Raqqosa 4 (kamolov) copy
To'polon, karnay-surnayning g'at-g'uti bilan to'y mavsumi ham o'tdi. Ular Murod mo'ljallaganidan ham mo'mayroq daromad qilishdi. Ana endi vayronaga aylangan uyini ta'mirlatsa bo'lardi. Topgan puli unaqangi ta'mirlarning o'ntasiga yetardi. Manzura o'ylay-o'ylay, ota-onasining qabri tepasiga marmartosh qo'yishni, keyin o'zi uchun yangi mashina sotib olishni mo'ljallab qo'ydi. Shunday qilsa, qishloqdagi o'zini ko'ra olmaydigan, barmoq orasidan ko'rsatib tinmaslarning uni o'chishi, pastroq tushishi muqarrarligiga ishondi.
Manzurani quvontirayotgan narsa aslida bu ham emasdi. U Botirni o'zidan sovita bilganidan mamnun edi. Biladi, shubha qilmaydi, Botir qishloqqa borgan-u, alamiga chiday olmay uyidagilarni qaysidir qizning xonadoniga sovchi qilib yuborgan. Hoynahoy, Manzuraning guruhi xizmatda bo'lsa kerak to'yida. Borardi, hech bo'lmaganda, tomoshabin bo'lib o'tirardi, Botirning baxtdan qanchalar shodlanayotganini o'z ko'zlari bilan ko'rardi, tinchlanardi, xotirjam tortardi, yana bir armoni ushalardi…
* * *
Surxon va vodiy orasi uzoqligi Manzuraga yoqinqiramadi. Mashina ketmoqda, to'xtamayapti, ammo xuddi yo'lning poyoni yo'qdek. Qanchadan-qancha shaharlarni, dala-yu bog'larni ortda qoldirishdi. Baribir vodiy ko'rinay demasdi. Old o'rindiqda o'tirgan Murod ham pinakka ketdi chog'i, o'tirgan yerida xurrak ota boshladi. Husan unga qarab-qarab qo'yar, biroq uyg'otmasdi. Kulib qo'yish bilangina cheklanardi…
Yarim tunga yaqin nihoyat dovon oshib vodiy hududiga o'tib olishdi. Manzura hech qachon qishlog'idan olisga bormagani uchunmi, birdan yengil tortib, kayfiyati ko'tarilganini his etdi. Hatto, azbaroyi sevinganidan to'lqinlanib ketdi.
Murod ham uyg'ondi. Xurrak shovqini salonni tutgan ekan. U uyg'onishi bilan sukunat hukm sura boshladi.
— Endi kamida ikki hafta dam olamiz, — dedi oradagi sukutni buzib Murod. — Balki undanam ko'proq bo'lar. Sen, Manzura, birinchi navbatda uyingni ta'mirlatvolgin! Men o'zim ishonchli ustalarni topib beraman. Ta'mirlatvolsang, boshqa ishlar keyin bo'laveradi. Hoynahoy, melisa, prokuraturayam kutib yotgandir seni. Lekin tashvish chekma. O'zim to'g'rilayman hammasini. O'sha ammajoning jazosini oladi. Ikkinchi bunday qabihlik qilmaydigan bo'ladi.
— O'zim ham shuni reja qilib kelayotgandim, — dedi Manzura yanada chehrasi ochilib. — Uyni tuzatmasam bo'lmaydi.
— Xudo xohlasa, bir narsani mo'ljallab qo'ydim, — dedi Murod bosh chayqab. — Bahorning oxirlarida seni konservatoriyaga gaplashamiz. Ungacha o'zingam pul yig'asan. Qo'rqma, basharti yetkaza olmasang, mana, biz yordam beramiz. Nima deysan, Husan?
— Albatta, — dedi Husan yo'ldan ko'z uzmay. — O'lar joydamasmiz-ku! Yordam beramiz ko'plashib.
Shu payt taxminan besh yuz-olti yuz metr uzoqlikda kimningdir yo'l o'rtasiga turib olganiga ko'zlari tushdi. Husan mashinani katta tezlikda boshqarib kelayotgandi. Jonholatda tormozni bosdi va mashina o'rtadagi odamning oyoqlari ostiga yetganda taqqa to'xtadi. U kimsa yuziga niqob ham tutib olibdi. Qimir etmay turaverdi. Manzura qo'rquv aralash o'sha tomonga qaradi.
— Jinnimi bu odam? — so'kinib pastga tushish uchun mashina eshigini ochdi Husan. — Kim o'zi? Jonidan to'yganmi? Vey, qoch yo'ldan! Ajinamasmisan ishqilib?
Murod ehtiyot shart kalima qaytardi. Lekin kimsa qimir etmadi. Qo'lidagi uzun temirni mahkam tutgancha turaverdi.
Shunda… Manzura bezovtalanib qoldi. Murodning hay-haylashiga ham e'tibor qilmay, pastga tushdi.
Ikkinchi mashina ham orqaroqda to'xtagan, ammo hech kim pastga tushmasdi.
Manzura kimsaga yaqin borish ilinjida oldinga yurdi…
Ha, u tanib bo'lgandi.
Yo'l o'rtasida turgan niqobli kimsa Botir edi.
* * *
— Nega teatr ko'rsatyapsiz? — so'radi Manzura Botirning yengidan tortqilab. — Chetga chiqing! Mashina bosib ketsa nima bo'lardi hozir? Jondan to'yganmisiz?
— Bossin deb shu yerga chiqdim, — dedi Botir. — Menga sensiz hayotning hecham keragi yo'q, Manzura. O'ylaysanki, Surxondagi to'yda bemaza qiliqlar ko'rsatib meni sovitding-da-a? Aslo, meni unaqangi narsalar sendan sovita olmaydi. Chunki seni jonimdan ortiq sevaman. Nega haliyam fahmlay qolmayapsan? Ayt, nima qilsam, muhabbatimni tan olasan? Daryoga cho'kaymi? Yo o'zimni osaymi? Ayt, nima qilay?
Manzura pastga tushmasligi zarur edi. Shunda bu izhorlar qaytadan quloqlari ostida jaranglamasdi. Ammo tushmasa bo'lmasdi ham. Boshqa mashina uchib kelib urib ketsa, battar qiynalardi.
— Bas qiling maynavozchilikni? — deya atayin qo'pol muomala qilishga o'tdi Manzura. — Sizga hamma gapni aytib bo'lganman. Agar devorga tavallo qilsam, allaqachon tushunardi. Siz tushunmayapsiz. Hozir anavi mashinadagi sheriklarim pastga tushsa, ta'bingizni tirriq qilib qo'yishi mumkin. Bizni yo'ldan qoldirmay, qoching!
— Yo'q, — dedi Botir. — Toki muhabbatimga tan bermas ekansan, qochmayman yo'ldan! Hozir ko'rasan, boshqa mashina o'tsin, o'zimni ballonlar ostiga tashlayman. Chunki men shunaqa bir so'zli yigitman. Sen bo'lsang, hayotda bu ishni qila olmaysan. Chunki iroda kuching yo'l bermaydi. Sevgi neligini tushunmaysan. Bag'ritoshsan. Shuning uchun ham sevgingni oshkor eta olmaysan. Sen… Qo'rqoqsan, Manzura!..
Bu gaplari o'tib tushdi. Manzuraning qalbi qaytadan g'alayon qila boshladi. Qaysarligi tutdi. Botirning qarshisida o'zini ojiz va notavon kabi his eta boshladi. Bu hislar unga juda alam qilib ketdi.
— Hali shunaqami? — qichqirdi u mashinalarga ko'z tashlab olib. — Mening irodam kuchsizmi? Men muhabbatni tushunmaymanmi?
