Kallakesar 2 (kamolov)
Chamasi qirq daqiqa ichida Mehmonali chuqurni ko'mib, tuproqni tekislab, gilamni qaytadan joyiga to'shadi-yu, harsillagancha qariya va barzangi o'tirgan stol qarshisiga yaqin bordi.
— Barakalla-a, — deya yoqimsiz tirjayish qildi Soli ota. — Bo'larkan-ku! Qani, endi kursiga cho'k!
Mehmonali ko'rsatilgan kursiga cho'kib bir qariyaga, bir barzangiga javdiradi.
Tizza-yu, qo'llarigacha titrashdan to'xtamagandi. Titroq ustun kelayotganini sezdirmaslik, o'zini qo'rqoq ko'rsatmaslik uchun qattiqroq lab tishladi.
— Bilding-a nima ko'mganingni? — o'rtadagi jimlikni buzib so'radi qariya. — Yo tonasanmi?
— Tonmayman, — dedi bosh egib Mehmonali. — Murda ko'mdim chuqurga… Endi… Kelishganimizdek haqimni bersangiz, ketsam!
— Nima?.. Ketsam? Qaerga? Katta xolangnikigami? Qara, Mo'ydinboy buning gapini! Ketarmish!..
Mo'ydin Mehmonaliga nafrat nazari bilan boqib oldi-da, qariyaning gapini ma'qulladi.
— Ahmoq, ovsar-da, boy ota, — dedi u yoqimsiz hiringlab. — Og'ayni, ish endi boshlanadi! Bu dengizdan tomchi xolos.
— Menga qara, bola, — gapni ilib ketdi Soli ota shosha-pisha stol chetidagi qog'oz va ruchkani qo'liga olib. — Tonmasliging ma'qul. Erkak degan qilgan ishidan, gapirgan gapidan tonmasligi kerak. Endi manavi savil qolgur qog'ozga tilxat yozib berasan.
Shunday deb qariya qog'oz va ruchkani Mehmonalining qo'liga tutqazdi.
— Nima deb yozishim kerak? — so'radi Mehmonali. — Aytavering!
— Men — unga shoshilmay yozajak matnini o'qiy boshladi qariya. — Falonchi falonchiyev falon kuni falonchi falonchiyevning falonchi degan yolg'iz qizini o'n oydan beri zo'rlab kelganimni, ayol homilador bo'lib ko'zi yorigach, aybimni yashirish uchun ikki haftalik chaqaloq farzandimizni o'ldirib, hovli yerto'lasiga ko'mib yuborganimni tan olaman…
— A-axir… Bu… Axir…
— Yoz deyildimi, yozgin-da, xonasalot! — baqirib berdi qariya norozilik bildirish uchun og'iz juftlagan Mehmonaliga. — Bo'l tez! Yo Mo'ydin akangning tayog'ini yeging kelyaptimi? Agar qaysarlik qilsang, o'sha o'zing kovlagan chuqurga tiriklay ko'mvoraman! Mana shu qo'llarim bilan ko'mvoraman seni! Yo melisaga topshiraman, qamalib ketasan! Qamoqda chiritaman!.. Yoz dedim!!!
Ha, Mehmonali qo'lidagi bir parcha qog'ozga bitilgan tilxatni yozib, o'zi uchun rosmana qabr hozirlab qo'yganini idrok eta boshlagandi. Lekin qarshilik ham qila olmasdi. Jon shirin. Qolaversa, shuni ham yozib qo'liga topshirsa, Soli ota qo'yib yuborishidan umid qilardi…
Yozdi, imzosini ham qo'ydi. Undan keyin Mo'ydin guvohlik qilganini tirkab imzo chekdi. Va nihoyat oq qog'oz Soli otaning qo'liga tegdi.
* * *
— Borakallo-o, borakallo, — deya qog'ozni qo'yinga urdi Soli ota. — Ana endi bitta ishimiz qonuniy bo'ldi. Sen endi qochib hech qaerga bora olmaysan. Men nima desam, shuni bajarasan. Xudo ko'rsatmasin, qochishga urinsang bormi, xuddi shu qog'ozni melisaga topshiraman-u, seni qamatvoraman. Yo ishonmaysanmi?
Mehmonali indamay yer chizdi. Bilib turardi. Qariya uning jon yeridan tutdi. Tutganda ham juda qattiq, ustamonlik, zo'rlik bilan tutdi. Haqiqatan, qochib hech qaerga bora olmaydi. Amerikaga qarab qochgan taqdirda ham birpasda tutib olishadi. Qolaversa, qishloqdagi qo'shnilari Salim traktorchidan eshitgani bor. U birovni bo'g'ib o'ldirib o'n yil o'tirib kelgan. Aytgandiki, nomusga tegish, zo'rlash bilan qamalganlarni turmada hezalakka aylantirib yuborisharkan. Qariya bularni ham bilsa kerak hoynahoy…
«Ablah, ko'zing chiqqur cho'qqisoqol! — qalban faryod chekardi Mehmonali. — Xudodan qo'rqmaskan-ku bu chol! Meni bo'htonga belab, naq giribonimdan oldi. Ana endi zanjirlasayam, non bermay tomorqada itday ishlatsayam Mehmonali miq eta olmaydi. Boya qariya qul qilib olganini tan olmagan bo'lsa, endi to'liq amin bo'ldi. Soli ota bo'ynimga o'ta jiddiy aybni qo'yib tashladi. Tilxatdan tonvorgan taqdirdayam chuqurga ko'milgan go'dakning tanasida barmoq izlarim qolgani tayin. Shuning o'zi sabab bo'la oladi. Juda jirkanch, xavfli, qahraton sovug'idan-da sovuqroq aybni bo'ynimga qo'ydi bu xunasa…»
— Ota, mana, hamma talabingizni bajardim, — dedi baribir ozodlikdan umid qilib Mehmonali. — Qo'yvora qoling meni endi! Iltimos, hali hujjatimni topishim kerak!..
Unga javoban Soli ota masxaraomuz tirjayish qildi. So'ngra yer ostidan Mehmonaliga razm solgancha bir necha o'n soniya sukutga toldi va daf'atan boshini ko'tardi.
— Yo'q, ketishdan umidni uz, bolam, — deya shivirladi u. — Buyog'iga o'ligimiz ham, tirigimiz ham bir. Men nima desam, shuni qilasan… Yo'q, seni qullikka mahkum qilmayman. Ozodlikda yurasan. Biroq men aytgan so'qmoqdan, men ko'rsatgan ko'chadan yurasan. Nima qilishing kerakligini yo'l-yo'lakay o'zim aytaman. Hozir esa…
Qariya ilkis Mo'ydin tomonga yuz burdi.
— Mo'ydin, sen mashinangda tez borgin-da, ichkilik, gazak, yeguliklar deganday sotvol. Keyin Mo''tabarnikiga boraver. Biz o'sha yerda bo'lamiz bu yigit bilan.
— Xo'p bo'ladi, ota, — Mo'ydin dast o'rnidan qo'zg'alib ikki qo'lini ko'ksiga qo'ydi. — Yest qilamiz hammasini!
— Ha, shunday qil! Harqalay, bu yigit murda ko'mdi. Asabiylashayotgandir, qo'rqayotgandir. «Istires»lari chiqsin, mayli!..
* * *
Mo'ydin ketdi. Soli ota ehtiyotini qildimi, Mehmonali yozib bergan tilxatni ham uning qo'liga tutqazib yubordi.
«Bu barzangi o'g'li desam, o'g'liga o'xshamaydi, — o'ylardi Mehmonali qariyaning mashinasida ketib borarkan. — Ammo unga qattiq ishonarkan. Barzangiyam aytganini qilyapti. So'rasammikan? Ie, hozir qaerga oboradi-yu, yana boshimga ne kunlarni soladi bu qari tulki. Bilishga haqqim bor-ku axir!.. Yo shartta eshikni ochib o'zimni pastga tashlasammikan? Tilxatiniyam, o'ziniyam boshini yerdi bu sassiq chol. Qamata olmasdi ham. Ammo… Men o'lib ketsam, kim kuyadi? Kim o'ligimni odambashara qilib ko'madi? Hech kim. Nari borsa, katta bir chuqur kovlashadi-da, tuzalmas kasalga yo'liqqanlar qatorida ko'mib tashlashadi. Kimdir tepamga kelib tilovat ham qilmaydi. Yaxshi-yomonlarning oyoqlari ostida qolib ketaman… Yo'q, men ortga chekinmasligim kerak. Bu cholning miyasida yana qanday balolar aylanayotganini ko'rishim kerak. Bir kunmas-bir kun menga ko'rsatgan kuni, gunohlari uchun jazo topishiga guvohlik qilishim kerak…»
— Ota, bir gap so'rasam bo'lar? — dedi Mehmonali tavakkal boshini ko'tarib. — Yo bungayam ruxsat yo'qmi?..
— So'ra, darding ichingda qolib ketmasin tag'in, — dedi zaharxandalik bilan qariya. — Yana nima qilib beray sen nodonga?
— Boyagi barzangi o'g'lingizmi?
— Mo'ydinni aytyapsanmi? O'g'limdanam yaqinroq. Katta ammamning kenjasi. Lokigin uning jahlini chiqarib yurmagin yana. Juda tezob yigit. So'yvorishdanam toymaydi u qurmag'ur…
— Hozir qaerga ketyapmiz? Tilxat dedingiz, yozib berdim, ko'm dedingiz, ko'mdim. Tag'in nima qilishim kerak? Qo'yvorsangiz, ishga chiqib ketardim. Axir…
— Bas, — gapni kesdi Soli ota. — Haddingdan oshaverma, bola! Ja indamasa… Mendaqangi hotamtoyni topib bo'psan! Katta xolangnikiga borasanmi?
— Unda ayting-da nima ishligini! Menam odamman-ku, axir, ota!..
Soli ota Mehmonalining so'nggi gapidan keyin sal shashtidan tushdimi, mashinani to'xtatdi-da, yonida o'tirgan Mehmonalining yelkasiga qoqdi.
— Iqboling borakan, bolam, — dedi sovuq kulimsirab. — Hademay manzilga yetaylik, o'zing ko'rasan. Qo'rqma, afsuslanmaysan! Menga rahmat deysan hali, ha!..
