Xtales.ru

Snayper (kamolov)

Hammaga salom. Bu yangi detektiv, sarguzasht asar bo‘lib asar muallifi Olimjon Hayit. Hikoya menga judayam yoqdi. O‘ylaymanki sizlarga ham yoqadi! Demak boshladik!

* * *

Mirsoli viloyatda quroldan otish bo'yicha o'tkazilgan tanlovda g'olib bo'lib qaytdi. Mamnunligidan go'yo yettinchi osmonda parvoz qila boshlagan yigit qishloqqa kun peshindan oqqandan keyingina kirib keldi.

Qishloq ko'chasida onda-sonda odam ko'rinib qolar, atrof deyarli jimjit edi. Qishloqqa tobora yaqinlashib kelardi-yu, nuqul sakrab qo'yar, hushtak chalib, ora-sirada o'zi yoqtirgan qo'shiqni xirgoyi qilardi. Ba'zan kikboksing, karatega qatnab o'rgangan usullari yodiga tushib, qo'llarini musht qilgancha oldindagi daraxtlarga xezlanib qo'yardi.

Do'kon ko'chadan o'tgach, Mirsoli taqqa to'xtadi. Beixtiyor qoshlari chimirilib, ikki ko'zini qisdi. Ancha naridagi yarqiragan «Lasetti»ga qarab nimalardir deya so'kindi. Hoynahoy nima deb so'kinganini o'zi ham eshitib-eshitmay qoldi.

«Bu Sodiq do'konchining mashinasi-ku, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli yana bir qadam oldinga tashlab. — Zarinalarning uyi oldida qand yeyaptimi? Tag'in bir baloni boshlamoqchimi? Ablah! Pastkash! Unga o'tgan safar aytgandim-ku!..»

Bir mahal o'ngdagi tor ko'chadan sinfdoshi Mahmud pakana chiqib kelayotganini ko'rdi. Ko'rdi-yu, jahliga jahl qo'shilib, o'sha tomonga zipilladi.

— Ie, o'rtoq, tabrikmi? — Mahmud pakana hali yaqin kelmay og'zining tanobi qochgancha qulochini yozib yubordi. — Agar tabrik bo'lsa…

— Hovliqma, — deya sinfdoshi ro'parasida to'xtab mashina tarafga ishora qildi Mirsoli. — Anavi bezbet nima qilyapti u yerda? Bilasanmi?

Mahmud pakana mashina tomon bir qarab oldi-da, yelka qisdi.

— Bilmadim-u, ammo yon qo'shnimiz Bibisora xola oyimga gapirayotgani qulog'imga chalinganday bo'luvdi. Menimcha Sodiq do'konchi yana Zarinaga sovchi qo'ygan. Haligi…

— Ablah! — Mirsoli mushtlarini qattiqroq tugib gezardi. — Unga ko'rsatib qo'yaman birovning xasmiga og'iz solishni. Axir… Mahmud, uni sevishimni bilardi-ku do'konchi! Gapir, o'rtoq! Bilarmidi-yo'qmi?

— Bilardi albatta, — dedi Mahmud pakana yer chizib. — Necha marta ogohlantirgansan o'zing. Puli ko'p-da baribir! Hoynahoy Zarinaning dadasi Meli og'a…

— O'chir! — pakananing og'ziga kaftini bosdi Mirsoli. — Tupurdim o'sha puliga, tupurdim!

— Sen… O'rtoq… Nimaydi?.. Ha, Zarinaning o'zi bilan gaplashdingmi? Axir, bir-birlaringni…

— Haqsan, — dedi bu gapdan so'ng sal pastroq tushib Mirsoli. — Zarinani topishim kerak! So'rab-surishtirishim shart!

— Hoxlasang, singlimga aytaman, zovur bo'yiga chaqirib beradi. Nima qilay? Chaqirtiraymi?.. Vey, o'rtoq, temirni qizig'ida bosgin-da! Unaqamasiyding-ku! Otni qamchilamaysanmi munday? Yo… Qo'rqyapsanmi?

— Nima? — Mirsoli bir qadam ortga tislanib xezlandi. — Men qo'rqarkanmanmi? Men-a?

— Unda bor, gaplash Zarina bilan! Qiz bolaning xohishi bo'ladi baribir! Keyin… Meli og'ani bilasan, o'lguday qaysar odam… Bir narsa qilish kerak-da baribir!..

— Chaqirtir, — dedi Mirsoli. — Singlingga tayinla! Zarina besh minutdan keyin zovur bo'yiga chiqsin! Tavakkal! Agar va'dasida turmasa… Hammasini o'ldiraman!..