— Ha, ojizsan! — baqirdi Botir jazavaga tushib. — Sevishga qo'rqasan!
Bu orada ikkala mashinadagilar ham tushib ular tomon yaqinlasha boshlashdi. Murod kela solib Manzurani yo'l chetiga tortqiladi.
— Jinnimisan? — qichqirdi u Manzuraning ikki yelkasidan siqimlab. — Nima qilmoqchisan? Shu yigitmi seni yo'ldan ozdirayotgan? Shumi? Hozir yigitlarga aytaman, surobini to'g'rilab qo'yishadi!
— Kerakmas! — Murodga javoban baqirdi Manzura. — Qo'lingizni torting mendan! Aralashmang mening ishimga!..
Shunday dedi-yu, yo'l o'rtasiga qarab chopdi.
* * *
Botir hanuz qimir etmasdi. Mashinadan tushib kelgan mashshoqlar uni chetga tortar, ammo hech kimga bo'yin egmasdi.
— Demak, men ojiz-u notavon, muhabbatni tushunmayman, shundaymi? — unga yaqin kelib savolini takrorladi Manzura. — Gapiring!
— Ha, qo'rqoq va notavonsan! — xirillab qichqirdi Botir. — Sendaqalar muhabbatning «M» harfigayam arzimaydi!
Bir mahal Qo'qon tomondan bir necha mashina yo'l bo'ylab uchib kelayotganiga ko'zi tushdi.
— Oxirgi marta so'rayman, — deya hayqirdi Manzura. — Gapingizdan qaytmaysizmi?
— Qaytmayman! Sen sevish-sevilishga arzimaysan!..
Hammasi bir necha o'n soniya ichida yuz berdi.
Manzura sheriklari to'xtatib qolmasligi uchun ancha nariga chopib bordi-yu, katta tezlikda kelayotgan mashina ostiga o'zini otdi…
* * *
Shu zahoti tevarak birdan yorishdi-yu, yana zulmatga yuz tutdi. Manzura o'zini to'rt tomonida gurillab o't yonayotgan manzilda ko'rdi. Ammo olov alangasi ungacha yetib kela olmasdi. Ancha narida quturgandan quturardi.
Hali o'ylarining oxiriga yetib ulgurmay, qarshisida otasi va onasi hozir bo'lishdi.
Ularning qovoqlari uyilgan, otasi nuqul xo'rsinar, onasi uv tortib yig'lardi.
— Sizlar qaerdan kep qoldingiz? — so'radi Manzura ularga hissiz boqib. — Pishirib qo'yganmidi mening oldimda? Ketinglar! Sizlarni ko'rishga ko'zim yo'q! Yo'qoling!
— Sen shunchalik ham o'zboshimchamisan? — onasi unga yaqinroq kelib alamli shivirladi. — Otang ham eshitdi hammasini! Ko'zlari bilan ko'rdi. Yuragi dardga to'lib-toshdi. Sen esa parvoyi falaksan. Bir marta bo'lsin bizni yodga olay demaysan. Mana, notavon bo'p qolding. Endi ko'ngling joyiga tushdimi? Na duo qilding bizni, na nasihatlarimizni tinglading. Mana, endi xor-u zor bo'lay deb turibsan. Yo'q, shundayam biz seni tashlab qo'ymayapmiz. Xudodan senga shafqat so'rayapmiz. Duolarimiz ijobat bo'ladimi-yo'qmi, o'ziga ayon…
Bu gaplardan so'ng Manzuraning ko'ngli buzildi. Tanasi bo'shashib, yelkalari o'ziga itoat etmagan ko'yi silkinib-silkinib ketdi. Ikki ko'zi jiqqa yoshga to'ldi. Ko'z yoshlarini yengiga artgandi, yosh o'rniga xuddi simobni eslatib yuboradigan oqimtir suyuqlik zohir bo'ldi. Suyuqlik juda yopishqoq edi. Yengidan tortib yuzlarigacha yopishib azob bera boshladi.
— Meni qutqaringlar, ona, — qichqirdi Manzura suyuqlikdan yeta boshlagan og'riqlarga dosh bera olmay. — Meni olib ketinglar uzoqlarga! Qiynalib ketdim! Judayam qiynalib ketdim!
— Yo'q, — endi otasi oraga tushdi. — Seni olib ketmaymiz! Xudoga shirk keltirgansan! Hech qachon kechirib bo'lmaydigan gunohlarga yo'l qo'ygansan! Sen tufayli biz ham azobda qoldik! Boqiy dunyoning jannatidan quvilib, mana shu zulmat hukmiga bo'ysunishga majbur etildik. Lekin biz senga zulmatni ham ravo ko'rmaymiz. Sen bizni ranjitding. Sharmanda qilding. Shu dunyoga kelib sal jonimiz tinchirmikan, orom olarmikanmiz devdik. Shuniyam ko'p ko'rding bizlarga. Endi yo'qol! Orqa-ketingga qaramay ket! Toki biz seni ko'rib qaytadan o'tda kuymaylik! Daf bo'l!..
* * *
Otasining so'nggi so'zi yangradi-yu, zulmat ham, olov ham qaergadir g'oyib bo'ldi.
Manzura ko'zini ochdi.
Oldiniga hech narsaga tushunmay, ko'z qiri bilan u yon, bu yonga qaradi. Shundagina kasalxona palatasida ekaniga amin bo'ldi.
O'rnidan turmoqchi bo'lib qimirlashga tutindi. Uddalay olmadi. Tanasida shu qadar kuchli og'riq tuydiki, beixtiyor baqirib yubordi.
Shu ondayoq tepasida oq xalatli ayol va erkak hozir bo'lishdi.
— Singlim, tinchlaning, — oq xalatli erkak Manzuraning yoniga omonatgina cho'kib peshonasiga kaftini bosdi. — Isitmangiz tushibdi. Bu yaxshilikka. Asosiysi, hushingizga kepsiz, shuning o'ziyam katta yutuq.
— Men… Qimirlay olmayapman, — shivirladi Manzura. — Hammayog'im og'rib ketyapti. Nima bo'ldi menga?
— Siz hozir uxlashingiz kerak, — dedi vrach uning savoliga javob berish o'rniga. — Yaxshilab dam olsangiz, hammasini tushuntirishadi. Ko'zingizni yuming endi! Hozir hamshira sizga og'riq qoldiradigan ukol qip qo'yadi.
— Meni hech kim so'rab kelmadimi? — dedi Manzura. — Kimlar opkeldi o'zi bu yerga?
— Ha, sizni Murodjon degan san'atkor yigit sheriklari bilan birga opkeldi. Yonida Botirjon degan yigit ham boridi. O'sha yigit ko'tarib kirdi sizni ichkariga.
— Men… Hushimda emasmidim?
— Ha, siz yengil komaga tushib qolgandingiz. Lekin qo'rqishga, xavotirga o'rin yo'q. Hammasi ortda qoldi. Bas, charchadingiz. Uxlang! Dam oling!
— Yo'q, men Botirni ko'rishim kerak, — dedi qaysarlanib Manzura. — Uni ko'rmasam bo'lmaydi.
Vrach uf tortib oldi-da, yonidagi hamshiraning qulog'iga nimalardir deb shivirladi. Hamshira darhol tashqariga yo'l oldi. Ketidan vrachning o'zi ham chiqib ketdi. Oradan hech qancha o'tmay, palataga hamshira hamrohligida Botir kirib keldi.
Uning ko'zlari qizarib ketgan, ikki qabog'i shishgan edi. Lablari bilinar-bilinmas titrardi.
