Xtales.ru

Raqqosa 5(kamolov) copy

… Oradan olti oy o'tdi. Manzura konservatoriyada shaxsan Vohid Azlarovichning guruhida, uning qo'l ostida o'qishni boshladi. Olti oy deganda, Murod aytganidek, nafas mashqlarini ham o'zlashtirdi. Lekin ilgari o'zi sevgan qo'shiqlarni xirgoyi qilib yurganda, bu san'at turi shu qadar qiyinligi, murakkabligini bilmas ekan. Qo'shiqni har qanday odam ham ayta oladi deb o'ylarkan. Vokal bo'yicha dars ola boshlagach, qo'shiqchilik san'atining hech kimga ma'lum bo'lmagan sirli jihatlarini o'rgana boshlagachgina anglab yetdi. Kechalari mashq qildi, muallimlar bergan har bir topshiriqni ko'ngildagidek bajarishga urindi. Ba'zan jonidan to'yib shartta uyga ketib yuborgisi kelgan paytlar ham bo'ldi. Lekin shaytonga hay berdi. Maqsadiga xudo albatta yetkazishiga ishondi…

Umurtqa suyagi ham ancha bitib qolgandek edi. So'nggi bir oy ichida ikki yo uch marta xuruj qildi xolos. Shunda ham kechasi uyqusida bilmasdan ustidagi ko'rpani bir chetga itqitib tashlagan ekan. Ochiq derazadan kirgan muzdek shabada kesilgan yeriga kelib urildi va chimillab og'riy boshladi…

Umuman, salomatligi tobora yaxshi tarafga o'zgarayotganini sezmoqda. Nasib bo'lsa, bir yilda ko'rmagandek bo'lib ketishiga ishonmoqda…

Faqat bir muammo yuragini o'rtardi. Shu muammo xayolini chulg'adi deguncha o'zi sezmagan holda hayotdan to'ya boshlaganini his etadi. Botirning ba'zi gap-so'zlaridan kuyadi, Murodga nisbatan sovuqqon bo'lib qolganidan qiynaladi…

Mana, bir oy bo'ldi qishloqqa ketganiga. Ketayotib ham yuragiga bir parcha muz solib qo'ydi.

— Murod pixini yorgan firibgar, — degandi Botir ketayotib. — Seni «qiyomatli singlim» deganiga ishonib yuribsanmi? Ovsarmisan? U pul uchun hamma narsaga tayyor odam-ku! Hali ko'rasan, senga uylanib ham oladi. Ha, buni sezib turibman. Men oldingda bir tiyinga arzimay qolaman. Hozir ham ja arziyotganim yo'q.

— Ilgari rashk qiladigan odatingiz yo'g'idi-ku, — degandi o'shanda Manzura. — Qancha marta to'ylarda ko'rdingiz, raqs bahona qanday nomaqbul ishlar qiganimga guvoh ham bo'ldingiz. Miq etmagandingiz. Endi bo'lsa, jim yuribman, begona erkaklarga suzilmayapman, raqs tushmayapman. Sizni kutib vaqt o'tkazyapman. Nega rashk qilyapsiz? Murod akayam, Ro'zixon opayam ko'ngli toza odamlar. Bilib-bilmay tuhmat qilmang birovga! Ko'ngli toza bo'lmasa, meni mana shunaqangi katta o'qishlarga kiritib qo'ymasdi. Sudraklab to'yma-to'y olib yurmasdi, himoyasiga olmasdi. Uyimgacha ta'mirlatib, atrofimda parvona bo'lmasdi. Siz tuhmat qilmang u odamga!..

* * *

Manzura shularni o'ylagancha konservatoriya hovlisiga yaqinlashib kelarkan, Botirning muhabbatiga yuragida bir tutam shubha uyg'onganini his etgandek bo'lardi. Uning gap-so'zlarini o'zicha tahlil qilib ko'rar, Botirni boshqalarga taqqoslardi. Baribir o'sha shubha ustun kelaverardi…

Oxiri o'ylanaverishdan charchadi. Bir qo'l siltadi-yu, ichkariga kirdi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, hov narida Botir guruhdoshi Salomat bilan chaqchaqlashib turardi.

«Ie, — ko'nglidan o'tkazdi Manzura taqqa to'xtab. — Men bu odamni bir oydan beri kutib o'tiribman. Eshik tiq etsa yugurib borib Botir keldimikan degan umidda eshikni ochardim. U-chi? Ketmaganmidikan qishloqqa? Nega? Nima uchun Salomat bilan qiyshanglashyapti? Bu qiz o'qish boshidanoq menga dushman bo'lib qolganini bilardi-ku! Qayta-qayta o'ziga arz qilib gapirib bergandim-ku!.. Nega bunday qildi?..»

Shubhasiz ular ham Manzurani ko'rishdi. Botir biroz o'ng'aysizlangan ko'yi bosh qashiy-qashiy, Salomat bilan qo'l berib xayrlashdi-yu, negadir tashqariga chiqib ketdi.

Manzura uning so'nggi harakatlarini ko'rgandan beri go'yo haykal kabi turgan yerida tosh qotgandi. Lekin darrov o'zini o'nglab oldi. Alam aralash bir qo'l siltadi-yu, auditoriya tomonga qarab yurdi. Salomat o'ttiz-qirq qadamcha narida unga masxaraomuz tikilib turar, Manzurani boshdan-oyoq kuzatib sovuq jilmayib qo'yardi.

— Ha, hofizaxon, negadir kayfiyatlari yo'q? — piching aralash so'z qotib Manzuraning yo'lini to'sdi u. — Qayoqqa shoshilyaptilar? Yigitingizni olib qo'yibmanmi? Shunga siqilyapsizmi?

Kayfiyatingiz tushib ketdimi? Uf-f, nima qilay? Men shunaqa dilozor qizman!

— Yo'limni to'sma, — dedi iloji boricha o'zini bosishga urinib Manzura. — Niyating nima o'zi? Nega nuqul menga piching otaverasan? Arpangni xom o'rdimmi?..

— Vah, o'lib qolama-an, — ikki yondan hayron qaragancha o'tib ketayotgan talabalarga ko'z qisib kuldi Salomat. — Qishlaqiligingga borasan-da baribir! O'v, hofiza! Buyuk hofiza, men shaharlikman! Shaharda arpa ekilmaydi, bildingmi? Arpani-chi, hov qishlag'ingga borib o'raver xohlaganingcha! Bu yerni shahar deb qo'yibdi, shahar!

— Xo'p, men qishlaqiman, — dedi Manzura asabiy lab tishlab. — Sen nega asabimga o'ynayverasan? Ayt muddaoingni!

Salomat daf'atan jiddiy tortdi-da, atrofga alangladi. Yaqin orada hech kim ularga e'tibor bermayotganiga amin bo'lgach, Manzuraning bilagidan tortqiladi.

— Yur, hojatxonaga kiraylik, o'sha yerda gaplashamiz!

— Shu yerda gapiraver!

— Qo'rqyapsanmi? Quyon yurakmisan? Qo'rqma, yeb qo'ymayman! Tirik qolasan! Gaplarimni aytaman-u, surasan srazu!

Manzura ham uning qarshisida past ketgisi kelmasdi. Bilagiga yopishgan qo'lini bir siltab olib tashladi-da, oldinga tushdi.

— Bo'pti, yur, ko'ramiz!..

Hojatxonaga kirganlari hamono Salomat eshikni ichkaridan qulfladi-da, kutilmaganda Manzuraning tomog'iga chang soldi. Ilgarigi ahvoli bo'lsa, bu qizga so'zini berib qo'ymasdi. Lekin baribir umurtqasi nobopligi pand berdi.

Salomatga kuchi yetmasligini tushunib yetdi. Ammo sirini ham boy bermadi. Uning tomog'iga chang solgan qo'lini mahkam ushlagancha alamli shivirladi.

— Ha, nima? Shumi boring? Ayt, nima qip beray? Pul beraymi?

— Pulingni-chi, bir yeringga tiqvol, — dedi baland ovozda Salomat. — Bugundan keyin Azlarovichning konsertlariga men boraman, bildingmi? Agar yana oldiga tushib yo'rg'alaganingni ko'rsam, bo'g'ib o'ldiraman! Tushundingmi yo hozir bo'g'ib qo'ya qolaymi?..

— Senam o'sha konsertni bir joyingga tiqvol, — bo'sh kelmadi Manzura ham. — Ko'zim uchib turgani yo'q ja konsertma-konsert yuraman deb. Azlarovichning o'zi opketgandan keyin…

— Bormaysan! — tomog'ini qattiqroq qisdi Salomat. Manzura nafas yetishmaganidan xirillay boshladi. Yana sal qattiqroq qissa hushini yo'qotgudek darajada ko'zlari tinib ketayotganini his etdi. Salomat ham rangi o'zgarganini sezdi chog'i, darhol qo'lini tortib oldi. Va imi-jimida tashqariga yo'nalish asnosida ko'rsatkich barmog'ini Manzuraning peshonasiga tiradi-da, qulog'iga shivirladi:

— Bu gal konsertga men boraman. Yo'rg'alaganingni ko'rsam, o'ldiraman!..

