Xtales.ru

Josuslar 2 (kamolov) copy

So'ngra men ish joyimni tayyorladim. Polga polietilen qopni yirtib yoydim.

Ertalabga yaqin ko'zlangan birinchi g'ishtni chiqarib olishga erishdim. Ora-orada jismoniy tarbiy bilan mashg'ul bo'ldim.

Ertalab uxlab qolgandim. Tepamda paydo bo'lgan Bugayning ovozidan uyg'onib ketdim.

— Ja dangasa ekansan. — dedi Bugay. — Mendan ko'p uxlayapsan. Qoch!

U meni oyog'i bilan bir chetga surdi va tishlarini tozalashga tushdi.

Sezmadi. Ko'zgu ortidagi ochiq joyni harqalay payqamay chiqib ketdi. Ketidan Qariya kirdi. Vannaxonani sinchiklab ko'zdan kechirgan bo'ldi.

— Xo'sh, shikoyat bormi? — so'radi mendan.

— Ha, ovqat beringlar!

— Bu yer senga dam olish uyi emas.

U chiqib ketgach, yengil nafas oldim. Negaki, u qolganlarga nisbatan ancha hushyor edi. Xudo ko'rsatmasin, bilib qolsa bormi, hammasi tamom bo'lardi.

Endi asosiy ishga o'tish, ya'ni, juftakni rostlash kerak. Kechasi ochiq joydan qo'shnining vannaxonasiga o'tish, hech kimga bildirmay tashqari eshigini ochish-u, qochish. Ammo nimadir meni ushlab turgandek tuyulaverdi. Nima? Qariyadan qo'rqyapmanmi? Qurolmi? Yo'q, qochsam hammasi rasvo bo'ladi. Qariya ortimdan quva boshlaydi. Qon to'kiladi. Natijada ularning jinoyatiga men ham sherik bo'lib qolaman.

Ehtiyotkorlik bilan g'ishtlarni joy-joyiga qo'yib chiqdim. Qirg'oqlarini ko'chgan suvoqlar bilan qaytadan suvadim. Ustini tish pastasi yordamida bo'yadim.

Bizni kursda bir narsaga o'rgatishgandi. Hech qachon hech qanday jinoyatga e'tibor qaratmasligimiz shart. Nahotki, yomon o'quvchiman men? Taqiqlangan ishga qo'l urdim. Jinoyat sodir etish uchun tayyorgarlik ko'rayotganlarga aralashib qoldim. Xo'sh, qo'llari bog'liq, qorong'i, berk vannaxonada o'tirgan mahbus nima qila oladi? Besh nafar qurollangan odamga qarshi chiqadimi? Yo'q, bu mumkin emas. Bu kvartirada jinoyatchilar yashirinib yotishganini boshqalarga qay yo'l bilan yetkazsa bo'ladi? Pechkalarni taqillatish kerakmi? Qanday yo'l tutsa bo'ladi? Ko'chaga xat yozib tashlasinmi? To'g'ri, oshxona derazasi ochiq. Lekin u yergacha yetib borish-chi? To'xta, qog'oz pulni ingichka qilib… Xuddi trubaga o'xshatib olib… Avval ichiga kerakli jumlalarni yozib, ana undan so'ng boshqa qog'oz pulni trubaga o'xshatib o'sha orqali otaman. Maktabda shunday yo'l bilan boshqa bolalarning qulog'iga qog'oz otardik. Aniq nishonga tegardi.

Pul topish qiyin kechmadi. Vannaxonada Qariyaning shimi osig'liq turardi. Cho'ntagidan qog'oz pullarning to'rttasini chiqardim.

Hammasi tugagach, oshxonaga chiqish yo'lini qidirdim. Baxtimga ular cho'miladigan bo'lishdi-yu, meni yo'lakka chiqarib qo'yishdi. Sekin sudralib oshxonaga kirdim va «rogatkam»ni qo'limga oldim. Derazaga to'g'rilab otdim. Orqamda Chandiq o'tirgandi. G'alati ovoz qulog'iga chalinib men tomon o'girildi. Baribir hech narsaga tushunmadi.

Men maqsadga erishishim uchun ikkinchi «o'q»ni ham tashqariga otishim lozim. Biroq ular odamlar o'tadigan joyga tushadimi-yo'qmi, Xudo biladi. Eh, nima qilsam bo'ladi? Yo vannaxonaga kirib pastdagi qo'shnilarnikiga suv toshiraymi? Ha, kanalizatsiyani tiqiltirib qo'ysam, qo'shnilarnikiga axlat aralash suv toshadi. Ular slesar chaqirishadi. Slesar trubalarni tozalayotib xatimni topishi mumkin. Yo'q. Bu reja ham xom. Slesar shuncha axlat orasidan kichkinagina qilib taxlangan pulni payqamaydi. Men qo'lga ilinadigan narsa topishim zarur. Masalan, soat!

Jinoyatchilarning qo'lini kuzatdim. Yigitchada yo'q. Uy egasida cho'ntak soat. Qariyaga yaqinlashish xavfli. Chandiq!.. Ha, o'sha to'g'ri keladi!

Men vannaxonaga olib kirishganda Chandiqdan o'rnimdan turg'azib qo'yishini so'radim. U turg'azayotganda sekin oyog'ini ezdim. U so'kinib oyog'iga andarmon bo'lib turganda, sekin bilagidagi soatni yechib oldim.

Chandiq meni jahl bilan devorga qarab itarib yubordi va chiqib ketdi.

Kechasi pol artadigan latta va kostyumimning astaridan ajoyib qopqoq yasadim. Unga soatni pishiq ip bilan mahkam boylab, ustidan o'zimning xat yozilgan qog'ozimni mahkamladim.

Kunduzi qopqoqni og'zimga solgancha tishlarim bilan nimadir yeyotgan bo'lib hojatxona tomon sudrala boshladim. Unitazga qopqoqni tashlagach, uch marotaba suvni tortib oqizdim.

* * *

Kechqurun Chandiq soati yo'qolganini sezib qoldi.

— Qiziq, soat qaerga g'oyib bo'ldi? — sheriklaridan so'radi u kvartirani ko'zdan kechirarkan.

— Oxirgi marta soatingni qachon ko'rganding? — so'radi Qariya.

— Ertalab. Yo tushlik vaqtidamidi? Yo'q, ertalab. Aniq esimda!

— Menga yoqmayapti bu narsa. — dedi Qariya. — Bu yerda nimadir bo'lyapti. Eslab ko'r-chi!

— Ertalab uyg'onib, sigaret chekdim, hojatxonaga kirdim, keyin vannaga… Jin ursin, esimda yo'q.

— Hamma oshxonada to'plansin! — buyurdi Qariya. — Hamma keldimi? Xo'p, unda gap bunday. Men tasodiflarni yoqtirmayman. Ayniqsa, ikki marta takrorlansa. Soat qaerga g'oyib bo'lishi mumkin? Bu narsa igna emaski, hech qaysimiz payqamay qolsak. Oramizda kimdir o'yin qilyaptimi deb qo'rqaman. Hoziroq chorasini ko'rmasak, yomon bo'ladi.

— Siz bizlardan gumonsirayapsizmi? — gap tashladi Chandiq.

— O'zimdan boshqa hammadan gumon qilyapman. Hozir bir ish qilamiz. Agar kimningdir cho'ntagidan yo'qolgan soatni topsak, yo gumonsirashga olib keladigan sirli narsa topsak, xafa bo'lish yo'q.

Vannaxonada o'tirib ularning hamma gaplarini eshitdim. Qo'rqa boshladim ham. Chunki, avval boshida ular kvartirani tintib chiqishadi. So'ngra vannaxonaga kirishadi. Ko'zguni ko'tarib ko'rishadi-yu, teshilgan joyga ko'zlari tushadi. Yana mixlar-chi?.. Yo'q, bunga yo'l qo'yib bo'lmaydi.

Men o'ylay boshladim. Bu mahal oshxonada tintuv boshlab yuborilgandi. Jinoyatchilar norozilanib bo'lsa-da, Qariyaga itoat etishardi. Hech narsa qolmadi. Mebel, stol, ishqilib, hammayoqni tekshirib chiqishdi. Men bo'lsam, vannaxona eshigi ochilib, ichkariga ular kirib kelishini xavotir aralash kutardim. Ana, qulfga kalit solinib, ichkariga Yigitcha mo'raladi. Uning ortida kvartira egasi turardi. Chamasi, tintuvni ikki kishilashib o'tkazishyapti.

