Xtales.ru

Killer 4 (kamolov) copy

Vadim o'tirgan yer zax va qorong'i edi. Bu ham yetmagandek, suvaraklarning vizillagan tovushi odamning asabiga tegardi. U juda charchagani, a'zoyi badani ezilib borayotganiga qaramay, uxlayolmas, o'sha suvaraklarning quloq-pulog'iga kirib ketib qolishidan cho'chirdi…

Bir soatcha hech narsa haqida o'ylamay, jim o'tiraverdi… Bora-bora qorni ochib borayotganini his qildi. Afsuski, unga hech kim ovqat olib kelmasdi…

“Bu dunyo juda qiziq ekan-da! — o'yladi Vadim yer chizib. — Kelib-kelib suyuqoyoqqa ko'ngil qo'yibman. U bo'lsa, nafaqat suyuqoyoq, balki g'irt sotqin, haromi ekan… Padaringga la'nat!.. Qani ilgarigi holatim bo'lsa-yu, peshonasidan darcha ochib maza qilsam!.. Valiga nima bo'ldiykin?.. Ishqilib, qiynab-piynab yurishmagan bo'lishsin!..”

Soat necha bo'lganini bilmasdi. Yerto'ladagi qorong'ilik xuddi abadiydek, birday qotib turardi. Bir mahal yerto'la eshigi sharaqlab ochildi va kimdir ichkariga kirdi…

“Qo'riqchidir-da, — ko'nglidan kechirdi Vadim ko'ziga urilayotgan fonar nuriga beparvo tikilib. — Boshqa kim ham kirardi bu sassiq yerga…”

Adashibdi. Qarshisida…

Ruxsora paydo bo'ldi.

Ie, u nega kirdi yerto'laga?..

Vadimning ko'zlariga shu qadar sovuq va yoqimsiz ko'rinib ketdiki…

Kuchining boricha shapaloqlab yuborgisi kelib ketdi. Ammo… Ayol kishiga qo'l ko'tarishni o'ziga ep ko'rmadimi, qo'lini qaytib oldi.

— Xo'sh, nima ish bilan kirding? — so'radi Ruxsoradan. — Yana qanday nag'malaring bor?..

— Meni oldingizga elchi qilib yuborishdi.

— Nima?.. Elchi qilib?.. Nega?.. Men kim bo'libmanki, elchi jo'natishsa?..

— Siz haliyam o'zingizni pastga urasiz-a!.. Ko'zingizni ochsangiz-chi!.. Hammasi sizdan hayiqadi, hadiksiraydi… Ularning ko'z o'ngida juda xavfli odamsiz…

— Bo'pti… Nima istaysan mendan?..

— Sizga yana bir imkoniyat berishmoqchi. — dedi Ruxsora. — Gunohlaringizni yuvishingiz uchun yana bir imkoniyat…

— Bu safar nima karomat ko'rsatishim lozim ekan?.. To'xta, bu gapni o'sha Samadning o'zi aytsa ham bo'lardi-ku! Nega endi aynan seni yubordi?..

— Buyog'ini so'ramang!.. Meni qiynamang!..

— Senam qiynalasanmi? Sen-a?..

— Siz nimaniyam tushunardingiz?.. Qalb bormidi siz erkaklarda…

— Qalb?.. Unaqangi narsalar narigi dunyodagina bo'larkan. Endi tushunib yetdim. Shunday ekan, bor ket bu yerdan!..

— So'ramadingiz-ku nima imkoniyatligini?!.

— Ha-ya, so'ramabman. Xo'sh, gapir!..

— Bilasizmi… Samad aka aytdiki…

— Chaynalmay tezroq gapirsang-chi!..

— Xullas, tirik qolishni istasangiz, hammaning ko'z o'ngida u kishining oyoqlarini o'pib tavba qilishingiz kerak ekan.

— Nima?.. Oyoqlarini o'pib?.. Chuchvarani xom sanabdi o'sha Samad akang. Shunday deb ayt!..

— Bu… Axir qiyin ish emas-ku!..

— Sen uchun qiyin emasdir. Ammo men… G'ururini yerga toptaydiganlardan emasman…

— Mayli, o'zingiz bilasiz…

— Menga qara, — Vadim kutilmaganda Ruxsorani quchoqlab yerga yotqizib oldi. — Sen meni sotding-a?.. Ko'nglim bo'shligidan, bu sohada tajribam yo'qligidan foydalanding… Lekin bilib qo'y, menam ahmoqmasman… Bankda Samad sovg'a qilgan millionlab pullarim yotibdi. Sen bu haqda umuman bilmasding… U pullarni o'zimdan bo'lak hech kim ololmaydi…

Ruxsora Vadimdan hech qachon bu gapni eshitmagandi. Hayron qoldi. Qiziq… Go'l, shalviragan, sodda deb o'ylagan yigitning millionlab pullari bo'lsa…

Ruxsora shu qadar tez o'zgardiki, Vadimning o'zi ham hayron qoldi.

— Menga qarang, — dedi u erkalanib. — To'g'ri, anavilarning gapi bilan sizga ko'p ozor yetkazdim. Buning uchun kerak bo'lsa, qonim bilan aybimni yuvishgayam tayyorman… Faqat… Kechiring!.. O'lgan onamning arvohini o'rtaga qo'yib qasam ichamanki, bundan keyin sizga sodiq bo'laman…

— Ol-a, — kuldi Vadim. — Shunchalar ustamonligingni, pulga o'chligingni avval bilganimda, o'z qo'llarim bilan bo'g'izlab qo'ya qolardim… Afsuski… Hozir menga keraksan…

— Ayting, jahannamga bor desangiz ham tayyorman.

— Bu yerdan qochishimga yordam berasan. Lekin bilib qo'y. Og'zingga siqqan haqni beraman-u, shu bilan xayrlashamiz…

Ruxsora nozik qo'llari bilan Vadimning badanlarini siypalay boshladi.

— Yo'q, akajon, bu shartga rozi bo'lolmayman.

— Nega?

— Chunki bir umr siz bilan bo'lishni istayman.

— E, seni boshimga uramanmi?

— Boshingizga urmasangiz, hech bo'lmaganda xizmatkorlikka yarab qolarman…

— Bo'pti, oldin aytganimni qil. Keyin o'ylab bir qarorga kelarmiz…

Haqiqatan Vadimga hozirgi pallada qanday bo'lmasin bu yerto'ladan qochib qolish zarurroq edi. Shu sababli Ruxsora bilan tortishib o'tirishni istamadi…

***

Ayol makri qirqta tuyaga yuk bo'ladi. Ayniqsa, Ruxsoraning makri… Shunday sodiq qo'riqchini ham bir hamla bilan o'z o'ljasiga aylantirdi…

Hammasi oddiygina sodir bo'ldi. Qo'riqchi o'tgan gal chiqib ketayotganda uning sonlariga, bo'liq siynalariga yeb qo'yguday termulib qolgandi. Ana shundan foydalanib qolmoqchi bo'ldi…

Tunda hamma uxlagan payt egniga kalta yubka kiydi. Ko'ylakning atayin ko'krakni yarmigacha ochiq qoldiradigan xilidan tanladi. Sochlarini yoyib, yengiltak ayollarga xos o'rdak yurish bilan yerto'laga tushib keldi. Haqiqatan qo'riqchi lol qoldi. O'zini tutib turolmadi. Uyoq-buyoqqa alanglab olgan bo'ldi-yu, Ruxsoraning orqasidan kelib mahkam quchoqladi.

