarmikanman deb jonini jabborga bersin? Qachongacha?..
Ana shu savollar girdobiga ko'milib mahali Ruxsora kelib qoldi.
— Oh, o'zimning sevgilim kelibdi-ku!.. — ichkariga kira solib Vadimning bo'yniga osildi u. — Darvozadan kirdim-u, sizning kelganingizni eshitdim. Jon-ponim chiqib ketayozdi quvonganimdan…
— Ishlar chatoq, Ruxsora. — dedi Vadim qovog'ini uyib.
— Nega?.. Samad yana xafa qildimi?
— U yerdagilarning meni ko'rishga ko'zlari yo'q.
— Shu xolosmi? Shungayam xafa bo'lib o'tirbsizmi?
— Shuning o'zi bo'lsa-ku, do'ppimni osmonga otardim…
— Nima bo'ldi? Gapirsangiz-chi!..
— Birinchidan, Samad Sho'rtumshuqni o'ldirishga buyruq berdi… Ikkinchidan… Sho'rtumshuq hidlanibdi hammasidan…
— Zug'um qildimi?
— Yo'q, yaxshilikchasiga ogohlantirdi. Bugun kechasi Samadni o'ldirishim lozim emish…
— Bu zo'r-ku! — quvonib ketdi Ruxsora. — Sizga qiyin emas-ku bu ish!..
— Qiyin emasligini bilaman… Ammo… Shu kechasi Sho'rtumshuqning o'ziniyam tinchitishim kerak… Nima qilishni bilmay boshim qotdi, Ruxsora!..
Ruxsora bir muddat o'ylanib qoldi. Haqiqatan ahvol jiddiy edi. Bunday hollarda ishni nimadan boshlagan ma'qul?.. Eh, shuncha payt kallakesarlar orasida yurib bunaqasini ko'rmagandi!.. Ikki birday zo'ravonni baravariga o'ldirish oson ish emas… Juda ehtiyot bo'lish zarur.
— Endi bunday qilasiz, — dedi nihoyat bir to'xtamga kelgandek lablarini qattiq tishlab. — birinchi navbatda Samadni tinchiting!.. Chunki siz hozir Sho'rtumshuqning qarmog'ida ilinib turibsiz. Uyog'i keyin… Xudo poshsho…
— Sezib qolsa-chi?..
— Kim sezib qoladi?
— Kim bo'lardi? Sho'rtumshuq-da!..
— Aytdim-ku, avval anavinisini tinchiting!.. Faqat… Milisalar bilib qolmasa bas… Juvonmarg bo'lib ketasiz-a… Bo'ldi, hadeb o'ylanavermay, dam ham oling!.. Ishonsangiz, sizni judayam sog'inganman…
Ruxsora jilmaygancha ustidagi kiyimlarni yechib bir chetga irg'itdi.
Vadim hozir kayf-safo qiladigan ahvolda bo'lmasa-da, noiloj sevgilisining belidan oldi…
* * *
— Vadim, tez mening oldimga kir!.. — ikkovlari ham tashqaridan kelayotgan Sho'rtumshuqning ovozini eshitib, dast o'rnilaridan turishdi. Vadim pardani ko'tarib derazadan tashqariga qaradi. Qosh qorayib qolibdi. Demak, hademay kutilgan lahzalar yaqinlashadi… Hayoti hal bo'lsa ham ajabmas… Negaki, bunday xavfli o'yinlarda qaysidir taraf yutqazishi zarur. Busiz bo'lmaydi… Xudo ko'rsatmasin, Samad aka xabar topgan bo'lsa, keragicha qo'riqchi qo'yib, Vadimni to'rga ilintirishi aniq… Xabar topmagan bo'lsa-chi?.. Unga xuddi shunisi kerak… U holda ish xamirdan qil sug'urgandek oson bitardi.
— Xavotir olmang, — dedi Ruxsora tashqariga yo'l olgan Vadimning yo'lini to'sib. — Men ham o'sha atrofda bo'laman… Omad sizga yor bo'lsin!..
Vadim qizning yuzlaridan ohista o'pib qo'ydi…
Ishqilib, oxirgisi bo'lmasin!..
— O'zingni ko'rsatadigan payt yaqinlashayapti. — Sho'rtumshuq hamon Vadimga ishonchsizlik bilan qarab tashqariga ishora qildi. — Otaginangning ikki-uch soatlik umri qoldi… Esingdami qay ahvolda uni tinchitishing?
— Albatta esimda. — javob qildi Vadim. — Uxlayotgan yerida…
— Sezdirib qo'ymasmikansan?
— Buyog'ini menga qo'yib bering.
— Ha-a, senga ishonsa bo'ladi. — kuldi Sho'rtumshuq. — Ja pixini yorganlardansan… Menga qara, tag'in… Samadni tinchitgan kishi bo'lib mengayam tashlanib qolmagin-a!.. Achchig'im yomon, bilasan…
— Xuda asrasin! — unga javoban sovuq tirjaydi Vadim ham. — Sizday odamga qo'l ko'tarib bo'larkanmi…
— Shunday bo'lsin. Chunki men juda ehtiyotkor odamman… Bo'pti, hozir omborga kirib kerakli patronlarni ol!.. Orqangdan yigitlar kuzatishadi. Sira tashvish tortma… Ja zo'r kelsa, ochiqchasiga hujum qilishdanam toyishmaydi ular…
— Xo'p, yaxshi qoling!..
— Omadingni bersin, killer, xa-xa-xa-xa!..
Chiqib ketayotib Sho'rtumshuqning yoqimsiz kulgisini eshitgan Vadim tishlarini sezdirmay g'ijirlatib qo'ydi.
— «Hali shoshmay tur, qari tulki, seniyam galing kep qolar!..»
* * *
— Ruxsora, qani buyoqqa kir!.. — Vadim jo'nab ketgach, tashqariga chiqib ketayotgan Ruxsoraga ko'zi tushgan Sho'rtumshuq mehmonxonadan turib qichqirdi.
— Chaqirayapsizmi? — ichkariga kirib o'tirmay, ostonadan turib so'radi Ruxsora.
— Chaqirdim, kir ichkariga!
— Men biroz shoshayotgandim, aka!
— Kir dedim!.. Shoshganingminan necha pullik ishim bor?
Kirmaslikning iloji yo'q edi. Bu tulki qaerga ketayotganidan xabar topsa, Xudo uradi-qo'yadi…
Ruxsora itoatkorona ichkariga kirib Sho'rtumshuqning ro'parasiga o'tirdi.
— Oh, sening lo'mbillagan sonlaringdan!.. — qizning ikki sonini baravar g'ijimlab pishqirdi Sho'rtumshuq. — Ana, eringniyam jo'natdik… Endi ikkalamiz bi-ir maishat qilamiz, nima deysan?
— Hozir ema-as!.. — erkakning qo'llariga badanini junjiktirib, asabiylasha boshlagan Ruxsora imkoni boricha sezdirmaslikka tirishib erkalangan bo'ldi. — Bir joyda ishim bor. O'sha yoqqa o'tib kelay, keyin…
— Haddingdan oshma! — Sho'rtumshuq uni orqasidan mahkam quchoqladi-da, divanga bosdi. — Avval mening nafsimni qondir. Ana undan keyin qaerga xohlasang ketaver!.. Hozir mening itim kep turibdi. Itim kelganda-chi, hech kimni ayab o'tirmayman!.. Qani, jonidan, mana shu oppoq sonlaringni o'zing kerib yubor-chi!..