Mehmonali javob bermadi.
Asabiy lab tishlagancha tashqariga bosh burdi.
* * *
Ular to manzilga yetguncha miq etishmadi. Mehmonali xayolan oldinda o'zini kutishi mumkin bo'lgan ko'ngilsizliklarni tasavvur etar, qalbini afsus va nadomat o'ti kuydirardi. Qishloqdan chiqib begona shaharga kelganlariga pushaymonlar yerdi.
«Tog'am ko'chalar, hech bo'lmasa, dalalardagi tashlandiq shiyponlarga ega chiqmasdi-ku, — derdi xayolan. — Nega o'sha yerda qolmadim? Dalalarda ishlasam, yoki birovlarnikiga mardikor bo'lib yollansam ham teshib chiqmasdi-ku! Qishloqlarda qanchalab odam sholi ekadi. Biri bo'lmasa boshqasi albatta ishlatardi, haqimni berardi. Asosiysi manavinga o'xshagan iymonini yutganlar qosh-qabog'iga qarab sarg'aymasdim. Odam bolasining peshonasi shunchalar sho'r bo'ladimi?.. Xo'sh, endi nimaga erishaman? Bu chol kabilarga odam o'ldirish cho'tmasakan-ku! Aks holda yerto'ladagi chaqaloqni chuqurga ko'mdirib xotirjam yura olmasdi. Qassobdan battar johil ekan bular…»
Shunday xayollar ko'ksini kemirgancha o'tirganda, mashina tor ko'chalardan biriga burilib to'xtadi.
O'ngdagi naqshinkor darvoza ochiq edi. Qariya rulni ichkariga burdi. Kirganlari hamono past bo'yli, kalta yubkali, siynalari yarim ochiq, qizil koftali 30 yoshlar atrofidagi ayol paydo bo'ldi.
«Qizi shekilli, — o'yladi Mehmonali qizdan ko'z uzmay. — Shaharlik-da, otasining yonida ham manavinaqangi ochiq-sochiq yuraveradi bular. Lekin ja ketvorgan ekan. Chol puli ko'pligidan qizini yaxshi parvarish qiladi shekilli…»
— Sen yur men bilan, — dedi Soli ota Mehmonaliga sovuq tikilib. — Og'zingni yum, pashsha kirib ketadi! Yur dedim!..
Mehmonali yana bir karra zimdan ayolga qarab oldi-da, qariyaga ergashdi.
* * *
Soli ota uzun yo'lakdan o'tib kattakon zalga kirdi. Xona juda hashamatli, aylanasiga qimmatbaho jihozlar qo'yilgandi. Mehmonali umri bino bo'lib bu kabi koshonalarga kirib ko'rmagani uchunmi, polga to'shalgan qalin, cho'g' kabi qip-qizil gilamga ham qo'rqa-pisa oyoq qo'yardi.
— Qani, o'tir, yigit, — to'rga ishora qildi Soli ota. — Nega anqayasan? O'tirsang-chi!
Mehmonali itoat bilan ko'rsatilgan joyga cho'kdi. Qariya ham tiz cho'kib fotihaga qo'l ochdi.
— Ishqilib, dushmanlarning ko'zi ko'r, tili soqov, qulog'i kar bo'lsin! Omin, Ollohu Akbar!..
Mehmonali hanuz o'zini oldinda nimalar kutayotgani bilan qiziqardi. Yaratgandan ruhan jazolasa tezroq jazolay qolishini so'rardi. Soli otaning har bir qaltis harakatini ko'rganda, yuragidagi shubha-gumonlar, qo'rquvlar ming chandon ortib, bezovtalanishga majbur etardi. Bir ko'zi esa tashqarida edi. Xuddi qariya Mo'ydinga tayinlagan-u, hozir ko'chadan uch-to'rtta o'zi kabi barzangilarni boshlab keladigandek, Mehmonalini bo'g'izlab tashlaydigandek bo'lardi.
— Endi gapni eshit, — o'rtadagi sukutni buzib gap boshladi Soli ota. — Boyagi Mo'ydin akang mening jiyanim bo'ladi. Aytdim-ku boya, isportchi. Ja mushtumzo'r. Besh-o'n yil burun birovni so'yib qo'yib qamoqlardayam yotib chiqdi zang'ar. Kelajakda senga shu dars bo'lsin deyman-da! U gap qaytarganlarni juda yomon ko'radi.
— Nega bularni menga uqtiryapsiz? — so'radi Mehmonali toqati toq bo'lib. — Ja yomonlik qiladigan bo'lsangiz, mana, qarshingizda o'tiribman. Nima qilasiz cho'zib?
— Ja mahmadonalar xilidan ekansan o'zingam, — norozi qo'l siltab Mehmonaliga alamli boqdi qariya. — Sen kim bo'psanki, yomonlik qilsam? Nimangga yomonlik qilaman? Agar ko'nglimda yomonlik bo'lsa, o'sha o'zing kovlagan chuqurga seniyam ko'mdirvora qolardim. Ko'mmadim-ku!.. Aytgancha, yerto'la voqeasini birovga gullab yurmagin! Bilasan, ogohlantirdim, tilxatniyam yozib bergansan. Kechirib o'tirmayman!..
— Ahmoq emasman gullab, — dedi boshini ters burib Mehmonali. — Undan ko'ra, buyog'iga nima ish qilishimni ayting. Vaqt ketyapti, axir!
Soli ota bir muddat yer chizgancha o'yga toldi. Shu orada boyagi hovlida ro'baro' kelgan qiz ichkilik, gazaklar, shokoladlar terilgan patnisni ko'targancha kirib keldi.
— Xush kepsiz, — dedi muloyimlik bilan Mehmonaliga yer ostidan boqarkan qiz. — Ota, charchamadingizmi?
Soli ota qiziga mehr bilan qarab qo'ydi-da, boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi.
Qiz o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ygan ko'yi xonani tark etdi.
* * *
— Bu mening yakka-yu, yolg'iz qizim, — dedi Soli ota Mehmonaliga zimdan sinchkov tikilib. — Gapning indallosini aytsam, qizimning ismi Mo''tabar. Eridan ajratvoldim. Haromi o'z bolasini tan olmaganmish. O'sha… Sen yerto'laga ko'mgan bola nevaramiydi. Xudo kechirsin!.. Xullas, Mo''tabar baxtli bo'lishini xohlayman. Uni sen baxtli qilasan. Basharti bosh tortsang, yo senam o'sha Samad haromining yo'lini tutsang, bilib qo'y, joning meni qo'limda. Buni senga boya uqtirdim ham. Qisqasi, bugun nikoh o'qiladi. Mana shu uy senlarniki. Yayrab-yashnab yashaysanlar. Xo'sh, nega og'zingni ochaverasan, Mehmonboy? Gapirsang-chi munday erkakka o'xshab!..
Mo''tabarni ko'rgandanoq Mehmonalining bo'lari bo'layozgandi. Qizning juda jozibali husni deydimi, qomatimi, yo katta-katta ko'zlarimi, ishqilib nimasidir Mehmonalini hayrat va orzu dengiziga uloqtirib tashlagandi. Bu dengizdan sira chiqqisi kelmasdi. Mo''tabar unga yer ostidan tikilib, otasiga bildirmaygina jilmayib qo'ygani bola faqirning jonini uzib olay degandi…
U darrov Barnoni ko'z oldiga keltirdi. Uning so'nggi gaplari, ota-onasining mensimasdan rad javobini berishi, shu harakati bilan kamsitishi miyasida g'ujg'on o'ynab mushtdek yuragini o'rtay boshlagandi.
«Mana, shunday go'zal qiz ham menga o'tli boqishdan tiyila olmadi, — derdi xayolan o'ziga o'zi. — Barno-chi?.. Bilmagan ekan, unga Mehmonali emas, uy kerak ekan. Demak, muhabbati soxta ekan-da!.. Essiz, o'shanda ko'ngil qo'ymasa bo'larkan. Ko'ngil qo'ydi, ortidan halakaning itidek chopdi, izilladi. Barno bo'lsa, parvoyiga ham keltirmadi. Mehmonalini uysizdan olib uysizga soldi…»
* * *
Ha, Mehmonali qariyaning so'nggi so'zini eshitgach, hali o'zi ham tanib-tanimagan yovvoyi ishq o'ti ko'ksini battarroq kuydira boshlagandi…
Ammo bir ko'ngli qariyaga ishonma deya g'alayon qilardi. Boshqa bir ko'ngli esa Mehmonalining vujudini qitiqlab, dunyoga yanada kuchliroq mehr bilan boqishga undardi.