— Jonidan, qayoqqa?.. — deya harsillardi u. — Avval meni xursand qip ketmaysizmi?.. Sizdaqasi kam bo'ladi dunyoda.

— Yo'g'-e, — yo'liga tipirchilab erkalangan bo'ldi Ruxsora. — Ja bilag'on ekansiz-ku-a?!. Bilib qo'ying, bekorga mushuk oftobga chiqmaydi.

— Bo'pti, qancha so'raysan? Ayt!..

— Menga pul kerak emas. Kerak bo'lsa, sizga berishim mumkin o'sha sassiq pullarni.

— Unda nima istaysan, opoq qiz?.. Oh, ko'kraklaringdan akang!.. Aytaqol, osmondagi oyni obering desangam roziman!..

Qo'riqchi Ruxsorani yerga bosib ulgurdi. U bildiki, bu laqmani bemalol ko'ndirsa bo'ladi.

— Anavi qamoqda yotgan yigitni hech kimga bildirmay chiqarib yuborasiz. Evaziga men… — Ruxsora yigitning nozik joyidan ohista g'ijimlab qo'ydi. — Evaziga sizni xursand qilaman…

— Axir… — Qo'riqchi beixtiyor o'rnidan turib ketdi. — Axir, kallamni olishadi-ku!..

— Voy, shunchalik qo'rqoqmisiz?.. Mayli, o'zingiz bilasiz… Unda… — Ruxsora ham shartta o'rnidan turib yubkasini to'g'riladi. — Hozir chiqaman-da, qo'riqchingiz meni zo'rladi deb aytaman.

— Nima?.. Yo'q, yo'q, iltimos, hech kimga og'iz ochmang!.. Bo'pti, roziman…

— Nimaga rozisiz? — atayin so'radi Ruxsora.

— O'sha… Yigitni… Mayli, chiqarib yuboraman… Endi keling, bag'rimga kiring!..

Qo'riqchi Ruxsorani tappa yerga bosdi-da, ko'ylagini yechib tashladi…

***

Qorong'i tun. Elas-elas itlarning vovillashigina tashqaridagi sokinlikni buzardi xolos. Harqalay, yog'in-sochin yo'q. Faqat havo biroz sovuq…

Qo'riqchi yigit Ruxsora va Vadimni yerto'laning boshqa bir burchiga olib bordi. U yerda bir odam siqqulik tuynuk bor ekan. G'isht bilan shunchaki yopib qo'yilgan ekan. G'ishtlarni olib tashladi-da, ikkovlariga yuzlandi.

— Shu yerdan chiqsalaring, katta ko'cha. Bemalol uyog'iga taksi to'xtatib ketaverasizlar… Lekin… — U sekin Ruxsoraning qulog'iga pichirladi. — Sizni bir umr unutmayman…

Ruxsora yigitga javoban sonini sonini chimchilab qo'ydi-yu, Vadimning ketidan tashqariga o'zini urdi…

***

Ular chiqib qolgan yo'l aynan dovon orqali Toshkentga ketarkan. O'n daqiqa deganda o'tkinchi mashinani to'xtatib Toshkentga jo'nashdi…

Vadim bu qadar oson qutulishni tasavvur qilmagandi. Ich-ichidan sevinib yonida o'tirgan Ruxsoraga o'g'rincha qarab-qarab qo'ydi…

U boshini o'rindiqqa qo'ygan ko'yi indamay ketib borardi.

Buzuqi haromi-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — Pul desa, otasiniyam sotadiganlar xilidan ekan… Olasan pulni…

Mashina dovonga yaqinlashib yuqoriga ko'tarilib borardi. Beixtiyor Vadimning niyati buzildi. Yonidagi sumkadan haydovchiga ham, Ruxsoraga ham sezdirmagan holda vintovkani chiqardi va o'qlangan-o'qlanmaganini tekshirib ko'rdi. Hammasi joyida. Hozir… Yerosti yo'liga kirsa hisob. Bu isqirtga ko'rsatib qo'yadi…

Yo'q, mashina yerosti yo'ligacha yetib borolmadi. Vadimning sabri chidamadi. Vintovkani qaytadan qo'liga olib haydovchining boshiga tiradi.

— To'xtat mashinani!..

Haydovchi kutmaganmi, qattiq tormoz berdi. O'zi esa, hatto nafas olishga-da qo'rqib jim o'tirardi.

— Nima bo'ldi? — Ruxsora ko'zini ochib atrofga alangladi. — Voy, nima qilmoqchisiz?

— Tashqariga chiq!.. — Ruxsoraga buyurdi Vadim. — Bo'l tez!..

— Xo'p, xo'p!.. Voy Xudoyim!..

Ruxsora itoatkorona eshikni ochib tashqariga chiqdi.

— Sen qimirlamay o'tir! — dedi Vadim haydovchining boshidan vintovkani olib tashqariga — Ruxsora tomonga to'g'rilarkan. — Qimirlasang, o'lasan!..

Shundan so'ng o'zi ham tashqariga chiqdi. Ruxsora ikki metrlar narida qotib turar, nimalar bo'layotganini hamon fahmlay olmasdi.

— Oldinga qarab yur! — dedi Vadim. — Bo'l tez!..

Ruxsora indamay oldinga yura boshladi. Vadim vintovkani unga to'g'rilarkan, kutilmaganda tepkini bosdi. Varanglab chiqqan o'q Ruxsorani yerga qulatdi…

Ammo… Shu mahal yana bir kutilmagan hodisa yuz berdi…

Haydovchi Samad akaga qarashli odam bo'lib, maxsus yollangan edi. Qo'liga to'pponchasini oldi-da, bildirmasdan yaqinlashib kelib, Vadimning boshiga tiradi.

— Akasi, o'lim bilan ko'-o'p olishding! Charchagandirsan-a?.. Qara, shunday Samad aka seni tirik qoldirmoqchiydi. Afsuski, yana qovun tushirding… Nimayam qila olardim. Buyruqni bajarmasam bo'lmaydi…

To'pponcha ishga tushdi. Vadim qoniga bo'yalib yerga yiqilgandan keyin ham haydovchi ko'ksini mo'ljallab otdi. So'ngra yurak urishini har ehtimolga qarshi tekshirib ko'rdi. Hammasi joyida. Sotqin jon beribdi…

— Bundaylarning murdasi qabristonniyam bulg'aydi. — dedi haydovchi ikkala murdani ko'tarib mashina yukxonasiga ortarkan. — Qani, toy bola, hoy Valijon, tush endi yukxonadan, bo'tam!.. Kel, yaxshisi ularni daryoga oqizib yubora qolay!.. Qara-ya, yaxshiyam anavi o'ris haromining tarbiyasini olib qo'ymading! Bo'lmasa, senam bir kun kelib mana shunday o'lim toparding… Xudo asrasin!..

Bolakay garchi murdalarni ko'rib qo'rqib ketgan bo'lsa-da, haydovchiga bildirmas, mashina oynasiga boshini qo'ygancha jim o'tirardi…

Mashina joyidan qo'zg'olgach, qaerdadir boyqushning xunuk tovushi eshitildi. Qaysidir daraxtdagi qushlar bezovtalanib o'zlarini shoxdan-shoxga ura boshlashdi…

Hayot davom etardi.