* * *

Jildirabgina oquvchi suvi har bir ko'ngilga orom, xotirjamlik hadya etadigan bu zovur ko'plab pokiza, hadikka to'la uchrashuvlar, bezovta xo'rsiniqlarga guvoh bo'lgan. Ko'p bora Zarinaning uzun, tim qora sochlarini oymomaga ko'z-ko'z qilgan. Ayni pallada esa ko'z-ko'zlashga hojat yo'q edi. Chunki hozir tun emas, tush payti, oymoma qaerdadir o'zga osmonlarda parvoz qilmoqda. Qolaversa, Zarina bu uchrashuvga boshiga durra o'rab chiqdi. Ilgarigidek Mirsoliga yaqin kelib muloyimgina salom bermadi. Asabiy lab tishlagan ko'yi Mirsolining so'z boshlashini kutdi. Go'yo aytishga so'z qolmagandek yigit tilga kirmaguncha sukut saqlab turaverdi.

— Bu nimasi tag'in? — nihoyat zardali ohangda gap boshladi Mirsoli. — G'alati gaplar eshitib qoldim? Gapir!

— Shunaqa bo'p qoldi, — yer chizib zo'rg'a so'z qotdi Zarina. — Dadam…

— Va'da-chi? — beixtiyor baqirib yubordi Mirsoli. — Va'da berganding-ku! Harbiydan kelgunimcha kutishga…

— Bas! — deya yuzini ters burdi Zarina. — Hammasi tugadi. Men… Dadamning so'zini ikki qilolmadim. Bo'lmasa… Oq qilib yuborarkan dadam… Qo'rqaman… Qo'rqaman…

— Shunaqami? — Mirsoli Zarinaga yaqin keldi-da, boshidagi durraga qo'l cho'zdi. Ammo qiz darhol o'zini nari oldi. — Hali… Demak, puliga uchding, shundaymi? Ha-a, bilovdim… O'zi-chi, hamma qizlar bir go'r ekan!..

Zarina bu gapni eshitiboq yalt etib Mirsoliga qaradi. Biroq bir so'z demadi. Kutilmaganda ortga burildi-yu, qon yig'lagancha uyi tomon chopa ketdi.

— O'ldiraman uni! — qizning ortidan qichqirdi Mirsoli. — Baribir o'ldiraman! Hammangni o'ldiraman, hammangni!..

* * *

So'nggi so'zi bu serzarda, qoni qaynoq, sof muhabbatdan qalbi beza boshlagan yigitning ham bir zumda ko'ksiga mixlanib qolgandek edi. Duch kelgan tarafga telbalarcha ketib borarkan, nuqul «o'ldiraman, o'ldiraman», deya shivirlar, alamini tizzalariga mushtlashdan olardi.

Shu yurishda qishloq ko'chasigacha bordi. Va to'satdan to'xtab, atrofga alangladi. Nima qilishni, qay tomonga borishni bilmay garangsidi. Alang-jalang suvi sharqirab oqayotgan ariqqa boqdi. Bir-ikki marta erinmay yerga engashib qo'liga kesakmi, toshmi oldi-da, ariqqa irg'itdi. Keyin esa yo'lida davom etdi. Bu gal uyiga emas, qo'shni mahallaga qarab yurdi.

«Baribir o'ldiraman, — o'yladi o'zicha. — Nortosh buvaning ov miltig'i boridi, bilaman. O'shani ololsam bas, do'konchini otib tashlayman!..»

Ha, Mirsoli nishonni aniq ura oladi. Buni musobaqalarda isbotlab bergan. Ammo shu lahzalardagi miyasiga kelgan fikrning naqadar dahshatli ekanini umuman idrok etmasdi. Odam o'ldirish, bu nishonga po'lat yoki boshqa bir matodan yasalgan chivindekkina o'q solingan miltiqdan otish emasligini tushunib yetmasdi. Tushunishga alam, hali vujudini butkul tark etib ulgurmagan bolalarcha nodonlik yo'l bermasdi. Ammo ortga qaytish ham xayoliga kela qolmasdi. Mirsoli o'ljasi tortib olingan sher kabi na'ra tortishdan-da o'zini tiyolmas darajada g'azabga botib borardi.

