Xtales.ru

Snayper 3 (kamolov)

Mashina shahar ko'chalari bo'ylab o'qdek uchgancha ulkan bir bino ro'parasiga kelib to'xtadi. Vasya motorni o'chirdi-yu, gap-so'zsiz pastga tushdi. Mirsoli ham uning harakatlarini ilg'ab eshikni ochdi va tashqariga chiqib bino tomon tikilib qolgan Vasyaga yaqin bordi.

— Xo'sh, nega to'xtadik? — so'radi u yelka qisib. — Shu yermi manzil?

— Ha, — javob qildi Vasya ikki qo'lini musht qilib. — Shu yerda xayrlashamiz, brat! Siz shu bino ichkarisiga kirasiz. Sizni… Kutishyapti…

— Balki kimlar kutayotganini endi aytarsiz? Men… Taniymanmi ularni?

— Kirganda bilasiz. Ammo ishoning, hammasi yaxshi bo'ladi. Menga… Ruxsat endi. Ketmasam bo'lmaydi…

Nimayam derdi?!. Mirsoli mashinadan sumkasini oldi-da, shoshilmasdan bino tarafga qarab yurdi. Ichkariga faqat bir eshikdan kirilardi. Bu bino bir qarashda katta zavodni ham yodga solar, faqat atrof suv quygandek jimjitligi, zog' uchmasligi ko'ngilga picha xijillik solardi.

«Bu zo'ravonlarga hayronman-da, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli eshik ro'parasiga yetganda, birdan to'xtab. — Topganlari manavinaqangi qarovsiz, kimsasiz joylar-a! Tuzuk-quruq yerda kutib olishsa, asakasi ketarmikan?..»

Shunday xayollar qurshovida eshikni ochib ichkariga qadam qo'ydi. Haqiqatan ichkari zavod, fabrikalardagi kabi birgina, kattakon xonadangina iborat edi. Qorong'i bo'lgani bois Mirsoli timirskilana-timirskilana chiroqni bir amallab yoqdi. Yoqdi-yu, tosh qotib qoldi.

Ne ko'z bilan ko'rsinki, ikki-uch metr narida qandaydir erkak qonga belanib yotardi.

Mirsoli chopgancha borib erkakning tepasida hozir bo'ldi. Bu galgi manzara uni battar dahshatga soldi. Chunki polda yotgan kimsa yaqindagina unga yordam qo'lini cho'zgan polkovnik edi.

— O'rtoq polkovnik, ko'zingizni oching! — jazava iskanjasida qolgan Mirsoli murdani siltay boshladi. — Sizga nima bo'ldi? Nega? Ko'zingizni ochsangiz-chi!.. Hozir… Hozir «Tez yordam» chaqiraman!..

Afsuski, o'rnidan turishga-da ulgurmadi. Daf'atan eshik sharaqlab ochilib, ichkariga qurollangan askar kiyimidagi, yuzlariga qora niqob tortgan o'n chog'li yigitlar yugurib kirdi. Ularning uch yoki to'rt nafari kela solib Mirsoliga yopishdi. Uni kuch bilan polga yuztuban qulatib, ikki qo'lini qayirib olishdi. Qolganlar esa tepasida qurol o'qtalgancha tosh qotishdi.

— Ha-a, baribir marazligingga boribsan-da, — o'shqirdi kimdir tepasiga kelib. — Ona suting og'zingdan ketmagan-u, odam o'ldirishni boshladingmi? Mana endi ko'rasan ko'radiganingni, iflos, churvaqa! Turmada seni boshqatdan tarbiyalab qo'yishadi! Olib chiqing buni!..

Mirsoli hech narsani tushunmasdi. Panjaralardangina iborat mashinada ketib borardi-yu, ich-etini yerdi. Aeroportda kutib olgan haydovchi, mashina, manzil… Bularning barchasi Mirsolining miyasini kemirardi.

* * *

Bu gal Mirsoli militsiya bo'limida oddiy katta leytenant bilan «hamsuhbat» bo'lishini angladi. Soqchilar kabinetga olib kirgach, uzun bo'yli, yuzlari zaxil, ko'zlari qisiqdan kelgan tezkor guruh xodimi, xuddi o'sha bino ichkarisida tepasiga turgancha so'kingan leytenant qarshisidagi kursiga o'tirib oldi-da, savolga tuta boshladi.

— Xo'sh, tirrancha, nima ish qilib qo'yganingni bilasanmi? Kimni o'ldirganingni anglayapsanmi? Gapir, iflos! Yo boshqachasiga gapirtiraymi?

Mirsoli javob berishga shoshilmadi. Mashinada yo'l bosib kelish davomida ancha o'zini to'xtatib olgan, bularning barchasi militsionerlarning navbatdagi nayrangi ekaniga amin bo'la boshlagandi. Chunki ularning barchasi Mirsolining kimligini juda yaxshi bilishadi. Shu kunga qadar qilib yurgan ishlari, kimlarni polkovnikka tutib bergani-yu, shu ish bahona Dimaning hayotiga nuqta qo'yganigacha xabardor etilgani ma'lum.

«Valera to'g'ri aytgan ko'rinadi, — ko'nglidan kechirardi Mirsoli qarshisidagi militsiya xodimiga yer ostidan qarab qo'yib. — Zo'r bo'lish, haqiqiy hayotni ko'rish uchun turmaga tushib chiqish kerakka o'xshaydi. Balki o'shanda duch kelganga ishonib ketavermasman, uchragan mashinaga o'tirib olmasman?.. Turmasidayam bizga o'xshaganlar o'tiradi-da! Meni yamlab tashlamas, harqalay?!.»

— Vey, maraz, gapirasanmi-yo'qmi? — xayollarini bo'lib ikki yelkasiga chang soldi militsioner. — Boshingni ko'tar, dedim!..

— Aka, men… Hech kimni o'ldirmadim! — dedi Mirsoli asabiy lab tishlab. — Meni… Qandaydir Vasya degan…

— O'chir chakagingni! — baqirib stolni mushtladi militsioner. — Mana, polkovnikning tanasida barmoq izlaring ham bor! Yana senga nima kerak?

— Axir…

Baxtga qarshi katta leytenant umuman gapirishga, o'zini oqlashga qo'yishga izn beradigan holatda emasdi. U Mirsolidan faqat iqror kutar, turli yo'llar bilan qotillikni bo'yniga oldirishga urinardi.

— Bilasanmi, seni hozir nima qilaman? — tepasiga kelib boshiga bosh barmog'i bilan niqtashga o'tdi militsioner. — Yo'q… Tasavvur qilasanmi nima bo'lasan?..

Xuddi shu muomalasi Mirsolining ensasini qotirdi. Sabr kosasini to'ldirdi. Shu lahzalarda u beixtiyor tepasidagi qisiq ko'z militsionerning tanbeh-u dag'dag'alariga chidab o'tirgandan, tezroq turmaga borishni xohlay boshladi.

— Xo'sh, nima qilasiz? — boshini dast ko'tarib, militsionerga tik boqishga majbur bo'ldi Mirsoli. — Qamaysizmi? Qamang! Nega qarab turibsiz?..

Katta leytenent dag'dag'alarini davom ettirishga ulgurmadi. Kutilmaganda telefoni jiringlab qoldi. U kim bilandir salomlashdi-yu, bir muddat suhbatdoshini tek turib tinglagach, «Xo'p, tushunarli, hozir bajariladi», degancha telefonini kissasiga soldi va bir qadam ortga tislanib, Mirsoliga ma'noli boqdi.

— Ana, endi kuningni ko'rasan, tirrancha, — dedi u Mirsoliga. — Hozir seni bir okaxonning huzuriga olib borishadi. O'sha odam seni to'tiday sayratadi. Yaxshilikni bilmagan… Soqchi! Soqchi dedim!

Zum o'tmay, eshik ochilib, kabinetga boshqa bir militsioner kirdi.

— Labbay, o'rtoq katta leytenant!

— Manavini Ivan Alekseevichning huzuriga olib boringlar hoziroq!

— Xo'p bo'ladi!..

* * *

Mirsolini soqchilar boshqa bir manzilga olib borishdi. Bino ichkarisiga ham uni butkul o'zga militsionerlar olib kirdi. Mirsoli tushundiki, bu militsiyadan-da obro'liroq, nufuzi yuqoriroq joy. Shunday ekan, yana u bilan yulduzi yirik pogonlar taqqan shaxslar gaplashadi. Shunday bo'ldi ham. Faqat kabinet to'rida savlat to'kib o'tirgan o'rta bo'yli, ozg'inligidan yuzlari ichga botgan, ammo bashang kiyimi o'ziga yarashib tushgan erkak qarshi oldi.

— Men podpolkovnik Timofeevman, — o'zini tanishtirdi u. — Bu yer, yigit, prokuratura. Shuning uchun har gapingni o'ylab gapirishingga to'g'ri keladi. Tushuntira oldimmi?

Mirsoli javob o'rniga bosh silkib qo'ya qoldi.

— Bilaman, — Timofeev o'rnidan asta turdi-da, Mirsolining tepasiga yaqinlashdi. — Sen, bola juda yoshsan. Hali dunyoning nimaliginiyam anglab ulgurmagansan. Lekin baland dorga osilibsan. Qo'rqmaysanmi?

— Nimadan? — sira tap tortmay, savolga savol bilan javob qaytardi Mirsoli. — Sizdanmi?

— Bu yerda savolni men beraman, — jahl aralash unga boqdi podpolkovnik. — Uqdingmi?

— Uqdim.

— Bu boshqa gap… Xullas, bilaman, ishonaman, sen polkovnik Ivanovni o'ldirmagansan. Ammo qo'limizda senga qarshi dalillar bor. Judayam ko'p. Bilasanmi?

— Bilmayman.

— Shunday ekan, — Mirsolining javobini go'yoki eshitmagandek davom etdi podpolkovnik. — Qamalishing tayin. Qamoqdan qo'rqmaysanmi?

