Snayper 2 (kamolov)
Mirsoli umrida undaylarni ko'rmagani uchunmi, miyasini turli tasavvurlar kemirgan ko'yi aytilgan hovli darvozasiga yaqinlashdi va negadir istamaygina qo'ng'iroq tugmachasini bosdi. Oradan ikki-uch daqiqa o'tib, darvoza ochildi va qarshisida o'zidan bo'yi pastroq, bilaklariga ignali yozuvlar, suratlar tushirilgan badbashara yigit hozir bo'ldi.
— Senmi Natasha jo'natgan odam? — so'radi yigit sovuqqonlik bilan. — Sashamisan?
— Xuddi shunday, — dedi Mirsoli yigitga qattiq tikilib. — Sasha Krutoy bo'laman.
— Krutoy?.. — yigit piq etib kuldi-da, erinmay Mirsolini boshdan-oyoq kuzatib oldi. — Ko'ramiz qanchalik krutoyligingni! Bo'pti, yur ichkariga! Aytgancha, tanishib qo'yaylik! Men Dimaman!
— Xursandman!
Dima Mirsolini ergashtirgancha hovli bo'ylab chetdagi eshikka yaqinlashdi va birdan to'xtadi.
— Menga qara, hozir xo'jayinning oldiga kiramiz, — dedi u ovozini hiyla pasaytirib. — Tayyormisan?
— Katta xo'jayinmi? — savolga savol bilan javob qaytardi Mirsoli. — Ismi nima?
— Katta xo'jayinni hatto menam ko'rgan emasman, — dedi Dima. — U kishi senminan menga o'xshaganlarga ko'rinmaydi. Bu Valeriy. Katta xo'jayinning agenti. Tushuntiroldimmi?
Mirsoli bosh silkitib Dimaning savoliga so'zsiz javob qaytardi. Shundan keyin ular oldinma-ketin ichkariga kirishdi.
* * *
Xonalardan birida o'rta yoshli, sersoqol, nigohlari sovuqqon erkak kerilgan ko'yi televizor tomosha qilardi. Xuddi shu Dima aytgan Valeriy edi. Mirsoliga ko'zi tushgani hamono televizorning tovushini pasaytirdi-da, ikkovlariga savol nazari bilan boqdi.
— Xo'jayin, boyagi… Natasha aytgan yigit shu ekan, — dedi Dima biroz hadik aralash. — Haligi… Mergan, karatechi, kikbokschi ekan degandim-ku! Ishga…
— Tushundim, — Dimaning so'zini kesdi Valeriy. — Xo'sh, yigit, rostdanam merganmisan?
Mirsoli yana bosh silkish bilan cheklandi.
— Birontasini o'ldirib ko'rganmisan? Aytmoqchimanki, agar o'ldirgan bo'lsang, qaysi quroldan?..
— Men… Hech kimni o'ldirib ko'rmaganman, — dedi Mirsoli bo'shashmaslikka tirishib. — Ammo nishonni aniq uraman. Xohlasangiz…
— Murdadan qo'rqmaysanmi?
— Y-yo'q, qo'rqmayman.
— Shunaqami? Yaxshi… Dima, hozir bu boyvachchani podvalga olib tush! Sinab ko'r! Bilasan-a qanday sinashni?
— Albatta bilaman, xo'jayin! — kuldi Dima. — O'sha eski usul bo'yicha!.. Aytgancha, hamma narsa tayyormi?
— Tayyor! Tezroq kirlaring! Keyin menga natijasini aytasan!..
Dima ikki qo'lini ko'ksiga qo'ygan holda Mirsoliga «Ketdik» ishorasini qildi.
Ular birin-ketin yerto'laga yo'l olishdi…
* * *
Mirsoli boya sersoqol Valeriy murdadan gap ochganda, qalban qo'rqqandi. Chunki umrida murdani ko'zi bilan ko'rmagan. Hatto do'konchiga o'q uzgandan keyin birinchi navbatda murdani ko'rishdan juda qo'rqib ketgandi. Shu sabablimi, Dimaning ortidan yurib borarkan, vujudi titrab qo'yar, ammo buni zo'ravonlarga sezdirish qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilgani uchun chidashga, tishni tishga bosishga majbur edi.
«Murdayam bizga o'xshagan odam-ku, — xayolan o'ziga o'zi taskin berardi u. — Enam aytardi, murdalar abadiy uyquda bo'ladi, ular tiriklarga yomonlik qilmaydi. Shunday ekan, ularning nimasidan qo'rqishim kerak? Umuman, men erkakmanmi o'zi yo'qmi? Yo'q, o'zimni qo'lga olishim shart. Bu yo'lni o'zim tanladim. Meni hech kim majburlab buyoqlarga olib kelgani yo'q. Demak, hammasiga bardosh qilishim, o'rganishim lozim…»
Yerto'la eshigi ochilib, ichkariga qadam qo'yishgach, Mirsoli hiyla yengil tortdi. Bu yerda harqalay murdamas, tirik odam, yoshi taxminan o'ttizlarga borgan, gavdali, baquvvat mushaklari bo'rtib chiqqan yigit zohir ekan. Faqat uni ikki qo'lidan arqon bilan yuqoridagi temirga osib qo'yishibdi. Yuz-ko'zlari qonga bo'yalganiga qaraganda, uni ayovsiz kaltaklashgan. Yigit bazo'r nafas olar, qarshisida sovuq tirjayib turgan Dimaga ochiqchasiga nafrat aralash boqardi.
— Buni nega osib qo'ydinglar? — atayin qiziqsingan bo'lbb so'radi Mirsoli. — Nima gunoh qildi?
— Bumi? Sotqin chiqib qoldi dayus. Bilmasang, bilib qo'y, bizda sotqinlar kechirilmaydi.
— O'ldirib yuborasizlarmi? Shunday kaltaklab-a?
— Mana buni hozir tekshirib ko'ramiz!
Dima chaqqon yurib borib burchakdagi temir qutini ochdi-da, yarqiragan to'pponcha olib darhol ortga qaytdi.
— Bu narsa bilan tanishmisan? — so'radi Mirsolidan to'pponchani qo'lida qayta-qayta aylantirib.
— Tanish? Yo'q, birinchi ko'rib turishim.
— Tushunmading, — dedi Dima tirjayib. — Shunaaqasidanam ilgari otib ko'rganmisan?
— Ha-a, shunday demaysanmi? Albatta, ko'p otganman.
— Unda hozir ko'ramiz qanaqa merganligingni.
— Nima qilishim kerak?
— Mana shu nusxani sen o'ldirasan. Qara, kaltak yeyaverib qiynalib ketdi erkak. Rahming kelmayaptimi?
— Bilmadim, — yelka qisib javob qildi Mirsoli. — Shu xolosmi?
— Bundanam battarlari oldinda. Avval sen o'zingni ko'rsat-chi!
— Gap yo'q!
— Ma to'pponchani. Men… shu yerda turaman. Ishni tezroq tugat! Vaqtimiz ziq!
Mirsoli so'zsiz qo'liga to'pponchani oldi-da, yuz-ko'zlarigacha qonga bo'yalgan yigitga termilib qoldi.
