Josuslar 3 (kamolov) copy
Yana til, grim, oynadan, podyezdlardan, avtomobildan sakrash, qalbaki hujjatlar tayyorlash, o'zing bo'lishing lozim bo'lgan joyni to'g'ri tanlay bilish, cho'ntak kesish, transportning har qanday turini hayday olish, dorilardan portlovchi moddalar tayyorlash, qo'l jangi va hokazo…
Bular ozmi?..
— Yaxshiyamki, sen sharq jangovar san'atidan bexabarsan. — degandi instruktor dars paytida. — Bunday janglardan xabardor odam hech qachon bizning usullarimizni egallay olmaydi. O'rgatishning ham foydasi yo'q. Sen qo'l-oyoqlaring bilan fikr yuritmasliging zarur. Mushtlashmasliging kerak. Sen dushmanni yo'q qila bilishing lozim. Hatto, uning aql bilan yo'llagan zarbasini ham qaytarishga tayyor turishing talab etiladi. Yo'qsa jangda yutqazasan. Qo'l-oyoq bilan jang olib borganlar bizda ayovsiz jazolanadi. Sen yo ushbu to'qnashuvdan qochishing, yo o'z kasbing sirlarini sir tutishing, yo dushmanni o'ldirishing shart. Mushtlashishni umuman bilmasliging zarur. Sen dushmanni o'ldirishni yoki biror zarba o'tkazib qo'ymasdan o'zing o'lib ketishni bilishing kerak.
Xo'sh, senga nima pand berishi mumkin jangda? Yillab o'tkazilgan mashg'ulotlar tufayli orttirilgan avtomatizm. Sen dushmanga yo zarba, yo himoya bilan javob qaytarib qo'yasan. Ana shu sening zaif tomoning hisoblanadi.
Sen hech qachon himoyalanmasliging, aksincha, o'ylashing, tahlil qilishing, undan keyingina harakatga o'tishing lozim. Hatto, qorningga qarab o'q uchib kelayotganda ham. Agar shunday hollarda nima qilishni bilmasang, yaxshisi, jimgina turaver. Sen uchun topshiriqni bajarish hayotingdan ham ustun turadi. Aynan shuning uchun ham biz kursantlarning ko'pchiligini yo'qqa chiqaramiz, o'qishdan ayovsiz haydaymiz. Biz saralaymiz. Shuning uchun ham sizlar himoyalanish kursini o'qish avvalidamas, ikki yildan so'ng o'taysizlar. Maxsus himoyaning sharti — ketish, o'ldirish yoxud o'limni o'ziga qabul qilib olish.
Bugundan e'tiboran sen o'ldirish hamda o'lishni o'rganasan. To'g'ri, bu sen uchun yoqimli kechmaydi. Lekin busiz sen olg'a bora olmaysan.
* * *
Shunday qilib darslar boshlandi.
— Sening asosiy quroling — bu qo'ling. — dedi instruktor. — U doimo sen bilan birga. Qo'lning yordami bilan dushmanni yoki bir necha daqiqaga uxlatib qo'yish, yoki butkul yo'q qilib yuborish mumkin. Qo'ldan faqat otish uchun ishlatiladigan qurolgina kuchli.
Shuni yodingda tutki, sening qo'llaring, oyoqlaring, xullas, butun badaning boshqalarnikidan farqlanmasligi shart. Olomon orasida hech kim tanimaydigan, kichkinagina, hech kim e'tibor bermaydigan odam bo'lishga o'rgan. Xuddi ko'rinmas odam kabi. Shu sababli ham biz kursantlarga mushaklarni, ko'krak qafasini rivojlantiruvchi mashqlarni bajarishga ruxsat bermaymiz. Sen artistlar kabi bo'lishga odatlan. Shunda dushmanni bo'shashtira oladigan, cho'ntagingdagi istalgan narsani qurolga aylantira biladigan bo'lasan. Mashg'ulotlarni ana shundan boshlaymiz.
Tez orada men ko'p narsalarni bilib oldim. Cho'ntakdagi yondirgich, ruchka, ko'ylak tugmasi, botinka bog'ichi o'lim keltiruvchi qurolga aylana olishini aniqladim. Yana shu narsani bildimki, kichkinagina, ko'rimsiz professionalning qo'lida har qanday kuchli, ayyor dushman ham hech narsa bo'lmay qolishi mumkin ekan.
Meni pichoq, mix, sanchqi, piskalarni otib odam o'ldirishga o'rgatishdi. Kesadigan qurol sifatida shisha, konserva idishlari, ularning qopqog'i, kursi, gugurt donasi, yaxshilab taxlangan qattiq qog'oz parchasidan ham foydalanish sirlaridan voqif bo'ldim. Lekin baribir mening asosiy qurolim bo'lib qo'l va oyoqlarim, tishlarim, boshim qolaverdi.
O'ylabmi-o'ylamaymi, avvaliga qo'l jangini g'olib kelishni bilish deb hisoblagandim. Biroq instruktorlar oldin meni mag'lub bo'lishga o'rgata boshlashdi. Ular tinimsiz kaltaklashar, men goh baqirib, goh inqillab rahm qilishlarini so'rar, qo'llarimni beso'naqaylik bilan uyoqdan-buyoqqa aylantirishdan nariga o'tolmasdim. Yoki xuddi ko'chada mushtlashayotgan odam kabi ulgurganimcha qarshilik ko'rsatardim. Menga faqat bir narsaga ruxsat berishdi. Eng nozik nuqtalarimni (yo'q, sog'lig'im, tashkilot manfaati uchun emas) kaltakdan saqlab qolishga. Qancha ko'proq muvaffaqiyatga erisha boshlasam, instruktorlar shuncha ko'p kaltaklashardi. Ular goh zanjir, goh militsionerlar charm tayog'i bilan qurollanishardi. Axir, qancha chidash mumkin?! Bir kuni qarshilik ko'rsatishga uringanim sabab basharam aralash ketma-ket mushtlar kelib tushdi-yu, natijada uch kunga qamab qo'yishdi.
Kunlar o'tgan sari ular menga zarbaga zarba bilan javob berish sirlarini o'rgata borishdi. Shartga ko'ra, o'zimning jonimni qurbon qilishga tayyor turishim, shu yo'sinda o'la bilishim kerak edi.
* * *
Nihoyat kunlarning birida menga himoyalanish mumkinligini aytishdi. Shunda ham bu na boksni, na karateni eslatardi. Sparring menga tomon yaqinlashib keladi-da, bir-ikki zarba yo'llaydi. Men hech qanday baqir-chaqirsiz zarbalarni qabul qilib olishim va o'z vaqtida himoyalanishga ham ulgurishim talab qilinardi. Bu narsa qaysidir tarafdan qilichbozlik san'atiga ham o'xshab ketardi. Negaki, sparringlar har ikki-uch daqiqada almashib turishar, aytmoqchi bo'lganim, jang juda qisqa davom etardi.
— Uzoq vaqt jang qilish, — deya uqtirdi menga instruktor. — Mag'lub bo'lish degani. Mushtni unut. Ular ko'cha jangidagina asqotadi. Sening barmoqlaring bor Xudo bergan. O'sha barmoqlarga yaxshilab qaragin-da, ularning tuzilishini kuzat. Barmoqlaring qaysi xanjar yoki nayzadan kam? Musht bilan shunchaki turtasan, barmoq bilan esa, zarba berasan. Qani, qoringa bir marta musht bilan, bir marta barmoq bilan zarba berib ko'r-chi, qay biri kuchliroq ekan!..
