Xtales.ru

Killer 5 (kamolov) copy

***

— Hoy bola, qayoqqa? — Vali bildirmaygina chiqib ketmoqchi edi. Bo'lmadi. Ma'fura xonasi eshigini ochib qo'yib tashqarini kuzatib o'tirgan ekan. — Qani, tez orqangga qayt-chi!..

Bunday lahzalarda arzigulik yolg'on to'qimasang, baloga qolganing shu. Vali avvaliga nima deyishni bilmay qoldi. Biroq bu taxlit turaverish o'zining boshiga balo bo'ladi. Nimadir o'ylab topishi shart.

— Bilasizmi, xola, — dedi nihoyat tavakkal. — Derazadan aravachamning bitta bolti tushib ketdi. O'shani opkevolay!..

— Nima bo'pti tushib ketsa? — beparvolik bilan so'radi Ma'fura.

— Chiqib kela qolay, jon xola!..

— O'lg'on gapirsang bilasan-a nima bo'lishini?! — ishonqirab-ishonqiramay asta o'rnidan qo'zg'aldi Ma'fura.

— Xudo ursin, yolg'on gapirganim yo'q. Ishonmasangiz, yuring, o'zingiz ko'rasiz!

— Jinni bo'libman-da endi senminan yetaklashib yurib!.. Bilib qo'y, agar aldasang, teringga somon tiqtiraman!..

— Yo'-o'q, hozir o'sha boltni olaman-u, qaytaman…

— Bo'pti, tez chiqib kel!..

***

Vali shaharning qaysi burchagida ekanini bilmasdi. Katta yo'l bo'yiga chiqib olgach, duch kelgan tomonga qarab keta boshladi. Eng asosiysi, anavilar payqab qolib orqasidan tushishmasa bas…

— Eh, rosa bopladim-da! — qora terga botsa-da, ich-ichidan quvonib o'ziga-o'zi so'zlanardi u. — Xarib qip ketdim o'ziyam!..

Ancha yo'l bosdi. Ammo hamon qaerlarda yurganini anglay olmasdi. Hamma ko'chalar go'yoki bir xildek. O'sha chorrahalar, o'sha svetoforlar, o'sha mashinalar… Qani o'zi Qo'yliq?..

Oxiri to'xtadi. Harqalay, yotoqxonadan uzoqlashib ketganiga ko'zi yetdi. Ortiq yurishga xoliyam qolmagandi…

To'xtagach, qorni tatalab borayotganini his qildi. Shosha-pisha cho'ntaklarini paypaslab ko'rdi. Hech vaqo yo'q.

— Ifloslar! — deya g'udrandi Vali. — Bir tiyin ham qo'yishmabdi. Teshib chiqsin!.. Hali qarab turishsin, ko'rsatib qo'yaman ularga!..

Qiyinchilikni ko'p ko'rgan odam mushkul vaziyatdan chiqib ketishning yo'lini baribir topa oladi. U ham atrofga ko'z yugurtirdi. Katta chorraha. Bemalol mashinalar oralig'iga kirib tilansa bo'ladi.

“Qornimga yarasha pul topsam bo'ldi. — ko'nglidan o'tkazdi Vali. — Keyin… Bironta haydovchidan iltimos qilib ko'raman. Qo'yliqqa oborib qo'yar…

— Ha, okasi, — Vali hali yo'l o'rtasiga chiqib ulgurmay, ro'parasiga kelib to'xtagan mashina haydovchisi oynadan boshini chiqarib qichqirdi. — Hoy bola, buyoqqa kel!..

— Nima deysiz, amaki? — ehtiyotkorlik bilan mashinaga yaqin bordi u.

— Kechasi nima qilib yuribsan ko'chada? O' uying yo'qmi?

— Tirikchilik qilib yuribman.

— Shu mahalda tirikchilikka balo bormi? To'xta, mashinaga chiqarib qo'yaman hozir!

Haydovchi tezda pastga tushib Valini dast ko'tardi-da, mashinaga o'tqazdi. Aravachasini yukxonaga joylab o'zi ham rulga o'tirdi.

— Xo'sh, ayt-chi, uying bormi?

— Yo'q.

— Unda… Qaerda tunaysan?

— Qo'yliqqa ketayotgandim.

— Qo'yliqqa? Uyoqda nima qilasan?

— Qarindoshim bor, amaki!

— Shunaqa degin? Bo'pti, seni Qo'yliqqa oborib qo'yganim bo'lsin!

— Rahmat…

— Qo'yliqning qaeriga oboray? — Vali tomonga o'girilib so'radi haydovchi.

— Qo'qon mahallasiga.

— Ha-a, shunaqami?.. U yerda qanaqa qarindoshing bor?..

— Siz baribir tanimaysiz u odamni.

— Ie, nega tanimas ekanman. Menam o'sha mahallada turaman. Aytaver!

— Mergan aka. — ohista shivirladi Vali.

— Buni qara-ya! Meniyam otim Mergan aka. Mahallada boshqa Mergan aka yo'q-ku!..

Vali avvaliga qo'rqib ketdi. Bu odam gapini yolg'onga yo'yib mashinadan tushirib yuborishidan cho'chidi. Nima qiladi endi?.. Ha-a, Botir akasini aytib ko'rsa-chi?..

— Siz Botir akani taniysizmi? — nihoyat o'zini qo'lga olib so'radi Vali.

— Qaysi Botir?

— Qo'l-oyoqlari yo'q. Afg'onda bo'lgan.

— Nima?.. Sen… Uni qaerda ko'rding? Qaerda u?..

— Biz u kishi bilan birga yotoqxonada turardik. Qaysi yotoqxonaligi esimda yo'q. Birinchi ko'rishim u yerlarni.

— Xo'sh, keyin-chi?

— Botir akam menga sizning manzilingizni berdi. Uchrashishimni aytdi.

— E, shunaqa degin? — qo'llarini musht qilib Valiga qattiq tikilib qoldi haydovchi. — U… Axir mening eng yaqin do'stim edi-ku!.. Eh, qaysar yigit. Nega to'g'ri mening oldimga bormadi?.. Bo'pti, hozir menikiga boraylik. Keyin esingga tushib qolar o'sha yotoqxona…

Mashina joyidan jildi. Vali hamon o'sha Mergan akaga duch kelib qolganiga ishongisi kelmay, mashinaning kichik oynasidan haydovchining yuzlariga qayta-qayta tikilib qarardi…

***

— Sen bolaga ja jabr bo'pti-da! — Mergan aka mashinasini garajga qo'yib chiqqach, hovli o'rtasida to'xtab qolgan Valining yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Xo'sh, qo'lingdan nima keladi?..

— Hamma narsa keladi.

— Odam o'ldirish keladimi?

— Odam… — Vali to'satdan to'xtab qoldi. — B-bilmadim…

— Ana, ko'rdingmi, tag'in qo'limdan hamma narsa keladi deysan…

Vali qo'rqib ketdi. Ie, tag'in ko'chaga haydab solsa-ya!.. Qaerga boradi keyin?.. Nimaga ha deb qo'ya qolmadi?.. Eh!..

— Rogatkadan zo'r otaman! — dedi hovliqib. — Ishonmasangiz, ko'rsatishim mumkin.

— Bo'pti, ertaga ko'rsatarsan. Hozir yur, yotib damingni ol!.. Aytgancha, yotoqxona esingga tushdimi?..

— O'toqxona… Agar men mashinangizga chiqqan yerga oborsangiz, uyog'i esimga tushadi.

— Xo'p, ertaga albatta olib boraman…

Uy egasi Valini aravachasi bilan ko'tarib marmar zinalardan yuqoriga olib chiqdi-da, katta bir xonaga olib kirdi.

— Mana shu yerda yotasan. — dedi u kulimsirab. — Yaxshilab uxlagin. Ertaga yotoqxonangga borib, Botir akangniyam opkelamiz!

— Xo'p bo'ladi amaki!..

— Qani, endi men seni karavotga yotqizib qo'yaman!

Vali qorong'ida e'tibor bermagan edi. Mergan akaning ko'zlariga boqarkan, etlari uvishib ketgandek bo'ldi. Erkakning ko'zlari negadir qizarib ketgan, yuzlari to'la chandiq ekan. So'ramoqchi bo'ldi. Biroq ko'zlariga yana bir qur tikilib ko'rib yuragi dov bermadi…

Yarim kechasi edi chamasi. Kimdir ichkariga kirib chiroqni yoqib yubordi. Vali seskanib boshini ko'tardi. Xona o'rtasida Mergan aka qalqib turardi. O'nida ikki nafar bo'ydor, basharalari qo'rqinchli yigitlar ham bor.

— B-bolakay, — g'o'ldiradi Mergan aka. — sen boya rogatkadan zo'r otaman debmiding?

— H-ha… — dedi Vali qo'rqa-pisa.

— Ma, rogatka senga! Manavi amakingni mo'ljallab ot-chi, xa-xa-xa!..

Yigitlardan biri karavotga yaqinlashib hiringlagancha uning qo'liga rogatka va toshchalar tutqazdi.

— Bo'l tez!.. — buyurdi Mergan aka. — Manavi cho'tir amakingning peshonasini mo'ljallab ot! Mabodo tekkiza olmasang, hoziroq ko'chaga itqitib yuboraman!

Mana shu gaplar bolaning yuragiga qattiq botdi. Shu paytgacha ham Mergan akani juda mehribon, saxiy odam ekan deb o'ylagandi. Hozirgi gaplari esa…

U qo'llari qaltirab rogatkaga toshchalardan birini soldi-da, Mergan aka ko'rsatgan yigitning peshonasini mo'ljalga olib turib cho'zmani qo'yib yubordi.