«Ja g'alati bo'ldi-ku, — ko'nglidan o'tkazdi u Dimaga o'g'rincha qarab olib. — Umrimda bunaqa holatga tushmagandim. Xudoyim, do'konchiga miltiqdan o'q uzganimdayam bunchalik qo'rqmagandim. Chunki do'konchi anavinga o'xshab ko'zlarimga mo'ltirab tikilmagandi. Endi nima qildim? Maqtanishga maqtanib bo'lganman. O'z oyog'im bilan shu yerga keldim. So'z berdim. Hozir Dimadan tortib boyagi amakigacha kutib turishibdi. Mabodo aytilgan ishni qilmasam, oqibati nima bo'lishiniyam sezib turibman. Bu kallakesarlar sinovdan o'tmading deb osonlikcha qo'yib yuborishmaydi. Shu yigitning o'rniga meni osib qo'yishlariyam hech gapmas. Umuman, osishga osa olishmaydi, bilaman. Chunki kuchlari yetmaydi. Ulgurishmaydi. Erkak degan nomimga dog' tushadi, xolos. Lafzimda turmagan bo'laman. Bu esa menga sira to'g'ri kelmaydi. Mayli, xudoyim, o'zing guvohsan, o'zim tanlaganman shu yo'lni. Men manaman degani «Sasha krutoy» degan nomni eshitganda dag'-dag' titrashini xohlayman. Shunday ekan, va'damda turib aytilgan ishni qilishim lozim…»
Mirsoli bir necha daqiqa sukut saqlagan holda o'zini odam o'ldirishga ruhan tayyorladi. So'ngra to'pponchani bir zarb bilan o'qladi-da, yana bir karra Dimaga qarab oldi va qurolni yigitning boshiga tiradi. Oradan bir necha o'n soniya o'tib-o'tmay, tepkini bosdi…
* * *
Baxtga qarshi to'pponcha otilmadi. Mirsoli hayron bo'lib qo'lidagi qurolni aylantira-aylantira o'qdonni chiqarib oldi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, o'qdon bo'm-bo'sh edi.
— Ha-a, o'q solinmagan ekanmi? — o'rtadagi noqulaylikni buzib unga yaqin keldi-da, to'pponchani tortib oldi Dima. — Hechqisi yo'q, bu marazning omadi bor ekan. Ajali yetmabdi shekilli. Sen esa qoyillatding. Barakalla, krutoy! Qani, endi ketdik! Bu ishni darhol kattakonlarga aytish kerak.
— H-haligi, — biroz tutilib savol tashladi Mirsoli qo'lidan osib qo'yilgan yigitga ishora qilib. — Bu shunday turaveradimi?
— Nima, achinyapsanmi? Ishing bo'lmasin! Sen sinovdan o'tganingga xursand bo'l! Ketdik!..
Yerto'ladan chiqib, ular boshqa bir bino ichiga kirishdi. Bino tashlandiq va deyarli xaroba edi. Har yer-har yerda axlat uyilib yotar, ichkaridan zax hidi anqirdi. Mirsoli tushunmadi. Zo'ravonlar bu kabi joylarda kezishini o'ylab, yelka qisib-qisib oldi. Ammo bir so'z demadi. Indamasdan Dimaga ergashdi.
— Mana bu xonaga kirib tur, — dedi Dima yopiq eshiklardan biriga ishora qilib. — Men kattakonlardan suyunchi opkelay, keyin seni yangi kvartirangga olib boraman. Faqat ketib qolma, meni kut!
— Yaxshi, — dedi Mirsoli hafsalasi pir bo'lgan kabi axlat uyumlariga jirkanch nazar tashlab. — Kutsam kutaveraman-da!
Dima tashqariga qaytdi. Mirsoli esa ichkariga kirdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, bo'm-bo'sh, hatto bir dona stul ham qolmagan qarovsiz xonada uch barzangi turardi. Ular Mirsoli kirgani hamono juda tez fursatda uni o'rab olishdi.
— Sen hali bizning okaxonni o'ldiradigan bo'ldingmi? — deya xezlandi o'rtada turgan mo'ylovdor barzangi qo'lini paxsa qilib. — Sen-a? Ona suti og'zidan ketmagan mishiqi-ya?..
— Men hech kimni o'ldirmadim, — sira o'zini yo'qotmay javob qildi Mirsoli ehtiyot shart himoyaga shaylanib. — Hozircha o'ldirmadim…
— O', — sheriklariga bir-bir qarab ko'z qisib oldi barzangi. — Qaranglar, ja ishtahasi zo'r-ku buning! Nima qilsak bo'ladi-a?
— Oldin ichaklarini sug'urib olamiz-da, keyin bo'yniga yaxshilab o'rab qo'yamiz, — javob qildi chapda turgani. — Bo'g'ilib o'ladi o'zi.
Mirsoli ortiq so'zlashga ulgurmadi. Mo'ylovdor kuch bilan qorni aralash zarba yo'lladi. Lekin ulgurmadi. Bulardan yaxshilikcha qutula olishiga ko'zi yetmagan Mirsoli katta tezlikda uchchalasini ham polga qulatdi. Ayniqsa, mo'ylovdor qattiq kaltak yebdi chog'i, yiqiliboq hushidan ketdi. Qolganlarining inqillab o'rnidan qo'zg'alishga urinayotganini ko'rib, Mirsoli yana zarbalarni takrorladi. Bu gal oyoq zarbalari yo'llandi va ikkala barzangi ham vaqtincha hushini yo'qotdi. Mirsoli esa yotganlarga birpas nafrat aralash tikilib turgach, istar-istamas, tashqariga yo'naldi. Eshikni ochish uchun qo'l yuborgan ham ediki, Dima kirdi. U polda ag'anab yotganlarni ko'rgach, sira hayratga tushmadi. Mirsoliga mamnun qarab olish bilan kifoyalandi.
— Boplabsan-ku, krutoy, — dedi bosh chayqab. — O'lib qolishmadimi ishqilib?
— Yo'q, — dedi Mirsoli chirt etib polga tupurarkan. — Bir soat maza qilib uxlashadi. Keyin bratanlari bo'lsa, kelib olib ketar. O'zlari bir-ikki kun mustaqil yura olishmaydi.
— Mayli, — gapni qisqa qildi Dima. — Kattakonlarga aytdim, xursand bo'lishdi. Hoziroq seni yangi kvartirangga olib borishim shart ekan. Ketdikmi?
— Ketdik! Tezroq chiqmasam, qusvoraman, — dedi Mirsoli axlat uyumlariga ko'z tashlab. — Bu yerga nega kirdik o'zi? Sira tushunmadim.
Dima tashqariga chiqishdan avval Mirsolining yelkasiga qoqib qo'ydi.
— Vaqti kelganda, tushunvolasan, krutoy! Ketdik!
— «Brat», — dedi Mirsoli baribir qiziqqonligi zo'r kelib. — Boyagi yaramaslar yerto'ladagining qarindoshlarimidi?
— Bu gapni qaerdan olding, — mashinaga chiqib o'tirishgach, motorni o't oldirishdan to'xtab Mirsoliga yuzlandi Dima. — Kim aytdi senga buni?
— O'shalar kirishim bilan shunaqa deyishdi-ku! Tag'in… Bilmadim…
— Ammo toza boplabsan ularni, — kuldi Dima. — Hech qachon bunaqa tayoq yemagan bo'lishsa kerak… Qisqasi, ular bizning odamlar. Hech kimning qarindoshi emas.
— Tushunmadim, — Dimaga qattiqroq tikilib so'z qotdi Mirsoli. — Unda nega…
— Bu ikkinchi sinovi edi kattakonlarning, — deya uning so'zini kesdi Dima. — Hali oldinda yana bir sinov turibdi. Bunisi ertaga bo'ladi. Bilib qo'y, shu sinovdanam o'tvolsang, marra seniki. Xo'jayinlarning ishonchiga kirasan.
— O'tolmasam-chi?
— O'tolmasang, qaysidir restoranmi, oshxonami, ishqilib shunaqa joylarga yugurdak qilib qo'yishadi.
— Men xohlamasam-chi?
— Xohlamay qaerga borasan, yigit? Bu ko'chaga kirdingmi, chiqib ketishga yo'l yo'q. Yo tushuntirolmadimmi?