Yaxshilab qara, bu barmoqlar bilan dushmanning qornini jarroh pichog'i kabi tilib tashlash mumkin. Barmoq yordamida sen uning bo'yin qismiga bitta zarba yo'llab uyqu arteriyasini sug'urib ola bilasan. Aftingni burishtirma, kursant! Senga hali biz o'rgatadigan narsalarning ko'pchiligi yoqib tushmaydi. Ogohlantirganman, biz mushtlashishgamas, o'ldirishga o'rgatamiz. Mana mening kaftim. Kaftimga ko'rsatkich barmog'ing bilan zarba ber. Kuchliroq! Kuchliroq!..Xo'sh, og'ridimi barmog'ing? To'g'ri. Sen uni sindirib olishdan qo'rqding. Shuning uchun ham og'ridi. Agar bu haqda o'ylamaganingda og'rimasdi. Barmoqni barmoq deb emas, xanjar deb tasavvur qilish kerak. O'yla, agar mixni to'ppa-to'g'ri taxtaga yo'llab bolg'a bilan bir tushirsang, u kirib ketadi. Qiyshiqroq ushlasang, qiyshab boraveradi. Barmoqni ham o'sha mix singari juda-juda to'g'ri tuta bilish lozim. Hammasi shunga bog'liq. Asosiysi, qo'rqish kerak emas. Nozik joying suyakmas, balki, hissiyot. Ruhan bardam bo'lsang, barmog'ingni bolg'a bilan urib ham sindirib bo'lmaydi…
Barmog'imni juda tez chiniqtirishdi. Ammo boshim ularni ancha qiynadi. Tomog'imga, ochiq ko'zlarimga barmoq bilan urishlariga uzoq vaqt yo'l bera olmadim. Baribir o'rgatishdi. Ishontirishdi, majbur qilishdi, kerak bo'lganda jazolashdi.
* * *
Men ertalabdan kechgacha barmog'im bilan bokschilar qopiga chizib qo'yilgan sportchining yuzi aralash urib mashq qildim. Bora-bora ko'nika boshladim. Shug'ullanganim sayin zarba kuchi osha bordi.
— Zarbani aniq va keskin berish zarur. — deya uqtirardi instruktor. — Uzoq o'ylanib turma!
Imtihonlarni qaytadan topshirishni o'ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Shu sababli ham jonim qiynalishiga qaramay tayyorgarlik ko'rdim…
Yana qorong'i xonalarda mashg'ulotlar boshlandi. Goh portlovchi moddalarga, goh zaharga, zaharlanishga qarshi kurashish… Ayniqsa, uzoq masofaga yugurib kelgandan so'ng nafas rostlamasdan turib yuz-yuz ellik marotaba turnikda tortinishga majburlashardi.
O'ylardimki, bu mashg'ulotlarning oxiri yo'q. Ularning barchasini o'rganib chiqish uchun bitta umr yetmaydi. Hoynahoy, keksayganimgacha shug'ullanaman-u, nafaqaga kuzatib yuborishadi.
Yo'q, o'qishning ham oxiri ko'ringandek bo'ldi. To'g'ri, bitirish imtihoni bo'lmadi. Xuddi o'z dafn marosimimga borish va qatnashishga o'xshagan maxsus bitim imzoladik. Bitim tuzilgan qog'oz ostiga siyoh bilan emas, balki, o'z qonim bilan imzo qo'ydim.
Bitim sharti shunday edi:
Tashqi ko'rinish, yurish, gapirish, ovoz o'zgartiriladi. Xullas, men butkul boshqa odamga aylanishim kerak bo'ladi. So'ngra turmaga borib istalgan kameraga kiriladi-da, u yerda o'tirgan mahbus bilan yaqindan tanishiladi. Shunday tanishish kerakki, hayotini to'liq o'rganib chiqish va tergovchi qila olmagan ishlarni qilish lozim. Ya'ni, mahbusning haqiqiy dardkashiga, kerakli odamiga aylanish…
Tashkilotdagilar esa, barmoqlar qaltirayaptimi-yo'qmi, gaplashayotganda ko'zlarim yoshlanyaptimi-yo'qmi, o'zimni qanday tutyapman, hammasini kuzatib turishadi. Mabodo sal xatoga yo'l qo'ysam yoxud bo'shashganim sezilsa, tamom, shuncha yil vaqt o'tkazib o'qiganlarimga qarab o'tirmasdan, haydab yuborishadi. Bu ham katta bir imtihon.
Nima ham qilardim? Aytilganidek, kameraga kirib bordim. Mahbus bilan uzun kechalarda astoydil suhbatlashdim, dardlashdim. Ozodlikda qotil bo'lgan ekan. Hozir esa, o'z o'limini kutib o'tiribdi.
Ishonasizmi, bitimga ko'ra, unga kerakli odamga aylangach, o'sha o'lim jazosini men bajarishim lozim edi. Demak, men ham do'stman, ham uning jallodi! Faqat u bilmaydi. Bexabar.
* * *
Men uning hayoti bilan yaqindan tanishdim. Hatto, tergovchi, ota-onasi, opa-singillaridan ham ko'proq ma'lumotlar oldim. Bunga yana bir sabab shu ediki, o'limga mahkum etilgan mahbuslarning kamerasida bemalol, ochiqdan-ochiq suhbatlar o'tkazish mumkin. Ruxsat berishadi. Chunki, mahbus hayotining so'nggi lahzalarini ma'lum ma'noda o'zi istagan xursandchilikda o'tkazishga haqlidek hisoblanadi. Turmadagilar uni qiyin-qistovga olaverishmaydi.
Lekin kunlar o'tgani sayin yaqin do'st rolini ijro etish men uchun qiyinlashib borardi. Kun sayin o'zimni mahbusning qarshisida aybdor hisoblab borardim. Nafaqat u, balki, o'zim ham mahbusga yanada o'rganib qolayotgandim. Biz do'stlashib qolgandik.
Men nahotki shunday yaqin do'stimni bir kun kelib o'z qo'llarim bilan o'ldirsam?
Qarang, mahbusning sochlari qirib tashlangan. Mana shu yaltiroq boshiga vaqti kelib to'pponcha tirashim va o'ldirishim lozim. To'pponcha tutishi kerak bo'lgan barmoqlarimni ovqat vaqtida ham, suhbat chog'ida ham atayin yashirardim. Unga ko'rsatishga vijdonim yo'l qo'ymasdi. Afsuski, menga qo'yilgan shartlarni unutmasligim kerak. Shuning uchun uning shafqatsiz odamligini, qotilligini miyamda ko'proq aylantirib, unga nisbatan qalbimda nafrat tuyg'usini majburan kuchaytirib bordim. Agar mana shu majburiy tuyg'ularga bo'ysunmasdan ko'ngilchanlik qilsam, men uchun hammasi tugashi muqarrarligini bilardim.