— Peshonamdagini ko'raveraman.

— O', dadilsan-ku juda! Afsuski, qo'rqishingga to'g'ri keladi. Chunki seni militsiyada ishlab qamalganlar orasiga tashlashadi. Bu tayin. Ular orasida Ivanovning tarafdorlari bor. O'shalar seni…

— Meni qo'rqitishning keragi yo'q, — dedi Mirsoli garchi podpolkovnikning so'nggi gapini eshitib, yuragiga biroz g'ashlik rahna solgan bo'lsa-da. — Qo'rqaverib pishib ketganman.

— Botirligingni-chi, boshqa joyda ko'rsatasan, — podpolkovnik bu javobdan battar achchiqlanib, Mirsolining ikki yelkasiga chang soldi. — Gapir, buqacha, tergovga yordam berasanmi-yo'qmi?

— Yordam? — Mirsoli militsiya qurshovida qolgan lahzalardanoq taqdirga tan berib bo'lgandi. Shu sababmi, iloji boricha o'zini qo'lga olishga, boshini yanada tik tutishga urinardi. — Nega?

— Agar yordam bersang, qamalmaysan. Tirikchiligingni o'tkazib yuraverasan. Oldingda ikkita yo'l turibdi. Yo bizga yordam berib, jazodan qutulib qolish, yoki boya aytganimday turmadagi Ivanov tarafdorlari qo'lida o'lim topish. Har holda juda yoshsan, qancha orzularing bordir. Kallangni ishlatsang-chi, bola!

— Nima qilishim kerak? — boshini ko'tarib podpolkovnikka tik boqdi Mirsoli. — Kimnidir qidirib topishmi? Haligi… «Atmaro'zka»lar…

— Ovozingni o'chir! — jerkib tashladi podpolkovnik. — Senga kim qo'yibdi bunaqa gaplarni? O'zing o'shanaqasan-ku! Tag'in katta ketishingni qara-ya!

— Uzr, — dedi Mirsoli arang o'zini tiyib. — Bir kep qoldi-da!

— Yordam berasanmi bizga yo…

— Aytavering, — Mirsoli hiyla jussasini orqaroqqa tashlab qaytadan podpolkovnikka tik qaradi. — Sizlarning qo'lingizdaman! Qochib qaergayam borardim.

— Ish ancha mushkul, — deya ortga tislandi podpolkovnik yuziga tabassum yugurib. — Uddalarmikansan?

— Oldin ayting-chi!

— Qisqasi, turmalarning birida Mahmud degan bir maraz o'tiribdi, — gap boshladi podpolkovnik. — Xuddi o'sha yaramas Ivanovni o'ldirishga buyurtma berganini bilamiz. Baxtga qarshi qo'limizda aniq isbot yo'q. Ishing o'sha nusxani tilidan ilintirib berishdan iborat bo'ladi. Eplaysanmi?

— Eplashga eplayman, — dadil javob qildi Mirsoli. — Faqat bir lekini bor-da!

— Yana nima?

— Baribir turmaga tusharkanman-ku! Buni qanday tushunish kerak?

— Sen turmaga bekitiqcha, vaqtinchaga joylashasan. Bu ishni biznikilar qoyillatadi. Ish bitgandan keyin chiqib ketasan. Ma'qulmi?

— Basharti o'sha Mahmud bilan mushtlashib qolib… Biryoqli qilib qo'ysam. Bilasiz-ku, buyurtma bergan bo'lsa, oddiy odammas. Unaqalarni tilidan ilintirishning o'zi bo'lmaydi. Buning ustiga meni tanimasa. Umrida birinchi marta ko'rib turgan odamga gapiravermas?..

— Sen haqsan. Ammo bilib qo'y. Ma'lum muddat bir kishilik kamerada o'tirishingga to'g'ri keladi. Mahmud xuddi o'sha turmaning «paxan»i hisoblanadi. Bilasanmi bu nima degani?

— Bilaman, yosh bolamasman.

— Ifloslarning tilida shunaqa-da! «Paxan» bo'lgandan keyin turmadagi jami mahbuslar unga bo'ysunadi. Sen bo'lsang, asta-sekin Mahmudning ishonchiga kirish yo'lini qidirasan. Va topasan. Topmasang bo'lmaydi.

— Tushunaman, — dedi Mirsoli daf'atan xayoliga o'rlay boshlagan o'ylardan yanada sergaklanib. — Ammo turma hayoti haqida ko'p eshitganman. Men… Kim bo'lib boraman u yerga? Qaysi jinoyat bilan qamalgan bo'laman-u, nima deyman? Harqalay, turmada o'tirgan mahbuslar ahmoq emas-ku!

— Senga qoyil qola boshladim, — dedi podpolkovnik bosh irg'ay-irg'ay. — Bu narsalarni bilishingni tasavvur ham eta olmasdim. Xafa bo'lmagin-u, seni shu gapni gapirguningcha, ahmoq bir yigitchaday tasavvur qilayotgandim. Mana, endi seni yaxshiroq taniy boshladim. Haqsan, turmadagi jinoyatchilar rostdanam ahmoqmas. Buni bizam bilamiz. Shunday ekan, senga bor gapni gapirishim shart. Xullas, Mahmud polkovnikni o'ldirishga buyurtma bergani haqiqat. Lekin u killerni ko'rmagan va umuman tanimaydi. Killer senga o'xshagan bo'z yigitligini-ku, tasavvur ham eta olmasa kerak. Shunday ekan, sen polkovnikning qotili sifatida turmaga kirib borasan. U yerda marhumning dushmanlari istagancha topilishiga ishonaman. Demak, seni quchoq ochib kutib olishlari tayin. Hatto, birinchi kundanoq mahbuslar orasida hurmat qozonishing ham aniq. Xo'sh, tushuntira oldimmi?

— Ha, — dedi Mirsoli podpolkovnikning javobidan qoniqish hosil qilgandek mamnun bosh silkitib. — Tushundim. Aytgancha… Boya qo'rqitganday bo'lgandingiz. Agar taklifingizga ko'nmasam-u, siz meni sobiq militsionerlar o'tirgan turmaga jo'natsangiz, nima bo'lardi? Meni… O'ldirisharmidi?

— O', — podpolkovnik qaytadan kursiga cho'kdi-da, gavdasini orqaga tashladi. — O'ldirgandayam, uzoq vaqt qiynab o'ldirishardi. Bu ishingni sira kechirishmasdi. Nima, taklifimdan bosh tortmoqchimisan? O'sha turmaga tashlashimni xohlayapsanmi? Joningdan to'ydingmi?

— Yo'g'-e, — dedi Mirsoli sovuq kulimsirab. — Shunchaki so'radim-da!

— Rozimisan unda? Bizga yordam berasanmi?

— Boshqa variant ham yo'q-ku! — norozi javob qaytardi Mirsoli. — Qochib qaergayam borardim?

— Juda soz. Unda hozir damingni ol! Hech narsani o'ylama! Tez kunda turmaga jo'naysan. Men ishni tezlataman. Uzoq kutmaysan.

— Basharti, aytganingizni qilsam-u, meni chiqarib olmasangiz, turmada qolib ketsam-chi?

— Ahmoqona savollarni berma, bola! — dedi podpolkovnik. — Men hayotda so'zimdan qaytmaganman. Ishni bajar, o'sha kuniyoq ozodlikka chiqasan. Hech kim yo'lingga ko'ndalang bo'lmaydi!..

Mirsoli ichki ishlar bo'limi yerto'lasidagi alohida kameraga kirgach, soqchi eshikni tashqaridan sharaqlatib yopdi-yu, shu zahoti qadam tovushlari uzoqlashdi. U kameraning sho'r bosgan devorlariga ayanchli tikilgancha boshini changallab oldi. Shu tobda yuragiga qil sig'mas, qilib qo'ygan ishlaridan afsus chekardi. Aksiga olgandek, kameraning betonlangan poli bo'ylab kattakon suvaraklar chopqillay boshlaganini ko'rdi. To'g'ri, qishloqda ham suvaraklarni ko'p uchratgan. Ammo bu qadar kattakoniga ro'baro' bo'lmagandi. Suvaraklar shunchaki chopmas, qandaydir yoqimsiz tovush chiqargan ko'yi chopqillardi.

Mirsoli militsiya bo'limi yerto'lasidagi kamerada bir haftadan ziyod yashab, bo'lari bo'layozgandi. Har soniyada bag'rini nadomat, alam, nafrat o'ti kuydirar, o'zini qo'yarga joy topolmasdi. Alamlar xezlangan mahal o'chini beton pol-u supadan olardi. O'zboshimchalarcha tutgan yo'lidan qaytishga imkon yo'qligini his etgani sayin nafasi bo'g'ilar, nazdida hayot tugab borayotgandek, endi hech qachon mana shu to'rt devordan bo'lak hech narsa hamroh bo'la olmaydigandek tuyulardi.

Roppa-rosa sakkiz kun deganda ertalab kamera eshigi ochilib, soqchilar hamrohligida podpolkovnik kirib keldi. Uning yuzlarida tabassum zohir edi.

Tushkunlik girdobiga deyarli g'arq bo'layozgan Mirsoli hech narsa bo'lmagandek istar-istamas o'rnidan qo'zg'aldi-da, podpolkovnikka savol nazari bilan sovuq boqdi.

— Mana, kutilgan lahzalar yaqin, — dedi podpolkovnik kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Hoziroq «SIZO»ga jo'naysan. Ketishingdan oldin ba'zi narsalarni senga tayinlab qo'yishim kerak. Tayyormisan?

Mirsoli indamay yelka qisdi.

— Sen tanishishing zarur bo'lgan odamning ismi Timofey, — dedi podpolkovnik. — Yoshi oltmishdan oshgan. Laqabi «Bolshoy». Nega bunaqa desang, ja gavdali, beso'naqay maraz. Qarib qolgan bo'lsayam, kuchi ko'p yaramasning. Shuning uchun muomala qilganda ehtiyot bo'lgin. Umuman, senam chakkimassan-u, ehtiyot shart aytib qo'yapman-da! Nega bo'shashasan, yigit? Qo'rqyapsanmi?