— Mana buniyam tintib ko'ramizmi? — so'radi Yigitcha.

— E, qo'li boylangan-ku! — dedi Chandiq. — Kun bo'yi vannaxonada o'tiribdi.

— Uni o'zim tekshirib ko'raman. — qichqirdi Qariya. — Senlar xonalarni qidir!

Qariya ular tekshirgan joylarni qaytadan ko'zdan kechirardi.

Men shosha-pisha cho'ntagimdan yarimtaki piskani chiqardim. Yigitcha kvartira egasi nazoratida vannaxona tomon egilib pol ustilarini paypaslab ko'rardi.

Sekin-sekin borib bilagimga piska tortdim.

Yigitcha qo'limdan qon tizillab oqayotganini ko'rdi-yu, o'zini orqaga tashladi

— Ih, iflos! Tomirini kesdi!.

Shu zahoti vannaxonaga Qariya chopib kirdi va meni ko'tarib oldi.

— Nima qilib qo'yding, ahmoq? Nega tomiringni kesding!

U epchillik bilan qaerdandir latta topdi-da, yaramni mahkam bog'ladi. Kesilgan joy uncha qo'rqinchli bo'lmasa-da, qon to'xtamasdi.

— Nima, ajalingdan besh kun burun o'lmoqchimisan? — deya shang'illardi Qariya. — Hoy, bunga valerianka keltiringlar!

— Menda valerianka yo'q. — javob qildi kvartira egasi.

— Unda ichkilik keltir! Tez!

Qariya polda yotgan yarimtaki piskani topib oldi. oldi.

— Buni qaerdan olding, it? — U mening javobimni kutib o'tirmay, tashqaridagilarga baqirdi. — Necha marta aytganman soqol olgandan keyin piskalarni tashlab yuboringlar deb! Ana, qaysidir yaramas yo'qotgan, ikkinchisi topgan.

Ichkilik keltirishdi. Qariya majburlab og'zimga ikki stakan ichkilik quygach, polga yotqizdi.

— Vannaxonani tekshirib ko'rdilaringmi? — so'radi sheriklaridan.

Yigitcha va kvartira egasi «ha» degandek bosh chayqashdi.

— Qarab turlaring, keyin tekshirib ko'raman.

Men yengil nafas oldim. Tintuv tugagandi. O'zimni o'ldirishga urinishim hammasiga chek qo'ydi.

— Shuni tinchitib qo'ya qolsak-chi? Nima keragi bor endi uning?

— Kerak. Sendan so'rayotgani yo'q hech kim.

Men vannaxonada yotgancha oshxonadagi suhbatni tinglardim.

— Tinchitish qiyin emas. Murdani qaerga berkitamiz? Axlat idishga tashlasang, sasib ketadi.

— Bu yerdan tezroq daf bo'lmasak ish chatoq. Hammamiz aqldan ozamiz.

Ular uzoq gaplashib o'tirishdi. Oxirgi so'zni Qariya aytdi.

— Soatni-ku, topolmadik. Buniyam tasodif deb umid qilamiz. Ishni boshlash payti yetdi. Anavindan ko'z uzmanglar. Vannaxona eshigini yopmanglar. Qurol men bilan Volniyda turadi. Bugungi o'tirishimiz birinchisi va oxirgisi bo'ladi. Tamom!

Ertasi kuni ertalab suvni o'chirishdi.

— Kanalizatsiya tiqilib qolib birinchi qavatni suv bosibdi. — tushuntirdi kvartira egasi. — Endi ertaga ertalabdan vaqtli suv kelmaydi.

— Ablahlar! — so'kindi Chandiq. — Devorlarga «Hamma narsa odamlar uchun» deb yozishni bilishadi.

Bugay nazorati ostida vannaxonada o'tirib o'zimcha taxmin qilardim. Xo'sh, ishim natija berarmikan? Yozganlarimni topishdimikan? Qog'oz qaerga tushdi ekan? Santexniklar ko'risharmikan?

Shu kun juda qiyin o'tdi. Qulog'imni ding qilib ko'chada nimalar bo'layotganini tinglashga urinardim. Qariya esa, nimanidir ko'ngli sezgan ko'yi yo'lakda uyoqdan buyoqqa yurib, tez-tez vannaxonaga mo'ralab qo'yardi. U asabiylashardi. Faqat nimaga bu qadar asabiylashayotgani sababini topolmay qiynalardi. U shunchaki… Xavfni xuddi yovvoyi hayvonlar singari oldindan his etib turardi.

Kunduzi kimdir kvartira eshigini taqillatdi. Men hayajon ichida tashqariga quloq tutdim. Boshlandi shekilli! Jinoyatchilar qurollarini hozirlab, yo'lakka ohista yugurib chiqishdi. Ularning ortidan Bugay ham chiqdi. Men o'rnimdan turdim.

Afsus. Kimdir adashib taqillatgan ekan. Polga bo'shashgancha o'tirib qoldim.

— Sen qaerda bo'lishing kerak? — Bugaydan do'q aralash so'radi Qariya.

— Vannaxonada.

— Unda bu yerda qand yeb o'tiribsanmi?

— Men…

— Bor, joyingda tur! Kerak bo'lsang, o'zimiz chaqirib olamiz.

Ertasi kuni tushga yaqin hovlida mashinalar signali eshitildi.

— Yana remontchilar. — dedi kvartira egasi. — Ikkita mashinada kelishibdi.

— Kvartirang bexosiyat ekan. — dedi Chandiq. — Qachon qarasa, ko'ngilsizlik.

Shu payt tag'in eshik taqilladi.

— Kim u? — so'radi kvartira egasi.

— Santexnikman. Oching. Men truba almashtirishim kerak.

— Menga shu santexniging yoqmayroq turibdi-da! — shivirladi Qariya. — Ochma!

— Men santexnik chaqirmaganman. — yo'lakdan turib qichqirdi kvartira egasi. — Keting!

— Oching!

Va kuch bilan eshikni taqillata boshladi.

— Bular militsionerlar! — dedi Qariya. — Chunki, ta'mirchilar hech qachon ikkita mashinada kelishmaydi. Qani, hamma joyini egallasin!

— Oching, militsiya! — eshik ortidan baqirdi kimdir.

— Itdan tarqaganlar! — so'kindi Chandiq va qo'liga pichoq oldi. Bugay ham biroz o'ylanib turgach, qirqma miltiqqa yopishdi.

Vannaxona eshigini ochib qo'yishgandi. Faqat Bugay vannaxonaga orqa qilgancha meni qo'riqlardi. Qaytadan o'z hissiyotlarimga quloq tutdimmi, beixtiyor Bugayga shivirladim:

— Qochib qaerga borarding?

— Nima? — Bugay to'polonda ovoz qay tarafdan kelganini payqamadimi, balkon tarafga qarab qichqirdi.

— Orqada! — dedim kulgim qistab.

U shoshib orqasiga o'girildi. Menga ayni shu kerak edi. Uni tepib yubordim. Boshqa oyog'im bilan qurol tutgan qo'liga zarba berdim. Bugay ko'ksi bilan vannaxonaga quladi.

— Sen?.. — turishga urinardi-yu, sira bu ishni eplay olmasdi. — Iflos!..

Men allaqachon o'rnimdan turib navbatdagi zarbani tayyorladim. Bugay bir amallab oyoqqa turishi hamono bir tepib yo'lakka itqitdim. U hushidan ketib yiqildi. Shundan so'ng orqaga tislanib turdim-da, katta tezlikda yugurib borib devorni tepdim. G'ishtlar har tarafga sochilib ketdi. Yana bir zarba bilan qolgan g'ishtlarni ham qulatgach, qo'shnining vannaxonasida hozir bo'ldim. Orqada esa, miltiq, to'pponchalarning, itlarning ovozi eshitilib turardi.