Ruxsoraning qo'lidan nimayam kelardi. Balki buning ham bir kechalik umri qolgandir?!. Qolaversa, hozir ishni buzmaslik kerak…
U tishlarini-tishlariga bosib divanga cho'zildi…
* * *
Samad akaning hayhotdan hovlisi. Tashqari chiroq har qachongidek yoniq. Ahyon-ahyonda kelib-ketadigan mashinalarni aytmasa, deyarli jimjitlik…
Vadim bu safar tomorqa tomondan hovliga yaqinlashdi. Hech qachon yuragi bu qadar bezovta urmagandi. Qancha odamning yostig'ini quritgan bo'lsa, juda xotirjam ish tutardi. Bugun esa… Yuragi qinidan chiqquday tipirchilayapti…
U oyoq uchida yurib borib tanish deraza tagida to'xtadi. Ha, xuddi shu deraza ortida Samad aka uxlaydi. Bu yerda qo'riqchi yo'q. Qo'riqchilarning hammasi hovlida. Ayni muddao… Faqat bildirmaygina ichkariga kirib olsa bas. Lekin biroz kutishga to'g'ri keladi…
Tashqari sovuq bo'lishiga qaramay, Vadim ikki-uch soat chamasi deraza ostida o'tirib qoldi. Goh-gohida sumkadagi vintovkani ushlab-ushlab qo'yar, ikki ko'zi ichkaridagi chiroqda edi…
Nihoyat kutilgan onlar yaqinlashdi. Chiroq o'chib, ba'zan quloqqa chalinib qoladigan tovushlar ham tindi. Endi yana bir soat kutish lozim edi. Samad aka qotib uxlagandagina deraza ohista ochilib, vintovka ishga tushirilishi mumkin…
Vadim har ehtimolga qarshi vintovkasini o'qlab, ovoz pasaytirgichini paypaslab-paypaslab qo'ydi. Hammasi joyida…
U bir narsani bilardi. Hozir qaerdandir turib Sho'rtumshuqning odamlari kuzatayapti…
Lekin… Ruxsora qaerda ekan?.. O'sha ifloslarning orasidamikan?.. Mayli, hozir bu haqda o'ylaydigan payt emas… Tezroq ishni tugatib juftakni rostlash lozim…
Samad akaning uxlaganini taxmin qilib, Vadim asta boshini ko'tardi. Ichkari qop-qorong'i. Hech narsa ko'rinmaydi…
— «E, shu yerda bo'lmay, qaerdayam bo'lardi… — ko'nglidan o'tkazdi u tavakkal vintovkani sumkadan chiqararkan. — Peshonamdan ko'rdim… Joyida bo'lsa, marra meniki. Bo'lmasa… Ajal yetmagan bo'lsa, qutulib ketarman…»
Vadim bu uydagi derazalarni ko'z yumib ochardi. Qo'yin cho'ntagidan maxsus pichog'ini chiqardi-da, derazaning zulfin bor yeriga tiqib, asta yuqoriga ko'tardi. Zulfin ovoz ham chiqarishga ulgurmay, ochildi…
Vadim yana bir marotaba atrofni kuzatdi. Jimjitlik. Ichkaridan ham tovush eshitilmadi. Demak, Samad aka qotib uxlayapti…
U ehtiyotkorlik bilan derazani qiya ochdi-da, vintovkani ichkariga kirg'azdi. O'zi astoydil xona o'rtasidagi karavotni ko'zdan kechirdi…
Hammasi joyidadek ko'rindi. Vintovkaning uch qismiga fonar o'rnatilgan. Agar qorong'ida kimnidir otmoqchi bo'lsa, killer xuddi o'sha fonardan foydalanadi. Ayniqsa, uxlayotgan odamni juda aniq ko'rsatib beradi…
Vadim lablarini asabiy tishlab fonarni yoqdi. Va karavot o'rtasini nishonga oldi…
Zo'r-da, bunday yaqin masofadan turib otish kimga ham zavq bermaydi…
Tepki bosildi. Qayta-qayta uch marotaba bosilgach, «o'lja» qimirlamay qoldi…
Faqat… Birinchi o'q borib tekkanda sakrab olgandi xolos…
Xullas, ish xamirdan qil sug'urgandek bitdi. Vadim shosha-pisha vintovkani sumkaga joyladi-da, orqa-ketiga qaramay, katta yo'l tomon chopdi. Uni ikki yuz metrlar narida maxsus mashina kutishi lozim edi…
* * *
— E, boplading, ota o'g'il! — Vadim kirib kelishi bilan quchog'ini ochib peshvoz chiqdi Sho'rtumshuq. — Bunaqasi bo'lmagan!.. Vey, hozir Samadnikida qanday to'polonligini bilasanmi?.. Malades, killer!.. Ana endi mening ishonchimni deyarli oqlading hisob!.. Qani, bu ishni yumasak bo'lmaydi, o'tir!.. Bugun uyimning to'ri seniki, qani, o't, Vadimjon!..
Hali ular joylashib ulgurmay, ostonada Ruxsora paydo bo'ldi. Sho'rtumshuq unga ko'zi tushdi-yu, qaytadan o'rnidan turib qizning istiqboliga chopdi.
— Zap ering bor-da, qizaloq!.. Tabrikla, eringni, tabrikla!.. U bugun mening ashaddiy dushmanimni yo'q qildi!..
Ruxsora yer ostidan alam bilan Sho'rtumshuqqa bir qarab qo'ydi-da, yasama jilmayish qilib Vadimning tepasiga keldi.
— Tabriklayman sizni! — dedi ovozini hiyla pasaytirib. — Sizga ishonardim, rahmat!..
— Qani, Ruxsora, senam o'tir bu yerga!.. — xushomadli ohangda qizni Vadimning yoniga chorladi Sho'rtumshuq. — Bugun uchchovlashib bir o'tiraylik!..
— Yo'q, meni ishim bor. — Ruxsora sekin eshik tomon yo'naldi.
— Ie, nimaga unaqa deysan? Shunday kunda bahona sig'adimi? O'tirsang-chi!..
— Kechirasizlar, judayam zarur ishim bor…
— Shunaqami? Ha mayli, — Sho'rtumshuq umrida birinchi bor Ruxsoraga yon berdi. — Boraver, biz Vadimminan biroz o'tiramiz!..
Ular ancha vaqtgacha mehmonxonada qolib ketishdi. Sho'rtumshuq anchadan beri bu taxlit yurakdan o'tirmagandi. Shu kuni niyati amalga oshganidan xursandligini hech qaerga sig'dira olmasdi. Tinimsiz qadah to'ldirar, har bir qadahni sipqorishdan avval o'ziga o'zi omad tilardi.
Chamasi oradan ikki soatlar o'tdi. Vaqt ham tongga yaqinlashib qoldi. Vadim qarasa, Sho'rtumshuq o'tirgan yerida xurrak ota boshlayapti. Sekin ko'tarib yotog'iga olib kirdi. Karavotiga yotqizib chiroqni o'chirgach, yo'lakka chiqdi-da, derazadan tashqariga qaradi. Qo'riqchilar ham uxlashayapti shekilli, darvozaxonada hech kim ko'rinmadi…
— «Endi kechiktirmay, buniyam yo'qotish kerak!..»
Vadim shoshilinch o'z xonasiga — Ruxsoraning yoniga oshiqdi…
* * *
— M-menga qara, Ruxsora, endi nima qilamiz?.. — hovliqib ichkariga kirib kelgan Vadim qizni yelkasidan tutib o'ziga qaratdi. — Yurak g'ash, Ruxsora, yurak g'ash!..
— Meni qiynamang, o'zim ham jonimni hovuchlab o'tiribman!.. O't bilan o'ynashib qo'ymadikmikan?..
— E, bo'lar ish bo'ldi!.. Vahima qilaverma! Anavi yaramas uxlab qoldi. Nima qilamiz?..
Ruxsora sekin derazadan tashqariga mo'raladi. Hammayoq suv quygandek jim-jit. Olis-olislardan tong yorishib kelmoqda edi.
— Ulgurishimiz kerak. — dedi u Vadimning bilagidan tutib. — Shoshilmasak bo'lmaydi…
— Keyin… Keyin nima qilamiz?
— Qachon?
— O'ldirgandan keyin deyapman!