***

Haydovchi mashinani to'g'ri tog' cho'qqisiga haydadi.

Qorong'i tun. Onda-sonda qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashinalarning chirog'i ko'z ochishga qo'ymaydi. Ochiq oynadan tog'ning muzdek shabadasi yuzlarga urilib, etni junjiktiradi…

Mashina tobora yuqoriga ko'tarilib boraverdi. Valining hamon yuragi bezovta urar, boyagi ko'rganlari ko'z o'ngida betinim aylanib, ko'nglida dahshatli qo'rquv uyg'ota borardi. Ammo xotirjamgina rulni boshqarib ketayotgan haydovchi amakiga bir so'z aytishga hayiqardi. Chunki yonida quroli borligini, hozir biror ortiqcha so'z aytib qo'ysa, otib tashlashini o'ylab tilini tishlardi…

— Mening ismim To'ravoy, — kutilmaganda jimlikni buzdi haydovchi. — To'ra amaki deb chaqiraver!.. Menga qara, nega indamaysan?..

Ana shu so'z hammasini alg'ov-dalg'ov qilib yubordi…

Mashinaning motori to'satdan o'chib qoldi. To'ravoy aka shosha-pisha tormozni bosdi. Afsuski, shu mahalda tormoz ham ishlamadi.

Mashina orqaga o'qday uchib keta boshladi…

Bunday vaziyatlarda hech bir kuch mashinani to'xtatib qololmasdi…

— Sakra!.. — baqirdi To'ravoy aka. — Bolakay, sakra!.. Men mashinani toqqa borib uraman, sakra dedim senga!..

Vali nima qilishni bilmasdi…

Jonholatda eshikka yopishib ochmoqchi bo'ldi. Lekin kuchli shamol eshik ochishga qo'ymadi…

To'ravoy aka kuch bilan rulni burib mashinani toqqa yo'naltirdi…

Nihoyat mashina toqqa borib urildi… Urildi-yu, ag'anab, yo'l chetiga qo'yilgan beton to'siqlardan ham oshib, pastga — jarlik qa'riga sho'ng'idi…

***

— Ana, o'ziga kelyapti! O'ziga kelyapti!..

Valining qulog'iga allakimlarning shivir-shiviri kirardi-yu, o'zini o'nglab, ko'zlarini ocholmasdi… Ko'z ochishga qandaydir oppoq pardasimon to'siqlar xalal berardi. Xuddi hozir ko'zlarini ochsa, ko'r bo'lib qoladigandek tuyulardi…

— Ko'zlaringni och, bolajon!.. — deya turta boshladi kimdir. — Qani, shoshilmasdan, ohista ochgin-chi ko'zlaringni!..

So'nggi bor shu gaplarni eshita oldi xolos. To'satdan boshi aylanib qusgisi keldi. O'qchib-o'qchib yubordi. Lekin hech narsa tushmadi…

Boshi esa, aylanaverdi. Qaerlargadir osmonlarga chiqib tushdi. Uy teskarisiga aylanib yuragi hapriqib-hapriqib ketdi…

So'ngra hammasi joyiga tushdi. Shundoq ro'parasida otasi paydo bo'ldi. G'irt mast holda. Oyoqda zo'rg'a turardi-yu, nuqul Valining boshini silash uchun qo'l cho'zardi. Biroq yeta olmasdi. Qalqib ketaverardi…

— Yo'qol! — deya qichqirdi Vali yig'lab. — Senlarni ko'rishga ko'zim yo'q!.. Meni tashlab ketgansanlar!.. Yetimxonaga tashlab ketgansanlar!.. Yo'qol!..

— Bolakay, o'zingni bos!.. — yana kimdir boshini ushlab siltay boshladi. — Hammasi ortda qoldi, jonim!.. Sen ko'zlaringni ochgin!.. Ocha qolgin!..

Vali qo'rqa-pisa ko'zlarini ochdi. Tepasida oq xalat kiygan ko'hlikkina ayol turar, ko'zlari to'la yosh edi.

— Voy, Xudoyim, xayriyat, ko'zlaring ochildi!.. — dedi ayol yig'lab. — Qo'rqma, sen kasalxonadasan!.. Xudo xohlasa, tez kunda tuzalib ketasan!..

Vali nimadir demoqchi bo'ldi. Og'zini ocholmadi. Buning ustiga oyoqlari shu qadar qattiq og'rirdiki, chidab turishning iloji yo'q edi…

Birpas yotgandan so'ng yana ko'ngli behuzur bo'la boshladi. Yonboshiga ag'darilmoqchi bo'ldi. Kuchi yetmadi. Yaxshiki, vrach ayol tepasida edi. Darrov qo'ltig'idan olib ohista yonboshiga ag'darib qo'ydi.

— Ih-h!.. Oyoqlari-im!.. — deya beixtiyor qichqira boshladi Vali. — Ih-h!..

— Sabr qil, bolajonim, sabr qil!.. Hozir ukol qildirib qo'yaman! Uxlaysan!..

***

Shu ko'yi uch kun yotdi. Ko'ngil aynishi to'xtagan bo'lsa-da, oyoqlari hamon azob berardi. Ertalabki tekshiruvlardan so'ng vrach ayol yana tepasiga kelib o'tirdi. Birpas achinib tikilib qoldi. Hamshiraga nimalardir deb pichirladi. Vali nima deganini anglay olmadi. Og'riq azobi sabab qulog'iga hech narsa kirmasdi…

Vrach o'zi turib ukol qildirgach, hamshirani olib tashqariga chiqdi.

— Bilasizmi, — dedi u hamshiraga. — Bu bolaning hech kimi yo'qqa o'xshaydi. Oyoqlarini kesib tashlamasak bo'lmaydi. Ezilib ketgan. Agar shu taxlit yotaversa, o'lib qoladi bechora… Boring, tez markaziy kasalxonaga qo'ng'iroq qilib mutaxassis chaqiring!.. Ungacha men boladan so'rab turaman!..

Hamshira ketgach, u palataga qaytib kirdi. Vali uyquga ketib ulgurmagan ekan.

Sekin kelib karavotning bir chetiga cho'kdi.

— Valijon, opoqmisan endi? — so'radi muloyimlik bilan. — Oyoqlaring sal qo'yvordimi?

Vali unga javoban boshini qimirlatib qo'ydi.

— Menga qara, sen o'g'il bolasan, to'g'rimi? — gapni uzoqdan boshladi vrach. — O'g'il bola hamma narsaga chidashini bilasan-a?

Vali yana boshini qimirlatdi.

— Juda yaxshi… Bilasanmi, oyoqlaringni… Kesib tashlamasa bo'lmaydi… Operatsiyaga chiday olasanmi?..

O'n ikki yashar bola oyoq kesish nimaligini qaerdan tushunsin?.. Umuman, u hozir bu taxlit mulohazalarni miyasidan kechiradigan ahvolda emasdi. Shunchaki… Boshini qimirlatib qo'ya qoldi…

— Jon bolam, ayt, — davom etdi vrach. — Biror qarindosh-urug'ing bormi? Bo'lsa aytsang, men o'zim toptirib kelardim…

Vali indamay boshi bilan “yo'q” ishorasini qildi…

Beixtiyor ko'zlari yoshlanib labini tishladi.