Mirsoli uning so'nggi savoli yoqinqiramay, birdan qovog'ini uydi-yu, yer chizgan holatda to'ng'illadi:

— Men faqat xudodan qo'rqaman!

— Juda yaxshi. Unda Xudo senga yor bo'lsin! Aytib qo'yay, bizga uni to'liq tutib bermaguncha, turmadan chiqmaysan. O'ylab ish qil, har kimning gapiga ishonib, g'o'rlik qilib qo'yma! Shu ishingga qarab o'zingning taqdiring ham hal bo'ladi. Yoshlik qilib birovlarning nog'orasiga o'ynab qo'ymagin!

— Men tayyorman, — dedi Mirsoli tezroq kameradan ochiq havoga chiqish ishtiyoqida yonib. — Hamma gapingizni tushundim. Siz aytganday ish tutaman!

— Juda soz! Qani, yo'lga unda! Akalaring seni olib borib qo'yishadi. Qo'rqma, turmadagilar ogohlantirilgan. Hech kim senga qattiq gapirmaydi.

Mirsoli o'rgatilganidek haqiqiy mahbuslar kabi ikki qo'lini orqaga olgan ko'yi bosh eggancha soqchilarning oldiga tushdi.

* * *

Militsiya bo'limida ko'rganlari xamir uchidan patir ekaniga Mirsoli «SIZO» hovlisiga kelib tushgandan so'ng amin bo'ldi. Mashina to'xtaydigan yerda uch nafar soqchi qo'llarida qurol tutgan holda shay turishar, ularning biri ovcharka it ham yetaklab olgandi. Mirsoli mashinadan tushgani hamono it unga qarab vovillay boshladi. Soqchilar esa odatga ko'ra, Mirsolini charm tayoq ta'qibida ichkariga haydashmadi. Aksincha har bir buyruqni muloyim va xotirjam ohangda tilga ko'chirish bilan cheklanishdi. Ichkaridagi navbatchilik qismida ham hech kim Mirsoliga ola qaramadi. Turtkilab, kaltaklamadi. Qoida bo'yicha shoshilinch kiyimlarini paypaslagan bo'lishdi-yu, kameraga olib kirishdi. Prokuror aytganidek, uni bir kishilik kameraga qamashdi. Bu yer harqalay militsiya bo'limidagidan ancha shinam ekan. Panjarali deraza ostiga karavot qo'yilibdi. Karavotning oyoq uzatiladigan tarafiga oppoq choyshablar tashlanibdi.

Soqchilar eshikni tashqaridan yopgach, Mirsoli choyshabni yaxshilab yoydi-da, o'ziga o'rin to'shadi.

— Bu yer odam yashasa bo'ladigan ekan-ku, — dedi ovoz chiqarib. — Suvaraklar ham ko'rinmayapti. Sassiq hid ham yo'qqa o'xshaydi. Buyog'i nima bo'larkan? Timofey o'g'riboshi deganlari qanday odam ekan? Prokuror uni sovuqqon degandi. Odamgarchiligi bordir, axir!?. Yo unaqamasmikan? Qanday til topishar ekanman-u, qay yo'l bilan uni gapirtirarkanman? Xudo biladi. Ha, mayli, dam olay-chi, bir gap bo'lar! Qamoqlarigayam, o'g'riboshilarigayam tupurdim! Shunaqa deyman-u, cho'zib nima qildim? Hozir o'sha ishini qoyillatsam nima bo'ladi? Bu to'rt devori ichida qachongacha o'tiraman?..

Shunday deb Mirsoli eshikka yaqin bordi-da, bor ovozda baqirdi:

— Soqchi! Eshikni och!

Eshikdan uzoqlashib ulgurmay, soqchi eshikni ochib ichkariga mo'raladi.

— Nima gap?

— Mening prokurorimni chaqirib bermaysizmi?

— Qaysi prokuror?

— Navbatchilik qismidagilardan so'rasangiz, aytishadi. Ayting-ki, men ishni hoziroq boshlamoqchiman! Faqat tezroq, iltimos! Yangi g'oya paydo bo'ldi!

— Bo'pti, kut! Shovqin solma!

* * *

Oradan taxminan yarim soat, qirq daqiqa o'tib, xuddi o'sha podpolkovnik kameraga kirdi. Uning kayfi chog' edi. Kiriboq karavotning bir chetiga o'tirdi-da, Mirsoliga hazillashdi.

— Ha, «Krutoy janoblari», biz faqirlarni yo'qlatibsiz? Tinchlikmi? Qanday xizmat ko'rsataylik?

— Ja unchalikmasdir, o'rtoq nachaylik, — dedi Mirsoli biroz xijolat tortib. — Odamni bunaqa noqulay ahvolga solib qo'ymang-da endi!

— Yo'g'-e, — dedi podpolkovnik picha jiddiylashgan bo'lib. — Xijolat bo'ldilarmi? Negadir ishongim kelmaydi.

— Koroche, men hoziroq ishni boshlasam devdim, — maqsadga ko'chdi Mirsoli. — Qancha tez tugatsam, shuncha tez chiqaman-ku manavi yerlardan! To'g'rimi?

— To'g'ri, — dedi podpolkovnik. — Faqat… Shoshilmayapsanmikan? Bugun tiniqib uxlasang, qiladigan ishlaringni kallangda pishitsang, qanday bo'larkin?

— Allaqachon pishitib bo'lganman. Boshlasam, yomon bo'lmasdi.

— Shunaqami? Xo'sh, ishni nimadan boshlamoqchisan?

— Meni o'sha Timofeyga yaqinroq aristonlarning kamerasiga olib kirishsa, ular orqali o'g'riboshiga yaqinlashishim mumkinday tuyulyapti. Har holda ahmoqmasdir meni darrov yoniga chaqirib? Yo adashyapmanmi?

— Yo'q, — Mirsoliga qattiqroq tikilib javob qildi podpolkovnik. — Kallang endi ishlay boshlabdi. Juda to'g'ri o'ylabsan. Timofey ja ehtiyotkor odam. Uncha-muncha aristonni kamerasiga chaqiravermaydi. U manaman degan boyvachcha bo'lsayam, oldin surishtiradi, o'rganadi. Xo'p, bugun seni bir kameraga olib kirishadi. O'sha yerda o'g'riboshining hamtovoqlaridan biri bilan tanishasan. Ismini eslab qol. Jora. Laqabi «kallakesar».

— Odam so'yganmi?

— Bunchalik qo'pol gaplarni gapirma-da, — sovuq kulimsirab daricha tomonga bosh burdi podpolkovnik. — Bo'ynida bir nechta qotillik jinoyati osilib turibdi. Umuman, juda sovuqqon va jiddiy ariston. Fe'li o'ta og'ir. Sal narsaga tutoqib ketaveradi. U bilan til topishishning o'zi bo'lmaydi. Uqdingmi?

— Uqdim.

— Uddalaysanmi?

— Uddalayman.

— Mayli, omadingni bersin!

Podpolkovnik chiqib ketdi. Mirsoli esa xayolan, ruhan yangi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ra boshladi.

* * *

Taxminan ellik daqiqa o'tgach, kamera eshigi qaytadan ochilib, ostonada tanish soqchi hozir bo'ldi.

— Qo'llaringni orqaga qilib, yo'lakka chiq, — buyurdi u Mirsoliga. — Endi devorga o'giril! Juda yaxshi. Qani, oldinga yur!..

Militsiya bo'limiga ilk bor tushgandan beri Mirsoli bu taxlit buyruqlarni deyarli yod olgan, jahli ham chiqmay qo'ygandi. Itoat bilan oldinga qarab yurdi. Chamasi o'ntacha kameradan o'tgach, soqchining qayta buyrug'i jarangladi:

— To'xta, devorga o'giril!

Soqchi o'ngdagi kamera eshigini ochdi-da, buyurdi:

— Ichkariga kir!

Kamerada uch ariston bor edi. Mirsoli o'rtadagisini darrov tanidi. Podpolkovnik ta'riflaganidek qoracha, keng yelkali, bilaklari ignali yozuvlarga to'laligi uchun ham tanidi. Qolganlarining bo'yi undan pastroq, ikki chetda qisinibroq turishidan «kallakesar»ga tobeligi ko'rinib turardi.

— O', kimni olib kirishdi kameramizga, — deya birinchi bo'lib «kallakesar» unga peshvoz chiqdi. Xojasiga yoqish uchunmi, qolganlari ham beo'xshov kulib oldinga yurishdi. — Vey, bilasanlarmi bu kim?

Yugurdak mahbuslar «kallakesar»ga atayin savol nazari bilan baqraygancha boqishdi.

— Bu «Krutoy»ning o'zginasi, — davom etdi «kallakesar» ikki qo'lini yonboshiga yoyib. — O'sha maraz mentning hayotiga shu bola nuqta qo'ygan. Ammo… Negadir yoshga o'xshayapsan, uka! Nahotki, shu yoshda polkovnikday kattakonlarni o'ldira oladigan kuchga ega bo'lsang? Xo'sh, nima deysan?

— Men qilgan ishim haqida pul bergan odamga hisob berib bo'lganman, — xotirjam javob qaytardi Mirsoli. — Endi sizga hisob berishim shart bo'lmasa kerak.

— To'g'ri, — dedi «kallakesar» bosh qashib. — Buni tushunamiz. Faqat… Manavi akalaring bilan bizgayam qanday o'ldirganingni ko'rsatib berasanmikan deb o'ylovdik. Yo…

— Yana takrorlayman. Men o'zimga tegishli sirlarni birovlar bilan baham ko'rmayman.

