Snayper 4 (kamolov)
* * *
«Bolshoy»ning sirli o'limi Mirsolining ich-etini ezardi. Garchi o'g'riboshi bilan bir martagina hamsuhbat bo'lsa-da, uning tantiligi, odamiyligi, soddadilligiga tan bergandi. Xuddi shu narsa Mirsolini alam olovida kuyishga, o'zi kirib qolgan boshi berk ko'chadan, shu ko'chadagi yaxshi-yomon, johil-nojohil kimsalardan nafratlanishga majbur etardi. Ammo na iloj? Hayot davom etaverarkan. Bir necha soatlik kuyinishlar, o'ylanishlar, dog'lanishlar beixtiyor nari chekindi-yu, Mirsoli kissasidagi kalit va bank kartochkasini eslab qoldi. Xuddi o'sha bank tomon shoshilmaygina ketib borarkan, podpolkovnikning shartlari yodiga tushdi. Prokurorning zaxil yuzi, biroz zardali va sirli gaplari xayolida aylanib, aftini bujmaytirdi.
«Ja ayyor odam ekan, — ko'nglidan o'tkazdi u tishlarini bilinar-bilinmas g'ijirlatib. — Pulning daragini bilgach, choponini almashtirdi. Bungacha menga yuqoriroqdan, mensimay muomala qilardi. Keyin esa darrov o'zgarib, muloyimlashdi. Bilaman, pulni olgandan keyin tag'in o'zgaradi. «Ishim bitdi, eshagim loydan o'tdi», deydi-yu, menga ters o'giriladi. Ters o'girilmagan taqdirdayam, payimga tushishi hech gapmas. To'xta, nega endi u bilan pulni arra qilishim kerak? Qarzim bormi? Menga bu pullarni Xudoning o'zi yetkazdi. Yaratganning o'zi o'g'riboshini insof-diyonatga chorlab, shu ezgulikni diliga soldi. Nima uchun bu yaxshiligini teng yarmidan bo'lib prokurorga berishim zarur?.. Eh, bermasam ham tinch qo'ymaydi baribir. Qayoqdagi ayblarni bo'ynimga qo'yib, turmaga tiqish harakatiga tushadi. Nima qilsam ekan-a? Qochvorib ham qutulib bo'lmaydi unaqalardan. To'xta, kallam ishladi. Harqalay u bankda qancha pul borligini aniq bilmas? Bankka kirib pullarni sanab chiqmagan-ku! Kim uni kirgazib qo'yardi?!. Shunday ekan, Mirsoli, kallangni ishlat! Bir marta baxt qushi boshingga qo'nibdi-yu, uni birovlar bilan baham ko'rasanmi? Ha, aldayman prokurorni. Pullarning qanchaligini bilvolaman-u, bir qisminigina beraman. Ana shunda six ham, kabob ham kuymaydi. Ishonaman, prokuror albatta xursand bo'ladi. Ishlab topmagan-ku bu pullarni! Nega xursand bo'lmasin? E, do'ppisini osmonga otsin bachchag'ar!..
Mirsoli o'ylagan o'ylaridan ko'ngli to'lib, ko'ksi faxr tuyg'usiga chulg'angan ko'yi bank ichkarisiga kirdi.
* * *
Bekorga xavotirga tushmabdi, siqilmabdi, o'ylanmabdi. Bank yacheykasida qizg'ish jomadonni ochgandayoq sal qursa ag'darilib tushayozdi. Pullarni qayta sanab o'tirishga sira hojat yo'q edi. O'g'riboshi pullarning ustida kichik qog'ozcha qoldirgan ekan. Qog'ozchaga faqat 2, 5 000000 dollar degan yozuv bor edi, xolos. Mirsoli buncha pulni tushida ham ko'rmagan. Oynavand devor ortida kutayotgan bank xodimi tarafga qarab-qarab qo'yardi-yu, yana jomadon ichidagi pullarga nigohini qadardi. Yuragini esa yovvoyi vahima bosar, xuddi kimdir kira solib jomadonni tortib oladigandek tuyulardi.
«Tushimmi, o'ngimmi, — o'ylardi u. — Buncha pulni nega o'g'riboshi menga berib qo'ydi? Qaysi karomatim uchun shunday qildi? Sababi nimada? Endi nima qilaman? Qanday yo'l tutaman? Bu boylikni nimaga ishlataman? Puldorlar nima qilishadi? Ha, do'konlar ochishadi, yoki birovlarga qarz berib ustiga foiz olishadi. Juda g'ayratlari oshib-toshsa, fabrikalar qurishadi. Men-chi? Nima qilaman? Ha-a, podpolkovnikning hovliqqanicha bor ekan. Tulkiniyam aldaydigan odam ekan yaramas. Ammo pullarning yarmisini bermayman. Berib bo'pman! Bu pullar meniki, ha, faqat meniki!.. Topdim, besh yuz mingini olaman-da, yarmisini unga beraman. Mayli, tiqilib o'lsin tekinxo'r! Unaqalar tekin pulga ega bo'lib o'rganishgan. Teshib chiqmaydimi menga desa! Qolganini esa… Ha, qolganini shu yerda qoldiraman. Hozircha 250 ming dollar yetib ortadi. Hech kimga pulim ko'pligini bildirmayman. Odatdagiday merganligimni qilib yuraveraman. Shunda tinch bo'laman. Begona yurtlarda dushman ko'paytirmayman. Hozir bank xodimiga aytaman-u, tamom, jo'nayman!..»
Mirsoli besh yuz ming dollarni qo'lidagi xaltachaga yaxshilab joyladi-da, jomadonni yopib qaytadan qutiga soldi. So'ngra oynavand devor ortida turgan xodimni chaqirib uqtirdi.
— Jomadon qoladi shu yerda, — dedi u jiddiylik bilan. — Foiziga gap yo'q. Men kafil!
— Albatta, bu sizning xohishingiz, mijoz, — dedi kulib xodim. — Hozir kompyuterda hisoblab beraman. To'laysiz-qo'yasiz. Qani, tashqariga marhamat!..
Taxminan o'n besh daqiqa ichida Mirsoli bank bilan hisob-kitobni joyiga qo'ydi-yu, istar-istamas taksi to'xtatib podpolkovnik ishlaydigan idoraga jo'nadi…
Shubhasiz, podpolkovnik u olib kelgan pullarni qo'liga olarkan, bir muddat Mirsoliga ayyorona nigohlarini tikkancha tek qoldi. Ora-sirada jilmayib, bosh silkib oldi.
— Pul bo'lishishda adashmadingmi mabodo? — so'radi nihoyat. — Balki kamrog'ini menga berishga ahd qilgandirsan? Meni aldamoqchi bo'lgandirsan-a? Yaxshilab o'ylab ko'r!
— Men aldoqchilikning enasini emdirolmayman, — dedi Mirsoli sira sir boy bermay. — Ota-onam meni to'g'riso'zlikka o'rgatgan.
— Bunga shubham yo'q, — dedi podpolkovnik. — Ammo katta pul manaman degan to'g'riso'zniyam yo'ldan ozdiradi. Shuni bilasanmi?
— Ishonmasangiz, kanallaringiz orqali tekshirib ko'rishingiz mumkin, — dedi Mirsoli xafa bo'lgan kabi qovoqlarini uyib. — Bu ish qo'lingizdan keladi.
— Ha, bo'pti, sen yutding, — deya podpolkovnik hiyla chehrasini ochib, Mirsolining yelkasiga qoqdi. — Senga ishonaman. Lekin… Bilasan-ku, kasbim shunaqa. Hammadan shubhalanishga o'rganganman. Xo'sh, endi nima qilmoqchisan?