— Mayli, mayli, xafa bo'lma! — uni yupata boshladi vrach. — Biz bormiz-ku!.. Seni yolg'izlatib qo'ymasmiz… Faqat yig'lama!.. Yuragimni ezma!.. Biror nima yeging kelyaptimi?.. Kabob opkeberishsinmi?..

Bu gaplar albatta ko'ngil ko'tarish uchungina aytilgan edi. Chunki vrach hozirgi vaziyatlarda Valiga parhezli ovqatdan boshqasi mumkin emasligini bilardi…

Qaradiki, bola ukol ta'sirida ko'zlarini yumib uyquga keta boshladi. Vrach asta o'rnidan qo'zg'olib uning ustini to'shak bilan yopdi-da, oyoq uchida tashqariga chiqib ketdi…

***

Operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi. Valiga qo'rqib ketmasligi uchun avvaldan narkoz berib uxlatib qo'yishgandi…

Afsuski, oradan to'rt-besh soatlar o'tib u ikki oyog'idan ayrilgan holda operatsiya stolidan olinib, palataga yotqizildi…

Endi unga bir-ikki haftagacha qimirlash mumkin emasdi…

Oradan yigirma kuncha vaqt o'tdi. Valining oyoqlari bitish pallasiga kira boshladi. Ko'ngli ham aynimay qo'ydi.

Faqat… Oyoqlarini uzatib yotgisi kelaverardi. Ammo tizzadan balandigina qolgan. Bir qarich oyoqni qaergacha ham uzatardi?!.

Bola joni og'riganidan emas, oyoqlarini yo'qotib qo'yganidan o'ksib qur-qur yig'lab oladigan odat chiqardi. Tez-tez tushida mashinadan yiqilib tushadigan, orqasidan kimlardir miltiq otadigan bo'ldi…

Shunday paytlarda sal bo'lmasa o'rnidan sapchib ketardi. Biroq qimirlashga imkon yo'q. Uyqu orasida yiqilib tushmasligi uchun kechasi ikki qo'lini karavot chetiga bog'lab qo'yishardi…

— Men endi… Yura olmaymanmi, xola? — bir kuni kutilmaganda so'rab qoldi u vrachdan. — Doim shunday yotaveramanmi endi?..

— Nega unday deysan, asalim? — deya uni yupatgan bo'ldi vrach ayol. — Senga judayam chiroyli, yumshoq aravacha olib berishadi. Men kattalarga aytdim. Tez kunda opkep qolishadi…

— Men… Futbol o'ynashni yaxshi ko'rardim. — dedi Vali afsus bilan. — Bundan buyon o'ynolmas ekanman-da!..

— Unaqa dema!.. Hali vaqt kelib ko'rmaganday bo'p ketasan… Xo'sh, futboldan bo'lak yana nimani yaxshi ko'rasan?

— Menmi?.. Men miltiq otishni yoqtiraman… Aytgancha, haydovchi amaki qani?

— Qaysi haydovchi?

— Meni opketayotgandi-ku!.. Keyin… Biz ag'anab ketdik…

— Ha-a, umi?.. Voy bolajonim-ey, u kishi… Bilmadim… Boshqa kasalxonada bo'lsa kerak…

— Tirikmikan ishqilib?

— Albatta… Menga qara, unaqangi narsalarni hadeb o'ylayverma!.. O'zing sog' qolganingga xursand bo'l!.. Demak, miltiq otishni yoqtiraman degin?..

— Ha, katta bo'lsam, menam Vadim amakimga o'xshagan zo'r killer bo'laman.

— Qaysi Vadim? — hayron bo'lib so'radi vrach ayol.

— E, uni otib tashlashgan…

Vrach hech narsaga tushunmay, bolaning peshonasini ushlab ko'rdi. Issig'i chiqa boshlabdi. Darrov o'rnidan turdi-yu, yo'lakka chopdi. Vali aytgan gaplarni shunchaki isitma ta'siriga yo'yib qo'ya qoldi…

***

Kunlar ketidan kunlar o'tib bahor ham yaqinlashdi. Daraxtlar kurtak yozib, havoning zahri ketdi. Boshqa yerlarda bo'lgani kabi kasalxona hovlisini ham qushlarning chug'ur-chug'uri bosdi.

Valining oyoqlari bitib bemalol aravachada yura boshladi. Operatsiyadan keyingi og'riqlar xiyla nari ketdi. Faqat havo ayniy boshlasa, oyog'ining kesilgan yerlari chimillatib-chimillatib qo'yardi. U hammasiga ko'nikdi.

Vrach Gulnoza opa esa, bu bolaning kelgusi taqdiri haqida qayg'ura boshlagandi. Axir, bir umr kasalxonada yashamaydi-ku!.. Qaysar bola nogironlar uyiga borishni istamasa…

— Qiziqsiz-a! — uni koyib berdi bosh vrach No''mon Kamolovich. — Istamayman desa quloq solib o'tiraverasizmi? Shartta oborib o'sha yerga joylang, vassalom!..

Gulnoza opa o'ylana-o'ylana yana Valining palatasiga kirib bordi. Bolakay aravachada o'tirgancha uzoq-uzoqlarni tomosha qilardi. Xayolga shu qadar berilib ketgan ekanki, vrach kirib kelganini ham payqamay qoldi.

— Valijon, nimalarni o'ylab o'tiribsan?..

Kutilmagan ovozdan Vali seskanib ketdi. Shoshib orqasiga o'girildi. Vrachni ko'rib biroz chehrasi ochilgandek kulimsirab qo'ydi.

— Nega xomushsan, bolajonim? O' birov xafa qildimi? — uning boshini silab aravachani karavotga yaqin olib bordi Gulnoz opa va o'zi karavotning bir chetiga o'tirdi. — Qani, menga ayt-chi! Nima bo'ldi?..

Vali boshini quyi solib ko'zlariga yosh oldi.

— Ie, o'g'il bolayam yig'laydimi? — yupata ketdi Gulnoz opa. — Uyat bo'ladi-ku!.. Qani, tez ko'z yoshingni artib menga gapir-chi!..

— Men u yerga bormayman. — shivirladi Vali.

— Nimaga bormaysan? Axir, u yerda senga yaxshi qarashadi!.. Kamchilik ko'rmay yashaysan.

— Baribir bormayman!..

— Nima uchun? Sababi bormi?

— Men… Vadim amakimga o'xshab bir o'zim yashashni xohlayman.

— Yo'q, unaqa demagin, jon bolam!.. Odam bir o'zi yashasa, o'lib qoladi-ku!.. Sen hali kichkina bo'lsang…

— Mana ko'rasiz, baribir qochib ketaman o'sha yerdan!..

— Bo'pti, bo'pti, avval borgin!.. O'zing ham yoqtirib qolasan…

O'sha kuni Valini “Tez yordam” mashinasiga o'tqazib nogironlar uyiga olib ketishdi. Bola kasalxonadan to ko'rinmay ketguncha ko'zini uzolmadi…

***

Nogiron bolalar uyida Valiga o'xshaganlar anchagina edi. Birining qo'li yo'q, yana birining bo'yni qiyshayib qolgan…

Ayniqsa, Vali ikki qo'li betinim qaltirab turadigan maymoq bolaga achindi. U hali juda kichkina edi. Hatto, ovqatini ham o'zi yeyolmas ekan…

Baribir bu yer unga yoqmadi. Tarbiyachi ayollar aylanib-o'rgilishlariga qaramay, ikki xayoli qanday qilib bo'lmasin qochib qolishda bo'lib, tushga qadar ko'zini derazadan uzolmadi. Lekin derazaga qarab o'tirgan bilan bir ish chiqmasdi.