— Mayli, uka, — «kallakesar» bir qadam ortga tislandi-da, burchakdagi karavotlarning pastkisiga ishora qildi. — Qani, hov anavi karavotga o'tir, uka! Bir miriqib suhbatlashamiz! Aytgancha… Bizning kameraga gaplashaymi seniyam. Birga-birga yashardik-a?

— Buni hatto «Bolshoy» og'amiz ham gaplasholmasligini yaxshi bilasiz. — dedi Mirsoli norozi lab tishlab. — Bilasiz-ku, mentlar mendan boplab o'ch olmoqchi. Shuning uchun ham kamerangizga kiruvdim.

— Shunaqami? Ifloslar! — «Kallakesar» mushtlarini tugib qarshisidagi ikki aristonga xo'mrayib oldi. — Ixtiyor menda bo'lsa, bu bachchag'arlarning kallasidan minora qurdirardim. Afsuski, iloji yo'q. Mayli, uka, bizning ko'chalardayam bayram bo'ladi, albatta. Mana ko'rasan. Mendan nima yordam kerak, «Krutoy»? Bitta-bittadan chaqirib shu mentlarning adabini beraylikmi? Xohlaysanmi?

— Yo'q, — dedi Mirsoli bosh chayqab. — Kaltak yeyaverib pishib ketganman. Bunisi nima bo'libdi? Jonimni olisharmidi? Olib bo'pti! Og'a, sizdan iltimos, meni «Bolshoy» bilan uchrashtirsangiz! Uyoqdaligimda juda muhim gap aytib yuborishgandi. Shuni u kishining o'ziga yetkazmasam bo'lmaydi.

— Tushunaman, — «Kallakesar» beixtiyor o'rnidan turdi-da, ikkinchi qavatdagi karavotning temir tutqichini siqimladi. — Og'amiz xursand bo'ladi. Lekin… U odam ham menga o'xshab qanday o'ldirganingni ko'rsatishingni xohlab qolsa-chi? Unda nima qilasan? Sirlaring… Haligiday…

— Buyog'ini vaqt ko'rsatadi. Siz uchrashtirib qo'ysangiz bas.

— Gap yo'q, — dedi «kallakesar». — Uchrashtirish bo'lsa, uchrashtirish-da! Ertaga kechqurun tayyorgarligingni ko'rib tur! Faqat… Soat «o'n» dan keyin qilamiz bu ishni. Anavi boshliqchalari ketib olishsa, yugurdaklarini bir amallab ko'ndiramiz.

— Basharti, pul kerak bo'lsa…

— Vey, uka, unaqa dema, — «kallakesar» bosh chayqagancha Mirsolining tepasiga yaqinlashdi. — Sen bizning qahramonimizsan. Hali «bratva»lar rahmatini aytishadi senga. Ha-a, sen juda katta ish qilgansan. Xuddi o'sha ablah «Bolshoy» og'amizning kushandasi edi. Mana, endi nima bo'ldi? Qaro yerga kirdi-qo'ydi. Bunisini o'ylamagan-da ment!..

— Mayli, unda men boray, — Mirsoli asta o'rnidan qo'zg'aldi. — Tag'in…

— Xo'p, uka, bu gal kirishingni bilmay qoldik. Keyingi gal albatta bu ishingni nishonlaymiz! Kirasanmi yana biz faqirlarning kulbasiga!

Shunday deb «kallakesar» ma'noli tirjaydi va sheriklariga qarab qo'ydi.

— Siz faqirmassiz, — dedi Mirsoli sira sir boy bermay. — Uyoqda obro'yingiz qandayligini juda yaxshi bilib olganman. Sizga o'xshagan «mujik»lar bilan har qanday «bratva» faxrlansa arziydi.

— Rahmat, uka, boplading, — dedi «kallakesar». — Sen bilan aka-uka bo'lib qolamiz. Ha-a, nasib bo'lsa, hali birgalashib bunaqa mentlarning ko'pini qulatamiz.

— Mayli, ertagacha xayr unda!

Mirsoli borib kamera eshigini tepdi. Shu ondayoq eshik sharaqlab ochilib qarshisida soqchi paydo bo'ldi.

Mirsoli kameradagilar bilan xuddi qadrdonlar kabi quchoq ochib xayrlashdi. Ketayotib sezdiki, «kallakesar» ham, yonidagilar ham unga qoyil qolishdi.

* * *

Mirsoli juda yaxshi his etardi. Endigi «uchrashuv» kechagisidan ancha jiddiy va nozik kechadi. Negaki, «Bolshoy» deganlari umrini o'g'irlik ko'chasiga bag'ishlagan, ko'plab begunohlarning yostig'ini quritishda qo'li bor, hayoti deyarli qamoqlarda kechgan, uncha-muncha gapga ishonib, uncha-munchasiga yon berib qo'ya qolmaydigan qari tulkilardan biri. Mirsolini ham o'z tegirmoniga solib, g'alvirdan o'tkazishi tayin. Shu sababli u ertasi kuni to kechga qadar ham xayolan, ham ruhan tayyorlandi. Go'yo o'ta jiddiy imtihonga tayyorgarlik ko'rayotgan o'smirdek o'y va shubhalarning barcha ko'chasiga kirib chiqdi. Bilganicha Yaratganga iltijo qildi. Ishlariga rivoj so'radi, o'z panohida asrashini tilab xudoga yolvordi…

Nihoyat, kutilgan lahzalar yaqinlashib, tungi soat o'n ikkiga yaqin kameraga soqchi kirdi.

— Seni hozir o'g'riboshining kamerasiga olib kiraman, — dedi soqchi. — Faqat qovun tushirib yurmagin! Bilib qo'y, biror kor-hol bo'lsa, adabingni yeysan! Menga gap tegadigan ish qilib yurmagin! Oldindan ogohlantirib qo'yyapman!

— Oka, — dedi Mirsoli o'zini bosishga urinib. — Aslida shu ish bilan bu yerga kelganimni aytishganmi sizga?

— Aytishgan, — soqchi sir boy bermay, qovoq uygan holda javob qaytardi. — Biribir ogohlantirib qo'yish mening vazifam, yigit!

— Tushundim, — dedi Mirsoli. — Hech qanday yomon ish bo'lmaydi. O'sha aristonning suhbatini olsam bas. Tezroq ishni bitirib, shu yerlardan chiqib ketsam deyman. Jonga tegdi-ku!

— Bo'pti, qo'lni orqaga qilib, yo'lakka chiqqach, devorga o'giril!

— Bilaman! — Mirsoli asta yo'lakka chiqdi-da, qoidaga ko'ra, devorga o'girilib, navbatdagi buyruqni kuta boshladi.

— Yur, endi, — buyurdi soqchi kamera eshigini qulflab bo'lgach o'g'rincha atrofga alanglab. — Bugungi ishimizni hech kim bilmasligi kerak. Esingda bo'lsin!

— Xo'p bo'ladi!..

* * *

Uzun yo'lak bo'ylab ketib borarkan, negadir Mirsolining ruhidan rahmatli onasi o'tgandek tuyuldi. Bu mavhum manzara bir necha soniyagina namoyon bo'ldi. Shundoq ko'z o'ngida o'sha mushtipar ona siymosi hozir bo'ldi-yu, «Bolam, qo'lingni qonga bo'yama!», dedi va darrov g'oyib bo'ldi. Faqat o'zigagina ma'lum bu voqea Mirsolining ko'ngliga battar g'ashlik solib, qadamlarini og'irlashtirgandek bo'ldi. Ammo u qaerdaligi, ne yumush tufayli turmaga tushganini unutmasligi, aks holda boshiga ne ko'rgiliklar tushishi muqarrarligini har lahzada idrok etib turishi shartligini bilardi. Shuning uchun miq etmay, to soqchi to'xtash haqida buyruq bermaguncha yo'lida davom etdi. Yo'lak oxiriga yetgach, buyruq quloqlari ostida jarangladi.

— To'xta! Devorga o'giril!

Mirsoli tushundiki, o'ngdagi kameraga kiradi. Kamera tashqaridan qaraganda, boshqalaridan umuman farqlanmasdi. Hatto alohida soqchi ham qo'yilmagan. Boshqa kameralar kabi nim qorong'i yo'lakka yashil bo'yoqlarini ko'z-ko'zlab turibdi.

Soqchi kamera eshigini ochdi-da, Mirsolini ichkariga imladi.

— Kiraver! Men chaqirmaguncha chiqmaysan!

Mirsoli bir marta chuqur xo'rsindi-da, asta ichkariga qadam qo'ydi.

Ha, farqning zo'ri xuddi shu ichkarida ekan. Birinchidan, kamera ancha keng, darcha ostiga kattakon muzlatkich, uning yonidagi chiroyli, bejirim stol ustiga televizor joylangan. Chap tarafga esa divan, qarama-qarshi tarafga karavot qo'yilgan. Umuman, kamera bir qarashda odmigina mehmonxona nomerini ham eslatib yuborardi.

Kiriboq divanda oyoqlarini chalishtirgancha o'tirib, nimadir ichayotgan aristonga ko'zi tushdi. Uning yoshi oltmishdan oshgan, soqol qo'ygan xuddi o'sha «Bolshoy» deganlari edi.

— Ha, keldingmi, mergan? — o'tirgan yerida sovuqqonlik bilan savol tashladi ariston. — Xo'sh, nega qaqqayib qolding? O'tir divanga!

Mirsoli ikkilanibroq borib divan chetiga cho'kdi.

— Sen ekansan-da, polkovnikni yer tishlatgan-a? — so'rashda davom etdi «Bolshoy» Mirsoliga shubhali nigohlarini tikib. — Qani, aytib ber-chi! Qanday qoyillatding bu ishni?

Mirsoli so'z boshlashga shoshilmadi. Yer ostidan aristonga boqib, obdon kuzatdi. O'zicha uning ruhiyatini o'rganmoqchi bo'ldi. Biroq bu ishni amalga oshirishning sira imkoni yo'q edi. O'g'riboshining chehrasi shu qadar sirli ediki, Mirsoli kabi bo'z yigit bu sirni ochishga ojiz qolaverdi.