— Mayli, bir gap bo'lar! Obora qoling yangi kvartiraga! Juda charchadim ochig'i…
* * *
Mirsoli yashashi lozim bo'lgan kvartira shahardan ancha narida ekan. Mashina qandaydir ilonizi ko'chalarni keza-keza, oxiri atrofi keng maysazordan iborat ko'p qavatli uy ro'parasiga kelib to'xtadi.
— Sen bilasanmi qaysi qavatda yashaysan? — so'radi Dima pastga tushayotib. — Gapir, bilasanmi?
— Men qaerdan bilay? — kutilmaganda jerkish aralash to'ng'illadi Mirsoli. — Umrimda kelmagan bo'lsam…
— Ha mayli, o'zim aytaman. Sen to'qqizinchi qavatda yashaysan. Albatta bu vaqtinchaga beriladi. Kissang pulga to'lgach, o'zingga yoqqan yerdan boshqasini sotib olasan. Albatta, kattalarning ishonchiga kirsang, ular bergan topshiriqlarni qoyillatib bajarsanggina kissangga pul tushadi. Yo'qsa, burningni tortib qolaverasan.
Mirsoli bu gal miq etmadi. Dimaning so'nggi gaplari jig'iga tega boshlagandi. Shu sababli basharasiga tushirib qolishdan qo'rqib indamaygina yangi kvartiraga kirdi.
Ichkarida deyarli jihoz yo'q edi. Xonalardan biriga karavot, stol va bitta kursi qo'yishibdi. Burchakka eski tortmali javoncha joylanibdi.
Mirsoli Dima jo'nab ketgandan keyingina egnidagi qalin koftani yechdi-da, o'zini karavotga tashladi.
Shu zahoti ko'z o'ngida Zarina, uning so'nggi uchrashuvdagi mungli qiyofasi gavdalandi.
«Ayol zoti o'zi shunaqa ekan, — o'yladi u ko'zlarini chirt yumib. — Boylik desa o'zlarini tomdan tashlasharkan. Men bilan xat yozishib yurib, ishontirib qo'yib, va'dalar berib, do'konchi bir-ikki marta qo'lini so'rasa, tegdi-ketdi-ya! Ablah ekan Zarinayam! Esiz, yosh umrimni xazon qildi u yaramas! Meni begona yurtlarga kelishga, qo'limga qurol olishga majbur qildi. Qanchalar shafqatsiz, mehri qattiq, toshyurak ekan Zarina!..»
Mirsoli shularni o'ylab battar yuragi siqildi va zarda aralash o'rnidan turib deraza qarshisiga bordi. Tashqarida kichik bo'lsa-da, hayot qaynardi. Ana, bir keksa kampir qo'lidagi zil-zambil xaltachani qo'lida ko'targancha uyi tomon ketib boryapti! Har zamonda atrofga qarab olyapti. Kimdir kelib qo'lidagini olishiga umid bog'layapti chog'i…
Keksa onaxon Mirsoliga qishloqda qolgan volidasini eslatib, ko'zlariga beixtiyor yosh qo'ndirib qo'ydi. U qaytadan karavotga yotib tag'in ko'zlarini yumdi.
Shu payt tashqari eshik taqilladi, sal o'tib qo'ng'iroq jiringlay boshladi. Xotiralar qurshovida qolib ko'ngli bo'shagan Mirsoli xayolini buzgani uchun taqillatganni so'ka-so'ka borib eshikni ochdi. Qarshisida Valeriy hamda Dima paydo bo'lishdi.
— Ie, uyg'oqmisan? — ichkariga kiriboq qo'lidagi mayda-chuydalar solingan sumkani zipillagancha oshxonaga eltib qaytgach, Dima Mirsolining yelkasiga qo'l tashladi. — Mana, xo'jayin bilan sendan xabar olgani keldik, krutoy!
Mirsoli unga javob qaytarishga ulgurmay, Valeriy qo'lidan tortib xonaga boshladi.
— Qani, mergan, gapir, — dedi Valeriy karavotga borib o'tirish asnosida xonani ko'zdan kechirib. — Senga kvartira yoqdimi?
Mirsoli yelka qisgan ko'yi bosh chayqadi.
— Yomonmas, yashasa bo'ladi, — dedi istamaygina. — Hoynahoy, shuni so'rash uchun kelmagandirsizlar? Bizga biror topshiriq bormi?
— O'zing hali yosh bo'lsangam, ja gapga chechan ekansan-a? — Valeriy sal jahli chiqqan bo'lib norozi so'z qotdi. — Qaysi maktabda o'qigansan o'zi gapdonlikka?
Mirsoli haqiqatan yoshligi, qolaversa, bu kabi xavfli guruhlar, zo'ravonlar bilan tillashib ko'rmagani uchunmi, Valeriyning so'nggi savoli ensasini qotira boshlaganini ko'z qarashlaridan, yovqur javobi bilan sezdirib qo'ydi.
— Sizlarga baribir emasmi? — dedi u daf'atan qo'l siltab. — Nuqul so'roqqa tutganlaring tutgan-a, vey! Undan ko'ra…
— Hov, yigit, — Valeriy Mirsolining bilagini mahkam siqib tinchlantirgan bo'ldi. — O'zingni bosvol! Bizga o'xshaganlardan nasihat olishni o'rgan undan ko'ra! Sakraganing bilan osmonga chiqib qolmaysan.
— Mayli, xo'jayin, — oraga qo'shildi Dima vaziyatni yumshatish ilinjida. — Hali yosh-da, o'rganib ketadi!
— Shunaqami? Ko'ramiz, — Valeriy bu gapdan so'ng sal past tushib majburan tirjaydi. — Mayli, xo'-o'sh… Qani, ayt-chi, bizning sinovlar senga ma'qul bo'ldimi? Faqat rostingni gapir!
— Umuman, qoyil qoldim, — javob qildi Mirsoli bosh qashib. — Juda puxta o'ylabsizlar.
— Bizga bo'lsa, sening ishlaring ma'qul bo'ldi. Yosh bo'lsangam profilarday ish tutding. Xo'sh, ishning rosmanasiga tayyormisan? Topshiriq beraveraylikmi? Sakrab qolmaysanmi ishqilib?
Dima Valeriyning hazil aralash ay tgan gapini eshitib kulib yubordi. Lekin xo'jayinning bir martalik sovuq qarashi darhol uni jiddiy torttirdi.
— Haq to'lasalaring bo'ldi-da, — dedi Mirsoli suhbatdoshiga sirli tikilib. — O'zi… Pulga qiynalib turuvdim picha.
— Qaranglar-a, — tizzasiga shapatilay-shapatilay nari ketdi Valeriy. — Hali bir ish qilmay, haq so'raydi-ya bu yoshlar! Yaxshimas, yaxshimas!..
Mirsoli hech narsa demadi. Xuddi gap ta'sir qilmaganday qovoq uyib turaverdi. Suhbatni yana Valeriyning o'zi davom ettirdi.
— Mana, bu pul senga avans, — deya kissasidan bir dasta pul chiqarib Mirsoliga uzatdi u. — Ol, qo'rqma, shunchaki hazillashdim.
Mirsoli ham bo'sh kelmadi. Pullarni asta qo'liga oldi-yu, yostiq ostiga berkitdi.
— Sen nima ish qilishingni taxminan bo'lsayam bilasanmi? — so'radi Valeriy Dimaga qarab olib. — Qoyillatishingga ko'zing yetadimi?
— Odam o'ldirishmi? Qoyillatsam kerak.
— Ko'ramiz, qovun tushirib yurmagin tag'in. Xo'jayin qattiq xafa bo'ladi-ya!