— Siz nima maslahat berasiz? — savolga savol bilan javob qaytardi Mirsoli. — Har holda aka-ukaday bo'p qoldik shekilli?
— Albatta, albatta, — dedi podpolkovnik oynadan tashqariga nazar tashlab. — Sen bilan endi o'ligimiz ham, tirigimiz ham bir, okasi. Shunday ekan, birga ishlaymiz-da-a? Nima deysan?
— Qanaqa ish bermoqchisiz bu safar?
— Bu safarmi?.. — podpolkovnik birpas o'ylanib turdi-da, o'rnidan turdi. — Menga qara, o'sha merganligingni tashla endi! Uning o'rniga menga yordam ber. Yordam bersang, davlat seni dar qo'ymaydi. Hamisha yoningni oladi.
— Nima qilay? Qanaqa yordam?
— Turmaga qaytasan. Ammo doimiygamas. Faqat ish bor paytida o'sha kamerangga kirib o'tirasan. Kamerangni lyuks qildirib beraman. Hamma sharoit bo'ladi.
— Xo'p, nima ish qilaman?
— Mana masalan, bittasi bor. Retsidevist. Bilasanmi bu so'zning ma'nisini?
— Bilsam kerak, — ayyorona kulib podpolkovnikka boqdi Mirsoli. — Aytavering!
— Xullas, shu dayusni yaqinda tutib kelishdi. Atigi bir oygina qochqinda yurgan-u, uchtasini tinchitgan. Sira bo'yniga olmayapti iflos.
— Men nima qila olaman?
— Senmi? Tushunasan, biz jinoyatchini qiynab, zo'rlay olmaymiz. Shafqatsizlarcha kaltaklashgayam haqimiz yo'q.
— Men uni kaltaklashim kerakmi?
— Ha-da, bayonnomaga qo'l qo'ydirib bersang bas, hammasi joyiga tushadi. Qo'lingdan keladi, bilaman. Faqat yo'q dema. Bizga yordam bersang, hech qachon tashlab qo'ymaymiz. Ishlaringga hech kim aralashmaydi. Basharti qo'lga tushgan taqdiringdayam o'zim kafil bo'laman. Yo menga ishonmaysanmi?
Mirsoli yalt etib podpolkovnikka tik boqdi. Nega bunday qaradi, o'zi ham payqamadi. Hoynahoy, boplab aldaganidan podpolkovnik beixtiyor gap ochib qoladigandek tuyildimi, sergak tortdi. Qoshlarini chimirib, ovozini pasaytirgan ko'yi zo'rg'a javob qila oldi.
— Ishonaman.
— Unda rozi bo'l, uka! Hali yoshsan, agar xohlasang, kelgusida militsiya maktabida o'qishingga yordam ham berishim mumkin. Bu qo'limdan keladi.
«Bir kamim senga hamkasb bo'lishmidi? — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli javob berishga shoshilmay. — Shunaqa bo'lgandan kallamni olib tashlay qolarman. Militsiya maktabida o'qitarmish. O'rgildim sendaqa tulkilardan! Eh, bundan qochib ketib bo'lmasa. Bir hatlab topvoladi. Majburman-da rozi bo'lishga! Aks holda ishimga aralashadi, orqamdan hamtovoqlarini jo'natadi, qamatishga urinadi. Xullas, nima qilib bo'lmasin, poyimni qirqish ilinjida bo'ladi. Yaxshisi, arqonni uzun tashlayman. Kallasi borlar shunday yo'l tutishadi. Uyog'i bir gap bo'lar. Va'da beryapti-ku!..»
— Roziman, — dedi Mirsoli boshini ko'tarib. — Kaltaklash bo'lsa, kaltaklash-da!
— Juda soz, — dedi podpolkovnik kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Xohlasang, yaxshi gap bilan qo'l qo'ydir! Bu sening ishing! Xullas, shu ishni boplaysan-u, ana undan keyin vataningga borib dam olib kelasan. Samolyotga chiptani o'zim to'g'rilayman. Yo sog'inmadingmi yurtingni?
— Nega endi?.. Sog'indim.
— Bo'pti, bugun menikida yotib qol. Ertaga birgalashib turmaga jo'naymiz. Ma'qulmi?
— Ma'qul.
— Qo'lni tashla, o'g'il bola!..
Oradan bir necha daqiqa o'tib ular podpolkovnikning mashinasiga o'tirib, yo'lga tushishdi.
* * *
Bugun turmadagi manzara Mirsolini hayratdan yoqa ushlashga majburlagudek edi. Soqchilar, nazoratchilar unga jilmayib boqar, yoshi ulug'lari ham qo'l berib xuddi qadrdonlar kabi so'rashib o'tardi.
«Meni kattakonlardan deb tanishtirishdimi nima balo? — o'ylardi u kameraga kirarkan. — Hammasining qo'li ko'ksida. Tinchlikmikan? O'h-o', kamerani mehmonxona nomeridanam o'tkazishvoribdi-ku zang'arlar! Televizor, divan-kreslo, dushxonalargacha tashkil qilib tashlashibdi Qoyil-e! Boshqalargayam shunaqa sharoit qilib berishsa bo'lmasmikan? Ha-a, jinoyatchilar haddidan oshib ketishadi-da! «Baribir lyuks kamerada o'tiraman-ku», deb bilgan qandlarini yeyaverishadi. Umuman, bunaqa sharoit Amerikada anchadan beri borligini eshituvdim. Mahbuslar shohona kameralarda o'tirishini aytishgandi. Kim bilsin? Balki ularda vaziyat boshqachadir. Xudo biladi. Asosiysi, bu badbo'y joylarda uzoq ushlanib qolmasam bas. O'zimning ishimdan qo'ymasin! Qiziq, boy bo'lishga bo'ldim. Endi qanday bo'larkin? Haddimdan oshib ketmasmikanman? Nima qilsam bo'ladi? Uylanaymikan? Pulim ko'p-ku! Manaman degan qiz jon deb tegadi. Ha, hozirgi qizlarni yaxshilab tanivoldim. Ularni erkakning puligina qiziqtirarkan. Mayli, qiziqtirsin, ammo erkakni er o'rnida ko'rsin. Gap qaytarmasin!.. Yo'q, oldin qishloqqa boraman. Zarinaning uyi yonidan bir marta «Jip» haydab o'tmasam, armonim ichimda qoladi. Puldor qanaqa bo'lishini bir ko'rib qo'ysin! Ajabmas yuragi kuyib ketsa. Kuyadi. Alami keladi baribir. Afsuslanadi. Ha, xuddi shunday qilaman. Podpolkovnikka aytaman, haydovchilik guvohnomasiniyam, mashinaniyam to'g'rilab beradi. Prokuror-ku nima qilgandayam! Bir og'iz gapiga mashina bilan guvohnomadan dasturxon tuzab oldiga qo'yishadi. Eh, tezroq kelsaydi o'sha kun! Maza qilardim. Aysh qilardim, yallo qilardim!..
Ana shunday xayollar bilan kunni ham kech qildi. Soat taxminan kechki o'ndan oshganda, kameraga basharasi tanish nazoratchi kirdi. Bu o'zidan uch-to'rt yosh katta. Turmadagi mahbuslar faqat shu nazoratchdan cho'chirkan. Hech qanaqasiga u bilan til topishib bo'lmaskan. O'ta johil va tiliga qattiq nazoratchi ekan. Shunday bo'lsa-da, Mirsoliga hech qachon qattiq gapirmagan. Aksincha shu nazoratchi boshqalariga nisbatan muloyimroq muomala qiladi. O'zi ham sportchi bo'lgani bois, Mirsolini hurmatlasa kerak…
— Xo'sh, bratishka, — dedi nazoratchi kamerani boshdan oyoq kuzatib olib. — Kamera yoqdimi? Kamchiliklar yo'qmi?