— Nega indamay qolding? — so'radi o'g'riboshi sal dag'allashib. — Nimaga kelding oldimga unda? Meni kuzatish uchunmi?

— Amaki, xafa bo'lmang-u, — nihoyat tilga kirdi Mirsoli. — Men o'z sirlarimni hech kimga ravo ko'rmayman. Odatim shunaqa?

— Ha-a, shunaqami? Ja pishiq-puxta ekansan-ku-a? Qoyil! Bilasanmi, seni ko'rdim-u, negadir yuragimda shubha uyg'ondi. Axir, senday bir yoshgina yigit polkovnikdaqa katta oxurdan yem yeydigan bachchag'arni qanday o'ldirishi mumkin?

— Bilmadim… Ishim shunaqa. Meni shunday o'rgatishgan.

— Shunaqa degin? — o'g'riboshi hanuz shubhalar dengizida suzgan ko'yi Mirsolini savolga tutishda davom etdi. — Mening yigitlarim killer malladan kelgan deyishgandi. Bunga nima deysan? Sen qoracha ekansan. Qani, shuni tushuntirib ber-chi!

— Birinchidan, — Mirsoli bo'sh kelmay yolg'onlar to'qishdan to'xtamagan holda dadil javob qaytardi. — Sizning yigitlaringiz bilan qorong'ida uchrashganman. Ikkinchidan, men «kapisho'n»daydim. Mening malladan kelganimni qanday bilishibdi ular? Yuzimni yaxshi ko'rmagan bo'lishsa…

— Gaping to'g'ri, — dedi o'g'riboshi norozi tirjayish qilib. — Buni aytishuvdi… Umuman, haqsan. Senga ishondim. Barakalla, o'g'lim, barakalla! Tekshiruvdan juda yaxshi o'tding.

— Bunaqa sinovlarga duch kelaverib pishib ketganman, amaki, — dedi Mirsoli jiddiy ohangda. — Shunday ekan… Shubhalaringiz behuda!

— Rahmat, o'g'lim, bir narsani tushunib ol, bizning ishda ming marta chamalab, bir bor kesiladi. Ustalarimiz shuni miyamizga quyishgan.

— Buniyam bilaman.

— Ana, endi dasturxonga qara, — o'g'riboshi beixtiyor chehrasi ochilib, xontaxta ustidagi konyak to'la shishaga qo'l uzatdi. — Sen bilan hozir oxirgi ishingni yuvamiz.

— Men ichmayman, uzr, — dedi Mirsoli bosh chayqab. — Faqat xafa bo'lmang, amaki, umrimda ichmaganman.

— Juda yaxshi qilasan ichmay. Bu bachchag'ar odamni yo'ldan chiqaradi. Biz endi… Haligiday o'rganib qolganmiz. Mayli, manavi mevalardan ol unda! Men senday to'g'riso'z, botir yigit uchun bir qadah olaman.

Shunday deb o'g'riboshi qadahlardan biriga yarimlatib konyak quydi va bir ko'tarishda sipqordi.

— O'g'lim, — dedi bir muddat bosh eggancha sukut saqlagach u. — Ko'rib turibsan, sen-u biz yaxshi joydamasmiz. Meni-ku, qo'y, umrim shu yaramas yerlarda o'tdi. Ochig'i, men ozodlikdagidan ko'ra bu yerda o'zimni tetik his qilaman. Ammo sening turmada o'tirishing menga sira yoqmayapti. Ayniqsa, kushandalarimdan birini tinchitib bergan yigit turmada o'tirsa, menga alam qiladi. Yo'q, sen zudlik bilan bu yerdan chiqib ketishing kerak. Kerak ham emas, shart, o'g'lim! Oti o'chsin turmalarining!

— Afsuski, kech bo'ldi, — dedi Mirsoli yer chizib. — G'isht qolipdan ko'chib bo'lgan.

— Ko'chmagan. Bu ishni bizga qo'yib ber! Ie, shunday yigitni turmadan chiqarib ololmasam, nima qilib o'g'riboshi bo'lib yuribman. Nega o'g'riboshilar tojini kiyganman o'zi? Yo'q, bu ishni ertalabgacha uddalamasak bo'lmaydi.

Mirsoli tushundiki, gap butkul boshqa mavzuga burilib ketmoqda. Agar shoshilmasa, prokurorning topshirig'ini bajara olmaydi. Bu degani, turmadan chiqishi yana ortga suriladi. Biladi, prokuror to ishni qoyillatmaguncha ozodlikka chiqarmaydi. Shoshilishi kerak…

— Amaki, umuman, o'sha polkovnik sizga nima yomonlik qiluvdi. Shunaqa ablahmidi?

— Buni qo'yib tur, — o'g'riboshi mavzuni o'zgartirishga shoshilmasdi. — Kim bo'lsayam, o'z boshini yedi. Sen gaplarimni yaxshilab eshit. Uqdingmi?

— Uqdim, — dedi bo'shashib Mirsoli. — Gapiravering!

— Ko'rib turibsanki, men qarib qoldim. Mana shu ko'chaga kirib, oila qurish-u, farzand orttirishdanam voz kechganman. Nima qilay? Bizning ishda talab shunday qo'yiladi. O'g'riboshi tojini kiyish uchun inson mana shu ikki narsadan kechishi shart. Buyoqda esa, bir dunyo boylik orttirdim. Xo'sh, u boylikni kimga tashlab ketaman? Go'rimga yelkalab ketolmayman-ku! To'g'rimi?

— To'g'ri.

— Men hozir o'ylab turib bir qarorga keldim. Bilasanmi qanaqa qarorga keldim?

— Yo'q, bilmayman, — yelka qisdi Mirsoli.

— O'sha boyliklarimni senga xatlab bergim keldi.

— Menga? Nega?

— Axir, sen menga yaxshilik qilding. Qolaversa, juda yoqib qolding. Ko'nglimdagiday yigit ekansan. Xullas, gap bitta. Bor pullarim katta bir bankda yotibdi. O'shalarni senga xatlab bersam, juda to'g'ri bo'ladi. Xudo xohlasa, sen bilan hali ko'p suhbatlashamiz, foydali ishlar qilamiz. Nima deysan?

— Hayronman, — dedi kutilmagan taklifga ishonqiramay Mirsoli. — Umuman…

— O'ylanma, bilaman, ishonging kelmayapti. Bu fe'lingam menga ma'qul. O'zim ham duch kelgan odamga ishonib ketavermayman. Oldin yaxshilab surishtiraman. Ammo sen sira gumonsirama. Men shu yoshga kirib hali birovga aytgan gapimni qaytib olmaganman.

— Axir…

— Buning uchun yana bir ish qilasan. Aniqrog'i, shartimni bajarasan. Shunda yuragingdagi shubhalar tarqaydi.

— Qanaqa shart, amaki?

— Uyoqda yana bir dushmanim bor. O'sha ablah meni sotib qamattirdi. Bilasan, bizda sotqinlar kechirilmaydi. O'sha ablahni tinchitasan. Ishon, o'sha kuniyoq vasiyatnomaga imzo qo'yaman, sen maza qilib yashayverasan.

— Axir, men qamoqdaman-ku, — dedi Mirsoli tarvuzi qo'ltig'i tushgan odamdek bo'shashib. — Qanday qilib…

— Bu ishni menga qo'yib ber. Ertaga tong yorishishi bilan qochqin uyushtiramiz. Seni shaharga ish bilan chiqadigan mashinaga o'tqazib, qog'oz qutilar ichiga berkitib qo'yishadi. Gap tamom! Borib tayyorgarligingni ko'r!

— Amaki…

— Aytdim-ku, bu mening qarorim, o'g'lim! Qarorim muhokama qilinmaydi! Bor!

Mirsoli bo'shashgancha tashqariga yo'l oldi. Shu pallada u o'g'riboshi va'da qilgan pullar, qochqin haqida o'ylamayotgandi. Bu narsalar tasavvuriga ham sig'masdi. Polkovnik bilan bo'ladigan uchrashuv ko'ngilsiz kechishi mumkinligini ko'z oldiga keltirgani sayin yuragi g'ash tortar, qismatiga la'natlar o'qirdi.

* * *

— Nega mendan omad yuz o'gira boshladi? — kamerada o'tirgancha ich-etini yerdi Mirsoli. — Podpolkovnikning topshirig'ini bajara olmadim. Endi u meni turmadan ozod etmaydi. Jahli chiqsa, bo'ynimga anavi qotillikni qo'yadi-yu, ishimni sudga oshirib yuboradi. Keyin esa… Manavi yerdagilar orasida kun o'tkazishga majbur bo'laman. Kelajagim yo'qqa chiqadi. Hech kimga keraksiz bir kimsaga aylanaman. Nega bunday bo'lyapti? Nahotki, shunchalar noshud bo'lsam-a? Jonimga tegib ketdi-ku hammasi! Nima uchun bu yerlarga qaytib keldim? Meni hech kim uyimdan quvmagandi-ku! Kimga achchiq qildim? Kimga o'zimni ko'rsatishni xohladim? Sodiqqami? Yo Zarinagami? Xo'sh, endi nima bo'ladi? Qamalganimni eshitishsa, ustimdan kulishmaydimi? O'lib ketganim yaxshi emasmi birovlarga masxara bo'lgandan?..

Bir mahal kamera eshigi ochildi-yu, ichkariga podpolkovnik kirdi. Soqchi esa eshikni tashqaridan yopdi. Mirsoli hech narsani tushunmasdi. Vaqt tongga yaqinlab qolgan. Nahotki, podpolkovnik shu paytgacha turmada qolib ketgan bo'lsa? Demak, kutgan, poylagan ekan-da!.. Tamom, hozir boshlaydi diydiyosini. Hoynahoy, qo'rqitishga tushsa kerak. Bu aniq. Uni noshuddan olib noshudga soladi. Qotillik jinoyatini eslatadi. Neki alami bo'lsa, hozir to'kib soladi…

Mirsoli bir necha o'n soniyalar ichida xuddi shunday o'ylardan azoblanishga ulgurgan va yer ostidan podpolkovnikka boqardi.