* * *

Manzura azbaroyi asabiylashganidan kun qanday o'tganini ham go'yoki payqamadi. Har Salomatga ko'zi tushganda, yuragi alamga to'lar, kuchli nafrat ustun kela boshlardi. Shayton dast o'rnidan turib borib Salomatni yulib tashlashga undardi. Bu orada domla uni dam olish kuni bolalar uyida konsert borligidan yana ogoh etdi. Manzura aytay-aytay dedi-yu, negadir tili bora qolmadi. Xudoga soldi-yu, uyiga qaytdi.

Bir tarafdan esa Botirning qilig'i esiga tushib battar jig'ibiyron bo'lardi. Unga aldovlari, Salomat bilan turgandagi holati juda alam qilardi.

«Nega bunday qilyapti? — o'ylardi u. — Men nima yomonlik qildim unga? Boshida aytdim, rad etdim, bu yo'ldan qaytarishga urindim. Shuni deb balolarga yo'liqdim. U-chi? Yuzingda ko'zing demay, dushmanim bilan chaqchaqlashib turibdi. Men bilan salomlashmadiyam! Odam shunchalik ham yuzsiz, bezbet bo'ladimi?..»

Shu payt tashqari eshik bezovta taqillay boshladi. Manzura ilkis hushyor tortdi-yu, asta, ehtiyotkorlik bilan yo'lakka chiqib tashqariga quloq tutdi. Pod'yezdda sukunat hukm surardi.

«Botir keldi shekilli, — o'yladi u hamon qulog'ini ding qilib. — Kiritmayman pesni! O'liblar ketsin o'sha megajin bilan! Menga uning keragi yo'q!..»

Shunday o'ylar bilan ruhi tushib ortga qaytishga tutingandi, tashqarida tanish ovoz jarangladi.

— Manzura! Singiljonim, uydamisan?

«Voy, akam kelibdi-ku!..»

Manzura hovliqqancha borib eshikni ochdi.

Haqiqatan qarshisida qo'lida bir xalta mayda-chuydalar ko'targancha Murod kulib turardi.

— Uxlab qolganmiding deyman, singlim? — ichkariga kirib to'g'ri oshxonaga o'tdi-da, qo'lidagini stol ustiga qo'yib yana orqaga qaytdi Murod. — Nega ko'zlaring qizarib ketibdi. Qovoqlaring shishibdi. Tinchlikmi? Ie, nega yig'layapsan?..

Manzura to'lib turgandi.

Ortiq o'zini idora eta olmadi.

Murodning yelkasiga boshini qo'ydi-yu, yig'lab yubordi.

— E, bu ishing sira yopishmadi, jon singlim, — Murod uni erkalab, tinchlantirib zalga olib o'tdi va divanga o'tqazib, o'zi ham yoniga cho'kdi. — Kimsan konservatoriya talabasisan. Shunday baxtli inson ham yig'laydimi? Nima bo'ldi, singiljon? Ayt, faqat yig'lamay ayt! Bilasan-ku, sen yig'lasang, men qiynalib ketaman!

— Xo'p, yig'lamayman, — Manzura shosha-pisha ko'z yoshlarini qo'lidagi dastro'molchaga artdi-da, bosh egdi.

— Gapirmaysanmi? Kim xafa qildi?

— To'yib ketdim hammasidan, akajon, — baribir yig'lamsirab gap boshladi Manzura. — Nega men shunaqa tug'ilgan ekanman? Nuqul turtkilashadi, masxaralashadi, tahqirlashadi.

— Ie, kimning haddi sig'di seni tahqirlashga? — Murod beixtiyor o'rnidan turib ketdi va Manzuraning ikki yelkasidan tutdi. — Ayt, kim u maraz?..

— Bugun… Botirni ko'ruvdim. Ahmoq bo'lib kelishini kutib yuraveribman. U bo'lsa… Mening guruhimdagi Salomat degan qiz bilan hiringlashib turibdi bugun qarasam. Menga masxaraomuz qarab qo'ydi xolos. Bir tuki qilt etmadiyam. Hech bo'lmasa salomlashmadiyam! Axir, o'sha Salomat mening dushmanim. Domla nuqul meni xayriya konsertlarga opketavergani uchun ko'rishga ko'zi yo'q. O'sha yaramas ham bugun chetga olib o'tib bo'g'ib qoldi. Sal bo'lmasa o'ldirib qo'yayozdi. Jiddiy ogohlantirdi. Domlaga konsertga bormayman deb aytarmishman. Aytmasam, o'ldirarmish. Keyin… Botirni tortib olganini ko'z-ko'z qilib ustimdanam kuldi iflos.

— Hali shunaqami? — Murod qo'llarini Manzuraning yelkasidan tortib oldi-da, asabiy lab tishladi. — Ochig'i, ilgaritdan o'sha bilan uchrashib gaplashishingga qarshiydim. Senga aytmasdim xolos. Lekin seni deb yelib-yugurishini ko'rib fikrimdan qaytgandim. Rostdanam singlimni yaxshi ko'rarkan, kuyov bo'lsa shunchalik bo'lar-da, deb xursand bo'lovdim. Mana bu gapingdan keyin hamma gaplarimni qaytvoldim, Manzura. Endiyam o'sha it bilan gaplashishingga qarshiman. Mayli, sen indama, uni o'ylamayam, faqat o'qishingni o'yla. Botirniyam, o'sha senga dushmanlik qilib yurgan qizniyam o'zimga qo'yib ber. Azlarovichning guruhidan haydattirvoraman kerak bo'lsa… Voy, ifloslar-ey!..

— Menam Botirning avval aytgan gaplarini sizdan yashirardim, — dedi Manzura Murodning gapidan ko'ngli tog'dek ko'tarilib. — Nuqul sizga rashk qilaverardi. Ko'z ochishga qo'ymasdi. Nimaymish, siz faqat pul tufayli menga yaxshilik qilib yurganmishsiz. Sizning niyatingiz buzuqmish.

— Sen bilan bizni Olloh ko'rib turibdi, — dedi qattiq ranjiganini sir tuta olmay Murod. — Gapirayotgan gaplarimiz, o'ylagan o'ylarimizgayam Yaratganning o'zi nazar solib kuzatib turibdi. Men seni chin ko'ngildan yaxshi ko'rdim, singlim yo'g'idi, shu qiz menga singil bo'lar deb umidlandim. Xudoyimga shukr, adashmabman. Hozir… Ishonsang, qop-qop semirib yuraman yurgan yo'limdayam. Sen meni aka deb qabul qilganing uchun shunday xursandmanki, Xudoyim guvoh!..

Manzura shuncha payt muloqot qilib, birga yurib Murodning ko'zi yoshlanganini ko'rmagandi.

Hozirgi holatini ko'rib qo'rqib ketdi. Jonholatda Murodni quchoqlab oldi.

— Akajon, meni yupatib endi o'zingiz yig'laysizmi? — dedi titrab-qaqshab. — Bo'hton tarqatganlar, tuhmat qilganlarni yer yutadi, akajon! Menam siz bilan faxrlanaveraman, sizminan opajonimni o'ylayveraman. Ba'zida baxtimga ko'z tegib qolsa-ya, deb qo'rqib ham ketaman!.. Siz endi ham akam, ham otamsiz, akajon!..

— Rahmat, singlim, — Murod tez o'zini qo'lga olib asta ortga tislandi. — Bo'ldi, yig'lamaymiz. U ifloslar ko'z yoshlarimizga arzimaydi… Ie, asosiysi esdan chiqibdi-ku!

— Nima? — Manzura hayron bo'lib Murodga tikildi. — Nima esingizdan chiqibdi?

— Hozir ikkalamiz do'kon aylanishimiz kerak edi-ku!

— Do'kon? Nega, aka?

— Ie, o'zlariniyam eslarida yo'qmi deyman, xonim afandim? Yaxshima-as, yaxshima-a-as!

Manzura qo'rqib ketdi. Nimani unutganini sira topa qolmadi.

Yana Murodning o'zi vaziyatni yumshatdi.

— Ertaga opajoningning tug'ilgan kuni-ku! Esladingmi?

— Voy, men o'lib qo'ya qolay-y! — Manzura azbaroyi xijolat tortganidan ikki kafti bilan boshini changallab oldi. — Shunday sanani unutibmanmi?