— Qochamiz, Vadim, qochamiz!.. Ushlab olishsa naq bo'g'izlab tashlashadi…
Vadim ortga tisarildi.
— E, yo'-o'q, qochadigan ahmoq yo'q!..
— Bu nima deganingiz? Milisa hozirdanoq qidirib yurgandir sizni… Shunday Samad o'ladi-yu, izlamaydimi?
— Unda… Qochishning umuman foydasi yo'q. — dedi Vadim. — Yo'llarni titkilab yotishgandir ular… Yaxshisi, biror ishonchli yerda yashirinib yuramiz vaqtincha…
— Xo'p, avval tinchiting, keyin bir gap bo'lar!..
Vadim sekin sumkasini olib, ichidagi vintovkani chiqardi-da, o'qladi. So'ng yana sumkaga joylab yo'lakka chiqdi. Birpas qulog'ini ding qilib turdi. Hech qanday ovoz eshitilmagach, Sho'rtumshuqning yotog'i eshigini ohista itarib ichkariga kirdi…
Ruxsora yo'lakning eshikka yaqinroq yerida poylab turgandi… Oradan bir-ikki daqiqalar o'tib-o'tmay, ichkaridan «Tuk… Tuk… Tuk…» degan tovush eshitildi… U tovush vintovkaniki ekaniga amin bo'lib xonaga kirib bordi…
Ha, u yerda dahshatli manzara namoyon edi. Sho'rtumshuq choyshabga o'rangan ko'yi qoniga belanib yotar, Vadim bamaylaxotir vintovkasini sumkaga joylardi…
* * *
— Tez yur, bu yerdan daf bo'lishimiz kerak!.. — Ruxsoraning yelkasi turtib tashqariga undadi Vadim. — Xudo ko'rsatmasin, qo'riqchilar xitlanib qolsa bormi…
Ruxsora g'ing demay uning ortidan ergashdi…
Vadim jonholatda katta ko'chaga chiqib darvozaga yaqin joyda turgan Sho'rtumshuqqa tegishli mashinalarning biriga yopishdi.
— Nima qilmoqchisiz? — vahima ichida so'radi Ruxsora. — Tezroq yura qolmaysizmi? Mashinaga balo bormi hozir?..
— E, bu yaramasga mehnatim singan. Mana shu mashinani olib ketmasam bo'lmaydi…
Ko'z ochib yumguncha ikkovlari yarqiragan «Mersedes»ni yelday uchirib shahardan tashqariga — ikki tomoni poyonsiz dalalardan iborat joylarga yetib borishdi.
— Shu yerda to'xtab biroz nafas rostlaymiz. — dedi Vadim mashinani yo'l chetida to'xtatib. — Xavf harqalay ortda qoldi. Endi qanot boylab uchsayam bizni tutolmaydi. Nima deding?
Ruxsoraning negadir qovoqlari uyilgan edi. Vadim tushunmay, uning iyagidan tutib o'ziga qaratdi.
— Senga nima bo'ldi? Nega shumshayib qolding?
— Bilmadim. — dedi Ruxsora Vadimga qo'rquv aralash tikilib. — Negadir qo'rqib ketayapman.
— Nimadan qo'rqasan? Hammasi ortda qoldi-ku!..
— Yo'q, baribir… Qo'rqib ketayapman…
Shu tobda uzoqdan saf tortgan mashinalarning chirog'i ko'zga tashlandi. Avvaliga Vadim shunchaki o'tkinchi mashinalar bo'lsa kerak deb o'ylab e'tibor qilmagandi. Lekin ular yaqin kelib qolgach, bildiki…
Ha, oldindagi mashinani aniq tanidi. Bu Samad akaniga qarashli… Qiziq… Qaerdan bilishdi ular?..
— Qochish kerak! — Ruxsoraga baqirib mashinani o't oldirdi u. — Bular bizning orqamizdan quvitb kelishayapti!.. O'tib ol!.. Ko'rishmasin!..
Vadim mashinani yelday uchirib oldinga bosdi. Mashinalar ham izma-iz kelaverishdi…
Nihoyat dalalar tugab qandaydir qishloq boshlandi. Vadim birinchi qayrilishdayoq mashinani o'ngga burdi…
— Tolib bo'lsa kerak! — dedi berkinib yotgan Ruxsoraga yo'l-yo'lakay. — Paytdan foydalanmoqchi qanjiq!.. Hozir… Panaroq joy topay, ko'rsatib qo'yaman unga!..
Ko'cha tamom bo'lib yana dalalar boshlandi. Vadim yonboshga nazar soldi. Qirg'oqda ariq yo'q. Demak, hozir tavakkal mashinani dala ichkarisiga haydaydi…
Mashina o'nqir-cho'nqir dalada silina-silkina oldinga yurib borardi. Poyonsiz shudgorning o'rtasiga yetgach, u shartta mashinani to'xtatib, epchillik bilan mashinasidagi vintovkani oldi. O'qlab asta eshikni ochdi…
Ammo quvib kelayotganlar undan-da oldinroq avtomatlarini o'qlashga ulgurishganmi, kutilmaganda o'q yomg'irlari Vadimlar o'tirgan mashinaga kelib urila boshladi… Ikkovlari ham indamay yotaverishdi. Ma'lum vaqt o'tib o'q tovushlari tingandek bo'ldi. Vadim asta-asta boshini ko'tarib tashqarini kuzatmoqchi bo'ldi…
Aylana atrofni qop-qora kiyim kiyganlar o'rab olishibdi. Kimdir kuch bilan mashina eshigini tepdi. Shundan so'ng tanish ovoz eshitildi.
— Chiq, haromi!.. Qo'rqayapsanmi?..
Bu ovozni… Kutmagandi… Ey Xudo, nimalar bo'layapti o'zi?.. Tush ko'rayaptimi, yo?.. Axir, u o'lgandi-ku!.. O'z ko'zlarim bilan ko'rganman-ku!..
Vadim biroz muddat ichkarida engashib o'tirgach, tavakkal boshini ko'tardi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, tashqarida xuddi Samad akaning o'zi mashina oynasi ortidan tikilib turar, yonidagilarning qo'lidagi avtomatlar Vadimga qaratilgan edi.
— Ha, ota o'g'il, — dedi Vadim tashqariga chiqqach Samad aka uni o'rab olgan yigitlarni nari surib. — qalaysan?.. Shunchalik qo'rqoq ekaningni bilmagan ekanman… Qara, men o'lmay qoldim. Nimagaykin-a?.. O'qin xato ketdimikan?.. Axir sen mo'ljalni juda aniq olarding-ku!..
Vadim birpas indamay Samad akaga qarab turdi. Qarasaki, bir-ikki yigit Ruxsoraning qo'llarini qayirib tashqariga sudraklab chiqishdi.
— Tegma unga! — qichqirdi u yonidagi to'pponchaga yopishib. — Tegma!.. Kuchlaring ayol kishiga yetayaptimi? Mana, menminan olish zo'r bo'lsang!..
— Xa-xa-xa-xa!.. — to'satdan kulib yubordi Samad aka. — Qaranglar, yigitlar, o'zim tarbiya qilgan yetimcha o'zimga tashlanmoqchi!.. Vey, tirrancha, ming zo'r bo'lganingdayam, menga bas kela olmaysan. Nega menga o'q otding-a?.. Ha-a, o'rnimni egallamoqchi bo'ldingmi? Egallab bo'psan!.. Sen shunchaki… Bizlarning o'yinimizni tushunib yetmading!.. Laqqa tushib qo'ya qolding…
— Namuncha katta ketmasangiz? — umrida birinchi marotaba Vadim Samad akaga o'shqirdi. — O'lmay qolgan bo'lsangiz, demak, omadingiz bor ekan… Nima, ustimdan kulib maza qilayapsizmi?.. Qanaqa o'yinni tushunmabman?..