Nihoyat yoshi to'qsonga yetib qolayozgan, anchadan beri ko'zlari ko'rmay qolgan Nortosh buvaning ko'rimsizgina hovlisiga yetdi. Yaqin tevarakda zog' uchmasdi. Hammayoqda bahorni bahodirlarcha yengib shiddat bilan bostirib kelgan yoz jaziramasi hukmron edi.

«Buva baribir miltiqni bermaydi, — ko'nglidan kechirdi Mirsoli ichkariga kirish uchun taraddudlanarkan. — So'rab ovora bo'lmaganim ma'qul. O'g'irlab chiqaman. Do'konchini o'ldiraman-u, joyiga opkirib qo'yaman. Keyin nima bo'lsa bo'lar, menga baribir. Alamimni olsam, do'konchi daf bo'lsa yetadi. Iflos! Hali ko'rsatib qo'yaman senga!..»

Shularni o'ylab ehtiyotkorona taxtali eshikni ochib hovliga kirdi. Umrida o'g'irlik qilib ko'rmagan odam baribir g'alati ahvolga tushib qolarkan.

Mirsoli xuddi birov ortidan poylab kelayotgandek, tutib olsa butun qishloqqa sharmanda qiladigandek qo'rqar, tizzalari bilinar-bilinmas titrab qo'yardi. Shunda ham niyatidan voz kechishga shoshilmadi. Nortosh buva hovlida ko'rinmaganiga amin bo'lgach, jadal yurib borib og'ilxonaga kirdi.

Og'ilxona bo'm-bo'sh. Qariya ko'zlari ojizlangan kuniyoq mol-qo'ylarni sottirib yuborgan…

«Ishim o'ngidan keldi, — o'yladi Mirsoli qorong'ilikda borib burchakka osib qo'yilgan ov miltig'ini qo'liga olib, o'rgimchak uyasidan tozalash asnosida. — Mana, miltiq! Xuddi o'zi! Menga shu kerak edi! O'qiyam ichidaykan. Zo'r bo'ldi. Endi o'zingdan ko'r Sodiq xomsemiz! Ilgari o'zimdan uch yosh kattaligingning hurmatini qilardim. Otang seni armiyadan olib qolganda hamma ustingdan kulsayam, men kulmagandim. Ota-onangning yolg'iz o'g'li bo'lganing uchun armiyaga olishmaganini tushungandim. Zarinamga ko'z olaytirib yaxshi ish qilmading. Bilib-ko'rib turib unga sovchi qo'yganingga chiday olmayman. Uzr, oshna, Mirsolini otasi bir so'zlilikka o'rgatgan, shunday tarbiyalagan. So'z berdimmi, qaytish yo'q! Sendaqa xotinchalish xunasalarga tupuraman!..»

Mirsoli qorong'ida paypaslana-paypaslana bir burchakdan eski qop topdi. Miltiqni o'sha qop ichiga joyladi-yu, shosha-pisha tashqariga chiqdi. Baxtiga hovli hamon jimjit ekan. Vujudiga hukmini o'tkaza boshlagan titroqlarga e'tibor qilmay, tomorqa orqali devor oshib keng dalaga o'tib oldi. Bu dala orqali ham Sodiqning do'koniga borsa bo'lardi. To'g'ri do'konning kichik omboridan chiqadi. Agar ombor yopiq bo'lsa, miltiqni o'sha yaqin oraga berkitib, do'kondan bemalol Sodiqni chaqirib chiqa oladi…

Shunday qildi ham. Miltiqni ombor yaqinidagi xarsangtosh panasiga qo'ydi-da, ustini shox-shabba bilan yopdi. Keyin omborni aylanib o'tib to'ppa-to'g'ri do'konga kirdi.

Ichkarida mijoz yo'q, Sodiq kerilgancha atlas rangli piyoladan choy ho'plardi.

Mirsolini ko'rdi-yu, piyolani bir chetga qo'yib o'rnidan qo'zg'aldi. Aftidan Mirsoli ne niyatda kelganini payqadi. Shu sabablimi, beixtiyor rangi oqarinqirab, ko'zlari olaydi.

— Kutmaganmiding, xunasa? — suhbatni so'kinishdan boshlab qo'ya qoldi Mirsoli. — Mening Zarinamni qo'yningga solvolmoqchimiding?..

— Senlama! — bo'sh kelmay unga yaqinlashdi Sodiq. — Kim bo'psan kekkayasan? O'zingni bosvol, bratishka!..

— Ie, o'rischalashniyam biladilarmi hali? — masxaraomuz sovuq tirjaydi Mirsoli. — Yur, unda o'rischasiga gaplashamiz, hezalak! Eshitdingmi? Xe-za-lak!..