— Chidasa bo'ladi. — dedi Mirsoli atayin sovuqqonlik bilan. — Baribir uyda yashagan yaxshi.
— To'ppa-to'g'ri, kallasi bor odam jinoyatga qo'l urmaydi. Tinchgina uyida o'tiradi. Nima deding?
— Haqsiz, brat, — dedi Mirsoli ham yarim ruschalab. — Xuddi shunday qilish kerak.
— Yangi ishga tayyormisan? — so'radi nazoratchi. — Aytgancha, tanishmabmizam. Kel, tanishvolaylik! Men Ruslanman.
— Men Sasha! — dedi Mirsoli nazoratchiga qo'l cho'zarkan. — Sasha Krutoy!
— Familiyang shunaqami?
Mirsoli darrov tushundi. Nazoratchi gapni aylantirib, nimalarnidir bilib olmoqchi. Hoynahoy, Mirsolidan ham shubhalanyapti.
— Yo'q, — dedi Mirsoli yanada sovuqqon ohangda. — «Panyatkali»lar orasidagi taxallusim shunaqa.
— O', senam o'shalardanmisan? Nega unda turmadamassan?
— Boya aytdim-ku, kallasi bor odam tinchgina uyida yashaydi.
— Mayli, o'zing bilasan, — dedi nazoratchi asabiy lab tishlab. — Karoche, hozir ishni boshlaysan. Mana bayonnoma. Mahbusning ismi Vasya. Laqabi «ubiysa». Ma'nisini bilsang kerak?
— Nima farqi bor? — dedi aftini bujmaytirib. — Mening ishim laqab ma'nisini topishmas-ku! Yo adashdimmi?
— Adashmading, — dedi nazoratchi tirjayish qilib. — Yosh bo'lsangam ko'pni ko'rganga o'xshaysan. Malades! Xullas, mana shu qog'ozga imzosini qo'ydirasan. Bilib qo'y, imzo albatta qo'yilishi shart. Ish yaxshi bitsa, «ubiysa» kamida yigirma yil qo'shimcha muddat oladi. Tushuntira oldimmi?
— Ha, — dedi Mirsoli Ruslanning dimog'dorona gap ohangi joniga tega boshlaganini yashira olmay. — Ketdik, tezroq ishni bitiray!
— Yur, qahramon, qancha tez bitirsang, shuncha tez ketasan.
* * *
Mahbus aytgan, ta'riflaganlaricha bor ekan. Baland bo'yli, yo'g'on, birovga qaraganda, afti bujmayib, nafratini oshkor etib turarkan. Ammo Mirsoli uning tashqi ko'rinishidan qo'rqish uyoqda tursin, seskanib ham qo'ymadi. Kameraga kirgandayoq bildiki, «ubiysa» kuchli og'riqni ko'tara olmaydi. Aniq nuqtasiga zarba to'g'ri borib tushsa, darrov yon berishi sezilib turibdi.
— Senmi menday odamni aybiga iqror qiladigan? — so'radi yotgan yerida mahbus. — «Bolshoy» o'g'irlagan «abshak» pullarini olvolib, kuchayib qoldingmi? Kimsan o'zing?
— Qanaqa «abshak»? — so'radi Mirsoli mahbusning sovuq muomalasiga e'tibor bermay. — Tushunmadim.
— Nimani tushunmaysan? «Bolshoy» nomardlik qildi. Ko'pning haqini o'g'irlab senga bervordi. «Bratva»da alami bo'lsa, ochiqchasiga jang qilishi kerak edi. U pullarni turmadagi «bratva»larga sarflardik. Mana, yo'q. O'z boshiga o'zi yetdi. Ammo bilib qo'y, «Topor» seniyam yaqin orada topadi. Adabingni beradi. Obro'ying borida unga pullarni topshir, bola! Bugun melisalarning teshasini chopish niyatida mening oldimga kirganingam qo'shimcha bo'ladi. O'yla, bola, o'yla!..
— «Topor» kim? — so'radi Mirsoli sergaklanib. — Qanaqa odam?
— Umi? — mahbus asta o'rnidan qo'zg'alib yonboshlab oldi. — Shaharda hozir undan o'tadigan zo'r yo'q. Qo'lini uzatsa, hammayoqqa yetadi. Uqdingmi, nodon?
— Mayli, — dedi Mirsoli hafsalasi pir bo'lib. — U bilan o'zim gaplashaman. Hozir o'rningdan tur yaxshilikchasiga! Yo belangimisan? Borib turg'azib qo'yaymi?
— Kuching yetarmikan? Qani, kel, turg'az, tirrancha! Kelmaysanmi?
Mirsoli hech qachon yotgan odamni kaltaklashga o'rganmagandi. Tepasiga yaqin bordi-da, qo'llarini musht qildi.
— Uchgacha sanayman. Turmasang, qasamimni buzishga majburman!
— Nima? Hali sen menga buyruq berasanmi? Sen-a?
Mahbus jonholatda o'rnidan turdi-da, Mirsolining yoqasiga qo'l yubordi. Biroq ulgurmadi. Birinchi kalla zarbasidan qalqib karavotga o'tirib qoldi. Shu zahoti burnidan qon keta boshladi.
— Xo'sh, erkakka o'xshab turasanmi o'rningdan-yo'qmi? — xezlanib so'z qotdi Mirsoli. — Seni ogohlantirdim-ku, turmasang, qasamimni buzishga majbur bo'laman!
Mahbus burnini ikki kafti bilan changallagancha o'rnidan turdi. Zarba kuchliligidanmi, u Mirsoliga tan berib bo'lgandi. Shuning uchun yerga engashgan ko'yi to'ng'illadi.
— Baribir qo'l qo'ymayman qog'ozga! Ovora bo'lasan! O'sha melisalaring yuguraversin!..
Keyingi zarbalar ketma-ket mahbusning bo'yni va yelkadan pastrog'iga yo'llandi. «Ubiysa» chalqancha yiqilib, yotgan yerida tipirchilay boshladi.
— Xo'sh, davom etaymi? — so'radi Mirsoli uning tepasiga yaqinlashib. — Ishon, keyingilari narigi dunyoga jo'natishi aniq. Nahotki yashaging kelmayotgan bo'lsang?
Mahbus bu gaplarni eshitgani hamono, ikki qo'lini baland ko'tarib, rozilik belgisini berdi. Mirsoli darhol qo'lidagi qog'oz va ruchkani unga tutqazdi.
— Bo'l tez, — shivirladi u mahbusga alam aralash tikilib. — Sen bilan pachakalashishga vaqtim yo'q.
Mahbus mulla mingan eshakdek yuvosh tortib, o'tirgan holda bayonnomaga imzo qo'ydi va qayta Mirsoliga tutqazdi.
— Bu boshqa gap, — dedi Mirsoli. — Bo'larkan-ku, erkak! «Ubiysa»ymish-a tag'in! Ha, boyagi gapingga javobni eshit. «Topor»ingni albatta o'zim qidirib topaman. Natijasini senam albatta eshitasan. Eslab qol, men «Sasha Krutoy»man. Bu nom bir umr esingdan chiqmasin! «Bolshoy»ning xunini to'laydi o'sha «Topor»ing!
Mirsoli so'nggi bor mahbusga qarab oldi-da, borib kamera eshigini mushtladi.
* * *
Podpolkovnik kutib turgan ekanmi, kameraga kirgach, zum o'tmay yetib keldi.
— Barakalla, mergan, — dedi u Mirsolining yelkasiga qoqib. — Boplabsan! Qani qog'oz?
— Mana, oling qog'ozingizni, — deya qo'lidagilarni podpolkovnikka tutqazdi Mirsoli. — Ochig'i, o'sha marazni do'pposlaganimdan sira afsuslanmadim.