Manzura uni ko'riboq yana o'rnidan turishga chog'landi. Afsuski, tura olmadi.
Sal o'tib ukol ta'sir qila boshladimi, ko'zlari yumila borib, oxiri uxlab qoldi.
Sezmagan ekan, Manzura qimirlagan payt oyoqlari yo'qqa o'xshayotganini payqab qoldi. Joni og'rib ketayotganiga qaramay, tishni tishga bosgan ko'yi ustidagi ko'rpani ko'tardi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, ikkala oyog'ining ham tizzasidan past qismi kesib olinibdi.
Narkoz ta'siri hali to'liq ketmagandi. Og'riqlarga qo'shimcha ko'ngil aynishi ham azob bera boshladi. Biroq Manzurani bu emas, oyoqlarining yo'qligini ko'rish dahshatga solgandi.
— Yo'-o'q, — baqirib yubordi Manzura. — Oyoqlari-im! Qani oyoqlari-im, qani-i???
Vrach bu kabi vaziyatlarga ko'p bor ro'baro' bo'lgan. Bemorlar kesib olingan tana qismini narkozdan uyg'ongach, darrov payqashmasligini bilardi. Shuning uchun Manzuraning jazavaga tushishi uni ham, hamshirani ham xavotirga solmadi. Aksincha ular baravariga Manzuraning yelkasidan mahkam bosib ovuta boshlashdi.
— Qizim, o'zingni bos, jon qizim! — deya nuqul Manzuraning peshonasini silardi vrach. — Senga asabiylashish mumkin emas. Qo'y, tinchlan!..
Charchoq yengdimi, yo holsizlik sababmi, Manzura darrov tinchlandi. Boshi aylana boshlaganini his etib, ko'zlarini chirt yumib oldi. Ora-sirada yuragi hapriqqanidanmi, silkinib-silkinib tushdi.
Vrach darhol hamshirani imladi. U zudlik bilan Manzuraga tinchlantiruvchi ukol qildi.
Ukol kuchli edi. Oradan bir daqiqa vaqt o'tmay, Manzura siltanishni ham bas qildi. Rangi yanada oqarinqirab, uyquga ketdi.
Botirning esa ko'zlaridan duv-duv yosh oqar, karavot temirini mushtlab-mushtlab qo'yardi. Ikki ko'zi Manzurada edi. Qarab turardi-da, beixtiyor tishlari g'ijirlab ketardi. Lablari, vujudi titroqda edi.
* * *
Oradan yana bir kun o'tdi. Botir uyiga ketmadi. Manzuraning tepasida qoldi. O'tiraverdi. Tuz totish ham ko'ngliga sig'madi. Manzura yotgan karavot yoniga kursi qo'yib, o'sha kursida o'tirib tong ottirdi. Ko'zlari yumila boshlaganda, badanini chimdiy-chimdiy g'aflatni nari haydadi…
Nihoyat Manzura asta ko'zini ochdi.
Botir buni ko'rib turardi. Qo'rqitib yubormaslik uchun ohista o'rnidan qo'zg'aldi-da, Manzuraga yaqin bordi.
— Men… Qaydaman? — arang tilga kirib so'radi Manzura. — Ayting, qaerdaman? Nega oyoqlarim yo'q? Qani mening oyoqlarim?..
Botir bu savollarga nima deb javob qilishni bilmay garangsidi. Haqiqatni aytsa, Manzura tag'in yomon bo'lib qoladigandek, ortga tislana-tislana yo'lakka chiqdi va do'xtir chaqirdi. Hash-pash deguncha kechagi vrach hamshirani ergashtirgancha kirib keldi.
— O', mening erka qizim uyg'ondimi? — Manzurani erkalatib so'z qotdi vrach. — Xo'sh, yaxshi uxladingmi, chirog'im?
Manzura bilinar-bilinmas boshini qimirlatib javob qilgan bo'ldi.
— Juda yaxshi. Yana bir hafta yotsang, ko'rmaganday bo'p ketasan. Meni aytdi dersan, otday bo'p ketasan!
— Nega aldaysiz, do'xtir? — dedi Manzura nariroqda turgan Botirga ko'z qirini tashlab. — Oyoqlarimni kesib olibsiz-ku! Qanaqasiga oyoqsiz otday bo'p ketaman?
— Nima qilaylik? Shunday yo'l tutishga to'g'ri keldi. Ammo senga tan berdim. Juda irodali qiz ekansan. Ko'z tegmasin!
— Amaki, — dedi yig'lamsirab Manzura. — Endi hech qachon yura olmaymanmi? Shu ko'yi yotib umrim o'tadimi?
— Nega yurmas ekansan? — mayin jilmayib Manzuraning ikki qo'lini kaftlari orasiga oldi vrach. — Senga ajoyib, qulay, yumshoq aravacha olib berishadi. Aravachada xohlagan yeringga bora olasan.
Manzura indamadi. Aftidan taqdirga tan bera boshladi. Ko'zlarini yumdi-yu, chuqur xo'rsinib oldi.
* * *
Oradan o'n besh kun o'tdi. Manzura endi bemalol qaddini ko'tarib o'tira oladigan bo'ldi. Og'riqlar ham birinchi kunlardagidek azoblamay qo'ydi. Faqat tizzalarini bilmay qattiq qimirlatib yuborsa, jizillab og'rirdi. Chamasi, kesilgan yerlari hali to'liq bitmadi. Uch-to'rt qiynalgandan keyin yanada ehtiyotkor bo'lib qoldi…
— Nega ketmadingiz? — so'radi shunday kunlarning birida ertalab ko'zini ochgach. — Ozib ketibsiz-ku, Botir! Nega o'zingizni qiynaysiz? Uyingizga borsangiz bo'lmaydimi?
Botir tunda deyarli uxlamagandi. Manzuraning tepasida o'tirib tun bo'yi poylab chiqqandi.
Yumilib borayotgan ko'zlarini ishqalay-ishqalay, Manzuraning tepasiga yaqinlashdi va ehtiyotkorlik bilan peshonasiga kaftini bosdi.
Manzura qarshilik bildirmagach, qo'lidan tutdi.
— Uyga faqat sen bilan ketaman, — dedi u shivirlab. — Qachon senga javob berishsa, men ham o'zimga o'zim javob beraman.
— Ahmoqlik qilmang, — Manzura ehtiyotkorona qaddini ko'tarib, orqasiga qo'yilgan yumshoq bolishga suyandi. — Ko'rib turibsiz, men nogiron bo'p qoldim. Xudo oyoqlarimniyam menga ko'p ko'rdi. Boshingizga urasizmi meni? Baribir sizga xotinlik qila olmayman. Qaysar bo'lmang-da, uyingizga boring, hayot quring, qishloqda sizga tegaman degan qizlar to'lib yotibdi. Men sizga munosib emasman.
— Kim senga hoziroq uylanaman deyapti? Umuman, bu narsaning yoningda qolishimga nima aloqasi bor? Seni tashlab ketgim kelmadi. Axir, ko'p yillik qadrdonmiz! O'n bir yil bir sinfda o'qiganmiz!
— Ayyor, — Manzura beixtiyor o'pkasi to'lib kelsa-da, majburan yutinib yig'ini o'zidan nari haydadi va barmog'ini Botirning labiga bosdi. — Shunaqangi ayyor ekansizki, tan bermay ilojim yo'q.
— Ayyorlik qilmasam, senga bas kela olmayman-da, — hazilga hazil bilan javob qaytardi Botir. — Sen dunyoda birinchi raqamli qaysarsan, axir!
— Rostdanmi? Shunaqa yomon qaysarmanmi?
— Albatta, qaysarniyam o'tib tushganisan.
