KIller 2 (kamolov) copy
Hammasi risoladagidek rejalashtirilgandi-yu, Sho'rtumshuq yana qarorini o'zgartirdi.
— Supermarket bizga to'g'ri kelmaydi, — dedi u Vadimga qo'ng'iroq qilib. — Ja keldi-ketdi ko'p ekan. Shuning uchun mashinasiga o'tirib ketayotganda otasan. Seni maxsus mashina olib boradi.
— Mabodo boshqa mashinaga o'tirib jo'navorsa-chi? — so'radi Vadim atayin.
— Uyog'idan xavotir olma. Biz hammasini o'ylab qo'yganmiz…
Soat kechki oltilarda Vadimni mashinaga o'tqazib shahar chetiga olib ketishdi. Haydovchining yonida o'tirgan beso'naqay yigit nuqul u tomonga o'girilib nimalarnidir tekshirgan bo'lardi o'zicha. Vadimning jahli chiqdi.
— Nima, menga ishonmayapsanmi, og'ayni? — deya savol tashladi oxiri.
— Senga hisob berishim kerakmi? Indamay ketaversang-chi!..
— Vey, katta ketma, yigit! — kutilmaganda uning yelkasiga qo'lini qo'ydi Vadim. — Bunaqa ishlarni ko'raverib ko'zim pishib ketgan.
— Unda nega hayron bo'lyapsan? Menga seni qattiq kuzatish topshirilgan…
Ular boshqa tortishishmadi. Mashina supermarketga yaqinlashganda haydovchi tezlikni pasaytirdi.
— Qayoqqa yuray? — so'radi u yonida o'tirgan qo'riqchidan.
— To'g'riga o'tib hov anavi shiyponning yonida to'xtaysan!.. Hozir qolganlar ham kep qolishadi…
U aytganday, besh daqiqacha vaqt o'tib yana ikkita mashina ular o'tirgan mashinaning ro'parasiga kelib to'xtadi. Oldindagi mashinadan Sho'rtumshuq tushib keldi-da, Vadimni imlab chaqirdi.
— Xo'sh, menga patronlarni ko'rsat-chi!..
Vadim salondan katta sumkasini chiqarib oldi-da, ichidagi snayper vintovkasini Sho'rtumshuqqa tutqazdi. U vintovkaning ichini ochib uzoq tekshirdi. Patronlarni qo'liga olib aylantirib, silkitib-silkitib ko'rdi. Ko'ngli joyiga tushdi shekilli, hammasini qaytadan joylab, Vadimga topshirdi.
— Yaxshi, hammasi joyida. Biroq bilib qo'y, men ham ortingdan kuzatib boraman. Samad o'tirgan mashinaning orqasidan tushasan-da, mening qo'ng'irog'imni kutasan!.. Buyruq olishing bilan vaqtni o'tkazmay, mashinaga yaqin borib otasan. Bir marta emas. Vintovkangda to'rtta patron bormi, hammasini otasan. Uyog'ini bizga qo'yib ber!..
— Keyin-chi?.. Keyin nima qilay?
— Seni dachaga olib borishadi. O'sha yerda hisob-kitob qilamiz…
Bu yo'l ketilaversa, to'g'ri dalaga olib borardi. Qiziq… Buyog'i serqatnov yo'l. Qator-qator uylar. Odam ko'p. Ikki chaqirim nari borsang, dalaga chiqasan-qo'yasan…
Vadim atrofni mashinadan turib uzoq vaqt kuzatdi. Barg tashlab quruq o'tinga o'xshab qolgan daraxtlarga, yonginasida sharqirab oqayotgan anhorga tikilib, zavqlandi…
Xayol olib ketgan ekan. Telefon qo'ng'irog'idan seskanib boshini ko'tardi.
— Allo, eshitaman!..
— Tayyorlan!.. Ayt, haydovchi mashinani o't oldirsin!..
Bu Sho'rtumshuqning ovozi edi. Qiziq… Nega u o'zinikilarga buyurish o'rniga bu gaplarni aynan Vadimga aytyapti?..
— Mashinani o't oldirar ekansan! — dedi haydovchiga yuzlanib…
Xayol bilan bo'lib sezmabdi ham. Allaqachon qorong'i tushibdi…
Mashinalar saf tortgancha, yo'lga tushdi. Vadim darrov tanidi. Ulardan bir-bir yarim chaqirimcha narida Samad akaga qarashli mashinalar ketib borardi…
Vadim o'tirgan mashina oldinga o'tib oldi…
Yaqin borganlari sari Vadimning yuragi bezovta urardi. Hech qachon bunday bo'lmagandi. Qachon odam o'ldirishga buyurtma olsa, umuman hayajonlanmasdi. Qo'rqmasdi. Xuddi oddiy ketmon chopishga ketayotgandek bamaylaxotir o'tirardi. Hozir esa…
Yo'q, nega bu ishga rozi bo'ldi o'zi?.. Rozi bo'lmasa, Samad aka kallasini uzib tashlamasdi-ku!..
Nimalar deyapti?.. Aytildi-ku, shu bahonada Sho'rtumshuq yo'q qilinadi. Ajabmas, hammasi yaxshi tugasa…
Shu payt yana telefon jiringladi.
— Tayyorlan! — deya buyruq berdi Sho'rtumshuq. — Xudo yor bo'lsin, killer!..
Mashina yashin tezligida Samad aka o'tirgan “Mersedes”ga yaqinlashib bordi. Bu orada Vadim vintovkasini o'qlab mashina oynasidan chiqarib ulgurgandi…
Tepkini ketma-ketiga to'rt marta bosdi. Samad aka qonga belanib o'ng yoniga yiqildi. Orqada kelayotgan mashinadagi qo'riqchilar ham to'pponchalarini chiqarib ularga qarata o'q uza boshlashdi. Lekin… Sho'rtumshuqning qo'li baland keldi. U o'tirgan mashinada yana uch nafar qurollangan yigitlar bor edi. Baravariga avtomatlardan o't ochishdi. Ko'z ochib yumguncha Samad akaga tegishli mashinalar ag'darilib yo'l chetiga chiqib ketdi…
Mashina yeldek uchib Sho'rtumshuqning dala hovlisiga borardi…
Vadim hamon o'ziga kela olmasdi. Xayolida “Ishqilib o'lmagan bo'lsin-da!..” degan so'zlar betinim aylanar, qo'lidagi vintovkani shu tobda ko'rishga ko'zi yo'q edi. Biroq…
Ko'zlarini ochib tashqariga qaradi. Allaqachon yetib kelishibdi manzilga. Bo'shashgancha sumkasini yelkaga ilib tashqariga chiqdi.
— Qani, yigit, — Sho'rtumshuq quchog'ini ochgancha u tomon yurib kelardi. — Operatsiya zo'r bo'ldi. Qoyil qoldim senga. Otgan bironta o'qing ham xato ketmadi. Barakalla!.. Yur endi ichkariga, senminan alohida gaplashamiz!..
Vadim qovog'ini uyib Sho'rtumshuqning ortidan ergashdi…
* * *
Yana o'sha uyga kirishdi. Ammo…
Bu gal boshqacha bo'ldi…
Vadim ostona hatlab ichkari kirdi-yu…
Ne ko'z bilan ko'rsinki, shohona bezatilgan dasturxon atrofida husni jamoli ko'zni qamashtirgudek bir nozanin dasturxon ustidagi noz-ne'matlarni to'g'rilash bilan ovora edi.
Vadim ilgari ham Samad akaning uyida go'zal qizlarni ko'p ko'rgan. Qolaversa… Tolibning taklifi bilan ba'zan suyuqoyoqlarga ham yurib turishardi…
Ular ham juda go'zal edi…
Lekin… Bunaqasi…
Vadim bu nozaninga qanday tikilib qolganini o'zi bilmay qoldi.