— Maraz!..

Sodiq do'konchi Mirsolining haqoratiga bardosh qila olmay, o'ng qo'lini ko'tardi. Afsuski, hech bir harakat sodir etishga ulgurmadi. Mirsoli uning qo'lini mahkam siqib asta qayirdi.

— Suyakchalaringni bitta-bittalab sindirvolaman, — dedi tishlari g'ijirlab. — Yur dedim, o'rischasiga gaplashamiz! Sendaqalarga Zarinani osonlikcha berib qo'yadigan ahmoq yo'q!..

— X-xotinimga til tekkizma! — xirillab qo'lini nari tortishga urinardi Sodiq. — U…

— Nima?.. — borlig'i alam va nafrat iskanjasida to'lg'onayotgan Mirsoli «xotinim» degan jumlani hazm qila olmadi. Sodiqning qo'lini qattiqroq qayirgancha uni tashqariga sudradi.

— Erkak bo'lsang, birovga miq etmaysan, — Sodiqni ombor orqali miltiq berkitilgan joy tomon yetaklarkan eshitilar-eshitilmas po'pisa qildi Mirsoli. — Bu juda jiddiy masala. Erkakchasiga kelishvolishimiz kerak. Busiz bo'lmaydi. Xo'sh, aytasanmi birovga? Balki otajoningni yordamga chaqirmoqchidirsan?

— Sendan qo'rqadigan hali onasining qornida yotibdi, — dedi Sodiq. — Qo'lni qo'yvor! Senam erkak bo'lsang, erkakcha mushtlash! Baribir qo'lingdan hech narsa kelmaydi. Zarina meniki! Hademay to'y. Bekorga chiranyapsan!

— Shunaqami? — beo'xshov kulib qo'ydi Mirsoli. — Bratanimiz shunaqangi botir bo'p ketibdilar-ku, bilmabmiz-da! Unda ochsinlar ombor eshigini!..

Sodiq Mirsolining sal bo'shashganidan foydalanib qo'lini zarda aralash tortib oldi-da, kissasidagi kalitni olib eshikka osilgan qulfni ochdi.

Mirsoli oldin yon atrofni ko'zdan kechirib olgan bo'ldi-yu, fursatni qo'ldan bermaslik uchun chopa borib miltiqni shox-shabbalar ostidan chiqarib oldi va epchillik bilan ortga o'girildi.

Shubhasiz, Sodiq bunday manzaraga guvoh bo'lishni yetti uxlab tushida ko'rmagandi. O'ziga qaratilgan sovuq qurol esxonasini chiqarib yuborayozdi. Bir necha soniya ichida a'zoyi badanida titroq tuyib qo'rqa-pisa orqaga tislangancha omborga kirdi.

Mirsoli miltiqni hamon do'konchiga o'qtalib, ombor eshigini yopib qo'ydi.

— Xo'sh, gaplashamizmi? — so'radi Mirsoli ohista raqibiga yaqinlasharkan. — Qani, ko'rsat endi kimligingni! Bugun senga uyingdagilar aza ochishadi. Zarina esa menga qoladi. Alam qilyaptimi? Alam qilmasin! Zarina mening xasmim. U faqat meni sevadi! Kalimangni keltir, boyvachcha!..

* * *

Oradan besh daqiqa o'tdi yo o'tmadi. Mirsoli qo'lidagi miltiqni mahkam tutgan ko'yi dala yo'l bo'ylab yugurib borardi. Tez-tez qo'llariga, miltiqqa, ust-boshiga vahima aralash razm solib olar, biror yeriga qon tekkan-tegmaganini tekshirardi.

«Men… Uni o'ldirib qo'ydimmi? — deya fikrlardi yo'l-yo'lakay lablari titrab. — Endi nima bo'ladi?.. Meni… Qamashadimi?.. Yo'q, qamasholmaydi… Topisholmaydi… O'ldirdim… Otib tashladim… Ishqilib, hech kim bilmay qolgan bo'lsin!.. Hozir… Qochishim kerak, qochishim! Lekin qaerga? Qanday qilib? Miltiq-chi? Buni nima qilsa bo'ladi?.. Yo'q, bovanikiga qaytmayman. Bilib qolishadi. Tutib olib qamab qo'yishadi meni! Qaytib bo'pman! Buni…»

Shularni xayolidan kechirdi-yu, Mirsoli taqqa to'xtadi. Ikki qadam naridagi zovurga, boyagina Zarina ikkovlarining achchiq alamlari, zardali suhbatlariga guvoh bo'lgan eski zovurga umidvor termildi va o'ylab o'tirmay miltiqni suvga uloqtirdi. Zovurning tizzaga qadar yetib-etmaydigan bo'tanali suvi darrov miltiqni bag'riga yashirdi.