— Nega? — unga hayrat aralash boqdi podpolkovnik. — Tinchlikmi?
— Ifloslardanakan. Kirganimdan qo'rqitishni boshladimi-ey, qayoqdagi gaplarni gapiradimi-ey! Karoche, asabimni egovlab tashladi.
— Sen tengi yo'q mutaxassissan, — dedi podpolkovnik Mirsoliga havas bilan tikilib. — Biror terma jamoaga biriktirib qo'yaymi? Dunyo kezarding…
— Kerakmas, — dedi Mirsoli podpolkovnikning so'zini kesib. — Yaxshisi, menga bir masalada yordam bervorsangiz, xursand bo'lardim.
— Xo'sh, qanaqa masala? Gapiraver, uka! Sen bilan aka-ukadek bo'p qoldik. Gapir!
— Birinchisi… Menga haydovchilik guvohnomasi juda zarur. O'qiy desam ko'p vaqt ketib qoladi. Ishonsangiz, sizning yordamingiz bilan yangi «Jip» sotvolib, qishlog'imga bormoqchiydim.
— Bu yerdan «Jip»da ketib bo'lmaydi-ku! Uzoq-ku!
— Biz taraflardayam kanallaringiz boridi shekilli adashmasam! Toshkentda masalan…
— Toshkentda og'aynilar yo'q emas. «Jip» kerak desang, qo'ng'iroq qip qo'yaman, borishingga hujjat-pujjatiminan taxt qip qo'yishadi.
— Guvohnoma-chi?
— Uni shu yerning o'zida to'g'rilaymiz. Ikki soatda taxt bo'ladi, mergan! Qayg'urma! Shu xolosmi ishing?
— Yo'q, — dedi Mirsoli yer chizib. — Yana bir iltimosim bor.
— Ayt, uka, ayt!
— Bitta ishlatilmagan vintovka kerak.
— O', bu juda jiddiy masala.
— Nima, iloji yo'qmi topishning?
— Sen uchun topamiz, — birpas o'ylanib turgach, podpolkovnik qayta jonlandi. — Faqat soqqasini berish kerak. Har holda qurol. Juda qaltis ish bu.
— Soqqasini o'zim beraman. Qurolni… Qaytib kelganimdan keyin to'g'rilab bersangizam bo'ladi.
— Nima, tag'in birovning payiga tushdingmi?
— Yo'q, — dedi Mirsoli «ubiysa» aytgan gaplarni tiliga ko'chirishni istamay. — Aytgandim-ku, o'zimning ishim bilan shug'ullansam buyog'iga… Harqalay, bir umr turmada mushtlashib kun o'tkazmayman-ku!
— Yaxshi, — dedi podpolkovnik. — Buyog'iga sen bilan biz hamkorlarmiz. Nimaiki ish qilsak, maslahat bilan qilaylik. Faqat hamsha tilingga ehtiyot bo'l!.. Xullas, yurtingga borishing bilan men bergan odamga uchraysan. Mashina hujjatlari bilan birga seni kutadi. Guvohnomani indinga qoyillatamiz. Faqat menga suratingni, pasportingni berib qo'yasan!..
Podpolkovnik bu safar Mirsoli bilan quchoq ochib xayrlashdi. Chiqib ketayotganda ham Mirsoli uni zimdan kuzatdi.
Podpolkovnik mamnun edi.
* * *
Cho'ntak qappaysa, tanish-bilishlar bo'lsa, ish bitirish chikora ekan. Mirsoli Toshkentga uchib kelib, juda qisqa fursatda yarqiragan «Jip» ruliga o'tirgach, bunga yana bir karra amin bo'ldi. Kambag'allikda suyagi qotgan bo'z yigit xuddi yettinchi osmonda parvoz qilayotgandek suyunar, yuragi hapriqardi. Ayniqsa, boshqalar u tomonga havas aralash boqishganda, bir sevinchiga ming sevinch qo'shilar, yaqindagina mana shu qo'llari bilan odam o'ldirganini ham unutgandi.
«Men qilayotgan ishlarimdan sira afsus chekmayman, — deya o'ylardi qadrdon shaharga kirib kelayotganda mashina ruliga kaftlarini ura-ura. — Zo'r bo'laman dedimmi, bo'lyapman. Otam rahmatli «yolg'izning yori xudo», deb behuda gapirmaskan. Mana, ishlarim silliqchasiga bityapti. Tanishlar ham topila qoldi. Buning nimasi yomon? Zarina tashlab ketdi. Xo'sh, nima bo'pti? Bugun ko'radi boy qanaqa bo'lishini. Ichi yonsin, kuysin, alamidan yoqasini tishlasin…
U yashagan tumanga kiraverishda avtohalokat sodir bo'lgan shekilli, yo'lni to'sib qo'yishibdi. Allakimni talato'p odam o'rab olibdi. Aylana atrof melisalarga to'libdi. Mirsoli majburan mashnasini to'xtatdi-da, olomonga yaqin bordi. Bordi-yu, qandaydir tanish ovozni eshitib, hovliqqancha o'zini ichkariga urdi.
Bir qiz uv tortib yig'lar, engashib olganidan yerda kim yotganini ko'rib bo'lmasdi.
— Zarifa? — qizni orqadan turib ham tanib, Mirsoli qichqirdi. — Zarifa! N-nima bo'ldi?
Qiz boshini ko'tarib, narida Mirsoli turganini ko'rdi-yu, dast o'rnidan turib, odamlar safini yorib o'tib unga osilib oldi.
— Opam, akajon, o-opam!..
— Nima? Z-Zarina?.. Unga nima bo'ldi?..
Baxtga qarshi Mirsolini «Tez yordam»chilar, melisalar yerda yotgan odamning yaqiniga yo'latishmadi. Qiz esa javob o'rniga dod solar, telbalarcha Mirsolining kiyimlariga chang solardi.
Oradan bir muddat o'tib, Mirsoli barchasini anglab yetdi. Halokatga uchragan o'zi sevgan, alami kelganda so'kib-so'kib olgan, boyagina bevafodan olib bevafoga solgan Zarina edi.
Zarinaning o'ksib-o'ksib yig'layotgan singlisi… Shu qiz sal tinchlangach, yig'lay-yig'lay, Mirsolining qo'liga bir parcha qog'oz tutqazdi. Mirsoli shosha-pisha qog'ozni ochib o'qiy boshladi.
«Mirsoli aka, — deya boshlangandi maktub. — Men ablahman, pastkashman, qadringizga yetmadim, sizni otamning xohishiga almashdim. Ammo ishoning, Sodiqqa turmushga chiqmadim. Sizni kutdim. Kutaverdim. Ne qilayki, qaytmasligingizni, biz birga bo'la olmasligimizni bilardim. Baribir kutaverdim. Oxiri charchadim, paymonam to'ldi. Muhabbatsiz hayot kechirgandan o'limni afzal topdim. Siz odamlarga ayting, o'limimda hech kimga da'voyim yo'q. O'zim shu yo'lni tanladim. Alvido, olisdagi muhabbatim!..»
Mirsoli uchun bu dahshatdan-da qo'rqinchliroq edi. Nima qilishni, nimalar bo'layotganini bilmay qotgancha turib qoldi. Shu orada Zarifani chetroqqa boshladi. Biroq o'zi sezmadi. Nimalardir deya telba kabi so'zlandi, lablari pulkillab ketdi, ikki ko'zidan shashqator yosh tomchiladi. Shu ko'yi turgach, beixtiyor ikki qo'lini ko'kka cho'zgancha bor ovozda qichqirdi:
— Nega? Nega bunday qilding, Zarina??? Yo'-o'q! Ishonmayman!!! Hammasiga men aybdorman, men!!! Men… Men shumqadamman, eshityapsanmi, Zarina, shumqadamman! Mening qadamlarim shum, shum!!!