— Eh, nodon, agar sen haqiqiy killer bo'lganingda, shunday ish tutardingki, men haqiqatan o'lardim. O'ldira olmading-ku!.. Karavotga yotqizib qo'yilgan oddiy yog'och qo'g'irchoqqa qarab o'q otding. Egnidagi matoning ichiga qizil rangli suyuqlik quydirib qo'ygandim. O'shani ko'rib do'ppingni osmonga otib yuribsan… Yo'q, sen mening sinovimdan o'tolmading, bola!.. Tolib!..
— Labbay xo'jayin!
— Sho'rtumshuqni buyoqqa chaqir!
— Xo'p bo'ladi!..
Bunisi endi ortiqcha edi. Eng orqadagi mashinadan tushib to'ppa-to'g'ri ro'parasiga kelib to'xtagan Sho'rtumshuqni ko'rgan Vadim qotib qoldi.
— Mana, biz seni birgalikda sinagandik. — davom etdi Samad aka. — Qanchalar sotqinligingni, noshudligingni bildik! Sendan hech qachon haqiqiy killer chiqmaydi!..
Shu tobda Vadim bildiki, buyog'i yaxshilik bilan tugamaydi. Baribir o'ldirib yuborishadi. Undan ko'ra, harakatini qilib qolgani ma'qul…
Sekin bildirmaygina qo'lini cho'ntagiga tiqib to'pponcha dastasini changalladi. Ehtiyotkorlik bilan cho'ntakda turgan yerida o'qladi…
Ammo bu safar ham ulgurmadi. Orqada turgan yigitlardan biri Samad akaning imosi bilan yelkasiga tepdi. Vadim sal qursa yuztuban ag'darilayozdi. Zo'rg'a o'zini tutib qoldi-yu, orqasiga o'girilib haligi yigitga javob qaytarish ilinjida karatechilarga xos tarzda qaddini rostladi.
— Vey, mishiqi, — endi Sho'rtumshuq unga yaqin keldi. — shu yerdayam tavba qilay demaysan-a!.. Istasak, seni bitta o'q bilan tinchitamiz-u, anavi anhorga uloqtirib indamay ketaveramiz… Nimaga sakraysan?..
— Menga qara, Do'stboy, (Sho'rtumshuqning asl ismi Do'stboy edi) — dedi Samad aka. — kel, gapni cho'zib o'tirmaylik-da, buni menikiga olib boraylik! O'sha yerda davom ettiramiz! Nima deysan?
— Bo'ldi, aka, sizning gapingiz gap!.. Hoy, Ruxsorani buyoqqa olib kel! U halol xizmat qildi!.. Qani asal, bir seni bag'rimga bosay!..
Sho'rtumshuq yig'lab turgan Ruxsorani mahkam quchoqlab oldi. O'nidagilar kulib yuborishdi. Vadim esa… Tishlarini g'ijirlatgancha Sho'rtumshuqning yuziga tufladi.
— Tegma unga iflos!.. Sen arzimaysan!..
Shu gapi uchun yana beli aralash qayta-qayta tepki kelib tushdi. Bu galgi tepkilar avvalgisidan qattiqroq bo'ldi shekilli, Vadim sulayib qoldi. Ayniqsa, miyasiga kelib tushgan kuchli musht zarbidan keyin boshi aylanayotganini, ko'ngli ag'darilib borayotganini his qildi…
* * *
Tanish yerto'la ichkarisida hushiga kelgan Vadim ko'rdiki, qo'llarini ikki tarafga yoyib arqon bilan boylab tashlashibdi. Qimirlashning, arqondan qutulishning sira imkoni yo'q…
U sekin ko'zlarini ochib atrofni kuzatdi. Eshik og'zida ikki qo'riqchi saqich chaynagancha qo'llaridagi charm tayoqlarni o'ynatib o'tirishibdi. Boshqa hech kim ko'rinmadi…
«Ruxsoraga nima bo'ldiykin? — ko'nglidan o'tkazdi Vadim qaytadan ko'zlarini yumarkan. — Ishqilib, uni o'ldirib qo'yishmagan bo'lsin!.. Yo'-o'q, o'ldirib ko'rishsin-chi!.. Urug'ini quritaman! Mana shu yerdan eson-omnon chiqib olsam bas!..
Bir mahal qo'riqchilar sapchib o'rinlaridan turishdi. Ulardan biri cho'ntagidan telefon chiqarib kimgadir qo'ng'iroq qildi. Vadim hammasini eshitib turardi-yu, miyasining g'uvillashidan u nimalar deyayotganini, kim bilan gaplashayotganini hadeganda anglab ololmasdi…
Oradan bir-ikki daqiqa vaqt o'tib ichkariga yonida to'rt nafar yigit bilan Samad aka kirib keldi. Ular orasida Tolib ham bor edi. Bittasiga ishora qilgandi, u burchakdagi chelakda turgan sovuq suvni olib Vadimning ustiga sepdi. Ana shundan keyingina miya g'uvillashi pasayib o'zini o'nglagandek bo'ldi.
— Xo'sh, yigit, qanday bo'larkan? — yaqin kelib so'ray boshladi Samad aka. — Shunaqa!.. Bizning ishda juda ziyrak va ehtiyotkor bo'lish lozim. Sen esa, qancha ta'lim-tarbiya bermay, baribir odam bo'lmading!.. Qoningda yo'q-da!.. Qayoqdagi piyonista daydilardan tug'ilgansan!..
— Ruxsorani ko'rishim kerak! — xirilladi Vadim.
— Ko'rib nima qilasan? Uni o'ldirib yubordik!.. Endi navbat seniki…
— Nima?.. Haqqing yo'q o'ldirishga!.. Marazlar!..
— Mana shuni aytishadi-da, eshak semirsa egasini tepadi deb! — kinoya aralash kulib qo'ydi Samad aka. — Sen itni go'dakligingdan yedirdim, ichirdim. Ish o'rgatdim. Oqibatda meni sensirab, haqorat qilishga o'tding. Jonimga qasd qilishga tayyorligingni-ku, gapirmay qo'ya qolay!.. Ha endi yoshligingga, g'o'rligingga bording… Vey, Ruxsorani hali-veri o'ldirganimizcha yo'q… O'ldirmoqchi ham emasmiz. Bilasanmi nima uchun?
Vadim Samad akaga sovuq nazar tashladi.
— Mayli, bilmasang kerak hoynahoy… Aslida seni shu qaltis yo'llarga boshlagan o'sha edi. Chunki biz unga shunday topshiriq bergandik…
— Bo'lishi mumkinmas!.. Ruxsora unaqa qizmas!.. — ovozining boricha to'satdan baqirib yubordi Vadim.
— Yaxshi, — Samad aka bosiqlik bilan qo'riqchilardan biriga buyurdi. — bor, opkir uni!..
Ruxsora ichkariga olib kirildi. Vadim unga yeb qo'ygudek tikilar, hozir-hozir Samad akaning gaplarini rad qiladi degan niyatda qulog'ini ding qilib turardi.
— Sen manaviminan yolg'iz qolib bir gaplashib olgin! — dedi Samad aka. — Hammasini ayt! Toki o'zining kimligini nihoyat tushunib yetsin!..
Yerto'ladan qo'riqchilar ham chiqib ketishdi. Vadim hansirar, hamon qizdan sado chiqishini kutardi.
— Kechiring, Vadim! — asta shivirlab Vadimning ko'zlariga tik boqdi Ruxsora. — Men… Aslida… Yo'q, siz yomon xayolga bormang!.. Sizni tanimasimdan oldin haqiqatan Samad akaminan Sho'rtumshuqlarning buyrug'i bo'yicha ish tutardim… Nima qilay? Ayolman!.. Shu to'dalarga ilakishib qolganman. Ming chiranganimminan baribir chiqib ketolmasdim… Ishoning, hozir butkul boshqachaman!.. Sizni sevaman, Vadim!.. Qilmishlarimdan afsusdaman!.. Kechiring meni!..