— Xo'jayin? O'zingiz…
— Men vakilman, xolos. Agar topshiriqlarni boplayversang, xo'jayinniyam ko'rasan bir kuni. Demak, ertaga Dima keladi seni olib ketgani. Joy, qurol hammasi taxt qilingan. Tushuntiradi… Qo'rqma, melisalar xitlanmaydi. Hammasi o'zingga bog'liq. Faqat bir gapimni qulog'ingga quyib ol! Basharti ishni buzib melisaga tushsang, biz seni tanimaymiz, sen bizni… Umuman, turmaga bir tushib chiqsang, ziyon qilmasdi. Hayotni ko'rib pisharding o'sha yoqlarda. Uqdingmi, mergan?
— Tushundim, yosh bolamasman, — norozi javob qaytardi Mirsoli. — Men haqimda qayg'urmasangizam bo'ladi. Turmasizam pishaveraman.
— Mayli, yotib damingni ol, — Valeriy dast o'rnidan turdi-da, o'ziga sira tap tortmay tikilib turgan Mirsoliga sovuqqon boqdi. — Ishda uyqusirash taqiqlanadi…
Ular chiqib ketishdi. Mirsoli eshikni qulfladi-yu, kela solib yostiq ostidagi pullarni qo'liga oldi va xo'rsina-xo'rsina yuziga bosdi.
U hech qachon qo'lida buncha pul tutib ko'rmagandi.
Qo'liga tutqazib ketilgan bir dasta pul bo'y yigitning xayolini butkul o'g'irlab qo'ygandi. Uyqudan uyg'onib ham Mirsoli yostiq ostidagi pullarni shosha-pisha qo'liga oldi va ko'ksiga mahkam bosdi.
— Men shu kungacha sizlarni tanimasdim, — ovoz chiqarib so'zlanardi u. — Lekin yuragimning tubida albatta tanishish niyatim bor edi. Bir kunmas bir kun sizlar mengayam oshno bo'lishlaringizga ishonardim. Mana, bir qismingiz ko'ksimdasiz. Siz… Juda jozibali va sehrli ekansiz. Ilgari his qilmas ekanman. Demak, ahmoq ekanman. Mayli, endi biz ayrilmaymiz, qarindosh-urug'ingizni yetaklab Sasha krutoyning bag'riga kiraverasiz, hi-hi-hi-i!!!
Be, bu dunyo o'zi shunaqa. Kimdir o'lishi, yana kimdir shuning hisobiga yaxshi yashashi lozim. Shunday ekan, nimadan qo'rqaman? Bir boshga bir o'lim-da!..
Pullarni hidlab, ularga so'zlanib borlig'ini unutayozgan Mirsolini eshikning bezovta taqillashi hushyor torttirdi.
— Ana keldi, — shivirladi Mirsoli telbalarcha pullarga yeb qo'ygudek tikilib. — Bugun qolgan qarindoshlaringiz bilan ham tanishaman. Hammalaring birgalashib mening hayotimni gulzorga aylantirasiz. Qani, sizlar yostiq ostiga berkinib turinglar, men eshikni ochaman!..
— Xo'sh, mergan, — Dima ichkariga kirib eshikni tambalarkan, Mirsoliga ma'noli tikildi. — Tayyormisan birinchi ishga?
— Albatta tayyorman, — kerilib mushaklarini Dimaga ko'z-ko'z qildi Mirsoli. — Surat qani? Sen oborib qo'yasanmi aytilgan yerga?
— Hovliqma, o'zingni bosvol, — tanbeh bergan bo'ldi Dima qovoq uyib. — Oldin suratni ko'r, fikrla, kallangni ishlat, reja tuz, mabodo yuraging titrayotgan bo'lsa, ul-bul ichib sal bo'shashvol.
— Menga hadeb aql o'rgataverishing yoqmayapti!
Berilgan bir dasta pul Mirsolini yanada dadillantirib qo'ygandi. Hatto Dimaga ham ovozini ko'tarishga jazm eta oldi. Ammo Dima bunday sovuqqon munosabatga e'tibor bermadi. Yoki sir boy bergisi kelmadi. Peshonasini tirishtirgancha kissasidan bir dona surat olib Mirsoliga tutqazdi.
— Mana shuni bugun tinchitishing kerak!..
Mirsoli suratga ko'zi tushdi-yu, avvaliga ishonqiramadi, «xato ko'rdimmikan?», degan xayolda yana tikildi. Yo'q, adashmagandi. Suratda… Ha, xuddi o'sha ayol, uni manavilar bilan tanishtirgan, nafaqat ish, balki mehrini darig' tutmagan Natalya kulimsirab turardi.
— Sh-shunimi? — so'radi tutilib Dimadan. — R-rostdanmi? Adashmadinglarmi?
— Ho'v, yigit, biznikilar hech qachon adashishmaydi. — dedi Dima sovuqqonlik bilan Mirsoliga sirli tikilib qararkan. — Hech qachon adashishmaydi.
— Axir… Bu…
— Bilamiz, bu o'sha sening tutingan opang. Lekin bir narsani bilvol, u ayol bizning dushmanimiz. Dushmanni esa yo'q qilish kerak. Xo'sh, nega jim bo'p qolding? Ishlaysanmi o'zi-yo'qmi?
Mirsoli bir necha o'n soniya kalovlangan ko'yi turib qoldi. Nima qilishni, qanday javob qaytarishni bilmay garangsidi. Xayolan Natalyani vintovkadan nishonga olib ko'rdi, o'q uzdi, Natalya yerga quladi, hammayoq qora qonga bo'yaldi. Odamlar, o'tkinchilar yerda uzala tushib yotgan ayolni ko'tarib qaergadir olib kirib ketdi…
— Axir, qanaqasiga? — nihoyat o'zini hiyla qo'lga olib dadil so'rashga jazm etdi Mirsoli. — Bunaqasini kelishmagandik-ku!..
— Krutoyligingga negadir shubha qila boshladim, — dedi Dima qo'l siltab. — Senga kecha berilgan pullarni sanaganmiding?
— H-ha, — javob qildi Mirsoli beixtiyor kissasiga qo'l yuborib. — Sanaganman.
— Bu ishni qoyillatsang, yana shunaqa dastadan ikkitasi beriladi. Shuniyam bilasanmi?..
Shaytoni lain bir zumda Mirsolining yuragiga chang soldi. Ikki dasta pul daragini eshitgan yigit gapni kalta qildi.
— Bo'pti, olib bor o'sha aytilgan joyga! Shoshilaylik!
— Mana bu boshqa gap, oshna, — Dima Mirsolining yelkasiga shapatilay-shapatilay yo'lga otlandi. — Qani, ketdik bo'lmasa, qolgan gaplarni yo'lda tushuntiraman!..
* * *
Manzil xuddi detektiv filmlardagi kabi shahardan chetroqda ekan. Dima to'rt qavatli binolardan biri ro'parasiga yetganda, mashinani to'xtatdi va lom-mim demay pastga tushdi. Mirsoli esa indamay o'tiraverdi. Tashqarida qiladigan muhim ishi bormi deb o'ylab pastga tushiboq sigaret tutatishga tutingan Dimaga zimdan qaragancha sukutga toldi. Ammo sukut uzoqqa cho'zilmadi. Dima negadir asabiylashib, qo'lidagi sigaretni chetga irg'itdi-da, qo'li bilan «tush» ishorasini qildi.
Mirsoli tushdi.
— Binoni ko'ryapsanmi? — so'radi o'ngdagi imoratga ishora qilib. — Ko'ryapsanmi dedim?
— Ko'rmasman-ku, — Mirsoli jahli chiqib uni jerkib berdi. — Xo'sh, nima bo'pti? Shumi manzil?
— Ha, bu bino JEK niki. Shu imoratning tomida, shifer ostida sen uchun hamma narsa taxt qilib qo'yilgan. Taxminan bir soat ichida opang kelib hov anavi bankka kiradi. Ko'zdan qochirmagin! Joy juda qulay. Bemalol boshinimi, yuraginimi mo'ljalga olaverasan.
— Bo'ldimi? Pul-chi?..