* * *
Har kecha uxlashga yotishdan avval men «Narsalaringni olmasdan tashqariga chiq!» degan buyruqni kutardim. Menga qo'shilib u ham dahshatga tushgan ko'yi shu buyruqni kutardi. Sho'rlikning uyqu orasida og'ir xo'rsinishlarini eshitib tezroq o'sha yaramas jallodlik ishini amalga oshirishni, uni qiynoqlardan tezroq xalos etishni istardim. Ba'zan o'z rolimdan ham voz kechgim kelib ketardi. Mayli, bir umrga shu kameradan tashqariga chiqarishmasin…
Nihoyat, o'sha kun keldi.
— Narsalaringni olmasdan tashqariga chiq! — degan buyruqni eshitdik.
Mahbus do'stimning rangi oqarib ketdi. Barmoqlari, lablarida titroq turdi. Og'ir qadamlar tashlab tashqariga yo'l oldi. Chiqishdan avval men tomonga o'girildi-da, qo'l uzatdi.
— Rahmat senga, do'stim! Hammasi uchun rahmat!
Xo'sh, nima deb javob qaytaray?
Qo'lini mahkam qisib qo'ydim.
— Bardam bo'l!
Mahbusni olib chiqib ketishdi. Mening qo'limga esa, to'pponcha tutqazishdi. Patronni o'qdonga joyladim. Egnimga qandaydir xalat kiydirishdi. Men kameradan chiqib mahbuslar o'ldirib yuboriladigan maxsus kamera tomon yo'l oldim.
Oldinda turma xizmatchisi turardi. Uning panasiga borib to'xtadim. Eshik ochilishini kutdim. Eshik ochilgach, turma xizmatchisi menga yo'l bo'shatdi. Kirishim uchunmas, o'q uzishim uchun imkon berdi.
Otolmasam kerak deb xayol qilgandim. Ammo otdim!
Mahbus qattiq titradi, boshini ikki qo'li bilan changallagancha chayqalib ketdi. Biroq yiqilmadi.
Yuragim qinidan chiqib ketayozdi shu onda. Nahotki, mo'ljalga aniq ura olmadim?..
Yo'q, uribman. Faqat o'q haqiqiy emasligi ma'lum bo'ldi. Nega? Nega bunday qilishdi?
Mahbus qo'llarini tushirib men tomon o'girildi va meni — o'zining kameradoshini, yaqin do'stiga aylangan odamni ko'rdi. Ha, bu atayin uyushtirilgandi. Men uning ko'zlariga tik qaray olishim va o'z ishimni aqlimga bo'ysungan holda, o'z ixtiyorim bilan amalga oshirishim uchun shu hiyla o'ylab topilgandi. Insoniy hislardan burchni ustun qo'ya olishim uchun qilingandi bu ish. Qani, kursant, endi ikkovidan xohlaganingni o'zing tanla!..
Men mahbusning yuziga qarata o'q uzdim…
Hammas tugadi. Meni ichkilik qo'yilgan stol qarshisiga olib borishdi. Yonimda esa, tashkilotimizning baland bo'yli xodimlaridan biri turardi.
— Kechir, yigit, busiz mumkin emasdi. — dedi u yelkamga qoqib. — Haqiqiy xizmat paytida sen qog'oz qo'g'irchoqlarmas, tirik, jonli dushmanlar bilan ro'baro' bo'lasan. Bu o'yin emas, balki, jang bo'ladi. Jangda yo g'olib bo'lish kerak, yo o'lish zarur. Bir soniyalik bo'shashishing ham senga ajal hadya etishi tayin. U holda o'zingga qo'shib tashkilotimizning taqdirini ham go'rga olib ketasan. Bu yaxshi emas. Biz o'z xodimimizga yuz foiz ishonishimiz, har qanday vaziyatda ham u ishonchimizni oqlay olishiga amin bo'lishimiz kerak. Sen bir kun kelib qandaydir sotqin, xoinlarga qarshi kurashasan. Agar ko'ngilchanlik qilsang, boya aytganimdek, o'zing o'lim topasan. Bilib qo'y, bugungi sinov so'nggisi edi. Sen bu ishni a'lo darajada ado etding. Tabriklayman!..
* * *
Oradan bir oy o'tib men o'qishni tamomladim. Tantanali yig'ilish, bitiruv kechasi, tabriklashlar sodir bo'lmadi. Bu ham mayli. Hatto, diplom ham berishmadi. Shu haqda so'raganimda instruktor meni urishib ham tashladi.
— Nima deb o'ylovding? Bizning tashkilot qandaydir o'quv yurti emas. Biz hech qanaqangi diplom bermaymiz. Biz aslida yo'qmiz.
— Endi nima qilaman? — so'radim undan.
— Ahmoqona savollar berishni bas qil! Kutasan!
Alam qildi. Yana ko'nglim bo'shab, ko'z o'ngimda titrab-titrab jon berayotgan mahbusning qiyofasi gavdalandi. O'zimga qo'yib berishsa, bu jallodligim uchun hech qachon o'zimni kechirmasdim. Axir… Vijdonim qiynalib ketyapti, onajon! Nega meni bu taxlit dunyoga keltirdingiz? Qaysi aybim uchun xudo sizdan, mehringizdan mahrum etdi? Men… Jallodman, axir, jallod! Bu gunohlarni qanday qilib yelkamda ko'tarib yuraman? Ularning ajrini qanday to'layman?..
Kechiring, ona, kechiri-ing!..
Xudoyim, tavba qildi-im, tavba-a-a!!!
***
Birinchi ish
Meni hududlararo statistika va tahlil bo'limiga yo'llashdi.
— Tashkilotning nomini o'qib hayron bo'lmang. — dedi bo'lim boshlig'i. — Biz ichki josuslar hisoblanamiz.
— Josus chet ellarda bo'lmaydimi? — so'radim qiziqishim ortib.
— Ha-a, siz chet ellarga chiqishni istab qoldingizmi? Tushunaman sizni. Chet ellarda xizmat qiladigan josuslar bizga nisbatan mashhurroq, imkoniyatlari kengroq deb bilasiz. Lekin o'zimizda ham josus bajaradigan ishlar qalashib yotibdi.
— Masalan, qanday ish?
— Olib qaraylik. Markazdan ancha olisda bo'lgan tuman birdan mafiyachilarning qo'liga o'tib qoladi. Huquqni muhofaza qilish, xavfsizlik xizmati idoralariga ham mafiyachilar o'z odamlarini o'tqazib tashlashadi. Markazdan keladigan har qanday tekshirish ham oldindan rejalashtirib olinadi. Yoqmagan xodimlar bir zumda yo'q qilib yuborilaveradi. Axir, ularga qarshi kim yurak yutib kurasha oladi? Hech kim. Ana shunday vaziyatlarda biz kerak bo'lamiz. Bizning kuchimiz ham, fojiamiz ham ana shunda. Ishonamizki, siz bizning ishonchimizni oqlaysiz.
Men o'sha kundan boshlab tahlilchi xodimga aylandim. Lekin ishga bormasdim. Tashkilotimiz ajratib bergan kichkina xonada yotgancha o'y surardim. Kerak bo'lganimda yo harbiy komissariat, yo sud chaqiruv qog'ozlari orqali chaqirishardi. Ana shu yo'l bilan men birinchi topshiriqni oldim.
Topshiriq quyidagicha edi. Men janubiy chegaralardan biriga borib o'zimga notanish odamdan bir sumkani qabul qilib olib buyoqqa keltirishim zarur edi. Sumkada esa, bor yo'g'i tasma, yoki shunga o'xshash maxfiy sirlarni o'zida jo qilgan qog'oz bo'lishi mumkin xolos.