“Hovlini tekshirib ko'rishim kerak. — xayolidan o'tkazdi Vali. — Agar darvozada to'xtatib qolishmasa, zo'r bo'lardi. Shartta katta ko'chaga chiqardim-da, jo'nab qolardim…”

Soat kunduzgi o'n ikkiga yaqinlashganda, u xonaning bir chetidagi stol qarshisida yastanib o'tirgancha allanimalarni yozayotgan tarbiyachi Masturaning yoniga yaqinlashdi.

— Opa, hovlini aylanib kelsam maylimi? — muloyimlik bilan so'radi Vali.

— Yiqilib-netib ketmagin yana!.. — qog'ozdan ko'zini uzmay tayinlagan bo'ldi tarbiyachi.

— Yo'q, yiqilmayman!.. O'rganib ketganman…

— Bo'pti, boraqol!.. Faqat birpas aylangach, qaytib kelgin!..

— Xo'p bo'ladi!..

Vali xursandligi ichiga sig'may, aravachaning g'ildiraklarini qo'llari bilan tez-tez aylantirgancha tashqariga yo'l oldi…

Birinchi qavat emasmi, u ko'z ochib yumguncha tashqariga chiqib oldi…

Havo ochiq edi. Quyosh charaqlab turibdi. Esayotgan mayin shabada odamning bahri-dilini ochadi…

Darvoza yonida hech kim ko'rinmadi. Qorovul chol hov narida yerga to'kilgan xazonlarni supurgi bilan to'plab astoydil qopga joylayapti…

Vali xuddi osmonni tomosha qilayotgan bo'lib, qaysidir qo'shiqni xirgoyi qilgancha aravachasini ko'chaga yo'naltirdi. Bildiki, hech kim unga e'tibor bermadi. Aravachani yanada tezroq yurgazib serqatnov yo'lga chiqdi. Har-har zamonda orqasiga o'girilib olishni ham unutmadi…

Xayriyat, ichkaridagilar bilishmadi. Endi bemalol boshi oqqan taraflarga ketaversayam bo'ladi…

Qiziq, o'zi yashagan axlatxona uzoqmikan-a?.. O'sha yerga yetib olganda-ku, ko'pchilik bolalarni tanirdi…

Eh, nima bo'lsa bo'lar. Baribir bu yerlarda qolmaydi. Ketadi. Ketaveradi…

***

“Aniq bilaman, hozir anavilar meni qidirishayapti. — o'yladi Vali astoydil oldinga intilarkan. — Agar, tezroq bu yerlardan ketib olmasam, tutib olishadi. Tag'in o'sha sassiq yerga opkirib qo'yishadi…”

Taxminan bir-ikki chaqirim yurgach, charchadi. A'zoyi badanidan ter quyilib g'ildirak aylantirishgayam xoli kelmay qoldi…

Sekin chetroqqa o'tib atrofga alangladi. Yo'l chetida pistachi kampirdan bo'lak odam yo'q. Faqat o'tkinchi piyodalar juda ko'p ekan bu yerlarda…

Vali qorni ochib borayotganini his etib pistachining stolidagi rang-barang konfetlarga tikilgancha tamshanib qo'ydi…

Kampir uning holatini sezdimi, qo'li bilan o'ziga chorladi.

— Hoy, bola, beri kel!..

Vali indamay kampirga yaqin bordi.

— Qaerdan bo'lasan? — so'radi kampir unga achinish bilan tikilib.

— Hech qaerdan. — lab burib javob qildi Vali.

— Voy, Xudoyim, uying yo'qma?..

— Yo'q.

— Ie, unda qaerda yashaysan endi?..

— Bilmasam…

Kampir rahmi keldi shekilli, stol ustidagi konfetlardan uch-to'rttasini olib Valiga tutqazdi.

— Ma, manavilarni yeb ol!.. Oyog'ingga nima qildi, bolam?..

— Oyog'imgami?.. E, mashinadan yiqilib tushgandim. Do'xtirlar kesib tashlashdi…

— Voy, voy, voy!.. Bechora bola-ya!.. Rosa yig'lagandirsan-a?.. O'mon og'ridimi?..

— Yo'-o'q, yig'lamadim… Uxlatib qo'yisharkan… Tursam, kesib bo'lishibdi…

Kampir bosh chayqay-chayqay, o'rnidan turib ketdi.

— Menga qara, katta bo'p qopsan… Koshki meni uyimda tinchlik bo'lsaykan, sen sho'rlikni opketib boqsam… O'g'illarim g'irt piyonista… Seni sig'dirishmaydi…

— Kerakmas, xola, o'zim bir amallayman! — dedi Vali iyagini ko'tarib. — O'rganib ketganman…

— Xo'sh, qanday qorin to'ydirasan ko'chada yurib?.. Hozirgi zamonda senginaga juda qiyin bo'ladi-ku!.. Menga qara, pul topish yo'lini o'rgataymi?..

Vali kampirga sinchkovlik bilan tikilib qoldi.

— O'rgataymi? — davom etdi kampir. — Sen-chi, tilanchilik qilgin!.. Uyati bor ekanmi?.. Ana, ko'chada nima ko'p mashina ko'p… Hov anavi svetoforgacha borvolsang, o'sha yerda turib tilanaverasan… Qorningam to'yadi, cho'ntaging pul ko'radi, bolam!.. Xo'sh, nima deysan?..

Vali biroz o'ylab turgach, kulib qo'ydi.

— Ma'qul, xola!.. To'g'ri aytdingiz… Hoziroq boshlayman…

— Voy, umring uzoq bo'lsin, bolajonim!.. Boraqol, Xudo yo'lingni bersin iloyim!..

Haqiqatan, pul topish yo'lini topolmay turgandi. Valiga kampirning ko'rsatgan yo'li juda ma'qul kelib aravachasini g'ildiratgancha chorraha tomon yugurtira ketdi…

***

Go'dakligidan ko'chada katta bo'lgan Vali uchun katta yo'l o'rtasida uyoqdan-buyoqqa yurish qo'rqinchli emasdi. Mashinalarning g'iz-g'iz o'tib turishi ham odatiy hol edi…

U qizil chiroq yonib mashinalar to'xtashi bilan oldindagi “Neksiya” ro'parasiga yaqin bordi. Va ikki qo'lini oyna tomon cho'zdi.

— Amaki, sadaqa qiling!..

Haydovchi oynani ochib unga birpas qarab olgan bo'ldi-yu, cho'ntagidan yuztalik chiqarib uzatdi.

— Ma, ol, bola!.. Eh, hayot-a, hayot!..

Vali hovliqib pulni oldi-da, cho'ntagiga tiqib keyingi mashina tarafga qarab yurdi.

— Sadaqa qiling!..