Dima kutilmagan savolni eshitib aftini bujmaytirdi va og'ir xo'rsinib oldi.
— Qanaqa pul? — so'radi betoqatlanib. — Tushunmadim?!.
— Qanaqa bo'lardi? Ish uchun beriladigan pul. Yo darrov esingdan chiqdimi?
— Ho'v, mergan, — dedi Dima atrofga o'g'rincha qarab olib. — Pul ishdan keyin beriladi. Oldin qotirib qo'ygin ishni, ana undan keyin so'ra!
— Bo'pti, tom ochiqmi ishqilib?
— Tom ochiq, hozir bu binoda it ham yo'q. Shoshil, mergan, shoshil! Aytgancha, melisalar xitlanadigan bo'lsa, biz seni, sen bizni tanimaymiz, uqdingmi? Yaxshisi, qochib qol, aks holda ahvoling og'ir bo'ladi. Bizning ishda hech kim bir-birini melisalardan himoya qilmaydi. Hamma o'zi uchun javob beradi. Sotsang, seni yerning tagidan bo'lsayam topvolamiz.
— Bo'pti, yosh bolamasman. Ko'rishguncha!
Dima shosha-pisha mashinaga o'tirib jo'nab ketgach, Mirsoli asta bino ichkarisiga kirdi.
* * *
Umri bino bo'lib bu taxlit ishlarga qo'l urmagan odam, shubhasiz, dovdiraydi. Buni o'zgalarga sezdirmasa-da, ko'ksi portlagudek darajada titrashga, qo'rqishga, hadiksirashga majbur bo'ladi. Mirsoli ham ayni pallada щunday holatni boshidan kechirayotgandi. Tomga chiqib qo'liga yaltiragan vintovkani olarkan, dahshatga tushar, tizzalari dag'-dag' titrardi.
«Qo'lga tushsam, nima bo'lashimni tasavvur qilaman, — o'ylardi u binoga qarama qarshi tarafda qad ko'targan bankdan ko'z uzmay. — Melisalar urib mayib qip tashlashsa kerak. Sheriklaringni aytasan deb qistalang qilishadi. Men aytmayman. Ana undan keyin qiynoqlar yana davom ettiriladi. Nima qilsam ekan? Shu ishni qilmasam, tirikchiligim o'tmay qoladimi? Qochvorsam, anavi nusxalar meni qaydan topardi… Yo'q, bu menga to'g'ri kelmaydi. Boshladimmi, tamom, oxirigacha boraman. Kim berib qo'yadi dasta-dasta pullarni? Hech kim. Imi-jimida ishlab, melisaning qo'liga tushmay yursam, mendan zo'ri, boyi bo'lmaydi. O'zimni bosvolishim kerak. Taqdirga tan berishni o'rganishim shart. Bu yer enamning issiq ko'rpasi emas, begona yurt. O'zimga pishiq-puxta bo'laverishim zarur. Faqat… Ha, mayli, boshga tushganni ko'z ko'rar. Nima bo'lsa bo'lar. Pulni naqd berishsa, aldashmasa bas. Be, aldab ko'rishsin-chi, nima qilarkanman…»
To vintovkani hozirlab, o'qlab, mo'ljaldagi nuqtani durbin yordamida chamalab-chamalab olguncha, haqiqatan Natalyaning mashinasi bank ro'parasiga kelib to'xtadi.
«Bu qanjiqlar aniq vaqtni qaydan bilishgan? — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli asabiy lab tishlagan ko'yi mashinadan ko'z uzmay. — Agenturasi zo'r ishlarkan-da! Ifloslar-ey, qaniydi shulardanam zo'r bo'lib ketib hammasini yer tishlatsam. Ha, bularni o'ldirsa arziydi. O'ldirgan odam savobgayam qolsa ajabmas! Lekin… Natalyani… Yo'q, bunday qila olmayman…»
Mirsoli vintovkani asta bir chetga qo'ydi-da, kissasidagi Natalyaning suratini oldi.
«Shunday ayolni otib tashlash… Axir, u menga birinchi bo'lib mehr ko'rsatdi begona yurtda. Hatto familiyamniyam so'rab o'tirmadi. Qandaydir xomkallalardan sumkasini olib berganim evaziga qancha yaxshilik qildi. Endi men uni otib tashlashim kerakmi? Nega? Qaysidir sassiq pullarni deb-a? O'sha pullarni oz bo'lsa-da, uyam berib edi-ku! Men shunchalar tubanmanmi? Yaxshilik qilgan odamga miltiq ko'taramanmi? Yo'q, unaqasi ketmaydi. O'ldirmayman Natalyani. Gapim gap. Anavilarga esa tupuraman. Epini topsam, bitta-bitta tinchitaman. Qani, orqamdan quvlab ko'rishsin-chi! Tupurdim pullarigayam! Yaxshisi… Ha, shunday qilaman, shunday… Orqaga qaytish yo'q! Krutoy, bo'shashma! Bu nomniyam xuddi shu ayol o'ylab topgandi senga. Past ketma bunchalik. Olg'a bos, olg'a!..»
So'nggi lahzalarda miyasini kemirgan xayollar Mirsolini nihoyat oyoqqa turg'azdi. U vintovkani qayta yig'ib sumkaga soldi-yu, qo'l siltagancha pastga yo'l oldi…
Katta ko'chaga chiqib mashinaga yaqinlashmay turib, bank ichkarisidan Natalya ham chiqib keldi. Mirsolini ko'rdi-yu, ko'zlari chaqnab, beixtiyor jilmaydi.
— Siz?.. — hanuz ko'zlariga ishonmay Mirsolining ikki yelkasidan mahkam siqib oldi u. — Qaerdan keldingiz? Ish bilan yuribsizmi? Nega indamaysiz? Nimaga xafaqonsiz? Tinchlikmi?..
— Opa, maylimi bugun siznikiga ketsam? — so'radi Mirsoli qovog'ini uyib, ehtiyot shart atrofga alanglab. — Judayam kerak. Sizga aytadigan gaplarim bor.
— Voy, shuniyam so'rab o'tirasizmi? — dedi Natalya birdan xorg'in tortib. — Yuring, hoziroq uyga boramiz! Yangi ishingizni yuvamiz. Rozimisiz?
— Roziman, — dedi Mirsoli iloji boricha sir boy bermaslikka tirishib. — Qancha tez borsak, shuncha yaxshi.
— Ketdik!..
Natalya uyga yetguncha miq etmadi. Ora-sirada nimadandir xavotirlanayotgan, nuqul tashqariga alanglashni kanda qilmayotgan Mirsoliga ko'z qirini tashlash bilan cheklandi. Ichkariga kirib, darvozani qulflagach, xonaga kirishgachgina Mirsolini siquvga oldi.
— Sezib turibman, — dedi Natalya past ovozda. — Nimadir bo'lgan. Kim bilandir yo mushtlashgansiz, yo undan battarroq voqea ro'y bergan. Ayting, nima bo'ldi?
Mirsoli bir necha daqiqa kalovlandi. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsidi. Oxiri bir qarorga kelib cho'ntagidagi bir dasta pulni chiqardi-da, stol ustiga sochib yubordi.
— Bularni ko'ryapsizmi? — dedi Natalyaga alam aralash termilib. — Opa, ko'ryapsizmi?
— H-ha, ko'ryapman, — dedi Natalya yelka qisib. — Bu pullarni kim berdi sizga? Ancha pul-ku bu!..
— Hamma gap shunda, ancha pul, — dedi Mirsoli boshini changallab. — Lekin pullarning qaerdan kelganini, nima uchun berilganini bilsangiz, nima der ekansiz?
— Tezroq gapirsangiz-chi, — daf'atan betoqlanib stol ustidagi grafindan stakanga suv quyib bir ko'tarishda ichib yubordi-yu, Mirsolining yoqasiga yopishdi Natalya. — Bilasiz-ku, yuragim ko'tara olmaydi. Nima bo'ldi o'zi?..