Vannaxonada o'rta yashar bir erkak cho'milayotgan ekan. Meni ko'rib dodlashni ham, indamay o'tiraverishni ham bilmay tosh qotib qoldi. Uni qo'rqitib yubormaslik niyatida mayin jilmayish qilib garchi qo'llarim bog'langan bo'lsa-da, basharasi aralash yengilgina kalla qo'ydim. Bu zarbadan keyin erkak bir necha daqiqa hushini yo'qotadi. Buni yaxshi bilaman.

Shu yerning o'zida piskani mahkam tishlab qo'llarim boylangan arqonni yechdim. So'ngra jonholatda eshik zulfinini sug'urdim. Yo'lakda ayollar qiy-chuv qilishar, faqat yuqoridagi otishmadan qo'rqqanlari uchun bo'lsa kerak, vannaxonaga kirishga yuraklari betlamagandi.

— Tez vannaxonaga kiirnglar! — baqirdim ularga. — Eringizning ahvoli yomon!

Ayollar mening kimligimni, bu yerda qanday paydo bo'lganimni surishtirishga ulgurishmadi. Balki, o'siq soqolimni, vajohatimni, egnimdagi kiyimni ko'rib o'zlarini yo'qotishgandir…

Xullas, hovliqqanimcha zinalardagi qo'shnilarga-da e'tibor qilmay pastga tushib, tinchgina tashqariga chiqib oldim. Qo'shni podyezd ro'parasida militsiya mashinasi, sal narida iskovuch itlar turardi. Yuqori qavatdan esa, hamon otishma ovozlari kelardi. Bu ahvolda odamlar ko'ziga ko'rinib bo'lmaydi.

Panalab-panalab katta ko'cha tomon ketdim. Shundan keyingina yengil nafas oldim.

Ha, men ozod edim.

* * *

Egnimga plashchimni tashlab, xuddi zerikkanidan ko'cha aylanib yurgan odam kabi shoshilmasdan bekatga yetib bordim. Odamlar o'siq soqolimga, kiyimlarimga qarab-qarab qo'yishardi. Ammo hech kim menga yaqin kelib so'z qotmasdi. O'zimni erkinroq tutib tramvayga o'tirdim-da, boshim oqqan tarafga qarab jo'nadim. Eng asosiysi, ikki hafta menga azob bergan shu joylardan uzoqroq bo'lsam bas edi…

Endi bu shahardan ketishim lozim. Tezlik bilan! Hoziroq! Lekin hujjatsiz ketish xavfli. Bunday otishmalardan so'ng militsionerlar jiddiylashishlari tayin. Vokzallar, aeroportlar, yo'llar qurshab olinadi. Yo'q, yaxshisi, bir nechta pasport topaman. Shunisi qulay. Faqat yangitdan aloqa bo'limlari, kassalarda aylanish ham qiyin. Tavakkal qilsammikan?

— Buvijon, — so'radim birinchi yo'limda uchragan kampirdan. — Harbiy komissariatga qanday borsam bo'ladi?

Kampir ahvolimni ko'rib qo'rqa-pisa bo'lsa-da, yo'l ko'rsatdi. O'zi rahmat aytishimniyam kutib o'tirmay, qadamini tezlatdi. Sezdim. Har o'n-o'n besh qadam yurgandan so'ng orqasiga o'girilib meni kuzatgan bo'lyapti… Men kulimsiragancha ko'rsatilgan manzil tomon jo'nadim.

Harbiy komissariatda armiyaga chaqiriluvchi yosh yigitlar to'da-to'da bo'lib uyoqdan-buyoqqa yurishardi. Hojatxonaga berkinib olgancha avval kiyimlarimni tartibga keltirdim, vannaxonadan ehtiyot shart yap-yangi ustara ham topib olgan edim. O'sha bilan soqolimni qirtishladim. Harqalay, harbiy komissariat! Ko'ribsizki, hojatxonadan toza, odambashara ahvolda tashqariga chiqdim. Eng quvonarlisi, meni hech kim payqamadi. Yo payqashsa ham e'tibor qilishmadi.

Yo'lak bo'ylab bordim-da, duch kelgan birinchi eshikni ochdim. Ichkarida bir ayol o'tirardi.

— Kechirasiz, — dedim unga muloyim ohangda. — Sizda bittagina toza qog'oz topilmaydimi? Yana bitta. Rahmat.

Ortga qaytdim.

Qarang, tuzilishim xuddi shu yerda ishlaydigan odamnikiga o'xshabdi shekilli, bir yigitcha kelib so'rab qoldi.

— O'n ikkinchi kabinet qaerda?

— Qani, chaqiruv qog'ozini bering! — sovuqqonlik bilan uning qo'lidan qog'ozni oldim men. — Siz soat o'n birda kelishingiz lozim edi-ku! Nima qilib yuribsiz shu paytgacha?

— Ulgurmadim. — o'zini oqlay boshladi yigitcha. — Tramvay…

— Bu oxirgisi bo'lsin! — ogohlantirdim men. — Endi ikkinchi qavatga ko'tarilib, yo'lak oxiriga borasiz.

Xullas, kun yarimlaguncha o'zimni harbiy komissariat xodimi qilib ko'rsatgan holda ikki-uchta kerakli hujjatlarni qo'lga kiritdim. Ana endi ko'rinishimni o'zgartirmasam bo'lmaydi. Kursdagi grim darslarini yodga olgan holda o'zimga oro bera boshladim. Ko'z ochib yumguncha yuz ko'rinishim qo'limdagi hujjatlardan birida kulib turgan baqaloqnikiga o'xshadi qo'ydi.

Ammo… Shaharda kutilmaganda o'zimga tanish bo'lgan o'sha serjantni ko'rib qolsam bo'ladimi… Jon-ponim chiqib ketayozdi. Jinoyatchilar orasida o'tirganimdagi qo'rquvlar yana qaytalangandek, tizzalarim titrab, tilim aylanmay qoldi.

— Siz nega bir joyda turib qoldingiz? — Men serjantning ovozidangina o'zimga keldim. — O'ting, odamlarga xalal bermang!

Sekin-sekin qadam tashlab perron tomon keta boshladim. Xayolimda esa, go'yo hozir-hozir serjant tanib qoladi-yu, orqamdan yetib kelib qaytadan kameraga tiqadigandek edi.

Xayriyat, kelmadi. Tinchgina perronga yetib oldim. Bu yerda meni notanish joylarga olib ketuvchi poezd shay turardi. U yerda esa, shubhasiz, yangi ish, yangi tanishlar, do'stlar, dushmanlar orttirishim aniq.

Ortga o'girilishga qo'rqib past ovozda shivirlab qo'ydim:

— Alvido o'tmish! Alvido yoshlik! Mening poezdim hozir ketadi. O'n besh daqiqadan keyin ketadi. Alvido militsiya!

Keyin poezdga chiqdim. Oynalari terlab ketgan vagondan tashqarini tomosha qila boshladim…

Nihoyat poezd joyidan jildi. Men yanada xotirjam tortdim. Xayolan xudoga shukr qildim…

Atrofim to'la odam. Biroq hech kimni sirlarimga sherik qila olmayman. Bu jangda yolg'iz mengina jangchiman. Shunga qaramay, faqat men yutishim va yutishim lozim.

Og'ir xo'rsinib oyna yonidan nari ketdim.

— Chida, yigit! — dedim o'zimga o'zim. — O'zingni qo'lga ol! Hammasini boshidan boshlash payti yetdi.

Sekin kupe eshigini ochdim. Va kimsasiz kupe ichkarisini bir muddat ko'zdan kechirib olgach, o'zimga o'zim ohista shivirladim:

— Salom! Siz qaerga? Keling, tanishaylik!

IKKINChI YoZUV

YaNGI AYLANA BO'YLAB

Men birinchi imtihondan o'tolmadim deb xayol qilgandim. Yo'q, qismga yetib kelganimdan keyin meni iliq kutib olishdi. Harqalay, kamchiliklarim bo'lsa ham baribir ko'rsatkichlarim yomon emasligini aniqladim. Chunki, men talab qilingan narsalarning barchasini qo'lga kiritgandim. Buni o'zim ham yaxshi bilardim.

To'g'ri, komandirlarning ba'zilari ola qarash ham qilishdi. Bu hoynahoy meni vahimaga solish, hayajonlanishga majburlash bo'lsa kerak deb o'yladim. Tavakkal so'nggi kabinetga kirdim. Xayriyat, u yerdagilar meni navbatdagi imtihon bo'ladigan joyga olib ketishdi…

Eshik. Yana eshik. Yo'lak. Vestibyul. Elektron tablo. Vaqt 14. 37. 16.