Shu taxlit ikki soatcha chorrahada yurib pul yig'di. Gulnoz opa olib bergan yupqagina kostyumining ikki cho'ntagi pulga to'lib ketdi… Bolaga yanada jon kirdi…

Shu payt kimdir orqadan kelib aravachani yo'l chetiga sudrab ketdi. Kutmagandi. Vali jonholatda ortiga o'girilib qaradi. Aravacha yetaklab borayotgan yigit taxminan yigirma yoshlarda bo'lib, ozg'indan kelgan, yuzlariga husnbuzar toshgan, basharasi qo'rqinchli edi.

— Ha, yigitcha, pul ishlayotganmiding?.. — yo'l-yo'lakay xoxolab kuldi u. — Bizning “tochka”da-ya?..

Vali javob berishga ulgumay qoldi. Yigit uni ko'p qavatli uylar oralig'iga olib bordi. Atrofda hech kim yo'q edi…

Qo'rqib ketdi. Hozir pullarini olib qo'ysa-ya!?.

Shosha-pisha ikki qo'lini pul to'la cho'ntaklariga tiqib oldi…

Bir mahal podyezdlarning biridan ikkinchi yigit chiqib keldi.

— Opkeldingmi “delovoy”ni?.. — so'radi u sherigiga ma'noli qarab qo'yarkan.

— Ha, qarasam, ja astoydil ishlayapti… “Shustriy”ga o'xshaydi bu cho'loq!..

— Xo'sh, nima qilamiz buni?..

— Nima qilardik?.. Agar ko'nsa, yotoqqa oborib anavilarga qo'shib qo'yamiz. Ko'nmasa, dabdalasini chiqaramiz-u, ketaveramiz…

— Vey, yigit, — nihoyat podyezddan chiqqani Valining tepasiga keldi. — Nimaga bizning “tochka”da tilanyapsan?..

Vali unga yeb qo'ygudek tikildi.

— Siznikimas u yer. Tilanaveraman…

— Vey, katta ketma!.. Hozir abjag'ingni chiqarib qo'yaman!..

— Chiqarolmaysiz.

— Menga qara, bolani qo'rqitma! — dedi aravacha yetaklab kelgan yigit sherigiga. — Avval yaxshilikchasiga gaplashaylik!.. Bolakay, bizda bir taklif bor. Nima deysan?..

— Aytavering! — dedi Vali o'zini yo'qotmay.

— Hozir biz seni yotoqxonaga oboramiz. U yerda o'zingga o'xshagan bolalar yashaydi. Baribir ko'chada yotmaysan-ku!..

— Keyin-chi?..

— Har kuni mana shu yerga kelib tilanchilik qilasan. Lekin pullarni bizga topshirasan. Senga “dolya”ngni ajratib berib turamiz.

— Topshirmasam-chi? — so'radi Vali hamon qo'llarini cho'ntakdan olmay.

— Topshirmasang, o'lasan! — ikkinchi yigit qo'lini musht qilib Valining iyagiga tiradi. — O'ligingniyam topisholmaydi…

Shu tobda kutilmagan hodisa yuz berdi. Vali sekin yerga qaragandi, ko'zlari yerda dumalab yotgan toshga tushib qoldi. Shosha-pisha toshni qo'liga olib zarb bilan tepasida turgan ikkinchi yigitning boshiga tushirdi.

— Ih, maraz!.. — yigit qonga belangan boshini ushlagancha yerga engashib qoldi. Sherigi esa, Valining bo'ynidan bo'g'ib olgandi.

— Shunaqami?.. Hozir o'ldiraman sen xunasani!.. O'l!.. Bo'g'ilib o'l!..

Vali qancha chiranmasin, uning qo'llaridan bo'shala olmasdi. Endi-endi nafasi qayta boshlaganda kaltak yegan yigit joniga oro kirdi.

— Qo'lingni tort! — sherigini itarib yubordi u. — Jinni bo'lganmisan? Hali ish beradi bu bola!.. Aravani yetakla!..

Yigit itoatkorona aravachani yetaklab noma'lum tomonga keta boshladi. Sherigi ham qonagan boshiga ro'molcha bosgancha ularning ortidan borardi…

***

— Rayim, — dedi boshi qonagan yigit sherigiga. — Bor, komendantga ayt, manavinga joy qilib bersin!..

Rayim yugurganicha komendantning xonasiga kirib ketdi…

Komendant Ma'fura degan erkakshoda ayol edi. Semiz emasdi-yu, suyaklari yo'g'onligidanmi, xuddi xo'ppa semizdek ko'rinardi.

— Ha, Rayim, nima deysan? — so'radi u ovqat yeyotgan qoshig'ini bir chetga surib. — Tezroq gapir, vaqtim yo'q!..

— Yangi bola opkeldim. — dedi Rayim tirjayib. — Ikki oyog'i yo'q. Zo'r pul topadi.

— Qaerdan bilasan zo'r topishini?

— Ko'rdim-da!.. Cho'ntagi to'la pul…

— Qaerdan topdilaring?

— Qaerdan bo'lardi? Ko'chadan… Menga qarang, sizga baribir emasmi? Ulushingizni vaqtida olib turasiz… Joy qilib bering!..

— Bo'pti, — kerisha-kerisha o'rnidan qo'zg'oldi Ma'fura. — Hozir qilib beraman…

Rayim uning bo'liq orqasiga bir muddat tikilib turdi-da, kutilmaganda quchoqlab oldi.

— Nima qilyapsan, jinni?.. — hiringlab kuldi Ma'fura. — Hozir birov kirib qolsa, sharmanda bo'lamiz!..

— Keling, eshikni yopaylik!.. Mana shu yerning o'zida hal qilamiz-qo'yamiz!..

— Bekorning beshtasini aytibsan… Bunaqa ishlar ishdan keyin kechasi qilinadi… Avval haqini to'lab qo'y, keyin quchoqla!..

— Xo'p, to'layman… Lekin bilib qo'ying, agar kechqurun ketib qolsangiz, xafa bo'laman-a!..

— Bo'pti, qo'yvor endi… Suyaklarimni qisirlatvording!.. Yur, o'sha bolangga joy qilib beray!..

Rayim ayolni qo'yib yuborgach, Ma'fura ko'rsatgan matras, choyshablarni ko'tarib, uning ortidan ergashdi…

***

Yotoqxona qachonlardir oliy o'quv yurtlaridan biriga tegishli bo'lgan-u, keyinchalik tashlab qo'yilgani sabab, avariya holatiga kelib qolgandi. Necha yillardan beri oynalari sinib ketgan, eshik deganning o'zi deyarli qolmagan, ichkari-yu tashqaridagi suvoqlar ko'chib, shiftlarigacha o'rgimchak uya bosib ketgan bu yotoqxonaga talaba zoti qadam bosmaydi. Lekin komendant bor. Unga har oyda maosh to'lashadi. Shunga qaramay, Ma'fura qo'shimcha pul ishlashni yaxshigina yo'lga qo'yib olgan. Atrofiga to'rt nafar ishining tayini yo'q, qamalib chiqqan, bezori yigitlarni yig'ib o'zicha “mafiya” tashkil qilgan. Bu guruh mayib-majruh bolalarni zo'rlab yotoqxonaga olib kelgan-u, ularni tilanchilik qilib pul topishga majburlay boshlagan. Qarabsizki, tez orada cho'ntaklari pulga to'lib qoldi… Vali ham xuddi o'sha bolakaylarning biriga aylanganini hali anglab yetmagandi…