— Xafa bo'lmang-u, meni ishga olgan o'sha tanishlaringiz dushmaningiz ekan.
— Nima? Valerami? Yo Dimami?
— Opa, mendanam yaxshiroq bilasiz-ku ular kimningdir yugurdagiligini! Ular kimning xizmatini qilsa, o'sha sizning dushmaningiz ekan.
— Buni qaerdan bildingiz?
— Meni oldin sinab ko'rishdi, keyin esa qandaydir kvartiraga joylashtirishdi. Bir kun maza qilib dam oldim. Ertasiga esa Valerangiz Dimani ergashtirib keldi. Qo'limga mana bu sassiq pullarni berdi-yu, birovni o'ldirishim kerakligini aytdi. Aytgancha, bu avans ekan. Qolganini ish bitgandan keyin olarkanman. Xo'sh, ular kimni o'ldirishimni buyurishdi sizningcha?..
— O'zingiz ayting, — dedi Natalya Mirsoliga ma'noli boqib. — Kim ekani o'sha sho'rlik?
— U… Siz, — Mirsoli yer chizgan ko'yi shivirladi. — Siz edingiz, opa, siz! Mana, suratingizniyam berishgandi. Ko'ring, bu suratingiz kimda boridi?..
Natalya Mirsoli tutqazgan suratni qo'liga olarkan, dahshatdanmi, hayajondanmi, beixtiyor titrab ketdi. Bir necha o'n soniya suratga titroq aralash tikilib bosh chayqadi.
— Axir… Bo'lishi mumkinmas! Q-qanday qilib?.. Sizga meni o'ldirish uchun… Ishongim kelmayapti…
— Afsuski, bu haqiqat, — dedi Mirsoli ohista o'rnidan turib. — Agar ularning so'ziga kirsam, hozir… Kechirasiz-u, bu yerda o'tirmasdingiz.
— Nega aytganlarini qilmadingiz? Ular sizga bir dasta pul beribdi, o'ldirsangiz…
— Jim bo'ling, opa! Nahotki, meni shunchalik pastkash deb o'ylasangiz?
— Axir, endi u yaramaslar sizning izingizga tushishadi-ku! Qo'rqmaysizmi?
— Yo'q, qo'rqmayman!
— Unday qilmang! Hali yoshsiz. U zo'ravonlar ko'pchilik, siz esa yolg'izsiz. Siz berkinishingiz kerak tezroq. Bu yerni bilishadi hammasi. Halizamon yetib kelishlari hech gapmas. Iltimos, gapimga kiring, berkining. Bu o'yin juda qaltis. Pul uchun o'sha marazlar hech kimni ayab o'tirishmaydi. Berkining! Agar meni hurmat qilsangiz, tez o'zingizni panaga oling!
— Sizni yolg'iz qoldirolmayman! — dedi Mirsoli tishlarini g'ijirlatib. — Baribir izingizga tushishadi. Siz…
— Mendan xavotir olmang! Men ertaga tongda boshqa davlatga uchib ketaman. Siz yashirinsangiz, menam dugonalarimdan birontasinikiga borib tunayman. Yuklarimni poezd konteyneriga joylab bo'lganman. Bir kecha ming kechamas. Shoshiling!..
Mirsoli qarshilik qila olmadi. Natalyaga bir necha daqiqa tek qarab turgach, bosh silkita-silkita uydan chiqib ketdi.
U katta ko'cha tomon ketib borardi-yu, yuragi g'ash edi…
* * *
Mirsoli baribir katta ko'cha bo'ylab bemalol yurishga cho'chidi. Mushtlashishdanmas, qaysidir pana-pastqamdan turib otib tashlashlari mumkinligini o'ylab domlarni oralagancha duch kelgan tomonga qarab yurdi. Chamasi ikki chaqirimcha yo'l bosgach, taqqa to'xtadi va kissasiga qo'l soldi. Kirishayotganda Natalya uy eshigini ochishi uchun kalitlarini bergandi. Shu ko'yi kalitlar kissasida qolib ketgan ekan.
«Eh, — deya aftini bujmaytirib atrofga alangladi u. — Endi nima qildim? Boshqa kaliti bo'lmasa, Natalya opa rosa xunob bo'ladi-ku ertaga! Qaytsammikan? Topib bora olamanmi kelgan yo'limni? Topaman. Shu bahonada undan xabar olib ham qaytaman. Busiz bo'lmaydi. Ters o'girilib ketvorsam, nomardlik bo'ladi…»
To Natalyaning uyini tusmollab topib borguncha bir soatcha vaqt o'tib qoldi. Mirsoli negadir yuragi uvishgandek qimtinib ichkariga kirdi. Ichkariga kiriladigan eshik qiya ochiq edi.
«Uyni yig'ishtiryapti shekilli opa, — taxmin qildi Mirsoli asta ichkariga qadam qo'yarkan. — Kalitini qo'liga topshirsam, rosa xursand bo'lsa kerak…»
— Opa, — deya zalga o'tdi Mirsoli. — Hov opa! Qaerdasiz?..
Javob bo'lmadi.
— Ie, nega javob bermaydi? Uxlab qolganmi nima balo?..
Shunday deb yotoq eshigini ochdi…
Ne ko'z bilan ko'rsinki, polda Natalya qonga belanib yotar, chap qo'li bilan to'pponchani changallab olgandi.
— Opa, ko'zingizni oching, opa! — Mirsoli jonholatda jasadni chalqancha yotqizdi. Yotqizdi-yu, hammasini tushundi. Natalya allaqachon jon taslim qilib bo'lgandi.
— Ablahla-ar! — beixtiyor baqirib yubordi Mirsoli. — Qonxo'r, gazandalar! Bu ayol senlarga nima yomonlik qilgandi?.. Nega ketdim o'zi, nega? Birpas shoshmasam o'lib qolarmidim?.. Endi nima qilaman? Nima qilish kerak? «Tez yordam» chaqiraymi? Ha, shunday qilaman! Shoshilish kerak!..
«Sen kallangni ishlat, — daf'atan ichki ovoz Mirsolini to'xtatdi. — Do'xtirlarni chaqirsang, ular melisa bilan birga kelishadi. Hozir murdaning yonida sendan bo'lak hech kim yo'q. To'pponcha tayyor dalil. Dardingni birovga aytolmay qolasan. Shartta qo'llaringni qayirishadi-yu, olib ketishadi. Yaxshisi, tuyog'ingni shiqillat bu yerdan obro'ying borida. Undan ko'ra Natalyaning qotillarini bekitiqcha, imi-jimida jazola! Natalyaning ruhiyam shod bo'ladi…»
Bu ovoz Mirsolini oyoqqa turg'azdi. U qo'llarini musht qilgancha tashqariga yo'l oldi. Ayni chog'da go'yo ko'zlari yorug' dunyoni ko'rmas, karaxt banda kabi qadam tashlardi. Shu ko'yi Natalyaning mashinasi motoriga o't qo'ydi-da, gazni bosdi. Baxtga qarshi darvozadan chiqqandayoq qarama-qarshi tarafdan begona mashina o'qdek uchib kelib yo'liga ko'ndalang bo'ldi. Mirsoli jonholatda tormozni bosib, kalitni ters buradi-yu, jahl aralash mashinadan tushdi. Xayolida bir fikr uymalardi.
«Bular o'shalar! Xabar olishga kelishgan! Hozir hammasini o'ldiraman!..»
Unday bo'lib chiqmadi. Pastga tushgani hamono yuzlariga qora niqob kiyib, qo'llarida avtomatlar tutgan to'rt barzangi qo'llarini qayirib, boshini mashina kapotiga bosdi.
— Oyoqlaringni ker! — qichqirdi orqadan kimdir. — Nima dedim? Ker dedim oyoqlaringni!