O'ttiz soniyalik sukunat. Hozir meni kuzatishyapti. Elektron asboblar orqali kamerani teshib yuborgudek bo'lishyapti. Vaqtni teshib yuborgudek bo'lishayapti. Agar olti soniya kech qolinsayam jarima ball to'planadi. O'n soniya esa, sanksiya degani. Bir daqiqa kechikilsa, o'z-o'zidan haydalasiz.

— Kirishingiz mumkin!

Yo'lak. Maxsus tekshiruv hududi.

— Kursant Zevas, kod raqami 24 SJ yetib keldi!

— O'ting!

Uyog'ida eshiklariga turli notanish raqamlar yozib tashlangan uzun yo'lak. Bu eshiklarning mayin tutqichlarida qandaydir yoqimsiz, qo'rqituvchi nimadir bor. Ularga ko'z ham o'rgana olmaydi.

Yigirma qadam. So'ngra kirish lozim bo'lgan eshik ro'parasida to'xtaysiz. Kutasiz. Qaerdadir, yo'lak oxirida ko'rinmas navbatchi dars jadvalini tuzib chiqadi. So'ngra kodlarni tekshirib, qandaydir tugmachalarni bosadi. Eshik ochiladi.

— Kiring!

O'quv xonasida jihozlar ham, deraza ham yo'q. Devorlarga katta ekranlar o'rnatilgan. Men ana shu yerda qimirlamasdan, ekranlarga tikilgancha bir, yoki ikki kun o'tirishim shart. Nega? Dushman qurshab olgan taqdirda ham xuddi g'oyib bo'lgan odam kabi o'zimni tutishga o'rganish uchun.

Polga o'tiraman-da, oyoqlarimni ko'ksimga olib kelaman. Bu mashg'ulot kamroq joyni band qilish maqsadida amalga oshiriladi. Qo'l-oyoqlarimni qimirlatib gavdamni qulay holatga keltiraman. Bo'shashaman. Qotaman. Bu aytishga oson. Qotib qolish juda mushkul. Ko'p mashqlar evazigagina ko'nikiladi.

Ko'p bor men o'rmalab yuruvchi qumursqalarni kuzatdim. Ularning atrofida pashshalar bemalol uchib yurishardi. Shu payt qumursqa bir zarb bilan pashshani tutadi. Ko'ribsizki, hozirgina parvoz qilayotgan pashsha qumursqaning og'zida paydo bo'ladi. Eh, men ham shunday hujumkorlikka o'rgansaydim!..

Ekranlarni kuzata boshlayman. Bu mushaklar ortiqcha harakat qilmasligi uchun qo'shimcha dars hisoblanadi.

Bir, ikki, uch soat shu taxlit o'tiraman. To'satdan ekranda geometrik shakllar hosil bo'ladi. Shakllar ichidan o'z shaklimni topishim lozim. Ana, meniki cho'ziq uchburchak. U istalgan mahal, istalgan ekranda namoyon bo'lishi mumkin. Men uni o'z vaqtida anglay olishim zarur. Qancha ko'p anglay olmasam, shuncha o'zimga yomon.

O'ngdagi ekranda — bor. Chapdagida — bor. Yana. Ro'paramda. Chapda. O'ngda. Bu mashg'ulot boshni uyoq-buyoqqa burmasdan, faqat ko'z yordamida bajariladi.

Oqibatda mushaklarim qotib qoldi. Oyoqlarimdagi barmoqlar uvisha boshladi. Belimda og'riq turdi. Miyamda bo'lmag'ur xayollar charx ura boshladi.

Balki xato qilgandirman qaerdadir? Nahotki, birinchi o'qishda hech narsaga o'rgana olmagan bo'lsam? Nahotki, o'shanda ko'ksi to'la ordenlar bilan o'tirgan polkovnik behuda meni maqtagan bo'lsa?

— Zo'r! — degandi u mening shaxsiy delomni varaqlayotib. — Kursingizda natijalar zo'r ekan!

Balki, o'shanda faxrlanishga haq bo'lgandirman? Garchi o'shanda otishmalar, qochish, jinoyatchilar to'dasi orasidagi hayotim tufayli baholarimni biroz pasaytirgan bo'lsam-da, keyinchalik xatolarimni to'g'riladim-ku!.. O'zimning kim ekanimni, nimalarga qodir ekanimni isbotlay oldim-ku!..

— O'h-ho', ichki ishlar vazirligi nomidan tashakkurnoma ham olgan ekansiz-ku! — kuldi polkovnik. — Xavfli jinoyatchilar to'dasini qo'lga olishda ishtirokingiz uchun. Yaxshi. Endi sizga bir gapni aytay. Hali hammasi oldinda. Qarangki, kursingizdagilar ichidan faqat sizni o'qishni davom ettirish uchun olib qolishga ahd qildik. Sizning vazifangiz bitta. Yo ha, yo yo'q deb javob berish.

— Qolganlar-chi? — so'radim shoshilib.

— Qolganlar uy-uylariga tarqatib yuboriladi. Bizning chaqirishimizni kutishadi. Siz esa, yaqin orada boshlanadigan janglardan birida qatnashasiz. Bu juda xavfli jang. Haqiqiy erkaklar jangi bo'ladi…

Kamerada o'tirib xuddi shu suhbat haqida o'yladim. Vaqt esa, o'tib borardi. Ana, yetti soat, sakkiz, to'qqiz soat…

Ekranda turli figuralar sakrashadi, ko'zlarim achisha boshlaydi, a'zoyi badanim uvishib boradi. Sezdirmasdan, tovushsiz mushaklarimni harakatga keltiraman. Hozir eng asosiysi, nimaga qodir ekanimni, bu sinovlar men uchun hech narsa emasligini ko'rsatib qo'yish. Yana men ekrandagi o'z figuramni vaqtida ilg'ashim, ular necha marta ko'ringanini sanab borishga ulgurishim, vaqtni his etishim, charchoq, uyqu bilan kurasha olishim lozim. Orqaga yo'l yo'q…

Xayollarim qaytadan yaqin o'tmishga tomon yo'l oladi. Yana o'sha kungi suhbatlarni, kelishuvlarni o'ylay boshlayman…

— Bizning taklifimizga rozimisiz? — so'radi polkovnik mendan.

— Ha.

— Yaxshilab o'ylab ko'ring!

— O'ylab ko'rdim.

— Unda manavi yerga imzo cheking.

Qog'ozdagi yozuvlarga ko'z yugurtiraman.

— «Xizmatim to'g'risida hech kimga og'iz ochmayman. Xato qilgan taqdirimda meni eng shafqatsiz qonunlarga tayangan holda jazolashlariga roziman…»

Imzo chekaman.

Navbatdagi yozuvga qarayman.

— «Har bir harakatim to'g'risida hisob beraman. Xatoga yo'l qo'ysam…»

Imzo qo'yaman.

Keyingi qog'ozni qo'limga tutqazishadi.

— «Yaqin hamda uzoq qarindoshlarim, tanishlarim bilan aloqani uzaman. Xatoga yo'l qo'ysam…»

Imzo chekaman.

— Siz bilib qo'ying, — deya ogohlantiradi polkovnik. — Bu shartnoma. Shunchaki qog'ozbozlik emas. Shartnoma buzilgan taqdirda jazo o'sha lahzaning o'zidayoq kuchga kiradi.

— Kursant, mahkam bo'l! — deya yelkamga qoqdi kadrlar bo'limi boshlig'i. — Seni oldinda katta ko'ngilsizliklar, sinovlar kutyapti. Tayyormisan?

— Ha.

— Yodingda bo'lsin. Endi sen o'tmishga qayta olmaysan. O'zingdan voz kechasan. Endi sen shu bugundan tashkilotning mulki hisoblanasan. Ixtiyoringga quloq tutishga haqqing yo'q. Sen uchun kecha degan so'z yo'q endi. Faqat buguning haqida o'ylaysan. Qarindoshlik hislari degan tuyg'ular senga begona.

— Tushunaman! — javob qilaman bosh egib.