* * *
Garchi bo'lgan ishlarni o'z ko'zlari bilan ko'rsa-da, Zarinaning so'nggi maktubini o'qigan bo'lsa-da, Mirsoli bu fojiada faqat o'zini ayblardi.
To Zarinaning yigirmasi o'tguncha ortga qayta olmadi.
«Men shumqadam ekanman, — o'ylardi u ona hovlisida boshini changallagancha o'tirib. — Oldin kelganimda enam o'lib berdi, bu gal esa Zarina… Nega boshida o'ylamadim? Nimaga o'zini qistovga olib surishtirmadim? Do'konchini demagan ekan-ku! Meni — Men ablahni kutgan ekan-ku!.. Maraz Sodiq! O'sha iflosni deb hammasi chil-parchin bo'ldi. O'ziga ham, menga ham imkon bermadi u iflos! Nima qilsam bo'ladi uni-a? O'ldirvoraymikan? Ha, shunday qilsam, alamdan chiqardim. Hozir… Podpolkovnikka qo'ng'iroq qilaman. Maslahat so'rayman. Agar ishni yopdi-yopdi qilvora olsa, bugunoq tinchitaman do'konchini. Birovning umriga zomin bo'lishni ko'rsatib qo'yaman unga!..»
Mirsoli kissasidan telefonni chiqardi-da, kerakli raqamlarni terdi. Zum o'tmay go'shakdan podpolkovnikning bo'g'iq ovozi eshitildi.
— Oka, — dedi gapni cho'zib o'tirmay. — Bir qora mushuk yo'limni kesib o'tib ketdi. Bu yaxshilikkamas. Shu mushukni tinchitvorsammikan devdim. Nima deysiz? Qo'llavorasizmi?
— O'zingni bos, — dedi podpolkovnik kulib. — O'zing yuradigan ko'chada mushuk tugul sichqonniyam o'ldirma! Katta ofat bo'ladi! Undan ko'ra, ortga qayt! Men anavi so'ragan narsangni to'g'rilab qo'ydim. Ish bilan shug'ullan, uka!..
Gaplar qog'ozga o'rab aytilgan bo'lsa-da, indallosi ham shu edi. Mirsoli tushundi va o'z niyatidan qaytib, ketish haqida qayg'ura boshladi.
— Moshinani qaerda qoldirsam bo'ladi? — dedi o'ziga o'zi bo'm-bo'sh hovliga hissiz nazar tashlab. — Yo'q, Zarinaning ukasiga sovg'a qilib ketaman. Shunday qilsam, Zarinaning ruhi shod bo'ladi. Baribir yotadi chang bosib. Undan ko'ra o'sha Zafar minib yursin. Xursand bo'ladi…
Shu kunning o'zidayoq masala hal etildi. Ota-onasining qarshiligiga qaramay, mashinani Zafarga xatlab berdi. So'ngra onasining qabri tepasiga borib, o'z qo'llari bilan marmar yodgorlik ustiga qo'ngan changlarni artdi. Bilganicha onasi bilan vidolashdi. O'zi yollagan xizmatchi ayolning haqini oldindan berib, duosini oldi. Shundan keyin ko'ngli hiyla tinchlanib, yo'lga otlandi.
* * *
Podpolkovnikning «endi aka-uka bo'lamiz», degan gapi rostga o'xshab qoldi. Mirsolini aeroportda shaxsan o'zi qarshi oldi va to'g'ri nufuzli mehmonxonaga olib borib joylashtirdi.
— Hozircha shu yerda yashab turganing ma'qul, — dedi u. — O'g'riboshining o'limi, ana undan keyin «ubiysa»ni do'pposlaganing bir-ikkita marazlarning qulog'iga yetgan bo'lsa, tinchingni buzib yurishmasin. Harqalay musofirsan. Ehtiyotingni qilsang, zarar ko'rmaysan.
— Aytgancha, — dedi Mirsoli nimadir yodiga tushgan kabi sergaklanib. — «Topor» deganlarini taniysizmi?
— Be, u iflosni kim ham tanimaydi deysan, — javob qildi qo'l siltab podpolkovnik. — Bizning qo'limizgayam tushgan qachonlardir. Adashmasam, hozir ham o'g'rilar bilan osh-qatiq bo'lib yursa kerak. Nimaydi?
— Biz bo'lishib olgan pullar o'g'rilarning «abshak»i emish. «Bolshoy» ularni o'g'irlab o'zlashtirgan ekan. O'sha «Topor» pullar menga tekkanini eshitibdi.
— Hm-m, shunaqami? — bosh qashib oldi podpolkovnik. — Dayuslar-ey, bir-birini shilib yurishadi-yu, tag'in o'zlarini «panyatka»li deganiga o'laymi?!. Mayli, mehmonxonaga joylashganing durust bo'ldi. «Topor» bu yerdan seni topolmaydi… Voy yaramas-ey, arzimas pulni deb… Haligiday… O'shaning ishi bo'lsa kerak o'g'riboshining o'limiyam! Obbo dayus-ey! Nima qilsa bo'ladi-a? Menga qara, o'shani tilidan ilintirib tutib bermaysanmi? Qo'lingdan keladi-ku!
— U meni qidirib yurgan bo'lsa, haligiday…
— E, shunaqaydi-a? Uf-f, bunisini o'ylamabman-ku! Mayli, buni o'zimizning yigitlarga tayinlayman. Sen esa «Topor»ning ko'ziga ko'rinmaslikka harakat qil. Musofirsan, uka, o'zingni ehtiyot qil!..
Shu onlarda Mirsoli podpolkovnik bilan tortishib o'tirishni sira istamasdi. Azbaroyi charchaganidan tezroq prokuror ketishini kutayotgandi. Juda dam olgisi kelayotgandi. Qolaversa, «Topor» uni qidirib topgan taqdirda qanday usul bilan o'ch olishini bilardi. Shuning uchun podpolkovnik nima desa «xo'p» dedi. To chiqib ketguncha miq etmadi. Podpolkovnik ketishi bilan eshikni ichkaridan tambaladi-da, o'zini yumshoq divan ustiga otdi.
Mirsoli bilardi. «Topor» baribir uni qidirib topadi.
* * *
Ammo kechqurun negadir uyqusi qochdi. Qolaversa, tasodif tufayli bo'lsa-da, o'sha «Topor»ni uchratib qolishga, u bilan yakkama-yakka, erkakchasiga gaplashib qo'yishga qiziqib ketaverdi. Bir soatcha nomerda yotgandan so'ng kiyindi-yu, tashqariga otildi.
«Shahar aylanib yurganimni qaysidir gumashtasi ko'rib qolsa, ajabmas, — o'ylardi Mirsoli. — Ayni muddao bo'lardi. «Bolshoy»ning xunini to'latardim iflosga. Qaniydi…»
Markaziy xiyobondan o'tib, «dom»lar boshlangan yerga yetganda, qarama-qarshi tarafdan bir o'rta yashardan kattaroq ayol u tomon kela boshladi. Ayol og'ir sumkani ko'tarib olgan, har o'n qadamda to'xtab nafas rostlardi. Mirsoli ro'parasiga yetganda, unga ajablanib qarab turdi-da, daf'atan qichqirdi:
— O'g'li-im!..
Mirsoli hayron bo'lib ayolga yaqinlashdi.
— Yordam bervoraymi, xola? — so'radi muloyimlik bilan. — Sumkangiz og'irlik qilyaptimi?
— Sen… O'g'limmisan? — hovliqib, nafasi bo'g'ziga tiqilgudek so'radi ayol. — Mening bolammisan?