— Unda keting! Baribir sizga xotin bo'lmayman. Sizga munosib emasman.
Botir shu tobda bu gapni kutmagandi. Sal ko'ngli yorishgani bir pul bo'ldi.
Ko'nglini qaytadan g'ashlik tumani qopladi.
— Menga qara, Manzura, — dedi qovoq uyib. — Ilgari raqqosaliging uchun munosib emasman deb kuydirarding. Ko'ngandim. Kutishga ahd qilgandim. Endi bo'lsa, oyoqlaring yo'qligini ro'kach qilyapsan. Nega meni qiynayverasan? Menga rahming kelmaydimi?
— Ahvolimni ko'rib turibsiz-ku, — dedi Manzura yig'i aralash. — Yaxshi bor, yomon bor. O'rtoqlaringizning oldida nogironlar aravachasida yetaklab yurasizmi? Ularning oldida sharmanda bo'lasizmi? Tili qisiq bo'lib o'tasizmi? Yo'q, bu xayollarni kallangizdan chiqarib tashlang.
— Chiqarmayman. Endiyam chiqarmayman. Qasdma-qasdiga ish tutaman. Sening xohishingga qarab o'tirmayman. Baqirasanmi, hammayog'imni tirmalab tashlaysanmi, melisaga berasanmi, menga farqi yo'q. Seni majburlab tegdiraman o'zimga. Majburlab Zagsga oboraman.
Manzura hech narsa demadi. Bir ko'ngli Botirning qat'iyatliligidan mamnun tortdi, unga tan berdi. Bir ko'ngli esa ertangi kunni ko'z oldiga keltirgan sari tushkunlik botqog'iga botaverdi, kelajakda baxtli ayol bo'lishiga ishona qolmadi.
Ko'p gapirib yuborgani sabab yana holsizlanib, qaytadan yostiqqa bosh qo'ydi-da, ko'zlarini yumib oldi.
* * *
… Oradan yana ikki hafta vaqt o'tdi. Murod so'zida turibdi. Pul yig'ib Manzuraning uyini qayta tiklab berdi. Botir ham qarab turmadi. Manzura qancha zorlanib, koyimasin, undan xabar olishni kanda qilmadi. Uyida to'rtta buqani boqib qo'ygandi. Ikkitasini sotib, Murodning qo'liga tutqazdi. Umid qilaverdi. Umidni so'ndirmadi. Ishondi. Harakatlari zoe ketmasligiga, bir kunmas bir kun Manzura yon berishiga qattiq ishonaverdi…
— Siz behuda ovora bo'lyapsiz, — dedi Manzura bir kuni. — Baribir sizga tegmayman. Umrim minnat eshitish bilan o'tib ketishini xohlamayman. Ana, do'xtirlar aytdi, aravachada xohlagan yerimga bora olarkanman, xohlagan ishimni qilishim mumkin ekan. Ammo sizga tegmayman. Menga erning keragi yo'q. Sizga munosib emasman. Kerak bo'lsa, shu gapni trilyon marta takrorlayman. Ammo sizga tegmayman!..
— Hali shunaqami? — Botir toqati toq bo'lib zarda aralash o'rnidan turib ketdi. — Menga munosib emassan-a, shundaymi?
— Yo'q, siz menga munosib emassiz, — Botirga sovuq boqib javob qaytardi Manzura. — Men nogiron, notavonman, siz esa sog'lom, to'rt muchangiz salomat. O'zingizga mosini toping. Meni tinch qo'ying!..
— Yaxshi-i, — dedi Botir negadir ketishga taraddudlanib. — Demak, shuncha harakat qilganlarim bir pul bo'pti. Baribir qalbingdan joy ololmabman. Senga munosib bo'la olmabman! Yaxshi-i…
Botir alanglab nimanidir qidirgan bo'ldi-da, kutilmaganda, Manzuraning tepasiga keldi.
— Kut, albatta kut! Senga munosib bo'lib kelishimni kut!..
Shunday dedi-yu, yugurgancha tashqariga o'zini urdi.
* * *
Shu kecha Manzuraning uyqusi buzildi. Tushida allambalo mahluqlar ortidan rosa quvlaganmish. Oyoqlari joyida emish-u, qocharmish. Baribir mahluqlardan qochib qutula olmabdi. Ular Manzurani o'rib olibdi-da, baravar tashlanibdi…
Tushi shu yerga yetganda, seskanib ko'zini ochdi.
Allaqachon tong yorishib ketgan ekan.
Sanitarkalar palatani supur-sidir qilishayotgan ekan.
— Opa, mabodo palatamga bir yigit kelmadimi? — so'radi sanitarkalarning biridan. — Palatada menga qarab o'tirardi-ku, o'sha yigit!
— Yo'-o'q, — javob qildi sanitarka Manzuraga ayanchli boqib. — Ko'rinmovdi bugun. Tinchlikmi? Biror yordam kerak bo'lsa, bizga aytavering, yordam beramiz, singil!
— Yo'-o'q, shunchaki… Ko'rinmay qolganiga…
Manzura ko'ngli g'ashlanib, ichidan zil keta boshladi. Botirning qaysarligini ko'z oldiga keltirgani sayin o'zini bir balo qilib qo'yishidan cho'chiyverdi. Xayolan bo'lsa-da, Yaratgandan Botirga insof so'radi…
Kunlarni shu taxlit kechira boshladi. Uch kun o'tib ham Botir ko'rinish bermagach, hiyla tinchlangandek bo'ldi. Ko'ngli g'ashlanmay ham qo'ydi. Tushunib yetganiga, endi qaytib unga og'iz solmasligiga umid bog'ladi…
Bilmaydi. Adashmasa, yana besh kuncha o'tgandi. Mana-mana, unga javob tegishi, qadrdon uyiga ketishi kutilayotgandi.
Ertalab hamshira kerakli ukollarni qilib chiqib ketgach, endi pinakka ketgandi.
Palata eshigi sharaqlab ochildi. Shu qadar qattiq sharaqladiki, Manzura yotgan yerida sakrab ketdi.
Ilgari hech qachon eshik bu taxlit sharaqlab ochilmasdi. Kirib kelayotgan odam uni avaylab ochardi-da, shunday ehtiyotkorlik bilan yopib qo'yardi.
Manzura qaddini ko'tarib eshik tomon qaradi-yu, qotib qoldi.
Qarshisida yangi aravachada Botir o'tirar, tizzalariga qip-qizil adyol tashlab qo'yilgandi.
Manzura o'zi tomonga qaragani hamono Botir aravachani karavotga yaiqnlashtirdi-da, tizzalariga yopilgan adyolni ko'tardi va gavdasini orqaga tashlab yubordi.
Manzura ko'rdiki, Botirning bo'yin, yuz qismlarini yaralar qoplagan, ikkala oyog'ining ham tizzadan past qismi kesib tashlangandi.
* * *
Bu manzaraga ko'zi tushgani hamono Manzuraning ko'ngli ag'darildi. Boshi chir aylana-aylana hushini yo'qotdi.
Hushini yo'qotishga yo'qotdi-yu, atrofida bo'layotgan voqealarni anglab turdi, allakimlarning gap-so'zlarini eshita oldi.
— Hozir… Hozir o'ziga keladi, — deya hayqirdi kimdir. — Tez kapelnitsani tayyorlang, almashtirish kerak. Tinchlantiruvchi ukol ham hozirlang. Kapelnitsa picha tomgandan keyin o'sha ukolni qilib yuborasiz. Aytgancha, og'riq qoldiradigan doriyam qo'shing!
— Xo'p bo'ladi!