— Ih!.. — yigit engashgancha peshonasini ushlab bir yerda aylana boshladi. — Maraz!.. Hozir senga ko'rsatib qo'yaman!..

Yigit bir muddat aylanib turgandan so'ng qaddini g'oz tutib Valining tepasiga keldi va dast ko'tarib xonaning bir burchagiga qarata otdi.

— Voy, voy, voy-y-y!.. Oyog'i-im!.. — degancha ingrardi bola. Ammo uning zorlanishlariga e'tibor berishmadi. Qolagnlarning kulgisi ostida yigit Valini qaytadan ko'tarib olib derazadan katta ko'chaga tomon irg'itdi. Ketidan aravachasini ham…

***

Sho'rlik bola kayf-safo qurboni bo'ldi. Garchi chivindekkina joni omon qolgan bo'lsa-da, kesilgan oyoqlarining chimillab og'rishi joniga azob berdi. Shunda ham u ichkaridagilarning chiqib qolishlaridan, ko'tarib olib yana uyga olib kirib ketishlridan umid qildi. Ammo hech kim chiqmadi. Ahyon-ahyonda Mergan akaning beo'xshov kulgisi eshitilib turdi xolos…

Og'riq hiyla pasayib ingrashdan to'xtagandi. Ichkaridagilarning gaplari qulog'iga chalingandek bo'ldi.

— Bekor qilding-da urib!.. — bu Mergan akaning ovozi edi. — Kelib-kelib nogiron bolaniyam urasanmi? Shuncha gunohlaring kammidi?

— E, nimasiga achinasan, Mergan? Bunaqalar sotqin bo'lishadi. Qo'y, aroqdan quy yaxshisi!.. O'lmaydi. O'ziga kelsa o'rnidan turib aravasiga o'tirvoladi o'zi.

— Yo'q, oshna, hech bo'lmasa, ko'tarib ichkariga opkiraylik! Yarim kechasi bo'lsa… O'lib-netib qolsa, baloga qolib yurmaylik yana!

— Vey, qachondan beri qo'rqadigan bo'p qolding-a?.. Qayoqdagi bolani yetaklab kelgan sen ahmoq. Qo'y!..

Shu bilan ularning ovozi tindi. Vali aniq sezdi. Kimdir derazadan bir marta mo'ralab ham qo'ydi. Lekin qaytib ularning ovozlari eshitilmadi…

Shu lahzalarda ko'chadan bir qariya o'tib qoldi. Yerda eshitilar-eshitilmas ingrab yotgan Valini ko'rib yoqa ushladi. Qorong'ida timirskilanib uni aravachasiga o'tqazib qo'ydi.

— Bolajonim, sen kimning bolasisan?.. Nega bu ahvolda yotibsan?.. — asta shivirlab so'radi u.

Vali qariyaga javoban Mergan akaning uyini ko'rsatdi.

— Shunaqa degin?.. Yo'q, Merganning bolasi yo'g'idi… Sen uning o'g'limassan… Bu yaramaslar seniyam kaltaklashganga o'xshaydi… Go'ringda tik turgurlar! Kelib-kelib seniyam shu ahvolga solishadimi?.. Menga qara, tez bu yerlardan ket!.. Sen bu odamning kimligini bilmaysan. G'irt kallakesar, o'g'ri u. Joning o'zingga kerak bo'lsa, tezroq ket!.. Eh, bolajonim, jon deb seni uyimga opkirib ketardim-u, anavi yaramasdan qo'rqaman-da!.. Mayli, Xudo sabr bersin senga!..

Vali ko'z yoshlarini kafti bilan arta-arta, qariyaga rahmat aytib, mahalladan chiqib keta boshladi. Ancha yurib borgach, to'xtab orqasiga qaradi. Mergan akaning uyida hamon chiroq yonib turar, qariya esa, allaqachon g'oyib bo'lgandi…

***

Sargardonlik yosh tanlamas ekan. Vali Qo'yliq ko'chalarida ikki kungacha tentirab yurdi. Shahar-shahar-da, kimdir qo'liga non tutqazdi, kimdir pul berdi. Yana kimdir ko'nglini ko'tardi. Ammo hech kim uyiga olib ketmadi. Mergan akaning uyidan qay ahvolda chiqqan bo'lsa, shundayligicha qolib ketaverdi.

Yaxshiki, qo'lidan picha tilanchilik keladi. Shu yo'l bilan qornini to'yg'azdi.

Ammo qorong'i tushdi deguncha yuragi bezillardi. O'tkinchilarga mo'ltirab qarab qolish, sal qovog'ini uyib kelayotgan odamni ko'rsa, qo'rqa-pisa burchakka qisinish joniga tekkandi. Qo'llari sovqotib, oyog'ining kesilgan joylari simillab og'riy boshlaganda, o'zi bilmagan holda yig'lab nola qilardi.

— Ota-onam qani o'zi? — deya so'zlanardi u osmonga qarab. — Nega mening hech kimim yo'q bu dunyoda?.. Nega meni tashlab qo'yishdi?..

Bu nolalarni faqat uning o'zigina eshitar, har gal o'zi yig'lab, o'zi yupanishdan, yana tirikchilik tashvishini chekishdan bo'lak iloji yo'q edi…

Oxiri chiday olmadi. Beixtiyor esiga o'zi bir paytlar yashagan axlatxona tushib ketdi. Ha, uni axlatxonada hech kim turtkilamasdi. Birov nima qilayapsan deb ham so'ramasdi. Istagancha qichqirar, istagan yerida uxlab ketaverardi. Ayniqsa, daydi, piyonistalarning o'zaro urishishlarini ko'rish, ularni masxaralab qochish Valiga huzur bag'ishlardi. Eng asosiysi, axlatxonada qo'rqib yashamasdi.

Kunlarning birida tilanchilik qilib ancha-muncha pul yig'ib oldi-da, o'ziga yeguliklar oldi. Egniga yangi ko'ylak sotib oldi. Va tavakkal yo'lga tushdi.

Shu yaqin orada qator “dom”lar bor ekan. O'shalarni oralab axlatxona qidirishga tushdi. Yo'l-yo'lakay o'zi tengi bolalar Valini masxaralab qolishar, ota-onalari esa, bosh chayqab qo'yishardi…

— Mana men izlagan joy! — uzoqdan ko'ringan axlatxonaga ko'zi tushgan Vali o'ziga o'zi shivirladi. — Mana endi shu yerlarda yurib tilanchilikka boraveraman…

Ammo axlatxonaga yaqin borgach, turli badbo'y hidlarni dimog'ida tuyib ko'ngli ag'darilayozdi. Ancha chiqib qolgan ekan. Yarim soatlar chamasi og'zi-burnini berkitib axlatxona atroflarini aylanib yurdi.

— Yo'q, chidayman. — ko'nglidan o'tkazdi Vali. — Baribir chidayman. To'polon ko'chalardan shu yerlar ming marta yaxshi. Birov kimligingni so'ramaydi. Ko'nglingga yoqqan ishni qilib yuraverasan…

Shu tobda hov narida axlat titib nimalarnidir ajratib olayotgan baland bo'yli o'risga ko'zi tushdi. Nima olayotgani unga qiziq tuyulib, o'sha tomonga qarab yurdi.

Axlatlar har tarafga sochilib ketgandi. Ularni oralab aravacha bilan yurishning o'zi o'limdan qiyin.

Vali qiynala-siqtala o'ris erkakning yaqiniga bordi. Shu payt kutilmganda oldidan qora mushuk chopib o'tdi. E'tibor bermadi. O'risga sinchiklab tikildi. Yo'q, u axlat titmayotgan ekan. Qandaydir… Katta-katta qurollarni taxta qutidan olib qopga joylardi…

U orqada kimdir turganini sezdi shekilli, to'satdan orqasiga o'girilib, qo'lidagi avtomatni Valiga o'qtaldi.

Vali ham azbaroyi qo'rqib ketganidan shosha-pisha ikki qo'lini baland ko'tardi.

— Tы kto? — ruschalab so'radi erkak. Vali bu tilni umuman tushunmaydi. Qo'lini ko'targancha qotib turaverdi.

— Ya sprashivayu, tы kto? — qaytadan so'radi erkak.

— Men Valiman. — tavakkal dedi u hamon qo'lini tushirmay. — O'zing kimsan?..

Erkak ehtiyotkorlik bilan unga yaqin keldi. Ko'rdiki, oyoqsiz, aravachaga mixlangan…

Ohista qo'lidagi qurolni pastga tushirdi. Vali ham asta qo'lini tushirib, aravacha dastasini mahkam ushlab turdi.

— Chto zdes delaesh? — yana ruschalab so'radi u. Vali yelka qisdi.

— Ay, tы ne ponimaesh?.. Ayt, kimsan?

Vali uning o'zbekcha gapira boshlaganini ko'rib lol qoldi. Shoshilib o'zini qaytadan tanishtira ketdi.

— Men Valiman. O'zingiz kimsiz?

— Menmi?.. — erkak ohista aravacha yoniga cho'kkalab o'tirdi. — Hech kim. Ivan amaki deb chaqiraver. Xo'sh, nimaga kelding bu yerga?..

— O'zim… Tomosha qilib yuribman. Amaki, qo'lingizdagi avtomat-a?..

— Ha, — dedi Ivan o'siq soqolini kafti bilan silab qo'yarkan. — avtomat, bolakay! Bu bilan hazillashib bo'lmaydi.

— Uni qaerdan topdingiz?

— Tss!.. Indama. Menda ko'p. Agar birovga aytib qo'ysang…

— Aytmayman. Kichkina bolamidim?.. Mengayam bittasini bering!

— Hali yoshlik qilasan bunaqa narsalarga.

— Jon amaki!.. Bera qoling!.. Hov anavisini… Ha, o'shanisini bering!..