— Nima, shuncha yil jonimni qiynab tayyorlanganim atigi qayoqdagi konteynerlarni tashib keltirishgamidi? — ensam qotib so'radim rahbarlardan hali ishning mohiyatini to'liq tushunmay.
— Topshiriq juda jiddiy. — tushuntirishdi menga. — Katta mas'uliyat bilan yondoshishingizga to'g'ri keladi…
Baribir tayyorgarlik ko'rdim. Bir-ikki hafta davomida grim, qaytish yo'llari haqida bosh qotirdim.
Aytilgan manzilga poezdda yetib olgach, mehmonxonaga bormay, oddiy kommunal kvartirani ijaraga oldim. Poezdda tanishlar orttirgandim. Ular bilan birga ichib, laqqillashgandik. O'shalarni topib ikki-uch kunimni ishsiz o'tkazishga to'g'ri keldi.
So'ngra menga aytilgan notanishni uchratish yo'llarini qidirdim. Behuda yigirma soatlab ekranlar qarshisida o'tirmaganman-ku! Katta ko'chaga chiqib avtomobillarni, o'tkinchi yo'lovchilarni kuzata boshladim. Agar o'sha notanish kimsa shu yerlarda bo'lsa, bir kunmas bir kun uni albatta uchratishim aniq.
Shu bilan birga juda ehtiyotkor edim. Kimlardir orqamdan kuzatayotgandek tuyulardi.
Nihoyat belgilangan kun yetib keldi. Soat roppa rosa o'n birdan yetti daqiqa o'tganda men notanish rezident (Biz josuslarda rahbar shaxslarni shunday atashadi) bilan bog'lanishim kerak edi. Buning uchun baliq oviga bordim. Yo'q, maqsadim baliq ovlash emas. Aksincha, axborot ovlash. Bu ko'lning qaysidir sohilida menga notanish bo'lgan hamkasbim o'tiradi. Uning qo'lida ham qarmoq bo'ladi. Biroq bu haqiqiy qarmoq emas. Axborot jo'natuvchi, meniki esa, axborot qabul qiluvchi moslama. Suv ostida bu ish amalga oshirilgach, o'zimizga ma'lum bo'lgan signal eshitiladi…
Ana o'sha signal eshitildi ham. Demak, axborot uzatildi, axborot qabul qilindi. Tasmada o'zimga kerakli ma'lumotlarning barchasi muhayyo edi.
Uyga qaytib tasmani eshitib ko'rdim va barcha sirli parollarni, notanish odamning yuz tuzilishi, joylashgan manzili haqidagi ma'lumotlarni o'chirib tashladim.
Ko'zlangan vaqt yetib kelgach, tashqi ko'rinishimni o'zgartirdim-da, yo'lga otlandim.
* * *
Sirli joyni notanish hamkasbim tanlagandi. Shahar o'rtasidagi qurib bitkazilmagan bino. Bu yerda uyoqdan buyoqqa o'tib turuvchilar juda ko'p edi. Sabr kosam to'lib beton plitalar oralab ko'zdan panaroq burchakka o'tdim. Ana, rahbarlar aytgan narsa sassiq go'nglar bilan keraksiz qog'ozlar oralig'ida o'lik mushuk ko'rinishida yotibdi. Eh, biz sho'rliklardan bo'lak kim ham bu taxlit yoqimsiz hidlarni hidlab izg'iydi. Xuddi shunga o'xshash o'lik mushuk mening sumkamda ham yotibdi.
Asta o'tirdim-da, mushuklarni almashtirdim. Shartta borib tik turgan ko'yi ham almashtirib ketsam bo'lardi. Lekin men juda ehtiyotkorman.
Ish tugadi. Men negadir bezovta edim. Adashtirib qo'ymadimmikan?..
Qaytadan o'tirib mushukni tekshirib ko'rdim. Yo'q, xuddi mening sumkamdagidek.
Demak, adashmabman…
* * *
Ijara uyga kelib eshiklarni ichkaridan tambaladim-da, mushukning qorin qismi tikilgan iplarni uzib oldim. Ana, kichkinagina silindrcha. Mana shu narsani deb men olis yo'ldan kelgandim. Muhrni tekshirib ko'rdim. Hammasi joyida. Jomadonlarni yig'ishtirib yo'lga tushsam ham bo'ladi. Shu tobda notanish hamkasbimning yozma iltimosi esimga tushdi. U silindrning ichini lupa orqali bir marotaba ko'zdan kechirishimni so'ragandi. Iltimosni yerda qoldirgim kelmadi. Lupani qo'limga oldim. Hech bir o'zgarish sezmadim. Muhr ham…
To'xta, negadir qopqoqchadagi nuqtachalardan biri sal yoyilib ketgandek. Bu nimasi?.. Hamkasbim e'tiborsizlik qilib qo'ydimikan? Nahotki, bu ishda yana uchinchi odamning ham qo'li bo'lsa? Bu dahshat!..
Muhrni yana bir bor tekshirgan bo'ldim. Ko'rinishidan hammasi joyidadek. Faqat o'sha nuqtachaning qopqoqqa yoyilib tushganini hisobga olmasa.
Nahotki, bu yerlik yaramaslar ham bizchalik chuqur bilimga ega bo'lishsa bu ishda?..
Meni nuqtalarning bir-biriga mos kelmagani uchun jazolashlari tayin. Yo'q, men yana o'sha joyga boraman. Qaytadan o'rganib chiqaman…
Etib borgach, betonlar orasiga kirib o'tirmadim. Turgan yerimdan ham hammasi oynadek ko'rinib turardi. Xo'-o'sh, mushuk negadir joyidan siljib qolibdi. Buni oddiy odam ko'rsa, payqamasligi mumkin. Ammo men payqadim. Bu haqiqiy professionalning ishi.
Men harakatning ikkinchi qismi haqida bosh qotira boshladim.
Ertasi kuni mahalliy gazetalardan birida quyidagicha e'lon paydo bo'ldi:
— It yo'qolib qoldi… Yoshi… Zoti… Iltimos,… manzilga xabar qiling!..
Bu bizning josuslar tiliga o'girilganda, meni notanish hamkasbim rejadan tashqari aloqaga taklif etgani edi.
Ikki kundan so'ng zahiradagi aloqa qutichasini ochdim. U yerda uchrashuv joyimiz ko'rsatilgandi. Belgilangan soatda yetib bordim. Qaysidir o'n besh soniyalar ichida u paydo bo'lishi lozim.
Shu tobda kutilmagan hodisa sodir bo'ldi. Men chorraha yaqinida turgandim. Yon ko'chadan «Volga» katta tezlikda chiqib keldi. Bilmadim, yo haydovchi e'tiborsiz, yo boshqa sabab. Ishqilib, qizil chiroqdan o'tmoqchi bo'lgandi. To'satdan mashina men tomonga burildi-da, o'ng eshigi oyog'imga urildi. Yiqildim…
Yiqilayotib ham bir narsa haqida bosh qotirardim. Nima o'zi bu? Ko'p narsa bilib yubordim-u, yo'qotmoqchi bo'lishdimi? Ha, agar shunday bo'lsa, himoyaga shay turishim zarur. Chunki, hozir mashina to'xtaydi-da, ichidan chiqib kelganlar mening oyoq-qo'limni boylab olib ketishadi…
Yo'q, bu gal ham adashibman. Ranglari oqarib ketgan yoshgina haydovchi tepamda paydo bo'lib yalina boshladi:
— Kechiring!.. Bilmay qoldim! Qattiq og'riyaptimi?..