— Hech baloni tushunmaysan. — jerkib beradi kadrlar bo'limi boshlig'i. — Qabrga kirguningcha seni sinashadi, kuzatishadi. Sendan faqat harakat, ish kutishadi. Har bir harakating ortga qaytadigan yo'lingni yo'qqa chiqarib boradi.

— Tushunaman.

— Xo'sh, o'tmishingdan voz kechishga rozimisan?

— Ha.

— U holda o'limingga tayyor tur!

Kelishilganidek, bir haftadan so'ng meni o'ldi deb e'lon qilishdi. Ha, bu yorug' dunyo, oilam, do'stlarim, balki, o'zim uchun ham men o'lgan hisoblandim.

Men olamdan o'tdim.

Onajonimning qo'liga harbiy komissariatdagilar kichkinagina qog'oz keltirib berishdi. U yerda quyidagi so'zlar yozilgandi:

— O'g'lingiz xizmat vazifasini o'tayotib ko'ngilsiz hodisa tufayli halok bo'ldi…

Baland bo'yli askarlar hovlimizga mening jasadim joylangan temir tobutni olib kirishadi. Onamning tobut atrofida aylanib yig'lashini, kichkinagina, nozikkina singilchamning yig'iga jo'r bo'lishini ko'z oldimda gavdalantiraman. Ha, shu voqealar yozib olingan tasmani menga keltirib berishgandi. Qayta-qayta aylantirib tomosha qildim. Operator juda ustalik bilan ularni suratga tushiribdi…

Tobutni ochishga ruxsat etishmadi… Xonamning o'rtasiga qo'yishdi. Askarlar tobutni qattiq qo'riqlab turishardi.

— Siz yana o'ylab ko'rishingiz mumkin. — degandi o'shanda instruktor qulog'imga shivirlab. — Agar istamasangiz, hammasini…

Onajonimning, yaqinlarimning achchiq ko'z yoshlarini ko'rib turib yuragim alamga to'lgandi. Ammo nomus kuchli. Ortga qaytishga g'urur yo'l bermaydi. Qolaversa, bularning oldida o'zimning ojizligimni namoyish qilishni istamasdim. Shu sababli sukut saqlardim. Indamasdim. Bu roziligimdan dalolat edi.

Bir kun o'tib turli grimlardan so'ng men o'zimning dafn marosimimda qatnashish uchun jo'nashim lozim edi. Bu birinchi topshiriq. Yuz tuzilishimni o'zgartirish, yaqinlarimga kim ekanimni sezdirmaslik mening muammoim. Bu rahbarlarni umuman qiziqtirmaydi. Qaytganimdan so'ng ko'rganlarimni ipidan ignasigacha gapirib berishim shart.

Men bu o'yinning shartlarini yaxshi bilardim. Har bir harakatim uchun alohida baho qo'yiladi. Tobutimga qancha yaqin tursam, shuncha ko'p baho olaman.

Bilardim. Bu topshiriq bahona men tashkilot rahbarlariga qanchalar yuz tuzilishimni, ovozimni birov payqamaydigan darajada o'zgartira olishimni, kiyim tanlay bilishimni ko'rsataman. Ana shundan keyingina asosiy topshiriq beriladi…

Xayollardan chekinib tag'in ekrangan qaradim. O'n ikkinchi soat o'tib boryapti. Ekranlar jim. Qarshilik ko'rsatmasam bo'lmaydi. Mushaklarimni harakatga keltirishim lozim. Uyquni yaqinimga keltirmasligim kerak. Mayli o'ylasam ham. Faqat uxlab qolmasam bas.

Dafn marosimimni eslay boshladim. Tobutni o'n kishi qabristonga ko'tarib kelishdi. Qiziq, ichiga nima solishgan ekan? Yo boshqa odamning murdasimikan? Yo'q, bizning tashkilotdagilar usta bunaqa ishlarga. O'zim ham ular qatoridaman-ku! Agar o'z dafn marosimimda sira o'zimni yo'qotmay, o'zimni tanitmasdan jimgina tursam, albatta men ham ustamonlarning biriman.

Tobutni qabr tepasiga olib kelishgach, to'xtashdi. Hamma jim. Kimdir mashinada unutib qoldirilgan kursilarni olib kelishga chopdi. Bu lahzalarda o'zimni ushlab turishim juda og'ir edi. Go'rkovlar qabrni qazib bo'lishibdi. Yuz-ko'zlaridan ter quyilyapti. Men ularni shundoqqina yonlarida turgancha bemalol kuzatardim. Ana, sinfdoshim ham kelibdi. Men u bilan yarim yil bitta partada o'tirib o'qiganman. Bolalikdan do'st edik. Faqat u hozir meni tanimaydi. Shunchalar ustamonligimdan faxrlanib ketdim.

Nihoyat tobutimni qabrga tushirishdi. Onajonim dodlagancha o'zini tobut ustiga otdi. Shu payt kutilmaganda hushidan ketib yiqildi. Uni yon-atrofdagi erkaklar ushlab qolishdi. Otam darrov tepasiga keldi…

Alam qilarkan. Ota-onamning yonginasida tursam-u, xuddi spektakl tomosha qilayotgan odamdek indamay turaversam…

Go'rkovlar tobutni qabrga tushirib, ustidan tuproq tortishgach, askarlar baravariga avtomatlardan o'q uzishdi. Ota-onamga boqdim. Ular achchiq-achchiq yig'lashardi. Alam qildi menga. Axir, nega bu marosimni to'xtatib qo'ya olmayman? Nega indamasdan, xuddi arvohdek bemalol ularning azoblanishlariga tik boqib turibman? Nega?. Yo'q, men adashdim. Bu, axir, tashkilotning buyrug'i! Hammasi hal bo'lgan. Men o'ldim, tamom!..

Seskanib boshimni ko'tarib ekranlarga boqdim. O'sha-o'sha. Mana, o'n yettinchi soat ham o'ta boshladi. Xudoyim, ekranlarda uchburchaklar buncha ko'p bo'lmasa! Mushaklarim, suyaklarim, tomirlarim, balki qonim ham qimirlamay o'tirishimga qarshidek tuyulardi.

Shu ko'yi yigirma birinchi soatni ham ekranga tikilib o'tkazdim. Kutilmaganda shunday buyruqni eshitdim:

— Sparringga tayyorlaning!..

Shu mahal eshik taraqlab ochilib ostonada qo'l jangi instruktori paydo bo'ldi. U kulardi! Ko'zlari quvonchdan porlardi!..

Ha, unga o'z kuchini namoyish etish yoqadi. Shundan maza qiladi. Mushtlashishni sog'inib yashaydiganlardan biri.

Men katta qiyinchilik bilan o'rnimdan turdim. Ko'z oldim qorong'ilashib borardi. Ana shu lahzada jag'im aralash musht kelib tushdi. Aslida badanga kelib tushgan bunday zarbalar uvishib qolgan qonni qaytadan harakatga keltirib, odamni hushyor torttiradi…

Men bu zarbadan so'ng yiqilishim lozim. Nafas rostlab olish, o'zimda qo'shimcha kuch yig'ish uchun yiqilishim kerak. Yiqildim. Haqiqatan, mushaklarim harakatga keldi.

Bir yumalab o'zimni chetga oldim. Ammo turmadim. Kutishim zarur uning yaqinlashishini.

To'g'ri-da, hozir u bir kishi. O'tgan gal oshxonada baravariga uchtasi menga tashlanishgandi. Hali yodimdan chiqqanicha yo'q o'sha kun.

Instruktor hayron bo'lib asta men tomon yaqinlashdi-da, ahvolimni tekshira boshladi.

— Nega qarab turibsan? — xayolan undan so'ragan bo'ldim. — Yaqinroq kelmaysanmi? Balki, kursantning jag'i sinib ketgandir? Jag'i singan bo'lsa, tamom, safdan chiqdi hisob. Kelaver!..

Bilaman. Men oddiy kursantman. U esa, qo'l jangi bo'yicha katta mutaxassis. Demak, men uni o'lasi qilib kaltaklay olmayman. Shunga qaramay, bir marta bo'lsa-da, uni tepib olishni juda-juda istardim.