Vali ko'rsatayotgani haqiqiy snayper miltig'i edi. Ivan miltiqni qo'liga olib uzoq aylantirib turdi. Hayron bo'ldi. Shuncha qurolni kim bu axlatlar orasiga tashlab ketishi mumkin?.. Yo'q, bu yerda bir gap bor. Xudo ko'rsatmasin, hozir o'sha odam kelib qolsa, naq o'ldirib qo'ya qoladi. Chunki qurolni oddiy odam olib yurmaydi. Mafiyachilar… Ha, aniq o'shalar…

Biroq ular kim o'zi?.. Qaerda?..

— Bo'pti, ma, tez yashir!.. Ivan Valining qo'liga miltiqni shosha-pisha tutqazdi-da, qolganlarini sumkaga qaytadan joylab uyoq-buyoqqa alanglab olgan bo'ldi.

— Bor, ko'zimdan yo'qol endi! — o'dag'ayladi u sumkani qo'ltig'iga qisib. — Sen meni, men seni tanimayman!.. Sotib qo'ysang, o'ldiraman!

— Sotmayman! — kulib miltiqni aravachaning bir chetiga berkitdi Vali. — Jinnimidim?!.

Shu bilan ular ikki tomonga tarqala boshlashdi. Vali avval o'ris ketishini kutib turdi. U axlatxonadan chiqib, katta yo'l tarafga burilib ketgandan keyingina asta aravachasini g'ildiratib yo'lga otlandi…

Shu mahal uzoqdan bir mashina ko'rindi. U qarab turib mashina chet elniki ekanini darrov fahmladi. Yuragi nimanidir sezgandek ehtiyotkorlik bilan orqaga tislandi. Mashina tobora yaqinlashib kelardi.

— Bular o'shalar! — ko'nglidan o'tkazdi u. — Hozir… Meniyam o'ldirib ketishsa-ya?!.

Aksiga olgandek, mashina axlatxonadan yuz chaqirimlar narida to'xtab, ichkaridan bashang kiyingan uch erkak chiqdi-da, to'ppa-to'g'ri Vali tomonga kela boshladi. U jonholatda axlat idishlar panasiga o'zini urdi. O'nboshdan katta anhor oqib o'tgandi. Sal bo'lmasa, qulab ketayozdi…

Erkaklar yurib kelib uch tomonga bo'lindi. Hammalari idishlarning ichini tayoq bilan birma-bir titkilab chiqishdi.

— Yo'q!!! — deya baqirdi ulardan biri qo'lidagi tayoqni irg'itib yuborib. — Xuddi mana shu yerga yashirib ketgandim. Yo'q!..

— Piyonistalar olganmikan? — deya savol tashladi boshqasi. — Bu yerlarda har kuni o'shalargina izg'ib yurishadi.

— To'ppa-to'g'ri. — tasdiqladi uchinchi erkak. — Hoziroq massivga kirib har bir piyonistaning uyini tekshirib ko'rish kerak. Axir, hazilakam pul turmaydi…

— O'ldiraman!.. Topsam o'ldiraman o'sha iblisni!.. — deya qichqirdi ulardan biri yer tepinib. — Mana shu qo'llarimminan kallasini olaman!..

Shundan so'ng ular mashina tomon yo'l olishdi. Vali o'rnidan jilishga shoshilmadi. Mashina o'rnidan qo'zg'alib katta yo'lga chiqqachgina sekin yashiringan yeridan chiqib erkin nafas oldi…

***

Endi baribir bu miltiqni ishonchli yerga berkitib qo'ygani ma'qul. O'nida miltiq bilan yurish naqadar xavfli ekanini u yaxshi bilardi.

Uzoq izg'ib joy qidirdi. Nihoyat topdi. Anhor yoqalab yurganda ellik qadamcha naridan. O'sha yerda betondan qurilgan tashlandiq uycha bor ekan. Hech kim kirmagani uchunmi, ichkarisi qumursqa-yu xas-xashakka to'lib ketibdi. Ayni muddao bo'ldi. Vali miltiqni kimdir tashlab yuborgan eski kostyum topib o'radi-da, xashaklarni bir yerga to'plab o'sha yerga berkitdi. Har ehtimolga qarshi ustiga qo'lida tuproq tashib sepib chiqdi. Ana endi bu yerda miltiq borligi hech kimning xayoliga kelmasligi aniq. Qolaversa, o'ziyam axlatxonada yashaydi. Baribir har kuni ko'z tashlab turadi. Birontasi yaqinlashib ko'rsin-chi!..

Sekin uychadan chiqib axlatxona tomon yo'l olgandi, idishlar ro'parasida turgan notanish erkakni ko'rdi. Erkak uni uzoqdan kuzatish bilan ovora edi. Indamay, hech narsa bo'lmaganday boraverdi…

— Hoy bola, qani, yaqinroq kel-chi! — buyurdi erkak muloyimlik bilan.

Vali avval unga sinchkovlik bilan tikilib qaradi. Soqollari o'siq, egnida eskiribroq qolgan charm kurtka. Ko'z qarashlari boyqushniki kabi sovuqqon. Bo'yi juda ham baland…

Har ehtimolga qarshi tagiga to'shalgan ko'rpacha ostidan rogatkasini olvoldi. Bilib bo'ladimi, birdan tashlanib qolguday bo'lsa…

— Obbo, javr bo'pti-ku senga, bola!.. — negadir bosh chayqab aravacha chetidan tutdi u. — Qaerda turasan?

— Hech qaerda. — sovuqqonlik bilan javob qildi Vali.

— Bu nima deganing? Uying, ota-onang bordir?

— Yo'q.

— Bay-bay-bay-y!.. Unda… Ko'chada yotib yuribsan ekan-da-a?..

Vali indamay bosh egdi.

— Halitdan kuzatib turibman… Ha mayli, xafa bo'lma. Bu dunyoda yetim bitta sen emas… Mana, menam sendan qolishmayman!..

— Siz… Sizam yetimmisiz?

— Ha endi… Yetim bo'lmasam ham, harqalay, senga o'xshab uyim, bola-chaqam yo'q…

— Qaerda turasiz? — qiziqsinib so'radi Vali biroz jonlangan ko'yi.

— Qaerda turasiz deysanmi?.. Hov anavi ko'chaning boshida bir uy bor. E, zo'r joy. O'sha yerda… Agar ishonsang, shohlarday hayot kechiraman. O'sha yerga seniyam oboraymi?..

— E, menga shu yer ham bo'laveradi.

— Unaqa dema!.. Menminan yursang, kam bo'lmaysan. Katta qimorlar o'ynaladi u yerda, ahmoq!..

— Qimor?.. — birdan Valining ko'zlari chaqchaydi. — Rostdanmi? Men qimorga juda qiziqaman.

— Ana, ko'rdingmi? Ko'nglingdagiday uy ekan demak!.. Kel, tanishib qo'yaylik! Meni Tolmas amaki deb chaqirasan. O'zingning isming nima?

— Vali.

— Obbo Valijon-ey, Xudo seni oyoqdan qisgani yomon bo'pti!.. Xafa bo'lma, hammasi o'tkinchi. Buniyam yo'lini topsa bo'ladi.

— Nimani, amaki?

— Oyog'ingni aytaman…

— Oyog'imni tuzatsa bo'ladimi?

— Albatta bo'ladi. Faqat sen mening aytganimdan chiqmay yursang… Xo'sh, rozimisan?

Hech qachon oyog'i sog'ayishi mumkinligini tasavvur qilmagan bolaning yuragi tezroq urib hayajonga tushib qoldi.

Nahotki? Nahotki, uning oyog'i sog'aysa? O'z oyoqlari bilan yura olsa?..

Tolmas akaning ketidan tez-tez ketib borarkan, shu savollar miyasida qayta-qayta aylanaverdi. Lekin orqada qolgan beton uychaga ora-sirada ko'z tashlab qo'yishni ham unutmadi…

***

Hovli juda tor edi. To'rt tomonida kichkina-kichkina xonalar. Ularning ham suvoqlari ko'chgan. Anchadan beri ta'mir ko'rmaganini Validek yosh bola ham tez anglab yetdi…

Xonalardan biriga kirishdi. Ostonaga beton quyilgani bois balandroq ekan. Tolmas aka aravachani dast ko'tarib ichkariga kiritib yubordi…

O'rtaga xontaxta qo'yilgan. Xontaxta atrofida ikki erkak mudrab o'tirishardi.

Biri ellik yoshlar oralig'ida. Soqol qo'yib olgan. Gohi-gohida iyagini silkib-silkib qo'yadi.

Ikkinchi erkak yoshroq. Borgan bo'lsa, qirqqa borgandir. Biroq uning ham sochlari sheriginiki kabi oqarib ketgan. Faqat soqoli yo'q. Bilaklari yo'g'on, keng yelkali…

Ko'z qarashlari xunuk ekan.

Kirgandanoq o'shanisi Valiga yoqinqiramadi.

— Qani, oqsoqol, tanishinglar! — baland ovozda ularni uyg'otdi Tolmas aka. — Manavi bolani axlatxonadan topib oldim. Bir kunimizga yarab qolar dedim-da!.. E, rahmim keldi ahvolini ko'rib!.. Uyingizda… Bizminan yashab tursa…

Vali shundan keyin oqsoqol deganlari uy egasi ekanini bildi.

— Xo'-o'sh, qani, qo'lni ber-chi ota o'g'il! — soqolli erkak o'rnidan turib Valiga qo'l uzatdi. — Malades! Oting nima?

Vali ismini aytdi.

— Yaxshi, meni Oqsoqol amaki deb chaqiraver! Bu amaking esa, Polvon!..

Tanishuv onlari nihoya topgandan so'ng Tolmas aka Valini avaylab aravachadan tushirib oldi va orqasiga bolish qo'yib ko'rpachalardan biriga o'tqazdi.