Unga quloq solmadim. Sababi, notanish hamkasb bilan uchrashishimga bir necha soniyalar qolgandi. Sekin o'rnimdan turdim-u, olomon orasiga kirib uni qidira boshladim. Qani? Kim o'zi u? Ko'rinishi qanaqa? Hov anavi sportchilarga o'xshagan yigitmi? Yo sumka ko'targan manavi ayolmi?
— Qattiq og'rimayaptimi? — hamon atrofimda girdikapalak bo'lib aylanardi haydovchi.
— Og'rigani yo'q, rahmat! — javob qildim men.
— Balki, sizni kasalxonaga olib borishim kerakdir?
— Kerakmas.
— Yo'q, keling, yaxshisi kasalxonaga boraylik!.. Xudo biladi oyog'ingizga nima bo'lgan…
Men hammasini tushundim. U o'sha o'zim kutgan notanish hamkasb edi.
Oqsoqlangancha uning ortidan ergashib mashinaning orqa o'rindig'iga o'zimni tashladim.
* * *
— Travmpunktgacha to'rt, to'rt yarim daqiqa bor. — dedi u menga. — Hozircha meni eshit…
Hayratdan yoqa ushladim. Qarang, bu rezidentning o'zi!.. Men — kuryer bilan ochiqdan ochiq gaplashib olmoqchi. Bu tushga o'xshaydi! Men ahmoq bu odamni o'zimga dushman deb yursam, aslida rahbarim vazifasini o'tarkan. Dushman esa, Xudo biladi kim. Buni kelajak ko'rsatadi…
— Hadeb bosh qotiraverma! — xayolimni bo'ldi u. — Hali u senga ko'p kerak bo'ladi. Ana, eng yaqin yordamchim o'tgan haftada, boshqasi ikki hafta oldin o'ldi. Ishni eplay olishmagandan keyin shunaqa bo'ladi. Hozir bo'lsa, butun umid sendan. Qo'lingda xarita bor. Faqat senigina noma'lum dushmanimiz tanimaydi.
Tushunmadim. Nega endi o'zining boshqa xodimlarini ayaydi-yu, meni xuddi bir bo'lak go'sht kabi dushmanga qarshi qo'yadi?.. Nega yuzini ko'rsatdi? Dushman meni ham tanib qolishi va halok bo'lishim uchunmi?..
— Topshiriqni eshit. — tag'in xayolimni bo'ldi u qo'limga bir quti sigaret tutqazarkan. — Bu yerda qo'shimcha axborot bor. Manavi yerida manzil. Sen uni kuzatish davom etyaptimi-yo'qmi, aniqlaysan. Agar lozim bo'lib qolsa, uni himoya qilasan.
«Ha, — ko'nglimdan o'tkazdim men. — Aytishiga qaraganda, men boradigan yerda mushtlashuv ham bo'lishi muqarrar. Bundan chiqdi, meni ham allaqachon tiriklar ro'yxatidan o'chirishgan. E, hozircha tirikman-ku! Nimaga tushkunlikka tushib qoldim?..»
— Tushunarlimi? — so'radi u mendan.
— Tushunarli.
— O'sha o'zing ko'rgan tashlandiq bino ichidagi betonlar orasi bizning aloqa qiladigan joyimiz bo'ladi.
Mashina kasalxona ro'parasiga kelib to'xtadi. Rezident tashqariga chiqdi-yu, boyagi «niqob»ini kiydi. Ya'ni, o'zini xuddi meni tanimaydigandek, mashinada urib yuborgani uchun afsuslanayotgandek tutib qo'llarimdan ushlagancha avaylab mashinadan tushirdi.
— Eh, kechiring, og'ayni!.. Bilmay qoldim-da!.. Bunday bo'lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz!..
Besh daqiqalar ichida oyog'imni boylab qo'yishdi.
* * *
Ertasi kuni men uchun o'zimga yoqadigan, «ob'yekt»ni kuzatish qulay bo'lgan joydan kvartira ajratib berishdi. Shundan keyin bildimki, meni faqatgina sirli silindrni olib kelish uchun emas, balki, boshqa muhim topshiriqni ado etish uchun ham jo'natishgan ekan.
Yo'q, men oyna oldida kun bo'yi tashqarini kuzatish bilan ovora bo'lmadim. Shunchaki, devorga ko'zgu o'rnatib qo'ydim. Bu ko'zgu orqali o'zimga kerakli odamni bemalol ichkaridan turib kuzata olaman. Bu ham mening xavfsizligimni ta'minlaydigan himoya vositalaridan biri edi.
Oradan ikki kun o'tib bu uyda yashaydigan barcha qo'shnilarni, shu jumladan, o'zim kuzatayotgan «ob'yekt»ni ham tanib oldim. U ko'rinishidan boshliqlarga o'xshab ketardi-yu, g'amgin edi. Har kuni bir vaqtda uydan ketar, bir vaqtda qaytardi. Har kuni kechqurun axlat to'kish niyatida tashqariga chiqardi. Soat roppa-rosa kechki o'n yarimda uyi chirog'ini o'chirardi.
Ba'zan hovliga chiqardim-da, o'rindiqlarda gap sotib o'tirgan kampirlar orasiga qo'shilgancha, atrofni kuzatardim. Bir necha marotaba «ob'yekt»ni xizmatga, yoki sayrga o'ziga bildirmagan holda kuzatib ham qo'ydim. Hech qanday gumon qilsa arziydigan vaziyat ko'zga tashlanmadi. Uning ortidan hech kim tushmagan!
Shu ko'yi bir hafta o'tdi. O'zimni xuddi qorong'ida qop-qora mushukni tutmoqchi bo'layotgan ahmoqqa o'xshata boshladim. Ishda natija yo'q. Balki, rezident kuzatmasa turolmaydigan kasalga uchragandir? Nega meni ahmoq qiladi unda? Yo o'zimda professionallik yetishmayaptimi?..
* * *
Qarangki, kunlarning birida o'zim kuzatayotgan kimsa kechki sayrga chiqmadi. Mendan boshqa hech kim bu holatni payqamasdi ham. Hayron bo'lib hovliga chiqdim. Kuzatilayotgan kvartira chiroqlari o'chirilgandi. Podyezdga qaytib kirib uning eshigi ro'parasiga bordim. Hech qanday tovush yo'q. Qulflar joyida.
Bir necha soatdan so'ng sanitarlar xuddi shu podyezddan uning jasadini olib chiqib ketishdi. Nima bo'lganini yuqori qavatda turadigan qo'shnilar o'zaro muhokama qilishardi.
— Eh, peshonasi sho'r ekan. — deyishardi kampirlar. — Vannaxonaga cho'milgani kirib kutilmaganda toyib ketibdi-yu, boshi bilan urilib, hushidan ketibdi. Suv yutibdi… Agar bir o'zi yashamaganda baqirganini birga yashaydigan odam eshitardi. O'lmasdi. Ha, qachon, qanday o'lishini bilmas ekan-da odam!..