Shunday qildim ham. Poylab turib yotgan yerimda yuzi aralash tepdim. Instruktor yuzlarini berkitib pastga engashdi. Men ovozimning boricha qichqirib oyog'im bilan uning tizzalariga ketma-ket zarba berdim. Mushtim esa, qo'llariga borib tushdi. Instruktor yiqildi. Biroq shu zahoti o'rnidan turib zarba berishga oshiqdi. Men navbatdagi zarbaga qo'l cho'zdim. Afsuski, shu payt chiroqlar yonib o'chib, «To'xtat!» degan buyruqni eshitdim. Qo'llarim havoda muallaq qoldi. Instruktor kulimsiragancha menga qo'l cho'zdi.

Xullas, jang tugadi.

— Meni boplading, yigit! — bilaklarini uqalagancha kuldi instruktor. — Rostakamiga boplading!

Men sekin tashqariga yo'l oldim. Yo'l-yo'lakay atrofni kuzatdim. Yo'laklarda tirik jon ko'rinmasdi.

Moviy osmonga boqdim-u, yana mehribon onajonimning dod solib qabrim tepasida yig'lashi ko'z o'ngimda gavdalanib, asab tomirlarim taranglashdi. Qalbimni muz qoplagandek bo'ldi. Bu muz a'zoyi badanimni toshga aylantirgandek edi…

Armonni, nafratni, tushkunlik balosini bazo'r jilovlab, lablarimda titroq tuydim. Azbaroyi alamim kelganidan xayolan bo'lsa-da, yana bir karra onamdan uzr so'radim:

— Men ahmoqni, toshbag'ir o'g'lingizni kechiring, ona!

* * *

Aslida-ku, bir yildan ko'proq shu yerda o'qib bunaqangi holatlarga ko'nikib ketganman. O'qish har bir kursant uchun alohida olib boriladi. Kursant kabinetda faqat muallim bilangina o'tiradi. Shu tartibda darslar o'tiladi. Sababi, kursantlar bir-birlarini ko'rmasliklari, tanimasliklari talab etiladi.

Ilgari bu kursda faqat mengina ta'lim olaman shekilli, anavi muallimlar, instruktorlar, sport zallari yolg'iz o'zim uchun xizmat qiladi deb o'ylardim. Adashgan ekanman. Boshqa kursantlar ham borligini ba'zan yo'lakda ketayotib payqaydigan bo'ldim. Polda ko'pincha qog'oz parchalari uchrab qolar, goho pechkani kimlardir taraqlatib qo'yardi. Bu kursantlar edi.

— Xayriyat, — deb qo'yardim o'zimga o'zim. — Qiynalayotgan bir men emas ekanman. Shunisigayam shukr. Alam qilmasa ham bo'larkan.

O'z xonamga yetib keldim. Eshik o'z-o'zidan ochildi. Ichkariga kirdim. Ortimdan eshik yopildi. Men o'zimni karavotga tashladim. Ha, bu yerda o'zimga o'zim xo'jayinman. Tashkilot qonunlari bo'yicha hatto rahbarlar ham kirib kela olishmaydi xonamga. To'g'ri, qaerdadir yashirin kamera orqali kuzatishlarini bilaman. Biroq bu narsa meni tashvishga solmaydi. Shuning uchun sekingina «niqob»ni yechaman. Nima qilay? Shu niqobsiz tashqariga chiqishim mumkin emas. Kulishga ham haqqim yo'q. Muallimlar ham shu qoidaga qat'iy amal qilishadi.

Yigirma soatdan ortiqroq qimirlamay ekranga tikilib o'tirish jonimni olib qo'yayozgandi. Tushlik olib kelishgandan keyin ham ma'lum muddat o'rnimdan turmay yotdim. Buyoqda qornim ham ochgan. Charchoq va ochlik bir-biri bilan kurasha boshladi.

Yotgan yerimda ovqat ustiga yopilgan matohni ko'tardim. Bugun ikki baravar ovqat berishibdi.

* * *

Eh, bizning tashkilotda ovqatdan qismaganlari yaxshi narsa. Nafaqat ovqat, balki, qolgan narsalardan ham kamchilik yo'q bu yerda. Alohida xona. Kitob o'qishni istab qolsang, darhol keltirishadi. Kino ko'rging kelsa, marhamat, bir quti filmlar tasmasi yoningda bo'ladi. Kommunal xizmatlar joyida. Uzoqqa borib o'tirmaysan. Xuddi dam olish uyiga o'xshaydi. Faqat oylab instruktorning kaltagini yeyish yoqmaydi.

Haftasiga ikki marta qaysidir joylarga dam olish uchun ham ruxsat berishadi. Shunda ham oynasiz mashinaga o'tqazishadi-da, qandaydir raqs maydonchasiga olib borib tashlashadi. Qaerdan kelding, qaerga olib ketishadi, anglab bo'lmaydi. Aytishga uyat-ku, lekin men hamon kursimiz, tashkilotimiz qaerda joylashganini bilmayman.

Diskotekada qizlar bilan maza qilib raqs tushgach, aytilgan joyda hozir bo'lish kerak. Bir soniya ham kechikib bo'lmaydi.

Bu bizning shaxsiy hayotimiz deb ataladi.

Aytgancha, ta'til ham berishadi. Men oxirgi ta'tilimni qandaydir o'rmonda o'tkazgandim. Shunaqa, xizmat sizga shakar emas. O'ziga yarasha qiyinchiliklari ko'p.

Bo'pti, uxlash kerak. Bugun kitob ham o'qigim kelmayapti.

— Xayrli tun! — dedim o'zimga o'zim va yostiqqa boshimni qo'ydim.

* * *

Ertalab meni yana «syurpriz» kutib turardi. Radio orqali yoqimli ovozda menga murojaat etishdi:

— Xayrli tong! 24 SJ raqamli kursant soat 9: 44da B korpus, 7 sinfxonaga yetib borsin!..

Nima?.. Yana qimirlamay o'tirishmi? Yana-ya?.. Jinni bo'lishganmi o'zi bular?.. Istamayman! Bosh tortaman!

Ammo majburman. Aytilgan soatda o'sha sinfxona ro'parasida turgancha mashg'ulot nimaligini tinglay boshladim. Xayriyat, bu gal DUEL ekan. Lekin bu ham o'yinchoq emas. Qarshingda tirik raqib bo'ladi. Shart bitta. Rahm qilib o'tirilmasligi lozim. Xona butkul qorong'i. Topshiriq shundan iboratki, raqib aniqlanib, «jazolanib», qurolsizlantiriladi. Har birimizga tekshiruv to'pponchasi beriladi. To'pponchadan o'q o'rnida ingichka yorug'lik taraladi. Mana shu narsa bizning o'q. Faqat bir marta o'q otishga ruxsat etiladi. Shu o'q yordamida topshiriq bajarilishi zarur.

Men sinfxonaga kirib bordim-da, darhol meni topish qiyin bo'lgan joyni tanlashga tushdim. Xo'sh, burchakka berkinaymi? Yo markazgami? Ha, eshikka ro'para bo'lgan devor osti ma'qul.

Endi qay holda kutib olaman raqibni? Yotib olsam to'g'ri keladimi? Balki, uni bir hafta, ikki hafta kutarman. Birdan paydo bo'lib qolsa, ovoz chiqarmasdan turish qiyin kechadi. O'tirib olsammikan?

O'ylab turib tizzalab o'tirishga qaror qildim. Shundan so'ng radio orqali so'rashdi:

— Tayyormisiz?

— Tayyorman!

Chiroq o'chdi-yu, devor ohista yuqoriga ko'tarilib, o'rtada bo'shliq paydo bo'ldi.

Bosh qotira boshladim.

— Kim ekan u? Instruktormi? Yo o'zimga o'xshagan kursantmi? Ular necha kishi? Bir kishimi? Ikki kishimi? Balki, o'nlab raqiblarni berkitib qo'yishgandir bu yerga?..

Qimirlamasdan o'tiribman. Nafas olishim ham tovushsiz. Buni ham eplay olish kerak. Hatto, yuragim ham sekinroq ura boshlagandek. Yana bunday holatlarda yo'talishdan ham o'zingizni tiya bilishingiz shart. To'g'ri-da, aksiga olgandek, yo'talish kerak bo'lmaganda, tutib qoladi. Bundan tashqari, oshqozonni ham guldirashlardan tiyishingiz talab etiladi. Tupuk yutishni-ku gapirmasa bo'ladi.