«Qariya rostdanam meni kuyov qilmoqchimi? — o'ylardi Mehmonali hayratdan yoqa tishlagudek bir ahvolda. — Axir… Qizi judayam chiroyli, kelishgan ekan-ku! Bunday qizlarning xaridori ko'p bo'ladi deyishardi-ku! Nahotki, shunday sohibjamol baxtsiz bo'lsa?.. Ha-a, chol boya yerto'lada nima devdi? Kuyovining ismini Samad debmidi? Ha, shunday devdi. O'sha Samadiyam g'irt ovsar shekilli-da! Kelib-kelib sohibjamolniyam tashlab ketadimi!?. Eh, Mehmonali, nimalar bo'lyapti o'zi? Boya go'rkovlik qilib, titrab-qaqshab bo'lsa-da, murdani ko'mding. O'sha paytda sendan boshqasi bo'lsa yuragi yorilib o'lardi. Shubha-gumonlarning ming ko'chasiga kirib chiqding. Yorug' dunyoning mo''jizasi-yu, yaxshiliklaridan butkul umidingni uzding. Endi bo'lsa, baxting, omading shundoq peshonangdan chiqib turibdi… Qiziq, Soli ota gapning dangalini ayta qolsa bo'lmasmidi o'sha yoqdaligida?!. Paysalga solib, qo'rqitib, tilxat yozdirishning nima keragi boridi? To'g'ri shu uyga opkelib Mo''tabarni ko'rsatsa, olam musaffo, Mehmonali ko'nardi, qaysarlik qilmasdi. To'g'ri-da, o'zi chekka bir qishloqdan poytaxtga baxtini, omadini qidirib kelgan bo'lsa. Mana, xudo yor bo'lib o'sha baxt, omad oyog'ining ostidan chiqdi. Yana nima kerak unga? Qishloqda yursa, nimaga erishardi? Yo'-o'q, kallani ishlatishi kerak. Agar shunday sohibjamol qiz baxtsiz bo'lsa, Mehmonali albatta baxtli qiladi. Xudoga shukr, men sportidayam uncha-munchasiga so'zimni berib qo'ymayman. Mo''tabarni himoya qilishga, sevishga, qadrlashga qurbim yetadi…
Obba tulki-ey! Obbo ichidan pishgan qariya-ey!.. Mardikor bozorni aylanib faqat meni tanlabdi. Demak, unga menam yoqib tushganman. Ketib qolishimdan qo'rqib, barzangilarini ishga solgan u. Sezgan-da! Yerning tagida ilon qimirlasa biladi bunaqangi boylar. Xayriyat, birovdan kam bo'lmaydigan chiqa boshladim. Chol sira qo'rqmasa ham bo'ladi. Agar ilgari ketish niyatida turgan bo'lsam, Mo''tabarni ko'rganimdanoq bu niyatimdan qaytdim. Ha, men Mo''tabarga jon-jon deb uylanaman…
To'xta, bu qariyaning navbatdagi hiylasi emasmikan ishqilib? Axir, qaysi ota shunday qizini umrida ko'rmagan, tag-tugini surishtirmagan yigitning qo'yniga solib qo'yadi? Muddaosi nimaykin o'zi? Nahotki, sinab ko'rmoqchi bo'lsa? Nega? Yo'q, bunday emasdirov! Aks holda shu yergacha sudraklab, oldiga mana bunday shohona dasturxon tuzab o'tirmasdi…
Ha-a, taxminlari to'g'ri chiqyapti. Mo''tabarning yoshi o'ttizdan naridaligi ko'rinib turibdi. Buning ustiga erdan chiqqan. Katta shaharlarda erdan chiqqan qizlarning baxti ochilishi mushkulroq kechadi. Shuning uchun Soli ota meni tanlagan. Bo'y-bastim, ko'rinishimdan qizini himoya qila olishimga ko'zi yetgan. Buning ustiga Mo''tabardan yoshroqman. Bo'y yigitman. Qaysi o'ttizga kirib qolgan ayol bo'y yigitga tegishni xohlamaydi. Jon deydi! Qishloqda ko'rgan. Omina opa degan hisobchi ayol ham shunday qilgandi. Eri bilan ajrashib ketgandan keyin hech qancha o'tmay, endi armiyadan kelgan Sulton akaga tegvolgandi. Hamma gapirgandi. Ammo faqat yoshi kattalar gapirgan, gap-so'z qilgan. Qizlar, juvonlar bo'lsa, Omina opaga rosa havas qilishgan…»
Qariya ham ana shuni mo'ljallabdi chog'i. Qizi bo'y yigitga tegsa, maqtanib yuradi-da!.. Mehmonali bunaqa sohibjamolni qaydan topsin?!. Ana, Barno cholning qizidaqa ketvorgan bo'lmasayam, Mehmonalini nazarga ilmadi-ku! Uyi yo'qligini yuziga soldi ochiqchasiga. Mana shu ayolga uylanib qishloqqa oborsa-chi? Birinchi bo'lib Barnoga, uyidagilarga ko'z-ko'zlasa-chi? Qanday bo'ladi? E, qandday bo'ladi! Kuyib, sochini yulsin Barno! Mehmonalining kimligini ko'rsin! Shunday go'zal xotini borligiga guvoh bo'lsin-u, uyida o'tira olmay qolsin!.. Ha, rosa alamidan chiqardi. Xotini bilan yetaklashib borardi-da, tog'asi Obid suvchining hovlisiga — o'zining, bobosi, momosining izlari qolib ketgan uyga kirardi. Atayin qo'shib-chatib bo'lsayam rosa maqtanardi. Xotinigayam shipshitib qo'yardi. Kuydirib, kul qilishardi. Eh, rosa ko'nglidagidek ish bo'lardi…
* * *
— Uxlab qoldingmi? Gapirmaysanmi? — o'rtadagi sukutni buzib so'radi Soli ota. — Mo''tabar yoqdimi senga? Mening gapimga kirasanmi, yo…
— Men roziman, — dedi Mehmonali. — Uylansam, shunday qizga uylanaman-da, ota! Qolaversa…
— Boshqa gaplarni qo'y, — ikki kaftini bir-biriga ishqalab tizzalab oldi Soli ota. — Javobing haqiqatan aqlli odamning javobi bo'ldi, barakalla! Endi tag'in bir gapim esingda bo'lsin! Men biznes odamiman. Bir umr savdogarchilik qilib o'tdim. Nima qilayki, qarib qoldim. Sog'liq qurmag'ur pand berib qo'yyapti. Xudo o'g'ildan qisdi-da, na iloj!?. Bittagina shu Mo''tabarni berdi xolos. Shunisigayam shukr! Agar yaxshi kuyov bo'lib yursang, qizimning aytganidan chiqmasang, topganim senlarniki. Go'rimga orqalab ketmayman-ku boyliklarni!.. Mo''tabar, hoy Mo''tabar! Qayda qolding?
Zum o'tmay Mo''tabar yuz ko'rsatdi. Adrasdan ko'ylak-lozim kiyibdiki, bir husniga o'n husn qo'shilganday ochilib ketibdi.
Mehmonali unga yer ostidan bildirmaygina razm solarkan, sal qursa og'zidan so'lagi oqib ketay derdi. Yuragi bezovta urib o'zi sezmagan holda mushtlarini tugardi.
* * *
— Ha, otajon, — deya o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ygancha Soli otaning qarshisida hozir bo'ldi Mo''tabar. — Biror narsa kerakmidi?
— O'tir, — dedi qariya atayin Mehmonalining yonidan joy ko'rsatib. — Muhim gap bor!..
Mo''tabar asta kelib Mehmonalining yonidan joy oldi. Garchi oralarida ellik santimetrcha bo'shlik bo'lsa-da, Mehmonalining ko'ksi qaynab ketayotgandek bezovtalana boshladi. Biroq sezdirmadi. Hayajonini sir tutish ilinjida bosh egib oldi.
— Senga aytgan yigit mana shu edi, — dedi Soli ota. — Bilasan, men ochiq gapirishni xush ko'raman. Xo'sh, senga ma'qulmi Mehmonali?..
Mo''tabar ilkis bosh ko'tarib Mehmonaliga bir qarab qo'ydi-yu, qayta bosh egdi.
— Barakalla, — dedi Soli ota kulimsirab. — Hozir Samin mulla keladi. Nikoh o'qitamiz ikkalangizga. Bir-birlaringni hurmatlab, ehtiyotlab yashaysanlar shu uyda. Kaming bo'lmaydi. Hamma narsang to'kis bo'ladi. Nima deysan?
Mo''tabar otasiga yalt etib qaradi-da, yelka qisdi.
— Bo'pti, unda sizlar o'tira turinglar, — Soli ota o'rnidan qo'zg'aldi. — Men qo'shnilarni chaqiray. Guvohlikka o'tishsin. Sizlar gaplasha turinglar, tanishinglar!
* * *
Oradan bir hafta o'tdi. Mehmonali umri bino bo'lgandan beri birinchi marta o'zini shu qadar baxtli his etdi. Soli ota u o'ylaganchalik johil emaskan. Ikki yoshga umuman xalal bermadi. Mehmonalini ilgarigidek tergab, qo'rqitib xit qilmadi. Har zamonda kirib oziq-ovqat, mayda-chuyda narsalar olib kelib oshxonaga qo'ydi-yu, ikkovlaridan hol so'ragach, chiqib ketaverdi. Mehmonalining yuragiga o'rnashib qolgan vahima, qo'rquv, nafrat hissi vaqt o'tgani sayin so'na borardi. Ayniqsa, Mo''tabarni har erkalaganda, yorug' dunyo ko'zlariga yanada go'zalroq ko'rina boshlardi…
Shunday kunlarning birida Mehmonali oshxonada kimningdir qattiq-qattiq gapirayotganidan uyg'onib ketdi. Uyg'ondi-yu, shosha-pisha yoniga boqdi. Mo''tabarning o'rni bo'm-bo'sh. Dast o'rnidan turib qulog'ini ding qildi. Oshxonada gapirayotgan xotini ekan.
— Muslim aka-a, namuncha qaysarsiz? — deya kulgi aralash so'zlanardi Mo''tabar. — Yana bir hafta muhlat beri-ing, jon Muslim aka! Axir… Chillaliman. Erimning yonida… Haligiday… Tushunasiz-ku o'zingiz! Uf-f… E, mijoz yo'qotmayman, ishoning! Yana bir hafta dam olishga ruxsat bersangiz, ikki hissa ishlab berardim chiqib. Maylimi-i?..
Mehmonalining toqati toq bo'ldi. Bir hatlab oshxonada hozir bo'ldi.
Mo''tabar esa unga ko'zi tushdi deguncha jonholatda telefonni orqasiga berkitib, Mehmonaliga alang-jalang boqdi.
Azaldan qizg'onchiq edi. O'ziga tegishli buyumga kimdir ko'z olaytira boshlasa, jahd otiga minar, buyum birovning qo'liga tushishini hazm qila olmasdi. Bugun tushundiki, xotinini bundan beshbattar qizg'onarkan. Begona erkakning ismini xotini tilga ko'chirgani uni ado qilayozdi. Goh o'ng, goh chap qovog'i uchib-uchib ketdi.
— Kim u Muslim aka? — so'radi u tahdid aralash. — Nega begona erkak bilan so'roqsiz gaplashyapsan? Kim u?
Mo''tabar bir muddat indamay Mehmonaliga tikilib turdi-da, sal o'zini qo'lga olgan kabi qaddini rostladi. Keyin esa qo'lidagi telefonni stol ustiga qo'ydi.
— Meni kim deb o'ylayapsiz? — dedi u lablari xiyol titrab. — Men sizga hisob berishim kerakmi? Qachondan beri?
Mehmonaliga bu javob alam qildi. O'zini xo'rlangandek, tahqirlangandek his etib, xotiniga yaqinlashdi va iyagiga chang soldi.