Men bo'lsam bunga ishonmasdim. Chunki, sababini yaxshi bilardim.
Yaxshilab o'ylaylik. Bu haqiqatning tagiga yetishda yana bir usul. Masalan, jinoyatchi bu jinoyatni amalga oshirishi uchun qancha vaqt sarflashi mumkin? Olaylik, podyezdga qirq soniyada kirib oladi. Qulfni ochishi uchun ham shuncha vaqt ketadi. Haqiqiy ustamonlar uchun bu qulflarni ochish cho'tmas. Sekin ichkariga kiradi-da, uy egasini qandaydir tovush bilan chalg'itadi. U tovush kelgan tomonga o'girilib ulgurmay, kuchli zarba bilan polga qulatadi. So'ngra vannaxonadagi kranlarni ochadi. To suv to'lgunga qadar jabrlanuvchini yechintiradi…
Izlarni yo'qotish uchun ham ko'p vaqt ketmaydi. Jami 11-12 daqiqa ichida g'oyib bo'ladi.
Xo'sh, podyezdda o'sha vaqtda begona odam bormidi? Ha, navbatchi chilangar bor edi. Lekin u kiriboq yettinchi kvartiraga kirib ketgan va uzoq vaqt temir-tersaklarni kovlashtirish bilan band bo'lgan. Yana pensiya tarqatadigan pochtachi. Kampirlar u o'n yildan beri pensiya tarqatishini jo'rovozlikda aytishdi. Unga odam o'ldirishdan nima foyda?
To'xta, oq xalatlilar orasida bo'lmasin tag'in qotil. Ha, oq xalat har qanday qotilning basharasini berkita oladi.
To'g'ri, buni tekshirib ko'rmasa bo'lmaydi. Chunki, murda vannaxonada yotganini o'zlaricha qaerdan bila qolishadi?..
Bu fikrimni ham kampirlar tasdiqlab berishdi.
— Sen haqsan, bolam. — deyishdi menga. — Poliklinikadagilar ham odammas. Dori so'rab ko'rgin, shunaqangi baqirib berishadiki… O'sha «Tez yordam»da kelganni bir ko'rsayding. Xuddi mol do'xtiriga o'xshaydi basharasi. Yo'q, jinoyatchilarga ko'proq o'xshaydi. Yonidagi sherigiyam undan kam emas ekan. Bizlarni kurakda turmaydigan gaplar bilan so'kib haqorat qildi yaramas…
Ie, do'xtir qani unda? Ular uch kishi edi-ku! Nega kampirlar ikki kishi deyapti? Do'xtir qaerga g'oyib bo'ldi?
Men kimlardir ko'rsatgan suratlarni ko'z oldimga keltirdim. Ha, semizdan kelgan, og'ir-bosiq odamga o'xshardi. O'sha!.. Mening dushmanim o'sha! Uni topdim! E, yo'-o'q, tashqi ko'rinishi bilan meni aldayolmaydi.
U do'xtir emas — Qotil!..
* * *
Yarim tun. Karavotda chalqancha yotardim-u, miyamni jondan aziz qishlog'im, beg'ubor bolaligim, mehribonlarim yodi chulg'ab olgandi. Bir jihatdan ko'nglimga taskin berardim. Negaki, uzoq vaqt qiynalib o'qish, imtihonlar topshirish, ne-ne azoblarga ko'ndalang bo'lishdan so'ng nihoyat ilk topshiriqni oldim. Men haqiqiy josus bo'ldim. Lekin mehribonlaringni sog'inganingda, yuraging qon bo'lganda, bu quvonch sira-sira tatimas ekan.
Iloj qancha, jonlarim, mehribonlarim, do'stlarim, dushmanlarim?!.
Iltimos, meni eslamangiz! Bir marta men haqimda gapirib ham qo'ymangiz! Aks holda mening qalbim qora qonga to'laveradi. O'lim sharpasi yaqinlashaveradi, meni ta'qib etaveradi.
Ishqilib, barchangizga xudoyimning o'zi sabr-qanoat bersin! Sizlar bu yorug' dunyodagi eng baxtli insonlar bo'lib qolaveringlar! Shunda men — baxti qaro, har go'shada musofir, qadri bir pul ham turmaydigan qondoshingiz xotirjam tortaman. Qalbimni qora qonga belagich sog'inch va armon nari ketadi.
Iloyim, sizlar omon yuringiz! Iloyim hech qachon musofirchilik ko'rmangiz! Omin!!!
* * *
U professional Qotil edi. Bundan kelib chiqadiki, odamlarni shunchaki ko'ngilxushlik uchun emas, pul uchun o'ldirib kelgan. Bu uning ishi.
U shafqatsiz emasdi. Negaki, shafqatsizlik ishiga xalal beradi. Qiynoqlarga chidolmagan o'lja ortiqcha shovqin ko'taradi. Lekin mehribon ham emasdi. Agar buyurtmachilar undan qiynab o'ldirishni talab qilishsa, inkor eta olmagan.
Qachonlardir bolaligida mushtlashishni, chumchuqlarni rogatkadan otib o'ldirishni xush ko'rarkan. Keyinchalik raqs tushiladigan joylarga qatnagan. Atrofdagi qizlarni musht yordami bilan o'ziga bo'ysundira boshlagan. Necha martalab militsiyaga ham sudrab kelishgan. Baribir qaytmagan. O'n sakkiz yoshida bezoriligi uchun qamalish arafasida qoldi. Shunda advokati unga harbiy komissariatga borishni va ikki yil intizom bataloniga yuborishlarini so'rashga undaydi…
Uyoqda qotilni yugurishga, pol yuvishga, kechalari uxlamaslikka majbur qilishdi. Xuddi boshqalar singari. Bu qoidalar unga yoqmasdi. Kunlarning birida serjantning basharasiga tushirib qoldi. Ikkinchi zarbasi serjantning jag'ini sindirdi. Uni sud qilishdi. Yana uch yil qo'shib berishdi. Biroq kutilmagan hodisa yuz berdi. Kameraga turma boshlig'i kirib kelib bir taklif kiritdi.
— Agar maxsus harbiy qismda xizmat qilishni istasang, bu yerdan butkul ozod bo'lasan. — dedi u.
— Nimasi maxsus?
— Qolganini borganingda bilasan.
Ana shunday qilib qotil, ya'ni, mening dushmanim umrida birinchi marotaba qasam ichdi:
— Hech qachon davlat sirlarini fosh etmayman!
Harbiy qismga kelgan kuniyoq uni qattiq kaltaklashdi. Kuchi yetganicha qarshilik ko'rsatdi. Lekin ular ko'pchilik edi. Tepkilab tashlashdi. Qonga bo'yalib ketgan bo'lsa-da, baribir qarshilik ko'rsatishda davom etardi. Tezda tibbiy punktga olib borishdi. Tushuntirishdiki, bu imtihon. Dushmanim o'sha imtihondan yaxshi o'tgandi.
Keyin u ham boshqalar singari vijdon azobini boshdan kechirmaslikka, rahmdil bo'lmaslikka o'rgandi. Aniqrog'i, o'rgatishdi.