Aytishlaricha, menga o'xshagan bir kursantni uchinchi daqiqada oshqozoni guldirab qo'ygani sababli o'qishdan haydashgan ekan…

* * *

Jimjitlik. Balki, qo'shni xonada hech kim yo'qdir? Muallimlarimiz ba'zan shunday hazillarni xush ko'rishadi. Hozir yashirin kamera orqali meni kuzatib rosa kulishayotgandir?

Oradan olti soat o'tdi. Bu taxlit o'tiraverish jonimga tegdi. Axir, raqib bo'lsang, chiq-da! Bo'ynimni bilinar-bilinmas o'ngga, keyin chapga burdim. Xuddi atayin qilgan kabi og'zim tupukka to'lib ketavergani-chi!.. Ammo ahmoq emasman. Tupuklarimni yutish o'rniga og'zimdan chiqarib yuboraverdim. Ortiqcha ovoz chiqmasa bas. Ha, estetikaga to'g'ri kelmasa kelmasin. Menga ishimning natijasi muhimroq. Yashash joniga tekkan ahmoqlar yutaversin tupugini…

Uf-f!.. Jonga tegdi!.. Mayli, yutqazsam yutqazay. Lekin ortiq o'tira olmayman. O'zim raqibni qidirishga tushdim.

Sekin tizzalab o'tirdim-da, bir daqiqadan oshiqroq muddat tosh qotdim. Nafas olishim, tomir urishimni o'zgartirmadim. Qo'llarimni polga tiradim-da, ikki oyog'imni ko'tarib o'ng oyoqni sekin polga qo'ydim. Shu ahvolda yana tosh qotdim. So'ngra ohista o'rnimdan turib qaddimni rostladim. Ana endi bir qadam tashlab to'xtadim. Hozir kiyimlarim ham tovush chiqarmasligi talab etiladi. Shundagina dushmanimning qaerdaligini aniqlab olishim mumkin. Yana bir qadam tashladim. Yarim soat qulog'imni ding qilib turib qoldim.

To'xta!.. Qaerdadir shu atrofda harakatni sezyapman. Diqqat bilan tinglay boshladim. Ha, dushman shu yerda. Bunga aminman. To'pponcha tutgan qo'limni oldinga cho'zdim. Taxminim bo'yicha u mendan besh-olti qadam naridadek tuyulardi.

Quvonib ketdim. Men baribir yutgandim. Faqat o'q uzishgina qoldi. Sekin oldinga yurdim. Shunda bildimki, dushman bir kishi emas.

Kuzatuvchilarga dushman turgan tarafni ikki barmog'imni oldinga cho'zgan holatda ko'rsatdim. Shu bilan «o'yin»ni to'xtatsa ham bo'lardi. Biroq otgim kelaverdi. Xo'sh, qay birini nishonga olaman?

Bir qadam ortga chekindim. Dushman menga orqa o'girib turardi. Eh, aqldan ozganmi bu? Men o'n santimetrgina narida bo'ynini mo'ljalga olib turgan bo'lsam!..

Otdim!..

O', bir o'q bilan ikkoviniyam qurolsizlantira oldim!.. Men yutdim!..

Yuragim hapriqib ketdi. O'zimni xuddi Amerika kinolaridagi qahramon kabi his etib gerdaydim. Afsuski, kutilmaganda orqadan kimdir boshimga to'pponcha tiradi. Shunda bildimki, ular uch kishi ekan. Xo'sh, endi nima qildim? Nahotki, yutqazgan bo'lsam?.. Kim o'zi u? Kimligini bilsaydim. Ammo buning iloji yo'q.

— Jang tugadi! — degan ovoz keldi radiodan. — Hamma joyiga borsin!

Devor joyiga qaytdi. Chiroq yondi. Xonada bir o'zim turardim.

* * *

Endi sinfxonadan ostona hatlab tashqariga qadam qo'ygan edimki, ko'zimga to'pponcha nuri qadaldi. Ko'zim oqib tushsa kerak deb o'ylagandim. Xayriyat, shu zahoti notanish bashara to'pponchani tortib oldi.

— Xo'sh, yana bir marta otaymi? — so'radi u.

Indamadim.

Bunisi holva ekan. Kutilmaganda qarshimda o'ndan ortiq barvasta yigitlar paydo bo'lishdi-da, meni tepa ketishdi. O'zimni o'nglashga ulgura olmasdim.

Bilmadim. Bunaqangi tepkilardan nechtasini yedim. Ular birdan ikki qo'limni qayirib yo'lak oxiriga sudrashdi. Ishonasizmi, shuncha payt bu yo'lakdan o'tib yurib pastga tushadigan zinapoya borligini bilmagan ekanman.

— Oyog'ingni tezroq qimirlat, itdan tarqagan! — baqirdi menga yigitlardan biri zina tomon itarib.

Pastga tushdik. Qarshimda temir eshikli xona paydo bo'ldi. Yaqin borishimiz bilan eshik sharaqlab ochildi. Yigitlarning boshqasi orqadan turib meni chunonam tepdiki, xonaga uchib kirib ketdim va beton pol ustiga quladim.

Ana shundan so'ng haqiqiy kaltak yeyishlar boshlandi. Meni u burchakdan bu burchakka itqitib tepishar, ba'zan kursiga borib urilardim. Bu turmani eslatardi.

— Qo'llaringni stol ustiga qo'y! — baqirdi menga notanish yigit. — Tez bo'l!..

Qo'llarimni stolga qo'yganim hamono ko'zimga devor tarafdan juda yorug' chiroq nuri urildi.

Nima bo'lyapti o'zi? Meni o'ldirishmoqchimi? Unda nega kaltaklashyapti? Yo biror narsani aniqlash niyatidami bular? U holda nima uchun so'rashmaydi? Faqat kaltaklashadi?..

— To'g'riga qara! — baqirdi bittasi yuzimga musht tushirish asnosida.

Zarba kuchliligidan yuzimdan qon oqa boshladi.

— Iltimos, chiroqni o'chiringlar! — dedim zo'rg'a.

— Marhamat!

Navbatdagi zarba jigarim aralash kelib tushdi. Yo'q, yana shunaqangi zarbalardan ikki-uchtasini qabul qilib olsam, tamom. Hayot bilan bemalol vidolashaverishim mumkin.

— To'g'riga qara! — baqirishdi qaytadan.

To'g'riga bo'lsa, to'g'riga-da! Nima farqi bor? Baribir chiroq nuridan bo'lak hech narsa ko'rib bo'lmaydi.

To'g'riga qaradim-u, ular kaltaklashdan to'xtab o'zlarini chetga olishdi va nimalarnidir muhokama qila boshlashdi.

Qiziq. Nima haqda gaplashishyapti? Nimani hal qilishmoqchi? Mening taqdirimnimi? Rahbarlarni xafa qilganmidim?

Qandaydir temir asbobning g'iyqillagani qulog'imga chalindi. Xudoyim! Aqldan ozishganmi bular? Bu ovoz jarrohlik asbobinikiga o'xshab ketadi. Nima balo, qo'rqitishmoqchimi?

Ulardan biri kelib ko'rsatkich barmog'imni changalladi. Haqiqatan qo'rqa boshladim. Dahshat! Shunchalik ham shafqatsiz bo'lishadimi?

— Nima qilyapsizlar? — qichqirdim men.

— Ovozingni chiqarma! — qovurg'am aralash kelib tushgan musht zarbidan ingrab yubordim.

Yigit ko'z oldimda yo'g'on ignani shprisga tiqib barmog'imga yo'naltirdi.

— Hozir joning ozgina og'riydi. — dedi u sovuqqonlik bilan.

Igna tirnog'im orasiga kirdi. Yo'q, bunga chidab bo'lmasdi. Og'riq shu qadar kuchli ediki, baqira boshladim:

— Qaysi gunohim uchu-un!.. Kerakma-as!..

Hech kim menga e'tibor bermasdi. Yelkamga ham ukol qilishgach, men tinchlandim. Bu ukol og'riq qoldiruvchi edi.