— Iflos!.. — alam bilan pichirladi Vadim. — Iflos!.. Manjalaqi!..
— Mayli, nima deb haqorat qilsangiz haqqingiz bor… Faqat… Ishoning!.. Haliyam kech emas. Sizning badnom bo'lishingizni sirayam istamayman!..
— Badnom qilib bo'lgansan allaqachon!.. Endi… Yo'qol ko'zimdan!.. Sendan hazar qilaman, yo'qol!..
— Nahotki, yuragingiz shunchalik tosh bo'lsa? — ko'zlariga yosh oldi Ruxsora. — Nahotki, rahmingiz kelmasa menga?.. ishoning deyapman-ku, biz albatta bularning qo'lidan qutulib chiqamiz. Mana ko'rasiz!..
— Agar sen bilan chiqadigan bo'lsam, shu yerda o'lib ketaman!.. Anavilar o'ldirmagan taqdirdayam o'zimni o'zim o'ldiraman!.. Bor, mening nafratimni battar qo'zg'atma!.. Agar boylog'lik bo'lmaganimda o'zim bilardim seni nima qilishni!.. Bor, seni bugundan boshlab tanimayman. Bilishniyam istamayman…
— Vadim…
— Bor, dedim!..
Ruxsora ko'z yoshlarini yengiga arta-arta tashqariga chiqib ketdi. Vadim esa, boshini eggancha bir nuqtaga termulib qoldi. O'pkasi to'lib-to'lib keldi-yu,, o'zini zo'rg'a yig'idan tiya oldi…
* * *
— Xo'sh, ota o'g'il, — ostonada yana Samad aka paydo bo'lib qo'llarini bo'shatmoqchi bo'lib uyoqdan-buyoqqa o'zini tashlayotgan Vadimning iyagidan tutdi. — Gaplashib oldingmi?.. Gaplarim to'g'rimikan, yo…
Vadim indamadi. Aksincha qo'llarini musht qilib Samad akaning ko'zlariga alam bilan boqdi.
— Biror nima demoqchimisan? — davom etdi Samad aka. — Gapiraver!..
— O'ldiradigan bo'lsangiz, tezroq o'ldiring!.. Cho'zib nima qilasiz?..
Samad aka kulib yubordi. Kulgiga ostonada turgan qo'riqchi yigitlar ham jo'r bo'lishdi.
— O'ldiraymi? — dedi Samad aka hamon kulgidan o'zini tiyolmay. — Bu ish qiyin emas… Ammo men seni o'ldirmayman. Bilasanmi nima uchun?.. Ha-a, indamaysan!.. Sen ko'rnamaksan. Shuning uchun ham indamayapsan… Seni qo'yib yuboraman.
Vadim bu so'zni eshitib keskin boshini ko'tardi.
— Qo'rqma, Sho'rtumshuq ham senga tegmaydi. Seni qo'yib yuboramiz. Faqat bir shart bilan. Toshkentda qorangni ko'rsatmaysan. Mabodo yigitlarimning ko'ziga ko'rinib qolsang, bilib qo'y, itday xor bo'lib o'lasan. Uqdingmi?.. Qani, qo'llarini yech!..
Yigitlardan biri tez yurib kelib Vadimning qo'llarini bo'shatdi. U uvishib qolgan bilaklarini silay-silay yerda yotgan kostyumini ko'tarib oldi-da, egniga ildi. Bilagiga vintovka solingan sumkani osdi.
— Bor, ketaver! — stol chetiga suyangan ko'yi eshikka ishora qildi Samad aka. — Sen ozodsan! To'rt tomoning qibla!..
Vadim avvaliga biroz ikkilanib turdi. Qarasaki, Samad aka o'rnidan qo'zg'alib ham qo'ymayapti…
Ehtiyotkorlik bilan eshikka yaqin bordi-da, yana orqasiga qaradi. Hech qanday o'zgarish bo'lmadi. Shundan so'ng shaxdam qadamlar bilan tashqariga chiqib ketdi…
* * *
Katta shahar. Ko'chada kim ko'p, militsioner ko'p. Mabodo to'xtatib sumkasini tekshirib qolsa, so'rab o'tirmay panjara ortiga tiqib qo'yadi. Shularni o'ylab Vadim tezroq odam ko'zidan panaroq joylarga yetib olish ilinjida edi…
Shaharning tor ko'chalaridan yurib o'tib Qoraqamishga kirib qolgach, to'xtab cho'ntaklarini paypasladi. Ha, xayriyat, dollarlariga tegishmabdi…
Esnab osmonga qaradi. Kun botay deb qolibdi…
— Iflos! — chirt etib tupurib so'kindi o'zicha Vadim. — Ahmoq bo'lmasam, shu qanjiqqa ilakishib qolarmidim!?. Hali shoshmay tur, o'zimni sal o'nglab olay!.. Hammangni quritaman! Quritmaguncha tinchimayman!.. Birinchi bo'lib sen manjalaqini o'ldiraman…
Xo'sh, endi qaerga boradi? Qurol bilan ko'chada yurish baribir xavfli… Ha, Qo'qondagi Samin tijoratchinikiga borsa-chi? Bir paytlar o'shaning buyurtmasi bilan ikkita dushmanini tinchitib bergandi… Xo'sh, qabul qilarmikan? Anavi Samad qo'ng'iroq qilib qo'ymagan bo'lsa-ku!..
Shu payt tanish «Mersedes» ko'ringanday bo'lib, Vadim o'zini daraxt panasiga oldi…
«Itfe'llar, yana nimaga orqamdan kelishayapti?.. Yo yana yangi o'yin o'ylab topishdimi?..»
Hushini yig'ishtirib ulgurmay mashina ro'parasiga kelib to'xtadi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, rulda Ruxsora o'tirardi. Vadim uni ko'rib yuzini teskari burdi.
— Vadim, nega menga ters o'girilasiz? — Ruxsora mashinadan tushib Vadimga yaqin keldi. — Aytdim-ku, aybdorman. Lekin sizni sevaman… Nahotki, kechira olmasangiz meni?..
— Xudo kechiradi, men kechirmayman! — dedi Vadim sovuqqonlik bilan. — Nimaga orqamdan soyaday ergashib yuribsan? Yo'lingdan qolma! Menga xalal berma!.. Endi biz boshqa-boshqa odamlarmiz…
— Yo'q, sizni yolg'iz tashlab ketolmayman!.. Agar shunday qilsam, siz nobud bo'lasiz.
— Bekorlarni aytibsan! Men nobud bo'ladiganlar xilidan emasman. Yo'limni topib olaman sensiz ham!..
— Bilaman, yo'lingizni topib olaverasiz!.. Axir, siz mashhur killersiz!.. Lekin…
— Nima lekin?
— Anavilar…
— Ularni tilga olma! Senam o'shalarning birisan!..
— Hecham-da, menga endi sizdan boshqasi kerakmas!..
— Vey, nimaga meni kallamni qotirasan-a?.. Mayli, hozir nega kelding? Kim jo'natdi seni orqamdan?
— O'zim keldim. Qochib keldim. Nimaga ishonmaysiz?..
— Qo'y, boshimni qotirma!.. Yaxshisi, borib o'shalarning xizmatini qilaver! Biz senminan bir-birimizga to'g'ri kelmaymiz!..
— Ketmasam-chi?..
Vadim kutilmaganda sumkasidan vintovkani chiqarib qo'liga oldi va Ruxsoraga to'g'riladi.
— Ketmasang, shu yerning o'zida yo'q qilaman!..
— Shunaqami?.. — Ruxsora titrab Vadimga yanada yaqin bordi. — Qani, oting!.. Bu kunimdan o'lib ketganim yaxshi… Oting!.. Siz otmaganingizminan baribir bir kun kelib anavilar yo'q qilib yuborishadi. Oting deyapman! Nega qarab turibsiz?..