— Mayli, — dedi kulib Murod. — Hozir do'kon aylanib arzirli sovg'a sotvolamiz. Keyin qishloqqa jo'naymiz. Qo'rqma, menikiga borasan, qishlog'ingga jo'natmayman o'lsam ham. Domlalarniyam ogohlantirib qo'yaman. Tug'ilgan kunni o'tkazamiz-u, yana ikkimiz shaharga qaytamiz. Xo'sh, ma'qulmi taklifim?

Manzura rosmanasiga to'lib borayotgandi. Murodning har bir chakana hazili vujud-vujudida singillik mehrini uyg'otgani sayin ko'zlari jiqqa yoshga ko'mila boshlagandi.

Ammo bu quvonch, shukronalik yoshlari edi.

Ro'zixon opasining tug'ilgan kuniga borib vujudidagi jami g'uborlar tarqagandek, juda yengil tortdi.

Opasi shunchalar kuchli mehr ko'rsatdiki, Manzura xijolatdan yerga kirgudek bo'lib borar, Murod esa bu xijolatpazlikni hazil-huzul bilan tarqatib yuborardi…

Ammo shaharga qaytgandan keyin ham yuragining bir chetidagi tuman tarqamadi. Botirni eslamaslikka, qo'l siltashga urinardi. Baxtga qarshi, saldan keyin ko'z oldida Botirning qiyofasi namoyon bo'laverardi.

Uning Salomat bilan chaqchaqlashib turgani, u tomonga hissizgina qarab qo'yib burilgancha ketib qolgani ko'nglini og'ritaverardi. Endi-endi muhabbatga oshno bo'la boshlagan qalbi to'kilib-to'kilib ketardi…

Darsda ham qanday o'tirganini idrok eta olmadi. Bilgani, Salomat darsda ko'rinmagani bo'ldi.

Akasi gaplashib guruhdan haydattiribdi shekilli.

Ammo bu ham Manzuraga taskin bermadi. Alam ko'ksini kemiraverdi.

Shunday xayollar bilan pod'yezga kirgan ham ediki, Botir devorga suyangancha turganini ko'rdi.

Uni ko'rib ko'ngli birdan yorishdi. Qalbining tubidagi o'sha tuman tarqay boshlaganini his etdi.

Lekin ko'ngil tubidagi og'riq qaysarlikni qo'ymadi. Bu og'riq shu qadar yoqimsiz kecha boshladiki, Manzura dod solishdan arang o'zini tiyib turardi.

Atayin salomlashmadi. Uyga kiritmoqchi emasdi. Biroq Botirni to'xtatib qolishga kuchi ham yetmasdi. Qolaversa, boshqa ko'ngli Botirning uy ichkarisiga kirishi uchun jon deb turardi.

Ikkovlari ham so'zsiz ichkariga kirishdi. Manzura go'yo yonida hech kim yo'qdek, sevimli ashulalaridan birini xirgoyi qilgancha oshxonaga o'tib gazga choy qo'ydi. Har kungi odati. Darsdan keladi-yu, qaynoq choy bilan bir dona shokolad yeydi…

— Indamay til tishlab o'tiraveramizmi? — nihoyat o'rtadagi jimlikni buzib so'radi Botir. — Arpangni xom o'rmagandim shekilli? Nega hech bo'lmasa, salom beray demaysan? Yo…

— Salom? — Manzura qo'lidagi shokolad bo'lagini stol ustiga qo'ydi-da, Botirga yuzlandi. — Sizgami? Kimsiz o'zi? Nega so'roqsiz bu uyga kirdingiz? Birov chaqirganmidi sizni?

— Qo'y-da endi, voy-bo'-o', — deya Botir gavdasini orqaga tashladi. — Murod akajoning ja yaxshi ustozlik qilyaptimi deyman-da-a? Ja mag'rur bo'p qoptilar?

— Akamga til tekkizmang, — dedi Manzura dast o'rnidan turib. — U mening akam, bildingizmi?!. Siz-chi? Hech kimmassiz? Ha, Salomatxoningiz bugun chaqirmadimi? Yo o'shaning oldidan keldingizmi? Maqtangingiz keldimi? Bilib qo'ying, menga farqi yo'q. Kim bilan gaplashyapsiz, chaqchaqlashyapsiz, menga bir pullik qizig'i yo'q. Endi iltimos, uyni bo'shatib qo'ying! Halizamon akam kep qoladi.

— O', shunaqami? Akajoningiz rashk ham qiladilarmi? Ja apoq-chapoq bo'p ketibsizlar-da unda-a?

— Sizga nima?

— Menam yerdan chiqqanim yo'g'idi. Shunchalik oyoqosti qilmasang bo'lardi.

— Kim kimni oyoqosti qildi? Siz emasmi oyoqosti qilgan? Uyalmay gapirishingizni qarang yana! Boring, keting! Asabimga tegyapsiz!

— Shunaqami? Tugadimi muhabbat? Qorlar yog'ib izlar bosildimi? Endi raqqosa xonimga hech kim kerak bo'lmay qoldimi? Ishlari bitib, eshaklari loydan o'tdimi?

— Mening eshagim yo'q. Og'zingizga qarab gapiring!

— Unda eshitvol, menam ja sen o'ylaganchalik anoyi, ovsarmasman. Hali ko'rasan, o'sha akajoning ishini bitirib, sendan foydalanib, joniga tekkan kuning bir tepib haydaydi. Unaqalar faqat pulingga oshna. Ko'zingni kattaroq och!

— Sizdaqalarning nasihatiga zormasman. Keta qoling tezroq! Odam shunchalik ham bezbet, sur bo'ladimi? Ket degandan keyin ketmaydimi?

— Ketaman. Shu ijara uyingda o'tiraman deb o'lib turganim yo'q. Bir gapni aytish uchun kelgandim aslida.

— Ayting-u, daf bo'ling!

— Akajoning kelsa, ayt, sening uyingni ta'mirlatganda ikkita molimni sotib berganman. O'sha mollarning pulini joyiga qo'ysin. Men duch kelganga pul beraveradigan boyvachcha emasman.

Botirning shuncha ta'nalari bir bo'ldi-yu, so'nggi gapi bir bo'ldi. Manzura miyasiga birov gurzi bilan tushirgan kabi qalqib ketdi. A'zoyi badani uvishgandek so'z uchun og'iz ocha olmay angraygancha Botirga qarab qoldi.

— Ha, nega menga tikilib qolding? — zardali ohangda so'radi Botir ketishga chog'lanib. — Hammayam pulni yaxshi ko'radi. Keyin-chi, mening ko'chada tushib qolgan pulim yo'q. Xullas, bugun kechqurun qo'ng'iroq qilsin-da, uchrashib pullarni qo'limga topshirsin.

— Topshirmasa-chi? — atayin gapni aylantirib so'radi Manzura. — Urasizmi akamni?

— Urish ham gap ekanmi? — dedi Botir og'zidan tupuk sachratib. — Jigini ezib qo'yaman.

— Unda tezroq ayta qolaman. Tag'in akajonim arzimagan besh-olti so'm pulni deb jigidan ayrilib o'tirmasin!

Botir ortiq bir so'z demadi.

Manzuraga bir muddat alam va nafrat aralash termilib turdi-da, ilkis burilib tashqariga yo'l oldi.

* * *

Minnat o'ti yomon kuydirarkan. Botirning qiliqlari, bugun aytgan gaplari hozirgidek alam qilmagandi. Birgina minnatli gapi ko'ksini teshib o'tay dedi.

Manzuraning vujudini yana yetimlik, yo'qsillik, xo'rlik alangasi chirmab oldi.

Boyagina Botirni ko'rganda, bilinar-bilinmas mehri tovlanganidan, kechirishga, ko'ngliga ozor yetkazganiga ham ko'z yumish payida ham bo'layozgandi. Afsuski, minnatli gapi qalbini parcha-parcha qildi. Yorug' dunyoga yo'qsil bo'lib kelganlariga pushaymonlar yedi.

Karavotiga ohista cho'karkan, o'pkasi to'lib ketdi. Lekin yig'lamadi. Lablarini qattiq tishlab bo'g'zidan otilib chiqishga shay turgan faryodni nari hayday oldi.

O'zini qo'lga oldi. Murodning so'nggi so'zlarini yodga oldi.

Botir kabilar bir tomchi ko'z yoshiga haqiqatan arzimasligini chuqurroq anglab yetdi.

* * *

Ertasi kuni ko'ngli ancha ravshan tortibdi. Tunda tiniqib uxlagani boismi, Botir bilan bo'lib o'tgan yoqimsiz suhbatni unutgandek bo'ldi.