* * *

— Bilasizmi, — dedi kimdir orqadan turib mayin tovushda. — Siz bo'layotgan ishlarni, voqealarni anglay olmadingiz. Na ruhan, na jismonan tayyor turdingiz barchasiga. Shu sababli ham yutqazib qo'ydingiz. Uzr, biz mana shu yo'lni tutishga majbur bo'ldik. Chunki, sizning ishingizda so'z bilan hech narsaga erishib bo'lmaydi. His eta olish kerak hamma narsani. Og'riqni og'riq orqali tuya bilishga o'rganing. Aks holda dushmanga bu og'riqni bera olmaysiz. Avval o'zingiz badaningizda tuyib ko'rishingiz kerak. Bu sinov so'nggisi emas. Hali oldinda sizni bundan-da kuchliroq og'riqlar kutyapti. Biz sizni og'riq ustidan g'alaba qila olishga o'rgatamiz. So'zimga ishoning. Endi bugun siz bilan nimalar sodir bo'lganini tasvirlab berasiz. Voqealarning yanada jonlanishi uchun o'z variantlaringizni taklif eting. Esingizda bo'lsin, bizni detallar qiziqtiradi.

— Tushundim. — javob qildim men.

Meni qo'yib yuborishdi. Yo'lak bo'ylab og'ir qadamlar tashlagancha ketib borarkanman, o'zimcha o'ylardim:

— Ha, ignasi balo ekan. Jonimni olib qo'yayozdi. Lekin… Baribir afsus qilmayman. Bizning tashkilot qanday kadrlar tanlashni biladi…

* * *

Keyingi kunlar men odamzodni qiynash tarixi bilan tanishdim. Qiynashning turli ayyorona usullari inson aqlining naqadar cheksiz ekanini isbotlab turardi. Qiynashning ba'zi ko'rinishlari esa, meni hayron qoldirdi. Masalan, «ispancha etik» deb nomlangani, qovurg'alarni qayirib azoblash, oyoq suyaklari orasiga zarbalar berish, sanchqili bo'yinbog'lar yordamida qiynash va shunga o'xshash o'nlab mexanizmlarni sinchiklab o'rgandim.

— Bu taxlit azoblash usullari, — deya uqtirdi menga muallim. — Dushmanga faqat jismoniy qiynoq baxsh etish uchun emas, balki, ma'naviy zarba sifatida ham qo'llaniladi.

Men o'z ko'zim bilan ko'rib dahshatga tushgan qorong'i yerto'lalar, u yerda kutilmaganda uchraydigan odamning bosh chanoqlari qadimiy qal'alardagi zindonlarni eslatardi. Bunday joylarda kim sinmaydi?

— Odam o'zini o'zi yeydigan jonzot. — davom etdi muallim. — Uning dunyoqarashi qancha keng bo'lsa, o'z o'ziga qarshi shunchalar qattiqroq kurasha oladi. Siz yerto'laga tushing-da, devorlarni hech bo'lmaganda tovuq qoniga bo'yab tashlang. Bundan tashqari, uni qo'rquvga soluvchi turli o'zingiz istagan yo'llarni qidirib, ularni ham yerto'lada jo eting. Ko'ribsizki, odam birdan hushyor tortadi…

Sizga shuni aytib qo'yayki, qiynoq kameralarida yegan kaltaklaringiz, zarbalar tufayli qalbingizda paydo bo'lgan nafrat tushunchasi sizni shubhasiz kurashga chorlaydi. Qarshilik ko'rsatishga undaydi. Ana shundagina siz haqiqiy jangchiga aylanishingiz mumkin. Faqat o'sha og'riqlarni yenga olishga o'zingizni ko'niktirishingiz lozim. Xo'sh, sizga oddiy savol. Gipnoz bilan tanishmisiz?

— Yo'q.

— Unda omadingiz bor ekan…

Muallim o'n daqiqalar o'tib mutaxasis gipnozchini qoshiga chorladi. Uning qo'lida qandaydir metall sharcha mavjud edi. Nimalar qilishdi, bilmayman. Aqlim yetmay qoldi. Uyquga ketdim.

Uyqu orasida rohatlanardim. Boyagi dahshatlarga qaytishni sira istamasdim. Bu holat adashmasam yigirma daqiqacha davom etdi. Qulog'imga kimlarningdir qattiq qichqirig'i eshitildi.

— Uyg'oning! Uyg'oning! Eshityapsizmi?

Eh, shu ovozlarni eshitmasaydim…

— Uyg'oning!.. — takrorlandi ovoz.

Shundan keyingina ko'zlarimni ochdim.

Ko'z o'ngimda o'zimning barmoqlarim osilib turar, har bir tirnog'im orasiga ignalar sanchilgandi. Ajablanarlisi, umuman hech qaerim og'rimasdi. Bo'lmasa, sanchilgan ignalarni, tirnoqlarimni, oqayotgan qonni ko'rib turibman. Bu nimasi?

— Nimani his qil

yapsiz? — so'rashdi mendan.

— Hech narsani.

— Ko'rdingizmi, bir necha kun avval ignalar sanchilganda hushingizdan ketib qolayozgandingiz. Demak, ruhan tayyorsiz. Og'riq ustidan hukmronlik qila olasiz. Qarang, barmoqlaringizga qarang! Mana isboti! Siz g'alabaga haqlisiz! Siz og'riqlardan kuchliroqsiz!

Shundan so'ng men tirnoqlarim orasiga igna sanchayotganlari tasmaga tushirilgan tasvirni tomosha qildim. Ular qiynab igna sanchishardi. Men bo'lsam, nuqul kulardim, gaplashardim, barmoqlarimni

o'zim ularga tutib berardim, turli maslahatlar berardim.

Nima o'zgardi? Mendagi qo'rquvni yo'q qilishdimi? Og'riq chekindimi? Demak, mumkin ekan-da!..

— Tursam bo'ladimi?

— Shoshilmang! Hali shunday qiynoq usullarimiz borki, gipnoz ham sizga yordam bera olmaydi.

— Masalan?

— Bu haqda keyin bilib olasiz. Har qanday qarshilikdayam chegara bo'ladi. Siz men aytmoqchi bo'lgan og'riqlarga ikki soat, uch soat chidab berishingiz mumkin. Bu dushman qiynoqni yana bir-ikki kun davom ettirmoqchimas degani bo'lmaydi. Bu narsa siz himoyasiz degani ham emas. Xo'sh, nima qilish kerak? Dushmanga yalinish kerakmi?

— Bilmadim. Balki, yon berishim lozimdir?

— Hecham-da! Aksincha, og'riqni tobora kuchaytirishlariga yo'l ochib berish. Siz shunday holda hushingizni yo'qotasiz va bu sizni asrab qoladi. Shunga o'rganing. Har qanday kuchdan ojizlik yordamida ham baland kelsa bo'ladi. O'zingizni qo'lga oling! Og'riqni badaningizda tuyib ko'ring! Kuchliroq, yanada kuchliroq!.. Og'riq kuchaydimi?.. Ko'z oldingiz qorong'ilashdimi?. Tamom! Siz hushdan ketdingiz. Dushman sizni ortiq qiynamaydi. Tushundingizmi?

Men tushunib yetgandim. O'z hissiyotlarim va og'riqlarni boshqarishga o'rgangandek edim. Hatto, kursiga qo'yilgan oddiy kanselyariya tugmachasi tufayli ham hushdan ketishga o'zimni ko'niktirdim.

Qolgan mashqlar juda zerikarlidek tuyula boshlagandi. Begona izlarni kuzatish, jinoyat qonunchiligi, tergov taktikasi, topografiya, tezkor qidiruv ishlari olib borish, yuzlar basharalarga qarab turib jinoyatchini aniq taniy bilish, sahroda, tundrada, o'rmonda yolg'iz, oziq-ovqatsiz yashab qola bilish usullari… Bular kammi? Bundan tashqari turli kodlar, shifrlar, parollar, qurol turlari…

Men odatimga ko'ra, yana ota-onam, yaqinlarimni ko'z oldimga keltirdi.

Tasavvurimda ular hamon ranjigan, g'azabnok qiyofada men tomonga sovuq boqishar, bir og'iz shirin so'zni-da mendan darig' tutishardi.

Tasavvurim qalbimni muzlatib, ko'zlarimni yumib oldim va achchiq yig'i aralash shivirladim:

— Kechiringlar meni, qondoshlar!

(davomi bor)