— Qachondan beriligi eslaridan chiqdimi? — dedi alam aralash shivirlab. — Nikoh o'qilgandan beri! Majbursan hisob berishga. Xo'sh, kim Muslim aka?
— Kim bo'lardi? Ishxonamdagi boshlig'im. Ishga chiq deyapti! Bo'ldimi? Ko'nglingiz tinchidimi endi?
— Ishga?.. Qara-ya, sen bilan bir haftadan beri birga yashab qaerda ishlashingni so'ramabman ham. Qaerda ishlaysan o'zi?
— Sizga nima farqi bor? — ovozini yana bir parda ko'tarib so'z qotdi Mo''tabar. — Ishdaqa ish!
— Nomi bordir axir?!. Qaysi tashkilot? Zavodmi? Yo kasalxonami?
— Menga qarang, — ikki qo'lini beliga tirab bir qadam ortga tislandi Mo''tabar. — Mana buning sizga sirayam qizig'i yo'q. Hisob berish majburiyatini olmaganman.
— Shunaqami? Ja qaysar ekansan! Chiroyli, aqlli desam, o'taketgan qaysar va shartaki ekansan.
— Ajab bo'pti! Boring, nonushtangizni tayyorlab qo'yganman! Yeb oling-da, mening ishimga aralashmang!..
Bu gap ortiqcha edi.
Mehmonali o'zini xo'rlangan, ojiz his eta boshladi. Boyagina qalbini egallab olgan qaynoq muhabbat o'ti so'nib o'rnini muzlik egallab olgandek alam qildi. Biroq Mo''tabar haq edi. Surishtirishga, tergashga haqli emas. Uy ham xotininiki. Uyoqda otasi… Xohlasa, qo'lidagi dalillarni melisaga topshiradi-yu, Mehmonalini qamatib yuboradi…
Ahmoq bo'libdimi qamalib?!.
Hozir naq jannnatda yashayapti-ku! Qaerda ishlasa ishlayvermaydimi?!. Yashashini bilishi kerak u.
Mehmonali shularni xayolidan o'tkazarkan, o'zini majburlab bo'lsa-da, Mo''tabarga jilmayish qildi-da, yuz-qo'lini chayish niyatida vannaxonaga kirib ketdi.
* * *
Ammo vaqt o'tgani sayin Mehmonalining tabiatiga xos qaysarlik zo'r kela borardi. U qalban xohlamasa-da, miyasining allaqaerida berkinib turgan o'sha qaysarligi qo'zg'olon qilaverdi.
— Sen qanaqa bo'shang yigitsan o'zi? — derdi iblis qaysarlikni zabtiga olib. — Mushtlashishga ustasan. Ancha-munchasiga ko'cha-ko'yda so'z beradiganlardan emassan. Hozirgi tutayotgan ishingni qara. Xotin kishi erkakning qarshisida bosh egib turishi lozim. Buni bilasan. Ammo bila turib uning o'rniga o'zing bosh egib qolyapsan. Xo'sh, uyida yashayotgan bo'lsang nima qipti? Ana, o'rusiyaga bor, yigitman degani borki xotinining kvartirasida yashaydi. Ular tilini bermaydi. Kerak bo'lsa, qaynonasini oyoqqa turg'azib qo'yishadi. Sen-chi? Qo'yningda buralib-buralib yotgan jononingning ish joyini aniqlashga ojizlik qilyapsan. Qamatarmish. Qamatib bo'pti. Chol pixini yorganlar xilidan. Soddaligingni, qishloqiligingni bilgani uchun nog'orasiga o'ynatyapti. Mayli, o'yna, bu hozir senga judayam zarur. Biroq shu o'yin bachchag'arni o'z foydangga ishlat-da! Yo'q, ortidan poyla. Ertaga ishga deb ketishi bilan ortidan poylab bor, qo'rqma! Ana shunda hammasini aniqlaysan-qo'yasan!..
* * *
Hash-pash deguncha yana tun cho'kdi. Yosh kelin-kuyov uchun tun degani xuddi jannat mevasi kabi juda totli tuyuladi. Kelin ham, kuyov ham kun bo'yi tunning tezroq kelishini intiq kutadi, ko'z tikadi. Mehmonali ham bundan istisno emasdi. Ertalabki arazlar unutilib, ikkovlari kechki ovqatni apil-tapil tanovul qilgan bo'lishdi-yu, o'zlarini divanga tashlashdi. Yana ehtiroslar quliga aylanishdi…
Lekin bugun Mo''tabarning o'zini tutishida, bo'sa, erkalashlarga javob qilishida bilinar-bilinmas qandaydir mayda o'zgarish sezilib qolayotgandi. U erini ilgarigidan-da qattiqroq quchardi, qattiqroq suykalardi. Xuddi oxirgi marta birga bo'layotgan kabi xo'rsinib, quchib, o'pib to'ymasdi.
Qora ko'zlaridan esa tez-tez yosh tomchilardi.
Oldiniga Mehmonali e'tibor qilmadi. Ammo bu holat bir necha marta takrorlangach, Mo''tabarni avaylabgina o'tqazib ko'zlariga boqdi.
— Nega yig'layapsan? — so'radi u shivirlab. — Yig'latgan men emasmi? Yo ertalab ishingni surishtirganimga xafa bo'ldingmi?
Mo''tabar kipriklari pirpiragan ko'yi Mehmonaliga birpas tikilib turdi-da, norozi bosh chayqadi.
— Ertalabki gap-so'zlarni allaqachon esdan chiqarganman, Mehmon aka, — dedi u ma'yuslanib. — O'zi… Shunchaki ko'nglim bo'shab ketdi… E'tibor qilmang! Men shunaqaman. Ba'zida yig'lab turaman…
* * *
Mo''tabar ertasi kuni ishga ketgach, Mehmonali istamaygina hovliga chiqdi. Ishkom, chetdagi so'ri, tomorqa chetidagi o'rik daraxtiga hissiz boqarkan, yana ko'ngliga bezovtalik, shubha o'rlay boshladi. Shu tobda xotinining qaerda ishlashi, Muslim kimligini aniqlagisi kelaverdi. Bir necha marotaba shaylanib ko'rdi. Tez uyga kirib kiyimlarini almashtirish, tavakkal yo'lga chiqish payida bo'ldi. Biroq… Qaerga borishni bilmasligi yo'ldan qaytaraverdi. Shahar katta bo'lsa, qay manzilga borib, qaerdan Mo''tabarni qidirishni bilmasligi pand beraverdi…
Shu payt tashqariga mashina kelib to'xtagani qulog'iga chalindi-yu, sergak tortdi.
Bu Soli otaning mashinasi edi.
Qariya zum o'tmay qo'lida mayda-chuydalar to'latilgan xaltachani ko'targancha hovliga kirdi.
Mehmonali hurmat yuzasidan salom berib, uning qo'lidan xaltachani oldi.
— Mo''tabar ishga ketdimi? — so'radi Soli ota Mehmonaliga zimdan tikilib. — Qachon ketdi?
— Soat to'qqizlarda ketuvdi, — dedi Mehmonali hanuz qo'l qovushtirib. — Yuring, ota, ichkariga kiraylik!
— Ha, kiramiz, — dedi Soli ota asabiy lab tishlab. — Sen xaltachadagilarni olib xontaxta tuza! Qaynoq kabob opkelganman, ota-bola bir qittay-qittay qilaylik!
Mehmonali darhol ortga qaytdi-yu, qariya uqtirganidek xaltachadagilarni xontaxta ustiga qo'ydi. Shu orada Soli ota ham ichkariga kirib to'rdagi baxmal ko'rpachaga cho'kdi.
«Ha, bugun yana meni ichkilik bilan siylamoqchiga o'xshaydi, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali bildirmaygina qariyaga yer ostidan qarab olarkan. — Shu bahonada uning o'zidan so'rayman qizi qaerda ishlashini. Aytar! Men baribir Mo''tabar haqida hamma narsani bilishim kerak. Bilmasam, nima qilib yuribman odam bo'lib!?.»
— Ota, — dedi bir qadahdan ichkilik ichib, bug'i chiqib turgan kabobni gazak o'rnida tishlarkan. — Maylimi bir savol bersam?
Yoshi o'tganligi sababmi, birinchi qadahdan keyinoq Soli otaning ko'zlaridan tortib yuzlarigacha qizarib ketgandi. U bir muddat qovoq uyib Mehmonaliga qarab turdi-da, boshini sarak-sarak qildi.
— Nimani so'ramoqchisan? Gapiraver!
— Mo''tabar masalasida so'ramoqchiydim, — dedi Mehmonali barmog'ini bilinar-bilinmas xontaxtaga asabiy urib. — Qaerda ishlashini bilmoqchiydim.
Bu gapni eshitdi-yu, Soli ota beixtiyor gezardi. Lekin gapirishga shoshilmadi. Aksincha, Mehmonaliga yanada sovuqroq boqdi. Mehmonali ham atayin ortiq so'z demadi. Buning o'rniga qadahlarni ichkilikka to'ldirib, birini qariyaga uzatdi. Soli ota bir ko'tarishda ichkilikni sipqordi-yu, qadahni zarda aralash xontaxtaga qo'ydi.
— Tag'in haddingdan osha boshladingmi sen bola? — dedi u oppoq soqoli bezovta uchib. — Boshida nima degandim? Mo''tabarni tergamaysan, surishtirmaysan, rashk qilmaysan demaganmidim?
— T-to'g'ri… Shunday degansiz. Lekin…
— Lekin-pekiningni qo'y, bola, — dedi qariya. — Indamasdan yashashingni bil! Shunda tinch bo'lasan.
Mehmonali ortiq so'z qaytarishni o'ziga ep ko'rmadi. Bu qariya osonlikcha jon beradiganlardan emasligini ilg'adi.
«Shoshilmaymin, — ko'nglidan o'tkazdi u qadahlarni yana ichkilikka to'latarkan. — Kayfi oshsin, o'zi to'tiday sayray boshlaydi. Ana shunda hammasi ravshan bo'ladi. Men xotinimning qaerda ishlashini bilib olaman. Agar aldagan bo'lsa…»
Mehmonali beixtiyor mushtlarini tugib yer ostidan Soli otaga yeb qo'ygudek boqdi.