— Avval qorningni to'yg'az! — dedi u dasturxondagi qotgan-qutgan nonlarni, piyoladagi shakarni yaqinroq qo'yib. — Hozir choy ham damlab beraman…

Vali nonlardan picha totingan bo'lib piyolaga quyilgan choyni ichdi.

Ichkaridagi badbo'y hid nafas olishiga xalal berardi. Buni endi-endi his eta boshladi. Shunga qaramay, xo'rillatib-xo'rillatib choy ichayotgan Tolmas akaga mamnun qarab qo'ydi. U ham payqagan kabi Valiga ba'zan jilmayib qo'yar, sheriklariga “Qara, zo'r bola ekan!” degandek so'zsiz ishora qilardi…

***

Kechga borib uy odamga to'ldi. Dasturxon ustiga avval ichkilik, turli gazaklar qo'yishdi. Albatta, hamma ishni Tolmas aka bajarar, Oqsoqol yonboshlab olgancha, yig'ilganlar bilan astoydil suhbat qurardi…

Hammasi tayyor bo'lgach, ichkilik boshlandi. Valini aravachasiga qaytadan o'tqazib qo'yishgandi. Bir chekkada o'tirgancha erkaklarning ichkilik ichishlarini tomosha qildi. Ba'zilari piyoladagi aroqni xuddi suvday simirar, gazak ham qilib o'tirmay, yana quyib berishini so'rab piyolani Tolmas akaning oldiga surib qo'yardi. Ba'zilar esa, ikki marta bo'lib ichardi. Ketidan pomidor chaynardi…

— Vey bola, —o'tirgan yeridan baqirdi Oqsoqol. — Ozgina olasanmi-a?..

Vali unga javoban kulib qo'ydi. To'g'risi, uning ham shu zormandadan tatib ko'rgisi kelib o'tirgandi. Anchadan beri qiziqardi. Shuning uchun yonidagi yigit uzatgan piyolani qaytarib o'tirmadi. Shartta qo'lidan oldi-da, ko'zlarini yumib ko'tardi…

Juda achchiq narsa bo'larkan. Yetib borgan yerini kuydirib o'tdi-yov!.. Hatto, bir muddat nafas ololmay hiqillab o'tirdi. Shunda kimdir qo'liga pomidor tutqazdi. Pomidorni chaynab yegandan keyin sal o'ziga kelib piyolani qaytadan Tolmas akaga uzatdi.

— Malades, erkak! — qichqirdi Oqsoqol. — Haqiqiy erkak mana munday bo'pti!.. Menga qaranglar, jo'ralar, bu yigitchani Tolmasvoy axlatxonadan topib olibdi. Endi bizminan yashaydi. Cho'talchi qilib qo'yaman!

Bu gapi kimlargadir yoqmadi shekilli, o'zlaricha g'udranib qo'yishdi. Oxiri Oqsoqol tinimsiz Qiyshiq deb murojaat qilayotgan ko'zlari g'ilayroq bir yigit gap tashladi.

— Endi ko'proq pul yig'ishning yo'lini topibsiz-da-a, Oqsoqol?!.

— Vey, senga kim qo'yibdi gapirishni? — kayfi oshib qolgan Oqsoqol dast o'rnidan turib Qiyshiqning yoqasidan bo'g'di. — O'zing kimsan-u, yana gapirasanmi? Hozir…

Tolmas aka epchillik bilan Oqsoqolni yelkasidan ushlab turg'azdi.

— Qo'ying, aka, shu mishiqiminan teng bo'lasizmi? Gapirsa gapirib o'lmaydimi?!. Hozir oshiq tepganda ko'ramiz tili burro bo'lishini. Bilasiz-ku!..

— Bo'pti, qani, ichkilikni yig'ishtir hammang! O'yinni boshlaymiz!..

Ko'z ochib yumguncha dasturxondagi narsalar yig'ishtirilib, xontaxta olib tashlandi. Tolmas aka yugurgancha narigi xonaga o'tib, to'rt dona oshiq keltirdi va gilam ustiga tashladi…

Birinchi bo'lib Tolmas aka tepdi. Omadi kelmadi shekilli, oshiqlarning birontasi ham tik turmadi. O' kayfi oshgani pand berdi. Ishqilib, jahli chiqqanidan “He onangni!” deya so'kindi-yu, bir chetga o'tdi. Navbat Qiyshiqniki edi. U bildirmay turganlarga ko'z tashladi. Hammasi kayfda. Ko'zlarini qisgancha oshiqni kuzatishardi…

Qiyshiq paytdan foydalanib qolmoqchi bo'ldi. Buning ustiga xona torligi sabab u boshidan bu boshigacha ikki-uch qadam keladi xolos. U devorga borib urilib yonginasiga yotiq holda kelib tushgan oshiqlarni oyog'i bilan tez tikka qildi. Buni deyarli hech kim payqamay qoldi. Faqat bir chetda qimorni qiziqib tomosha qilayotgan Vali bildi. Angladiki, Qiyshiq g'irromlik qilmoqchi. Birpas indamay turdi. Qarasa, Qiyshiq astoydil qichqirib tikilgan pullarni yig'ish bilan ovora.

— Ha-a!!! Yutdimmi?!. Yutdimmi?!. Ana shunaqa! Qiyshiqniyam omadi bor!..

— O'lg'on! — o'tirgan yerida baqirib yubordi Vali. — Tolmas amaki! U oyog'iminan tikka qildi oshiqlarni! O'zim ko'rdim!..

— Nima? — Tolmas aka o'ziga kelgandek Qiyshiqning tepasiga keldi. — Sen hali g'irromlik qilishniyam bilasanmi?..

— Qo'lingni tort, qariya!.. Bu mishiqi bolang nimaniyam tushunardi. O'lay agar, oyog'imni tekkizgan bo'lsam…

— O'sh bola yolg'on gapirmaydi!.. Qani, buyoqqa yur, kuningni ko'rsatib qo'yaman seni!..

Tolmas aka Qiyshiqni sudrab tashqariga olib chiqib ketdi. Oqsoqol gandiraklab kelgancha, Valining peshonasidan o'pib qo'ydi. Ammo Qiyshiqning tarafdorlari undan ko'z uzmay, nafrat aralash qarab turishardi…

Oradan yarim soatlar o'tib Tolmas aka Qiyshiqni ichkariga sudrab kirdi. Shu janjal bahona qimor ham to'xtab, o'tirganlar kayfi tarqagan ko'yi xomush tortib qolishgandi.

Tolmas aka Oqsoqolning imosi bilan basharasi qonga bo'yalgan Qiyshiqni o'rtaga olib o'tdi.

— Toshkanda qimor deganiga g'irromlik sig'maydi. Buni bilarding-a? — Oqsoqol Qiyshiqqa yaqin kelib yelkasiga qo'lini qo'ydi. — O'zing o'zingga tashvish orttirding, akasi! Endi bu aybingni qanday yuvmoqchisan?..

Qiyshiq bosh eggan ko'yi sheriklariga bir-bir qarab qo'ydi.

— Boshqatdan o'ynaymiz.

— Yaxshi. Biroq… Ha mayli, bunisini keyin gaplasharmiz… Qani, oshiqlarni qo'lingga ol!..

Qiyshiq itoatkorona yurib borib uy burchida sochilib yotgan oshiqlarni qo'liga oldi va hammasini tik holda xona o'rtasiga o'rnatdi.

— Qancha tikasan? Tikish sendan!.. — dedi Oqsoqol Tolmas akaga ko'z qisib. — Puling bormi o'zi?

— Xafa qilyapsiz, aka! — g'udrandi Qiyshiq. — Pulim bo'lmasa, qimorxonangizga qadam bosmayman. Meni o'zingiz yaxshi bilasiz.

— Ilgari bilardim seni. Juda halol o'ynarding. Bilmadim, bugun nima jin urdi senga!.. Xo'p, qancha tikasan?

Qiyshiq birpas o'ylanib turdi-da, hammaga eshittirib tikayotgan pulining miqdorini ma'lum qildi.

— Bir milyon!..

— Yo alhazar!.. — o'tirganlar birdan oh tortib yuborishdi.

— Gaping gapmi? — so'radi Oqsoqol kulimsirab. — Tag'in keyin… Gapingdan qaytib o'tirmaysanmi? O'zingga yomon bo'ladi, bola!

— Gapim gap!

— Tep oshiqni!

— Yo Jamshid!..

Afsuski, oshiqlar u aytganday tik turib qolmadi. Hech bo'lmasa, bittasi Qiyshiqning ishonchini oqlamadi…

Kelishilganidek, Oqsoqol navbat oldi. Uning tepishi masalani hal qiladi. Mabodo ishi o'ngidan kelmasa, Qiyshiq yana bir oshiq tepish imkonini oladi…

Yo'q, Qiyshiqning omadi chopmadi. Qimorda Oqsoqol deb nom chiqargan bu odamning tepgan oshiqlari baravar tik turdi…

Qiyshiq adoyi tamom bo'layozgandi… Boshini changallagan ko'yi ancha vaqt tek o'tirib qoldi…

Uni Oqsoqolning ovozi o'ziga keltirdi.

— Nimayam qilardik, uka? Buni o'yin deb qo'yibdi. Endi sheriklaringminan maslahatlashib pulning ilojini toparsan… Senga bir hafta muddat. Kelasi Shanba shu vaqtda pullar mening qo'limda bo'lishi lozim. Kechiksang, foizi oshib boraveradi.