— Manzura qizim, uyg'onaqol endi, chirog'im! Sen soppa-sog'san! Uyg'onsang, xursand bo'lamiz. Qadrdonlaringni ko'rasan!..
Manzura haqiqatan hushiga kelib ko'zlarini ochgandi. Lekin negadir qorni bilan o'ringa yuztuban yotishining ma'nisini tushuna olmasdi.
Shu ko'yi qimirlashga urindi. Shu zahoti belidami, yo teparoqdami igna sanchganga o'xshash og'riq tuyib qimirlashni bas qildi.
— Barakalla, — dedi tepasida turgan oq xalatli vrach. — Zo'rsan, gap yo'q senga! Yuzimizni yorug' qilding, qizim!
— B-Botir nega nogiron bo'p qoldi? — qimirlab yubormaslik uchun ehtiyotkorona shivirladi Manzura. — Mening… Oyoqlarim qani?.. Botirning oyoqlari qani?.. T-topib beringlar oyoqlarimni!..
— Qizim, bu nima deganing? — sochlari oppoq, ellik beshlarga borgan vrach Manzuraning tepasiga engashdi-da, erkalash ohangida so'z qotdi. — Oyoqlaring joyida turibdi. Ishonmasang, asta ushlab ko'r! Faqat qimirlab yuborma! Qani, joyidamikan?
— B-Botirniki…
— Botiring kimligini bilmadim-u, — dedi vrach hamshiraga ko'z qisib. — Lekin bizning bo'limda unaqa yigit yo'q. Hech kimning oyog'ini ham kesmadik. Tushingga kirgandir-da yomon narsalar! Asabiylashma, juda ehtiyot bo'l qizim! Hozir hamshira opang ukol qip qo'yadi, picha uxlasang, yaxshi bo'p qolasan!
Ortiq so'zlashga Manzuraning kuchi yetmadi. Hamshira tomiriga ukol qilgach, hech qancha o'tmay, uxlab qoldi.
* * *
Oradan ikki hafta mo'lroq vaqt o'tgach, Manzurani o'tqazib qo'yishdi. Umurtqasida og'riq tuyardi-yu, ammo birinchi kundagidek emasdi. Xuddi ari chaqqan kabi chimillab qo'yardi-da, qo'yib yuborardi.
Manzura o'tirish baxtiga muyassar bo'lgandan so'ng yuztuban yotish qanchalar azob ekanini chuqurroq his etdi. O'tirishga imkon bergani uchun xudoga shukr qildi. Nafas olishi ham yengillashdi. Birinchi kuni isitmasi tushmay azob bergandi. Endi bu balodan ham qutulibdi. Ammo xayolida hamon o'sha manzara gavdalanaverardi. Shuncha kun o'rinda yuztuban yotdi, lekin Botirning tovushini eshitmadi. Balki uxlab qolgan mahal kelib tez ketib qolgandir. Chunki Manzura uyg'onib ham sira uzoq vaqt yota olmadi. Charchab qolaverdi va hamshira darrov ukol qilib uxlatib qo'yaverdi…
«Xizrni yo'qlasang hozir», deganlari rost ekanmi, bugun o'tira olganidan ko'ngli ravshan tortib uni eslay boshlaganda, o'zi kirib keldi.
Biroq oyoqlari bus-butun, aravachada ham emas. Manzuraning o'tirib olganini ko'rib Botirning chehrasi yorishdi va og'zining tanobi qochgancha karavotga yaqin kelib qo'lidagilarni tumbochka ustiga qo'ydi-da, Manzuraning yoniga cho'kdi.
— Oyoq… Oyoqlaringizni kesishmaganmidi? — so'radi Manzura hadeganda Botirning oyoqlaridan ko'z uzmay. — Axir… Siz aravachada o'tirgandingiz-ku! Menga muhabbatingizni isbotlamoqchi bo'lib chiqib ketgandingiz. Keyin esa aravachada qaytgandingiz. Yo men…
— Ha, sen yomon tush ko'ribsan, — dedi Botir Manzuraning qo'lini kaftlari orasiga olib. — Bunaqa tushlarni darrov xayoldan chiqarib tashlash kerak. Irimi shunaqa. Xo'sh, kesilgan yering og'rimayaptimi? Qiynalmayapsanmi?
— Mening oyoqlarimniyam kesishgandi, — dedi Manzura javob berish o'rniga. — Keyin… Ushlab ko'rsam, joyida turibdi… Rostdanam yomon tush ko'ribman shekilli… Aytgancha… Menga nima bo'ldi o'zi? Nega bu yerda yotibman? Nimaga orqa tarafimni kesishibdi?
— Sen o'zingni mashina tagiga otganing esingdadir? — dedi Botir jiddiy tortib. — Yo eslay olmaysanmi?
— Esimda… Ammo keyin nimalar bo'lgani esimda yo'q.
— Umurtqa suyagingmi-ey, qattiq lat yegan ekan. Operatsiya qilishdi. Xayriyat, hozir kelayotib do'xtiringga uchrashgandim, ko'nglimni ko'tardi.
— Nima dedi? Uyga javob berarmikan? — hovliqib Botirga qattiqroq tikildi Manzura. — Gapiring, nima ekan?
— Asosiysi, sen nogiron bo'p qolmas ekansan. Xavf ortda qopti. Vaqtida opkelganimiz foyda beribdi. Shunday ekan, niyatni yaxshi qilaver, Manzura, nasib bo'lsa, ikki-uch oyda oyoqqa turib ketasan.
— Haligi… Uyim nima bo'ldi? Axir…
— Uying joyida turibdi, — dedi Manzuraga o'tli boqib Botir. — Men shuncha kundan beri kelmaganimga ranjima. Murod aka «mujik»lik qildi. Shuncha kun uyingni ta'mirdan chiqardik. Ammangning ishi tergovga oshirilibdi. Hademay, tergovchilar ham kep qolishsa ajabmas. Sen-chi, ularga haqiqatni aytgin! Ammangni yoqlab qo'ymagin! Iflosga ifloslarcha muomala qilish kerak.
— Murod aka yordam qildi deng? — jilmayib boshini egdi Manzura. — Yaxshi odam ekan, xudo rozi bo'lsin undan! Voy, siz so'ramadingizmi? Men yana raqs tusha olarmikanman? Yoki…
* * *
Botir javob berishga shoshilmadi. Hoynahoy, yaqin o'tmishdagi voqealar yodiga tushib bezovtalana boshladi. Bir necha marta bosh qashib qo'ydi. Manzura esa undan javob kutardi.
— Ochig'ini aytaymi? — yalt etib Manzuraga tik boqdi Botir. — Xafa bo'lmaysanmi?
— Yo'q, ayting! Faqat haqiqatni ayting!
— Sen bundan keyin raqs tushmas ekansan. Murod aka shunday dedi.
— Nimaga? Nogiron bo'p qolarkanmanmi?
— E, qanaqa nogiron? Aytdim-ku, bunaqa yomon narsalarni o'ylama deb! Murod aka aytdiki, bundan buyon sen hofizalik qilarkansan.
— Hofizalik? Ie, nega-a? Men… Qo'shiq aytishni bilarmikanman?
— Bilasan-ku! O'zim necha marta eshitganman. Ovozing zo'r-ku!
— E-e-e, kulavermang ustimdan! Qachon eshita qoldingiz?