Birpas karaxt bo'lib qoldi…
— Ha, yigit, nima balo, birov gipnoz qip qo'ydimi? — xoxolab kulgancha uni o'ziga keltirdi Sho'rtumshuq. — O't to'rga! Bugun uyimning to'ri seniki!..
Vadim shosha-pisha sumkasini bir chetga qo'ydi-da, ko'rsatilgan joyga o'tirdi.
Baribir yana qizga ko'z tashlab olishdan o'zini tiyolmadi…
Ajabo!.. Qiz ham unga qarab-qarab qo'yyapti…
Jilmayishlari shu qadar o'ziga yarasharkanki…
— Xo'-o'sh, endi gap munday, — o'rtadagi jimlikni buzdi Sho'rtumshuq. — Bugun ishni qoyillatding. Mening ishonchimni qozonding hisob… Ha endi, kelishib qolsak, uncha-muncha biz bilmagan tomonlaringniyam o'rganib olarmiz… Bo'pti, gapni kalta qilaylik!.. Tanish, bu mening qizim Ruxsora!..
— J-juda xursandman! — zo'rg'a shivirladi Vadim.
— Bu yigit ajoyib mergan. — deya qiziga o'girildi Sho'rtumshuq. — Ismi Vadim… Qani, Vadimjon, niyatingni ayt!..
— Niyat?.. — negadir biroz kalovlanib qoldi-yu, Vadim darhol o'zini yig'ishtirib oldi. — O'sha… Kelishilgan pullarni bersangiz bo'ldi-da!..
— Albatta. Pullarni beraman. Lokigin bir shartim bor.
— Qanday shart ekan?
— Bundan buyon faqat menga ishlaysan.
— Nima?.. Q-qanaqasiga?..
— Nima qipti? Yaxshigina haq to'layman. Qirollarday hayot kechirasan. Faqat o'zingni uyoq-buyoqqa tashlamasang bas… Nima deysan?..
Vadim o'ylanib qoldi. Samad aka bu haqda indamagandi…
To'g'ri, Sho'rtumshuqning ichiga kirib olib barcha sirlarini yetkazib turishini biladi. Biroq… Darrov rozilik bersa, xitlanib qolmasmikan? O' hammasidan xabar topgan-u, shunchaki sinamoqchimi?..
— Aka, o'ylab ko'radigan ish ekan. — dedi Vadim xiyol boshini ko'tarib.
— To'g'ri, menam javobingni hoziroq ayt demayapman. O'ylab ko'r. Ertaga o'zim senga qo'ng'iroq qilaman…
— Yaxshi…
— Ma, bu va'da qilingan pullar. Yaxshi kunlaringga ishlat!..
— Rahmat, aka!..
Vadim sumkasini qo'liga olarkan, choy quyib dadasiga uzatayotgan Ruxsoraga bir marta qarab oldi. Qiz ham uning tikilayotganini sezib, bildirmaygina ko'z qisib qo'ydi. Ana shu ko'z qisishning o'zi kifoya edi…
* * *
Vadim ketishi bilan Sho'rtumshuq Ruxsorani quchoqlagancha kulib yubordi.
— Qalay, bopladimmi “lox”ni?.. — qizning belidan ushlab o'ziga tortarkan, so'radi u.
— Ha endi… Sizday odamga bunaqalar cho't bo'ptimi, akajon?.. — kulgiga jo'r bo'ldi Ruxsora. — Menam jim o'tirganim yo'q. Shunaqangi qaradimki, bechora bugun uxlayolmay chiqsa kerak.
Sho'rtumshuq birdan jiddiy tortdi.
— Meni hech narsadan xabari yo'q deb o'ylaydi bu it. O'sha yaramas Samadga xizmat qilishini bilganim uchun shu narsalarni o'ylab chiqardim-ku axir!.. Hali qarab tursin, shu bolaning qo'li bilan yo'limdagi katta g'ovni yo'q qilaman. Ana undan keyin qanday itga o'xshab o'lganini o'ziyam bilmay qoladi bu xunasa!..
— To'g'ri qilasiz, akajon, to'g'ri qilasiz! — Sho'rtumshuqning gapini ma'qulladi qiz.
— Kechagina tuxumdan chiqib meni aldamoqchi-ya bu!.. Vey, ishonasanmi, hamma hiylalaridan xabarim bor. Samad o'lmaganiniyam bilaman. Chunki patron yasama edi. Atayin indamadim. Arqonni uzunroq tashladim xolos… Mayli, bugundan e'tiboran sen go'yo mening qizimsan. Sir boy bermaysan. Biz hiyla bilan shu yigitni to'rga ilintiramiz. Shuning o'zi bizga Samadni tag-tugi bilan yo'q qilishga yordam beradi… Sen bo'lsang, uning ko'nglini ol!.. Shunday olginki, oyog'ingni o'pishga tayyor bo'lsin! Uyog'ini menga qo'yib ber!..
— Meni bilasiz-ku! — ayyorona ko'z qisdi Ruxsora. — Bunaqa ishlarni ko'zimni yumib bajaraman… Xizmat haqi…
— O'chir ovozingni! — qizning sochini g'ijimladi Sho'rtumshuq. — Indamagan sari haddingdan oshaverma!.. Birovdan kam bo'lyapsanmi bu yerda?
— Y-yo'-o'q… Shunchaki… Hazillashdim-da!..
— Mana bu boshqa gap… Qani, yur, bi-ir aysh qilamiz… Bugun juda charchadim!..
Sho'rtumshuq Ruxsorani bag'riga bosib bo'liq sonlaridan g'ijimladi.
— Mana shu sonlaringga borman-da!.. Qo'lim sirg'anib ketaman deydi-ya!.. Xa-xa-xa-xa!..
* * *
Vadim kvartiraga kiriboq yechinib ham o'tirmay o'zini karavotga tashladi.
“Eh, dunyo, dunyo!.. — ko'z o'ngida Ruxsoraning siymosi gavdalangani sayin oh tortardi u. — Nimalar bo'lyapti o'zi?.. Nahotki, sevib qolgan bo'lsam?.. Bunaqa qizlar yetti uxlab tushimga kirmasa kerak… Men endi adoyi tamom bo'laman, ha!.. Unga yetishmasam bo'lmaydi… Ko'z qisishidan uniyam ko'ngli bor menda. Bo'lmasa ishva bilan qaramasdi… Faqat… O'zbek emasligim yomon-da!.. Yo'q, menga baribir endi. Mendek yigit bir nozaninning ko'ngliga yo'l topolmasam nima qilib yuribman bu dunyoda?.. Hoziroq boraman… Borib hammasini hal qilaman…”
Vadim dast o'rnidan turib tashqariga yo'l oldi. Hozir unga haqiqatan baribir edi. Sho'rtumshuqqa nima bahona qilishini o'ylab ham ko'rmadi…
* * *
Vadim o'ziga birkitilgan mashina haydovchisidan kalitni oldi-yu, Sho'rtumshuqnikiga jo'nadi. Qo'riqchilarning hay-haylashlariga ham quloq solmadi. Samad akaga qo'ng'iroq qilishni-ku, butkul unutdi…
— Avval sal o'zimni bosib olishim kerak. — o'ziga o'zi dedi u yo'l yoqasidagi kafelardan biri yonida mashinani to'xtatib. — Ikki yuzta olmasam bo'lmaydi… Jin ursin, hech shunaqa ahvolga tushmagandim… Nima o'zi bu?..