— Bilaman, aka! — shivirladi Qiyshiq. Va sheriklarini tashqariga imladi…

Bularning hammasini Vali bir chetdan kuzatib o'tirar, qimorbozlarning tortishishlari, birovining yutqazib og'ir ahvolga tushishi yanada qiziqishini orttirar, “qaniydi yana o'yin bo'lsa,” degan xayol bilan hammalariga bir-bir umidvor tikilib qo'yardi…

Yo'q, o'yin juda sovuq nihoya topdi. Bunaqasi ba'zi-ba'zida sodir bo'lib turishiga qaramay, baribir qimorbozlar o'rtasiga sovuqchilik tushib, so'zsiz, bir-birlariga nafrat bilan tikilgan ko'yi tarqalishdi…

— Xo'sh, bolakay, o'yin senga yoqdimi? — Tolmas aka uyda yolg'iz qolishgach, Valiga yuzlanib so'radi.

— Zo'r ekan! — dedi hovliqib Vali. — Endi qachon o'ynaysizlar, amaki?

— Endimi?.. Shoshilma, bu yerda ertaga bugungisidanam zo'r o'yin bo'ladi. Qo'qonlik qimorbozlar kelishadi!

— Ular yaxshi o'ynaydimi?

Bu savolni eshitib Tolmas akaning rangi birdan o'zgardi.

— Bekorlarni aytibsan! — dedi Valiga qattiq tikilib. — Qimor o'ynashda toshkanlikka yetadigani yo'q. Ko'rasan, uyim pulga to'lmasa, otimni boshqa qo'yaman!..

***

Qorong'i tushgach, hammalari yotishga chog'lanishdi. Xonada aytarli ko'rpa-to'shak yo'q edi. Oqsoqol Valiga uvadasi chiqqan, hammayog'ini qasmoq bosgan eski ko'rpachani to'shab berdi. Ustiga o'zining pidjagini yopib qo'ydi…

Ko'rdiki, ikkala erkak ham aroq ta'siridami, boshlarini yostiqqa qo'yishlari hamono xurrak ota boshlashdi. Valiga beo'xshov ovozlar xalal berardi. Ancha vaqtgacha ko'z yuma olmadi. Aksiga olgandek, shu kecha yana oyog'i simillab og'rishga tushdi. Qo'li bilan polga tiralib asta o'rnidan turib o'tirdi. Xona jim-jit…

Shu payt axlatxonadagi miltiq esiga tushib ketdi.

“Birov opqo'ygan bo'lsa-ya?! — ko'nglidan o'tkazdi u javdirab. — Anavi mashinadagilar kelib opketgan bo'lsa-ya?!. Yo'q, hozir bormasam bo'lmaydi. Lekin… Qanday turaman o'rnimdan?.. Uy egasi sezib qolsa-chi?..”

Yo'q, qancha urinmasin, gavdasini ko'tarib aravachaga qadar yeta olmadi. Alam qilganidan o'kirib yig'lagisi keldi. Lekin… irodasi yo'l qo'ymadi. Bir paytlar axlatxonada tortgan azoblari, daydi, piyonista erkaklardan behuda yegan kaltaklari ko'z oldida namoyon bo'lib lablarini qattiq tishlab oldi. Axir, o'shanda ham ko'ziga yosh to'lib ketsa-da, ovoz chiqarib yig'lashni o'ziga ep ko'rmagan! Yig'lash faqat qizlarga xos deb o'ylagan. Hozirgi qiynalgani nima bo'pti?!. Mayli, ertalabgacha chidaydi. Tolmas akadan so'rasa, qo'yvorar…

Shunday xayollar bilan qaytadan o'rniga cho'zilib derazadan tashqarini kuzatdi. Osmonda yulduzlar deyarli ko'rinmas, aftidan yomg'ir yog'ishi mumkindek, ahyon-ahyonda qora bulutlar osmonda saf tortib tobora yaqinlashib kelardi…

Vali ancha paytgacha kesilgan oyog'ini silab yotdi. Shunday qilsa, go'yo og'riq pasayayotgan kabi silagan sari joni huzur topganga o'xshardi…

Shu yotishda qancha yotdi bilmaydi. Baribir ko'zi yumilmadi. Endigina shirin xayollarga berila boshlagandi hamki, eshik bezovta taqilladi. Oqsoqol xurrak otishdan to'xtab qorong'ida timirskilana-timirskilana kiyimlarini topib kiydi va eshik zulfinini sug'urdi…

***

Eshik ochilishi hamono Oqsoqolning xirillagan tovushini eshitgan Vali sapchib o'rnidan turib ketdi. Bu orada Tolmas aka ham uyg'onib tashqariga chopdi.

Kelganlar Qiyshiq va uning to'rt nafar hamtovog'i edi. Ularning baland ovozda so'kinishlari xonani tutdi.

— Sen meni sindirmoqchi bo'ldingmi? — deya qichqirardi Qiyshiq. — Vey, kimligimni bilmaysan hali!.. Yur ichkariga!.. Erkakmisan? Yur, dedim!..

Ko'z ochib yumguncha hammalari xonaga kirib eshikni ichkaridan tambalashdi…

Vali avvaliga qo'rqib ketdi. Oqsoqolning yuzlari qontalash bo'lib ketibdi. U sekin ko'rpa orasidan mo'ralab boshqalarini kuzatdi. Qiyshiqdan boshqasini tanimadi. Ikkitasi Tolmas akani ham bo'g'ib olgandi.

— Bolani tashqariga opchiqib tashla! — ulardan biri Tolmas akaga buyurdi. — Bo'l tez, qo'rqib ketadi!..

Hayron qoldi. Tolmas aka ham baquvvatlikda ulardan qolishmasdi. Biroq shu tobda indamay Valini ko'tarib aravachaga o'tqazdi-yu, eshik tomon g'ildiratdi…

Bechora bola. Yana ko'chada qoladigan bo'ldi. Tashqari ancha sovuq. Aksiga olib shoshilinchda ustidagi kostyumini ham kiydirib qo'yishmabdi…

Xo'sh, endi nima qiladi?.. Qachongacha ichkaridagilar chiqishini kutadi…

Ichkarida bo'lsa, baqir-chaqir kuchaygandan kuchaydi.

— Xo'sh, gapingni qaytib olasanmi-yo'qmi? — hayqirardi Qiyshiq. — Ayt tezroq, vaqtim yo'q!..

— Mening hezalaklik odatim yo'q. — bu ovozni aniq angladi. Oqsoqol. Faqat… Nega xirillab chiqyapti tovushi?..

— Erkak bo'p tug'ilganmanmi, shundayligimcha qolaman… Vey, yutqazdingmi? To'lab qo'y endi, xunasa!..

— Mana to'layman!..

— Menga qara, — dedi notanish ovoz egasi. — Cho'zib o'tiramizmi? Kel, tezroq bularni tinchitib keta qolaylik!.. Pichoqni ol, pichoqni!..

Vali sezdiki, hozir-hozir pichoqbozlik bo'ladi. Bu narsaning qanday oqibatga olib kelishini o'n uchga to'lib-to'lmagan bo'lsa-da, yaxshi biladi.

“Qochaman, — deya xayol qilib hovli tarafga yura boshladi u. — Meniyam o'ldirvoradi bu odamlar…”

U jonholatda darvozani ochib tashqariga chiqdi-da, qorong'ilik qa'rida o'zi bilgan axlatxona tomon aravachasini uchirdi…

Beton uycha yoniga yetgach, har ehtimolga qarshi orqasiga qarab oldi. To'g'risi, nimadandir qo'rqayotganini his etardi. Bu holat unga ilgari begona bo'lgan. Hozir nega qo'rqqisi kelyapti?.. Aqli yetmadi. Hech kim yo'qligidan xursand bo'lgan ko'yi ichkariga kirdi.

Uychaning ichi tashqaridan ham qorong'iroq edi. Nimadir esiga tushgandek shimining cho'ntaklarini paypasladi. Ha-a, yaxshiyam anavi qimorbozlar ichib o'tirganda cho'ntagiga gugurtlardan birini solib olgan ekan. Shosha-pisha qo'liga olib gugurtni yoqdi. Xona ichi yorishgach, sekin-asta miltiq yashirilgan yerga yaqin bordi va kovlay-kovlay uni qo'liga oldi…

Eh, qaniydi uzoq-uzoqlarda, kimsasiz yerlarda bo'lsa-yu, bir otib ko'rsa!.. Bu yerlar shahar bo'lsa. Kimdir eshitib qolsa, melisaga berib yuborishdan ham toymaydi…

Shu payt mashina ovozi eshitilgandek bo'ldi. Vali jonholatda qurolni joyiga berkitdi-da, tashqariga mo'raladi. Haqiqatan… Hov nariga mashina kelib to'xtagandi.

“Bular kechagilar. — ko'nglidan o'tkazdi u. — Yana miltiq qidirib kelishgan… Qiziq, kim ekan bular o'zi?.. Kallakesarlar bo'lsa kerak-da!..”

U sekin-sekin aravachasini g'ildiratib beton uychaning panasiga o'tdi-yu, ularni kuzata boshladi…

Aksiga olib mashinadan tushgan to'rt erkak naq beton uycha tomon yurib kelishardi.

— Ana, panada bekinib turibdi! — dedi ulardan biri sheriklariga. — Qaranglar, balo ekan shekilli bu bola-a?!. Otasi tengi odamlarni sarson qilib yuribdi-ya!..

Vali avvaliga bu gaplar kimga qaratilganini tushunmadi. Yana birov axlatxonaga berkingan shekilli, o'shani ko'rsatishyapti, deb o'yladi. Ammo erkaklar yaqin kelib qolgach, yuragi bezovta urib, ko'zlarini javdiratgancha qochishga, yashirinishga qulayroq joy qidira boshladi…

Yo'q, endi kech edi. Egnilariga qora plashch kiygan barvasta erkaklar Valiga juda yaqin kelib qolishdi.