— Uyingda aytarding. Hovli supurayotganingda, ashula aytarding. Men bo'lsam, devoringning nariga yog'ida turib maza qilardim. Yuraklarim sel bo'lib ketardi…
Manzura indamadi. Chunki Botir haq edi. Ashulani ham yomon aytmaydi. Buni o'zi ham biladi. Biroq… Yana to'yga yursa, hofizalik qilsa, mahalladagilar nima deydi? Botirning o'zi-chi?.. Bunday mard yigitni umri bino bo'lib ko'rmagandi. Hamma injiqliklariga chidayapti, koyib tashlasa ham baribir suzilib kelaveryapti. Yigit bo'lsa, shunchalik bo'lar-da! Manzura surishtirib kelganda, bir yetimcha bo'lsa, nomard, munofiq ammaning turtkilarini yeb katta bo'lgan. Nimasiga noz qiladi? Mayli, raqqosaligida Botirning or-nomusini poymol qilmaslik uchun rad etishga majbur bo'lgandi. Unga achchiq ham qilib ko'rdi. Nima topdi? Topgani kasalxona bo'ldi. Sal qursa nogiron bo'lib qolayozdi…
— Siz ruxsat beraverasizmi? — so'radi Manzura xayollarini nari haydab. — To'yga yurishimga indamay qarab turaverasizmi?
— Nega qarab turarkanman? — dedi Botir jonlanib. — O'zim senga qo'riqchi bo'lib yollanaman. Maylimi?
— Yo'q, endi bir kamim sizning to'yma-to'y orqamdan ergashib yurishingiz qolibmidi?!. Meni it yemaydi.
— Bilaman. Shuning uchun ruxsat beraman. O'zimga ishonmasam ham, senga ishonaman! To'xta, nega buni so'rading? R-rozimisan? Muhabbatimni rad qilmaysanmi endi?..
Manzura asta yer ostidan Botirga kulib boqdi-da, boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi…
* * *
… Ko'z ochib yumguncha uch oy ham o'tib ketdi. Manzura bemalol qaddini ko'tarib yura oladigan bo'ldi. Uni Botir va Murod birgalikda qayta ta'mirdan chiqqan hovlisiga olib kelishdi. Qo'shnilarning yelib-yugurishini ko'rib, Manzura ko'zlariga ishonmasdi. Hatto, yaqinda uni qishloqdan haydash bilan qo'rqitgan oqsoqol ham birrovga kelib duo qilib ketdi.
Buyog'iga Botirning singlisi Zulxumor Manzura bilan yotib yuradigan bo'ldi.
Qiz bo'lg'usi kennoyisi akasi bilan iliq munosabatdaligiga, bir kun kelib baribir turmush qurishlari muqarrarligiga amin bo'lgandan beri Manzuraga ilgarigidan-da ko'proq mulozamat qilar, xushomadga endi oddiy to'n emas, zarbof to'n kiydira boshlagandi.
— Murod aka, Botirdan eshitib qoldim, — dedi bir kuni Manzura. — To'ylarga hofiza bo'lib boramanmi endi?
— Bekor gap, — kulib javob qildi Murod. — Qaysi jinni seni hofiza qilib to'yga oborarkan? Botiring bekorning beshtasini aytibdi.
— Nima?.. Unda nima qilaman? Siz… Yordam bermaysizmi?.. Ha-ya, nima deyapman o'zim? Shundog'am ikki dunyoning yaxshiligini qip qo'ygansiz. Ahmoqqa o'xshab bema'ni savollar berishimni qarang. Baribir men sizdan umrimning oxirigacha minnatdor bo'lib yashayman, aka! Iloyim kennoyim bilan qo'sha-qarib yuringlar!..
— Ie, yaxshi qiz, halitdan meni qatordan chiqarib qo'ydilarmi? — hazil aralash so'radi Murod yana kulib. — Yaxshima-as! Insofdan ema-as!..
— Voy, kim sizni qatordan chiqaribdi? — dedi kuyinib Manzura. — O'zingiz…
Murod indamay o'rnidan turdi. Yaxshilab kerishib olgach, erinmasdan uyning qayta ta'mirdan chiqarilgan joylarini ko'zdan kechirdi. Ahyon-ahyonda Manzura tarafga bildirmasdan o'g'rincha ko'z tashlab oldi. Manzura javobini intiqib kutayotganini ko'rib turgan bo'lsa-da, atayin shoshilmadi. Bu orada Botir ham ikki qo'lida mayda-chuydalar to'ldirilgan xaltachalarni ko'targancha kirib keldi. Qo'lidagilarni shosha-pisha bir chetda Manzuraga tikilgancha kulimsirab o'tirgan singlisiga tutqazdi-da, kela solib Murod bilan quyuq so'rashdi. Keyin Manzuraga javob berdi.
— Botir, bu qizingga aytib qo'ygin, — deya hazillashishda davom etdi Murod ko'z qisib. — Meni qatordan chiqarib qo'yibdi hozirdan. Endi… Kelmasam kerak bu uyga. Uzr, uka, mabodo ranjitgan bo'lsam…
— Vay, nega unday deyapsi-iz?
Manzura hazilni tushunmadimi, yig'lagudek bo'lib Murodga yuzlandi.
— Axir… Men so'radim xolos-ku! O'zingiz javob bermayapsiz?
— Hazil, hazil, singiljonim, — Murod Botirning yelkasiga qoqib qo'ydi-da, so'riga yaqinlashib Manzuraning yoniga cho'kdi. — Mazang bo'lmay, hazil-huzulniyam tushunmaydigan bo'p qolibsanmi?
— Yo'-o'q, — dedi bolalarcha erkalanib Manzura. — Hazilni tushunsam kerak sal bo'lsayam?!. O'zingiz ochig'ini aytmayapsiz. Shunga xavotir olyapman-da!..
— Ochig'ini aytaymi?
— Albatta ayting, aka! Yuragim qo'rquvdan yorilib ketay deyapti, axir!
— Unda eshit. Bugundan e'tiboran hech qanaqangi to'y-po'y haqida gap bo'lmaydi.
— N-nimaga? Tuzalib qoldim-ku!
— Shuning uchun ham to'yga chiqmaysan.
— Unda nima qilaman?.. Ha-ya, esim qursin… Unda ilgarigiday odamlarning idish-tovoqlarini yuvib…
— Bekorlarni aytibsan! — gapni kesdi Murod. — Gapni oxirigacha eshitgin-da! Idish-tovoq yuvishga hali ulgurasan. Joninggayam tegib ketadi. Mana, Botir «bratishka»minan turmush qursalaring, rosayam uyida idishi ko'p. Xumordan chiqquncha yuvaverasan!..
— Ajab bo'pti! — yanada erkalangannamo suzilib javob qildi Manzura. — Sizlarga hazil bo'lsa…
— Toshkanga jo'naysan, — davom etdi Murod. — O'sha yerda konservatoriyada o'qiysan. Faqat raqqosalikkamas. Hofiza bo'lasan kattakon. Ana shu o'qishni bitirsang, ishon, o'zim senga prodyuserlik qilib, birinchi navbatda shu qishloqdan to'y olaman. Xudo nasib qilsa, yuzingga loy chaplaganlarning oldida shunday kuylaginki, shunday nolalar bilan kuylaginki, o'sha ahmoqlar uyalganidan, sharmanda bo'lganidan qochgani joy topolmay qolsin. Ana o'shanda sen bilan biz rosmanasiga g'alaba qozonamiz!..
Manzura Murodning so'nggi gaplarini eshitgandanoq yuragi orziqib, quvonchdan, shukronalikdan yorilay deb o'tirgandi. Ortiq bu taxlit o'tira olmadi. Beixtiyor o'pkasi to'lib, ko'ngli bo'shab yig'lab yubordi va ikki kafti bilan yuzlarini yashirib oldi.