Darvoza tambalangandi. Vadim mashinani sal nariroqqa qo'yib darvozagacha piyoda keldi va qo'ng'iroq tugmasini bosdi.
— Kim kerak?
Ostonada paydo bo'lgan baland bo'yli qo'riqchi unga sovuq nazar tashladi.
— Men akaga bir gapni aytishni unutibman. — nima deyishni bilmay yolg'on gapirdi Vadim. — Iltimos… Meni taniysan-ku!..
— Hozir, kutib tur!..
Qo'riqchi ichkariga kirib ikki-uch daqiqalardan so'ng qaytib chiqdi.
— Kiraver!.. Boss kutyapti!..
Vadim ichkilik harorati bilan boyagi hayajonlarni unutgandi. Ichkariga tetik kirib bordi.
— Ha, yigit, tinchlikmi? —uni kulib qarshi oldi Sho'rtumshuq. — Biror narsa yo'qotdingmi?
— M-men… Sizga… Xullas, siz bilan zarur masala xususida gaplashib olmoqchiydim.
— Men bilan?.. Gapir!.. Nima haqida gaplashmoqchisan?
— Ruxsora… To'g'risida…
— Nima?.. — Sho'rtumshuq hammasini sezib turgan bo'lsa-da, o'zini jahli chiqqanga soldi. — Menga qara, yigit, nima deyotganingni bilasanmi o'zi?..
— Bilaman, — Sho'rtumshuqning ko'zlariga tik boqdi Vadim. — Qizingiz… Men uni sevib qoldim!..
— Nima deding? — kutilmaganda uning yoqasidan oldi Sho'rtumshuq.
Aslida u atayin shunday qildi. Bu ham bo'y yigitni qo'lga tushirishning bir usuli edi.
— Menga qara, sen hali shunaqamisan?.. Mening qizimga ko'z olaytirishga qanday hadding sig'di?
— Mayli, istasangiz o'ldirib yuborishingiz mumkin!
Vadim bir siltanib Sho'rtumshuqning qo'lidan chiqdi.
— Men uni sevib qoldim!..
— Sen-a?.. Vey, tirrancha, haddingdan oshyapsan!.. O'ylab gapirgin gapingni!..
— O'ylab bo'lganman allaqachon.
— Shunaqami? — Sho'rtumshuq hiylaning ikkinchi bosqichiga o'tdi. — Yaxshi… Hozir qizimni chaqiraman. Agar bu gapni eshitib u xafa bo'lsa, o'ldim deyaver!..
Vadimga baribir edi. Hozir shunaqa kayfiyatda ediki, ko'ziga hech narsa ko'rinmasdi.
Sho'rtumshuq narigi xonadan Ruxsorani yetaklab chiqib Vadimga yaqin keldi.
— Qizim, — dedi bosiqlik bilan. — Manavi yigit seni yaxshi ko'rib qolganmish. Nima deysan?..
Ruxsora Vadimga bir jilmayish qildi-da, yerga boqdi.
— Gapirsang-chi, qizim, — davom etdi Sho'rtumshuq. — Sening gaping hal qiladi bu bolaning taqdirini. Seniyam ko'ngling bormi bunda?.. Gapir!..
— Hm-m!.. — yerdan boshini ko'tarmay javob qildi Ruxsora. — Yaxshi yigitga o'xshaydi-ku!..
— Shunaqa degin? Obbo sen-ey!.. Hayronman, bir martagina bir-biringni ko'rding… Oxir zamonning bolalarisan-da!.. Qara-ya!..
Vadim azbaroyi xursandligidan qo'llarini musht qilib oyog'iga urib-urib qo'ydi. Ruxsora esa, go'yo uyalgan bo'lib sekingina xonasiga kirib ketdi…
***
— Menga qara, — dedi Ruxsora kirib ketgach, Sho'rtumshuq. — Bu degani bugunoq qizimni qo'yningga solib qo'yaman deganimmas. Avval mening shartlarimni bajarishing kerak.
— Qanday shart ekan?..
— Tolibni bilasan-a?
— Qaysi Tolib? — atayin so'radi Vadim.
— Sen meni ahmoq deb o'ylaysan shekilli-a, bola?.. — Sho'rtumshuq Vadimning ikki yelkasidan mahkam tutib o'ziga qaratdi. — Yo'q, men juda hushyor odamman… Ko'rdingmi, o'zingni o'zing to'rga ilintirding!.. O'ylaysanki, sen Samadning asrandisi ekaningni bilmasmidim? Bilardim. O'ylaysanki, Samad tirik ekanini, patronlar yasama ekanini bilmasmidim? Bilaman. Faqat, yigitcha, men arqonni uzun tashlashni yoqtiraman… Yo'q, men o'sha tutingan otangni deb qo'limni qonga bo'yamayman. Men unaqalarni tiriklay go'rga tiqishni xush ko'raman…
Vadim bu gaplardan so'ng hayotdan butkul umidini uzgandi. Hozir-hozir yigitlarini chaqiradi-da, izsiz yo'q qilib yuboradi deb o'ylagandi. Garchi yaxshigina karatechi bo'lsa-da, ko'pchilik, baribir ko'pchilik… Orqadan kelishadi-da, otib qo'ya qolishadi deb xayol qilgandi.
Biroq uni yana Sho'rtumshuqning o'zi hushyor torttirdi.
— Mayli, — dedi u hiyla muloyimlashib. — Sen yoshlik qilib qo'yding. Buni kechirsa bo'ladi… Lekin bir shart bilan.
— B-bo'pti, aka! — shivirladi Vadim. — Men roziman.
— Sen bugundan boshlab menga xizmat qilasan!.. To'g'rirog'i, Samad bilan mening o'rtamda yurib ayg'oqchilik qilasan. O'sha men boya aytgan Tolibniyam mening tomonimga og'dirasan. Bilasan-a otangning bor pullari o'shaning qo'lidan o'tadi?.. Uning barcha sirlarini menga yetkazib turasan. Asta-sekin o'sha tutingan otangni tanazzulga yo'liqtirasan… O'z qo'ling bilan!.. Mabodo o'zingni uyoq-buyoqqa tashlasang, o'sha daqiqadayoq itday o'lib ketasan… Xo'sh, rozimisan?
— Roziman, aka!..
— Juda yaxshi… Aytgancha, qizimdan xotirjam bo'l, tegsa senday yigitga tegadi-da!..
— Hozir nima qilay? — Sho'rtumshuqqa umidvor termuldi Vadim.
— Hozir senga xonangni ko'rsatishadi. Ertalab qolgan gaplarni gaplashaveramiz…
Sho'rtumshuq tashqaridan qo'riqchi chaqirib, Vadimga alohida xona ajratib berishni buyurdi…
***
Yarim kecha edi. Vadim ancha paytgacha o'ylanib yotdi. Samad akaga bu narsalarni qanday tushuntirish haqida bosh qotirdi. Tutib olsa, sotqinligi uchun nimalar qilishini tasavvur etdi. Ammo qancha o'ylamasin, Ruxsoraning husni jamoli, yoqimli jilmayishlari ko'z oldiga kelganda dadillashaverdi…
Bir mahal eshik ohista taqilladi. Ich kiyimda yotgandi. Shoshib o'rnidan turib kiyimlarini kiydi va sekin borib eshikni ochdi.
— Siz?.. — Vadim ro'parasida Ruxsorani ko'rib qotib qoldi. Qiz yupqagina kiyimda bo'lib, sochlarini yoyib olgandi.
— Kutmaganmidingiz? — jilmaygancha ostona hatlab ichkariga kirdi Ruxsora.
— D-dangiz…
— Voy, namuncha qo'rqoq bo'lmasangiz? Dadam ish bilan bir joyga ketdi. Shuning uchun o'zim kelaverdim oldingizga.