— Hoy bola, qani, chiq buyoqqa! — qichqirdi ularning biri. — Qo'rqma, biz seni urmaymiz!.. Gapimiz bor senda…

To'rtovlari kula-kula Valining tepasiga kelib uni o'rab olishdi. Bittasi qo'lidagi fonarni yoqib Valining yuziga to'g'riladi.

Bola hammalariga bir-bir qarab oldi. Yuz tuzilishlari kallakesarga sira o'xshamasdi. Juda bashang kiyinishgan. Hatto, boshlaridagi kepkalar ham yangi…

— Qani, og'ayni, tanishaylik! — kulimsirab qo'l uzatdi fonar tutgan erkak. — Men Xursand amaking bo'laman. Sen-chi?

— Vali…

— Obbo Valijon-ey, nega bizdan berkinyapsan?.. Bu yerlar qorong'i bo'lsa… Qo'rqmaysanmi?

— Qo'rqib qiz bolamidim? — Vali sir boy bermay, ovozini ko'taribroq javob qildi. Erkaklar sharaqlab kulib yuborishdi. Xursand deganlari asta uning boshiga qo'lini qo'ydi.

— Malades, o'g'il bola!.. Erkak shunday bo'lishi kerak… Qani, endi menga yashirib qo'ygan miltig'ingni ko'rsat-chi!

— Q-qanaqa miltiq? —Vali azbaroyi qo'rqib ketganidanmi, beixtiyor mushtlari tugildi. — Men hech qanaqangi miltiq yashirganim yo'q… Hali yosh bolaman-ku!..

— Hecham-da, — dedi Xursand aka bolaga sirli jilmayib boqarkan. — Sen baloni bilasan, Valijon!.. Aldashga urinma, biz seni xafa qilmaymiz dedim-ku!.. Kel, bizga o'sha qurolni topgin, seniyam o'zimminan opketaman. Maza qilib yashaysan menikida!..

Vali asta aravachasini orqaga tisardi.

“Hozir tavakkal otaman. — xayolidan o'tkazdi u erkaklardan ko'z uzmay. — Sekingina uychaga kirib miltiqni olsam bas… E, qanday o'qlashni bilaman. Ko'rganman ilgari…

U indamasdan aravachani orqasi bilan uycha tomon yetakladi. Erkaklar hamon hushyor turishar, uning vahima ichida o'zini suvga otishidan cho'chib ariq tomonni to'sib olishgandi…

Vali nihoyat uychaga kirib shosha-pisha qo'liga miltiqni oldi-da, qorong'ilikda timirskilanib o'qlanadigan yerini topdi.

— Ana endi kuningni ko'rsataman! —eshitilar-eshitilmas shivirladi u. — Hozir tashqariga chiqib olsam…

Chiqishga chiqdi. Ammo miltiq tepkisini bosishga ulgurmadi. Xursand akaning o'zi orqasidan kelib mahkam ushlab qoldi.

— Obbo xumpar-ey, — xirilladi miltiqni Valining qo'lidan tortib olarkan. — Hali otishniyam bilaman degin?.. Yaxshi, ko'ramiz…

— Qo'yvoring, qo'yvoring! — tipirchilay boshladi Vali yig'lab. — Miltig'imni bering! Bering deyapman!.. Haqqingiz yo'q!..

— Tez bolani mashinaga ortinglar! — yonidagilarga buyurdi Xursand aka. — Vey, qaysar bola, hozir menikiga borsang, haqiqiy jannatni ko'rasan!..

Valining yig'lab-siqtab yalinishlariga hech kim quloq solmadi. Ikki erkak uni o'rtaga olib mahkam qisib olishdi. Mashina shu zahoti o'rnidan qo'zg'alib, noma'lum tarafga qarab o'qday uchib ketdi…

***

— To'g'ri dachaga hayda! — haydovchiga buyurdi Xursand aka. — Shahar jonga tegib ketdi. Bu bolani bi-ir xursand qilaylik!.. Menga qara, Valijon, ayollarga qalaysan-a?..

O'tirganlar baravariga kulib yuborishdi. Vali esa, qovog'ini uygancha jim ketib borardi. Beo'xshov kulgilar battar g'ashini keltirib og'ir xo'rsinib qo'ydi.

— Senam kap-katta bo'p qopsan. — davom etdi Xursand aka. — O'shing nechada o'zi?

— O'n uchga kirdim. — istamaygina javob qildi Vali.

— O'h-ho'!.. Uylanadigan bo'p qopsan-u, yana indamaysan-a!.. Hozir senga shunday bir ayollarni ko'rsatayki, og'zingning so'lagi oqib ketsin!

Yana kulgi ko'tarildi…

Shu ko'yi ular bir qishloqqa kirib borishdi. Bu yerlarda uylar kam edi. Aylana atrof dala. Qorong'ida nima ekilganini ko'ra olmagan bo'lsa-da, toza, yoqimli havo Valiga Farg'onani, Vadimni eslatib yubordi. Ko'z o'ngida tog' tomon ketib borayotgan mashina… Kutilmaganda ag'anay boshlashlari… Hamma-hammasi bir-bir gavdalandi. Yuragining bir cheti achishib og'rigandek bo'ldi…

Ammo yonidagilarga g'iq etmadi. Oldinda o'zini nimalar kutayotganini tasavvur qilib ko'rdi…

Qiyinchiliklar, turli sarguzashtlar bolani ham kattalar kabi fikrlashga o'rgatarkan.

“E, bular kim bo'pti?! — o'yladi u oynadan tashqarini bamaylaxotir kuzatib borarkan. — Mergan akaday qo'rqinchli odamlarni, anavi… O'toqxonadagi bezorilarni ko'rdim. Qo'llaridan nima keldi? O'lib qolmadim-ku!.. Uf-f!.. Ota-onam bo'lsa, bunday kunlarni ko'rmasmidim… Oyog'im sog' bo'larmidi… Kim bilsin?.. Balki bundanam battar kunlarni ko'rardim… Nima bo'lsa bo'lar. Endi menga baribir…”

Mashina tor ko'chalardan biriga burilib ko'rimsizgina darvoza yonida to'xtadi.

— Ana, yetib keldik! — Valini Xursand akaning shaxsan o'zi mashinadan tushirib aravachasi bilan birga yerga qo'ydi. — Mana shu yerda yashaysan endi, Valijon!..

Ular darvozani ochib ulgurmay, beli bukchaygan, yoshi taxminan elliklardan o'tgan ozg'in bir erkak chiqib kelib Xursand akaning qo'lidagi sumkani oldi.

— Yaxshi keldingizmi, xo'jayin?..

— Manavi bolani ichkariga olib kir! —buyurdi Xursand aka. — Undan keyin… Kim bor uyda?

— Uydami?.. Ikkita zo'ridan oldirib keldim…

— Bo'liqqinami ishqilib? Tag'in o'zingga o'xshagan tirriq bo'lishmasin.

— Nimalar deyapsiz, xo'jayin?.. Shunaqangi ketvorgan ayollarki… E, o'zingiz ko'ring!..

Hovlining to'rt tarafiga chiroqlar o'rnatilgani sabab to tomorqa taraflargacha kaftdek ko'rinib turardi. Vali o'tirgan yerida hammayoqni ko'zdan kechirib bordi…

Tomorqa uzumzor ekan. Hovlining aylana atrofi qo'sha-qo'sha uylardan iborat. Yevropacha ta'mirlangan. O'rtada xuddi Mergan akanikidagiday basseyn. Xonalarga zinapoyalardan chiqilarkan…

Xizmatchi uni dast ko'tardi-da, burchakdagi xonaga olib kirdi…

Ichkari ham Valiga yoqib tushdi. Hatto, gilam ustida aravachasi yurib borayotganda biroz xijolat ham chekib qo'ydi…

— Voy, bu shirin bola qaerdan keldi? — yasatilgan stol atrofida o'tirgan ikki ayolning biri o'rnidan turib Valiga yaqin keldi. Bolaning ko'zi uning ochiq sonlariga, ko'kraklariga tushib tez yerga qarab oldi.

— Uyalib ketdi! — kulib yuborishdi ular baravariga. — Voy, uyalmagin! Yigit kishiyam uyaladimi?.. Qani, stolga yaqinroq kel-chi, o'zim seni manavi shokoladlar, bananlarminan mehmon qilaman!..

— Xo'jayin keldi, Nozanin! — dedi xizmatchi Valining yonida turgan oq sariq, do'mboq, sochlari yoyiq ayolga qarab. — Tayyorgarliklaringni ko'raveringlar!.. Hozir oshniyam damlayman…

Bu orada xonaga Xursand aka va mashinada birga kelgan erkaklar ham kirishdi. Hammalari ayollar bilan bir-bir so'rashgan bo'lib stol atrofiga o'tirishdi. Xursand aka xizmatchiga “Zo'r” degandek ma'noli ko'z qisib qo'ydi-yu, Valiga yuzlandi.

— Xo'sh, Valijon, manavi ayollarning qay birini tanlaysan?

— Men unaqa narsalarni bilmayman. — norozi to'ng'illab qo'ydi Vali yerdan ko'zini uzmay. — Yaxshisi, menga miltig'imni bering!..

— Vey, haliyam o'sha miltiqni esingdan chiqarmadingmi? Nima qilasan uni? Boshingga urasanmi?..

— Otishni o'rganardim.

— Otishni o'rganmoqchi bo'lsang, senga boshqasini oberamiz, to'g'rimi Samin?..

Xursand akaning o'ng biqinida o'tirgan barvasta yigit bosh irg'adi.

— To'ppa-to'g'ri. Ana, do'kon to'la miltiq. Istagancha otaverasan.

— Hoy, G'ani!.. — Xursand aka derazadan boshini chiqarib baqirdi.