Telbaning ishini xudo o'nglashi yana bir karra ma'lum bo'ldi. Hazil-hazil bilan Murod Manzurani poytaxtga olib kelib konservatoriyaga joylab qo'ydi. Suhbat chog'ida konservatoriya muallimlari abiturientning ijrosini oxirigacha eshitib o'tirishmayotgandi. Hatto, ba'zilar qo'shiq boshlagandayoq to'xtatib tashqariga chiqarib yuborishganlarini ko'rdi. Ammo Manzuraga nisbatan unday qilishmadi. Suhbat talabiga ko'ra, mumtoz ashulalardan birini ijro qilishi lozim edi. Manzura o'zining eng sevimli ashulasini kuylab berdi. Muallimlar sel bo'ldi. Ashulani oxirgi nuqtasigacha bosh silkitgan holda, ba'zilari jilmayib tinglashdi. Manzura ham obrazga kirib ketdimi, ashula boshlagandanoq yaqin o'tmishi ko'z oldida gavdalana boshlagandi. Qabrda mahtal yotgan ota-onasini eslab kuydi. Shubhasiz, bu tuyg'ularning barchasi ashulaga singdi. Murod ham kutmagan ekan. Ashula tugagani hamono azbaroyi quvonib, ta'sirlanib ketganidan yugura kelib Manzurani quchib oldi.
— Bu qizni biz konservatoriyaga qabul qilamiz, — dedi imtihon oluvchilarga rahbarlik qilayotgan yoshi yetmishlarga borgan muallim. — Qizim, sen xudo xohlasa, mening guruhimda o'qiysan. Mening ismim Vohid Azlarovich.
***
Manzura tanish ismni eshitdi-yu, ko'zlari chaqchaygancha bir muddat qotib qoldi. Chunki Vohid Azlarovich butun dunyoga mashhur bastakor, manaman degan san'atkorlar, hofizlar xuddi shu domlaning qo'lida ta'lim olgan. Eshitgandi, hamma aynan shu domlaning ta'limini olishga harakat qilarkan, yugurib-elib, kerak bo'lsa, tanish-bilishlarni ishga solarkan. Manzura esa birgina ashula bilan shu baxtga erishib tursa. Qanday baxt!..
— Sen asosan mumtoz yo'nalishda ijod qilishing kerak, — dedi domla Manzura chiqib ketayotganda, yelkasiga qoqib. — Sendan ajoyib bulbul chiqadi, ishon! Men o'sha bulbulni to'g'ri va yanada chiroyli, ravon kuylashga o'rgataman. Bardam bo'l, dangasalik qilib qo'yma!..
* * *
Ular Murod bilan birga konservatoriya ichkarisidan chiqib qator ekilgan archalar ro'parasiga kelishdi. Manzura hanuz hayajonlanishdan tiyila olmasdi. Uzun kipriklari pirpirab-pirpirab, ko'ngli bo'sh emasmi, lablari pulkillab ketayotgandi.
— Afsus, Botirniyam ola kelsak bo'larkan, — dedi Murod yo'ldan turnaqator bo'lib g'iz-g'iz o'tayotgan mashinalarga o'ychan boqib. — Bugungi natijangni uyam ko'rib xursand bo'lardi.
— Opkelmaganimiz yaxshi bo'ldi, — dedi Manzura. — Keyin eshitgani yaxshi. Murod aka, men sizning oldingizda xijolatda qoldim. Shuncha yaxshiliklar qilib tashladingiz. Qanday minnatdorchilik bildirishniyam bilmayman. Bu qarzimni umrimning oxirigachayam uzib tugata olmasam kerak.
— Uza olmaganing yaxshi-da, — suhbatni hazilga burdi Murod. — Tez uzib bo'lsang, boshqa prodyuserga ketib qolsang, men nima qilaman?
— Qo'ying-e, — qo'l siltadi Manzura. — Men undaylardan emasman.
— Hazillashdim… To'xta, senga bir syurprizim bor.
— Voy, yana qanaqa syurpriz?
— Hozir ko'rasan. Shu yerdan qimirlamay tur. Men hozir chiqaman!
— Xo'p.
Murod ildam qadamlar bilan konservatoriya ichkarisiga kirib ketdi. Oradan ikki-uch daqiqa o'tib-o'tmay, xotini Ro'zixonni yetaklab chiqdi.
***
Manzura hech narsaga tushunmasdi. Axir, ular Murod bilan birga kelishgan shaharga. Bu ayol qachon keldi-yu, qanday kelib qoldi bu yerga?..
Hali xayollarini bir nuqtaga jamlab ulgurmay, Murod va Ro'zixon unga yaqinlashib ulgurishdi.
— Mana, endi boshqatdan tanishasan ikkalang. Manzura, bu Ro'zixon opang. Ko'rgansan uyda necha marta. Lekin tanishib, gaplashmagansizlar. Faqat iltimos, kennoyi deb chaqirganingni eshitmay!
— Voy, nega? — Murodga hayrat aralash boqdi Manzura. — Nima deb chaqiraman unda?
— Nima deb chaqirarding? Opa deb chaqirasan. Bilasanmi nega?
Manzura battar hayrati oshib bosh chayqadi.
— Ro'zixon, sen Manzurani taniysan, shundaymi?
— Albatta taniyman, — javob qildi Ro'zixon. — Uygayam necha marta borganlar.
— Bilasanmi, shu qiz mening ko'nglimga o'tirishdi. Shuning uchun Manzurani qiyomatli singlim dedim. Eshityapsanmi, Manzura, sen endi qiyomatli singlimsan. Rozimisan?
Manzura kutilmagan gaplarni eshitgach, butkul dovdirab qolgandi. Na jilmayishni, na javob qaytarishni bilardi. Nuqul goh Murodga, goh Ro'zixonga javdirardi.
— Albatta roziman, — dedi nihoyat sal o'zini qo'lga olib. Shu gapni aytdi-yu, ko'zlari jiqqa yoshga to'ldi. — Akam yo'g'idi, mana, xudoyim shunday mehribon, kuyinchak akaga uchrashtirdi.
— Manzuraxon, — endi Ro'zixon gap boshladi. — Akangizning singlisi bo'ladi-yu, meniki bo'lmaydimi? Menam sizni qiyomatli singlim dedim. Nima deysiz?..
***
Manzura shu tobda javob bera olmasdi. Javob berishga ojiz edi. Baribir o'zini idora eta olmadi. Beixtiyor Ro'zixonni mahkam quchoqlab oldi-yu, yig'lab yubordi.
— O'zimning hofiza singlimdan o'rgilay, — deya erkalardi Ro'zixon ham Manzuraga javoban yig'lamsirab. — Akangiz ikkovimiz sizday singlimiz bo'lishini orzu qilardik. Xudoyimga shukr, mana, topdik sizni! Dadasi, singlingiz bugun o'qishga kirdi hisob. Shunday emasmi?
— Albatta, — deya Manzuraning boshiga boshini qo'ydi Murod. — Bugun Manzura singiljonim kimsan Vohid Azlarovichning og'zini lang ochib qo'ydi. Eshitganingdaydi nimalar deganini! O'zi guruhimda o'qiysan dedi. Bilasanmi u domlaning guruhiga kirish qanday qiyinligini? Sattang-a boyvachchalarning bolalariyam yugurib yuradi orqasidan.
— Siz-da, — erini koyigan bo'ldi Ro'zixon. — Opkirsangiz bo'lardi-ku meniyam! Tanishlaringiz ekan hamma domlalar!
— Manzura hali ko'p hayron qoldiradi domlalarni. Keyingi safar albatta seniyam opkiraman.
— Akajon, — ilk bor shu so'zni tiliga ko'chirdi-yu, Manzuraning vujudi titrab ketgandek bo'ldi. — Endi menga ayting, opam biz bilan kelmagandi-ku shaharga! Qanday keldilar? Nega kelganlarini menga aytmadingiz?