Xizmati davomida qo'lda qurol bilan hojatxona qoldiqlari orasidan narigi tarafga suzib o'tishga, o'sha narsaga bosh suqib qo'yishga majburlashgan. Tirik qolish uchun kurash darslarida u ham boshqalar kabi qurbaqa, ilon, sasib ketgan ot, sigir o'liklarini yeyishga majbur bo'lgan. Agar ko'ngli aynisa, yoki yeyishdan bosh tortsa, bu mashg'ulotni qayta-qayta takrorlayverishgan.
* * *
Bora-bora u ko'nikdi. Qon, o'lik jonzot u qadar dahshatli emasligiga o'zini o'rgatdi.
Oradan ma'lum vaqt o'tib uning o'zi sheriklari bilan birga sigirlarni o'ldirgan, qaynoq qonini ichgan, ichki a'zolarini xomligicha yeb qorin to'ydirgan. Baribir ajal ulardan yuz o'giravergan.
Bu sinovlardan o'tishgach, bittalab kinozalga olib kirishgan-da, oyoq-qo'llarini kursiga mahkam boylashgan. Qovoqlarini ko'z yumilmasligi uchun tepaga qarab tortib qo'yishgan. Shundan so'ng elektr arrada tirik odamni qanday arralash kerakligi haqidagi filmni namoyish eta boshlashgan. Yo'q, bu yasama emasdi. Harbiy qarama-qarshiliklar paytida amalga oshirilgan ishlar tasmaga yozilgan haqiqiy jonli film edi…
Nihoyat o'qishni tamomlab, u haqiqiy professional qotilga aylandi. U odamlarni xoh qurol yordamida, xoh qo'l yordamida bo'lsin, sira seskanmasdan osongina o'ldira olardi.
Yillar o'tdi. Oxiri charchadi. Odamlardan, xizmatdagi do'stlardan, buyruq beruvchilardan charchadi. Qanday qutulish yo'lini o'ylay-o'ylay topdi ham. Kunlarning birida bir necha sheriklarini baliq oviga taklif etdi. Sohilda dengizga qarmoq tashlagancha ancha o'tirib qolishdi. Baliq ilinavermadi. U o'z maqsadiga erishish payiga tushdi.
— Men hozir bir o'zim hov anavi to'lqinlar orasiga qayiqda kirib boraman-da, bir dunyo baliq tutib chiqaman. — dedi sheriklariga.
Ishonishmadi. Bir quti ichkilikka garov o'ynashdi. U qayiqqa o'tirdi-da, to'lqinlar orasiga qarab suza ketdi. Kuchli to'lqin qayiqni domiga tortdi. Sheriklari butkul umidlarini uzishgandi. Cho'kib halok bo'ldi deb o'ylashgandi. U esa, narigi sohilga o'tib bir daydini tutdi-da, kiyimlarini almashtirib, qayiqqa mahkam boylab qaytadan to'lqinlar orasiga itqitdi. Ko'ribsizki, hammasidan xalos bo'ldi.
Uch oydan so'ng uning «jasadi»ni topishdi. Murda o'z tusini allaqachon yo'qotgan, sira tanib bo'lmaydigan holatda edi. Uni dafn etishdi. Hamma uchun U o'ldi. O'zi bo'lsa, yangi hayotni boshlab ulgurgandi.
U janub tomonlarga kelib ham o'z kasbidan voz kechmadi. Faqat endi qandaydir tashkilot uchunmas, yolg'iz o'zi, o'z manfaati uchun ishladi. Buyurtmachi mijozlarning topshiriqlarini bajarib katta pul ishlay boshladi.
Oxirgi buyurtma juda yirik edi. Bir necha emas, bir guruh odamni o'ldirish lozim edi. Bu ishni yordamchilarsiz bajarib bo'lmasdi. Topdi ham. Sho'rlik yordamchilar ishdan so'ng o'zlari ham narigi dunyoga ravona bo'lishlari aniqligi haqida bilishmasdi. Qotil bir oy ish bilan yaqindan tanishdi. Shoshilmadi…
Nihoyat ish boshlandi. Biroq aql bu yerda asosiy rolni o'ynardi. Qotil baravariga emas, bittalab o'ldirish rejasini ishlab chiqqandi. Masalan, birinchi jabrlanuvchi yuqori qavatda yashardi. Xotini bilan ko'p janjallasharkan. Qotil uni yuqori qavatdan pastga qulab tushishini ta'minlab berdi. Ya'ni, derazani ochib qo'yib parda ilayotgandi. Qotil esa, derazani g'ishtdan ko'chirib qo'ygandi. Bechora oltinchi qavatdan asfaltga quladi-yu, jon berdi.
Ikkinchi jabrlanuvchining yoshi ulug', yuragining mazasi yo'q edi. Qotil uning o'n yashar nevarasini zo'rladi. Bu haqda qo'shnilardan eshitgan qariya shu zahoti yuragini changallagancha jon berdi…
Militsiya bayonnomalarida ham bir xil yozuv:
— Baxtsiz hodisa tufayli olamdan o'tdi!..
Hech kim javobgar emas. Qotil esa, bemalol o'z ishini bajarib yuribdi.
Xo'sh, uni qanday tutaman?..
* * *
Turli yo'llarini qidirib ko'rdim. Nihoyat topdim. Men odamlar uchun yaxshi bir ish qilishim kerak. Ha, o'lgan «ob'yekt» yashagan podyezd devorlari ko'chib ketibdi. Shuni ta'mirlab qo'ysam-chi?.. O'shanda maqsadga erishishim oson kechsa kerak…
Yo'q, dabdurustdan podyezdni ta'mirlay boshlasam, gumonsirab qolishadi. Axir, meni bu yerda deyarli hech kim tanimaydi!.. Yaxshisi, butun boshli uyni ta'mirlab beraman.
Buning uchun o'zim o'qish davrida o'rgangan usul yordamida yetarli pullarni topdim-da, uch quti ichkilik evaziga qurilish tashkilotidan barcha buyoq, sement, cho'tka va boshqa narsalarni sotib oldim. Boshqa qurilish tashkilotidan bo'yoqchi yigitlarni yolladim.
Maqsadim bitta. Tashqarida bu yigitlar to'polon bilan ish boshlashadi. Men bo'lsam, bir chetda turgancha Qotilni kutaman. Ha, u baribir kelishi kerak. Chunki, bu uyda o'ziga to'q, badavlat xonadonlar ko'p. Ko'nglim sezib turibdi. Qotil albatta keladi. Rezident behudaga meni shu uyga joylashtirmagan.
U adashmaydi…
O'ylaganimdek, shomga yaqin podyezdlardan birining ro'parasiga notanish mashina kelib to'xtadi. Undan ikki barvasta yigit kimningdir qo'ltig'idan tutgancha pastga tushdi. O'rtadagi odamning qo'l-oyoqlari shalvirab qolgandi. Yigitlardan birini darrov tanidim. Bu o'sha kuni «Tez yordam» mashinasida kelib jasadni olib ketgan yigitlarning biri edi. Ha-a, hozir bu odamni ichkariga olib kirishadi-da, eshikni ochib bor buyumlarini, pullarini shilib olishadi. So'ngra…
— Og'ayni, sekin, ehtiyot bo'ling! Mana, ozgina qoldi uyingizgacha! — deya mehribonlik qilgan bo'lishardi unga…
Men bo'lsam, nuqul uchinchi odamni qidira boshladim.
— Do'xtir!.. Ha, do'xtir — Qotil qani?!