Qariyaning parvoyi falak, berilib go'sht chaynardi.
* * *
Oradan taxminan besh daqiqacha vaqt o'tdi. Shisha idishdagi ichkilik yarimlab ulgurgandi. Soli ota navbatdagi qadahni sipqorgach, bir muddat boshini eggan ko'yi tek o'tirib qoldi. Mehmonali esa hamon kutardi. Ko'nglining bir chetda umid uchqunlar, qariya albatta «yorilish»iga ishonardi.
«Ana, — deya xitob qildi daf'atan qalbi. — Soli otang hozir yoriladi. Kayfi taranglashdi. Endi buyog'iga pishiq-puxta bo'l. Yolg'onlarga uchishdan tiyil. Bardam bo'l!..»
Haqiqatan, Soli ota ilkis boshini ko'tardi-da, kayfdan qizarib ketgan ko'zlarini lo'q qilgancha qarshisida indamay o'tirgan Mehmonaliga javdiradi. Kayfi shu qadar oshgandiki, hatto, oppoq soqoliga yopishgan go'sht parchalarini ham payqamas, og'zidan qur-qur so'lagi oqib tomog'igacha dumalab tushardi.
— Bolam, — dedi beixtiyor yig'lamsirab qariya. — M-menga o'g'limday bo'p qolding. M-mana… Mo''tabarimni baxtli qilding. Iltimos, menga yordam ber! Faqat yo'q dema! Yordam be-er!!!
Umrida keksa erkakning yig'laganini ko'rmagan Mehmonali biroz o'zini yo'qotgandek, dovdirab qolgandek edi. Ammo tezda o'zini qo'lga olib, ichki quvvatga suyandi-da, dadillashdi.
— Nega yig'layapsiz, ota? — so'radi qariyaga tik boqib. — Tinchlikmi? Yig'lamang-e, uyat bo'ladi!
— Menga yordam ber, bolam, — takrorladi yig'i aralash Soli ota. — Gapir, yordam berasanmi?
— Qanday yordam? Nima gap o'zi?
— Anavi Samat… Juda yomon odam u! — dedi qariya. — Qizimni baxtsiz qip qo'ydi… U… Undan qo'rqaman, ha, qo'rqaman! Samat mafiyachi! Kallamni opketadi g'ing desam! Sen… Uni bir yoqli qil, bolam! O'ldir uni! Qizimning o'chini ol Samatdan!
— O'zingiz-chi? O'zingiz tinchitolmaysizmi?
— Y-yo'-o'q, — dedi Soli ota ko'z yoshlarini yengiga artib. — Qo'rqaman… Yomon u bola, juda yomon!
— Oldin menga qizingiz qaerda ishlashini aytasiz, — dedi Mehmonali. — Ana undan keyin yordam so'rasangiz yarashadi.
— Qizim… Birovning uyida ishlaydi. Uni… Samat majburlaydi. Har kuni pulini olib qo'yadi. Begona erkaklarminan yotishga majburlaydi. Qizim… Mahallamda bosh ko'tarib yurolmas bo'lganman.
— Hayf-e sizga, — dedi Mehmonali jahdini tiya olmay. — Kap-katta odam, oppoq soqolingiz bilan uyalmaysizmi shunaqa ishlarni qilishga? Nega menga unda qizingizni berdingiz? Men fohishaga mosmanmi? Mening tengimmidi fohisha-a? Gapiring!..
— Q-qizimni haqorat qilma, — dedi qariya daf'atan yig'lashdan tiyilib. — Mening qizim fohisha emas, yovuzlik qurboni xolos. Men o'sha yovuzlikka nuqta qo'ymoqchiman.
— Unda qo'yavering edi nuqtangizni! Mening nima aloqam bor… Xullas, tilxatni qaytarib bering! Jonga tegdi hammasi…
Soli ota kayfdan qizarib ketgan ko'zlarini qisgancha Mehmonaliga qarab sovuq tirjaydi. Keyin esa unga yaqinroq surilib o'tirdi.
— Tilxatni hech kim topa olmaydigan joyga berkitib tashlaganman, — dedi u hamon Mehmonalining ko'ziga tik boqib. — Sen haliyam mening qulimligingcha qolyapsan. Qachon o'sha Samat xunasani tinchitib, o'ligini yonimga opkelasan, tilxatingni yirtib tashlaymiz. Aksi bo'lsa, tilxat joyidan jilmaydi. Xo'sh, shartim tushunarlimi, boyvachcha?
— Kesatmang, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Undan ko'ra oxiratingizni o'ylang. Yoshingizam haligiday… Bir joyga borib qoldi.
— Nega kesatmay? Qizimni, yakka-yu yolg'iz gulimni qo'yningga solib qo'ygan bo'lsam. Ishga boray, oila boqay degan tashvishing bo'lmasa. Qizim uyoqdan pul opkelib turgan bo'lsa, men buyoqdan yordam beryapman. Xo'sh, boyvachcha demay nima dey?
bordi Mehmonali. — Qanaqa erkaksiz o'zi? Nuqul kesatasiz, minnat qilasiz, yerga urasiz! Nima, o'sha qizingizga men orzumanda bo'lganmidim? O'zingiz emasmidingiz meni mardikorlar orasidan tanlab olib, boshimga mag'zava ag'dargan? Siz…
* * *
— Bo'ldi, bolam, bo'ldi, — deya Mehmonalining yelkasiga qo'lini qo'ydi Soli ota. — Munday olib qaralsa, hozirgi vaziyatda ikkovimizam farishta emasmiz. Mayli, agar seni ranjitgan, yerga urgan bo'lsam, kechir! Kel, undan ko'ra, ikkovlashib Samatni qanday tinchitish yo'llarini qidiraylik! Ha-ya, to'xta…
Soli ota endi astoydil tizzalab o'tirib oldi-da, qo'yin cho'ntagidan oppoq chit ro'molcha chiqardi. Ro'molchani kaftiga o'ragan bo'ldi-da, boshqa bir cho'ntagidan to'pponcha chiqardi.
To'pponchani ko'rgach, Mehmonali ado bo'layozgandi. Ayniqsa, qariya chit ro'mol yordamida to'pponchani chiqarib olishi uni hayratga solgandi. Bilardi, armiyada bu taxlit qurollarni ko'p marotaba qo'liga olgan, otgan, mashq qilgan. Mato yordamida qurolni qo'lda tutish amali barmoq izlari tushib qolmasligi uchun sodir etilishini ham yodlab yuborgandi.
«Vey, qariya, ayyor, dog'uli-ey, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali hanuz ko'zlari chaqchaygancha Soli otaga yer ostidan boqarkan. — Mast desam, ayyor ekan-ku tozza! Barmoq izlarini qoldirmaslik uchun ehtiyotini qilibdi! Ne niyatda qurol chiqardi? Meni otib o'ldirmoqchimi? O'ldirib bo'pti!..»
Hali xayollarini bir nuqtaga joylab ulgurmay, o'rtadagi sukutni qariyaning o'zi buzdi.
— Ushla bolam buni, — dedi Soli ota to'pponchani Mehmonaliga uzatib. — Bu senga Samatni yo'q qilishda asqotadi. Hamma o'qi joyida. Manavi trubacha to'pponchaning uchiga qotiriladi. Bilasanmi nega?
— Ahmoqmasman, — deya to'pponchani qo'liga oldi-da, boshqa qo'li bilan trubani to'pponchaning uch qismiga qotirib mahkamladi. — Bu truba ortiqcha shovqin chiqishiga yo'l qo'ymaydi.
— Barakalla, — dedi Soli ota mamnun jilmayib idishdagi ichkilikdan o'z qadahiga to'ldirib quyarkan. — Endi qo'rqmasangam bo'ladi. Borasan, uchrashasan, otasan, tamom! Indamay ortingga qaytaverasan!
— Nega menga bu qurolni tutqazib qo'ydingiz? — ehtiyotkorlik bilan so'radi Mehmonali. — Hozir o'zingizni o'ldirib ketishimdan qo'rqmaysizmi?
Unga javoban qariya og'zidan oqa boshlagan so'lakni yengiga artdi-da, silkinib kuldi.
— Jinnimisan, bolam? Meni o'ldirib nima baraka toparding. Harqalay, yuz-ko'zlaring nomard emasligingni aytib turibdi. Qolaversa… Men o'limdan qo'rqmayman. Yoshim bir joyga yetib bo'lgan. Gapni ko'paytirmagin-da, yo'lga tush, o'g'lim! Shu kecha yo'q qilmasang bo'lmaydi uni.
* * *
Qurol qo'liga tekkach, avvaliga boshi qotgan, bunday matohlarni qariya qay go'rdan topishi mumkinligini o'ylab ich-etini yeya boshlagan bo'lsa, endi xayoli butkul buzilgandi.
«Mana, endi intiqom payti yetdi, — derdi ko'ngliga astoydil o'tirib olgan iblis. — Hozir bitta o'q bilan cholni tinchit. Undan keyin qizi buzuqilik qilayotgan uyni topib borgin-da, uniyam yo'q qil! Keyin hech narsa bo'lmagandek chiqib ketaverasan. Ha, pullarini ham tiyin-tiyinigacha olvol. Tovon puli, ma'naviy zarar degan gaplar bor. Hazilakam qiynaldingmi shu ifloslarni deb! Tuhmat qilishdi, go'r kovlashga, murg'ak go'dakning jasadini ko'mishga majburlashdi, sha'ningni bulg'ashdi. Shuncha ishlardan keyin ularni tirik qoldirishga haqing yo'q. Olg'a bos! Urug'ini o'ynat bu xonasalotlarning!..»
Boshqasi bo'lsa, iblisning chaqiriqlariga labbay deb javob berardi-yu, ishini bitirib imi-jimida juftakni rostlardi. Biroq Mehmonali unday yo'l tuta olmadi. Avval bir kor-hol sodir qilib qo'ymaslik uchun to'pponchani kissaga berkitdi. Keyin esa dast o'rnidan turib kayfda o'zicha nimalardir deya g'udrana boshlagan Soli otaning tepasiga keldi.
Shu tobda tashqarida darvozaning taraqlashi quloqqa chalinib, o'n-o'n besh karra kiprik qoqgulik vaqt o'tgach, ichkariga Mo'ydin kirib keldi. Mehmonali oyoq tovushlarini eshitgandayoq to'pponchani qaytadan qo'liga olgandi.