— Yo'q, — dedi Mirsoli kulimsirab. — Men o'g'lingizmasman. Shunchaki… O'tkinchiman. Bering, qo'lingizdagini oborishib qo'yaman.
— Yo'-o'q, sen… Otangga juda o'xshaysan, — dedi ayol sumkani Mirsolining qo'liga tutqazarkan. — Hozir… Uyimga borgin, otangning suratini ko'rsataman, ha! Yur, tezroq yuraqol!
— Adashtirdingiz shekilli, xola, — dedi Mirsoli battar hayrati ortib. — Men uzoq yurtdan kelganman. Musofirman.
— Otang ham musofir edi. Ana, qoshlaring, iyaging ostidagi xol! Mening bolamniyam shunaqa xoli boridi, ha, boridi!
— Men o'zbekman! — dedi nihoyat Mirsoli toqati toq bo'lib. — Siz esa…
— Ana, aytmadimmi? — dedi yanada jonlanib ayol. — Meni Nastya xola deb qo'yibdi, bolam. Men hech qachon adashmayman. Hayotim qurg'ur qaytib adashmaslikka o'rgatdi. Yurgin oldin, menikiga yetvolaylik! Ko'rsataman, ha, albatta ko'rsataman!..
Mirsoli itoat etishdan bo'lak chora topa olmasdi. «Mayli, shu ayolning sazasi o'lmasin», degan o'yda sumkani ko'targancha yo'lida davom etdi.
Ular chamasi bir kilometrcha yo'l bosib to'qqiz qavatli uy pod'yezdiga kirishdi. Nastya xola pildiragancha borib birinchi qavatdagi qora rangga bo'yalgan temir eshikni ochdi.
— Yur, o'g'lim, yur, — deya Mirsolini ichkariga yetakladi u. — Sen oshxonaga kirib tur! Sumkaniyam olib kiraver! Men hozir senga otangning suratini opchiqaman. O'sha nomard otangning suratini ko'rsataman!..
* * *
Nastya xola hash-pash deguncha qo'lida eski bir surat bilan oshxonaga chiqib keldi.
— Mana, ko'r, shu otangmi? — so'radi u Mirsoliga tik boqib. — Ko'r, yaxshilab qara!
Ne ko'z bilan ko'rsinki, suratda otasi kulimsirab turardi. Yigirma besh yoshlar atrofidagi qo'lida bir yarim-ikki yashar o'g'lini ko'tarib turgan bu odamni Mirsoli darhol tanidi va beixtiyor ko'zlariga yosh qo'ndi. Yuragining allaqaeri uzilib ketgan kabi seskanib Nastya xolaga boqdi.
— Axir… Siz bu suratni qaerdan oldingiz? — so'radi u yig'lab yuborishdan bazo'r o'zini tiyib. — Bu… Suratdagi men va otam-ku!
— Endi manavinisini ko'r, — Nastya xola o'ng qo'lidagi berkitib turgan ikkinchi suratni Mirsoliga tutqazdi. Suratda yana bir yarim-ikki yashar bolakay, otasi… Va yashil libosda Nastya xola turibdi. U otasining yelkasiga bosh qo'ygan ko'yi o'y surmoqda.
— Bu… Tag'in nima? Biz tanishmizmi? — duduqlanib Nastya xolaga javdiradi Mirsoli. — Q-qachongi surat bu?
— Hamma gap shunda, — dedi Nastya xola o'zini bosishga urinib. — Seni ko'rdim-u, ko'zimga o'tday ko'rinib ketding, bolam! O'z oyog'ing bilan oldimga kelibsan-a, jonim! Bir paytlar otang bilan yashadik, u o'shanda hov anavi yoqdagi armiyada xizmat qilardi. Orada sen tug'ilding. Ammo… Otang nomardlik qildi. Xizmati bitgandan keyin seni o'ynatib kelaman deb ko'chaga opchiqdi-yu, qaytmadi. Opketib qolibdi seni. Men ahmoq manziliniyam so'ramagan ekanman. Dugonalar, qarindoshlar aytishdi, «Top, qidir bolangni», deyishdi. Quloq solmadim. «Bolamning o'zi bir kun meni topadi», dedim-u, yig'lab-siqtab yashayverdim…
Nastya xola shunday deb yig'lab yubordi va Mirsolining yelkasiga osildi.
— Ketma, jon bolam endi, ketma! Men adoyi tamom bo'laman! Seni zo'rg'a topganimda ketma!..
Mirsoli xayollari chalkashib, yuragi o'rtanib, Nastya xolani qanday yupatishni bilmay turganda, tashqari eshik taqillay boshladi. Nastya xola apil-tapil ko'z yoshlarini artdi-da, yo'lakka yuzlandi.
— Biror qo'shni shekilli, sen o'tir, darrov qaytaman, bolam!
Mirsoli eshikning bezovta taqillashini eshitgandayoq, ko'ngli qandaydir noxushlikni sezgandek bo'lgandi. Nastya xolani ikki yelkasidan mahkam siqib shivirladi:
— Siz boshqa xonaga kirib turing! Eshikni o'zim ochaman!
— Nega? — unga javoban shivirlab so'radi Nastya xola. — Tinchlikmi, o'g'lim?
— Bular meni qidirib kelgan bo'lishi mumkin! Jim!
Mirsoli asta yurib bordi-da, eshikka quloq tutib so'radi:
— Kim u?
— Eshikni och! — tashqaridan erkak kishining do'rillagan dag'dag'ali tovushi keldi. — Bilamiz, sen Krutoysan! Och yaxshilikchasiga! Bo'lmasa eshikni buzishga majbur bo'lamiz!
— Oldin muddaoingni ayt, keyin ochaman!
— «Topor»dan senga salom aytgani keldik! Endi eshitdingmi? Och!
Mirsoli bir muddat o'y surib, shu orada Nastya xola tomonga bir qarab oldi-da, ovozini pasaytiribroq so'z qotdi.
— Bilaman hammasini! Eshitlaring, hozir eshikni ochmayman! Uy egasi og'ir kasal. «Topor» bilan «Proletar» ko'chasi ichkarisidagi eski bino hovlisida uchrashaman. Borib aytlaring! Bir soatdan keyin uni o'sha yerda kutaman. Senlar bilan pachakilashishga tobim yo'q. Obro'ying borida tez ketlaring va gapimni yetkazlaring!
Ovoz egalari o'zaro nimalarnidir gaplashishdi. Keyin esa qadam tovushlari uzoqlashdi.
* * *
Mirsoli bu zo'ravon bilan hisob-kitob qilishning ham antiqa usulini topgandi. Nastya xolani arang tinchlantirdi-yu, ikki soatdan so'ng qaytishga va'da berib tashqariga otildi. Qurol xuddi o'sha o'zi aytgan tashlandiq bino ichkarisiga berkitilgandi. Taksi tutib binoga birpasda yetib bordi va tom ostidan topib qo'ygan ishonchli joyga joylashdi. Tek o'tirgancha qurolni tayyorladi. Har bir vintini obdon tekshirib oldi. Bildi. «Topor» albatta keladi. Pul, alam, o'ch otashi uni shu yerga yetaklab keladi. Ana shunda… Mirsoli o'zi puxta rejalashtirgan ishni amalga oshiradi. Shundagina tinchlanadi. Xumordan chiqadi…
Bu gal ham xudo ishini osonlashtirdi. «Topor» deganlari uchta mashinada gumashta-yu, qo'riqchilari bilan birga bino hovlisiga kirib keldi. Atrofda zog' uchmasdi. Bu manzil begona ko'zlardan pana bo'lgani sababli mushtumzo'rlar, kallakesarlar shu yerni tanlashar, o'zlarining qabih amallarini mana shu hovli burchaklarida bajarib, yana hech narsa bo'lmagandek jo'nab ketishardi.