U derazasi butun-u, biroq oynalari sinib ketgan bir xonaga kirib keldi-yu, ich-ichi muzlab ketdi. Bu yerda na karavot, na o'tiradigan stul bor. Ikki oyog'i ikki tomonga qayrilib ketgan, bo'yni qiyshiq bola bir burchakka eski sholcha to'shab o'tirar, qo'llaridagi barmoqlar ham orqaga qayrilgani uchunmi odamlardek o'tirish o'rniga tizzalagancha qo'l tirsaklarini polga tirab o'tirardi…

Ikkinchi bolaning bir oyog'i yo'q ekan. U ham narigisi kabi o'n uch yoshlarda. Yuzlari to'la dog' edi…

Eng dahshatli manzara uchinchi burchakda namoyon bo'ldi. U yerda yoshi 30 larga borgan bir erkak polda yumalab yotar, qo'lsiz, oyoqsiz bir ahvolda ekan…

Uni ko'rib Valining etlari jimirlab ketdi. Lekin bildirmadi. Indamaygina deraza qarshisiga borib o'zini bu yerga olib kelgan yigitga nafrat aralash qarab qo'ydi.

— Nega aftingni bujmaytirayapsan, cho'loq? — kuldi yigit aravachani uyoqdan-buyoqqa g'ildiratib. — O'qmadimi?..

— Qo'lingni tort!.. — dedi Vali sir boy bermay.

— O', zo'rsan-ku-a?.. Buyog'iga haddingdan oshmay mana shu yerda yashaysan. Biz nima desak shuni qilasan!.. Qara, hech kimga bermagan to'shaklarni senga opkelishdi! — Yigit ichkariga to'shak qo'ltiqlab kelgan sherigi va Ma'furani ko'rsatib do'q urgan bo'ldi. — Shundayam haddingdan oshadigan bo'lsang, o'zim seni bo'g'izlab qo'ya qolaman…

— Bas qil, — urishib bergan bo'ldi Ma'fura yonidagiga ko'z qisib. — bolani unaqa qo'rqitma halitdan!.. U bizga shunday pullar topib bersin hali…

— Topib bo'pman senlarga! — teskari qarab so'kindi Vali. — Hali ko'rasanlar, qochib ketaman baribir!..

Uning gapini eshitib uchchovlari ham qotib-qotib kulishdi.

— Rayim, bu bola oddiy bolaga o'xshamaydi. — dedi ikkinchi yigit Ma'furani qo'ltiqlab turgan sherigiga qarab. — Ko'rding-ku, boya tosh otganini!.. Mo'ljalchi ekan…

— To'g'ri, — uning gapini ma'qulladi Rayim. — Hali shoshmasin, shu ishi uchun adabini berib, burnini yerga ishqab ishlatamiz bu mo'ljalchini…

***

Qosh qoraydi. Xona ichini zulmatning qo'rqinchli soyasi qoplay boshladi. Qo'l-oyoqsiz erkak nihoyat sekin boshqa tomoniga o'girilib yotdi-da, hamon deraza qarshisida uzoq-uzoqlarga termulib o'tirgan Valiga so'z qotdi.

— Yigitcha, sen yangi keldingmi?

— Ha, — javob qildi Vali sovuqqonlik bilan.

— Qayg'uravermay, hali ko'nikib ketasan. Undan ko'ra, yo'lakka chiqib mening aravachamni opkeb bersang-chi!..

— Aravacha?.. — hayron bo'lib so'radi Vali. — Siz… Qanday chiqasiz unga?..

— Avval opkelgin, ko'rasan qanday chiqishimni!..

Vali asta qorong'i yo'lakka chiqdi. Haqiqatan sal narida aravacha bor ekan. Bir qo'li bilan yetaklab ichkariga — erkakning ro'parasiga keltirdi.

— Endi mahkam ushlab tur, tag'in yurib ketmasin!.. — U tirsaklari bilan gavdasini ko'tardi va kesilgan oyoqlarida xuddi tizzalagandek turib oldi. So'ngra epchillik bilan ikki tirsagini aravachaning ikki burchiga qo'yib yuqoriga sapchidi. Vali kuchining boricha aravachani oldinga itarib turar, erkakning yiqilib ketishidan qo'rqardi…

Yo'q, u o'ylaganday bo'lmadi. Erkak biroz nafas rostlab turgach, yana bir urinishda aravachaga o'rnashib o'tirib oldi.

— Har safar shunday chiqasizmi? — unga katta qiziqish bilan tikilarkan, so'radi Vali.

— Albatta. Men Afg'onda bo'lganman. O'sha yerda qo'l-oyoqlarni tashlab keldim… Aytgancha, tanishaylik. Ismim Botir.

— Meniki Vali. — Beixtiyor qo'l uzatdi-yu, Botirning qo'llari yo'qligi esiga tushib qizargancha qo'lini tortib oldi Vali.

— Juda yaxshi, Valijon… Endi gap bunday, sen bu yerda judayam ehtiyot bo'lgin. Anavi ikkalasi mahluqdan battar. Tag'in joningga jabr qilib qo'ymagin…

— Nimaga ular bizni bu yerga qamab qo'yishdi? — so'radi Vali jahli chiqib. — Nima haqqi bor ularning?..

— E, — og'ir xo'rsinib qo'ydi Botir. — sen nimaniyam bilarding. Bularning tepasida katta-katta odamlar turibdi. Ularminan sira teng kelib bo'lmaydi…

— Men baribir qochib ketaman.

— Mana bu gaping noto'g'ri. Ana, anavi qiyshayib o'tirgan bolani ko'rayapsanmi? — burchakda tizzalagancha butun gavdasini qimirlatib-qimirlatib yotgan bolani ko'rsatdi Botir. — Uni ismi Sharif. Sen tengi bola. Tramvayning tagida qolgan ekan. Shuyam bir kuni qochib ketmoqchi bo'lgandi. Ilgari qo'llari yaxshi edi. Oyoqlari maymoq edi xolos. G'o'rligi orqasidan anavilardan tozza kaltak yedi. Mana endi butkul maymoq bo'li-ib o'tiribdi…

Vali Sharifga achinish bilan tikilib qarab qo'ydi-da, sekin aravachasini g'ildiratib yo'lakka chiqib ketdi…

***

Ertalab hammalarini eski bir “Moskvich”ga yuklab shaharning turli burchaklariga olib borib tashlashdi. Vali bildiki, ular ko'pchilik ekan. O'zi tanigan ikki yigitning yoniga Barlos, Qo'tirbosh, Qoqsuyak deganlari ham kelib qo'shilishdi. Ayniqsa, Qoqsuyak laqablisi Valining kulgisini qistatib yubordi. Shu qadar ozg'in ediki, iyaklari xuddi qari kampirlarniki kabi pastga osilib tushgan. Bo'yni ingi-ichka. Lekin qattiqqo'l ekan. Xuddi o'shani Valiga qorovul qilib tashlab ketishgandan so'ng bildi…

U yo'lning bir chetiga astoydil joylashib olgancha Valining harakatlarini kuzatib turar, mabodo qochishga shaylansa quvib yetishga tayyordek oyoqlarini oldinga cho'zib olgandi…

— Mendan pul olib bo'psan! — Qoqsuyak tomonga qarab alam bilan shivirladi Vali. — Sendaqalarni ko'pini ko'rganman… Hali shoshmay tur!..