— Xo'sh, qahramon, kayfiyatlar qalay? — podpolkovnik Mirsoliga yaqinlashib, ko'zlariga sirli boqdi. — O'g'riboshi bilan yaqindan tanishib oldingmi? Nega indamay qolding? Og'zingga tolqon solganmisan? Yo biror gap bo'ldimi?

— Yo'g'-e, tinchlik, — dedi Mirsoli gapni nimadan boshlashni bilmay. — Shunchaki…

— Boplading, — uning yelkasiga qoqdi podpolkovnik. — Ishni men o'ylagandanam yaxshi uddalading. Qoyillatding!

— Siz… Qaerdan eshitdingiz? — so'radi Mirsoli hayron bo'lib. — U yerdan hozirgina chiqdim-ku! Haligi…

Podpolkovnik unga javoban kulib qo'ydi.

— To'g'ri, sen bilmaysan, — dedi nihoyat bir muddat sukut saqlagach. — Biz o'g'riboshining kamerasiga maxsus eshitish moslamasini o'rnatganmiz. Buni oldindan bilishing shart emasdi. Umuman, menga ma'qul. «Bolshoy» laqqa tushdi. U qopqonda. Barakalla, juda ehtiyotkor va ustamon ekansan.

Mirsoli hanuz hayron edi. Podpolkovnikning gaplarini alam va nafrat hosilasi deya o'ylardi. Shu sababli o'ta ehtiyotkorlik bilan, past ovozda ehtiyot shart so'rashga jazm etdi.

— Endi meni… Turmada qoldirasizmi?

— Nima? — podpolkovnik hayrat aralash Mirsoliga tikildi. — Yoqib qoldimi turmada o'tirish?

— Y-yo'-o'q, — deya bosh qashishga tushdi Mirsoli. — Shunchaki… So'radim-da!

— Axir, sen ishni qoyillatding. Shunday ekan, nega turmada qoldirishim kerak. Senga aytganman, so'z berganman. Men o'z so'zida turadigan odamman.

— Unda… Men ketaveraymi?

— Shoshilma, — yer chizgan ko'yi o'ng qo'lini oldinga cho'zdi podpolkovnik. — Adashmasam, o'g'riboshi senga yangi buyurtma berdi, aniqrog'i, shart qo'ydi. Bundanam xabarim bor. Xo'sh, bajarasanmi shartni? Bor boyligini senga vasiyat qilmoqchi. Shunday imkoniyatni qo'ldan bermassan-a?

— Bilmadim, — deya yuzini daricha tarafga burdi Mirsoli. — Men unaqangi ertaklarga ishonavermayman.

— Bekor qilasan, aslida har zamonda bo'lsayam, ertaklarga ishonib turish lozim. Chunki ertaklarning zamirida haqiqat yashirin bo'ladi.

— U menga shart qo'ydi. Juda og'ir shart qo'ydi. Bu ish…

— O'zingni ja farishta ko'rsatishga urinma, — dedi podpolkovnik jiddiy tortib. — O'shanaqa nusxalar bilan osh-qatiq bo'lib yurgansan. Ozmi-ko'pmi tuzini totgansan.

— Men unday qilmadim, — soddalarcha javob qildi Mirsoli. — Tuhmat qilyapsiz.

— Mayli, hozir tortishishning mavridi emas. Xullas, o'g'riboshining aytganini qilasan. Men u marazning qancha boyligi borligini aniq bilmasam-da, taxmin qilaman. Katta boylik to'plagani aniq. Ha, senga va'da qilingan pul juda ko'p, yigit. Bunga shubham yo'q. U boyliklar katta bir bankdagi yacheykada saqlanarkan. Bundanam xabar topdim. Demak, o'g'riboshi ovora bo'lib vasiyatnoma yozib o'tirmaydi. Aytganini qilsang, insofi bo'lsa, qo'lingga bank kartochkasi bilan o'sha yacheyka kalitini tutqazadi. Ko'ribsanki, bankka borib hujjatingni va o'sha kalit-u kartochkani ko'rsatsang, bas, boyliklar seniki. Shunaqa narsalardanam xabardormisan yo bilmaysanmi?

— Sira bankka ishim tushmagan, — dedi Mirsoli o'ng'aysizlanib. — Bizning uyda… Pullar enamning qutisida turardi.

— Ha-a, tushunaman. Mayli, yigit kishiga bunday omad har doim ham kelavermaydi. Omading chopibdimi, otni qamchilab qol, chavandoz. Faqat aytib qo'yay, boylikni arra qilamiz.

— Nima? — kutilmagan gapni eshitib, Mirsoli sergaklandi. — Arra?..

— Ha, yigit, — ayyorona ko'z qisib qo'ydi podpolkovnik. — Sen nima deb o'ylovding? O'g'riboshining merosxo'ri yolg'iz o'zim deb o'ylovdingmi? Xato qilasan. Pullarni o'rtasidan bo'lamiz-u, ikki yoqqa tarqalamiz. Evaziga senga o'g'riboshi tayinlagan kimsani tinchitishing uchun imkon yaratib beraman. Yo'llaring ochiq bo'ladi. Xo'sh, rozimisan?

Mirsoli militsiya xodimi, yana kimsan podpolkovnik bunday taklif kiritishini yetti uxlab tushida ko'rmagandi. Sarosimalanib qoldi. «Meni sinab ko'rmoqchimi bu?» degan xayolda podpolkovnikka zimdan nazar soldi. Uning ko'zlari chaqnar, yuzlarida ham sinov alomatlari sezilmasdi.

«Ha-a, endi hayotni tushunganday bo'lyapman, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli javob qaytarishga shoshilmay. — Shunday katta lavozimli odam men bilan hali qo'lga kirmagan pullarni bo'lishmoqchi. O'zi bu dunyoda toza odamning o'zi yo'q ekan-da! Podpolkovniklar shunday deb tursa, men nima qilay? Hoynahoy, o'sha kimdir o'ldirib ketgan polkovnik ham pul tufayli yer tishlagan bo'lsa kerak. Bular ham katta pul ketidan quvib yurarkan-da! Qiziq, hozir rozi bo'lsam, muomalasi o'zgararmikan? Menga xuddi aka-ukalarday munosabatda bo'la boshlarmikan? Osmondan kelishni bas qilarmikan? Keyinchalik-chi? Yo'q, o'g'riboshi aytgan kimsani o'ldirishim uchun imkon yaratib bermoqchi. Nahotki, bularning barini hech kim surishtirmasa? Bular qamalmasdan ozodlikda bemalol ishlab yuraveradimi? Nega? Basharti meni o'ldirib yuborsayam, hech narsa qilmas ekan-da bunga? Xudoyim, kimlarning orasiga tushib qoldim-a? Shunday ikkiyuzlamachilik, dahshatlarni orzu qilganmidim hali?..»

— Xo'sh, nega jim bo'p qolding? — oradagi sukutni buzib, podpolkovnik tilga kirdi. — O'ylayapsanmi? Yo qo'rqib ketdingmi? E, qo'rqma, o'sha boylikning yarmiyam butun umringga yetadi, qahramon. Bardam bo'l!

— Axir… Men odam o'ldirishim kerak-ku! Siz shunga tek qarab turasizmi? E, yo'-o'q, ishonmayman! Hoynahoy, meni tekshirib ko'rmoqchisiz.

— Vey, tirrancha, — podpolkovnik kutilmaganda jiddiy tortib, Mirsolining iyagiga chang soldi. — Tekshiradigan bo'lsam, sen bilan adi-badi aytishib o'tirmasdim. Turmada enangni uchqo'rg'ondan ko'ri-ib o'tiraverarding. Sening foydangni ko'zlab aytyapman.

— Baribir siz militsionersiz-ku! Men odam o'ldirsam…

— O'sha nusxani sen o'ldirmasang, o'zinikilar baribir tinchitvorishadi. Umuman, bir maraz o'lsa, osmon uzilib yerga tushmaydi. Kallakesarlar bittaga kamayadi, xolos. Sen, yigit, qo'rqma, men bor ekanman, senga jinam urmaydi. O'g'riboshi tayinlaganiday ishni bitirasan-u, pulni olasan.

— Keyin-chi? Siz-chi?..

— Ana undan keyin ikkalamiz pulni arra qilamiz. Sen bo'lsang, yangi ishga o'tasan.

— Yangi ish? Q-qanaqa ish? Tag'in odam o'ldirishmi?

— Yo'q, — dedi podpolkovnik sovuq tirjayib. — Bunisi doimiy va hiyla yengilroq bo'ladi. Qo'y, u xususda ishlarni bitirgandan keyin gaplashamiz. Qisqasi, sen ko'chada qolmaysan. Turmagayam tushmaysan. Bizga «agent»lik qilasan. Hov, bilib qo'y, prokuratura bilan yaqin bo'lsang, hech qachon dar qolmaysan. Shuni xom kallangga yaxshilab quyib ol!

— Mening kallam xom emas.

— Hazillashdim.

— Xo'p, ishni nimadan boshlay? Qachon kirishay?

— Shoshilma! Hovliqma! O'g'riboshi tayinladi-ku, erta tongda o'sha yuk mashinasidagi qutilar ichiga seni yashirib qo'yishadi. Shu taxlit go'yo turmadan qochasan. Shunday, ochiqchasiga chiqib ketishing ham mumkin edi. Ammo o'g'riboshi men bilan tiling birligini bilmasligi kerak. Aks holda rejalarimiz yo'qqa chiqadi. U nima desa shuni bajar! Zinhor unga so'z qaytara ko'rma! Yana takrorlayman, senga va'da qilingan pullar hazilakam emas. Sen bilan biz juda boyib ketamiz. Uqdingmi?

— Uqdim.