Kirdi-yu, Mehmonali qo'lida to'pponcha ushlab turganini, Soli ota o'tirgan yerida unga nuqul javdirayotganini ko'rib beixtiyor rangi bo'zardi. Ehtiyot shart ikki qadam ortga tislanib olishni-da unutmadi.
Mehmonali dilgir. Mo'ydinning nega rangi bo'zarganini ko'rdi deguncha shosha-pisha to'pponchani qo'yinga urdi-yu, Mo'ydinga savol nazari bilan boqdi.
— Ha, Mo'ydin bolam, keldingmi? — dedi qariya birdan jonlanib. — Sen… Mehmonali o'g'limdan qo'rqma! U senga yomonlik qilmaydi. O'tir buyoqqa, o'tir!..
Mo'ydin sal o'ziga kelgan ko'yi hamon bir ko'zini Mehmonalidan uza olmay qariya ko'rsatgan yerga cho'kdi.
* * *
— Men… Hech narsani tushunmayapman, — deya ikkovlariga navbatma-navbat olazarak boqdi Mo'ydin. — Nimalar bo'lyapti o'zi bu yerda?.. Ota, kim sizga muncha ko'p ichkilik ichirdi? Manavi kelgindimi?
— Sen… Mehmon bolamni kelgindi dema-a, — dedi Soli ota Mo'ydinning ko'zlariga g'azabnok boqarkan. — U kuyovim. Qizim Mo''tabarning eri. U hammasini biladi. Hammasidan boxabar. Shuning uchun men bilan ishing bo'lmasin-da, Mehmon bolamni Mo''tabarning yoniga obor. Samat o'sha yerda bo'lishi kerak. Mehmon bolam Samatni yo'q qiladi. Ha, xotinini xo'rlagani, nomusini poymol qilgani uchun o'ch oladi undan.
Mehmonali ilgari bunday gaplarga e'tibor qilmagan bo'lsa-da, shu tobda beixtiyor ko'ngli g'ash tortib, o'zidan nari borsa uch-to'rt yosh katta Mo'ydinning qarshisida g'alati ahvolga tushib qoldi. O'zini kamsitilgandek, g'ururi toptalgandek his eta boshladi. Tasavvurida Mo'ydin qariyaning gaplaridan so'ng ustidan kulayotgandek, masxaralayotgandek, qo'li bilan ko'rsatayotgandek tuyulib ketdi. Biroq bu xayollar, uyalish-u, nafratlanishlar, nadomat chekishlar endi unga naf bermasligi tayin edi. Negaki, bo'lar ish bo'lib o'tgan. U fohishaga uylangan. Fohisha xotini keltirgan jirkanch pullar evaziga yashamoqda. Har burda noni o'sha nahs bosgan pullarga kelganini yaxshi anglagan. O'sha non bo'lagini har tishlaganda, biror marta bo'lsin, tavba qilmagan, pushaymon chekmagan. Shunday ekan, qaysi yuz bilan nomus qiladi-yu, mulzam tortadi. Vijdonini allaqachon yeb bitiray dedi-ku!..
* * *
«O'lganning ustiga tepgan» qilib yo'lga chiqishgach, Mo'ydin jig'iga tega boshladi.
— Ha, boyvachcha, — dedi mashina ko'zguchasidan orqa o'rindiqda o'tirgan Mehmonaliga tik qarab. — Boboyning jon yerini topdingmi deyman? Qurolgacha topib beribdi? Shuncha yildan beri xizmatini qilib, menga hali qurol tutqazmagandi. Yo krutoylardanmisan? Tag'in yo'lda meniyam tinchitvormagin, hi-hi-hi!!!
Shundoq ham asablari qaqshab borayotgandi. Mo'ydinning qochirimli savollari battar jahdini qo'zg'adi.
«Rostdanam, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali Mo'ydinga zimdan nazar solarkan. — Yo'l-yo'lakay o'ldirib qochvorsam-chi? Birov bilib o'tiribdimi menligimni. Bahonada manavi inomarkasini ustalarga pullardim-da, cho'ntakni qappaytirib, Rossiyagami ketvorardim…»
— Juda to'g'ri yo'lni tanlayapsan, — deya ayuhannos soldi iblis Mehmonalining ko'ksini qitiqlab. — Qayoqdagi fohishaga erlik qilib, uning dastidan odamlar oldida bosh ko'tarib yura olmay, qisindi kabi omonat hayot kechiryapsan. Sening qimmating shumi? Shu qadar arzon turadimi g'ururing? Erkak degan nomga dog' tushiryapsan, yigit! Tezroq o'ldir manavi nusxani! Esingdami, o'sha kuni u seni molday kaltaklagandi. O'chingni olmaysanmi? Indamay do'st tutinib ketaverasanmi? Agar o'sha Mo''tabaring fohisha bo'lsa, bundan chiqdi uyam tatib ko'rgani aniq…
«Yo'q, — deya bosh qashib oldi Mehmonali. — Shoshilmayman. Qurol baribir yonimda. O'ldirishga ulguraman. Avval Mo''tabarning ko'zlariga boqay, aybini bo'yniga qo'yay. Undan keyin Samadi bilan erkakchasiga gaplashib olay…»
— Ha-a, mum tishlaganmisan, qahramon? — endi ovozini bir parda yuqorilatib so'z qotdi Mo'ydin. — Namuncha o'yga tolmasang? O'zingni bo'sh qo'y!.. Savolimga javob bermading! O'ldirib yubormaysanmi meni ishqilib?
— Hali ajaling yetmayroq turibdiykan, — dedi Mo'ydinning yelkasiga qo'l tashlab Mehmonali. — Xudoyimdan so'rovdim, shoshilmasligimni tayinladi. Shunday ekan, ishtoningni ho'l qilguday bo'lib qo'rqaverma! O'lmaysan!
— Seni ayyor desam, yana g'irt folbinmisan deyman? — dedi jiddiy tortib Mo'ydin. — Xudoyim bilan gaplashganmish… Xotiring jam bo'lsin! Meni hali sen tugul o'sha Samadiyam chertolmagan. Shunaqa «mujik»man men.
Mehmonali tilini tiydi.
Nima desa, manzilga yetgachgina deyishni ma'qul bildi.
* * *
Qandaydir chekka ko'chalardan biriga yaqinlashgach, Mo'ydin rulni chapga burdi. Chamasi yuz metrcha narida yo'l chetiga uch-to'rtta mashina qo'yilgan, o'ngdagi ko'rimsizroq darvoza qiya ochiq edi. Darvozaxona chirog'i yoqib qo'yilibdi.
Mo'ydin mashinani darvozaga yetmay nariroqda to'xtatdi-da, ortiga o'girilib, Mehmonaliga birpas tikilib qoldi.
— Nega baqrayib qolding? — endi dadilroq, do'q ohangini bir parda yuqorilatib so'radi Mehmonali. — Tinchlikmi, «mujik»?
— Ochig'i, bor-u, senam o'zimizdan ekaning menga yoqdi, — dedi tirjayib Mo'ydin. — Haqiqiy mujiklar shunaqa bo'lishadi. Malades, bratishka!.. Aytgancha, turmada o'tirganmisan hech? Yoki…
— O'zing-chi? — savolga savol bilan javob qaytardi Mehmonali. — O'zing o'tirganmisan?
— Albatta, — o'tirgan yerida kerildi Mo'ydin. — Ikki marta o'tirganman. Bratishka, hayotni ko'raman, odam bo'laman desang, turmada o'tirib chiqishing shart. U yerda bratvalarning o'zi «statiyang»ga qarab munosib kutib olishadi. Senga maslahatim, bugun mana shu islovotxonada katta to'polon ko'tar, Samadni otib tashla! Xotining… Haligi… Nimaydi… Mo''tabarni aytaman-da! Uniyam ayab o'tirma! Odammas ular!..
— Buni sen o'rgatmasangam yaxshi bilaman, — Mo'ydinning gapini kesdi Mehmonali. — Undan ko'ra, ayt, yetib keldikmi? Samadini qaydan topaman?
— Ana, hov anavi darvozaning ichkarisida g'irt buzuqlar, suyuqoyoqlar, arzongarov marazlar okaxonlarining ko'nglini ovlashadi. Samad ham shu yerdaykan baxtingga. Hov o'sha yashil inomarka Samadniki.
— O'zi… Samad deganlari kim? — atayin ijikilab so'radi Mehmonali. — Qo'shmachimi? Yo shunchaki ko'ngil xushlashga kep turadimi bu yerga?
— Qo'shmachimas, — dedi asabiy lab tishlab Mo'ydin. — U ifloslarning iflosi. Qo'shmachi, uy egalari, har bir fohishadan alohida-alohida ulush oladi. O'zi bu yerga kam keladi. Bugun omadimiz keldi shekilli-da!
— Unda ketdik ichkariga, — mashinadan tushishga chog'lanib Mo'ydinni tezladi Mehmonali. — Nega o'tiribmiz? Bizam bir tatib ko'raylik-da fohishalarni!
— Yo'q, bratishka, — deya norozi bosh chayqadi Mo'ydin. — Bunisiga kelishmaganmiz. Men seni shu yerda qoldiraman-u, taksida orqaga qaytaman. Mashina sening ixtiyoringda bo'ladi!
— Hozirgina mujikman deb jar solayotganding-ku! Endi nega qisinasan?
— Haddingdan oshma, — dedi Mo'ydin labi uchib. — Quroling borligi uchun hurmatingni qip turibman. Chunki senam o'zimizga o'xshab telbaykansan. Telba bilan hazillashib bo'lmaydi. Chunki u telba! Sal jig'iga tegsang, otib qo'yishdanam toymaydi. To'g'ri topdimmi, bratishka?
Bu gapi Mehmonaliga juda yoqib tushgandi. Mo'ydinning topqirligiga tan berib yelkasiga shapatiladi.
— Gap yo'q senga, brat, — dedi jiddiy tortib. — Sen haqiqiy mujiksan! Nasib bo'lsa, bizam bir kun mujik bo'lamiz! Mana ko'rasan! Mayli, unda kalitni cho'z! Men ish bilan shug'ullanmasam bo'lmaydi.