— S-sizlar kimsizlar? — shu ahvolda ham so'rashga jazm etdi Mirsoli. — Nega menga yopishib oldingiz?
— Bo'limga borgin, o'sha yerda bilasan kimligimizni! — dedi yana orqadan kelgan ovoz egasi. — Odam o'ldirishni ko'rsatib qo'yamiz senga!
Shundagina Mirsoli barzangilar militsionerlar ekanini angladi va qalbining bir chetini nadomat tuyg'usi chulg'adi.
— Iltimos, bir soatga meni qo'yvoringlar, — deya siltanib militsionerlar qo'lidan xalos bo'lishga urindi Mirsoli. — M-men hech kimni o'ldirmadim, ishoninglar! O'sha… Qotillarni topishim kerak! Qo'yvoringlar!
— Mashinaga yuklanglar buni! — buyurdi kimdir. — Tezroq olib boraylik bu nusxani! Ana, «Tez yordami»yam nihoyat yetib keldi! Prokuraturadagilar uxlayapti chog'i, qorasi ko'rina qolmayapti.
— Bizga nima, aka? — dedi Mirsolining qo'llarini qayirgancha mashina tomon sudray boshlagan militsioner. — Kelishsa, o'z ishini qilaverishadi. Biz mushukday poylab o'tirmaymiz-ku ularni!
— Bo'pti, ketdik! Hali bir dunyo ish bor!..
* * *
Qotillikda gumon qilingan odamga militsiya bo'limida ham, «SIZO»da ham munosabat o'ta sovuq kechadi. Agar Mirsoli kabi «katta»larni o'ldirib qo'yishsa, ularning taqdiri ham o'ta chalkash bo'lishi tayin edi. Biroq bu «sahna» negadir boshqacha tus oldi. Mirsolini bir kishilik kamerada saqlashar, u faqat sud jarayoni boshlanadigan kunni kutishga mahkum, dunyo lazzatidan, kelajagidan butkul umidini uzgandi. Tasavvuriga qamoq hayotigina tobora qattiq o'rnashib borardi…
Oradan o'n besh kuncha vaqt o'tgach, negadir kameraga fuqaro kiyimidagi, salobatli, qovoqlari uyilgan, taqa mo'ylov bir erkak kirib keldi. Erkakning ko'rinishi sport bilan muntazam shug'ullanishini yaqqol ko'rsatib turardi.
— Men polkovnik Ivanovman, — deya o'zini tanishtirdi u. — Sening ishing bilan bugundan boshlab men shug'ullanaman. Xo'sh, hamkorlik qilasanmi? Tergovga yordam berasanmi?..
Barcha ezguliklarga allaqachon ters o'girilib ulgurgan Mirsoli polkovnikka hissiz boqqan holda yelka qisdi.
— B-bilmadim…
— Bilasan, — dedi polkovnik Mirsoliga ayyorona boqib. — Sen baloni bilasan. Bizga jinoyatchilar to'dasini topib berasan. Evaziga…
Polkovnikning so'nggi so'zini eshitib, Mirsoli o'zi sezmagan holda birdan jonlandi. Qalbining tub-tubida noma'lum umid cho'g'i yiltillagandek bo'ldi.
U zaxil yuzli polkovnikka umidvor nigohlarini qadadi.
— Ha, davomi qiziq-a? — so'radi polkovnik sovuq kulimsirab. — Aytdim-ku, sen balosan, balo! Mayli, davom etaman… Xullas, agar bizga o'sha to'dani topib bersang, barchasini qo'lga olsak, seni ozod etaman. Buyam hammasimas. Eshitishimcha, sen armiyaga borishdan qochib yuribsan. Qolaversa, qishlog'ingda bir baloni boshlab buyoqlarga qochvorgansan. Yo adashdimmi?
Mirsoli qalban, xayolan, ruhan qarshisidagi militsionerga allaqachon tan berib bo'lgandi. Nima deyishni bilmay, garangsib, kalovlandi.
— Men… Haligi…
— Chaynalma! — kutilmaganda do'q aralash so'z qotdi polkovnik. — Bizni ahmoq deb o'ylarmiding? Begona shaharga kelvolib, qayoqdagi marazlarga aralashib yursang, militsiya bilmaydimi? Biladi. Biz yer ostida ilon qimirlasa bilamiz. Xo'p, gapingni ayt, yordam berasanmi yo turmaga jo'natvoraymi? Mana, seni qamashim uchun hamma dalillar yetarli bo'lib turibdi. Hech qanday muammo yo'q. Faqat… Sen ablah, o'zboshimchaning aybdor emasligini bilaman. Sengamas, uydagi mushtipar onangga achinaman. U sho'rlik bolam qaerda ekan deb zor yig'layotgandir… Gapir, it!..
— Roziman, — dedi nihoyat Mirsoli polkovnik bilan bahslashish befoydaligiga ko'zi yetib. — Topib beraman hammasini!..
— Mana bu erkakcha gap bo'ldi, — polkovnik kaftlarini bir-biriga ishqalagancha kamerada uyoqdan buyoqqa yurib so'zini davom ettirdi. — Jinoyatchilar tutilsa, bas, sen ozodsan. Armiyangniyam, yurtingdagi melisalar masalasiniyam hal qilamiz. Obbo tirrancha-ey!..
Polkovnik shosha-pisha kissasidan telefonini olib kimgadir qo'ng'iroq qila boshladi…
* * *
… Ko'zi ilinibdi chog'i, ko'z o'ngida onasi paydo bo'libdi. Nuqul qarg'anar, ho'ng-ho'ng yig'larmish. Mirsoli esa tosh qotgan ko'yi yer chizar, sukut saqlashdan nariga o'ta olmasmish…
Shu mahal kimningdir bo'g'iq tovushidan uyg'onib ketdi.
Shu zahoti ko'z o'ngida ona qishlog'i, ariq bo'yida askardek saf tortgan mirzateraklar, poyonsiz paxta paykallari namoyon bo'ldi.
— Mana, qishlog'ingizgayam kirib keldik, — dedi tepakal haydovchi kulib. — Rosa charchaganakansiz shekilli-a, uka? Yo'l bo'yi faqat uxladingiz-a, vey!..
Mirsolining qulog'iga gap kirmasdi. U kechagi jinoyatchilar to'dasini qo'lga olish operatsiyasi, Natalyaning boshiga yetgan kallakesarlarning har birini xayolidan o'tkazar, bu o'ylarga onasining mahzun qiyofasi, kelin ko'ylakdagi Zarina aralashib, ko'ngliga battar g'ashlik o'rlardi.
«Afsus, — ko'nglidan o'tkazdi u lab tishlab. — Merganman deb ko'ksimga urdim. «Krutoy» degan laqabgayam ega chiqdim. Ozmi-ko'pmi, tanildim. Merganligimni ikki-uch, balki, o'n-o'n besh kishi bildiyam. Ammo muhabbatda merganlik qila olmaganim alam qiladi-da! Bir qizning yuragini aniq nishonga ololmadim-u!.. Afsus…»
Bir muddat shunday chalkash xayollar girdobida o'tirgach, to'satdan sergaklanib, ikki tizzasiga shapatiladi-da, haydovchining yelkasidan tutib bor ovozda qichqirdi:
— Aka, ashulaning zo'rini baqirtirib qo'ying! Vatanga keldim, axir! Hammasi yaxshi bo'ladi!
* * *
Mirsoli atayin mashinani qishloqqa kiraverishda to'xtatdi. Haydovchi bilan hisob-kitob qilgach, mayda-chuydalar solingan sumkasini yelkaga ilgan ko'yi ikki yuzi keng paxta dalalaridan iborat yo'l bo'ylab uyi tomon jadalladi…
Har oldinga qadam tashlaganda, ko'z o'ngida goh onasining mahzun chehrasi, goh qovoq uygancha chaqalog'ini bag'riga bosib allalayotgan Zarina namoyon bo'laverdi.