— Hoy, ona suti og'zidan ketmagan tirrancha boy! — qichqirdi bo'yi ikki metrga yaqin, kurtkasi yoqasini ko'tarib olgan erkak. Xuddi shuning o'zi «Topor» edi. — Qanisan? Qo'rqib ketdingmi bizdan? Qo'rqma! Seni ko'p qiynamaymiz! Pulni berasan-u, badanchang chumoli chaqqanday bir chimillaydi, tamom! Tinchlanasan-qolasan! Chiqaver! Akalaring rahmdil! Go'daklarga azob berib o'tirishmaydi!..
«Topor» hayiriqlarini to'xtatib, to'rt tomonga alanglay boshlaganda, Mirsoli tepkini bosdi. «Topor» bir metr nariga uloqib ketdi va yerga chalqancha quladi. Gumashtalari esa zir yugurib o'q otilgan joyni qidira boshlashdi. Ammo ulardan ikki nafari hojasining yonidan joy oldi. Shundan keyingina qolganlar vahima iskanjasida mashinalarga o'tirdi-yu, murdalarni-da unutib, g'oyib bo'ldi. Oradan besh daqiqacha vaqt o'tib, Mirsoli xotirjam pastga tushib keldi. «Topor»ning jasadiga, ketidan qolgan murdalarga hissiz qarab turdi.
— Bu dunyoda «zo'rdan zo'r chiqadi», degan gap bor, oka, — dedi qandaydir musiqa asbobi g'ilofiga joylangan qurolning uch qismini changallab. — Mana, o'g'riboshining o'chini oldim. Mard ekansan, xunini to'lading. Endi otaginam go'rida tinch yotadi. Qo'rqmalaring, yo'l-yo'lakay «Tez yordam»ga xabar beraman. Nomard emasman. O'liklaring ko'chada qolib ketmaydi!..
Shunday deb jadal qadamlar tashlagancha ko'chaga yo'l oldi.
* * *
Qo'li qongan belangan odamning yurish-turishida ham bejolik aks etib qoladi. Mirsoli o'ylashga, fikrlashga, mulohaza qilishga o'zida kuch, sabr topib, yana vodiyga yo'l olish harakatiga tushgan bo'lsa-da, militsionerlarni ko'rganda, o'zini yo'qotgandek bo'lar, ulardan uzoqroq yurishga intilardi. Shunday lahzalarda podpolkovnikning qanoti ostida ekanligi ham yodidan chiqib ketardi.
«Nastya xolaning xabari g'alati bo'ldi, — o'ylardi u yo'lovchi taksida vodiyga kirib borarkan. — Qanaqa ona? Nega suratlarimiz uning qo'lida turibdi? Nima bo'lgan o'zi? «Onangman» deb turib olishi g'alati bo'ldi. Mayli, shu bahonada enamning qabrini tag'in ziyorat qip kelaman. Shuncha gunohlarni bo'ynimga ildim, hali bu boshlanishi bo'lsa, bilmadim, qancha tavba qilib, xudoga yolvorarkanman. Yo'q, bu narsalarni o'ylamasligim kerak. Men marazlarni o'ldirdim, ular tirik qolsa yana qancha odamning boshiga yetishini yolg'iz xudo biladi. Ena!.. Nega o'ris ayoli menga ena bo'ladi? Qanaqasiga? Yetti uxlab tushimga kirmagan ishlar bo'lib ketyapti. Agar shunday bo'p chiqsa, nima qilaman? Qay ahvolga tushaman? Aytgancha, Zarinaning qabrini qanday topsam ekan? Ha, go'ristondagilardan so'rayman. Uning oldiga ham o'taman. So'zsiz o'tiraman tepasida… Ahmoq qiz, menga bildirmasdan kutgani… Nega unday qildi? Tushunmayman… Bilmayman…»
Mirsoli qishloqqa bormadi. Oldin asosiy ishni bitirish ilinjida yolg'iz ammasi To'fanisa opanikiga burildi. Darvozasiga yetgach, haydovchiga kutishni tayinladi-da, qo'lidagi mayda-chuydalar solingan sumkani qo'ltiqlagancha ichkariga kirdi. Ammasi hovlida kir yuvayotgan ekan. Mirsolini ko'rib bir muddat baqrayib qoldi.
— Nima, tanimadingizmi jiyaningizni? — kulib ammasiga yaqinlashdi u. — Hov, amma, bu men!..
— Voy, ammaginang o'rgilsin, — Mirsolining yelkasiga osilib yig'lab yubordi To'fanisa opa. — Bo'ylaringdan aylanay! To'g'ri meni ko'rishga keldingmi, jonim?
— Albatta, — dedi Mirsoli qo'lidagi sumkani ammasiga tutqazib. — Qani pochcham, jiyanlar? Hech kim yo'qmi uyda?
— Pochchang Rossiyaga ishlashga ketgan-ku, xabaring yo'qmi? Jiyanlaring qaygadir chiqishibdi. Kep qolishar. Yur, so'riga o'tir! Hozir ovqatga unnayman.
— Yo'q, kerakmas, — dedi Mirsoli birdan jiddiy tortib. — Ko'chada taksi kutib turibdi. Ketishim kerak. Hali qabristonga o'tishim zarur.
— Qo'y, qachoniydi menikiga kelganing, Mirsolijon! Bir do'ppi osh damlay! Akaginamni esla-ab birga osh yeylik! Yo'q demagin!
— Keyingi safar, — dedi Mirsoli betoqatlanib. — So'riga o'tiraylik, sizda gapim bor.
— Bo'pti, yur!
Mirsoli tok ostidagi so'rining bir chetiga omonatgina cho'kib ko'kka boqdi. Kuz oxirlab qola boshlagani daraxtlar yaproqlaridan ma'lum bo'libdi. Demak, hademay qish keladi. Shu daraxtlar zil-zambil qorni novdalarida bazo'r ko'tarib, xuddi Zarina halokatga uchrab halok bo'lgan kunda Mirsoli bosh eggan kabi bosh egishadi. Mana bunday hovlida o'tirib choylashishlar bo'lmaydi…
— Nima gap? — uning tinchini buzib ammasi yelkasiga qoqdi. — Tinchlikmi?
— Amma, meni yaxshi ko'rasizmi? — gapni uzoqdan boshlash ilinjida so'radi Mirsoli. — Faqat rostingizni ayting.
— Tavba qildim, — dedi ichiga tuflab To'fanisa opa. — Bu qanaqa savol bo'ldi, jonim? Yaxshi ko'rishimga shubha qilarmiding? Voy tavba-a-a!!!
— Yo'q, shubha qilmayman. — maqsadga o'tdi Mirsoli. — Bir narsani so'rasam ochig'ini, haqiqatni aytishingizni xohlardim.
— So'rayver, o'rgilay, so'rayver!
— Mening enam kim?
— Nima?.. — To'fanisa opa kutilmagan savolni eshitib, biroz dovdirab qoldi. — Enang? Kim bo'lardi? Rahmatli Orzi kelinoyim-da! Kim bo'lardi?
— Haqiqatni aytaman deb va'da berdingiz-ku! Ayting endi!..
To'fanisa opa boshini sarak-sarak qilgan ko'yi Mirsolidan ko'zini olib qochdi. Nimadir demoqchi bo'ldi-yu, istamadi. Ammo Mirsolining qaysarligini bilgani bois, birpaslik sukutdan so'ng qayta boshini ko'tardi.
— Ayting, amma, enam kim?!. — uni tezlardi Mirsoli. — Menga rost gapni ayting! Aytmasangiz bo'lmaydi.
— Birov nimadir dedimi? — so'radi To'fanisa opa javob berishga shoshilmay. — Jonim, kim miyangni zaharladi?..