Vali haqiqatan cho'ntagida to'planib qolgan pullarni ularga bermoqchi emasdi. Umuman, yana mog'or hidi kelib turadigan sassiq yotoqxonada tunashni o'ylasa, yuragi orqaga tortib qo'yardi…

U uzoq o'yladi. Qochib ketishning, yaramaslardan qutulishning yo'llarini izladi. Uyog'ini o'ylasa ham, buyog'ini o'ylasa ham, baribir tuzuk-quruq reja izlab topolmadi.

— Ha, mayli, — dedi o'ziga o'zi nihoyat. — bugun ham chidayman. Botir akadan maslahat so'rab ko'raman…

Qosh qorayganda eski mashina ularni olib ketish uchun keldi. Valini ko'tarib mashinaga ortishdan avval shaxsan Rayimning o'zi uning cho'ntagidagi pullarni tiyinigacha qo'ymay sug'urib oldi. Ana shu narsa ayniqsa alam qildi. Axir ertadan kechga qadar qora terga botib uyoqdan-buyoqqa arava g'ildiratib, begona odamlarga tilanib pul topsa-yu, bu g'alamislar osongina pullarini shilib olaverishsa… Tushlikka deb berganlari atigi ikkita sovigan somsa-ku!..

Mashinaga chiqib o'tirgach, Botirning ahvolini o'rgan Vali qotib qoldi. Uning yoniga Qo'tirbosh o'tirib olib majruh Botirni betinim turtkilar, ba'zan boshi aralash tushirib ham qolardi.

— Vey, cho'loq, mishiqi, — derdi nuqul tishlarini g'ijirlatib. — qachon odamga o'xshab pul topasan-a?.. Topganing bor-yo'g'i yigirma mingmi?.. Bu sen ablahning qorninggayam yetmaydi-ku!..

— M-men… Qo'limdan kelganini qildim! — deya ingranardi Botir. — Bundan ortig'iga…

— Mana senga!.. — uning boshi aralash musht tushirdi Qo'tirbosh. — Ol ulushingni!..

Bu manzara Valining ich-ichini muzlatib yubordi. Qaniydi kuchi yetsa-yu, bu yaramasning adabini bersa!.. Xumordan chiqquncha kaltaklab Botir akasining o'chini olsa…

Afsuski…

Hech narsa qila olmadi. Faqat mashina o'rindig'iga iyagi bilan yopishib qolgan Botirga tikilib achina oldi xolos…

***

Mashina yotoqxonaga kirib kelgach, Hammalarini bir-bir ko'tarib pastga tushirishdi. Qo'tirbosh ancha hovridan tushdimi, Botirni o'zi ko'tarib ichkariga yo'l oldi. Vali esa, Rayimning yordami bilan xonalarigacha yetib oldi…

Ichkariga kirishi bilan yana badbo'y hid dimog'iga yopishib qusgisi keldi. Bir-ikki yo'lakka chiqib o'qchib ham oldi. Baribir chidashga majburligini bilgani uchun qaytib xonaga kirdi-da, og'zini eski sochiq bilan to'sdi. Sochiqdan kelayotgan hid xonadagidan ham battarroq ekan. Shu zahoti bir chetga irg'itib yubordi…

Botir xuddi birinchi bor ko'rganidek, qorni bilan to'shakda yumalab yotar, o'ksib-o'ksib yig'lardi…

Vali kap-katta odamning yig'isiga chidab tura olmadi. Asta aravachasini uning yoniga haydab borib yelkasiga qo'lini qo'ydi.

— Botir aka, yig'lamang!.. — dedi shivirlab. — Mana ko'rasiz, men siz uchun ham bu marazlardan o'ch olaman.

— Qanday qilib, bolajon?.. — Botir ag'darilib Valining ko'zlariga boqdi. — Qanday o'ch olasan? Hali sen judayam kichkinasan, ukajon!..

— E, men ko'cha ko'rgan bolaman. Nima deyapsiz? — ovozini hiyla balandlatdi Vali. — Axlatxonada bunaqalarni ko'raverib pishib ketganman.

— Qanaqa axlatxonada?

— Qanaqa bo'lardi? Odamlar axlat tashlaydigan yerda yashaganman. O'sha yerda…

— To'xta!.. — Botir bir qimirlab o'rnidan turib oldi. — Ota-onang…

— Ota-onam yo'q. O'lib ketishgan… Botir aka, o'zingiz-chi? O'zingizning ota-onangiz yo'qmi?

— Yo'q, — dedi Botir shiftga g'amgin tikilarkan. — meniyam ota-onam o'lib ketishgan. Afg'ondan kelganimdan so'ng yolg'izgina tog'am kutib olgandi. Bir oy qaradi. Oxiri uyam xotinining gapiga kirib uydan haydab yubordi. Shundan keyin hech kimga yalinmayman, qaram bo'lmayman deb qasam ichgandim… Afsus…

— Bularning qo'liga qanday tushib qoldingiz?

Botir kulib qo'ydi.

— Xuddi senga o'xshab… Menga qara, sen hali yoshsan. Mana, qo'ling bor ekan hech bo'lmasa. Bu yerdan qochishing kerak.

— Menam sizdan shu narsani so'ramoqchiydim. — birdan jonlanib ketdi Vali. — Menga maslahat bering, Botir aka!.. Mana ko'rasiz, sizniyam opchiqib ketaman.

— Yo'q, buning iloji yo'q. Yaxshisi, o'zingni o'yla… Bilasanmi, mening bir tanishim bo'lardi. U umrining teng yarmini turmalarda o'tkazgan odam. Ammo juda mehribon. Tilini topsang, jonini beradi. Sen o'sha yigitga uchrashishing lozim.

— Bo'pti, o'sha amakining adresini bering menga!..

— U Qo'yliq tarafda turardi. Hozir bilmadim… Xullas… — Botir boshini sarak-sarak qilib nimalarnidir eslagan bo'ldi. — Xullas, Qo'yliqqa borib Qo'qon mahallaga kirasan-da, Mergan akani so'roqlaysan. Topsang, meni aytasan. Uyog'i endi o'zingga havola, uka… Lekin… Bu yerdan qanday chiqib ketarkansan?..

— E, xavotir olmang, epini topaman. Kichkina bolamasman.

— Obbo sen-ey, — kulib yubordi Botir. — ja zo'rsan-ku!.. Xo'sh, o'zing ayt-chi, bu yerdan qanday chiqib ketmoqchisan? Pastda Ma'fura degan ajdaho o'tiradi. Uning oldidan chiqib ketish o'limdan qiyin…

— Pastgacha tushvolsam, — dedi ishonch bilan Vali. — uyog'i chikora. Unaqa ayollarni aldayverib pishib ketganman!

— Obbo sen-ey! — dedi Botir Validan ko'z uzmay. — maladessan, malades!.. Omadingni bersin!.. Agar Mergan akani topa olsang, mendan salom degin! Meni aytsang bo'ldi, u odam seni ko'chada qo'ymaydi…

Vali Botirga yaqinlashib haqiqiy erkaklar kabi boshiga boshini qo'yib xayrlashdi. So'ngra asta aravachasini g'ildiratgancha yo'lakka qarab yurg'azdi.

(davomi bor)