Vadim beixtiyor vintovkani pastga tushirib daraxt panasiga o'tirib oldi. Shu tobda yuragi uvishib, boshi g'uvillayotgandek sezdi o'zini…
Nima qilsin?.. Bu qizdan qanday qutulsin? Buzuqiligini bila turib nega ko'ngil uza olmayapti undan?.. Nima uchun otib tashlay olmadi?.. Sotganini, nog'orasiga o'ynatganini hali unutgani yo'q-ku!.. Nimaga otmadi? Nimaga rahmi keldi?.. Nimasiga rahmi keldi?..
U asta boshini ko'tarib Ruxsoraga boqdi. Qiz o'ksinib-o'ksinib yig'lar, yig'isi haqiqatan achchiq, mungli ovozi juda ayanchi edi…
Vadim qanday o'rnidan turib uning yoniga borganini sezmay qoldi. Asta qizning yelkasidan quchib mayin sochlariga yuzini bosdi.
— Kechir!.. Men… Qo'pollik qildim, kechir!.. Senga ishonaman. Ishonaman… Faqat yig'lama!.. O'zing aqlli qizsan-ku, yig'lama!.. Bo'pti, biz birga ketamiz!..
— Rostdanmi? — beixtiyor boshini ko'tarib Vadimning ko'zlariga umidvor termuldi Ruxsora. — Rostdan meniyam olib ketasizmi?
— Ha, sendan qutulib bo'larkanmi? — kuldi Vadim. — Vey, mening nimamga uchasan-a? O'ris bo'lsam. Ustiga ustak quvg'inga uchragan bir bechoraman… Ruxsora, senga juda qiyin bo'ladi men bilan!
— Mayli, qiyin bo'lsa o'lib ketsin! — dedi Ruxsora ham ko'z yoshlarini arta-arta. — Shuncha xo'rliklarni ko'rdim. Kimlarning nog'orasiga o'ynamadim…
— Biz hozir Qo'qonga borishim kerak.
— Uyoqlarda nima qilamiz?
— Bir tanishim bor. Agar anavi Samad qo'ng'iroq qilib aynitib qo'ymasa, balki o'sha odam qabul qilar…
— U odam yaqin tanishmi sizga?
— Ha, bir paytlar Samad orqali menga bir nechta buyurtmalar bergan. Qoyillatib bajarganman… Unutmagandir, axir!..
— Ajabmas.
— Xo'sh, ketdikmi?.. To'xta, mashinani tashlab ketishimiz lozim.
— Nega? — hayron bo'lib so'radi Ruxsora.
— Senikimas-ku!.. Shuning dastidan ham baloga giriftor bo'lib ketmaylik deyman-da!
— Xavotir olmang!.. Bu mashinani Samad sovg'a qildi.
— Yo'g'-e!..
— Ha, u menga ham butunlay ruxsat berdi. Sizga rahmi kelganmish…
— Shunaqa degin? — lablarini asabiy tishladi Vadim. — Bo'lsa bordir… nima bo'lgandayam, men ahmoqlik qilib qo'ydim. Bunday yo'l tutmasligim kerak edi…
— Mayli, bo'lar ish bo'ldi. Oyoqqa turib olsangiz kelib rozi qilarsiz…
— Albatta rozi qilaman. — kaftlarini bir-biriga ishqalab mashinaga o'tirdi Vadim. — Bo'lmasa nonko'rlik bo'ladi…
* * *
Mashina qorong'i kechada Qo'yliqqa tomon ketib borardi. Ruxsora orqa o'rindiqda o'tirgancha o'zicha qaysidir qo'shiqni xirgoyi qilar, Vadim unga javoban gohi-gohida kulib qo'yardi…
Katta axlatxonaning ro'parasiga yetay deb qolishgandi. To'satdan yo'lga bir bolakay chiqib kelib ikki qo'lini silkita boshladi. Vadim avvaliga hayron bo'ldi. Chiroq yorug'ida bolaning kir-chir kiyimlari aniq ko'rinib turardi. Negadir tormoz berib mashinani to'xtatdi.
— Nega to'xtadik? — hayron bo'lib ikki qo'li bilan Vadim o'tirgan o'rindiq chetini quchdi Ruxsora.
— Hozir…
Vadim sekin tashqariga chiqib bolakayga yaqin bordi.
— Amaki, meniyam opketinglar!.. — hali yetib kelib ulgurmay, Vadimga yalina boshladi u. — Opketinglar!..
— Kechasi bu yerlarda nima qilib yuribsan?
Bolakay javob o'rniga boshini egdi.
— Nega indamaysan? Ota-onang bormi?
U «yo'q» degandek boshini chayqadi.
— Ha-a… O'zbekmisan?..
— Ha.
— Yoshing nechada?
— O'n ikkida.
— Boradigan yering, qarindosh-urug'ing ham yo'qmi?
— Yo'q.
— Shu paytgacha qaerda yashab yurding bo'lmasa?
— Mana shu yerda, amaki.
— Axlatxonada-ya?
— Ha.
— Obbo sen-ey!.. — Vadimning ko'z o'ngida bolalik chog'lari gavdalandi… Eh, bir paytlar o'zi ham xuddi shu bolaga o'xshab axlat titib yurardi!.. Tilanchilik qilardi… Nega dunyo shafqatsiz-a?.. Nega hammaga baravar nasiba ulashmaydi?..
— Oting nima? — so'radi Vadim bolaning yelkasidan ohista quchib.
— Vali.
— Menga qara, Valijon, qo'lingdan nima ish keladi? Masalan… Rogatkadan otishni bilasanmi?
— Ha, bilaman, — birdan jonlanib qo'ynidan rogatka chiqardi Vali. — Mana, ovqat topolmay qolganimda, mana shu rogatkamminan chumchuqlarni urib tushiraman…
— Zo'r mo'ljalchimisan?
— Nima desamiykin?.. — Vali kulimsirab boshini egdi…
— Bo'pti, buni keyin tekshirib ko'ramiz. Hozir mashinaga o'tir!.. Bilib qo'y, endi biz bilan yashaysan… Nima yesak shuni yeysan. O'g'irlik-po'g'irlik qilmaysan… Uqdingmi?
— Uqdim, amaki!
Vali mashinaga chiqib o'tirgach, Ruxsora hayron bo'lib Vadimni o'ziga qaratdi.
— Nega bu bolani chiqarib oldingiz?
— Bunimi? — kuldi Vadim. — Buyam menga o'xshagan mo'ljalchi ekan. Xudo xohlasa, kelajakda zo'r killer bo'ladi…
***
Qo'qon. Shaharning Navoiy dahasidagi ko'zga ko'ringan hovli. Tun. Badriddin baqqol deb nom chiqargan ellik yoshlar chamasidagi, zaxil yuz, kalbosh erkak yoniga yugurdaklaridan biri Mavlon g'ilayni chaqirib oldi.
— Menga qara, — dedi u g'ilayning yelkasidan ushlab divanga o'tqazarkan. — Toshkandan anavi o'ris kallakesar kelayotganmish.
— Qaysi kallakesar, aka? — hech narsaga tushunmay Badriddinga tikildi g'ilay.
— Namuncha go'l bo'lmasang-a?.. Samadning asrandisi bor edi-ku!.. O'sha…
— Ie, anavi sotqin-a?
— Xuddi o'zi. Hozir Samad menga qo'ng'iroq qildi… Xo'sh, qanday kutib olamiz uni?
— Bilmadim… — yelka qisdi g'ilay. — Siz qanday desangiz, shu-da!..
— Unda yaxshilab quloq sol. Menimcha, hali-zamon yetib kelib qoladi. Shaharga kiraverishga yigitlardan bir-ikkitasini qo'y. Yetib kelishi bilan shaharga kiritmay turishsin. Samad ham kelarkan. O'sha kelgandan keyingina hal qilamiz…
— To'g'ri fikrlabsiz, aka, — sovuq tirjaydi g'ilay. — unaqangi sotqinlarga ishonib bo'larkanmi… Otasiday odamni sotgan xunasa, bir kun kelib hammamizni chavaqlab ketishdanam toymaydi…
— Bo'pti, aytganimdek qil!..
G'ilay qo'l qovushtirgancha chiqib ketdi. Badriddin esa, shosha-pisha Samad akaning qo'l telefoniga qo'ng'iroq qila boshladi…
***
Vadimga Valining o'tkir ko'zlari yoqib qoldi. U mashinani katta tezlikda boshqarib borayotganiga, ro'paradan kelayotgan mashinalarning chiroqlari ba'zan ko'z ochishga qo'ymayotganiga qaramay, tez-tez bolakayga qarab olishga ulgurar, qirraburun bu boladan umidi katta edi.
“Xudo xohlasa, bundan zo'r shogird chiqadi. — ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — Agar ishonchimni oqlasa, bor mahoratimni o'rgataman bunga. Ajabmaski… To'xta, mabodo sotib qo'ysa… Yo'g'-e, bu bola sotmaydi. Ana shunga birinchi navbatda o'rgataman uni…”
Tog'dan o'tgunlaricha yarim kecha bo'ldi. Juda charchaganini Namangan hududiga o'ta boshlaganlaridagina his qildi Vadim…
Yo'q, buyog'iga mashina hayday olmaydi. Yaxshisi, birpas mizg'ib oladi. Xudo ko'rsatmasin, biror falokat bo'lib…
Vadim sekin ortiga o'girilib qaradi. Ruxsora allaqachon o'rindiq burchagiga boshini burkab olgancha uxlab qolgandi. Faqat Vali hamon olis-olislarga tikilgancha jim o'tirardi.
— Xo'sh, Valijon, — dedi Vadim uning boshiga qo'lini qo'yib. — endi birpas mizg'ib olmasak bo'lmaydiganga o'xshab qoldi. Senam uxla, hademay tong otadi!..
— Balki mashinani men haydab ketarman? — o'tkir ko'zlarini Vadimga tikib so'radi Vali. — Haydashni bilaman…
— Nima? Sen-a?.. Qo'y, tunda mashina haydashning o'zi bo'larkanmi?.. O't, damingni ol! Ertaga qiladigan ishlarimiz ko'p, bolakay!..
Vali istamaygina boshini o'rindiqning bir chetiga qo'yib ko'zlarini yumdi…
***
Qo'riqchilarning boshida baqqolning o'zi turardi. U asabiylashib tez-tez soatiga qarab qo'yar, negadir bezovta edi.
— Ishqilib, u battol yo'nalishini o'zgartirib yubormagan bo'lsin-da! — dedi u Mavlon g'ilayga. — Bilib bo'ladimi? Tulkigayam chap beradi unaqa xunasalar.
— E, aka, chap berib qaergacha boradi-a? Ja borsa, Namanganga, yo Anjonga burvorar… Xavotir olmang, buyog'ini pishitib qo'yganman.
— Balosan-da, g'ilay, — qornini silkitib-silkitib kulgancha, g'ilayning yelkasiga qoqdi baqqol. — Xudo bekor ko'zlaringni g'ilay qilib yaratgan. Agar sog' qilib yaratganda, yanayam katta ishlar qilgan bo'larding…
G'ilayga bu gap yoqmadi shekilli, burnini jiyirib norozi to'ng'illab qo'ydi.
— Ja yerga uravermang, aka, g'ilay bo'lsam ham, nishonga bexato uradiganlardanman…
— Buni bilaman, bilaman!..
Nihoyat tong yorishib, yaqin atrofdagi xo'rozlar baravar qichqira boshlashdi. Mashinadan esa, darak yo'q edi…
Shu tobda baqqolning cho'ntagidagi telefon bezovta jiringladi.
— Allo!.. Ha-a, sizmi Samad aka?.. Nima?.. Ie, shunaqami?.. Obbo battol-ey!.. Aka, siz sirayam xijolat tortmay kelavering, ha!.. E, biz hamma chorasini ko'rib qo'yganmiz!.. Bizdan qochib qutulolmaydi…
— Ha, aka, biror gap bo'ptimi? — baqqol telefonni qaytib cho'ntagiga solishi bilan so'radi g'ilay. — Nima bo'pti?
— Menga qara, g'ilay, — deya qo'llarini musht qildi baqqol. — tez odamlarni yoningga olgin-u, Namangan yo'liga jo'na!.. Itdan tarqagan o'sha yoqqa burilib ketganmish…
— Unda nega Samad akaning o'zi quvib yetmabdi?
— Ahmoq bo'ptimi shunday katta odam qayoqdagi mishiqiminan sichqon-mushuk o'ynab?!.. U kishi bizga buyurgan tutishni, uqdingmi? Bor, vaqtni o'tkazma!..
G'ilay shosha-pisha sal narida turgan qo'riqchilardan ikkitasini yoniga oldi-yu, Neksiyasiga o'tirib Namangan tarafga yo'l soldi…
***
— Biz nega buyoqqa burildik-a?.. — Ruxsora birdan bezovtalanib Vadimning yelkasiga osildi. — Axir, bu yo'l Namanganga olib boradi-ku!..
— Jonim, sen sira xavotir olma! — deya uni yupatgan bo'ldi Vadim. — Orqada “dum” bor. Menimcha, bu qanjiqlar yana bir baloni o'ylab topishganga o'xshaydi.
— Kim?.. Nimani o'ylab topadi?
— Hozirgina Samadning mashinasiga ko'zim tushganday bo'ldi. Adashmasam, orqamizdan izma-iz kelayotgandi. Hozir esa, negadir boshqa yo'lga qayrilib ketvordi…
— E, namuncha vahima qilasiz? U ahmoqmidi orqangizdan shuncha joygacha kuzatib kelib? Qo'ying, shu Namangan tomonga bormaylik!.. Hov anavi yo'ldan yursangiz, Qo'qonga olib boradi… Iltimos, Vadim, negadir shuyoqlarga oyog'im tortmayapti!..
— O'lib ketishimizni istayapsanmi? — jahl bilan mashinani to'xtatib Ruxsoraga o'girildi Vadim. — U itfe'llarga ishonib bo'larmidi. Har balo keladi ularning qo'lidan.
— Obbo!.. Sizam kam emassiz o'shalardan. Namuncha o'zingizni yerga urmasangiz? Kimsan killer degan nomingiz bor. Sal botirroq bo'lsangiz-chi!..
— Shunaqa degin? Yaxshi… Sen aytgancha bo'la qolsin. Nima deding, Valijon?..
Vali kulimsiragancha bosh irg'adi.
Vadim mashinani yana Qo'qon yo'liga burdi. Va ovozining boricha baqirdi.
— Tavakkal!.. Biz ularga ko'rsatib qo'yamiz!..
***
Baqqolning telefoni yana jiringladi.
— Allo!.. Eshitaman!..
— Yaxshilab quloq sol! — bu Samad akaning tovushi edi. — O'ljang Qo'qonga qarab kelayapti.
— Aka, nega birdan fikridan qaytib, Qo'qon tomonga burildiykin-a? — hovliqib so'radi baqqol. — Tag'in bir baloni o'ylab qo'ygan bo'lmasin!
— Quyonyuraklik senga yarashmas ekan, baqqol! — kuldi Samad aka. — Sen o'sha baloga qarshi tayyorgarlik ko'r! Nega qoqqan qoziqday bir yerda mixlanib o'tiribsan. Yigitlarni ko'paytir. Yaxshilab qurollantir!..
— Xo'p bo'ladi! Hammasi aytganingizday bo'ladi.
— Aytgancha, seni ogohlantirib qo'yay! Vadim menga hozircha tiriklay kerak, uqdingmi?
— Uqdim.