— Labbay, xo'jayin!

G'ani deganlari haligi ozg'in xizmatchi ekan. Ko'z ochib yumguncha xonada paydo bo'ldi.

— Bor, bolani hovliga opchiq! Bir aylanib kelsin!..

— Xo'p bo'ladi! Qani, yur-chi, yaxshi bola!..

U aravachani yetaklab hovliga olib chiqdi. Vali osh pishayotgan qozon atrofida biroz uyoq-buyoqni kuzatgan bo'ldi. Xayolida esa, hamon tortib olingan miltiq aylanardi.

— Amaki, haligi miltiqni qaerga yashirdingiz? — asta so'radi xizmatchidan.

— Sen uni nima qilasan?

— Menikiydi. Anavilar tortib olishdi.

G'ani aka kulimsirab Valining tepasiga keldi.

— Sen bunday gaplarni gapirmagin, bolam! Bular kim ekanini bilasanmi?

— Bilmayman.

— Ana, ko'rdingmi? Agar sal ortiqcha gapirsang, o'ldirib yuborishdanam toyishmaydi.

— Amaki, o'zi kim ular? — qiziqsinib so'radi Vali.

— E, ular… Qimorbozlar. Hozir osh yeb bo'lingach, qarta suzishni boshlashadi. Ja katta o'yin bo'ladi. Hali qarab tursang, bu yerga kazo-kazo odamlar kelishadi. Indama!.. Og'zingni yumgin-u, jim o'tiraver!..

G'ani aka boshqa gapirmadi. Oshni damlab, o'choqdagi olovni pasaytirdi-da, stol ustidagi aroqlardan ikkitasini olib ichkariga chopdi. Vali bo'lsa, hovlilarni tomosha qilish ilinjida aravachasini oldinga g'ildiratdi.

***

Qancha vaqt o'tdi bilmaydi. Ichkarida to'satdan shovqin-suron eshitildi. Xursand akaning bo'ralab so'kingani, ayol kishining uv solib yig'laganini eshitgan Vali hushyor tortdi. Har ehtimolga qarshi darvoza tarafga borib bir burchakda qisinib o'tirdi…

Oradan ikki-uch daqiqa o'tdi yo o'tmadi. Eshik ochilib ichkaridan Nozanin uchib chiqdi.

— Padaringga la'natlar! — yig'i aralash sochlarini shosha-pisha turmaklarkan, xona tomonga o'girilib so'kindi u. — Xudoyo, baloga yo'liqqin, hezalak!.. Erkakman deb yuribsan-da senam!..

Vali ayol kimni so'kayotganini tushunmasa-da, bu holat unga juda qiziqarli tuyular, janjal tashqarida davom etib qolishidan umid qilardi.

Afsuski, ichkaridan hech kim chiqmadi. Nozanin uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'lib darvoza oldiga keldi-yu, bir burchakda qisinibgina o'tirgan Valini ko'rib taqqa to'xtadi.

— Ha, jonim, nega bu yerda o'tiribsan? — muloyimlik bilan so'radi u. — O' seniyam anavi marazlar xafa qilishdimi?

— Yo'q, o'zim… — deya javob qildi Vali ayolga hayrat aralash tikilib. — O'zingiz-chi?..

— Menmi?.. E, meni qo'yaver!.. Qismatim qursin… Peshonamga shu kunlar yozilgan meni…

— Kaltaklashdimi?

Nozanin javob berish o'rniga Valining yelkasidan tutdi.

— Menga qara, bular yomon odamlar. Sen bu uyda qolsang, xor bo'lasan. Yur, seni o'zimminan opketay!..

— Qaerga?

— Uyimga. Ikkalamiz maza qilib yashaymiz.

— Xursand amaki urishsa-chi?

— Urishmaydi. Hozir ular qimor o'ynashyapti. Tez ko'chaga chiqamiz-u, taksi ushlaymiz…

Vali bir muddat o'ylanib qoldi. O'ziga ham bu hovli negadir yoqinqiramagandi. Ayniqsa, ichkiliklarni, erkaklar qimorboz ekanini eshitgach, qo'rqa boshlagandi. Mergan akanikidagi voqea takrorlanishini ko'z oldiga keltirib nima qilishini bilmay turgandi…

Xo'sh, nima qilsin? Ayol bilan ketaversinmi? Keyin nima bo'ladi?.. Miltiq-chi?..

Ana shu narsa esiga tushib Nozaninga umid bilan tikilib so'radi:

— Miltig'im qolib ketadimi?

Ayol hayron bo'ldi.

— Qanaqa miltiq, bolajon?

— Xursand amaki miltig'imni tortib olib qaergadir yashirib qo'ydi. Qaytib bermadi.

— Rostakam miltiqmi?

— Ha, o'qiyam bor edi.

— Qo'yaver, agar men bilan birga yashasang, undanam zo'rini sotib olamiz.

— Unaqangi haqiqiy miltiqni sotishmaydi-da!

— Nega sotishmas ekan? Sotishadi. Pul bo'lsa, hamma narsani sotishadi. Yur, vaqtni o'tkazmaylik! Hozir anavilar chiqib qolishsa…

— Bo'pti, ketdik!

Vali tavakkal ayolning ketidan ergashdi…

Nozanin Sirdaryoning qaysidir tumani markazida oddiy kvartirada yasharkan. Yetib kelib eshikni taqillatishlari bilan eshikni o'n sakkiz yoshlar atrofidagi bir qiz ochdi.

— Nigora, yaxshi o'tiribsanmi? — ichkariga kiriboq qizni savolga tuta ketdi Nozanin. — Hech kim meni so'ramadimi?

Qiz bir Nozaninga, bir aravachada o'tirgan Valiga tikilib javob qildi.

— Gulistondagi mijozlar kelishdi.

— Xo'sh, nima deyishdi?

— Hech narsa. Ikki kishi kelishgan ekan. Narigi domdagi Husniyaniyam chaqirib chiqdim.

— Xafa bo'lishmadimi ishqilib?

— Xafa qilib o'libmanmi, opa? Bilasiz-ku!..

Vali hech narsaga tushunmadi. Ular nima haqida gaplashishyapti, qanaqangi mijoz… Unchalik e'tibor ham berib o'tirmadi… To'g'risi, bu uydan kelayotgan shirin atir hidi dimog'iga yoqib qolgandi. Nozaninga bildirmasdan to'yib-to'yib nafas olardi, xolos…

— Voy, bolajon, seni ichkariga kir ham demabman-ku, esim qursin!

Nozanin xijolat tortib aravachani zalga yetaklab kirdi…

Xona unchalik bezatilmagandi. Bir burchakka televizor, narigi tomonga divan qo'yilgan. O'rtada stol. Lekin Xursand amakinikidagi kabi usti noz ne'matlarga to'la emas. Patnisda non, qand-qur solingan idish-u, choynak…

Shunga qaramasdan, Valiga bu yer ma'qul tushdi. Ayniqsa, hech kim yo'qligi, bemalol televizor ko'rishi mumkinligini yurakdan his qilib chehrasi ochildi.

— Qani, Nigora, tanish, bu Valijon! — dedi qizga o'girilib Nozanin. — Endi biz bilan birga yashaydi. Juda epchil, ishbilarmon bolaga o'xshadi. Olib kelaverdim.

— Opa, ertaga qaytishingiz kerak edi-ku! — Nigora Nozaninning so'lg'in yuzlariga termuldi. — Nega ko'zlaringiz qizargan?

— Qo'yaver, keyin aytib beraman. Oldin bolaning qornini to'ydiraylik!..

Shu kecha Vali odamlardek yumshoq divanda uxladi. Havo aynigan bo'lishiga qaramay, oyog'i ham dard qilmadi…

Tush ko'ribdi. Nozaninning kvartirasiga onasi oppoq kiyimda kelganmish… Ha, u shundoq Vali yotgan divanning bir chetida o'tirarmish…

Nuqul yig'lab uni turg'azmoqchi bo'larmish…

— Yur, seni tashqariga chiqazib yuboray! — deya yalina boshlabdi ona Vali ko'zlarini ochib o'rnidan turib o'tirgach. — Bu yerlar senga harom! Men bir umr fohishalik qildim, yetar! Endi sening ham bu yo'lga kirib ketishingni istamayman… Chiq, uydan chiq!..

Vali kimningdir turtkisidan uyg'onib ketdi…

Yo'q, turtayotgan onasi emasdi. Nozanin ekan. U xuddi kechagiday ko'kraklari, sonlari yarim ochiq holda jilmayib turar, bir qo'lida ikkita banan ushlab olgandi.

— Kel, seni yuvintirib qo'yaman! — dedi u hamon jilmayib. — Keyin manavi bananlarni yeb olasan. Banan yeganmisan hech?..

Vali indamadi. Bunday mevani birinchi marta qaerda yegani esida edi…

Lekin hozir bu haqda gapirishga uyaldi…

***

Vali Nigoraga negadir yoqinqiramadi. Ayniqsa, Nozanin uni hojatxonaga olib kirib chiqishni aytganda… Jon-poni chiqib ketdi. Kesilgan, ustiga ustak burishib qolgan yarimta oyoqlarini ko'rib ko'ngli ag'darilayozdi. Faqat xo'jaykasining g'azabidan qo'rqib indamadi. Keyinroq yotig'i bilan tushuntirib bolani haydab yuborishga ko'ndirishni lozim topdi…

Bolaga ham bu yarim yalang'och, shartaki qiz yoqmasdi. Har gal sovuqdan-sovuq gaplarini, turtkilarini eshitganda yeb qo'ygisi kelib ketardi.