«U yaramas Sodiqdan tug'ib olgani aniq, — o'ylardi Mirsoli lab tishlab. — Qishloqqa kelganimni eshitsa, baxtini ko'z-ko'z qilish uchun ko'chada paydo bo'ladi. Buni bilaman. «Mana, ko'rdingmi, erimni o'ldirolmading, sen kim bo'psanki, zo'rlik qilsang?!», demoqchidek meshqorin eriniyam yetaklab olsa ajabmas!..»
Ammo muyulishga yetganda, Mirsoli butkul boshqa manzarani ko'rib, taqqa to'xtadi.
Ularning uyi qarshisiga uzun kursilar terib chiqilibdi. Kursilarda besh-olti baronas to'n kiygan erkaklar bosh eggan holda o'tirishardi.
«Yo'q, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli beixtiyor ko'ksida titroq tuyib. — Bo'lishi mumkinmas! Enam… Enam… Axir…»
Ko'ngli oldindan mudhish holatni anglab, Mirsoli uyi tomon yugurib ketdi.
Darvozaga yaqinlashgani hamono kursida tizilib o'tirganlar baravar o'rinlaridan turishdi. Barchalari bir-birlariga hayrat aralash qarab-qarab olish bilan cheklanishdi.
— Nima bo'ldi? — bor ovozda baqirib erkaklarni bir-bir silkitib savolga tutardi Mirsoli. — Enam qani? Nimaga bunaqa o'tiribsizlar? Nima bo'ldi-i?..
Birinchi bo'lib unga yon qo'shnisi Jabbor aka yaqinlashdi-da, ikki yelkasidan mahkam siqib oldi.
— Qaylarda tentirab yuribsan, bola faqir? — shivirlab so'radi Jabbor aka. — Enang rahmatli…
— Yo'-o'q!!! — Mirsoli jonholatda Jabbor akaning qo'llarini yelkasidan olib tashladi-da, hovliga chopdi. — Ena-a-a!!! Men keldim, ena-a!!! Qaydasiz?..
Hovlining ayvon tarafidagi aylantirib tutilgan oq mato ortida o'tirgan amma-xolalar, qo'shni ayollar kutilmagan hayqiriqni eshitiboq. Mirsoli tomon chopa kelishdi. Shu zahoti ayollar orasida yig'i-sig'i boshlandi. To'ng'ich xolasi Fazilat aya Mirsolining qarshisida turgan ko'yi aytib-aytib yig'lardi.
— Voy, yolg'izini ko'rolmay ketgan, jon opa-am! Ana, Mirsolingiz keldi, opa, keldi! Sizni sog'inib keldi o'g'lingiz!..
Sog'inch, alam, armon Mirsolini tiz cho'kishga majbur etgandi. U bir jumlani takrorlagancha o'ksib-o'ksib yig'lardi.
— Meni kechiring, ena! Sizni yolg'iz tashlab ketgan o'zboshimcha ablah bolangizni kechiri-ing!!!
* * *
* * *
Hash-pash deguncha oradan bir yarim oy o'tdi. Onasining qirqidan so'ng Mirsoli hovli qanchalar qadrdon bo'lmasin, bu yerda bir soniya ham qolishni xohlamasdi. To'g'ri, Zarinaning Sodiqqa tegmagani, hanuz uni kutib yashayotganidan xabar topdi. Barcha haqiqatlardan ogoh bo'ldi. Ammo ichki alam Mirsoliga sira tinchlik bermasdi. Yo'q, bir xayoli ko'zlarini chirt yumib azaliy muhabbatiga qayta bosh eggisi, shirin xotiralarga boy o'tmishni ortga qaytargisi kelardi. Afsuski, ko'ngliga sig'masdi. Ikki xayoli o'zga yurtlarda kezar, o'sha yoqlarga ketsa, ayriliq o'ti so'nishiga negadir ishonardi.
«Endi baribir bu yerlarda yo'limga ko'z tikadigan, qadrimga yetadigan odam yo'q, — o'ylardi u. — Zarina esa… Ko'ramiz, qancha vaqt kuta olarkin, ko'ramiz!.. Ha, men oddiy odam emasman endi. Uyoqlarda kimsan «Sasha Krutoy» bo'lib yurganman. Qishloqdagilar buni tushunardimi. Tushunmaydi. Demak, rizqimni o'sha yoqlardan izlashim kerak. Rostakamiga zo'r bo'lib, obro'-e'tibor bilan qishloqqa ajabtovur mashinalarda kirib kelishga nima yetsin! Kallani ishlatishim kerak. Qanday bo'lmasin, o'sha niyatlarga yetmasam bo'lmaydi…»
Mirsoli ko'zlangan manzilga samolyotda yetib olishni ma'qul ko'rdi. Ko'ribsizki, uch-to'rt soat ichida yana o'sha sershovqin shaharda hozir bo'ldi. Endi bir-ikki kun mehmonxonada tunasa, yo'lini topib olsa bo'ladi. Harqalay, Dima kabilar bo'lmasa-da, bu shaharda uni boshqa «jiddiy shaxs»lar ham tanishi turgan gap. Surishtirsa, kuzatsa, ish ham, yo'l ham topiladi.
Niyat esa Mirsolini uzoq kutdirmadi. Aeroportdan chiqaverishda, yonginasiga yarqiragan xorij mashinasi kelib to'xtadi.
Avvvaliga Mirsoli e'tibor bermagandi. «Ishi bo'lsa, shu yerda to'xtagandir», degan o'yda yo'lida davom etishga tutindi. Lekin mashina cho'zib-cho'zib signal chalgach, to'xtab, ortga o'girildi. Haqiqatan, haydovchi uni chorlardi.
— Tinchlikmi? — oynadan bosh suqib so'radi o'zidan uch-to'rt yosh katta, ingichka mo'ylovli haydovchiga sovuq boqib. — Nima bo'ldi?
— Siz «Sasha Krutoy»siz-a? — muloyimlik bilan so'radi haydovchi. — Adashmadimmi?
— «Vaabщe-to», adashmadingiz, — dedi Mirsoli biroz sergaklanib. — Nimaydi?
— Iltimos, mashinaga o'tiring, gap bor, — dedi haydovchi epchillik bilan eshikni ochib. — O'tiravering!
Mirsoli yelka qisib istar-istamas, mashinaga o'tirdi va darhol eshikni yopib, oynani ko'tardi.
— Mening ismim Vasiliy, — o'zini tanishtirdi haydovchi. — Oddiy qilib Vasya deyaversangiz ham bo'ladi.
— Vasya, meni qaydan taniysiz? — ehtiyot shart savol tashladi Mirsoli. — Sizni… Ochig'i taniyolmadim. Biror yerda o'tirganmidik? Ulfatchilik qilganmidik?
— Yo'g'-e, — dedi Vasya o'ng'aysizlanib. — Sizday odamlar bilan hali ulfatchilik qilish baxti nasib etmagan. Biz… Oddiy haydovchi bo'lsak…
— Unda mening bu shaharga kelishimni qaydan bildingiz? Kim samolyotning aniq qo'nish paytini aytdi? Kim sizni buyoqqa jo'natdi?
— Bunisini manzilga yetgandan keyin aytaman, — dedi Vasya sovuq kulimsirab. — Ishonamanki, hammasi yaxshi bo'ladi.
Bu gapdan so'ng Mirsoli haydovchiga ortiq savol berib o'tirishni istamadi. Bu gal ham begona yurtlarda ko'cha kezmasligini, ishsiz qolmasligini, sarsongarchilikka yuz tutmasligini ko'ngli sezgan kabi ko'zlarini yumdi.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT hikoyasi