— Buyam syurpriziydi. Atayin indamagandim senga. Opang hadeb qo'ng'iroq qilib boraman deyavergandan keyin shaharga keladigan bir tanishimdan iltimos qiluvdim. Sen ichkaridaligingda tashqariga chiqdim-u, esingdami?
***
— Ha, esimda. Lekin darrov qaytib kirgandingiz.
— O'shanda opangni kutib olib, ichkariga boshlab kirdim. Qarasam, sen suhbatga kirib ketibsan. Boshqa bir xonaga o'tqazib qo'ydim-da, ana undan keyin suhbat o'tayotgan xonaga kirdim.
— Men baxtiyorman, — dedi Manzura hamon Ro'zixonni qo'yib yuborgisi kelmay. — Endi meniyam akam, opam bor. Xudo xoxlasa, qishloqqa borsam, dugonalarimga rosa maqtanaman, mana ko'rasizlar!
— Sen hali-veri qishloqqa bormaysan, — dedi Murod birdan jiddiy tortib.
— Voy, nega?
— Chunki, boshida senga aytganman. Yo'q, uniyam qo'yib turing, hali, hurmatli singiljonim, oldinda sizni to'rt birday imtihon kutib turibdi. Ularni topshirishingiz kerak. Ana innaykeyin o'sha yaqinda aytgan gapim gap. Qachon mashhur hofiza bo'lsang, o'shanda men aynan qishlog'ingdan to'y olaman. Ana o'shanda kirib borasan. Dushmanlaring, anavi ammang, xullas, hammasi ko'rib qo'ysin! Aytgancha, senga bir gapni aytmabman. Seni mashinasida urib ketgan haydovchini oqlashdi. Ochig'i, o'zimniyam ko'nglim bo'lmadi uni qamatishga. O'zingam shunday deb tilxat yozib bergan ekansan. To'g'rimi?
— Ha, yozib bergandim. Chunki u kishida ayb yo'g'idi. Men o'zboshimchalik qilib mashinasining tagiga o'zimni otganman
— Xo'sh, umurtqang yaxshimi endi ancha? Yo azob beryaptimi?
— Ilkis qimirlab yuborsam, og'riydi. Lekin birinchi kunlardagidaymas.
— Juda yaxshi, hali ko'rmaganday bo'p ketasan. Qani, endiyam mashinaning tagiga o'zingni otib ko'r-chi, nima qilarkanman!..
— Aka, xijolat qilavermang odamni, — aybdorona yer chizdi Manzura. — Bir ahmoqlik qip qo'ydim-da! Aytgancha, aka, ammamniyam qo'yib yuborishlarini so'rab murojaat etgandim melisalarga. Xabaringiz bo'lmadimi? Qo'yvorishibdimi?
— Ha, — norozilanib boshini ters burdi Murod. — Yuribdiykan boshqa qishloqda. Qanaqadir qondoshi bormish o'sha yerda. Sen taniysanmi-yo'qmi… Xullas, o'sha qondoshinikidaymish… E, o'lib ketmaydimi? Qo'yaver, endi o'tmishni unut! Hammasi yaxshi bo'ladi. Qani, yaxshilar, adashmasam, singiljonimning suhbatdan o'tganini yuvmoqchiydik shekilli? To'g'rimi?
— Albatta, — dedi Manzurani mahkam quchib Ro'zixon. — Qani, opa-singilni bir mehmon qiling-chi, yaxshi yigit!..
Ular qo'l ushlashgancha taksi to'xtatish niyatida katta yo'l bo'yiga qarab jo'nashdi.
* * *
Uchchovlari kafeda ovqatlanishgach, istirohat bog'ini aylanishdi. Muzeylarga kirishdi. Xullas, to qosh qorayguncha sayr qilishdi. Manzuraning kesilgan joyi endi-endi og'riy boshladi. Buni ko'p piyoda yurib borganga yo'ydi-yu, chidadi.
Murod u kelajakda yashashi uchun konservatoriyaga yaqin joydan ijaraga kvartira ham topib qo'ygan ekan. Uchchovlari to'g'ri o'sha kvartiraga borishdi.
Qishloqda o'sgan emasmi, kvartira ichkarisi toza, shinamligini ko'rib, Manzuraning havasi ketdi. Ichida kelajakda shunday kvartirasi bo'lishini orzulab qo'ydi. Ammo buni yonidagilarga sezdirmadi.
Ro'zixon kelib picha nafas rostlagach, oshga unnay boshladi. Murod esa Manzurani yoniga o'tqazdi-da, atayin uzoqdan gap boshladi.
— Bu shaharning to'ylarini bir ko'rsayding, — dedi u derazadan tashqariga boqib. — Fayz deganning bari shu yerdagi to'ylarda. Tartib ham ko'ngildagidek. Ichkilik ichib kayfi oshsayam, biz tarafdagilarga o'xshab to'polon ko'tarishmaydi. Mahalla oqsoqolidan qo'rqishadi.
— E, qurib ketsin o'sha to'ylariyam, — qo'l siltab yuzini ters burdi Manzura. — Atayin ko'zimni kuydirish uchun to'ylarni maqtayapsizmi, akajon?
— Ha-da, — birdan jonlanib o'rnidan turib ketdi Murod. — Men nasib bo'lsa, gaplashib qo'yganman imtihonlaringniyam. E, Vohid Azlarovich ham qarab turmaydi. Xudo xohlasa, o'qishga kirib, sentyabrdan darslarni boshlaysan. Ammo gap bundayam emas. Men har hafta ikki martadan shaharga kelib turaman. Aytgandim-ku, raqqosa qizlar bor deb! O'shalardan xabar olaman! Shu bahonada to'ylarning fayzini olaman. Nima qilay? Tirikchilik-da! Endi asosiysini eshit… Qishgacha ancha ovozing ochilib, nafas mashqlarini o'zlashtirvolasan.
— Nega? — hayron bo'lib so'radi Manzura. — Sportchilikkayam o'rgatishadimi bu yerda?
— Qanaqa sportchi? — kulib yubordi Murod. — Ashulada birinchi bo'lib nafasni to'g'ri olib, chiqarishni o'zlashtirishing kerak. Shunday havaskorlar qatorida ashula aytganingda buni sezmaysan. Lekin professional hofizlar ishni ana shu nafas mashqidan boshlaydi. Hali o'zing ko'rarsan, domlalar maxsus dars o'tadi. «Ustoz ko'rgan hofiz» deb xuddi o'shandaylarni aytishadi. Ustoz ko'rgan hofiz mumtoz ashula bo'ladimi, zamonaviy estradami, baribir nafas olib, chiqarishni chuqur o'zlashtirgan bo'lishi kerak. Aks holda aytgan ashulasi chiroyli chiqmaydi.
— Ha-a, shunaqami? — deya aybdorona yer chizdi Manzura. — Aytishingizga qaraganda, ashula aytisham qiyin ishga o'xshab qoldi, aka.
— Kim senga oson dedi? Albatta qiyin. Ammo sen uddalay olasan. Olti oy shu yerda o'qigin, darrov seziladi o'zgarish. Qisqasi, singilginam, qishda xudo xohlasa, birga-birga to'yga chiqamiz. Lokigin bu gal ashulachi bo'lib borasan…
Murod va Ro'zixonlar shu kuni kechqurun qishloqqa jo'nashdi.
Manzura esa kvartirada qoldi.
U gaplashib qo'yilgan bo'lsa-da, imtihonlarga yaxshilab tayyorgarlik ko'rishi shart edi.
Akasi tayinlab ketgandi.
Davomi bor