— Amma, — dedi tizzasiga mushtlab Mirsoli. — Rossiyada Nastya xola degan ayol yasharkan. Uni tasodifan ko'chada uchratib qoldim. Meni bolam dedi, amma! Meni tanidi u! Ishonmadim. Narsalarini ko'tarishib uyiga olib borgandim, menga bilasizmi nimani ko'rsatdi? Otam rahmatli bilan tushgan suratlarimizni ko'rsatdi. Bunga nima deysiz, amma?
To'fanisa opa yana sukutga toldi. Yer chizgancha bir necha o'n soniya tek o'tirib qoldi. Lekin uzoq o'tirmadi. Ko'zlarida yosh g'iltillab, Mirsoliga javdirash aralash boqdi.
— Orzi kelinoyim rahmatli seni o'z bolasidanam a'lo qilib boqqan, — shivirladi u yig'lamsirab. — Sho'rlik nuqul qo'rquvda yashadi. Sening bolasi emasligingni aytib qo'yishmasin deb bir umr og'zimizni poylab o'tdi.
— Demak, mening enam u emas, shundaymi?
— Dadang rahmatli seni o'sha yoqlardan olib qochib kelgan ekan. Orzi kelinoyim esa tug'mas bo'lib chiqdi. Peshona-da!.. Shuning uchunmi… Senginani yer-ko'kka ishonmay katta qildi, jonim. Tushunaman, o'sha Nastya opayam rosa kuygandir. Otangdan ranjigandir, qarg'agandir. Ona-da! Bolasini o'g'irlab ketishadi-yu, qarg'amaydimi?!.Mirsoli bu gaplardan so'ng dast o'rnidan turdi.
— Rahmat sizga, amma, — dedi bosh egib. — Menam ahmoq, battolmasman. Orzi enamni haliyam yaxshi ko'raman, sog'inaman. Lekin Nastya enamniyam endi tashlab qo'yishga haqim yo'q. Ancha qaribdi. Bormay qo'yishimdan qo'rqib, telefon raqamlarimgacha olib qoldi. Bilaman, ko'z tikib o'tiradi yo'limga. Mayli, tez kunda boraman. Bilasizmi, hozir men bilan yursangiz, enam rahmatlining qabrini ziyorat qilsak. Aytgancha…
Mirsoli kissasini kovlab, bir dasta ko'kimtir pullarni chiqardi-da, To'fanisa opaga tutqazdi. — Mana bu pullarni meni duo qilib ishlatasiz, amma! Faqat olmayman demang. Qattiq xafa bo'laman.
— Iloyo yurgan yo'ling bexatar bo'lsin! — To'fanisa opa pullarni asta olib qaytadan Mirsolining yelkasiga boshini qo'ydi. — Kelinoyim tirik bo'lsa…
— Jim, amma! — dedi Mirsoli beixtiyor o'pkasi to'lib. — Unday demang! Mana ko'rasiz, enamning ruhini shod qilaman. Nimaiki kerak bo'lsa, hammasini bajaraman! Enam rahmatli uyoqlarda mendan rozi bo'lsa bas. Yuring endi, vaqt ketmasin! Hali samolyotgayam ulgurishim kerak!..
To'fanisa opa yugurgancha ichkari uyga kirib boshiga ro'molini tang'idi-yu, Mirsolining oldiga tushdi.
* * *
— Ena, meni kechiring, — onasining qabri tepasiga tiz cho'kib so'z boshladi Mirsoli. — Mening enam ikkitaligini hozirgina bildim. Faqat siz bezovtalanmang! Sizniyam, o'sha Nastya enamniyam yaxshi ko'raman. Sizlar jannatisizlar, jannati, ena! Iltimos, izn bering! Nastya enamgayam farzandlik qilay! Burchimni ado etay! Axir, u kishidayam ayb yo'q. Meni dunyoga keltiribdi, oq sut berib boqibdi, meni yo'qotibdi, kutibdi, yig'labdi, kuyibdi! Oq sut bergan ayolni tashlab qo'ya olmayman-ku! Ammo sizning oldingizga albatta kelib turaman. Sizni juda-juda yaxshi ko'raman, sog'inaman, ena!..
To'fanisa opa ancha narida edi. Mirsoliga xalal berib qo'ymaslik uchun jimgina turar, qaytishini kutardi. Shu mahal qabrdan nariroqda, taxminan bir yarim metrcha yuqorida Orzi xolaning siymosi namoyon bo'lgandek tuyuldi. Mirsoli bu siymoni aniq ko'rdi. Ko'rdi-yu, yuragi hapriqib dast o'rnidan turdi. O'sha tomonga yurmoqchi bo'ldi. Lekin oyoqlari o'ziga bo'ysunmadi.
— Siz… Sizmisiz? — deya oldi zo'rg'a. — T-tirikmisiz, ena?..
— Yo'q! — ovoz yuqoridan emas, qabr ichkarisidan eshitilgandek bo'ldi. — Tirik emasman, bolam! Yuragimni kuydirvording-ku yig'layverib! Yig'lamagin! O'sha o'ris enangni tashlama! Mehr ber, mehr!..
Tovush tingani hamono yuqoridagi siymo ham g'oyib bo'ldi. Mirsoli esa baribir o'ziga kela olmasdi. Qo'rqibmi, yoki hayjonlanibmi, ehtiyotkorona ortga tislandi. O'zi sezmagan holda bilgan duolarini o'qidi va orqalay-orqalay ammasi yoniga bordi.
— Amma, men… Enamni ko'rdim, ha, ko'rdim! — dedi u To'fanisa opani quchoqlab. — U bilan gaplashdim, gaplashdim!
— Qo'y, yig'lama, qo'zim, yig'lama, — Mirsolining yelkasini silay-silay yupatardi ammasi. — Xudoyimning qudrati bilan senga ko'rinish bergandir-da kelinoyim! Manavinaqangi marmarlar bilan go'rini yasatib qo'yganingdan xursand bo'lib ketgandir-da! Qorong'i go'ri nurga to'lsin iloyim!
— Enam o'ris enangni tashlama dedi, amma! Mana shu quloqlarim bilan eshitdim ovozini!
— Bo'pti, yur, ketaylik endi, — Mirsolini oldinga yetakladi To'fanisa opa. — Tashlama degan bo'lsa, tashlamagin! Enang-da uyam!
— Be, amma, — yig'i aralash so'zlanardi hanuz Mirsoli. — Tashlash nimasi? Men Nastya enamni koshonaga ko'chirib o'taman. Qishloqqayam opkelaman, mana ko'rasiz! Enamning qabriga opkelib, gaplashtiraman!..
— Niyatingga yetkazsin, — mahzun javob qildi To'fanisa opa ichi kuyganini sezdirmaslik uchun majburan jilmayish qilib. — Sen dunyoda eng yaxshi qondoshimsan! Seni xudoyimning o'zi begona yurtlarda ofatlardan asrasin!..
Mirsoli o'sha kuniyoq samolyotga o'tirib ortga qaytdi. Yosh qalbi nimalar bo'layotganini anglab ulgurmagan bo'lsa-da, hayajonlanar, kuni kecha odam o'ldirganini, murdalarga qarab sovuq so'zlaganini, melisalardan narilay-narilay yurganini ham unutib, xuddi yettinchi osmonda parvoz qilayotgan erkin qush kabi to'lqinlanishdan tiyila olmasdi.
Manzilga yetgach, tanish kvartiraga kirdi-yu, narsalarini bir chetga irg'itib, ko'zlariga ishonmay, hayratdan tosh qotib qolgan Nastya xolani mahkam quchoqladi va qulog'iga shivirladi:
— Enajonim!
(davomi bor)
Olimjon HAYIT