“Qaniydi miltig'im bo'lsa-yu, shu qanjiqni otib o'ldirsam…” deb xayol qilardi…

Nozaninning o'zi ham oradan ikki kun o'tgach, o'ylab qoldi. Xo'sh, nega sudrab keldi bu cho'loq bolani?.. Tashvishi kammidi?.. Ikki kundan beri bu boladan zarar ko'rsa ko'rdiki, biror foyda topgani yo'q. Kiyimini yuv, ovqat ber, hojatxonaga ko'tarib kir… Mijozlar ham shu kunlarda sovib qolgandek… Yo'q, bunaqada xonavayron bo'ladi. Yaxshisi, bu bolani biror yerga oborib qo'ygani ma'qul… To'xta, sovuq yeb o'lib qolsa-chi?.. Harqalay, qish eshik qoqib qoldi. Tez kunlarda qor boshlanib qolsa… E yo'-o'q, bunaqangi bolalar tegirmondan tirik chiqadi. Ana, ko'z qarashi… Xuddi burgutnikiga o'xshaydi… Ha-a, bu bolada gap ko'p. Ko'pni ko'rib qo'ygan…

Ammo… Qanday aytadi o'ziga?.. Dod solib qolsa-chi? Yig'lasa-chi?.. E, yo'-o'q, yig'laydigan ahmoqqa o'xshamaydi turishidan…

Ha-a, shunday qiladiki, o'zi rozi bo'ladi ketishga…

Nozanin oldiga Nigorani sekin imlab chaqirdi.

— Menga qara, — dedi Vali o'tirgan xonaga ko'z tashlab olarkan. — Manavi boladan qutulmasak bo'lmaydi. Bir yo'lini topishimiz kerak.

— Voy opajon, menam shu narsani sizga aytolmay yurgandim. Jonimga tegib ketdi bu cho'loq…

— Jim! — barmog'ini og'ziga olib borib bosdi Nozanin. — Eshitib qolmasin!.. Xo'sh, qanday yo'qotamiz? Dabdurustdan aytsak…

— Opa, men-chi, buni sekin katta bozorga oboraman-da, adashtirib ketaman… Topib bo'pti bu yerlarni keyin…

— Aqlingga balli! — Nigoraning yelkasiga qoqdi Nozanin. — Men ikki kundan berisiga bosh qotiraman-a!.. Ko'ryapsan-ku, ikki kun ichida mijozlarniyam qadami kesilib qolganday… Nima, bu bola bizga og'zida qush olib berarmidi… Bo'l, kiyin, ertalabda yo'qotib kelaqol!.. Tezroq ko'zimdan daf bo'lsin!.. Men uni kiyintirib, aldab turaman.

Nozanin qizni xonasiga kiritib yuborib, o'zi Valining yoniga kirdi. U o'zicha stol ustidagi suratlarni tomosha qilish bilan band edi.

— Xo'sh, Valijon, suratlar senga yoqdimi? — yasama muloyimlik bilan so'radi Nozanin.

— Ha, zo'r suratlar ekan.

— Hozir-chi, Nigora opangminan bozorga tushib kelasizlar. Borasanmi?..

— Men-a? — hayron bo'lib so'radi Vali.

— Ha, sen bo'lmay menmi?.. Taksida borib kelasizlar… Senga-chi, xohlagan narsangni oberadi opang. O'zim tayinlayman…

— Mayli, boraman!..

Ish oson ko'chganidan mamnun bo'lgan Nozanin Valiga yuvib dazmollangan kiyimlarini kiydirdi. Bu orada Nigora ham kiyinib ularning oldiga chiqdi.

— Bo'pti, Nigora, tez borib kelinglar!.. — bildirmay ko'z qisib qo'ydi Nozanin. — Valijonga aytgan narsasini obergin, xo'pmi!?.

— Xo'p! — Nigora xandon otib kulgancha aravachani itara-itara zinalardan pastga tushira boshladi…

***

Yetimning ko'rgan kuni qursin. Nigora uni tumonot odamlar orasiga olib kirdi-yu, o'zi juftakni rostladi. Adashtirib ketishganini Vali bir soatcha bozorda daydib yurgandan so'nggina payqadi. Lekin afsuslanmadi. Qaytanga xursand bo'ldi.

“Tushim o'ngidan keldi. — xayolidan o'tkazdi u bozorni erinmay tomosha qilish asnosida. — Bekorga Xudo meni u iflos ayolning uyidan ketkazmadi. Demak, yaqin orada hayotimda qandaydir yangilik bo'ladi…”

Bunday aqlli fikrlar uncha-muncha katta odamning ham xayoliga kelmasligi mumkin. Vali esa, yaqin vaqtlar orasida boshidan kechirgan yaxshi-yomon kunlar tufaylimi, ancha pishgan. Har bir qadamini o'ylab bosishga o'rgangan, oq-qorani tanigan…

— Ana endi Toshkentdan ketsam ham bo'ladi. — dedi o'ziga-o'zi. — Pulim bo'lsa bor. Uzoqroq yerlarga ketib yashasam tinchroq bo'lardi. Balki baxtimni toparman, omadim chopar…

U yura-yura, Qo'qonga borganini, Vadimni esladi. Ha, juda yaxshi joylarga o'xshagandi. Garchi uzoq yashamagan bo'lsa-da, baribir Valiga yoqqandi. Ayniqsa, odamlari, havosi qandaydir boshqacha edi…

— Lekin… Qanday qilib yetib olaman uyoqlarga? — bir chetgan o'tdi-da, bosh qotira boshladi Vali. — Bilamanki, tog' oshib ketiladi. Qaysi avtobus borarkin?.. Yaxshisi, birontasidan so'rab ko'rish kerak…

Ana shu fikr uni oldinga yetakladi. Bozorga kiraverishga kelib tepasidagi yozuvga qaradi. “Mirobod dehqon bozori”…

Demak, bu yer Qo'yliqqa yaqin… Tolmas akalar gaplashib o'tirib aytishgandi. “Qo'yliqqa Mirobod bozori bir qadam”, deyishgandi.

Vali atrofga alanglab, biladigan odamni qidira boshladi. Aksiga olgandek, bozor to'la odam bo'lsa-da, hamma shoshilar, endi so'rashga og'iz juftlaganda, o'sha odam allaqachon o'tib ketib bo'lgan chiqardi…

U tavakkal baqir-chaqir qilib non sotayotganlar yoniga bordi. O'shi kattaroq ayolni mo'ljallab turdi-da, o'shanga yuzlandi.

— Xola, Qo'yliqqa qanday borsam bo'ladi?..

Ayol baqirishdan to'xtab yalt etib Valiga qaradi.

— Nima?

— Qo'yliqqa qanday borsa bo'ladi?

— Sen-a? — Ayolning ko'zlari chaqchayib bir aravachaga, bir oyoqsiz Valiga tikildi. — Sen Qo'yliqda nima qilasan?

— Ishim bor edi.

— Voy tavba, bolaginam, sen bora olmaysan. Kim seni avtobusga chiqarib qo'yadi?.. Qo'y, o'zingni qiynab nima qilasan?!.

Vali bunday muomalani kutmagandi. Ayolning nogiron oyoqlariga sha'ma qilishi unga alam qildi.

Keyin ayol nimalar dedi, nimalarni uqtirdi. Qulog'iga kirmadi. O'pkasi to'lib bozor ichkarisiga kirib ketdi…

Uzoq vaqt aylanib yurdi. Bu orada ikki-uch nafar bozorchidan yana so'rab ko'rdi. Hammalari yelka qisishdan nariga o'tishmadi…

Shu payt ko'zlari…

Yo'q, o'xshatdi shekilli…

Olma bozorida xuddi Mergan akaga o'xshab ketadigan odam turardi…

Vali ko'zlarini bir-ikki ishqalab oldi. Adashmabdi. O'ppa-o'zi. O'sha barvasta Mergan amaki…

“Borsammikan? — o'yladi u ich-ichidan titrab. — Nima derkin?.. Urisharmikan?.. Nega urishadi? Hech ayb ish qilmadim-ku!.. Balki, aksincha, uyiga opketar?.. Tavakkal boraman. Nima bo'lsa bo'lar…”

U ehtiyotkorlik bilan Mergan aka turgan yerga qarab yurdi. To yetib borguncha bo'lganicha bo'ldi. Qo'rqib qolgan ekan. O'sha kechadagi mast-alast erkaklarning qo'rqinchli basharalari ko'z o'ngida namoyon bo'ldi. Biroq boshqa chorasi yo'q. Bu yerda uni hech kim tanimaydi. Oylab yurganda ham birov “buyoqqa yur!” demaydi. Yaxshisi, hozirgi qulay fursatdan foydalanib qoladi…

— Sen?.. — qarshisidagi Valini ko'rgan Mergan aka shoshib qoldi. — Valijonmisan?.. Buni qara-ya, yana ko'rishibmiz!.. Xo'sh, ahvoling qalay?.. Qiynalib qolmadingmi ishqilib?..

— Amaki, men qiynalganim yo'q. — Vali o'zini hiyla o'nglab dadilroq javob qilishga urindi. — Rizqimni terib yuribman.

— Malades o'g'il bola!.. Haqiqiy erkak shunday bo'lishi kerak… Bilasanmi, o'sha kecha… Sal kayfimiz oshib qolgan ekan… Nimaga birpas kutib turmading-a?.. Yeb qo'ymasdim-ku harqalay!..

— Qo'rqib ketdim-da! — asta bosh egdi Vali. — Urib qolasizlarmi deb qo'rqdim…

— Bo'pti, endi menminan yurasan. Qani, ketdik!.. Hov anavi yerda mashinam turibdi… Qo'rqma, boshqa xafa qilmaydi hech kim!..

Mergan aka asta og'zini Valining qulog'iga yaqin olib bordi-da, qo'shib qo'ydi:

— Ish bor, akasi, ish bor!..

(davomi bor)