Bugun ham Salomatning darsda ko'rinmagani yanada dalda berdi. Bir balodan qutulganiga shukr qildi. Bu Murodning ishi ekaniga amin bo'lib, yanada yayradi. Endi hech kim ta'qib etmasligiga ishona boshladi.

Kunduzi konservatoriyada yana kichik konsert uyushtirishgan ekan. Konsertda unga ham navbat berishdi. O'zi suygan qo'shiqlardan birini aytib bergandi, zaldagilar tik turgancha olqishlashdi. Azlarovich domla tashqariga chiqqandan keyin ham astoydil duo qilib yelkasiga qoqdi.

Bularning barchasi Manzuraga go'yo qanot bag'ishlagandi. Qo'yib berishsa, qishlog'iga uchib borib, dugonalariga baxtini, omadini ko'z-ko'z qilgisi kelib ketdi. Ammo bu hozircha orzuligicha qoladi. Murodning rejasiga amal qilishdan bo'lak chorasi yo'q. Akasi unga hech qachon yomonlikni ravo ko'rmaydi. U bir narsani mo'ljallagandirki, qishloqqa borishini ortga surgandir…

Manzura ana shunday yoqimli o'ylar, hislar og'ushida katta ko'chaga chiqdi-da, bekat tomon keta boshladi.

Ha, hoziroq uyga boradi-da, Murod akasiga qo'ng'iroq qiladi. Yutuqlarini aytib maqtanadi. Akasini xursand qiladi…

Yo'q, oldin Ro'zixon opasiga sim qoqadi. Miriqib gaplashadi. Undan keyin akasiga qo'ng'iroq qiladi.

Shu tobda qora «Jip» katta tezlikda keldi-da, Manzuraning yo'liga ko'ndalang bo'ldi. Xayolga berilib ketganidanmi, sal bo'lmasa, mashinaga o'zini urib olayozdi.

Mashinaning oynalari qoraytirilgandi. Shu sababli ichidagilarni ko'ra olmadi.

Hali chetroqqa o'tib ulgurmay, mashinaning old eshigi ochildi. Ketidan orqa eshik ochilib, ikki barzangi uni o'rab oldi.

— Oh, hofiza shumidi hali? — Manzuraga qarama-qarshi turgani masxarali tirjayish qilib, Manzuraga yeb qo'ygudek qarab sherigiga ko'z qisdi. — Ja ketvorgan ekan-ku-a? Hofizalarni bunchalik zo'r bo'ladi deb o'ylamovdim, Jamshid.

— Ha endi, bu zo'ridan ekan-da, — dedi sherigiga javoban boshqasi. — Qani, xonanda singlim, mashinaga o'zingiz chiqasizmi, yo ko'tarib o'tqazib qo'yaylikmi?

— Yo'ldan qochlaring, — dedi hozir xunuk bir hodisa yuz berishini ko'ngli sezib Manzura. — Mashinang o'zingga buyursin. Qochlaring! Hozir akamga qo'ng'iroq qilsam, dabdalangni chiqaradi.

— Ie, Jamshid, xonandamizning akasiyam borakan, — Manzurani barmog'i bilan ko'rsatib kulib yubordi qarshisidagi barzangi. — Senam qo'rqib ketdingmi?

— Ha-a, — dedi orqada turgani. — Akasiyam ja anaqalardan bo'lsa kerak-a? Bizni o'ldirib qo'yarmikan-a?..

Manzura boshqa so'z aytishga ulgurmadi. Barzangilar turta-turta uni mashinaning orqa o'rindig'iga o'tqazishdi…

Manzuraning qarshilik ko'rsatishlari ularga kor qilmasdi. Qancha tashqariga qarab javdiramasin, na bir tanish, na militsioner ko'rina qolardi. Baqirishga urinardi. Lekin qo'rquv yo'l bermasdi. Baqirsa, yonidagi devdek yigitlar yonidan pichoq chiqarib so'yib tashlaydigandek tuyilardi…

Manzura indamaslikka, oxirini kutishga ahd qildi. Xayolan bo'lsa-da, xudoga yolvorishdan to'xtamadi. Yaratgan albatta mushkulini oson qilishiga ishondi. Shu asnoda shaharga kelganlariga, san'at yo'liga kirganlariga umrida ilk bor pushaymon bo'ldi.

* * *

Mashina o'qdek uchib shahar ko'chalarini birma-bir ortda qoldirgancha Manzura umrida ko'rmagan bir joyga yetganda to'xtadi.

Atrofdagi uylarning deyarli hammasi hashamatli edi. Ularga qarab turib bu yerda oddiy odamlar yashamasligiga amin bo'ldi.

Barzangilar hoynahoy baqir-chaqir qilmagani uchun kuch ishlatishga urinishmadi chog'i, pastga tushgandan keyin ham qo'pollik qilishmadi. Boyagi masxarali gap-so'zlar ham to'xtadi. Uni ikkalasi o'rtaga olgan ko'yi uch qavat qilib qurilgan hovli ichkarisiga olib kirdi.

Ichkarida uzun yo'lak zohir edi. Yo'lak oxirigacha borishdi-da, barzangilardan biri o'ngdagi eshikni ohista chertdi. So'ngra eshikni ochib Manzuraga «kir» ishorasini qildi.

Manzura sira qo'rqmasdan, vahimaga tushmasdan ostona hatlab ichkariga kirdi.

Kattakon, aylanasiga divan-u, servantlar tizilgan xona to'rida esa…

Salomat o'tirardi.

Manzura unga ko'zi tushgani hamono hammasini tushundi. Beixtiyor «Alpomish» filmidagi kampirning bir gapi xayoliga keldi.

«Qasos qiyomatga qolmaydi»…

Ha, endi kech edi. Manzura qancha chiranmasin, ayuhannos solmasin, baribir bularning qo'lidan qutula olmaydi. Xudo yor bo'lsagina, mushkulini oson qilsagina, ozod bo'la oladi, ixtiyori o'ziga o'tadi. Hozir esa chidashga, bardosh qilishdan bo'lak iloj topa olmasdi. Yana bir narsaga ishonardiki, bu maqtanchoq qiz baribir unga ziyon yetkaza olmaydi.

— Xush keptilar, hofizaxon, — dedi barzangilar chiqib ketgach, Salomat unga yaqin kelib. — Ha, qo'rqib ketdilarmi? Ja botiriydilar-ku o'qishda! Burnilari osmon edi-ku-a?

— Nega meni bu yerga opkeltirding? — so'radi Manzura sir boy bermay. — Ishing bo'lsa, o'qishga borib aytsangam bo'lardi-ku! Yo meni shu yo'lminan sindirmoqchimisan? Adashasan. Meni xudodan boshqasi sindira olmaydi. Shu ishni qilib xatoga yo'l qo'yding, dugona. Ertaga…

— Dugona dema mani! — kutilmaganda baqirib yubordi Salomat. — Sendaqa qishlaqilar manga dugona bo'lomiydi! Burningni artlaring manga dugona bo'lguncha!..

Manzuraga xuddi shu gaplar juda alam qildi. Javob qaytarish, Salomatni tuzlab tashlash niyatida og'iz ochdi-yu, ulgurmadi.

Narigi burchakda yana bir eshik borligini ko'rmagan ekan.

O'sha eshik ohista ochilib, qarshisida Botir paydo bo'ldi.

* * *

Bunisi endi ortiqcha edi. Manzura Botirning yuzsizlarcha boshqa xonadan chiqib kelib, kerilgancha o'tirgan Salomatning qo'lidan o'pib qo'yishi alam qilib ketdi.

— Hali sen shunaqamiding? — dedi Manzura ehtiyotkorona ortga tislanib. Xayolan shunday yo'l bilan qochib qolishni mo'ljallagandi. — Iflosligingni o'qishimda ko'rgandim-ku! Kamlik qilganmidi? Iflos! Shu zaharli ilon mendan ortiq bo'ldimi? Puli ko'p ekanmi? He xudo olsin sendaqalarni!..

Manzura Botirga nafrat aralash tikilib turdi-da, tashqari eshikni ochish uchun qo'l uzatdi. Biroq qo'li havoda muallaq qoldi. Eshik zarb bilan ochildi-yu, xonaga ikki tanish basharali barzangi va yana bir notanish yigit kirdi.

— Sen mening buyruqlarimni ado etmaguncha hech qayoqqa ketmaysan! — o'tirgan yerida qichqirdi Salomat. — Mening yo'limga ko'ndalang bo'lganing uchun hozir raqs tushasan. Qip yalang'och raqs tushib, Botir akamning tizzasiga o'tirasan. U kishi mana bu pullarni…

Salomat kissasidan bir dasta qog'oz pul chiqardi-da, Botirga tutqazdi. — Mana shu pullarni jirkanch siynalaring ustidan sochadi. Bo'l tez! Abror, opkellaring bu qanjiqni buyoqqa!