Shunda mashinada qolgan haydovchi esimga tushdi. Axir, Do'xtir mashinada qolgan-ku!.. Voy yaramas, haydovchi niqobida bemalol kelgani-chi!..
Yo'q, shoshilmasligim lozim. Ochiq mushtlashuvga o'tsam, bu yigitlar rasvoimni chiqarib tashlashadi. Yaxshisi, shoshilmayman. Aql bilan ish ko'raman.
* * *
O'ylay-o'ylay yo'lini topdim.
Ha, uy chiroqlarini markaziy tok yuboriladigan joydan o'chirib qo'yaman-da, sekin kvartiramga kirib olaman. Ana shunda Qotil bezovtalanib mashinadan tushib keladi. Mening eshigim ochiq turgan bo'ladi. U sekin ichkariga kiradi-da, qorong'ilikda mendan so'raydi:
— Sizda ham chiroq yo'qmi?
Ana shunda qo'lga olish oson kechadi…
Hammasini o'ylaganimdek qildim. Uydagi chiroqlar o'chdi. Ba'zilar kvartiralarining derazalarini ochib tashqariga mo'ralagan bo'lishdi.
Men bo'lsam, tashqari eshikni lang ochib qo'yib bir burchakda pusib turardim. Mana, endi o'qish davrida o'rganganlarim ish berishi kerak. Ya'ni, men qorong'ilikda ham o'z dushmanimni aniq ko'ra bilishim, tanishim, so'ngra ko'rsatkich barmog'im bilan unga bir marotaba zarba berishim lozim. Shu zarba uni qulatsa, demak, men g'alaba qozonaman. Aksi bo'lib chiqsa…
Shu tobda kimningdir podyezdga chopib kirgani va zinalardan yuqoriga ko'tarila boshlaganini eshitdim. Hushyor tortdim.
Ha, bu o'sha! Qotilning o'zi!.. Uni tinchitishim, tashkilot oldimga qo'ygan ilk topshiriqni uddalashim juda muhim hozir…
— Qo'shni, hov qo'shni, chiroq nega o'chdiykin? Bilmaysizmi?..
Taxmin qilganimdek, u eshikdan hiyla mo'ralab menga shivirladi. Aslida meni ko'rmadi. Shunchaki, tavakkal so'radi…
Men uni aniq ko'rib turardim. Baland bo'yli, yuz-ko'zlari yumaloqdan kelgan, nigohlari o'tkir va sovuq…
Ko'rsatkich barmog'im yashin tezligida dushmanimning bo'yniga sanchildi.
— Ih!..
U bir siltanib orqaga quladi.
Men Qotilni epchillik bilan ichkariga sudrab kirdim-da, eshikni yopdim.
Qo'llarimdan esa, qon oqib tushardi.
Keyin bilsam, uning uyqu tomirini sug'urib olgan ekanman…
Xayriyat, topshiriq bajarildi. Dushman yo'q qilindi.
Men g'olib bo'ldim!
* * *
— Nima bo'ldi? — dushmanimning xirillagan tovushini eshitishgan shekilli, eshigi ochiq qolgan qorong'i xonadan turib qichqirdi sheriklaridan biri.
Men garchi zo'r ovoz o'xshatuvchi bo'lmasam-da, kursda o'rganganlarimga tayangan holda dushmanning ovozida asta javob berdim.
— Hozir, pastga tushay-chi nima gap ekan!
Yo'q, ovozim unikiga unchalik o'xshamadi ham. Ammo bunday vaziyatlarda sheriklar ba'zi mayda-chuydalarga e'tibor berib o'tirmasliklarini bilaman.
Sekin kvartira eshigini ichkaridan yopdim. Sukunat. Ana, ko'p yillik o'qish nihoyat ish berdi.
Ortiqcha tovush chiqarmasdan devorga quloqlarimni tiragan ko'yi qo'shni kvartirada nima gapligini tekshirgan bo'ldim. Hozircha tinchlikka o'xshadi. Demak, vaqt endi mening foydamga ishlay boshlaydi. Endi men mana shu qorong'ilikdan foydalangan holda qolganlarini ham o'ldirishim zarur…
* * *
Eshik ohista ochilib haligilar men turgan kvartiraga kirib keldi.
Ular hech narsani ko'ra olishmasdi. Shuni bilganim uchun o'zimni yo'qotmasdan devorga suyanib oldim.
— Sigaret chekvolsammikan? — deya biri ikkinchisidan so'radi.
Men bo'lsam darrov hushyor tortdim. Xudo ko'rsatmasin, gugurt chaqadigan bo'lsa, meni payqashi aniq.
— Manavini nima qilamiz? — so'radi u sherigidan. — Bekorga ushlab turibmiz-da!..
— Shoshilma! Qorong'ilikda qanday o'ldirasan bu nusxani?.. Ulguramiz. Avval bu kvartirada nimalar bo'layotganini aniqlab olaylik.
Yaramaslar!.. Mening himoyamdagi odamniyam shu yerga sudrab kelishibdi… Ha, mayli, ko'ramiz!.. Holing nima kechishini vaqt ko'rsatadi. Men shuncha yil bekorga jonimni qiynab ajalga ro'baro' bo'lmaganman…
Astagina sigaret chekmoqchi bo'lganning orqasiga turib oldim. Uning bezovta nafas olishini, ichki titroq og'ushida ekanini yaqqol eshitib turardim.
Demak, vaqti keldi! Ohista harakat bilan uning tomog'idan changalladim-da, qattiq qisdim. Balki, bu juda yoqimsiz va shafqatsiz usuldir. Ammo ularning o'zi meni majbur qilishdi.
— Vey, qaerdasan? — qorong'ilikda ikkinchi sherigining ovozini eshitdim.
Uni ham xuddi o'sha usul bilan polga qulatdim. So'ngra himoya qilishim zarur bo'lgan hamkasbimni ham ehtiyot shart hushidan ketkazdim-da, yelkamga ko'tarib oldim.
* * *
Endi shoshilmasam bo'lmasdi.
Yugurgancha tashqariga chiqdim.
Negadir ko'nglim g'ash edi. Bu ikkinchi marotaba qo'limni qonga bo'yaganim uchunligini bilib turardim. Mayli, nima bo'lganda ham himoya qilishim zarur bo'lgan odam tirik qoldi.
Mening navbatdagi ishim uchun maxsus ajratilgan boshqa bir kvartiraga himoyamdagi hamkasbimni olib keldim. Uni hushiga keltirguncha rosa ovora bo'ldim. Hushiga kelganda ham faqat boshini qimirlatar, hech narsani idrok eta olmasdi.
Uni nihoyat kerakli joyga kuzatib qo'ydim.
Hammasi tugagach, Rezident bilan hammomda uchrashishga kelishgandik. Qo'limga supurgi va sovun olib parxonaga kirib bordim.
— Hoy supurgi ushlagan, — burchakda parlanayotgan erkak meni chorladi. Aslida u mening aloqachim edi. — Buyoqqa kel, orqamni ishqalab qo'y!..
Itoatkorona unga yaqin borib yelkalarini, bellarini ishqalay boshladim.
Keyin u meni supurgi bilan savalab cho'miltirgan bo'ldi. Men ham xuddi u kabi goh oh tortaman, goh ingrab yuboraman. Ishqilib, o'zimni ko'rsatma berilganidek tuta bildim…
Davomi bor