— Yana… Ahmoqlik qilib ottirib-netib yurmagin. Boshingminan javob berasan.
— Xo'p bo'ladi, aka!..
***
— Nega buncha bezovtasan? — Ruxsoraning tinimsiz uf tortayotganini ko'rgan Vadim yana mashinani to'xtatdi. — Biror yering og'riyaptimi?
— Yo'q, — dedi Ruxsora qovog'ini uyib. — hech qaerim og'rimayapti… Nega to'xtatdingiz mashinani?.. Shundog'am kechikayapmiz.
— Qaerga kechikayapsan?
— Qaerga bo'lardi? O'sha… Tanishingiznikiga-da!..
— Ie, nega kechikarkanmiz? Endi tong otgan bo'lsa. Yetib boramiz-da tushgacha bemalol!..
Shu payt yonlaridan qora “Mersedes” o'qday uchib o'tib yuz metrlar chamasi narida qattiq tormoz berib to'xtadi.
— Tamom! — dedi Vadim mashinasini o't oldirarkan. — Nihoyat yetib kelishdi xunasalar. Xo'sh, endi nima qilamiz?
Ruxsora yelka qisib o'rindiq chetidagi sumkaga ishora qildi.
— Oling sumkadagi matohni!.. Kerak bo'lsa, otasiz.
— Sen qo'rqmaysanmi? — Valiga yuzlanib so'radi Vadim. — Miltiq ovozidan qo'rqmaysanmi?
— Nega qo'rqarkanman? — iyagini ko'tarib dedi Vali. — “Glushiteli” bor-ku!.. Ovozi juda past chiqadi.
— Shularniyam bilasanmi hali?.. Bo'pti, peshonadan ko'rdik… To'g'risi, shu safar odam o'ldirmoqchi emasdim. Majbur qilishadi shekilli…
Vadim shosha-pisha sumkadagi vintovkani oldi-da, o'qlab, yoniga qo'ydi…
Mashina ichidan hech kim tushmadi. Vadim hayron edi…
Xo'sh, ular nimani kutishayapti?..
Shu tobda qo'l telefoni asabiy jiringladi.
— Allo, kim bu?
Go'shakdan notanish ovoz eshitildi.
— Vintovkaga bekor yopishayapsan, yigit!.. Yaxshisi, indamay mashinangni hayda!.. Bizning orqamizdan borasan, buyruq shunday!..
— Sen o'zing kim bo'lasan? — so'radi Vadim.
— Ishing bo'lmasin. Baribir tanimaysan.
— Bu yerlarda men tanimaydigan odamning o'zi yo'q.
— Tanimaysan dedim-ku, hayda mashinani!..
— Bunisi qiziq bo'ldi-ku!.. — sovuq tirjayib Ruxsoraga o'girildi Vadim. — Xo'sh, endi nima qilamiz?
— Haydayverasiz, nima qilardingiz?..
— Haydasam haydayveraman-da, jin ursin!..
Vadim mashinani o't oldirib gazni bosdi. “Mersedes” oldinda o'rtacha tezlikda ketib borardi. Ko'z ochib yumguncha ular baqqolning mahallasiga yetib kelib to'xtashdi. Ikki yuz metrlar narida katta yo'lning o'rtasiga yana bir “Mersedes ko'ndalang qo'yib qo'yilgandi. Atrofida besh-o'n chog'li qurollangan yigitlar aylanib yurishardi.
— Ko'rdingmi? — dedi Vadim ularga ishora qilib. — Biz endi rostakamiga qopqonga tushdik… O'shanda seni gapingga kirmay navbatiminan tinchitib yuboraversam bo'larkan…
— Agar tinchitib yuborganingizda, — — dedi Ruxsora. — Sizga qo'shilib menam o'lib ketardim…
— Nima?.. — kutilmagan gapni eshitib Vadimning qoshlari chimirildi. — O'lib ketardim?.. Meni deb o'lishni istamaysanmi?
— Ahmoq bo'libmanmi?..
— Axir… Uyoqda… Mening bo'ynimga osilib yalinganing-chi?..
— E, bas qiling!..
Ruxsora to'satdan eshikni ochdi-yu, tashqariga o'zini urdi.
— Voy iflos-ey!.. — g'azabdan tishlarini g'ijirlatdi Vadim. — Men… Qo'ynimda ilon olib kelganga o'xshayman… Shoshmay tur hali. Ko'rsatib qo'yaman sotishni…
U kutilmagan harakat bilan vintovkani qo'liga oldi-da, baqqolning yigitlar tomon ketib borayotgan Ruxsoraga to'g'riladi…
Ammo orqadan kelgan bir yigit unga xalal berdi. U qo'lidagi avtomatni naq Vadimning peshonasiga qadab qo'ygandi.
— Vey, tush mashinadan, yetib kelding! — o'dag'ayladi Vadimga. — Bekorga chiranma, baribir otolmaysan bu ayolni!..
Vadim itoatkorona vintovkani joyiga qo'yib mashina eshigini ochdi.
— Oldimga tush! — buyurdi yigit avtomat qo'ndog'i bilan Vadimning beliga turtib. — Uyoq-buyoqqa o'zingni tashlamay jim yur!.. Yo'qsa, itday o'lib ketasan…
Vadim oldinga ketib borarkan, Vali esiga tushib birdan ortiga o'girildi.
— Bola!.. Mashinada bola qolib ketdi…
— Yur, dedim!.. Bolani it yemaydi… Olib borishadi uniyam…
***
Vadim yetib kelganda juda xunuk manzara namoyon edi. Baqqol, Samad aka, Sho'rtumshuq yo'l chetida gaplashib turishar, ular orasida Ruxsora ham bor edi. Nuqul hiringlab, goh Samad akaga, goh Sho'rtumshuqqa karashma bilan qosh qoqib qo'yardi.
«Iflos! — ko'nglidan o'tkazdi Vadim Ruxsoraga alam bilan tikilib. — Hammasi shu qanjiqning ishi ekan… Afsus… Shuning gapiga kirib Namanganga bormabman-a!.. Qanday ahmoqman!..»
— Buni mashinaga ortinglar!.. — qo'riqchilarga buyurdi Samad aka. — To'g'ri baqqolnikiga boramiz…
Vadimni Valiga qo'shib alohida mashinaga o'tqazishdi. Ruxsora esa…
Ruxsora Samad aka o'tirgan mashinaga chiqdi…
Mashinalar karvoni saf tortgancha Qo'qon ichkarisiga qarab yo'l oldi…
***
Baqqolning hovlisiga kelgandan so'ng qo'riqchi yigit Vadimni turta-turta yerto'la tomon boshladi. Bunaqangi yerto'la voqealariga ko'nikib qolgan Vadim sira tap tortmasdan pastga tushib bordi…
Baqqolning yerto'lasi juda oddiy, zax edi. Faqat ichkariga rang-barang chiroqlar qo'yib, yerga gilamlar yoyilganini aytmasa, oddiy yerto'ladan farq qilmasdi…
Qo'riqchi yerto'la o'rtasiga yetganlarida, Vadimning yelkasidan ushlab to'xtatdi.
— Qimirlama!..
O'zi esa, orqasi bilan yurib borib eshiklardan birini ochdi. Vadim bildiki, uni kameraga tiqishayapti…
— Uf-f!.. Vey, Bolani ehtiyot qilishgin! — deya qichqirdi qo'riqchiga qarab. — Agar unga biror gap bo'lsa, kallangni olaman senlarning!..
— Nima?.. Kalla olishni ko'rsatib qo'yaman, boyvachcha!..
Qo'riqchi jahl bilan chunonam tushirdiki, Vadimning ko'zlaridan o't chaqnab ketdi.
— Kir ichkariga!.. Kerak bo'lganingda olib chiqamiz!..
Birinchi fasl tugadi. Davomi izohlarga‘qarab chiqariladi. Hammaga rahmat.
Olimjon Hayit hikoyasi