Afsuski, barzangilar qimir etmadi.

Abror degani o'sha notanish yigit bo'lib chiqdi. U uzun bo'yli, sheriklari kabi sovuqqon emas, aksincha, istarali edi.

— Nega qaqqayib turibsanlar? — yanada balandroq ovozda qichqirdi Salomat. — Ammamning buzog'iga o'xshamay, opkel ro'paramga anavini!

— Biz unday qila olmaymiz, singil, — dedi Abror sheriklariga bir qarab qo'yib. — Yaxshisi, bu fikringizdan qayting! Oxiri yaxshi bo'lmaydi.

— Nima? — Salomat bu gaplardan so'ng dast o'rnidan turdi-da, Manzura tomon zipilladi. — Hozir o'zim oboraman buni!

Ammo Abror uning yo'liga ko'ndalang bo'ldi.

— Sizga yaxshilikcha aytdim, — dedi u Salomatga nafrat aralash boqib. — Biz-chi, sizgamas, dadajoningizga xizmat qilardik. Endi dadajoningizam tushini suvga aytsin. Bizga olti oydan beri maosh to'lamadi, bu birinchidan, manavinaqangi «ishkal» ishlaringiz ja ko'payib ketdi, biz bunga kelishmagandik, bu ikkinchidan, qarshingizdagi qizning akasi yaqin tanishim bo'ladi, u odamni juda hurmat qilaman, bu uchinchidan! Agar jahlimni chiqarsangiz, hov anavi nusxaga qo'shib sizniyam «xapa» qip qo'yishimiz mumkin. Shunday ekan, tushungan bo'lsangiz, sekin joyingizga o'tiring!..

Salomat o'ylaganlari bu qadar chappasiga ketishini xayoliga ham keltirmagandi.

Oldiniga alami kelib Abrorni, yonidagi barzangilarni tarsakilab yuborishni mo'ljalladi-yu, Abrorning so'nggi gaplari qo'rqishga majbur etdimi, boyvachchaning qizi bo'lsa-da, shu tobda ojizaligini tan ola boshladimi, ishqilib, miq etmay ortga qaytdi-da, boya Botir tirjayib chiqqan xonaga kirib ketdi va eshikni u tomondan atayin qarsillatib yopdi.

* * *

— Singlim, manavi sheriklarim xato qip qo'yishibdi, — Abror Manzuraga yuzlanib, muloyim ohangda so'z qotdi. — Anglashilmovchilik bo'pti-da! Agar bu qizning niyati yomonligini bilishganda, unday qilishmasdi. Kechirasizmi?

Manzura yalt etib Abrorga boqdi. Yigitning nigohlarida yovuzlikdan, yuzsizlikdan asar ham yo'q edi. Ko'zlari kulib turar, ikki yuzidan samimiylik ufurib turardi.

— Mayli, nimayam derdim, — Manzura atayin shoshilayotganini namoyish etish uchun bir necha marotaba deraza tarafga qarab oldi. — O'zi bugun shunaqangi ifloslarminan uchrashadigan kunim shekilli.

— Men… Sizni oborib qo'yaman moshinamda, — Abror yonidagilarga ma'noli qarab qo'ydi-da, ikki hatlab tashqari eshikni ochdi. — Botir degan anavi nusxa sizga qadrdon bo'lganakan deb eshituvdim, rostmi shu, singlim?

Ayni pallada Manzura Botir haqida gapirish tugul, o'ylashni ham istamayotgandi. Shuning uchun Abrorning savoliga bosh irg'ab qovoq uyish bilan javob bera qoldi.

— Shunaqa nomardlar ham bor-da, xafa bo'lmaysiz, — dedi Abror tashqariga chiqishgach yarqiragan «Neksiya»si orqa eshigini ocharkan. — Murod aka aytganicha borakan.

— Siz akamni qaerdan taniysiz? — so'radi Manzura mashinaga chiqib o'tirishga shoshilmay. — Yo…

— Buning tarixi uzun, — dedi Abror yelka qisib. — Men… U insonni juda hurmat qilaman.

— Tushunarli. Aytgancha… Botirni…

— Xotirjam bo'ling, men anavi ikkalasiga tayinladim. Esini kiritib qo'yishadi. Sizni xafa qilgani uchun ulushini oladi.

— O'ldirishadimi? — qo'rquv aralash so'radi Manzura ko'zlari katta-katta ochilib. — Unday qilishmasin! Axir…

— Qiziqmisiz? — kuldi Abror. — Odam o'ldirish oson ishmas. Shunchaki… Och biqiniga bir-ikki tushirishsa, ko'zi ochiladi. Keyingi safar nomardlik qilmaydigan bo'ladi.

* * *

Abror uni pod'yezdining ro'parasigacha olib kelib qo'ydi. Lekin negadir ortga qaytishga shoshilmayotganini pastga tushib tamaki tutata boshlagandan keyin sezgandek bo'ldi. Manzuraning o'zi ham shuncha yaxshilik qilgan odamni qoldirib uyiga yo'l olishga istihola qilardi. Shu sababli birpas yer chizgancha tek turib qoldi. Abror esa qo'lidagini bir chetga irg'itdi-yu, hayron bo'lib Manzuraga tikildi.

— Uyingiz shu yerdamidi o'zi? — so'radi u yuqori qavatlarga bir-bir qarab olib. — Yo adashdikmikan?

— Yo'q, shu yerda, — dedi Manzura yanada xijolati ortib. — Ana, uchinchi qavatdagi deraza bizniki. Men… Uyga taklif qilay desam, o'zimdan boshqa hech kim yo'g'idi. Haligi…

— E, singlim, siz sira xijolat bo'lmang, — kulib yubordi Abror. — Shunga kirib ketolmay o'tirganmidingiz? Men shu yerda qolaman. Ochig'i… Buni sizga ayta olmayman. Kiring, kiravering uyingizga! Menga e'tibor qilmang!

Manzuraning yanada hayrati ortdi. Oxiri shunday bo'ldiki, Abrorni shu atrofda sevgan qizi bor-u, o'shani poylayotganga yo'ydi va muloyimgina xayrlashib pod'yezd ichkarisiga yo'l oldi.

* * *

Abrorning so'nggi gapi haqiqatan Manzurani shubhaga solib qo'ygandi.

Gapida qandaydir sirlar yashirin ekaniga borgan sari amin bo'la boshladi.

O'yladi, fikrladi, bu jumboqning yechimini topishga urindi. Qo'lidan kelmadi. Sira aqli yeta qolmadi.

Oxiri Murodga qo'ng'iroq qilishga majbur bo'ldi.

— Abror degan yigitni tanirmidingiz, aka? — so'radi Manzura qo'rqibroq. — Uzun bo'yli, yangi «Neksiya»si borakan.

Murod uning gapidan ovoz chiqargan holda kulib qo'ydi-da, darhol jiddiylashdi.

— Albatta taniyman, — dedi Murod jiddiylik bilan. — U yigit men bilan to'ylarga yuradi. Qo'riqchilik qiladi. Juda ajoyib yigit.

— U hozir domimizning yonida turibdi. Negadir keta qolmayapti. Men qo'rqyapman.

— Qo'rqma, bugungi bo'lib o'tgan ishlarni eshitdim. O'sha Salomatingam, Botirlariyam jonimga tegdi. Abrorning o'rtoqlariga tayinladim. Sal popugini pasaytirib qo'yishadi. Botirni shahardan haydab solishlarini tayinladim.

— Abror-chi? U nega ketmayapti?

— Abror seni qo'riqlaydi ehtiyot shart. Bilib bo'lmaydi, singiljonim. Bu yerlarni shahar deb qo'yibdi. Salomating kutilmaganda begona erkaklarni peshonangga yetaklab kelishdanam toymaydi. O'qishdan haydattirvorganim alam qilib yuribdi unga. Shuning uchun qo'rqmasdan o'tiraver. Abror seni qo'riqlasa, haqini oladi.

— Yana mening dastimdan ortiqcha pul sarflaysizmi? Keragi yo'q qo'riqlashning! Ketaversin, aka!

— Qaysarlik qilma! Men bilmasam shunday yo'l tutmasdim. Dam ol, darslaring bo'lsa, tayyorlan! Aytgancha, bir-ikki soatdan keyin o'zim ham borib qolaman! Gap bor!

— Xo'p, akajon, salomat bo'ling!

* * *

Manzura gaplashib bo'lgach, telefonini stol ustiga qo'ydi-da, asta balkonga chiqdi.

Ko'rib qolmasligi uchun juda sekin derazaga yaqinlashib pastga qaradi. Abrorning mashinasi hanuz joyida turibdi ekan. O'zi esa pod'yezd qarshisidagi o'rindiqqa o'tirib olgancha telefon kovlashtirish bilan band edi.

— Sho'rlik yigit, — dedi ovoz chiqarib o'ziga o'zi. — Juda samimiy yigit ekan. Ko'chada o'tiradi-da endi! Ichkariga chaqiray desam, qo'rqsam! Seni deb kelgan, shuncha yaxshilik qilgan odamni ko'chada qo'yish noqulay-ku, axir! Ammo shunday qilishga majburman. Odamlar hozir oyoqmas, tili bilan yuradigan bo'lib ketishgan. Xudo ko'rsatmasin, qo'ni-qo'shnilar ko'rib har xil xayolga borishsa, sharmanda bo'laman. Mayli, akam bilan kelishishibdimi, o'zlari biladi!..

Manzura ortga qaytdi-da, gazga choy qo'ydi. Aslida tomog'idan qil o'tmaydi. Ishtahasi xippa bo'g'ilib bo'lgan Botirni Salomatnikida ko'rgandayoq. Lekin baribir nimadir yeb olishi shartligini biladi. Murod och-nahor yurganini sezib qolsa, gap eshitishdan qo'rqadi.

— Akamning sheriklariyam o'ziga o'xshagan samimiy, mehribon, halol odamlar ekan, — dedi xona devoriga dardli boqarkan. — Anavi Abror ayniqsa, topilmas yigitga o'xshayapti. To'g'ri-da, yaxshi odam bo'lmasa, akam sheriklikka olmasdi. To'ylarga yursa, demak, ular hali ko'p ko'rishishlari aniq ekan. Biroq qandaydir sirliroq odamga o'xshayapti… E, boshida akamdanam hozirgiday shubhalangandim, qo'rqqandim. Teskarisi bo'lib chiqdi-ku!..

Manzura shu ko'yi o'n-o'n besh daqiqa o'tirib qoldi. Choy damlashga ham hafsalasi bo'lmay, choynakni gaz ustidan olib qo'ydi. Keyin yana balkonga chiqdi-da, qaytadan pastga qaradi. Manzara o'zgarmagan. Mashina joyida. Abror haliyam o'rindiqda o'tirgan ko'yi telefon kovlash bilan band edi.

* * *

Oradan ikki soatcha vaqt o'tdi. Manzura o'ringa cho'zilgancha xayol surib yotgandi. Ko'zi ilingan ekan. Tashqari eshikning bezovta taqillashidan uyg'onib ketdi va seskanib o'rnidan turdi-da, kiyimlarini yo'l-yo'lakay to'g'rilab borib eshikni ochdi.

Murod kelibdi. Yonida esa Abror kulimsirab turardi. Odatga ko'ra, Manzura akasining bag'riga kirib, yelkasiga bosh qo'ydi-yu, darrov o'zini nari oldi.

— Xo'sh, yaxshi o'tiribsanmi? — so'radi ichkariga kirishgach, Murod Abrorni ham balkon tarafga boshlarkan. — Ishqilib, u maraz qiz ziyon yetkazib qo'ymadimi senga?

— Ziyon yetkazib ko'rsin-chi, — dedi Manzura mahzun tortib. — Judayam bezbet ekan.

— Qo'yaver, boyning arzandasi-da! Bosar-tusarini bilmay qolganakan. Abrorning o'rtoqlari beradi adabini!.. Xo'-o'sh, singlim, bizning vaqtimiz ziq Abrorminan. Seni bir ishdan ogoh qip qo'yay deb birrovga kirdim xolos.

— Voy, ovqatlanib, gaplashib o'tirmaymizmi? — yuzi tundlashib Murodga umid bilan tik boqdi Manzura. — Doim kelasiz-da, darrov ketib qolasiz. Aytgancha, aka, Ro'zixon opamni bugun tush ko'ribman. Ertalabdan berisiga sog'inib o'tiribman opajonimni.

— Ko'nglingni to'q qil, — Murod akalik mehri tovlandimi, Manzuraning boshini ohista silab qo'ygach, davom etdi. — Yaqinda borib kelamiz ikkovimiz. Hozir esa eslab qol. Agar xotirangda qolgan bo'lsa, o'qishga kirayotganingda shahar to'ylariga oboraman degandim.

— Ha, esimda.

— O'sha kun keldi. Ertaga katta to'y bor. Ja kazo-kazolarning to'yi. Nikoh. Sen bosh hofiza bo'lib borasan. Xursandbek yordamchi bo'ladi. Yalla-pallalarni qoyillatib turadi. Eshitding-a, tayyor bo'lib turgin ertaga, o'zimiz kelib opketamiz. Aytgancha, Abror ham biz bilan birga bo'ladi.

Shunday deb Murod yuziga fotiha tortdi-da, dast o'rnidan turdi. Ular oldinma-ketin yo'lakka chiqishdi.

Murod Manzura bilan yana quchib xayrlashdi. Manzuraning vujudi yana orziqdi. Akasi borligidan g'ururlanish tuyg'usi a'zoyi badanini jumbushga keltirib, titrashga, hayajonlanishga majbur etdi.

Aslida shu tuyg'u anchadan beri Manzuraga juda yoqib qolgandi. Uni vujudida tuydi deguncha, ko'ngli yayrab, sevinchdan yorug' olamga sig'may keta boshlardi…

Murod shosha-pisha zinalardan pastga tusha boshladi. Manzura esa zina so'ngidagi tutqichga suyangancha ularni ma'yus kuzatib qolayotgandi.

Daf'atan keyingi qavatga tushaverishda Abrorning bir muddat to'xtab, o'ziga tikilganini payqab qoldi.

Yigitning bu qarashlarini endi ko'rayotgandi.

Abror bir necha soniyaga unga o'tli boqqan bo'lsa-da, ilg'amay qolmadi.

Lekin u qadar e'tibor ham qilib o'tirmadi. Bu tikilishni shunchaki havasi kelganga yo'ydi-yu, yelka qisgancha ortga qaytdi.

* * *

Ertasi kunigacha negadir Abrorning so'nggi qarashi ko'nglini bezovta qilib o'taverdi. Manzuraga uning xushomadgo'ylarcha qarashi sira yoqinqiramagandi.

«O'zi erkaklarning hammasiyam bir go'r ekan, — o'ylardi u Murod va'da qilgan to'yga astoydil hozirlik ko'rarkan. — Faqat akamdan boshqasi. Botiriyam, Abroriyam g'irt xushomadgo'y va nomard. Unaqalardan hech qachon qiz bola yaxshilik ko'rmaydi. «Ishim bitguncha, eshagim loydan o'tguncha» qabilida ish tutishadi. Ha, mayli, menga nima? O'zlariga qiyin. Hali xudoyim xohlasa, o'sha nomard Botir ham jazosini oladi. Meni qaqshatyaptimi, xudo jazosiz qo'ymaydi…»

Manzura o'zini majburlab miyasidagi Abror va Botirga tegishli xayollarni bir chetga haydadi-da, Ro'zixon opasini ko'z oldiga keltirdi.

Ha, u haqiqiy o'zbek ayolining timsoli ekan. Shunaqa odob bilan kiyinarkan, madaniyat bilan gaplasharkanki, san'atkor xalqi Ro'zixon opadan o'zbekcha madaniyatni o'rgansa arziydi. Manzuraning esa yelkasiga baxt qushi qo'ndi. Boshidan qancha mushkulotlarni, og'ir kunlarni, alamlarni o'tkazmasin, akasi va opasini ko'z oldiga keltirgani hamono barcha g'uborlari tarqaydi-ketadi.

Iloyim akasiyam, opasiyam juda-juda uzoq yashashsin! Shunda Manzuraning qalbida armoni bo'lmaydi. Birini otam ham akam, birini esa onam ham opam deydi. Ularga suyanadi. Ular bilan faxrlanib, g'ururlanib yashaydi. Qishloqqa nasibasi qo'shib, akasi aytganidek katta hofiza bo'lib borganda ham, ashula boshlashdan oldin akasi va opasini Rabotqishloqliklarga tanishtiradi. Yangitdan, ataylabdan tanishtiradi. Toki, Bozorgul ammasiga o'xshagan vahshiylarning tili kalimaga kelmay qolsin. Kuysin-u, kul bo'lsin! Eh, qaniydi o'sha kunlar kela qolsa tezroq!..

* * *

Vaqt ham asta-sekin asrga yaqinlasha boshlagandi. Manzura deyarli tayyor bo'ldi. Akasi «ketdik desa bas, sumkachasini qo'liga oladi-yu, tashqariga chopadi…

Shu tobda tashqari eshik ohista taqilladi. Murod bo'lsa, bu taxlit sekin taqillatmasdi. Demak, boshqa birov kelgan.

«Ha-a, — ko'nglidan kechirdi Manzura. — Anavi Abror bo'lsa kerak. Akam uchinchi qavatga chiqishga erinib uni zipillatgan shekilli…»

Manzura istamaygina borib eshikni ochdi.

Haqiqatan, Abror ekan.

Lekin yigitning rangi paxtadek oqarib ketgan, qo'llaridan tortib, tizzalarigacha dag'-dag' titrardi.

Manzuraning ko'ngli darrov g'ash tortdi.

U biror kor-hol bo'lganini oldindan sezib, bir muddat so'zlashga o'zida kuch topa olmay turdi.

Abror esa shu ahvolda Manzuraning taklifini ham kutib o'tirmay, ichkariga kirdi.

Hozir qo'rqishga o'rin yo'q edi.

Manzuraning ikki xayoli nimalar bo'lganini taxminlash bilan band edi.

— Nima bo'ldi? Tinchlikmi? — nihoyat so'rashga jur'at etdi Manzura. — Akam qani?..

Abror nimadir demoqqa shaylandi, taraddudlandi. Biroq u ham darrov gapirib yuboradigan ahvolda emasdi.

— Gapirsangiz-chi, akam qani? — endi balandroq ovozda so'radi Manzura. — Pastdami? Nima bo'ldi o'zi? Xudoyim-ey, namuncha chaynalasiz? Gapirsangiz-chi mundoq!..

— Akangiz yo'q, — dedi Abror yer chizib. — Murod aka… Avariyaga uchrabdi!..

— Nima? Avariya? Q-qanaqasiga avariyaga uchraydi? Qachon?

— Sizni olish uchun kelayotganda, chapdagi ko'chadan «Kamaz» katta tezlikda chiqib, Murod akaning mashinasini yanchib o'tib ketibdi…

Bu gaplar go'yo Manzuraning qulog'iga kirmasdi. Bir muddat kalovlanib, garangsib turdi-da, Abrorni tashqariga tortqilay boshladi.

— Yuring, meni akamning oldiga oboring! Yuring!

— Albatta, — dedi Abror ehtiyotkorlik bilan Manzuraning yelkasidan tutib. — Faqat shovqin ko'tarmang, iltimos! Bu ham endi…

— Bas! — deya Abrorga nafrat aralash boqdi Manzura. — Meni akamning oldiga oboring! U o'lmagan! O'lmagan mening akam, o'lmagan!!!

* * *

Abror kasalxona ichkarisiga mashinani olib kirdi-da, rulni orqa tarafga burdi.

Kasalxona orqasida o'likxona bor edi.

Manzura hech narsaga, hech kimga qaramasdan, to'g'ri o'likxonaga yaqin borib, eshikni kuch bilan taqillata boshladi. Zum o'tmay, eshik ochilib, qarshisida oq xalat kiygan baland bo'yli, qorindor, rangi zaxil va sovuqqon erkak hozir bo'ldi.

— Nega shovqin ko'tarasan, qizim? — so'radi u bir Abrorga, bir Manzuraga nazar tashlab. — Bu yer katta xolangni uyimi?

— Qoching yo'limdan, — baqirdi Manzura. — Akamni ko'rishim kerak, akamni!..

Abror o'zini ancha idora etib turgani bois sekin vrachga yaqin bordi-da, yotig'i bilan tushuntirdi.

— Oka, bugun soat kechki uchlarda Murod Xoliqov degan odamni opkelishuvdi. Avariyaga uchragan…

— Shunaqa demaysanlarmi? Hay, qiz, ichkariga kirgandan keyin baqir-chaqir qiladigan bo'lsang, tashqariga irg'itvoraman, bildingmi? Jim kirib, jim chiqasan!

— Menga aql o'rgatmang, — dedi Manzura ko'z yoshlarini tiya olmay. — Odammisiz yo mahluqdan tarqaganmisiz? Odamlar yaqinini yo'qotib ado bo'lyapti-yu, gapirgan gapingizni qarang!..

Vrach indamadi. Ularga yo'l bo'shatdi va ortlaridan o'zi ham ichkariga yo'l oldi…

* * *

O'likxonadagi keng, temir stol ustiga murda yotqizib qo'yilgandi. Faqat raqam ilingan oyoqlarining bir chetigina ko'rinib turardi. Agar boshqa vaqt bo'lsa, Manzura hayotda bu joylarga kirmagan bo'lardi. Lekin hozirgi ahvolida bu o'likxona ekanini ham idrok eta olmasdi.

Vrach asta murdaning yuzini ochdi.

Manzura unga yaqin borib, kutilmaganda baqirib yubormaslik uchun bo'lsa kerak, lablarini qattiq tishladi-yu, bir qadam ortga tislandi. So'ngra bir vrachga, bir Abrorga javdirab, beixtiyor murdaning bosh qismini quchoqlab oldi.

— Aka-a-a-a!!!

Shu tobda hech qanday kuch uni to'xtata olmasdi. Manzura go'yo telba qiyofasiga kirgandi.

Xuddi akasini hozir anavi vrach muzlatkichga solib qo'yadigandek, bo'ynidan mahkam quchoqlagancha, yig'lardi. Vrach Abrorning ko'magida Manzurani nari tortmoqchi bo'lardi-yu, sira iloj topa olmasdi.

— Aka, nega meni tashlab ketdingiz? — Manzura harqalay baqirishdan tiyildi. Shivirlab murdaning yuzlarini telbalarcha silay boshladi. — Axir… Sizni endi topgandim-ku, aka! Endi nima qilaman? Endi bu dunyoda sizsiz qanday yashayman? Kimga suyanaman? Kim meni singiljonim deb erkalaydi, aka? Shunchalik shafqatsizmidingiz? Meniyam olib ketsangiz bo'lardi-ku!..

* * *

Ha, Manzura uchun bugungi kun do'zax azobidan-da, battarroq kechayotgandi. Ko'zlari go'yo yorug' dunyoni ko'rmasdi, quloqlari kar, qalbi ilgarigidek qaynab turmayotgandi. Murodning murdasi yotqizilgan alohida mashinada ketib borardi-yu, yig'lashdan tiyila olmasdi.

Qarshisidagi qovoqlarini uygancha hadeganda uf tortib qo'yayotgan Abrorga har alam aralash qaraganda, qattiqroq yig'lay boshlardi.

«Qanday qilib mening akam avariyaga uchrashi mumkin? — o'ziga o'zi savol berishdan to'xtamasdi Manzura. — Endi-endi bir-birimizga mehr qo'yganda, yetimlikda o'tgan bolaligimni unuta boshlaganimda, nega akamni tortib olding, xudoyim? Menda, akamda nima qasding bor edi? Akam yashasa bo'lmasmidi? Axir, u jo'jabirday jon edi-ku! Bolalari yetim bo'lib qoladi-ku! Mening jonimni olsang bo'lmasmidi? Endi nima qilaman? Qay devorga bosh uraman? Kimga ishonaman?.. Yo'q, akamni qasddan o'ldirishgan? Ha, ataylab uyushtirishgan?..»

— Abror, — daf'atan yig'lashdan to'xtab so'z qotdi Manzura. — Boya uyda «Kamaz» chiqvordi deganmidingiz?

— Ha, shunday bo'ldi? Bilasizmi, hatto kayfi taraq odam ham bunaqasiga katta tezlikda yo'lga chiqmaydi. Shundan keyin biz shubhalanib qoldik. Xavotir olmang, marosimlar o'tsin, advokat olib, bu ishni boshqatdan tekshirtiramiz. Ishoning, aybdor albatta jazosini oladi.

— Yaxshi, — dedi Manzura biroz tinchlangan bo'lib. — Aytgancha, opamga xabar berdilaringizmi?

— Ro'zixon opagami?

— Ha, mening o'nta opam yo'q-ku!

— Afsuski, ha, xabar berdik. Tasavvur qilaman, hozir kennoyi qay ahvolga tushib o'tirgan ekan. Essiz, Murod akam yosh ketdi. Bolalari yosh qolib ketdi. Xudo rahmat qilsin akamizni!

* * *

Murodning uyi naq qiyomatni eslatardi. Allaqachon taxtadan yasalgan uzun o'rindiqlarni qo'yib, ustiga ko'rpachalar to'shashibdi. Narida — darvozaga yaqinroq yerda esa mahalladagilar, qavm-qarindoshlar egniga baronas to'n kiyib, bellariga shoyi qiyiqlarni boylagancha qo'l qovushtirib turishardi.

Murodning jasadini olib kelgan mashinaga ko'zlari tushdi-yu, darvozaga yaqin turganlarning yarmi mashinaga, yarmi ichkariga chopdi.

Abror, Murodning tanish-bilish, oshna-og'aynilari ko'plashib, murda yotqizilgan zambilni hovliga olib kirib keta boshlashdi. Qishloq ko'chasi tog'a-jiyanlar, uzoq-yaqin qondoshlarning dod-voyiga to'ldi.

Manzura ham zambilning yon tomonida bir qo'lini Murodning jasadi ustiga qo'ygancha qon yig'lab borardi.

Nihoyat zambilni hovlining narigi chetidagi uyga olib kiradigan bo'lishdi.

Kimdir Manzurani to'xtatib qoldi. Zum o'tmay esa, qarshisida Ro'zixon paydo bo'ldi.

U tosh qotgan ko'yi Manzuraga alam bilan tikilib turardi.

Manzura avvaliga nima qilishni bilmay turdi-da, beixtiyor Ro'zixonni quchishga tutindi.

Biroq kutilmagan hodisa yuz berdi.

Ro'zixon ilkis o'zini orqaga oldi.

— Yo'qol ko'zimdan shumqadam, sayoq! — hovlini boshiga ko'tarib baqira boshladi Ro'zixon. — Seni deb o'ldi erim! Sen o'ldirding erimni, sen! Hozir seni…

U aylana-aylana, sal narida chovgum turganini ko'rib qoldi va shahd bilan uni qo'liga olib Manzuraga yaqinlasha boshladi.

— Hozir seniyam o'ldiraman! O'lasan! Miyangni yorib o'ldiraman! Yo'qo-o-ol!!!

Harqalay, atrofdagilarning biri Ro'zixonni nari olib ketdi, boshqasi Manzurani ko'cha tarafga yetakladi.

— Singlim, xafa bo'lmang, opangiz kuyikda turibdi, — dedi qo'shni erkak. — Yuring, buguncha biznikida yotib tura qoling! Ertalabgacha sal o'ziga kep qolar opangiz. Yura qoling?

Manzura ham hovlini tark etishdan bo'lak chora yo'qligini anglab yetgandi.

Qarshiliklarsiz qo'shni erkakning ortidan ergashdi.

* * *

Ertasi kunga qadar nima bo'lsa bo'ldi. Manzura tun bo'yi yig'lab chiqdi. Ro'zixon opani tushunishga harakat qilardi, ammo gunohi yo'qligini bila turib haqorat qilishi alamiga alam qo'shardi.

Ertalab bir ko'ngli asta Murodning uyiga kirgisi ham keldi. Biroq oyog'i tortmadi. Tag'in Ro'zixon talab qoladigandek tuyilib, o'zini tiydi.

Soat kunduzgi o'n birlarga yaqin xona eshigi avval ohista taqilladi va ochilib ichkariga Ro'zixon kirdi.

Manzura azbaroyi qo'rqib ketganidan dast o'rnidan turdi-da, burchakka qisilishga tutindi.

— Qo'rqma, singiljonim, qo'rqma, — ko'zlari yig'idan qizarib ketgan Ro'zixon ehtiyotkorlik bilan Manzuraga yaqinlashdi. — Kechir men ahmoqni! Kecha dilingni og'ritib qo'ydim, kechir! Agar kechirmasang, o'zimni bir nima qip qo'yaman, singlim, kechi-ir!

— Men sizdan xafa emasman, opa, — yig'lab Ro'zixonning yelkasiga bosh qo'ydi Manzura. — Odam yolg'izgina opasidanam xafa bo'larkanmi? Hecham-da!..

— Oh, o'zimning sohibjamol singli-im, — deya Manzuraning ikki yuzini kaftlari orasiga oldi Ro'zixon. — Ering uydan o'ynab-kulib chiqib ketsa-yu, ertasiga o'ligini opkelishsa, alam qilarkan-da!..

— Qo'ying, yig'lamang, opa, — dedi Manzura. — Qiynalib ketyapman menam! Akajonim mening kasrimga qoldi, ha! Buning uchun o'zimni bir umr qarg'ab o'taman. Xudo o'zimning jonimni olsa nima qilardi? Jiyanlarimni sag'ir qip qo'ymasa nima qilardi?..

— Mayli, kel, o'tiraylik, — dedi Ro'zixon va Manzurani ko'rpachaga o'tqazib, qaytadan bag'riga oldi. — Sen unday deb o'zingni xarob qilmagin! Xudoyimning xohishi-da! Bandalarning qo'lidan hech narsa kelmaskan. Buyog'iga o'qishingni o'qigin, sira dars qoldirmagin! Menam sening yoningga ko'chib boraman. O'zim seni o'qitaman, katta hofiza qilaman.

— Menga endi o'qishning umuman qizig'i qolmadi, — dedi Manzura xo'rsinib. — Akamsiz o'sha o'qishlari tatirmidi?

— E, yo'-o'q, sen o'qishni davom ettirasan. Akang uyoqdan turib bizni kuzatadi. Sen o'qishni tashlasang, ruhi bezovta bo'ladi-ku!

— To'g'ri aytasiz, opa, — dedi Manzura. — Bunisini o'ylamabman.

— Endi yur, hademay, mahallaning xotinlari keladi. Sen yonimda turasan!

* * *

… Oradan besh yil vaqt o'tdi. Ro'zixon o'zi va'da berganidek, Manzurani tashlab qo'ymadi. Toshkentga ko'chib borib o'zi Manzuraga ko'z-quloq bo'ldi. Murod eslariga tushganda, birgalashib yig'lashdi, bir-birlarini yupatishdi. Juda bo'lmasa, birgalikda qishloqqa jo'nab Murodning qabrini ziyorat qilishdi. Ishqilib, Manzura Ro'zixonning bag'rida kamlik ko'rmadi, har Ro'zixon «singlim-singlim» qilib erkalaganda, bir qopdan semirdi.

Abror ham bir so'zli yigit ekan. Murodning kushandasini topdi. U taxmin qilishganidek, Botir bo'lib chiqdi…

Afsuski, Murodga bo'lgan mehrmi, e'tibormi yo cheksiz hurmatmi, Abror Botirga davlat jazo berishigacha chidab tura olmadi. Uch og'aynisi bilan birga Botirni Jizzax cho'liga olib ketdi-yu, rostakamiga o'ch oldi.

O'ldirishmadi. Botirning umurtqasini pachoqlab tashlashgan ekan. U nogiron bo'lib qoldi. Aravachadagina harakatlana oladigan ahvolga tushib qoldi…

Birovga keraksiz bo'ldi…

* * *

Faqat… Abrorning qamalib ketgani Manzuraga ham, Ro'zixon opagayam alam qildi. Ammo na iloj. Sud, militsiya, prokuratura faqat qonunga suyanadi. Qonun esa oshna-og'ayni, tanish-bilishni tan olmaydi…

Manzura ham akasining orzusini haqiqatga aylantirdi.

Mashhur hofiza bo'ldi.

Ro'zixon esa eri rahmatlining kasbini davom ettirib, yolg'iz singlisining prodyuseriga aylandi.

Ajoyib kunlarning birida Ro'zixonning qistovi bilan Rabotqishloqqa bordi.

Ozodboy paxtachi kenja o'g'lini uylantirayotgan ekan.

Ro'zixon o'sha to'yni olgandi.

Rabotqishloq to'yidagi sahnaga chiqqani hamono, mehmon-u, mezbonlar tik turgan holda Manzurani olqishlashdi. Olqishlashlar chamasi besh daqiqacha davom etdi-yov!..

Keyin esa Ozodboy paxtachi mikrofonni qo'liga olib ashula boshlashdan oldin bir marta «Tanovar»ga raqs tushib berishini so'radi.

Mehmonlar, mezbonlar yanada qattiqroq qarsak chalib Manzurani olqishlashdi.

U esa bir necha daqiqaga ichkari uylardan biriga kirib kiyimini raqqosalar kiyimiga almashtirdi-da, xuddi o'sha ilk to'yga chiqqandagi kabi raqs boshlashdan oldin hammaga bir-bir salom qildi…

Bo'y yigitlar bu salomni ko'rib azbaroyi jo'shib ketishganidan hushtak chalishdan tiyila olishmadi. Qiz-juvonlar astoydil qarsak chalib Manzurani raqsga unday boshlashdi.

Qariyalar esa Ozodboy paxtachi hamrohligida Manzurani duo qilishdi.

Shundan keyingina Manzura raqsni boshladi.

Ilk kunlardagidek eshilib-eshilib, kuyib-kuyib haqiqiy raqs san'atini qishloqdoshlarga havola etdi.

O'rtadan chiqib ketayotganda, erkaklar o'tirgan stollarning bir burchagida Botirni ko'rib qoldi. U nogironlar aravachasida o'tirgancha, Manzuradan ko'z uzmas, ko'zlaridan duv-duv yosh oqardi.

Tamom.

Olimjon HAYIT.

O‘qib chiqqan barchaga raxmat