— O'zingni ehtiyot qil, — dedi Mo'ydin mashina kalitini unga uzatarkan. — Senminan bizga xudodan boshqasi yordam bermaydi. Hammasi iflos. Juda ehtiyot bo'lib ish tut! Samad deganlari och bo'riga o'xshaydi.
— Ko'ramiz qanaqa bo'riligini, — dedi pastga tushishga hozirlanib Mehmonali. — Urg'ochi itga aylantirmaguncha tinchimayman unaqalarni!..
* * *
Mehmonali ichkariga kirib borardi-yu, vujudida qo'rquv alomatlarini his etmasdi. Ikki xayoli Mo''tabarda edi. Uning husnini, erkalanishlarini qayta-qayta yodga olar, qalban his etar, «qaniydi, bu yerda Mo''tabarni umuman tanishmasa, u qaysidir bir dugonasinikidami, qarindoshinikidami bo'lsa-yu, Mehmonali o'sha xonadonga yetib borsa. Ostona hatlab ichkariga kirgandayoq Mo''tabar boshiga oppoq ro'mol o'ragan, uzun atlas ko'ylak va lozimda namoz o'qiyotgan bo'lib chiqsa!» deya umid qilardi.
Boshqa bir ko'ngli hozir boshlanajak to'polonlar, mushtlashuvlar, baqir-chaqir, qarg'ish-u uv tortib yig'lashlarni oldindan sezib bu bo'y yigitni jahd otiga mindira boshlagandi. Har gal Mo''tabarni begona erkak bilan tasavvur etgani sayin beixtiyor tishlari g'ijirlab, mushtlari tugilib borardi…
Taqdir ekan.
Umidlari, xayollari oxiriga yetmay qoldi. Hovliga kirishi bilan ikki barvasta, o'zi tengi yigit yo'liga ko'ndalang bo'ldi.
— Ha, yigit, senga kim kerak? — so'radi ularning biri. — Qizlar kerakmidi, yo?..
Mehmonali ham anoyi emas. Bunday vaziyatlarda o'zini qanday tutishni, nima deyishni biladi.
— Oka, zo'ri kerak edi, — dedi deyarli shivirlab. — Bratanim bor, didi juda nozik. Qaysarlikniyam qiyib qo'yadi. Agar zo'ridan bo'lsa, opketsak devdik. Nima deysiz?
— Gap yo'q, — dedi ikkinchi yigit Mehmonaliga sinchiklab nazar tashlarkan. — Haqini bersangiz bo'ldi. Yest qilamiz!
— Haqiga gap yo'q, — dedi Mehmonali. — Faqat bir gap bor-da yana. Bratan shu yerda Samad degan og'aynisi bo'lishi mumkinligini aytuvdi. Aslida men orqali o'sha Samad akadan iltimos qilmoqchiydilar!..
Yigitlar Samadning ismini eshitiboq sergak tortishdi. Bir birlariga sirli qarab olgach, ularning biri Mehmonalining ko'zlariga sovuq boqdi.
— Kechirasiz-u, o'sha brataningiz melisada ishlamaydimi mabodo? — so'radi u past ovozda. — Tag'in «ablava» qilayotgan bo'lmasin!
— E, bu nima deganingiz, brat, — dedi Mehmonali kulib. — Qanaqa melisa? Bratanimning ippodromda do'konlari bor. Tadbirkor. Melisa bo'lsa meni jo'natarmidi? O'zi kelaverardi-da!
— Ishondik, — dedi yigitlarning boshqa biri. — Qani, ichkariga kiraylik! Samad akayam kayf qilib o'tiruvdilar. Qizlarniyam birato'la tanlab olasiz! Qani, yuring!..
* * *
Ana endi buyog'iga Mehmonali kallani ishlatgan holda harakatlar sodir etishi lozim edi. Xudo ko'rsatmasin, sal adashsa, tamom, hammasi barbod bo'ladi…
Ha, oldin Mo''tabar masalasini hal qila qoladi. Undan keyin Samadi bilan uchrashadi. Iloji boricha ikkoviniyam bu uydamas, chetroqqa oborib tinchitishi lozim. Shunday yo'l tutishi kerakki, vallomati ham xitlanmasin, Mehmonaliga zahrini sochib ko'nglini bulg'amasin.
— Avval qizlarni ko'ra qolsak nima deysiz, brat? — ichkariga kirib, uzun yo'lak orqali chetdagi xona tomon yura boshlashganda, Mehmonali to'xtab savol tashladi. — Asosiy ish ham shu-da aslida!
— Gap yo'q, — dedi yigitlarning biri sherigiga ma'noli qarab olib. — Unda manavi xonaga kiramiz.
Shunday deb yigit xona eshigini ochib yubordi.
Bu xona kattakon zalni eslatar, biroq ta'miri odmigina edi. Shiftdagi billursifat qandil, bir chetga qator terib chiqilgan servant, shkafni aytmasa, jozibasi deyarli yo'q edi. Lekin xona to'ridagi uzun divanda oyoqlarini chalishtirgancha o'tirgan fohishalar har qanday erkakning ko'zini o'ynatishi tayin edi.
Mehmonali hanuz xudodan tilardi. Shular orasida Mo''tabari, umrida ilk bor uni ishq sharobiga qondirgani, Ollohning guvohligida nikohiga olgan hasmi-haloli bo'lmasligini yolvorib, shundoq ham shikasta ko'ngli yig'lab-yig'lab so'rardi. Nadomatlar bo'lsinki, qismat zarbidan qochib qutulib bo'lmas ekan.
Mo''tabari o'n chog'li fohishaning o'rtasidan joy olgandi.
Eshik ochilgandayoq birinchi bo'lib u o'rnidan turdi.
Ko'zlar to'qnashdi.
Mehmonali umri bino bo'lib ko'p va xo'b xo'rliklarni boshidan kechirgan. Harbiy xizmatdaligida yakkakurash, karate sirlarini o'rganaman deb hazilakam kaltaklarni yemagan. Hech qachon qaddini bukmagan. Sulayib qolgan onlarda ham o'zini qo'lga olib qaddini ko'tara olgan. Biroq shu tobda alp qaddi bukchayib qolgandek, o'zi o'ta himoyasiz, ojiz bir bandaga aylanib qolgandek edi. O'zi sezmagan holda ko'zlaridan duv-duv yosh oqa boshlagandi. Ostonada qotib turardi-yu, uyog'iga bir qadam bosishga-da qo'rqardi. Xuddi mina ko'milgan hududda hozir bo'lib qolgan kabi tizzalari dag'-dag' titrar, titroqlarga lablar-u qovoqlari ham jo'r bo'lardi.
Nigohlari Mo''tabarning yarim yalang'och jussasi, to'zg'in sochlariga alamli tikilgancha go'yo toshga aylangandi. Jasurlikda tengsiz yuragi nuqul depsinib, ko'ksini teshib yuboray derdi. Qalbi esa ho'ng-ho'ng yig'lagancha tinim bilmay Mehmonalining ko'ksiga mushtlardi.
* * *
Ayol hayosi bor, ammo tasodifan yo'ldan adashgan bo'lsa, rangida darhol o'zgarish sodir bo'lishi, yig'lay boshlashi, tiz cho'kib uzr so'rashi, azbaroyi sharmandalikka chiday olmasa, joniga qasd qilishi tayin edi.
Mo''tabarning bir tuki qilt etmadi. Hatto, bir muddat Mehmonalining ko'zlariga tik boqib ham tura oldi. Keyin esa ortida turgan uzun-qisqa, oriq-semiz fohishalar tarafga bosh burib kulib qo'ydi-yu, Mehmonalini tirsagidan tutgan ko'yi tashqariga boshladi. Mehmonali esa hanuz o'ziga kela olmasdi. Jahd, rashk, alam, nafrat bir-biriga qorishib, tanasi go'yo muz qoplagan kabi tashqi ta'sirni sezmas, ko'zlaridan esa o'ziga bo'ysunmagan holda shashqator yosh quyilib kelardi.
— Nega keldingiz bu yerga, xo'jayin? — yo'lakka chiqishgach, Mo''tabar hech narsa bo'lmagandek erining ikki bilagidan tutib so'radi. — Sizga aytgandim-ku mening ishimga aralashmang deb!..
Shundan keyingina Mehmonali o'ziga kelgandek bo'ldi. Alam va armon aralash nigohlarini Mo''tabarga qadab bir zarb bilan qo'llarini siltab tashladi.
— Hali sen… Fohishamisan? — deya mushtlarini asabiy tugdi Mehmonali. — Meni aldadingmi hali? Qaysi yuz bilan?..
— Vey, haddingizdan oshmang, — atrofdagilarga o'g'rincha qarab Mehmonalining bilagini chimdib qo'ydi Mo''tabar. — Nega hammaning oldida jar solyapsiz? Kimsiz o'zi? Yuring, uyga boraylik, o'sha yerda gaplashamiz!
— Uyga deysanmi?.. Yaxshi-i… Boramiz! Hozir… Avval Samad akang bilan tanishib olay, ana undan keyin uyga boramiz!
— Samad bilan tanishmaysiz, — gapni kesdi Mo''tabar. — Haddingizni biling! U odam sizga o'xshaganlar bilan gaplashib o'tiirmaydi.
— Shunaqami? Hozir ko'rasan qanday gaplashishini!..
Mehmonali epchillik bilan qo'yin cho'ntagidagi to'pponchani qo'liga oldi-da, Mo''tabarning chakkasiga tiradi.
— Hozir manavi tepkichani bir bossam, — dedi ovozini yanada balandlatib. — Asfalosofinga jo'naysan. Istaysanmi o'sha yoqlarga borishni? Albatta istaysan! Istamasang, o'zim yordamlashib yuboraman! Qani, sohibjamol, endi meni o'sha Samad akang o'tirgan xonaga boshla!..
* * *
Mo''tabar yon-veridagi erkak-ayollarga qo'rqinch aralash qaray-qaray, Samad deganlari o'tirishi lozim bo'lgan xona tomon yurishga majbur bo'ldi.
Qurol, baribir, sovuq-da, Mo''tabar yurib borardi-yu, yorug' dunyodan butkul umidini uzgandi. Qandaydir bir necha o'n-yigirma soniyalar ichida jamiki qarindosh-urug'i, do'st-u dushmanlarigacha ko'z oldidan marjon kabi tizilgancha o'tib ulgurgandi.