— Bo'pti, endi men boray. Sen bemalol ishni davom ettiraver! O'zim seni qidirib topaman. Hech narsani o'ylama. Ikki xayoling o'g'riboshining ishini bitirib, pulini olishda bo'lsin!

— Xo'p bo'ladi!

Podpolkovnik Mirsolining qo'lini siqib, bir muddat ko'zlariga tik boqib turdi-da, chiqib ketdi.

* * *

Bo'layotgan voqealarning barchasi Mirsoli uchun xuddi alaq-jalaq tushdek tuyulardi. Shunga qaramay, u karavotga yastanib olgancha uzoq o'yladi. O'g'riboshining muomalasini, aytgan gaplarini xayolidan o'tkazib, mulohaza qildi. Munosabatlar ham, va'dalar ham haqiqatga yaqindek tuyuldi. Podpolkovnik haqida o'ylaganda esa bu haqiqat uchqunlari Mirsolidan uzoqlashaverdi. Qancha ular tomon talpinmasin, uchqunlar go'yo osmondagi miltillab g'oyib bo'lgan yulduz yanglig' uzoqlashaverdi.

«Kallam ishlamayapti, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli. — Prokurorlar ham boyib ketishni mo'ljallasharkan. Boy emasmi hozir? Kamida «Jip»da yurishadi-ku! Nega yana boyigisi keladi? Hali yo'q pulga shunchalik jo'shib ketyapti. Keyin nima bo'ladi? E, xudo biladi nima bo'lishini. Tupurdim hammasiga, tupurdim! Hammasi chalkashib ketdi, rasvo bo'ldi! Padariga la'nat!..»

Shunday xayollar og'ushida Mirsoli uxlab qoldi. Qancha uxladi, bilmaydi, kamera eshigining sharaqlashidan uyg'onib ketdi. Soqchi kiribdi.

— Qani, bo'l tez, — buyurdi soqchi past ovozda. — Narsalaring qolib ketmasin!

— Biror yerga ketishim kerakmi? — atayin bilmaslikka olib so'radi Mirsoli. — Tinchlikmi?

— O'zingni anqovlikka solma, — dedi soqchi ehtiyot shart qiya ochiq eshikdan tashqariga ko'z tashlab olib. — Hammasidan xabaring bor-ku! Ishing tamom bo'ldi bu yerda! Shaharga jo'naysan! Faqat uningni chiqarma! Xitlanib qolishmasin!..

— Xo'p bo'ladi! — Mirsoli kulimsiragancha ikki qo'lini orqaga qilgan ko'yi soqchining oldiga tushdi.

— Devorga o'giril! — buyurdi soqchi yana past ovozda yo'lakka chiqishgach. O'zi esa epchillik bilan kamera eshigini yopdi.

— Endi to'g'riga yur!

* * *

Mirsoli hayron edi. Nahotki, o'g'riboshi podpolkovnikning ayyorona tutgan ishlaridan bexabar bo'lsa? Shunchalik sodda, go'lmikan? Tumshug'ining ostiga yashirin eshitish moslamalari o'rnatilsa-yu, bexabar qolsa! Unda o'g'riboshiligi qaerda qoldi? Nega?

«Yo'q, bu yerda boshqa bir «o'yin» borga o'xshaydi, — o'yladi Mirsoli turma mashinasidan shahar chetrog'ida tushib qolgach. — Mentlariyam, o'g'riboshisiyam qanaqadir sirlidek tuyulyapti. Buyog'iga hushyor turmasam bo'lmaydigan ko'rinadi. Qiziq, endi kimga uchrashaman-u, qaerga boraman? Podpolkovnik ham aytdi-qo'ydi shekilli-da! Mana, hademay shahar markaziga yetaman, haliyam jimjitlik. Turma, o'g'riboshi bilan bo'lgan suhbatlar, podpolkovnikning va'dalari, yangi ish, kvartira… Hammasi behudaga o'xshaydi. Ishqilib, ikki yo'l orasida qolmasaydim!..»

Mirsoli ikki yo'l orasida qolmadi. Orqadan o'qdek uchib kelgan xorij mashinasi ro'parasiga yetganda to'xtadi va o'rta bo'yli, ammo mushaklari bo'rtib chiqqan, yuzini husnbuzarga o'xshash allambalolar qoplagan rus yigiti pastga tushib, Mirsolining yo'lini to'sdi.

— Sen kimsan? — xuddi zo'ravonlar kabi dag'dag'ali ohangda so'radi Mirsoli yigitga yeb qo'ygudek tikilib. — Qoch yo'ldan!

— Men Mishaman, — o'zini tanishtirdi yigit mashinasi tomonga bir qarab olib. — «Bolshoy» tayinlagan. Hozir seni kvartirangga olib borishim kerak ekan.

— Mening hech qanday kvartiram yo'q, — dedi Mirsoli sir boy bermay. — «Bolshoy»ing kim? Unaqa odamni tanimayman.

— Hazilni bas qilsang-chi, og'ayni, — nihoyat kulimsirab Mirsoliga boshdan oyoq razm soldi Misha. — Otaxon qo'ng'irog'imni kutib o'tiribdi. Seni joylaboq unga xabar berishim lozim. Yur, qaysarlik qilma! Ishonsang, ishim mana bu yerdan! Qani, mashinaga, «Krutoy»!..

So'nggi so'zni eshitgandan keyingina Mirsoli bu yigit haqiqatan o'g'riboshiga tegishli ekaniga amin bo'ldi. Yerga chirt etib tupurdi-yu, yarqiragan mashinaga o'tirdi. Ammo Misha motorga o't qo'yishga shoshilmadi. Mirsoliga zimdan boqib, bir necha marotaba bosh chayqab oldi-da, yana savol berishga tutindi.

— Bir narsaga hayronman, — dedi u. — Sen qamoqdan qochdingmi? Qochgan bo'lsang, nega judayam xotirjamsan? Odatda qamoqdan qochganlar pana-pastqamlarda pusib yashashardi. Sen bo'lsang, katta, serqatnov yo'l chetida bamaylaxotir yurib ketayotganding. Axir, mentlar seni qidirishayotganini bilasan-ku! Nimaga berkinmading? Nega qo'rqmading?

Mirsoli unga javoban kulib qo'ydi.

— Men faqat xudodan qo'rqaman, — dedi nihoyat jiddiylashib. — Peshonamga yozilgan yozug'lardan qocha olmasligimni juda yaxshi bilaman. Agar qo'lga tushish peshonamda bo'lsa, pusib yashasam ham baribir shu ish bo'ladi. Shunday ekan, nima qilaman qo'rqib? Qolaversa, men «Bolshoy» amakining qudratiga qattiq ishonaman. U odam menga pusib yurishni tayinlamagan. Demak, bir nimasi bor. Aks holda albatta tayinlagan bo'lardi. Tushuntira oldimmi?

— Qoyil! — unga tik qarab so'z qotdi Misha. — Sendan xuddi shu gaplarni kutgandim. O'zimizning odam ekaningga yana bir karra amin bo'ldim, «Krutoy»! Xo'sh, ketdikmi?

— Ketdik, Misha, ketdik! Judayam charchadim. Dam olishim zarur!

* * *

Oradan uch kun o'tdi. Mirsoli o'zi uchun ajratilgan kvartirada yolg'iz yashar, o'g'riboshidan xabar kelishini kutardi. Garchi kvartirada dam olish, ko'ngil yozish uchun barcha narsalar muhayyo bo'lsa-da, sira xotirjamlikka berila olmasdi. Bilardi, mergan, sportchi, mushtlashishda tengsiz, har qanday manaman deganga arzirli javob ayta oladi. Ammo odam o'ldirish haqida o'ylay boshlasa, baribir bezovtalanardi. Yuragi orqaga tortib, ko'ngli behuzur bo'la boshlagandek tuyulardi.

— Haqiqiy killerlar qanday do'ndirishadi bu ishni? — o'ylardi qovoq uyib. — Odam o'ldirish nima bo'lgandayam og'ir gunoh-ku! Men bo'lsam, xuddi shu gunohni tanladim. Yo'q, nimalar deyapman? Gunoh faqat odam o'ldirishmas. Gunohlarning turi ko'p dunyoda. Har kim o'zi bilganicha tirikchilik qiladi, pul topadi. Ana, qancha urushlar bo'lgan tarixda. O'shanda ham oddiy askarlar dushmanni qo'lida qurol bilan yer tishlatgan emasmi? Askarlar ham gunohga botganmi unda? Men o'ldirishim lozim bo'lgan odam ham o'sha dushmandan battar kimsa. Kallakesar, o'g'ri, jinoyatchi, badbaxt. Undaylarning bu hayotda yashashga haqi bormi? Yo'q, sira haqli emaslar. Qolaversa, o'g'riboshi meni birdan boyitib yuborishni ko'zlabdi. Buning nimasi yomon? Kambag'al bo'lib tug'ildim, shunday yashadim. Enam rahmatli meni boqish uchun daladan kelmasdi. To'garaklar, seksiyalarga qatnashim uchun ham enam balogardon bo'lgan, katmonidagi oxirgi chaqalarni berib bo'lsayam o'qitdi, shug'ullantirdi. Buyog'iga boyvachchalarday kun kechirsam, buning nimasi yomon? Enamning qabri tepasiga qora marmardan yodgorlik toshi o'rnatardim, suratini toshning o'rtasiga o'yib joylashtirardim. Qabridan har kuni xabar olib, gullar o'stiradigan odamni yollardim. Enamning haqi yo'qmi shunday hurmatga? Albatta haqi bor. Bu mening burchim…

Yaramas, anavi podpolkovnikning oraga suqilgani sira yoqmayapti-da! Qaerdan xitlana qoldi, xudo biladi. Pulning yarmisini talab qilyapti. Bulardan qochib qutulib ham bo'lmaydi. Darrov qo'llaringni kishanlab turmaga tiqadi ablahlar. Mayli, oldin ishni bitiray-chi, bir gap bo'lar. Pullarning yarmini olsa, meni qo'llab yurarmish-ku! Ko'ramiz-da qanday qo'llashini!.. Qiziq, qanaqadir hamkorlikka sha'ma qildi. Qanday ish ekan o'zi? Sotqinlikmikan? Agar shunday bo'lsa, bo'ynimga pichoq tirasayam rozi bo'lmasdim. Sotqinlik qilib pul topgandan o'lib ketgan yaxshi…

Shunday xayollar iskanjasida o'tirganda, tashqari eshik bezovta taqilladi. Mirsoli darrov sergak tortib yugurgancha yo'lakka chiqdi va eshikni ochdi. Misha ekan. U har ehtimolga qarshi pod'yezdga o'g'rincha qarab oldi-da, ichkariga o'zini urdi.