— Qanday bo'larkin-a?.. M-men… Kutmagandim…
Ruxsora javob berish o'rniga Vadimga yer ostidan nazar tashladi. Yigit haqiqatan bezovta edi.
— “Loxgina-ey, — ko'nglidan o'tkazdi qiz kulimsirab. — Shuncha lattalarni ko'rgandim-u, bunaqasini uchratmagan ekanman. Tag'in… Samad akaday odamning qo'lida yurgani-chi… Ha mayli, xo'jayinning aytganini bajarmasam bo'lmaydi…”
— Shunday turaveramizmi qotib? — so'radi Ruxsora nihoyat. — Yo kelishim sizga yoqmadimi?
— Yo'q, yo'q, — Vadim hovliqib qizni to'rga boshladi. — Keling, o'tiraylik!..
Ruxsora uning ortidan stol tomon borayotib kutilmagan harakat bilan qo'lidan tutdi va o'ziga qaratdi.
— Hozirgi zamonda sizday bo'sh yigit borligini xayolimgayam keltirmagandim. — dedi u shivirlab. — Afsuski, sevib qoldim. Bo'lmasa…
— Nega unday deysiz, Ruxsora?.. Sizni xafa qip qo'ydimmi?..
— Shunaqangi bo'shashib turaverganingizdan keyin xafa bo'ladi-da odam! — o'pkalangan bo'ldi Ruxsora…
Vadim ikkilanib qoldi. Nima qilsin?.. Qiziq… Ilgari qizlar bilan yolg'iz qolsa, shartta belidan olardi. Bu qizga esa…
Vadim tavakkal Ruxsoraning qo'lidan ushladi. Shu tobda ichida nimadir uzilib ketgandek bo'ldi. Boshi g'uvillab badanini sovuq ter bosdi…
— Kechiring, — dedi titrab-qaqshab. — Sizning oldingizda noqulay ahvolda qoldim… Men… Faqat dadangizdan andisha qilayotgandim…
— Baribir birga bo'lamiz-ku, akajon, — boyagidek shivirladi Ruxsora. — Zamonaviy odamlar bo'lsak… Bir-birimizga hozirdan o'rganishimiz kerak-ku!.. Shunday qilmasak, keyinchalik qanday birga yashab ketamiz?..
— To'g'ri, to'g'ri… — ichida qizning jasoratiga qoyil qolgan Vadim uni o'ziga qattiqroq tortdi. — Men qoyilman… Yuragingiz juda katta ekan… Men bo'lsam, dadangizdan…
— Dadamni tilga olmang!.. U kishi eski odam. Bunaqa narsalarni tushunmaydi… Men bor ekanman, siz hech narsani o'ylamang!..
Shundan keyingina Vadim qizni ko'tarib karavotga yotqizdi…
***
Samad aka bezovta edi. Mana tong otibdi hamki, Vadimdan darak yo'q. Telefoni negadir o'chirilgan. Nahotki, uniyam tinchitvorishdi u yaramaslar?..
Yo'-o'q — dedi u o'ziga o'zi. — Mabodo shunday bo'lsa, bittasiniyam tirik qo'ymayman… Qonini ichaman hammasining!..
— Mumkinmi, aka? — Samad aka seskanib boshini ko'tardi. Ro'parasida Tolib qovoqlarini uyib turardi.
— Nima bo'ldi? — dast o'rnidan turdi Samad aka. — Aniqladilaringmi?
— Aniqladik. — dedi Tolib sovuqqonlik bilan.
— Xo'sh, qaerda ekan Vadim?
— Qaerda bo'lardi, aka?.. O'sha Sho'rtumshuqnikida.
— Nima?.. Nima qiladi u yerda shu paytgacha?..
— Aka, sotibdi u yaramas!
— Sotibdi? Qanday qilib? Nega sotadi?..
— Yigitlar aniqlab kelishdi. Sho'rtumshuqning o'ynashlaridan biriga ilakishib qolganmish. Uni qizim deb tanishtiribdi yaramas…
— Xo'sh, xo'sh, davom et! Keyin-chi?
— Xullas, Sho'rtumshuqqa xizmatga o'tibdi Vadimingiz. Endi ehtiyot bo'laverish kerak…
Samad aka beixtiyor kursiga o'tirib qoldi. Miyasi g'uvillab, mushtlari asabiy tugildi.
— Shunaqa degin? Sotibdi degin?.. Ko'rnamak!.. Menga qara, Vadimni buyoqqa qanday bo'lmasin chiqarib keltirasan. Shu bugunoq!..
— Qanday?.. Axir…
— Gapni ko'paytirma! — to'satdan baqirib berdi Samad aka. — Bitta xunasani topolmasang, nima qilib yuribsan mening oldimda? Bor, top!..
Tolib yelka qisgancha tashqariga chiqib ketdi…
***
Vadim ertalab bazo'r ko'zini ochdi. Boshi lo'qillab og'rir, gavdasini ko'tarishga ham qiynalardi. Ammo… Xursand edi… Ruxsoradek huriliqo quchog'iga kirganidan, o'zini unga ishonib topshirib qo'yganidan xursand edi…
U sekin o'rnidan turdi-da, yuvinib, kiyimlarini kiygach, mehmonxonaga yo'l oldi…
U yerda negadir Sho'rtumshuq ko'rinmadi. Vadimni yordamchilaridan biri Ne'mat ismli yigit qarshi oldi.
— Aka tayinlab ketdi, — dedi u Vadimga qo'l uzatib. — Hoziroq ofisga yetib borishimiz lozim ekan ikkovimiz.
— Tinchlikmikan? — so'radi Vadim hayron bo'lib.
— Tinchlik… O'sha yerda gaplashar ekan sizminan…
Mashina yo'lga chiqdi…
Yo'l olis edi. Tunda kam uxlagani uchunmi, Vadimning ko'zlari yumilib borar, aksiga olgandek, radiodan taralayotgan yoqimli kuy go'yo allalab ko'z ochishga qo'ymasdi…
— Orqamizdan tushishdi! — Vadim Ne'matning qichqirig'idan seskanib ko'zini ochdi.
— Nima?.. Kim?..
— Ana, o'zingiz qarang, mashina tanishmasmi?..
Vadim ehtiyotkorlik bilan orqasiga qaradi…
— Uh!..
Izma-iz kelayotgan Samad akaning mashinasini ko'rib Vadimning yuragi hovliqdi. — Tamom!.. Hayda, tezroq hayda!.. Yetib olishmasin!.. Nega bo'shashasan? Haydasang-chi!..
— Haydayapman-ku!.. E, kim ekan o'zi?.. Balki, o'zingiz tinchitib qo'ya qolarsiz?..
Shu tobda Vadimning xayoliga kutilmagan fikr kelib qoldi. Cho'ntagidagi to'pponchani oldi-da, bir zarb bilan Ne'matning boshiga tushirdi. U shilq etib yoniga quladi… Mashina yo'ldan chiqib chetdagi chinorga borib urildi…
***
Vadim keyin nimalar bo'lganini eslay olmadi. Ko'zlarini ochganda qorong'i yerto'lada yotar, boshidan qon sizib chiqardi.
U kafti bilan peshonasidagi qonni artmoqchi bo'ldi. Qo'llarini ko'tara olmadi. Kishanlab tashlashibdi…
— “Qaerdaman o'zi?.. — telbalarcha boshini chayqab-chayqab atrofga alangladi u. — Menga nima bo'ldi?.. Nega qorong'ilikda yotibman?..”
Hech narsani fahmlayolmadi…
Shu payt boshi aylanib qusgisi keldi.
Tizzalab yerga engashdi.
Qusolmadi. Aksincha bosh aylanishi kuchayib yerga yiqildi…
Kim bilsin? Oradan qancha vaqt o'tdi, nimalar bo'ldi?.. Unga qorong'i edi… Faqat bir narsani biladiki, ikki-uch kishi uni ko'tarib yorug'likka olib chiqishdi.
Tevarak yaydoq cho'l edi. Issiq havo to'yib nafas olishga qo'ymaydi…
Ular Vadimni cho'lning o'rtasigacha ko'tarib borishdi. Qizig'i, jimgina ketib borishardi. Hech biri gapirmasdi.
“Bular kim bo'ldiykin endi? — xayolan o'ziga-o'zi savol berdi Vadim. — Shaharda emasligim aniq. Sahroga qaydan kep qoldim?..”
Shularni o'ylarkan, ko'zlarini ochib notanish kimsalarga nazar soldi. Ikkovi ham baland bo'yli, egniga yashil matodan uzun libos kiyib olishgandi. Boshi negadir odamlarnikiga nisbatan ancha katta. Bo'yinlari ham yo'g'onroq..
Notanish kimsalar cho'l o'rtasiga yetganda birdan to'xtab, Vadimni yerga yotqizishdi. Biri osmonga qarab nimalardir dedi. Vadim hech narsani tushunmay hayron bo'lgancha yotaverdi.
Bir mahal qaerdandir olisdan bir gala qushlar uchib kelib ularning yonginasiga qo'ndi. Qushlar qaldirg'ochlarni eslatib yuborardi…
Notanish kimsa yana nimalardir deb pichirladi. Lekin bu safar qushlar tomonga tikilib gapirdi…
So'zini tugatishi bilan yuz metrlar chamasi narida tuya yetaklagan bir qariya ko'rindi. U yaqinlashib kelganda Vadim bildiki, harqalay anavi kimsalar kabi yo'g'on bo'yin, katta bosh emasdi. Oddiy odam. Egnida qariyalar kiyadigan chopon…
— Mana sizga murid olib keldik! — kutilmaganda inson tilida qariyaga murojaat qildi Vadimni ko'tarib kelganlardan biri. — Qabul qilib oling!
Qariya Vadimning tepasiga keldi-da, yuzlariga uzoq tikilib qoldi. O'zicha allambalolar deb pichirladi.
— Bu g'irt kofir-ku, bo'tam! — dedi nihoyat yelka qisib. — Men buni boshimga uramanmi?..
— Biz nima qilaylik? — norozi ohangda to'ng'illadi yo'qon boshlardan bittasi. — Buyruq shunday bo'lgan-da!..
— Uni shaytonning oldiga olib boringlar, o'sha oladi…
— Yo'q, siz olasiz!..
— Olib bo'pman!
— Bo'lmasa, hozir buni osmonga irg'itib yuboramiz!
Qariya bu gapni eshitib jonholatda yo'g'on boshning qo'lidan tutdi.
— Qo'y, juvonmarg bo'lib ketmasin. Hali yosh ekan. Buni o'zim hoziroq kelgan yeriga jo'natib yuboraman!..
Shunday deb u tuyasini qo'yib yubordi va Vadimning peshonasiga qo'lini qo'ydi. Qo'ygan zahoti Vadimning ko'zlari yumilib a'zoyi badani otash kabi yona boshladi…
— Yo Olloh, shu gumrohga shafqat qil!..
***
Vadim ohista ko'zlarini ochdi. Hamon qorong'i yerto'lada kishanlangan holda yotar, a'zoyi badanidan sovuq ter quyilardi…
Shu payt yerto'la eshigi sharaqlab ochilgandek, kimdir ichkariga kirgandek tuyuldi. Vadim a'zoyi badani simillab og'riyotganiga qaramay amal-taqal o'tirib olishga ulgurdi…
Kirgan Samad aka edi.
U chiroqni yoqib xo'mraygancha Vadimning tepasiga keldi.
— Xo'sh, bola, ahvollar qalay?..
Samad akaning gap ohangi avvalgidek mayin emasdi. Vadim hayron bo'lib uning ko'zlariga boqdi.
— Bilmadim…
— Ie, nega bilmaysan?.. Sen juda bilag'on eding-ku, yigit!..
— Nega meni kishanlab qo'yishdi? — so'radi Vadim hamon Samad akadan ko'z uzmay.
— Gunohkorlarni kishanlashadi-da!.. Yoqmadimi?
— Men gunohkor emasman.
— Shunaqa degin? Unda kim meni qayoqdagi Sho'rtumshuqqa sotdi?
— Qachon sotibman?.. Ota… Hech narsani eslayolmayapman… Faqat… Men ketayotgan mashina daraxtga borib urilgani esimda… Uyog'i…
Vadimning gapi og'zida qoldi. Yerto'la eshigi yana sharaqlab ochilib qo'lida militsionerlarning charm tayog'ini o'ynatgancha Mavlon ismli basavlat yigit kirib keldi. U Samad akaning shaxsiy qo'riqchisi bo'lishiga qaramay, baribir Vadimdan hayiqardi. Chunki Vadim karateni unga nisbatan ancha chuqur o'zlashtirgan, qolaversa, Samad akaga deyarli erkatoyligini Mavlon yaxshi bilardi…
— Mavlon, keldingmi? — Samad aka yigitga o'girilib yelkasidan ushladi. — Sen shu yerda tura-tur, kerak bo'lib qolishing mumkin!..
— Xo'p bo'ladi, boss!
Samad aka kulimsirab ro'paraga qo'yilgan kursilardan biriga cho'kdi.
— Qani, ayt, meni nimaga sotding-a?
— Sotganim yo'q. — dedi Vadim xirillab.
— Meni bilmaydi, go'l deb o'ylagansan-da-a?
— Yo'q.
— Unda nima maqsadda Ruxsora degan qanjiqqa ilakishib yuribsan? Niyating nima edi o'zi?..
Vadim o'ziga qadrdon ismni eshitib birdan hushyor tortdi. Qandaydir soniyalar ichida xayolidan bo'lib o'tgan ishlar o'ta boshladi.
Ha, u haqiqatan Ruxsora bilan tunagan. Ertasiga uni Sho'rtumshuqning huzuriga olib ketishayotganda…
— Men sizni sotganim yo'q! — dedi bu gal hiyla ovozini balandlatib. — Ko'rdingiz-ku, men Sho'rtumshuqning haydovchisini urib o'ldirdim!..
— Xo'sh, nima bo'pti? Baribir, sen o'sha marazga xizmat qilishga rozi bo'lgansan. Bitta qanjiqni debmi?..
Bu gap ortiqcha edi. Ruxsora to'g'risida bunday haqoratli so'zlarni aytishga hech kimning haqi yo'q deb hisoblay boshlagandi.
Vadim umrida birinchi marta Samad akaga g'azab bilan tikildi.
— U qanjiq emas! — xirillab bo'lsa-da baqirdi u. — U qanjiq emas!.. Bunday deyishga haqqingiz yo'q!
— Ie, hali yurakdan urib qolibdi-ku o'sha!.. — xoxolab kulib yubordi Samad aka. — Vey, nonko'r, kelib-kelib qayoqdagi “axlat”ni yoqtirib qoldingmi?.. Tag'in menday odamga tap tortmay gap qaytarasanmi?
Samad aka sekin Mavlonni imladi…
Qo'riqchining qo'lidagi charm tayoq Vadimning yelkasi aralash kelib tushdi. Bir marta tusha qolmadi…Qayta-qayta oyog'i, beli, yelkasi… Ishqilib, duch kelgan yeriga tushaverdi…
— Ih-h!.. Urmang!.. Bas qiling!.. — dodlab qichqirardi Vadim og'riqqa dosh berolmay. — Urmang, hammasini aytaman!.. Hammasini aytaman!..
Samad aka Mavlonni qo'lidan ushlab to'xtatdi.
— Xo'p, ayt! — dedi u negadir bu safar Vadimga achinish bilan boqib. — Men kutyapman!..
— M-men… O'sha qizni yoqtirib qoldim, nega ishonmaysiz?..
— Nega ishonmas ekanman?.. Sen asl zotingga tortgansan… Shuning uchun o'zingga o'xshagan “axlat”ni yoqtirib qolgansan… Davom et!..
— O'shani deb Sho'rtumshuqqa xizmat qilishga rozi bo'lgandim!.. Kechiring!..
— U senga qanday shart qo'ydi?
— Sizni avval “bankrot”ga tushirib, keyin yo'q qilishimni buyurgandi…
— Nima va'da qildi evaziga?
— Qizini berishga…
— Qizini?.. — Samad aka kulib yubordi. — Qaysi qizini?
— Ruxsorani.
— Vey, eshshak, kim aytdi senga Ruxsora uning qizi deb?
— Sho'rtumshuq.
— Ko'rdingmi, shu yerdayam asl zotingga tortgansan… Ruxsora uning duch kelgan yerini o'pib yuradigan manjalaqilardan biri-ku!..
— Nima?.. Q-qanaqasiga?.. Ishonmayman, Ruxsora unday qizlardan emas!..
— Ko'rdingmi, mening dargohimda shuncha yil yurib, baribir odam bo'lmabsan!.. Sendan boshqa bo'lsa, mening qo'ltig'imga kirib og'irimni yengil qilardi. Sendan boshqasi hech bo'lmasa, buzuqiminan to'g'ri ayolning farqiga borgan bo'lardi… He, hezalak!.. Sendaqalarni…
Vadim beixtiyor o'zini Samad akaning oyoqlari ostiga tashladi.
— Meni kechiring!.. Ahmoqlik qildim, kechiring!.. M-men… Sizni sotmaganman, ishoning!..
— Kechirish Xudoga xos. — dedi Samad aka ijirg'anib oyoqlari ostida yotgan Vadimga tikilarkan. — Menga unday fazilatlar umuman xos emas, bilib qo'y! Hali nega o'sha Sho'rtumshuqqa yopishib olganing ma'lum bo'ladi. Vaqti kelib o'zing aytib berasan! Hozir esa…
— Mavlon!..
— Labbay boss!..
Mavlon Samad akaning imosi bilan yana charm tayog'ini hozirlab Vadimning tepasiga keldi…
— Buning ta'zirini bergin-da, keyin katta yo'l chetiga olib chiqib tashla!.. Men yigitlardan ikkitasini tayinlayman, qorovullab turishadi… Qolgan jazoni Sho'rtumshuqdan olsin bu xunasa!..
— Xo'p bo'ladi!.
* * *
Самад аканинг буйруғи билан ўласи ҳолатга келиб қолган Вадимни катта йўл четига ташлаб кетишди. Ҳаммаси олдиндан режалаштирилганди. Шу яқин орада Шўртумшуқ машинасида худди ўша ердан ўтади. Қирғоқда қонга бўялиб ётган Вадимни кўради-ю, шубҳасиз олиб кетади. Ҳарқалай, тиш қайраб юрганини Самад ака яхши билади…
Кўз очиб юмгунча қош қорайиб, ҳаво янада совиди. Изғиринга қараганда тунда қор ёғиб бериши ҳам ҳеч гапмас.
Вадим ҳамон беҳуш ётарди. Аксига олгандек, шу куни йўлдан деярли йўловчи ўтмади. Балки ўтганлари ҳам эътибор бермагандир…
Ниҳоят узоқдан Шўртумшуқнинг ярқираган «Мерседес»и кўринди. Бу маҳал Самад ака пойлоқчиликка қўйган икки йигит дарахтлар панасида туриб икки томонни астойдил кузатишар, мабодо Вадимни олиб кетишмаса, тез шефга қўнғироқ қилиш пайида эдилар…
Машина Вадим ётган ерга етганда, ҳайдовчи тормозни босди. Аввал тансоқчи, унинг кетидан Шўртумшуқ пастга тушди.
— Қара, манави сотқиннинг адабини беришган кўринади! — деди Шўртумшуқ Вадимни оёғи билан туртиб. — Қизиқ, наҳотки ўша валломати шундай қилган бўлса?..
— Ака, тўғри топдингиз, — кулди ҳайдовчи. — ўшалардан бошқа ким ҳам уни калтаклай оларди. Ҳарқалай, ўткинчи келиб урмагандир?!.
— Машинага ортларинг! — буюрди Шўртумшуқ уёқ-буёққа қараб олгач. — Зап қўлга тушди ярамас!..
Йигитлар Вадимни машина юкхонасига жойлаб ўзларини салонга уришди. Самад аканинг йигитларидан бири эса, «иш» силлиқ битганидан мамнун бўлиб қўл телефонига ёпишди…
* * *
— Рухсора, юр буёққа! — Шўртумшуқ диванда чўзилиб ётганча телефон орқали ким биландир астойдил гаплашаётган суюқоёқни имлади. — Тез ваннахонага кир! «Эр»ингни топиб келдим…
Рухсора ҳовлиқиб хўжайиннинг ортидан эргашди. Ваннахонада Вадим беҳуш ётар, аъзойи бадани қонга бўялган, ҳар-ҳар замонда алланималар деб алаҳларди…
У қўрқиб кетди. Бир Шўртумшуққа, бир Вадимга тикилиб, беихтиёр титрай бошлади.
— Қўрқма, — Рухсоранинг елкасидан ғижимлади Шўртумшуқ. — сотқинлар одатда шу тахлит жазоланади… Аммо бу ишни биз қилмадик.
— Унда ким? — сўради Рухсора ҳамон титрашдан тўхтамай.
— Ким бўларди? Тутинган отаси… Майли, бошимни қотирмай, буни ўзига келтир! Қонларини яхшилаб ювгин-да, одам башара бўлганда менинг олдимга етаклаб кир!..
Хўжайиннинг раъйига қарши бориб бўлмайди. Айниқса, Шўртумшуқ гапи иккита бўлишини ёқтирмайди. Рухсора бош ирғаб югурганича ҳидлатадиган дори олиб чиқиш илинжида залга кириб кетди…
— Вадим!.. Кўзингизни очинг!..
Рухсора доридан қайта-қайта ҳидлатгач, қимирлай бошлаган Вадимни турта бошлади. — Кўзингизни очинг!..
Ниҳоят Вадимнинг кўзлари очилди. Бирпас аланглаб шифтни, ёнбошини кўздан кечирди. Тепасидаги Рухсорага кўзи тушгач, жилмаймоқчи бўлди. Аммо оғриқ устун келди шекилли, тўсатдан инқиллай бошлади.
— Жоним, сизни ким бундай аҳволга солди? — сўради Рухсора кўзлари ёшланиб. — Қайси ваҳший сизни калтаклади?.. Қайси гуноҳингиз учун?
— Мен қаердаман? — шивирлади Вадим. — М-мен тирикманми?
— Албатта тириксиз!.. Менинг ёнимдасиз?.. Тура оласизми? Мен… Қонларингизни ювиб қўйишим керак…
— Ҳозир… Ўзим…
Вадим инқиллай-инқиллай, бир қўли билан ванна четини ушлаб гавдасини кўтарди. Рухсора дарров қўлтиғидан олиб амал-тақал Вадимни ванна ичига туширди.
— Ҳозир… Кийимларингизни ечиб олай… Мана… Шундай… Оғрияптими, Вадим?..
— Ҳечқиси йўқ, Рухсора, ўтиб кетади… Ўтиб кетади…
Вадимнинг кўкармаган жойи қолмаганди. Айниқса, чарм таёқ теккан ерлари ёрилиб-ёрилиб кетибди. Рухсора ичкаридан йод олиб чиқиб ҳамма яраларига суртди. Билакларидаги, белидаги яраларни дока билан яхшилаб бойлади. Ярим соатлар ўтгач, Вадим анча ўзига келиб, бемалол оёққа турди.
— Сизни хўжайин кутаяпти! — деди Рухсора паст овозда. — Мабодо шу киши урмаганмиди?
— Йўқ, Самаднинг одамлари уришди. — жавоб қилди Вадим. — Энди Шўртумшуқнинг навбати…
— Қайси гуноҳингиз учун?
— Кейин айтиб бераман… Бунинг ўрнига ўзинг бир саволимга жавоб бер!
— Хўп, сўранг-чи!
— Нега мени алдадинг?
— Қачон?
— Сен… Шўртумшуқнинг қизи эмас экансан-ку!.. Сен…
Вадим уёғини ҳам айтмоқчи бўлди-ю, негадир тили айланмади.
— Ким айтди сизга?
— Алдашга уринмай қўяқол, ҳаммасини эшитганман… Лекин… Нима қилайки, сени ёқтириб қолдим… Мана шу нарса мени ушлаб турибди…
Рухсора айбдорона бош эгди…
Ҳа, алдагани рост. Ҳаммаси Шўртумшуқнинг буйруғи билан бўлганди. Бироқ… Ўша афсонавий кечадан сўнг… Хаёллари чалкашиб кетишини қаердан билибди?!. Қаршисидаги шу шеркелбат йигитга боғланиб қолишини қаердан билибди?!.
— Тўғри, Вадим, — бошини кўтармай тилга кирди Рухсора. — сизни алдаганимни бўйнимга оламан. Шўртумшуқ шуни хоҳлаганди. Лекин… Ишонинг, мен ҳам сизни севаман… Биламан, сиз ҳам менга барибир паст назар билан қарашингиз аниқ… Тўғри-да, мен кимман ўзи? Оддий хизматкор, на уйи, на ота-онасининг тайини бор бир чувриндиман…
— Ундай дема, — қизнинг сўзини бўлди Вадим. — сен чувринди эмассан. Чувринди деб анави ярамасларни айтса бўлади… Сен… Уларнинг олдида фариштасан… Ишон, ўтмишингни ҳеч қачон юзингга солмайман! Фақат… Сен ҳам мендан юз ўгирма!..
— Бундай хаёлларни миянгиздан чиқариб ташланг! Сиздан юз ўгирмайман… Фақат… Ҳозир бир нарсадан қўрқиб кетаяпман…
— Нимадан?
— Шўртумшуқ сизни… Калтаклайдими?..
Вадим деворга суянган кўйи елка қисди.
— Балки…
— Сабаби нима, Вадим?
— Сабабими?.. Ҳамма айб ўзимда… Булар ўйин қилишаётганидан бехабар қолибман. Йўлда Самад кузатиб келаётганини кўриб қолувдим. Мен аҳмоқ, Шўртумшуқнинг ҳайдовчисини ўлдириб, машинани авария қилдим… Ўзимча Самадга яхши кўринмоқчи бўлдим… Оқибатда эса…
— Ҳечқиси йўқ, — Рухсора Вадимнинг елкасидан ушлаб ўзига қаратди. — душманларингиз иккита бўлибдими, унутмангки, ёнингизда мендек айёр дўстингиз ҳам бор… Биласиз-ку, аёл макри қирқта туяга жой бўлади… Сира қўрқманг, ҳали биз булардан боплаб ўч оламиз!.. Фақат… Менга ишонсангиз бас!
— Қизиқсан-а, шундай пулдор, каллакесар одамлардан ўч олиб бўларканми?
— Бўлади… Энг оғриқ жойини топсангиз, булар нима бўпти?!. Илгари ±лғиз эдим, қўрқардим. Энди эса, ±нимда сиздан халоскорим бор… Бўпти, бу ҳақда кейин гаплашамиз… Ишқилиб, анави сизни ўлдириб қўймаса бас. Шундан қўрқаяпман…
— Қўрқма, — Рухсоранинг икки юзини силаб қўйди Вадим. — мен ҳам осонликча жон берадиганлардан эмасман… Қани, бошла, ўша Шўртумшуқнинг ёнига!..
— Бўпти, фақат… Сиз ҳам сал айёрлик қилинг!.. Уни ишонтира оладиган гапларни топиб гапиринг!.. Биласизми, сизни калтаклашларини кўриш мен учун оғир!..
— Яхши, қани, юр!..
* * *
— Ҳайдовчини нега ўлдирдинг, хунаса? — Шўртумшуқ Рухсорани чиқариб юбориб, эшикни ичкаридан тамбалагач, Вадимнинг ёқасидан олди.
— Мен… Сизнинг фойдангизни ўйлаб шундай қилдим. — Вадим бир зарб билан Шўртумшуқнинг қўлларини силтаб ташлади. — Шу йўл билан уни чув туширмоқчийдим. — Хўш, чув туширганинг шуми?
— Ҳечқиси йўқ, ака, пича калтак еган бўлсам, ўлиб қолганим йўқ… Ҳали кўрсатиб қўяман у ифлосга!
— Нима қиласан? Ўлдирасанми?
— Ўлдириш қочмайди. Аввал Самадни қийналишга, азобланишга мажбур қилиш лозим.
— Ў, айёрсан-ку, — кулиб юборди Шўртумшуқ. — қани, қандай азобламоқчисан?
— Менга бир кун муҳлат беринг! Яхшилаб ўйлаб олай… Қолаверса, баданимдаги таёқ излари ёмон азоб бераяпти…
— Биласанми, Вадим, — деди Шўртумшуқ бироз паст тушиб. — сен… Негадир менга ёқиб қолдинг. Билмадим… Нимангни ёқтириб қолдим… Аммо қўлингдан нимадир келишини кўнглим сезаяпти… Аслида, ўша кунги қилиғинг учун боплаб адабингни бермоқчийдим… Шаштимдан туширдинг. Демак… Тўхта, ахир у сени тарбия қилди, едирди, ичирди! Энди уни жазоламоқчи бўлаяпсан… Бу кўрнамаклик-ку!.. Бир кун келиб сендақалар мениям бўғизлаб кетиши мумкин…
Бу гап Вадимнинг нақ бўғзидан олганди. Бир муддат индамай каловланиб қолди… Хўш, буёғига нима дейди?.. Шундай мум тишлаб тураверадими?.. Шўртумшуқ узоқ кутишни ёқтирмайди…
— Тўғри, буни тан оламан, — деди Вадим таваккал. — мени боқди, ҳунар ўргатди… Бироқ…
— Нима бироқ? Гапир!
— Бироқ, менинг қалбимни парчалаб ташлади. Ўз манфаатини деб туйғуларимни топтади.
— Тушунмадим, бу билан нима демоқчисан?
— Қизингиз Рухсора туфайли шундай калтаклади…
Шўртумшуқ аввалгисидан ҳам қаттиқроқ хохолади.
— Шунақа дегин?.. Қизим туфайли дегин?.. Қара-я!..
— Нима, гапимга ишонмаяпсизми?
Шўртумшуқ илкис кулишдан тўхтаб, Вадимнинг томоғини чангаллади.
— Билмаган бўлсанг, билиб қўй, йигит!.. Мен билан ўйнашиб ҳеч ким барака топмаган… Самадинг ким бўпти менинг олдимда?!. Ҳозир қасам ичасан!.. Самадни таг-туги билан йўқ қилишга қасам ичасан!..
— Қасам ичганни Худо ҳам хушламайди-ку, ака!..
— Ҳаддингдан ошма, бола! Бу ерда Худо менман!.. Мен қасам ичганларни кўпроқ ҳурмат қиламан! Чунки фақат қасамгагина ишонаман!.. Бўл тез!..
— Қасам ичаман!.. Ўлган онамнинг руҳи билан қасам ичаман!..
— Бу бошқа гап. — Шўртумшуқ Вадимнинг томоғини қўйиб юборди-да, диванга бориб ўтирди. — Лекин барибир эсингда бўлсин, мабодо ҳийла ишлатишни хаёл қилган бўлсанг, Худодан ҳам олдин ўзим жазоингни бераман…
— Тушундим, ака!
— Энди бор, мендек саховатли акангнинг даврида бир ётиб дам ол! Рухсора сендан хабар олиб туради… Қолган гапларни кейин гаплашамиз…
Вадим иш бу қадар осон кўчишини кутмаганди. Ҳамон ишонқирамай, чиқиб кетаётганда орқасига қайта-қайта қараб олди… Шўртумшуқнинг бамайлахотир кўз юмиб ўйга чўмганини кўргачгина, хотиржам зални тарк этди…
* * *
Вадим хонасига кириб улгурмай, ёнига Рухсора кириб келди. Кирибоқ эндигина кийимларини эҳтиёткорлик билан еча бошлаган йигитнинг елкасига бошини қўйди.
— Шундай қўрқдимки, шундай қўрқдимки!.. — Вадимнинг қалин, сап-сариқ сочларини силаб пичирлади у.
— Нимадан қўрқасан?.. Қўрқадиган иш бўлгани йўқ.
— Анави сизни калтаклаб қоладими деб қўрқдим-да!
— Э, қулоғига боплаб лағмон осиб ташладим. — жилмайиб қизни қучоқлади Вадим. — Роса ишонди ўзиям!
Рухсора ҳар эҳтимолга қарши дераза, эшик томонни кўздан кечирди. Ҳеч ким йўқлигига амин бўлгач, яна Вадимнинг олдига қайтди.
— Боплабсиз… Энди менга қулоқ солинг! Биринчи ишни-чи, Шўртумшуқдан бошлаймиз.
— Нима қиламиз?
— Шаҳардаги ҳамма завод-фабрикалар шунга қарашли. Бу ярамас ўшаларни соғиб ичади… Ишонасизми, мен унинг банкдаги ҳисоб рақамини билиб олганман.
— Хўш, нима қипти?
— Ана ўша ҳисоб рақамни Самад акага шипшитиб қўйсангиз борми, нақ қиёмат қойим бўлади. Шўртумшуқ синадими, ана кейин келасиз-да, пуллар негадир Самад акага ўтибди деб айтасиз Шўртумшуққа…
— Ўзимдан гумонсираса-чи?
— Гумонсирамайди. Биз компьютерчисини тўғрилаб юборамиз…
— Қандай қилиб?
— Умуман… Банкдаги ҳисоб рақамини фақат компьютерчи билади. Бунга Шўртумшуқ ҳам қаттиқ ишонади…
— Хўп, кейин-чи? Кейин нима бўлади?
— Кейинми?.. Икки ўртада ҳақиқий жанг бошланади.
— Хўш, Самадни тинчитишдиям дейлик. Шўртумшуқнинг ўзини…
— Самад ҳам осонликча ўзини ўққа тутиб берадиганлардан эмас. Мен уни анчадан бери танийман… Улар отишма қилиб ўтиришмайди. Аксинча…
— Йў-ўқ, отишма бўлади. — қизнинг гапини бўлди Вадим.
— У ҳолда барибир сизни киллер сифатида ёллашади… Менга қаранг, сиз иккаласининг ҳам ишончини қозона олишингиз керак… Тўғри, бу осон эмас. Лекин ҳозир шундай қилишга мажбурсиз…
— Хўп бўлади, маликам! — Вадим инқиллаб Рухсорани оҳиста диванга ётқизди. Лаблар туташди. Кийиксифат сийналар таранглашиб, Вадимнинг кўксига ботди…
Йигит соғинч туфайлими, ҳирс билан севгилисининг баданларини ўпар, Рухсора бўлса, шошилмасдан унинг кийимларини ечиб оларди…
* * *
Самад ака эрталаб ўрнидан туриб, ёрдамчиси Толибдан шаҳардаги «точка»лар тўғрисида керакли ахборотларни аниқлаб билгач, ўйланиб ўтириб анчадан бери мириқиб дам олмагани эсига тушиб кетди.
— Вей, Толиб, — деди у кериша-кериша. — бугун тоғдаги дачага бормаймизми?
— Сиз нима десангиз шу-да, хўжайин! — сирли жилмайиш қилди Толиб. — «Ёш»ларидан бор, бир оғиз буюрсангиз, ест қиламиз!
— Бўпти, иккитасини олволсанг бўлади! Фақат иккаламиз кетамиз… Бошқаларга индамай қўяқол!.. Ҳа энди… Бу дунё ўткинчи. Ишлаб ўлиб кетмайлик тағин, нима дединг?
— Тўппа-тўғри, хўжайин! Одам дам олишниям билиши керак…
— Айтганча… — Самад ака бошини қашиб бир муддат жимиб қолди.
— Нимадир демоқчимидингиз?
— Ҳа… Анави етимчадан дарак бўлмадими?..
— Ие, хўжайин, қаранг-а, айтиш эсимдан чиққан экан.
— Нима гап?.. Ўлмабдими ҳалиям?
— Э, хўжайин, — Толиб кафтларини бир-бирига ишқалаб, Самад акага яқинроқ келди. — буёғига ошиғимиз олчи деяверинг!,,
— Хўш, хўш?..
— Вадим ҳадемай Шўртумшуқнинг борини қўлингизга топширади. Мен йигитлар орқали аниқладим… Бугун- эрта кеп қолиши керак.
— Тушунмадим. Қайси борини топширади?
Толиб секин унинг қулоғига шивирлади.
— Банкдаги ҳисоб-рақамини сизга ўтказиб юбормоқчи.
— Бўлиши мумкинмас. — қўл силтади Самад ака. — У шалвираганга йўл бўлсин!.. Ўзини зўрға эплайди-ю… Ўйинчоқмиди бу иш?!.
— Буёғини билмадим-у, аммо Вадимга Рухсора ёрдам бераётганмиш…
— Шунақа дегин? — Самад ака бирдан ҳушёр тортиб қошларини чимирди. — Рухсора дегин?.. Оббо суюқоёқ-ей, ҳали шунақа ишларниям биларканми?.. Тўхта, тағин бу яна бир ҳийла бўлмасин!..
— Ҳийла эмас! — деди Толиб. — Аниқ биламан, ҳийла эмас… Адашмасам, Вадимингиз ўша кунги айбини ювмоқчи шекилли…
— Яхши, кўрамиз… У ҳолда дам олишни вақтинча қолдирамиз. Вадимни кутамиз… Сен кузатишда давом эт! Йигитларга айт, ҳар бир босган қадамини кузатишсин!.. Агар сал нотўғри қадам босаётганини сезишса, тезлик билан уни судраб келишсин!
— Хўп бўлади!
Толиб чиқиб кетгач, Самад ака нонушта буюриш ниятида ошхонага қўнғироқ қила бошлади…
Davomi bor