U bilardi, sezardi, xudo ko'rsatmasin, birgina nojo'ya harakat sodir etsa, Mehmonali albatta tepkini bosadi. Ana undan keyin hammasi tugaydi. Mo''tabar qoniga belanadi-yu, yorug' dunyoga to'yolmasdan, armon-u anduhlar iskanjasida jon beradi…
Samad bo'ydor, keng yelkali, nigohlari sovuqqon, juda baquvvat jussali bir erkak edi.
U xona to'ridagi yumshoq divanda oyoqlarini chalishtirgan ko'yi o'tirar, atrofini chamasi o'n chog'li o'zidan yoshroq yigitlar qurshagandi.
Mehmonali Samadni ko'rgandayoq darrov ilg'adi. Uning turqi-tarovati sportchi ekanini ko'rsatib turibdi. Aks holda nigohi bu qadar sovuqqon tusga ega bo'lmasdi…
Samad yo oldindan bilgan, yo bu taxlit manzaralarni ko'raverib ko'zi pishganmi, o'tirgan yerida qimirlab ham qo'ymadi. Aksincha og'zining tanobi qochgancha bir Mo''tabarga, bir Mehmonaliga boqdi. Hoynahoy, buyog'i qanday kechishi bilan qiziqishni ixtiyor etdi…
Shu tobda kutilmagan voqea sodir bo'ldi.
Orqadan kimdir bildirmaygina yaqinlashib keldi-da, Mehmonalining boshiga miltiq tiradi.
Mehmonali ko'z qiri bilan bo'lsa-da, ko'ra bildi.
Boshiga tiralgan qurol qo'shtiq miltiq. Bunday miltiq ko'proq ovchilarda bo'lardi. Agar o'q uzilsa, tekkan odamning titi-pitisini chiqarib tashlaydi.
— Qani, qahramon, to'pponchani sekingina menga ber, — dedi miltiq tirab turgan erkak. — Tez bo'l! Nozlanishga, qaysarlik qilishga vaqting yo'q. Agar shu gapimni uch marta takrorlasam, tepki bosiladi. Bo'l tez!
* * *
Qaysarlanib qaerga ham borardi. Yorug' dunyo nafaqat odamzod, balki chumoliga ham totli tuyuladi. Ajal mo'ralay boshlaganini sezdi deguncha tipirchilab qoladi. Nima qilib bo'lsa-da, undan nari qochgisi keladi. Mehmonali ham xudoning bandasi-da! Xudoni qanchalar sevmasin, unga qancha tavob qilmasin, Azroilning hukmiga kirgisi kelmaydi. Yorug' dunyodan sira ketgisi kelmaydi.
Miltiq tepkisi bosilishga shayligini qalban hamda jisman his etib ehtiyotkorlik bilan qo'lidagi to'pponchani orqadagi miltiqliga tutqazdi-da, Mo''tabarni qo'yib yubordi.
— Ortiqchalar chiqib ketsin xonadan, — o'tirgan yerida pinagini buzmay buyurdi Samad. — Qolganlar joyiga o'tirsin! Ma'ruf aka, qo'yvoring bu yigitni! Haddan tashqari qo'rqitvordingiz shekilli. Ishtonini iflos qip qo'ygan bo'lmasin tag'in! Bilasiz-ku, badbo'y hidni jinim suymaydi!..
Mehmonali ham asta ko'rsatilgan yerga o'tirdi. Lekin yon berishni xohlamasdi. Intiqom o'ti hanuz ko'nglining bir chetini kuydirishdan tiyilmagandi. Xayolan bo'lsa-da, Samaddan ham, Mo''tabar-u Soli otadan ham o'ch olishni niyat qilardi.
— Mo'tash, bu kim? — so'radi qarshisiga borib o'tirgan Mo''tabarning ko'zlariga boqib Samad. — Qanaqangi shaltoqlarni ergashtirib yuribsan? Yo o'zing buyurtma berdingmi meni o'ldirishga?
Bu savolni eshitgan shotirlar baravar qimirlab olishdi. Ba'zilari masxaraomuz tirjayib ham qo'ydi.
— U… Mening erim, — dedi Mo''tabar. — Ishoning, Mehmon aka mening erim.
— Ie, gap buyoqdami hali? — Samad daf'atan o'rnidan qo'zg'aldi-yu, Mehmonalining tepasiga keldi. — Bu qahramon eringmi hali? Demak, shu ko'mgan mening bolamni, shundaymi?
Mo''tabar aybdorona bosh egish bilan kifoyalandi.
— Otang shu mishiqini topganmidi mening bolamni yo'q qilish uchun? Menga bildirmasdan roddomdan bolani opchiqtirib, oppoq soqolini selkillatib, xudodan qo'rqmay go'rga tiqqan sassiq cholning yugurdagimi bu hali? Xayriyat, Mo'tash, xudoga haq ekanman. Mana, gunohkor o'z oyog'i bilan kelib turibdi peshonamga. Yigitlar, tushunyapsanlarmi? Bu bolamning qotili! Mana shu maraz mening farzandimni hali dunyoni tanimay turib go'rga tiqqan ekan!
Bu kamsitishlar, qo'rsliklar, haqoratlar Mehmonalining asabiga tega boshlagandi. Borgan sari ko'ngli toshdek qotib borayotganini his etardi. Boyagina miltiq zahrini vujudida tuyib, tizzalarida paydo bo'lgan titroqlar vahmi qaergadir izsiz g'oyib bo'lgan kabi dadillasha borardi. Oxiri toqati toq bo'ldi. Ortiq sukut saqlashga, Samadning qarshisida bosh egib o'tirishga jur'ati yetmadi.
— Og'zingga qarab gapir, — dedi xirillab. — Namuncha katta ketmasang? Zo'r bo'lsang, yakkama-yakka chiq! Kuchimizni sinashvolamiz!..
Mehmonalining bolalarcha soddalik bilan tiliga ko'chirgan gapi Samadni ham, atrofini qurshab olgan shotirlarni ham chetlab o'tmadi. Baravariga xoxolab kulib yuborishdi.
— Barakalla, erkak, — dedi Samad orqadan kelib qo'llarini Mehmonalining ikki yelkasiga qo'yarkan. — Dushmanimning xuddi shunaqa dadil, jasur bo'lishini xush ko'raman. Ammo mening yakkama-yakka mushtlashib o'tiradigan odatim yo'q. Ko'ryapsanmi, yonimda o'n chog'li shotirim turibdi. Istasang, shular senminan yakkama-yakka mushtlashadi. Lekin ogohlantirib qo'yay, yutqazsang, mana shu qo'llarim bilan o'zim mushtlashuvni oxiriga yetkazaman. Yutsang, tirik qoldiraman. Taqdirga tan beraman-u, orqamga o'girilib ketvoraman!
— Sen o'zingni shunchalik zo'r deb hisoblaysanmi? — dedi Mehmonali tishlari beixtiyor g'ijirlab. — Mening xotinimni nega yo'ldan urding, maraz? Kuching ayol kishiga yetdimi?
Bu gapidan so'ng Samad va yonidagilar battar xoxolashdi.
— Xotinim deydimi, Muhsin? — sal naridagi novchadan kelgan, qirraburun shotiriga yuzlanib qichqirdi Samad. — Yo men yaxshi eshita olmadimmi?
— Shunday dedi, rost, — javob qildi Muhsin. — Xotinim dedi, boy aka!..
— Vey, tirmizak, — qayta Mehmonaliga yuzlandi Samad. — Mo'tash besh yildan beri mana shu xonadonda begona erkaklarning ko'nglini ovlaydi. U g'aznamning bir cheti. Menga pul ishlab beradi. Shuni bilarmiding, nodon bola?..
Bu gaplarni eshitmasa yaxshiydi. Sal qursa Samadni qulochkashlab yuborayozdi. Arang o'zini tiyib qoldi.
— Xo'p, Mo''tabar fohishaykan. Siz o'zingiz nima uchun undan bola orttirib yuribsiz? Xo'sh, javob bera olasizmi?
— Buning o'z tarixi bor, — dedi dast o'rnidan turib Samad. — Keyin bilvolasan. Hozir esa men bilan birga ketasan. O'zing xohlaganday erkakchasiga gaplashvolamiz. Muhsin, bu yigitni mashinaga ortinglar! Mo'tash, sen ishingga bor!..
U yigitlar Mehmonalini olib chiqib ketguncha kutib turdi-da, tashqari eshik yopilishi bilan Mo''tabarni ikki yelkasidan tutib o'ziga qaratdi.
— Qora dori qanday sotilyapti? — so'radi shivirlab. — Oxiri ko'rinay degandir?
— Xavotir olmang, hammasi joyida, — dedi hanuz bezovta eshik tomon qarashdan tiyila olmay Mo''tabar. — Ertaga tugaydi… Siz… Mehmonni o'ldirasizmi? Agar…
— Qo'rqma, — dedi Samad sovuq tirjayib. — «Er»changga jin urmaydi. Lokigin… Senga qoyil qoldim. Bu loxni qay go'rdan topa qolding? Yo mijozlaringdanmidi?
— Yo'q, — deya lab uchirib yuzini ters burdi Mo''tabar. — Otam topib kepti mardikor bozordan. Qarasak, omigina, bo'shanggineykan. Shunga…
— Sirayam bo'shangga o'xshamaydi buning. Ehtiyot bo'l, tag'in xonavayron qip ketmasin!
— Siz borsiz-ku xonavayron qilsa! Yo himoya qilmaysizmi?
— Qo'y, qayoqdagi gaplarni gapirib asabimga o'ynama! Eringga bir ish bor. Uni kutma. Yaqin orada uyingga qaytmaydi.
— Qaytmasligini o'zim ham anglab turibman. Faqat o'ldirib qo'ymang, iltimos!
— Xotirjam bo'l, bunaqalar tegirmonga tushsa butun chiqadi. Aytdim-ku, ish bor eringga, ish!
Shunday dedi-yu, Samad Mo''tabarning peshonasidan bir marta o'pib qo'yib, tashqariga yo'l oldi.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT
Fikringizni kutib qolaman.