— Tez otlan, ishni boshlaysan, — dedi u pichirlab. — Bugun «mijoz» elektr tashkilotiga borarkan. Ikki soatdan keyin o'sha yerda bo'ladi. Biz u kelib to'xtaydigan yerga ro'para binodagi tom ostini tayyorlab qo'ydik. Qurol ham o'sha yerda. Imi-jimda ishni bitirasan-u, quyon bo'lasan. Kvartiraga o'z oyog'ing bilan yetvolasan. Qoidasi shunaqa. Mentlarning qo'liga tushsang, sen bizni tanimaysan, biz seni.

— Vaqt ham kechga qarab ketyapti-ku, — dedi Mirsoli. — Adashmasam, soat kechki uchga yaqinlashyapti. Ulgurarmikanmiz?

— Vaqt bilan ishing bo'lmasin! «Bolshoy» hisobotimni kutib o'tiradi uyoqda. Bo'lsang-chi!

* * *

Killer joylashadigan manzil yo kimsasiz boshi berk ko'cha, yoki xuddi mana shunga o'xshash turli yoqimsiz hidlar taralib turuvchi tom osti bo'lib chiqadi. Buni Mirsoli ilk ish boshlagan kunlardayoq anglab yetgan. Vintovkani ham ish joyiga tashlab ketishadi. Ko'chada kimningdir hayotiga nuqta qo'yish zarurati tug'ilsa, qurolni killerning qo'liga, allambalo qutilarga solgan holda tutqazishsa kerak. Mana, bugun ham o'sha ilk kundagi manzara takrorlanmoqda. Mirsoli shoshilmasdan qo'liga bir marta ishlatiladigan qo'lqop kiydi. Bu ish qurolda barmoq izlari qolmasligi uchun amalga oshiriladi. Qo'lqop kiyilgach, vintovkani obdon yig'ib, durbin orqali «ob'yekt» paydo bo'luvchi joyni ko'zdan kechirdi. Nishonga olish uchun juda qulay yer tanlashibdi. Demak, halizamon u umrida qilib ko'rmagan, yetti uxlab tushida ko'rmagan ishga qo'l uradi. Odam o'ldiradi. Bir marta tepkini bossa-bas, jabrdiyda shu zahoti yerga qulaydi. U esa hech narsa bo'lmagandek, vintovkani yerga qo'yadi-yu, juftakni rostlaydi. O'tgan gal ham shunday qilishi lozim edi. Afsuski, so'nggi lahzalarda aynidi. O'q uzmaslikka qaror qildi. Chunki otib o'ldirishi shart bo'lgan odam o'zi non-tuzini totgan ayol edi. Mirsoli qancha o'zini zo'rlamasin, qalbi yo'l bermadi. Xudoga aytgani bor ekan. Buyurtmachilar g'azabidan qutulib qoldi. Aksincha ularning adabini berdi. Bugun bo'lsa, harqalay o'sha sahna qaytarilmaydi. Sababi, bu kimsani umrida ko'rmagan, u Mirsoliga hech kim emas. O'g'riboshiga o'xshagan zo'ravonlardan biri. Demak, ishni bitiradi-yu, ortga qaytadi…

Qiziq, odamzod tanasiga o'q tegsa, qay ahvolga tusharkin? Joni qattiq og'risa kerak?!. O'zi-chi? O'zi ne ko'yga tushadi? Axir, qondan qo'rqardi-ku! Tasodifan qonga ko'zi tushsa, hushidan ketib qolmasmikan? Yo'q, unday bo'lmaydi. Hammasi yaxshi bo'ladi…

Oradan bir soatcha vaqt o'tgach, Mirsoli yana vintovka durbinidan boqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, jabrdiyda o'tirgan, Misha ta'riflagan mashina pastqam bino qarshisiga kelib to'xtadi. Mirsoli shosha-pisha tepkiga barmog'ini qo'ydi. Hash-pash deguncha mashinadan ikki nafar barzangi tushdi. Ulardan biri epchillik bilan borib mashinaning narigi eshigini ochdi. Nihoyat baland bo'yli, kalbosh, taxminan qirq-qirq beshlar atrofidagi bashang kiyingan erkak pastga tushdi. Mirsoli xuddi shu erkakni o'ldirishi lozim edi.

Erkak xuddi shu tomonga yuzlangancha yonidagilarga nimalarnidir uqtira boshladi. Xuddi shu pallada Mirsoli erkakning boshini mo'ljalga oldi-da, tepkini bosdi…

* * *

Bu Mirsoli uchun dahshatdan-da qo'rqinchliroq manzara edi. Ishni bajarishga bajardi-yu, yuragi muzlab ketdi. Peshonasini muzdek ter bosgan ko'yi go'yo karaxt kimsa kabi arang yo'lga chiqib taksi to'xtata oldi. Erkak yiqilgan joyda baqir-chaqirlar kuchaygani ham, «Tez yordam» mashinasi sirenasining shovqini ham qulog'iga kirmadi. Shunday holatda bir amallab kvartiraga keldi va yechinishni ham unutib karavotga o'zini tashladi.

«Men vahshiy mahluqdanam jirkanchliroqman, — o'ylardi Mirsoli yotgan yerida. — Mana shu qo'llarim bilan odam o'ldirdim. Bir begunohning umriga zomin bo'ldim. Otam, enam nafratlanib yashagan ishga qo'l urdim. Ularning ruhini chirqillatdim. Nahotki, dunyo shunchalar tor bo'lsa? Marazlik qildim-ku!.. To'xta, nega bunday deyapman? O'zim emasmidim yaqin-yaqinlarda zo'rlarning zo'riga aylanishni orzulagan? Men emasmidim hamma mendan qo'rqishini xohlagan? Nima uchun endi afsuslanyapman? Zo'r bo'lish uchun faqat shu ko'chaga kirish kerak. Busiz hech qachon zo'rlar zo'riga aylanib qolmaydi odam. Ana, agar o'g'riboshi rostdanam mard bo'lsa, so'zida turib boyligini menga vasiyat qiladi. Ko'ribsizki, men bir zumda badavlat odamga aylanaman. Kimsan Mirsoli yoki «Sasha Krutoy» bo'lib, zo'rlar dasturxoniga tortinmay, ikkilanmay qo'l cho'za oladigan darajaga yetaman. Buning nimasi yomon? Agar zo'rroq, kuchliroq bo'lmasam, o'sha poezd yo'li yonida Sodiq bachchag'ar hamtovoqlari bilan birga meni o'ldirib yuborardi. Shunday ekan, afsuslanishga haqim yo'q. Oldinga, faqat oldinga qadam bosaverishim zarur…»

«Bolshoy» so'zida turdi. Shomga yaqin kvartiraga Misha kirib keldi.

— Barakalla, «Krutoy», — deya Mirsolining yelkasiga qoqdi Misha. — Ishni juda qoyillatibsan. Og'amiz ham azbaroyi quvonganidan bugunoq seni xursand qilishimni buyurdi. Ajoyib odam-da og'amiz! Hech qachon va'dasidan qaytmaydi.

— Xo'sh, qanday xursand qilarkansan? — so'radi Mirsoli atayin. — Xursand bo'lishga arziydimi o'zi?

Misha sezilar-sezilmas ensasini qotirib qo'ydi-da, kissasidan kalit va qandaydir to'rtburchak buyumni chiqarib Mirsoliga uzatdi.

— Bu o'g'riboshining senga bergan va'dasi, — dedi Misha. — Manavisi bank kartochkasi. Kartochkada yacheyka kodi va raqami bor. Kalit bilan o'sha raqamdagi qutini ochasan. Tabriklayman, mergan! Sen kimsan «Bolshoy»ning ishonchiga kirding. Endi oshig'ing olchi bo'ladi!..

Mirsoli buyumlarni qo'liga olib ulgurmay, Mishaning telefoni jiringlay boshladi.

— Ana, topshirdimmi-yo'qmi, tekshirib ko'rishmoqchi, — dedi Misha telefonni qulog'iga tutarkan. — Cho'ntakka ur bularni, boyvachcha! Alyo! Ha, men! Nima? Q-qachon? Q-qanday qilib? Nega?..

Misha shu so'zlarni tiliga ko'chirdi-yu, bo'shashgancha divanga o'tirib qoldi. Mirsoli uning rangi paxtadek oqarib ketganini ko'rdi.

— Tinchlikmi? — Mishaning yoniga o'tirib bezovta ohangda so'radi Mirsoli. — Nima bo'ldi? Gapirsang-chi! Nega ranging oqarib ketdi? Gapir!

Misha iloji boricha o'zini bosishga urinardi-yu, asabiylik tuyg'usini sira jilovlay olmasdi.

— Tamom! — dedi ikki boshini kaftlari orasiga olgancha yer chizib Misha. — Tamom hammasi, tamom!

— Vey, namuncha qon bo'lyapsan? Menga ayt nima gapligini! Balki yordamim tegib qolar-a? Gapirsang-chi, xumpar!

Misha ilkis boshini ko'tardi-da, Mirsoliga sovuq tikilib shivirladi:

— «Bolshoy» o'zini osib qo'yibdi!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT