Xtales.ru

Killer (kamolov) copy

Yangi sarguzasht detektiv asar

Toshkentning serqatnov ko'chalarida har kungidek odamlar dengiz kabi oqardi. Hamma qayoqqadir shoshadi. Kimdir yonidagi hamrohi bilan nimalardir to'g'risida bahslashib boradi. Yana kimdir o'zicha g'udranib, hayotdan nolib qo'yadi…

Ko'cha yuzida ko'p qavatli uylar ko'p. Hammasida odamlar yashaydi. Ular ham o'z tashvishlariga ko'milib yashashadi. Hatto, qo'shnidan hol so'rashga ham vaqtlari yo'q. Balki vaqtlari bordir…

Mehr yetishmasa kerak ularda…

Shu uylarning bir burchida o'n yoshlar chamasidagi bir bola o'tirardi. Sochlari yuvilmaganidan pataklashib ketgan. Kiyimlari ming bir yamoq. Harqalay, yoz kuni bo'lgani sabab, u oyog'iga hech narsa kiymabdi. Kim biladi? Balki kiyishga poyafzali yo'qdir?..

Bu bolakayning ismi Vadim. Ota-onasi yaqinda ichkilik tufayli o'lib ketishdi. Yana ikkoviyam bir kunda olamdan o'tdi. Qamoqxonama-qamoqxona yuraverib, ikkovining ham diydasi qotib ketgandi. Rossiyaning qaysidir shahridan kelib qolishgandi bir vaqtlar. Ularning qarindoshi ham yo'q edi…

Vadim ana o'shalarning kasriga qoldi. Bolani turli bahonalar bilan qattiq kaltaklashardi. Shu sababli har ichishganda xuddi mana shu yerda tunab jon saqlardi. Afsuski, bir kun kelib o'z uyida yashab qolish baxtidan-da mahrum bo'lishini bilmagan…

Piyonistalar kvartirani ham sotib ichib yuborishgach, shu burchak unga bir umrlik panoh bo'lib qolayotganini sezdi. Hali yosh. Ota-onasi ko'chada o'lib qolishganini ham bilmay qoldi. Qo'shnilar sekin aytishgandi. Aqli yetmadimi yo mehri yo'qligidanmi, bosh egib qo'ya qoldi…

Mana, burchakda kechayu-kunduz jon saqlay boshlaganiga ikki hafta bo'ldi. Qo'ni-qo'shnilarining hammasi o'rislar. Bu bolakayga bir-ikki marta non-suv berib yurishdi. Lekin vaqt o'tib hech kimga keragi bo'lmay qoldi…

Qorni tatalab ketganda, nodon bola sekin axlatxonaga borib, o'sha yerdan qotgan-qutgan, sasigan nonlarni terib, qorin to'ydirardi.

Xudo saqladi uni. Axlatxona titib, hali kasal bo'lgani yo'q…

Vadim ancha vaqt o'tirib qoldi. Erta tongda axlatxonaga borib kelgandi. Hozircha qorni ochmadi…

Ammo hayot yosh go'dakni ham asta hushyor torttirib borarkan. Kechki tanovul haqida bosh qotira boshladi…

Xo'sh, axlatxonaga borsa-yu, anavi piyonista daydilar yana ola qaray boshlashsa-chi? Umuman yaqin keltirishmasa-chi?..

Sekin o'rnidan turib, kirligidan hidlanib ketgan shalvari cho'ntagiga qo'lini soldi-da, atrofni kuzata boshladi…

Yaqin orada do'konlardan bo'lak hech narsa ko'rinmadi. Vadim nariroq borib ko'rmoqchi bo'ldi. Adashib qolishiga aqli yetmadi. Yurgan sari tobora qiziqsinib, nari ketaverdi…

Shu ko'yi bir chaqirimcha yo'l bosib qo'ydi.

Ro'parada katta bozor bor ekan. Vadim o'sha tomonga qarab yurdi. Kiraverishda xo'ppa semiz bir erkak gumma sotayotgandi. O'shaning ro'parasiga borib og'zini ochgancha tikilib turaverdi.

— Ha, bola, senga nima kerak? — erkak ijirg'anib Vadimga qaradi. — Bor, toshingni ter!

— Amaki… Menga anavindan bitta beri-ing!..

— Nima?.. Bor-e, nari tur dedim senga!..

— Jon amaki!..

— Puling bormi o'zi?..

Vadim tushunmay yelka qisdi.

— Puling bormi, deyapman? — qaytadan o'dag'ayladi erkak. — Yo'q bo'lsa, yo'qol, xalal berma!..

Vadim qaynoq gummalarga termulgani sari og'zidan so'lagi oqib tushadigandek tamshanardi. Lekin… Begona erkakning o'dag'aylashi uni cho'chitib qo'ydi. Indamasdan yo'lida davom etdi…

Bola haqiqatan ikki yo'l orasida edi. Qaerga borishni, kimga yalinishni bilmasdi.

Bozorda esa birov bilan birovning ishi yo'q. Kimdir xarid qilishga shoshilsa, kimdir pul ilinjida yelib-yuguradi…

Vadim aylanib yurib bozor chetidagi axlatlar uyumiga ko'zi tushib qoldi. Atrofda deyarli hech kim yo'q edi. Yugurgancha bordi. Bu yerdagi axlatlar o'zi har kuni boradigan axlatxonaga o'xshamasdi. Qay chetiga qarama, ovqat, go'sht qoldiqlari…

U jonholatda hammasini bir yelim xaltaga joyladi-da, ko'tarib ko'rdi. Ko'tarolmas ekan. O'ylay-o'ylay, sudrab ketishga qaror qildi…

Ammo bozordan chiqib ulgurmay gandiraklagancha sadaqa so'rab yurgan bir piyonista uning yo'lini to'sdi.

— To'xta!.. Q-qo'lingdagi nima?..

Vadim qo'rqib ketdi. Yo'q, u kaltak yeyishdan emas, qo'lidagilarni olib qo'yishlaridan qo'rqardi…

— M-men… Uyimizga olib ketayapman, — beixtiyor yolg'on gapirib yubordi u.

— Qani, buyoqqa ber-chi, bola!..

— Y-yo'q, bermayman!.. Qo'yvoring!..

Aksiga olgandek, Vadim turgan yer kimsasiz, odamlar juda kam o'tadigan joy edi…

Piyonista hiringlab Vadim tutgan xaltani tortar, u tortqilagan sari bola qattiqroq yig'lardi…

Oxiri kuchi yetmadi. Piyonista xaltani oldi-da, bir zumda ko'zdan g'oyib bo'ldi. Vadim och-nahor, turgan yerida qon yig'lab qolaverdi…

* * *

Pinakka ketib qolgan ekan. Vadim kimningdir turtkisidan uyg'onib ketdi.

— Ha, otaginam, bu yerda nima qilib o'tiribsan? — Vadimni oppoq soqolli, egniga ham oppoq libos kiygan bir qariya qo'lidan tortib turg'azdi. — Qorong'i tushib ketdi. Sen bo'lsang, bu yerda uxlashingni qara!.. Uying qayoqda, bolajonim?..

Vadim indamay boshini egdi.

— Nega indamaysan? Mendan qo'rqib ketdingmi, chirog'im?

— Yo'q, bobojon… Meni… Uyim yo'q…

— Ie, shunaqami?.. Obbo… Ota-onang bordir hech bo'lmasa?

— Yo'q.

— Essiz… Yetimman degin?.. Yetimlik qursin, bolam, yetimlik qursin… Menga qara, qorning ham ochib ketgandir-a?.. E, so'rab o'tirishimni. Yur-chi, men seni machitga olib boraman! O'sha yerda qorningni to'yg'azib olasan. Ha… Keyin bir gap bo'lar…

Machit bozorning shundoq biqinida ekan. Qariya uni yetaklab ichkariga olib kirdi. Ular kirib borgan hujrada hech kim yo'q edi.

— Qani, poygakka o'tir! E, barakalla!.. Manavi nonni yeb ol!..

Oppoq, bo'rsildoq nonni ancha vaqtlardan beri ko'rmagan bola og'zini to'ldirib-to'ldirib kavshanarkan, qariyaning ko'zlariga yosh keldi. Vadimning boshini silay-silay, qo'liga bir piyola choy tutqazdi…

— Ana, qorning ham to'ydi hisob. Endi-chi o'g'lim, yotib, uxla! Mana, ko'rpacha, ustingga manavisini yopib ol. Bo'lmasa kechasi sovuq yeysan! Bo'ptimi?

Vadim mamnun bosh irg'ab qo'ydi va boshini yostiqqa qo'yib ko'zlarini yumdi…

* * *

Bola shu ko'yi machitda bir hafta yashadi. Mo'min bobo unga har kuni kechqurun issiq ovqatlar olib kelar, to qornini to'yg'azguncha boshini silab o'tirardi…

Faqat… Boboning hadeganda hujra supurtirishi, har xil nasihatlar qilishi bolaga yoqinqiramasdi. Uy burchagida erkin yashab o'rgangan Vadim har gal nasihat eshitganda aftini bujmaytirib olar, shu tobda bildirmasdan qochib ketgisi kelardi…

Bir kuni atayin cholning jig'iga tegmoqchi bo'ldi-yu, hujrani supurmadi.

— Ie, bo'talog'im, hujrani tozalab qo'ymabsan-ku!.. — kulib Vadimning yelkasiga qoqdi Mo'min bobo. — Charchadingmi-a?..

Bola zarda bilan yelkasini tortib oldi.

— Ie, — hayron bo'ldi qariya. — Bu nima qilganing?.. Birontasi xafa qilib qo'ydimi men yo'g'imda? Gapir, og'zingga tolqon solvolganmisan?

— Supurmayman hujrangizni! — dedi yig'lamsirab Vadim.

— Nimaga supurmaysan?

— Ketaman machitingizdan!.. Zerikdim.

— Ie, sen bola… Ja shakkok ekansan-ku-a?.. Men senga rahmim kelib bu yerga olib kelsam-u… Obbo bachchag'ar-ey!.. Men ahmoq seni odam qilmoqchi bo'lib yuribman-a!.. Qani…

Vadim qariya so'zini tugatib ulgurmay, yugurganicha katta ko'chaga chiqib ketdi. Mo'min bobo hay-haylagancha qolaverdi…

* * *

Mo'min bobo harqalay uning egniga oppoq ko'ylak-shimlarni kiydirib qo'ygandi. Ko'rgan odam endi jirkanmasa bo'lardi…

Vadim yana to'g'ri bozorga kirib bordi. Avvalgi safar piyonista qo'lidagilarni olib qo'ygandan beri ancha qo'rqib qolgandi. Olazarak bo'lib ehtiyotkorlik bilan yurib borarkan, bir chetda astoydil tilanayotgan kampirga ko'zi tushib qoldi. Oldiga eski bir latta yozib qo'yilgan, lattaning ustida pullar ko'p edi…

Vadimning tinchi yo'qoldi. Birpas kampirni kuzatib turdi. Tilanchi unga e'tibor qilmas, ovozining boricha qandaydir duolarni o'qib o'tkinchilardan sadaqa so'rardi.

U ham qo'rqa-pisa kampirning yoniga cho'kdi. Kiyadigan matosi bo'lmagani uchun boshidagi eski kepkasini yerga qo'yib o'tgan odamning ko'ziga mo'ltirab tikilgancha o'tiraverdi…

Tilanchi kampir oldin bir-ikki Vadimga yomon qarab qo'ydi. Ammo indamadi. Oradan yarim soatlar o'tgach, ko'rdiki, o'ziga berilishi kerak bo'lgan pullarning deyarli hammasi bolaning kepkasiga kelib tushayapti.

— Hoy, tirmazak, — deya Vadim tomonga o'girildi kampir. — Pisht-e!.. Yo'qol, bu meni joyim!..

Vadim qo'rqib ketib shosha-pisha kepkadagi pullarni qo'yniga tiqdi. Lekin joyidan jilmadi.

— Bor, ket dedim! — takrorladi kampir. — Nima, qulog'ing tom bitganmi?

— Ketmayman!..

— Ie, hali gap ham qaytarasanmi? Yo'qol, bekor… O'rnimdan turib olsam, go'shtingni titib qo'yaman!..

— Titib bo'psiz! — dedi Vadim qo'ynidagi pullarni yana bir bor ushlab qo'yarkan. — Bu sizning joyingizmas…

— Otangni og'ziga… seni!.. Hozir o'rnimdan turvolay…

Tilanchi kampir o'tkinchilarga bir-ikki o'g'rincha qarab oldi-da, inqillagancha o'rnidan qo'zg'oldi.

— Turasanmi-yo'qmi?

Vadim boshini eggan ko'yi jim o'tiraverdi. G'azablangan kampir yerdagi eski kepkani tepib yubordi-da, bolaning qo'lidan tortib, o'rnidan turg'azdi.

— Bor, kuchala yegan joyingga borib kuchan!.. He, bola bo'lmay o'l!.. Meni joyim deb turibman-u, bu bo'lsa, parvoyiga keltirmaydi-ya!..

Vadim bo'shashgancha o'rnidan turib yerga sochilib ketgan mayda-chuyda pullarni terib oldi va kepkasini qo'ltig'iga qisgancha nari ketdi…

U yo'l bo'yiga chiqqach, qaerga borishini bilmay qoldi. Lekin ko'ngli to'q edi. Qo'ynida puli bor. Och qolmaydi…

Uyoq-buyoqqa o'g'rincha qarab olgach, Vadim bir chetga o'tdi. Ko'p qavatli uylardan birining shundoq biqinida ulkan chinor daraxti bor ekan. O'shaning ostiga borib qo'ynidagi pullarni yerga to'kdi. Harqalay pul sanashni bilardi. Birma-bir hisoblab ko'rdi. Ming so'mga yaqin pul ishlab qo'yibdi…

Quvonib ketdi. Shosha-pisha pullarini qaytadan qo'yniga joyladi-da, bozorga qarab chopdi.

***

Vadim endi axlatxona titish balosidan qutuldi. Ertasi kuni o'ziga kampirdan uzoqroq yerdan joy topib oldi. Bu yer ham bozor yo'lida. Vadimdan bo'lak tilanchi yo'q. Hech kim mushugini pisht demaydi…

Ana shu taxlit kunlar o'taverdi. Bola har kungi yiqqan pullarini o'zi tunaydigan uyning yerto'lasiga yashiradigan bo'ldi…

Kunlarning birida Vadim har galgidek tandir somsa yeb o'tirgandi. O'niga o'zi tengi ikki bola keldi. Ular bir muddat Vadimning somsa yeyishini kuzatib turishgach, yoniga o'tirib olishdi.

— Sen rogatkadan otishni bilasanmi? — so'radi bolalardan biri.

— Bilmasam. Otib ko'rmaganman.

— Agar somsangdan ozgina bersang, otib ko'rishga o'zimnikini berardim…

Vadim yelka qisib qo'lidagi somsaning yarmini bolaga uzatdi.

Bolalar tezda yarimta somsani bo'lishib olishdi.

— Oting nima? — so'radi oq-sariqdan kelgani.

— Vadim. O'zingniki-chi?

— Meniki Alisher. O'rtog'im Ravshan…

— Endi rogatkangni bermaysanmi? — dedi Vadim qiziqsinib.

Alisher cho'ntagidan rogatka chiqarib yangi tanishiga uzatdi. Vadim dast o'rnidan turdi-da, mayda tosh topib rogatkaga joyladi.

— Hov anavi daraxtga qo'nib turgan chumchuqni urib tushira olasanmi? — dedi Ravshan Vadimga qiziqish bilan tikilib.

— Bilmasam, hozir ko'ramiz-da!..

Vadim mo'ljallab turib rogatka cho'zmasini mahkam tortdi. Mo'ljallayotib, o'ng ko'zini qisib oldi. Ikki bola hayrat bilan unga qarab turishardi.

Nihoyat, cho'zma qo'yib yuborildi. Tosh chumchuqqa tegib, jonivor yerga quladi.

— Qoyi-il!.. — baqirib yubordi ikki bola baravariga. — Zo'rsan-ku-a!?.. Qaerda o'rgangansan?..

— Hech qaerda, — javob qildi Vadim Alisherga rogatkasini qaytib berarkan.

— Menga qara, nega kiyimlaring yirtiq, kir? Uyingdagilar olib berishmayaptimi-a yangisini?

— Mening hech kimim yo'q, — dedi Vadim bosh egib. — Uyim ham yo'q.

— Ie, qaerda yotib yuribsan unda?

Vadim uy burchagini ko'rsatdi.

— Manavi yerda…

Bolalar tushunmay, yelka qisib olishdi.

— Istaysanmi, mana shu rogatkani senga sovg'a qilaman? — Alisher rogatkani qayta cho'ntagidan chiqarib, Vadimga uzatdi. — Ma, olaver, men yangisini yasab olaman!..

— Rahmat.

— Biz-chi, hov narigi domda turamiz. Hozir senga ovqat opchiqib beraman.

— E, kerakmas, o'zimniyam pulim bor.

Ravshan uning yelkasidan tutdi.

— Maylimi, har kuni oldingga kelib tursak?

— Mayli…

Bolalar, haqiqatan, Vadimning rogatkadan yaxshi otishiga tan berishgandi. To uzoqlashib ketgunlarigacha ham, tez-tez orqalariga o'girilib, unga qo'l siltab borishdi…

* * *

Ertasiga Vadimning kuni tug'di. Pullar kepkasiga sig'may ketdi. Kechki payt xursand bo'lib pullarini qo'yniga joylayotgandi, baland bo'yli, boshi kal bir erkak sekin kelib uning yelkasidan tutdi.

— Qalaysan, bolakay? — muloyimlik bilan so'radi u. — Tilanchilik qilayapsanmi?

Vadim javob berish o'rniga aybdorona bosh egdi.

— Mayli, qo'rqma, — dedi erkak. — Ota-onang bormi?

— Yo'q.

— Uying-chi?

— Yo'q.

— Shunaqa degin? Men bilan ketishni istamaysanmi?

— Qaerga? — Vadim keskin boshini ko'tarib begona erkakka boqdi.

— Menikiga-da, qaerga bo'lardi!?. Agar yaxshi bola bo'lib aytganimni qilsang, zo'r odam bo'lib ketasan.

— Bilmasam…

— Bolakay, bu yerda o'tirib tilanchilik qilsang, bir kun kelib o'g'ri bolalar boringni shilib olishadi. Juda epchil, aqlli bolaga o'xshaysan. Yur, menikida seni hech kim xafa qilmaydi!..

Nima ham qilardi? Vadim itoatkorona erkakning ortidan ergashdi.

— Meni ismim Samad. — yo'l-yo'lakay o'zini tanishtirdi erkak. — Seniki-chi?

— Vadim.

— Juda yaxshi, Vadim. Hov anavi mashinani ko'rayapsanmi?

Vadim yo'l chetidagi oq «Mersedes»ga qo'rqa-pisa qarab qo'ydi.

— Ha.

— O'sha mening mashinam. Hozir shu mashinaga o'tirib menikiga boramiz…

***

Mashina Toshkentdan chiqib, ko'z ochib yumguncha atrofi tog'lar bilan o'ralgan qishloqsifat yerga yetib keldi. Samad aka hashamatli darvozalardan biri yonida mashinani to'xtatib tashqariga chiqdi.

— Qani, bolam, tushaqol endi!..

Vadim sekin mashinadan tushdi. Darvoza oldida turgan ikki barvasta yigit yugurib kelib mashina eshiklarini yopishdi-da, Samad akaning buyrug'ini kuta boshlashdi.

— Mana bu bolani ichkariga olib kirib qornini to'yg'azlaring! — dedi u yigitlardan biriga. — Men bir yerga borib kelaman. Kelgunimcha bola ichkarida bo'lsin!

— Xo'p bo'ladi, shef!..

Yigitlar Vadimni o'rtaga olib ichkariga boshlashdi.

— Qani, bolakay, yur-chi!..

Vadim hali bunaqangi chiroyli manzarani ko'rmagandi. Hovlining o'rtasida basseyn bor ekan. Basseyn to'la ko'm-ko'k suvni ko'rib ko'zlari chaqnab ketdi.

— Ha, og'ayni, — dedi yigitlardan biri Vadimning holatini payqab. — Cho'milging kelayaptimi? Oldin qorningni to'yg'az, keyin cho'milasan!..

Ichkari eshik oldida ham ikki yigit turardi. Ular Vadimni katta bir xonaga olib kirishdi-da, stol qarshisiga o'tqazib oldiga bir tovoq palov qo'yishdi. Bola ancha ochiqqan edi. Palovni ishtaha bilan yeb, ketidan piyoladagi qaynoq choyni simirdi…

— Yur, endi basseynda cho'milib olasan! — dedi yigit Vadimga. — Hademay amaking ham kep qoladi. U kishi kelguncha top-toza bo'lib turishing kerak…

Vadim ancha paytlardan beri suvga tushib cho'milmagandi. To'ygunicha suzdi. Bir soatlardan so'ng uni ichkariga olib kirib karavotga yotqizishdi…

***

— Ie, toy bola, uxlab turdingmi?..

Vadim endi ko'zini ochib o'rnidan turayotgandi. Tepasida o'sha o'zini olib kelgan Samad aka paydo bo'ldi.

— Qani, yur men bilan!

Samad aka uni qo'lidan yetaklab zalga olib o'tdi. U yerdagi yumshoq o'rindiqlardan birida yuzlari zahil, mo'ylovli, barvasta bir erkak o'tirardi.

— Amakingga salom qil! — dedi Samad aka Vadimning yelkasiga qoqib.

— Assalomu alaykum!..

— Samad, bu o'ris bolani qaerdan topib olding? — so'radi erkak Vadimni boshdan-oyoq ko'zdan kechirarkan.

— E, ko'chada tilanchilik qilib o'tirgan ekan. Qara, ko'zlarini chaqnashini ko'r, bundan zo'r snayper chiqadi, Xoliq!..

— Be, qayoqdagi yetimchalarni topib yurasan-da!.. Tashvishing kammidi nima balo?

— Vey, Xoliq, sen menga aql o'rgatma! — Samad aka jahli chiqib stolni bir mushtlab qo'ydi. — Nima qilayotganimni o'zim bilaman…

— E, bilganingni qil!.. Bo'pti, ishga o'taylik!..

Samad aka Vadimga bir qarab qo'ydi-da, tashqariga boshladi.

— Bor, tashqarini tomosha qilib tur! Men chaqirganda kirasan!..

Vadim indamasdan xonani tark etdi. Yo'lakka chiqishi bilan eshik ichkaridan tambalandi…

***

Samad aka nima ishlar bilan mashg'ulligini Vadim hali tushunmasdi. Lekin bilardiki, bu odam juda obro'li, badavlat. Shuning uchun ich-ichidan faxrlanar, shu odamdek boy bo'lishni orzu qilardi…

— Vadim, buyoqqa kir!.. — Mehmonni kuzatib qaytgach, buyurdi Samad aka. — Tez kel, bolakay!..

U yugurganicha amakisining ortidan yana zalga kirib bordi.

— Xo'-o'sh… Ie, qo'lingdagi nima? — Vadimning qo'lidagi rogatkani olib so'radi Samad aka. — Buni nima qilasan?

— Chumchuq otaman.

— Otishniyam bilasanmi hali? Yur-chi, bir menga otishingni ko'rsat-chi!..

Vadim kulimsiragancha hovliga chiqib kichkina tosh topdi va rogatka ichiga joyladi.

— Hov anavi musichani ko'rayapsanmi? — dedi Samad aka chinorga qo'nib turgan musichani ko'rsatib. — O'shani mo'ljalga ol! Agar urib tushirolsang, seni mukofotlayman…

Vadim beparvogina musichani mo'ljalga olib, cho'zmani bir tortib qo'yib yubordi. Musicha shu zahoti yerga qulab tushdi.

— Malades! — qarsak chalib yubordi Samad aka. — Qara-ya, Tolib, ko'rdingmi?

Darvoza yonida turgan qo'riqchi yigit unga javoban kulib qo'ydi.

— Sen zo'r mergan ekansan-ku-a!?. Sendan zo'r snayper chiqishi mumkin… Malades! Menga qara, ertadan boshlab hov amakingni ko'rdingmi? Bu Tolib amaking bo'ladi. O'sha seni otishga o'rgatadi. Karateniyam o'zlashtirishing lozim. Ha, bizning ish shunaqa… Agar aytganimizni qilib yursang, sen hech kimdan qo'rqmaydigan odam bo'lasan…

* * *

Ertangi kundan boshlab Vadimning hayotida o'zi umuman kutmagan sahifalar boshlandi. Tolib deganlari juda qattiqqo'l, sovuq muomalali yigit ekan. Vadimni birinchi kundanoq so'kish-urishish bilan qayta tarbiyalay boshladi. Avvaliga ular yarim chaqirimcha masofani to'xtovsiz yugurib o'tishdi. Bolakay umrida bunday uzoq chopmagandi. Yarim yo'ldayoq harsillab, oyoqlaridan darmon keta boshladi. Lekin Tolib uning orqasida yurib, to'xtayman deganda yelkasiga turtardi.

— Yugur, to'xtasang, itarib yuboraman!.. To'xtama dedim!.. Nimaga qizlarga o'xshab bo'shashasan?.. Xunasa!.. Bo'l tez!..

Bir amallab manzilga yetib kelishgach, shundoq ham charchab, bo'lganicha bo'lgan Vadimni basseynga itarib yubordi. Sal bo'lmasa, suv yutib tiqilayozdi.

— Suz, to'xtama, suz dedim!..

Bola bu barvasta yigitdan negadir qo'rqib qolgandi. Kuchi qolmaganiga qaramay, suvda uyoqdan-buyoqqa suza boshladi.

— Ha, shunday, shunday!.. Endi chalqanchasiga, chalqancha suz!..

Bu mashg'ulot ham yarim soatcha davom etdi. Sulayib qolgan Vadimni Tolibning o'zi suvdan tortib oldi va qirg'oqqa o'tqazdi.

— Yigit, bugunga yetar! — dedi u sovuq tirjayib. — Lekin keyingi gal bugungiga o'xshab bo'shashsang, bo'yningni uzaman, tushundingmi?

Vadim ohista bosh irg'ab qo'ydi.

— Bor, endi ovqatlan!.. Keyin yotib damingni ol!..

* * *

«Qochib ketsammikan? — ichkariga kirib karavotga yonboshlarkan, ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — Ertagayam shunday qiynasa, o'lib qolaman… «

Haqiqatan oyoqlari zirqirab og'rir, beli tarashadek qotib qolgandi…

Bolalik qilib, sekin tashqariga chiqdi. Tolib hamon darvoza oldida o'tirar, Samad aka hali kelmagandi.

— Tomorqa tarafda bir teshik ko'rgandim. — o'zicha shivirladi u. — Bilib o'tiribdimi… Tashqariga chiqib olsam, bo'ldi… Topisha olmaydi…

Vadim go'yoki o'ynamoqchidek sekin-sekin yurib tomorqa tarafga keta boshladi. Qosh qorayibroq qolgandi. Tolib unga e'tibor qilmadi…

Teshik kichikroq ekan-u, harqalay, bir amallab sig'sa bo'larkan…

Egilib ehtiyotkorlik bilan boshini suqdi…

— Obbo sen-ey!.. — Bu ovoz Tolibniki edi. U tizzalab o'tirgan Vadimni astagina ko'tarib turg'azdi. — Bu yerda nima qilayapsan, tirrancha!.. O' qochib ketmoqchimisan?

— Yo'-o'q, amaki, o'ynayotgandim. — javob qildi Vadim qaltirab. — O'ynagim kelgandi-da!..

— Bor, uxla!.. Sen mishiqiga aytgandim-ku!..

Bola boshini eggancha yana ortga qaytishga majbur bo'ldi. Shunda ham baribir qochib ketish fikridan qaytmadi…

* * *

Tolib Samad akaga aytgan shekilli, shu kuni kechqurun Vadimni sportzalga olib kirishdi. Bir chetga karavot o'rnatishdi.

— Sen bugundan e'tiboran mana shu yerda yashaysan. — dedi Samad aka qovog'ini uyib. — Tolib amakingning aytganidan chiqmaysan. Bilib qo'y, shakkoklik qilsang, seni o'zim jazolayman… Yaxshilab shug'ullan!.. Dangasalarni yoqtirmayman!..

Vadimga shu gaplar yetarli edi. Ertasi kundan boshlab yugurganda to'xtab qolmaslikka, iloji boricha Tolibdan turtki yemaslikka harakat qildi. Qo'lidan kelarkan. Kechagidek xorib qolmadi. Qaytib bemalol basseynda suza oldi ham. Bundan o'zi ham quvonib ketdi.

— Yur, endi sportzalga kirib picha shug'ullanamiz! — buyurdi Tolib.

U yerda sport anjomlari ko'p edi. Biroq Tolib ularning birontasiga ham tegmadi. Vadimni kiyinish xonasiga olib kirib, egniga oppoq yaktak-ishton kiydirdi. Beliga belbog' boyladi.

— Yur, sen bugundan boshlab karateni o'rganishing kerak, — dedi u bolani zalga boshlab. — Faqat yig'lab yuragimni siqmaysan… Bilasan-a meni?..

Vadim mamnun bosh irg'ab, yigitning ketidan ergashdi…

* * *

… Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Kuz ham deyarli yarimlab qoldi. Vadim sportga ancha moslashib, bo'sh vaqtlarida o'zi ham mustaqil shug'ullanadigan bo'ldi. Samad akaga, Tolibga mehri oshdi. Ayniqsa, Tolib bilan yaqin bo'lib ketishdi. Mashg'ulotlar paytida biror noto'g'ri harakat qilib qo'ysa, yigit uning boshiga tushirib qolardi. Lekin Vadim xafa bo'lmas, yerga qaragancha kulib qo'ya qolardi.

— Qani, bola, bir hunaringni ko'rsat-chi! — deb qoldi Samad aka to'satdan sportzalga kirib. Bu mahal ayni mashg'ulot qizigan edi. Vadim kulimsirab olgach, bir sakrab ikki oyog'ini ikki tomonga kergan holda polga o'tirdi. Bu karatechilar tilida «shpagat» deyilarkan.

— Malades, o'g'il bola! — quvonganidan qarsak chalib yubordi Samad aka. — Qolgani-chi?..

Vadim sekin Tolibga yaqin bordi-da, o'ng oyog'ini ko'tarib iyagigacha yetkazdi…

— Zo'r… Tolib, menga qara, bu bolani «Tir»ga ham tez-tez opkirib tur, ko'zi pishadi!.. Karateni yaxshi boshlabdi. Bo'sh kelma, snayper!.. Aytgancha, musichalarni otib turibsanmi?

— Yo'q. — dedi bosh egib Vadim. — Siz aytganingiz yo'q-ku!..

— Mana bu gaping juda aqlli gap bo'ldi. Ruxsatsiz bir ish qilishlarini yoqtirmayman… Mayli, kuniga bir marotaba musicha otib turishga ruxsat beraman…

* * *

… Oradan ikki yil o'tdi. Vadim o'n ikkiga qadam qo'ydi. Bo'yi o'sdi. Karateni, miltiqdan o'q otishni yaxshi o'rganib oldi.

— Buyoqqa kel, — bir kuni Samad aka uni oldiga chaqirib qo'liga yelim xaltada yangi kiyimlar tutqazdi. — Manavilarni kiyib chiq, ish bor!..

— Rahmat amaki! — quvonib ketgan Vadim o'rgatishganidek ikki qo'lini ko'ksiga qo'ydi.

— Barakalla, bor, ichkariga kirib kiyib ol!.. Tolib, menga Naynovni chaqirib kel!..

Naynov deganlari Samad akaning «o'ng qo'li» edi. Vadimni juda yaxshi ko'rardi. Bu dachaga onda-sonda kelishiga qaramay, har safar atayin Vadim uchun muzqaymoqlar olib kelar, xuddi o'z bolasidek erkalab qo'yardi…

Yarim soatcha vaqt o'tib bo'yi naq ikki metr keladigan, egniga tor jinsi shim-ko'ylak kiyib, ko'zlariga qop-qora ko'zoynak taqqan Naynov tirjaygancha kirib keldi.

— Seni anavi Xalilni qilmishidan xabaring bor-a? — so'radi Samad aka salom-alikdan so'ng.

— Ha, albatta, aka!.. Nimaydi?

— Men o'sha yaramasni yo'q qilishga qaror qildim.

— Kim tinchitadi, aka? Balki keragi yo'qdir-a?

— Nima?.. Jahlimni chiqarma, bola!.. Bir yildan beri do'konlari ishlab yotibdi. «Dolya»sini bergan emas. Qochib yurgan. Buyam yetmay, yaqinda ko'pchilik orasida meni rosa bo'ralab so'kkanmish. Ie, shu mishiqidan so'kish eshitib o'tirsam… Yo'qolsin, boshqalarga ibrat bo'ladi… Xullas, tinchitishga Sariqni yollaganman… Ja usta snayper-ku, bilasan!..

— Xo'p, aka, siz bir ish qilsangiz, o'ylab qilasiz!.. Menga nima xizmat, aka?..

— Sengami? — biroz o'ylab turib davom etdi Samad aka. — Deyarli xizmat yo'q… Vadimni o'sha yerga olib borasan. Ko'zi pishsin… Qanday otyapti, qaerda turib otyapti, hammasini ko'rsin!..

— Bir og'iz gapingiz, aka!.. Qachonga tayinladingiz?

— Bugun kechqurun soat sakkizlarda… Xalilni shahardan chiqaverishda bir supermarketi bor. Xuddi shu yerdan bugun sakkizda tashqariga chiqishi kerak… Menga shunday yetkazishdi…

— Bo'ldi, yest qilamiz!.. Boshqa xizmat yo'qmi?

— Hozircha shu… Bor, bolani mashinangda olib bor. Mabodo biror ishkal bo'lsa, tez menga xabar ber!..

Vadim Naynovga ergashgancha yarqiragan mashina tomon yurdi. U qaerga borayotganini, nima uchun borayotganini bilmasa-da, baribir xursand edi…

* * *

Naynov Samad aka aytganidek, Vadimni mashinasiga o'tqazib yo'lga tushdi. Yarim soatcha yo'l yurishgach, shahardan tashqariga chiqib ketishdi. Ochiq oynadan ko'ngilga yoquvchi havo ufurib turar, rayhon isiga o'xshash yoqimli bir hid odamning bahri dilini ochgulik edi…

Supermarket dalaga tutashib ketgan joyda ekan. Atrofda ko'p qavatli uylar bo'y ko'rsatib turibdi…

Kech kirib qolgani uchun bo'lsa kerak, supermarketdan xaridorlarning qadami deyarli uzilgan. Eshik qiya ochiq qoldirilibdi. Ro'paraga esa, yarqiragan «BMV» qo'yilgan…

Naynov bu yerda to'xtamay, ro'para uyning podyezdi yonida tormoz berdi. Va Vadimga buyurdi.

— Tush, yetib keldik!..

Bola sekin mashinadan tushdi. Kechki salqindanmi, tashqariga chiqishi bilan eti junjikib, egnidagi Samad aka yaqindagina olib bergan charm kurtkaning yoqasini ko'tarib oldi.

— Yur, endi tepaga chiqamiz! — dedi Naynov uning qo'lidan yetaklab. — Tomga chiqib olishimiz kerak hali!..

Vadim tomga Naynovdan ham oldinroq chiqib ketdi. Uning epchillik bilan narvondan ko'tarilganini ko'rgan Naynov miyig'ida kulib qo'ydi…

Tepada soch-soqoli o'siq, qirraburun bir erkak esnab o'tirardi. Uning qo'lidagi haybatli miltiqni ko'rgan Vadimning ko'zlari chaqnab ketdi…

— Vey, nimaga bu bolani yetaklab kelding? — Koyingan bo'ldi erkak.

— Samad aka aytdi. Otayotganingni ko'rishi kerak ekan. Ko'zi pishsin deb tayinladi aka!..

— Shunaqami?.. Ishtonini ho'l qilib qo'ymasmikan ishqilib?..

— Buyog'ini bilmadim… Xo'sh, soat necha bo'ldiykin o'zi?..

Naynov shoshib qo'l telefoni cho'ntagidan chiqardi-da, soatiga ko'z yugurtirdi.

— Ha-a, besh daqiqalar qopti… U yaramas kirib ketganini ko'rdingmi o'zi?.. Haqiqatan o'shaning o'zimi?..

— Ko'rmay so'qirmidim? — to'ng'illadi erkak. — Lapanglagancha kirib ketgandi… Chiqib qolar…

Oraga bir muddat sukunat cho'kdi. Vadim hamon miltiqdan ko'z uzolmasdi. Bir ushlab ko'rmoqchi bo'lardi-yu, begona erkakning g'azabidan qo'rqardi…

— Ana, chiqdi!.. — shivirladi erkak shosha-pisha qo'lidagi miltiqni o'qlab, teshikdan tashqariga chiqararkan. — Sen bolani nariroq olib tur!..

— Yo'q, — dedi Naynov tashqaridagi bir necha erkaklarni kuzatish asnosida. — bola hammasini ko'rishi kerak. Bu shefning buyrug'i…

Erkak indamadi…

Nihoyat tepki bosildi. Tashqarida qiy-chuv ko'tarildi. Vadim ham qarab turgandi. Badani qonga bo'yalgancha yerga qulagan odamni, atrofida baqir-chaqir qilgancha o'zini har yoqqa urganlarni ko'rdi. Oyoq-qo'li qaltirab, boshi aylanayotganini sezdi-yu, o'zini orqaga tashladi…

— Men senga nima degandim? — norozi to'ng'illab miltiqni sumkaga joylay boshladi erkak. — Hech zamonda yosh go'dakniyam bunaqangi joylarga olib keladimi?.. Shuni deb qo'lga tushsak…

— Hechqisi yo'q… Hechqisi yo'q… — Naynov o'zicha shivir-shivir qilib Vadimni asta ko'tarib oldi. — Qo'lga tushmaymiz… Bolakay, hoy bola, qo'rqib ketdingmi?.. Ie, erkak kishiyam qo'rqadimi?.. Qani, ko'zingni ochgin-chi!..

Vadim yig'lab yubordi.

— O'lib qoldi!.. O'lib qoldi!..

— Kim o'ldi? — asabiy ohangda so'radi Naynov. — Hech kim o'lgani yo'q. Senga shunday tuyulgandir… Qani, oyoqda tura olasanmi? Malades o'g'il bola!.. Xo'sh, og'ayni, endi ko'rinmasdan juftakni rostlashimiz kerak…

Uchchovlari orqama-orqa tomning narigi burchagiga borishdi. Miltiqli erkak arqon hozirlab qo'ygan ekan. Avval Vadimni pastga tushirishdi. Ketidan o'zlari ham sirg'anib tushishdi…

Bu taraf shovqindan xoli edi. Deyarli hech kim o'tmasdi…

Naynov Vadimni yetaklab uyni aylanib o'tdi-yu, ko'z ochib yumguncha mashinasi turgan yerga keldi. Miltiqli erkak esa, allaqachon taksiga o'tirib quyon bo'lgandi…

* * *

— Ie, toy bola, nega ranging oqarib ketibdi? — hovliga kirib kelishlari hamono kulib Vadimni bag'riga bosdi Samad aka. — Qo'rqib ketdingmi?

— Bittasi o'q tegib o'lib qoldi. — dedi Vadim hamon titrab. — Qonga bo'yalib ketdi hammayog'i.

— To'ppa-to'g'ri. Bundan qo'rqish kerak emas… Mana, o'zing musichani urib tushirganingdayam qonga bo'yalib o'lib qolganmidi?

Vadim sekin boshini qimirlatib qo'ydi.

— Xo'sh, o'shanda nega qo'rqib yig'lamading?

— U qush-ku!..

— Nima qipti qush bo'lsa? Baribir joni bor edi… Sen bir narsani uqib olgin, bolakay!.. O'sha musichayam g'irt tekinxo'r. Undaylardan sen bilan bizga hech bir naf yo'q. Shunday bo'lgandan keyin ularni yo'q qilish lozim… Haligi sen ko'rgan kimsayam o'sha musichaga o'xshab tekinxo'r edi… Uqdingmi?

— Ha.

— Barakalla!.. Endi yaxshilab quloq sol. Kelgusida sen ham xuddi boyagi o'zing ko'rgan amakiday killer bo'lishing kerak… Buning uchun hozirdanoq otishni o'rgan. Yaxshilab o'rgan. Qiziqasan-a otishga?

— Qiziqaman. — shivirladi Vadim.

— Keyin… Manavinaqangi shalviragan bo'lmagin. Shalviraganlar uzoq yashashmaydi… Tolib!..

— Ha, aka!.. — ostonada paydo bo'lgan Tolib qo'lini ko'ksiga qo'ydi.

— Bu bolani ertadan boshlab to'pponchadan otishga o'rgat!.. Ilgarigiday ahyon-ahyonda emas, kuniga mashq qilsin! Agar to'pponchadan nishonni aniq ursa, vintovkani ko'zini yumib ota oladigan bo'ladi…

— Bo'pti, aka, hozirdanoq boshlaymiz!..

Tolib chiqishga ruxsat olgach, Vadimni yetaklab oshxonaga yugurdi…

* * *

— Aka, ko'ngilsizlik!.. — erta tongda Tolib hovliga hovliqib kirib keldi.

— Nima bo'ldi yana? — derazadan boshini chiqarib qichqirdi Samad aka. — Buyoqqa kir tez!..

Tolib ichkariga kirdi-yu, eshikni ichidan tambaladi.

— Xo'sh, nima gap topib kelding?

— Siz nazorat qiladigan yerlarning yarmi qandaydir Sho'rtumshuq degan kimsaga o'tib ketibdi.

— Nima?.. Kim ekan u o'zi?.. Nimaga mening «tochka»larimga tegadi? Aniqlamadingmi?

— Aniqladim, aka!.. Ja kuchli odamlari bor ekan. Bitta ishongani yuqorida ishlarkan… E, bizning yigitlarni dabdala qilib urib tashlashdi yaramaslar… Aytishlaricha, endi u yaramas sizni yo'q qilish niyatida emish…

— Shunaqa degin?..

Samad aka boshini changallagancha deraza qarshisiga borib tashqariga qaradi. Hovlida o'n yettiga to'lib, mo'ylovlari sabza ura boshlagan, sport bilan betinim shug'ullangani sabab mushaklari turtib chiqqan Vadim astoydil tosh ko'tarib mashq qilardi.

— Zo'rdan zo'r chiqarmoqchi bo'lishibdi-da!.. Hm… Meni yo'q qilmoqchi emish, degin?.. — dedi Samad aka hamon Vadimni kuzatishda davom etarkan. — Yo'-o'q… Men ularga ko'rsatib qo'yaman!.. Toshkentda meni o'ldiradigani hali tug'ilganicha yo'q…

— Aka, men nima qilay?.. — ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib Samad akaga yaqin keldi Tolib.

— Senmi?.. Xo'-o'sh… Vadimni oldimga chaqir!..

Tolib derazadan boshini chiqarib Vadimni chaqirdi…

— Qani, o'g'lim, beri kel!.. — buyurdi Samad aka ostonada qo'l qovushtirib turgan Vadimga yuzlanib. — Miltiq otishlar qalay bo'layapti?

— Yaxshi. — dedi Vadim jilmayib.

— Shunday bo'lsin… Bilasanmi, sen bugundan boshlab boshqa ish qilasan!..

— Xo'p, siz nima desangiz shu-da!.. — Vadim itoatkorona bosh egdi.

— Juda yaxshi… Ha, seni tarbiyalab noto'g'ri qilmabman… Menga o'z o'g'limdanam sodiq xizmat qilayapsan… Mana, menga dushman bo'lganlarning nechtasini o'zing juda chiroyli qilib tinchitding… Sendan xursandman… Tolib!..

Samad aka kutilmaganda deraza qarshisida ularning suhbatini kuzatib turgan Tolibga yuzlandi.

— Labbay, aka!

— Shu… Vadimjonni o'sha yaramaslarga ayg'oqchi qilib qo'ysak qanday bo'larkin?..

— Tushunmadim…

— Nimani tushunmaysan?.. O'zing aytding-ku, meni o'ldirishmoqchi deb, to'g'rimi?

— H-ha… To'g'ri, aka!..

— Demak, killer yollashlari aniq, shundaymi?

— Bo'lishi mumkin.

— Biz Vadimni o'shalarning orasiga qo'shib qo'ysak-chi?

— Nimaga, aka? — Tolib hayron bo'lib Samad akaga qattiqroq tikildi.

— Ularning sirlarini bizga yetkazib turardi. Bu birinchidan. Ikkinchidan, Vadim juda yaxshi killer bo'ldi.Aniq bilamanki, agar o'sha Tolib uning zo'rligini bilib qolsa, albatta meni otish uchun jo'natadi…

Bu gapni eshitgan Vadimning rangi oqarib ketdi.

— M-men… Sizni?.. Yo'q… Men bunday ishni qilolmayman…

— Qo'rqma, o'g'lim, — kuldi Samad aka Vadimning yelkasiga qoqib. — hammasini rejaga qarab qilamiz… Avval sen o'sha dushmanlarimizning orasiga silliqqina kirib olishing kerak. Uyog'ini menga qo'yib ber!..

— Ota! — bu so'z og'zidan qanday chiqib ketganini Vadimning o'zi ham sezmay qoldi. Samad aka ham kutmagandi. To'lqinlanib ketdi…

— Yana bir marta qaytargin! — Samad akaning ovozi titrab chiqdi. — Qaytar qolgin!..

— Ota!..

— Rahmat, bolam!.. Men… Shon-shuhrat, pul deb umrimni o'tkazib yubordim. Mana, yoshim ham qirqdan o'tib ketibdi… Bola-chaqa qilish xayolimgayam kelmabdi. Qayoqdagi qanjiqlar bilan o'ralashib yuraveribman… Yaxshiki, seni asrab oldim. Tarbiyaladim. Shunisigayam shukr!.. Endi meni doim ota deb chaqirgin, xo'pmi, bolam?!.

— Xo'p bo'ladi, ota, men hech qachon yuzingizni yerga qaratmayman!..

— Rahmat!.. Endi quloq sol, biz seni o'sha Tolibning xizmatiga yuboramiz. Qiladigan ishing bitta. Ularning ichki sirlarini bizga yetkazib turish. Vaqtincha turur joyingni ham o'zgartirishingga to'g'ri keladi… Shunday qilginki, ichiga kirib olgin. Sendan umuman shubha qilmasin!.. Bilib qo'y, ular borishing bilan senga ishonib qo'yaverishmaydi. Shuning uchun to ishonchlarini qozonguncha qaltis harakat qilib qo'yma! Bu biroz vaqt talab qiladi…

— Sizdan uzoqlashib ketarkanman-da!.. — dedi Vadim qovog'ini uyib.

— Uzoqlashmaysan. Mening odamlarim seni doim kuzatib yurishadi. Yo'q, yo'q… To'xta, avval sen killer bo'lib yollanasan. Meni o'ldirish uchun.

— Ana shu narsa mening qo'limdan kelmaydi, ota! — Samad akaning so'zini bo'ldi Vadim.

— Oxirigacha eshitsang-chi!.. Killer bo'lib yollanganingdan keyin mana bunday ish tutasan… Xo'-o'sh… Biz senga maxsus patronlar tayyorlatib beramiz. Bo'sh patronlar… Odamni o'ldirmaydi. Qolaversa, ichiga qon rangidagi suyuqlik ham quyib qo'yamiz. Ko'ribsanki, meni otishing bilan yolg'ondan yiqilaman. Hammayog'im «qon»ga bo'yaladimi?.. Bo'yaladi… Qani, o'lmaganimni isbot qilishsin-chi!.. Sen shu zahoti quyon bo'lasan… Ha, endi, uyog'ini biznikilarga qo'yib beraver!.. Adabini berishadi… Sen bo'lsang, o'sha ablahning ishonchini qozonasan… Darrov ish taklif etadi…

— Qachongacha ishlayman ularga? — so'radi Vadim hamon nimalar bo'layotganiga aqli yetmay.

— Men urug'i bilan yo'q qilmagunimcha ishlaysan. Yo'q qilishim uchun sening menga yuborib turadigan axborotlaring ish berishi kerak, uqdingmi?

— Uqdim.

— Unda tayyorgarligingni ko'r!.. Tushdan keyin seni maxsus kishilar ularga killer sifatida tanishtirishadi…

Vadim yelka qisgancha xonani tark etdi. Samad aka u chiqib ketishi bilan Tolibni o'tirishga taklif etdi va eshikni ichkaridan tambaladi.

* * *

Ertasi kuni Vadim kelishilgan yerga yetib bordi. Bu yer shahar chetrog'ida bo'lib, Samad aka jo'natgan qop-qora ko'ylak kiygan, ko'zlariga ham qora ko'zoynaklar taqib olgan ikki yigit kimsasiz yo'l chetida Vadimni kutib olishdi. Vadim negadir ularni tanimadi. Picha xavfsiradi ham. Faqat Samad aka aytgan parol ularning og'zilaridan chiqqachgina, erkin nafas olib yigitlarning mashinasiga o'tirdi.

— Og'ayni, biz sizni hozir Sho'rtumshuqnikiga olib boramiz. Bizning vazifamiz sal xilvatroq yerda sizni kutish va biror xavf tug'ilsa, yordamga yetib borish… Uyog'ini o'zingiz gaplashib olaverasiz… Aytgancha, xizmat haqingizni aytdilarmi shef?

— Aytdi. — sovuqqonlik bilan javob qildi Vadim.

Mashina joyidan qo'zg'aldi. Vadim to manzilga yetguncha faqat bir narsa haqida bosh qotirdi.

«Ishqilib xitlanib qolishmasin-da!..»

* * *

Ular hech qancha yo'l yurishmadi. Ikki yoni bug'doyzorlardan iborat qishloqsifat yerga yetishgach, mashina tor ko'chalardan biriga burildi. Yuz metrlar narida ko'k darvoza ko'rindi. Haydovchi mashinani to'xtatib, Vadimga o'girildi.

— Buyog'iga piyoda boramiz. Sho'rtumshuq yoqtirmaydi…

Uchchovlari oldinma-ketin darvozaga yaqin kelishdi. Qo'riqchi yigit ichkariga qo'ng'iroq qilib Sho'rtumshuqni ogoh etgach, darvozani qiya ochib qo'lini ko'ksiga qo'ydi.

— Marhamat, boss kutyapti!..

Vadim bunday shohonalarga o'rganib ketgani uchunmi, hovliga marmar yotqizilgani ham, o'rtadagi favvoraga ham e'tibor bermadi. Tez-tez yurib, ichkariga kirdi. Yigitlar tashqarida qolishdi…

Sho'rtumshuq bo'ydor, yuzlari zaxil, nigohlari o'tkir, ellik yoshlardagi erkak edi. U to'rdagi yumshoq o'rindiqda yastanib o'tirgan ko'yi ostonada paydo bo'lgan Vadimga qo'li bilan ishora qildi.

— Buyoqqa o'tir-chi, yigit!..

Vadim itoatkorona ko'rsatilgan yerga o'tirdi.

— Xo'sh, ishlaring qanday? — so'radi Sho'rtumshuq sovuqqonlik bilan.

— O'mon emas. Nolimayman.

— Shunaqami?.. Zo'rsan-ku!.. Xo'sh, shu kungacha nechta yaramasni tinchitgansan?

— Men sanashni yomon ko'raman. — dedi Vadim xotirjamlik bilan. — Barakasini uchirib nima qilaman?..

Sho'rtumshuq kulib yubordi.

— Obbo sen-ey, yosh bo'lsang ham ayyor ekansan… Bu odating menga ma'qul… Undan keyin… Qanday yo'l tutasan odam o'ldirish uchun?

— Bu mening sirim…

— Nahotki?.. Qani, siringni menga ayt!..

— Aka, keling, maqsadga o'ta qolaylik!..

— Shunaqami?.. Yaxshi… Xullas, menga bir odamni o'ldirib berishing kerak… Umuman… Uni odam deyishgayam tilim bormaydi… Odamxo'r desam to'g'riroq bo'ladi…

«Obbo haromxo'r-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — O'zining qasavasini otamga ag'darishini… Hali qarab tur, kuningni ko'rsataman…»

Lekin xayolidan o'tgan gaplarni sezdirib qo'ymaslik uchun kulimsirab turaverdi.

— Gap yo'q… Menga o'shaning suratini berasiz. «Ish» payti va joyini o'zingiz belgilayvering!..

Sho'rtumshuq o'rnidan turib stol qarshisiga bordi-da, tortmadan Samad akaning suratini chiqardi.

— Mana, o'sha nusxa!.. Xuddi shuni tinchitasan!..

— Qancha berasiz? — suratni qo'liga olib bir qarab olgan bo'ldi-yu, so'radi Vadim.

— O'n ming ko'kida olasan.

— Yarmini oldindan berasiz.

— Xo'p, buyog'idan xavotir olma!.. Ma, o'sha so'ragan yarming!..

Sho'rtumshuq cho'ntagidan dollar chiqarib tez-tez elliktasini sanadi-da, Vadimga uzatdi.

— Odamlarim sening har bir bosgan qadamingni kuzatib yurishadi. Tag'in…

— Unaqa odatim yo'q. — dedi Vadim Sho'rtumshuqning ko'zlariga tik boqib. — Men topgan nonimni halollab yeyman.

— Ma'qul… Unda eshit… Buning ismi Samad… Juda xavfli odam. Chilonzor tomonda supermarketi bor. O'sha yerga tez-tez borib turadi… Ishni xuddi o'sha yerda bajarasan… Qolganini yigitlar tushuntirishadi…

— Ketaversam bo'ladimi?..

— Omon bo'l, yigit!..

Vadim sira o'zini yo'qotmay, tashqariga chiqdi. Uni olib kelgan yigitlar hamon hovlining bir chetida kutib o'tirishgan ekan. Vadimni ko'rishlari bilan dast o'rinlaridan turib darvoza tomon yo'l olishdi…

* * *

Vadimni Samad akanikiga emas, oldindan tayyorlab qo'yilgan kvartiraga olib borishdi. Bundan buyon u xuddi shu kvartirada kun kechirishi lozim edi.

— Biz sizni doim qo'riqlab, kuzatib yurarkanmiz. — dedi hamrohlik qilgan yigitlardan biri. — Samad aka juda qattiq tayinlaganlar.

— Bo'pti. — ichkariga kirgach, o'zini o'rindiqqa tashlarkan, javob qildi Vadim. — Kelinglar, tanishib qo'yaylik unda!..

Bo'yi pastroq, qirraburun yigit unga qo'l cho'zdi.

— Ahmadman.

— Mening ismim Qo'ldosh. — ikkinchi yigit ham Vadimga yaqin keldi. U baland bo'yli, o'siq sochlarini xuddi ruslarnikiga o'xshatib orqaga tashlagan-u, rezina bilan boylab olgandi.

— Mana, tanishdik, — dedi Vadim ikkovlarining ham yelkalariga qo'l tashlab. — Bemalol kuzataverishlaring mumkin… Lekin… Men otam bilan qanday bog'lansam bo'larkin-a?..

— Mana, siz uchun maxsus telefon berib yubordilar u kishi. — cho'ntagidan telefon chiqarib Vadimga uzatdi Ahmad. — Mana shu telefondan hoziroq qo'ng'iroq qilarkansiz…

— Zo'r bo'ldi… Buni hozir yest qilamiz…

— Bo'lmasa, biz tashqarilarni aylanib yuramiz. Biror gap bo'lsa, yo nimadir kerak bo'lib qolsa, mana, telefonim, qo'ng'iroq qiling!.. Ko'chaga chiqmoqchi bo'lsangiz ham ogohlantirishni unutmang!.. Yo'qsa, biz otangizdan baloga qolamiz-a!..

* * *

Vadim yigitlar chiqib ketishlari hamono, zarur raqamlarni terdi.

— Allo, ota, bu menman! — dedi go'shakdan Samad akaning ovozi eshitilishi bilan hovliqib.

— Bilaman, ota o'g'il, senligingni bilaman! — kuldi Samad aka. — Xo'sh, kelishuv qanday bo'ldi?

— Sizni ertaga soat kechki sakkizda supermarketingizdan chiqayotganingizda tinchitishim kerak ekan…

— Shunaqami?.. Demak, bir kunlik umrimiz qolibdi-da-a, toy bola! — xoxolab kulib yubordi Samad aka. — Obbo sho'rtumshuq-ey!.. Aytgancha…

Samad aka birdan jiddiy tortdi.

— Bugun kechasi senga bo'sh patronlarni yetkazishadi… Keyin… Shubhalanmasliklari uchun telefon raqamingniyam berib qo'yaver ularga. Hech qo'rqinchli joyi yo'q…

— Ota, — dedi Vadim sal ovozini pasaytirib. — Negadir yuragim g'ash-da!..

— E, xotirjam bo'l!.. Hammasi yaxshi bo'ladi!..

* * *

Vadim telefonni bir chetga qo'ygach, sekin derazadan tashqariga qaradi. Tabiat qish yaqinlashib kelayotganidan xabar berishga oshiqar, daraxtlar allaqachon yalang'ochlanib bo'lgandi. Oynadan yuzlarga urilayotgan muzdek shabada ham yozdagi kabi jonga huzur bag'ishlamas, aksincha, yoqimsiz hislarni uyg'otardi…

Shu tobda yana telefon jiringladi. Vadim yugurib borib telefonni qo'liga oldi.

— Allo!

Birpaslik sukutdan so'ng qo'riqchi yigitlardan birining tovushi eshitildi.

— Bilasizmi, Sho'rtumshuq siz bilan qaytadan gaplashib olmoqchi ekan. — dedi u g'amgin ohangda.

Vadim hayron bo'ldi.

— Biz axir… Hammasini gaplashgandik-ku!..

— Bilmadim… Yangi rejalar chiqib qoldi deyapti.

— Xo'sh, qaerda uchrashmoqchi ekan?

— Sizni olib boramiz uyiga. Pastda mashina kutyapti…

Vadim shoshilmadi. Shosha-pisha Samad akaning raqamlarini terdi.

— Ha, nima deysan? — so'radi Samad aka og'ir xo'rsinib.

— Anavi Sho'rtumshuq yana oldiga chaqiryapti ekan… Nima qilay?

— Nima ishi bor ekan?

— Yangi rejalar chiqib qolganmish.

— Shunaqa degin?..

Samad aka bir muddat jimib qoldi.

— Mayli, bor, lekin ehtiyot bo'lgin!.. Qaytganingdan keyin tez menga qo'ng'iroq qil!..

— Xo'p bo'ladi…

Vadim apil-tapil ustiga kurtkasini tashladi. Har ehtimolga qarshi kissasiga to'pponcha joylab oldi…

* * *

— Ha-a, keldingmi, killer bola? — Sho'rtumshuq ilgarigiday sovuq tirjayib Vadimning yelkasidan ushlagancha divanga o'tqazdi.

Vadim uning ko'zlariga tik boqib aytmoqchi bo'lgan gapini kutardi. Sho'rtumshuq uzoq kutdirmadi. Maqsadga o'tib qo'ya qoldi.

— Bilasanmi, — shoshilmasdan gap boshladi u. — Odam o'ldirish degani hazilakam ish emas… Nima qilaylik? Shundan boshqa ilojimiz yo'q… Bo'pti, ochig'ini ayta qolay senga… Men hayotda ko'p qoqilganman. Ko'p marta chuv tushirib ketishgan… Shularni o'yla-ab turib bir qarorga keldim.

— Qani, eshitaylik-chi! — dedi Vadim tobora qiziqishi ortib.

— Men senga ishonmayman.

— Nima?.. Sabab?..

— Aytdim-ku, ko'p aldanganman deb!.. Shuning uchun sen asosiy ishga o'tishingdan avval miltig'ingni, ichidagi patronlarni shaxsan o'zim tekshirib ko'raman. Undan keyin… O'sha payt o'zim turib hammasini kuzataman… Shunday qilsak, adolatga yaqinroq bo'ladi. Nima deysan?

Bu gapni eshitgan Vadimning ichi muzlab ketdi. Axir… Bo'sh patronlar nima bo'ladi?.. Hammasini payqasa, aldanganini bilsa…

— Siz nima desangiz shu-da, aka! — dedi o'zini qo'lga olib Vadim. — Menga baribir.

— Juda yaxshi. Shuni aytish uchun chaqirgandim… Endi borib tayyorgarligingni ko'raver!..

Vadim bu uydan qanday chiqib, qanday kvartirasiga yetib kelganini bilmay qoldi. Ichkariga kira solib telefonga yopishdi…

— Ota, — dedi Samad akaning tovushini eshitgani hamono. — Ish pachava bo'ladiganga o'xshaydi.

— Nega?

— Sho'rtumshuq patronlarni tekshirib ko'rarkan. Keyin… O'sha yerda turib kuzatarkan…

— Shunaqa dedimi? — og'ir uf tortdi Samad aka. — Obbo tulki-ey!.. Hm-m… Endi nima qilish kerak-a?.. To'xta-chi… Xo'-o'sh… Ha, bilasanmi, men patronlarning ichiga me'yoridan kam porox soldirib tayyorlataman.

— Axir… Siz o'lib qolasiz-ku!..

— Xavotirlanma!.. O'ldirmaydi. Bemalol otaver!.. Biz Sho'rtumshuqning kunini ko'rsatamiz…

— Baribir bu juda xavfli-da, — dedi Vadim xavotiri battar oshib.

— E, sen parvo qilma dedim-ku!.. Bahonada bu usulniyam o'rganib olasan. Porox me'yordan ancha kam solinsa hech qachon odamni o'ldirmaydi… Ha endi picha jonimiz og'risa hech narsa qilmaydi… Bo'pti, hozir yetib kel, o'zing ham qarab turasan qanday tayyorlashlarini. Bo'l tez, vaqt ziq!..

Vadim yana kiyinib tashqariga otildi. Yuragi esa baribir g'ash tortib qoldi…

* * *

Samad akaning shahar tashqarisida ham uyi bor edi. Vadimni o'sha yerga olib bordi.

Uy aylana shaklida qurilgan. Yerto'lasi ham xuddi shunaqa. Lekin ichkariga kirgan odam buni sira yerto'la degisi kelmaydi. Devorlarga o'yib solingan naqshlar shohona qasrlarni eslatib yuboradi. Polga gilamni ayamasdan to'shab tashlashibdi…

Vadim bu yerga bir marta kelgandi xolos. Shunda ham hovlidan qaytgan. Yerto'laga kirdi-yu, hayratdan yoqa ushladi. Ichkaridagi jannatmakonni eslatib yuboruvchi manzarani ko'rib lol qoldi. Lekin bir narsaga tushunmasdi. Nega Samad aka uni ilgari bu yerto'laga olib kirmagan? O' biror siri bormikan?

— Qani, buyoqqa yur, — dedi Samad aka Vadimning yelkasiga qoqib. — Harqalay ishonchimni, mehrimni qozonding. Endi bemalol mening sirlarimdan voqif bo'lishing mumkin…

Ular aylanib borib yerto'la oxiridagi kichkinagina xonaga kirishdi. Bu yerga uch-to'rtta stanoklar o'rnatilgan ekan. Ulardan birining tepasida yoshi oltmishlarga borgan, ancha munkayib qolgan bir erkak o'tirar, oldidagi stolga bir necha xil patronlar sochib tashlangandi.

«Ha, gap buyoqda ekan-da! — ko'nglidan o'tkazdi Vadim qariyaga sinchkovlik bilan ko'z tashlab. — Shuning uchun ham meni bu yerga yaqinlashtirmas ekan… Demak… Bu yerto'lada qurol yasaladi… O' boshqa ishlar ham qilinadimi?..»

— Sen manavi patronlarni kuzatib tur, — dedi Samad aka. — Mana, ko'rdingmi, nomigagina porox solinyapti. Ichiga qizil rang quyiladi. Bu odamni o'ldirmaydi. Ammo hammayog'ini qonga bo'yalgan qilib ko'rsatishi aniq…

— Anavi nusxa tekshirayotib xitlanib qolmasmikan? — xavotir aralash so'radi Vadim. — Xudo ko'rsatmasin, patronning ichini och deb qolsa…

— Hali g'o'rsan-da, bola!.. Qaysi ahmoq patronning ichini ochadi. E, ochgandan keyin bu patron bir tiyinga qimmat bo'ladi-ku!..

— Baribir… Sizning joningiz og'riydi, ota!.. Qaysi vijdon bilan men sizga qarata o'q uzaman?..

— Sen bu gaplarni qo'y! Meni xafa qilma!.. Bir narsani esingda tutginki, shaharda faqat biz xo'jayin bo'lishimiz kerak. Kechagina tuxumdan chiqqan churvaqalar bizga xavf solib tursa, qo'l qovushtirib o'tirmaymiz-ku!..

— To'g'ri, lekin… Boshqacharoq yo'li yo'qmikan?

— Gapni ko'paytirma, bilasan-ku, men ko'p gapirganlarni yoqtirmayman… Bunaqangi yuzsizlarni ayyorlik bilan yengish kerak… Hali vaqti kelib tushunvolasan… Qani, endi buyoqqa yur, senga yana nimalarnidir ko'rsataman!..

Vadim itoatkorona Samad akaning ortidan ergashdi. Ikkovlari oldinma-ketin yerto'la o'rtasiga borishdi. O'ng tarafda temir eshik ko'rindi. Samad aka cho'ntagidan kalit chiqarib eshikni ochdi. Ichkarida yana bir temir eshik bor ekan. U ham ochilgach, panjaraga ro'baro' bo'lishdi. Vadim hayron qolganidan bildirmasdan bosh chayqab qo'yardi…

— Kir, — dedi Samad aka Vadimni itarib. — Kirib chiroqni yoq, qo'rqma!..

Xona ichidan zax hidi kelardi. Vadim qorong'i xonaga kirib chiroqni yoqdi. Ajabo!.. Bir burchakda soqollari o'sib ketgan, ellikka borib-bormagan badbashara erkak kishanlangan holda o'tirar, negadir inqillar, a'zoyi badani qonga bo'yalgan, yuzlarida sog' joyning o'zi qolmagandi…

Vadim Samad akaga savol nazari bilan qaradi.

— Qo'yaver, — dedi Samad aka erkakni ko'rsatib. — Bu jazolanyapti. Kim mening ra'yimga qarshi ish tutsa, yo menga qasd qilmoqchi bo'lsa, mana shunday jazolanadi… Xudo xohlasa, o'sha Sho'rtumshuqniyam manavining yoniga opkelib o'tqazamiz!..

Shundan so'ng ular tashqariga chiqib ketishdi. Vadimning xayoliga Samad akaning bir gapi o'rnashib qolgandi:

«Kim menga qasd qilmoqchi bo'lsa, mana shunday jazolanadi…»

Nahotki, Samad aka Vadimga ham ishonmasa?.. Nahotki, shuncha paytdan beri ishonchini, mehrini qozona olmagan bo'lsa?.. Yo'q, qozongan. Bo'lmasa ishonib unga katta vazifalarni topshirib qo'ymasdi… Bular baribir bir-birlariga shubha bilan qarashadi. Ishlari shunaqa… Vadimning o'zi-chi?.. O'zi hatto anavi Tolibga ham gumon bilan qaraydi-ku!.. E, o'sha negadir shubhali-da!.. Kim bilsin? Balki noto'g'ri o'ylayotgandir…

Vadim tayyorlangan patronlar qo'liga tekkach, «ish»dan avval biroz nafas rostlash haqida buyruq oldi...

Davomi bor