Mirsoli hiyla ko'ngli xotirjam tortgan kabi shosha-pisha kiyimlarini qayta qoqdi-da, yana jazavaga tusha boshladi. Unga kimlardir ortidan kelishi muqarrarligi, baribir tutib olishlari mumkinligi sira tinchlik bermasdi. Qochishi lozimligini bilardi-yu, qay manzilga borish, buyog'iga qanday yo'l tutish kerakligini idrok eta olmasdi.

«Topdim, — xayolan picha jonlanib mahallasi tomon bosh burdi u. — Uyga kirib kiyimimni almashtiraman-u, onamga xat qoldirib jo'nab qolaman. Shoshilish kerak, shoshilish! Tutib olishadi, qamab qo'yishadi!..»

Boyagina o'zini erkin qush kabi tutgan, tengqurlariga maqtanish, diplomni ko'z-ko'z qilishga oshiqqan Mirsoli ayni lahzalarda turmadan qochgan aristondek hushyor, ehtiyotkor, sovuqqon bir bandaga aylanib qolgandi. Ikki ko'zi nuqul olma terardi.

Omadi bor ekan. Onasi qaergadir ketibdimi, hovli darvozasi qulf edi. Bilardi, Ruzvon xola hamisha darvozani qulflab, kalitini o'zi bilgan burchakdagi tosh ostiga yashirib ketardi. Kalitni olib hovliga bemalol darvozadan kirsa ham bo'lardi. Ammo bu gal yuragi chopmadi. Odam tugul ko'chadagi itga ko'rinishni-da istamadi. Erinmay kesak devorni aylanib o'tib tomorqaga o'tdi. Hovliga o'sha tomorqa orqali kirib oldi va xonasini zuv aylanib kerakli kiyimlarni kiydi. Yechganini sandiqdagi eski-tuskilar orasiga berkitdi. So'ngra qo'liga qaerdandir ruchka, qog'oz olib Ruzvon xolaga xat yozib qoldirish ilinjida bo'ldi.

— Men otam rahmatliga tortdim shekilli, — deb boshlangandi xat. — U kishi ham hayot paytida juda qaysar edi. Lekin qotil emasdi, onajon. Men bo'lsam, yetti pushtimizni sharmanda qilib qo'limni qonga bo'yadim. Kechiring! Nima qilay? Zarinani sevardim, unga ishonardim. Meni yer bilan bitta qildi. Biroq achinmayman. Endi boshqasiga tegib keta olmaydi. Mendan qo'rqib qoladi. Do'konchining o'limidan keyin qo'rqishga majbur bo'ladi. Ona, meni qidirib ovora bo'lmang! Bolam o'ldi deng-u qo'ying! Aza ham ochmang! Yaxshisi, menday qotil o'g'ilni unuting!..

Mirsoli xatni to'rt buklab oldiniga hovlidagi tandir ichiga yashirmoqchi bo'ldi. Qo'ni-qo'shnilar non yopishga chiqsa, ko'rib qolishlaridan cho'chib fikrini o'zgartirdi. Xatni onasining sevimli chok mashinasi ichiga joylashtirdi va tokchadagi qutidan bir dasta pulning yarmini qo'yinga urdi-da, tashqariga chopdi.

* * *

Tuman markazidan to'g'ri qishloqqa olib keluvchi qum ko'cha bo'ylab «Tez yordam» mashinasi o'qdek uchgancha kelardi. Mirsoli mashinaga ko'zi tushgan zahoti jonholatda daraxt panasiga o'zini oldi-da, orqa-ketini obdon kuzatdi. Uzoqdan narigi mahalladagi Sobir otboqarning qorasigina ko'rindi.

«E, Sobir buvaning ko'zi uzoqni ko'rmaydi, — o'zini ovutdi Mirsoli. — Ko'rgan taqdirdayam yetib kelguncha men g'oyib bo'lishga ulguraman… Eh, dabdala bo'ldim shekilli rosmanasiga. Mana, «Tez yordam» ham keldi. Hozir do'konchini o'likxonaga olib ketadi. Hoynahoy, melisalar ham allaqachon o'sha yerda o'ralashib yurgandir… Ie, iztopar itini qo'yib yuborsa-chi? Birpasda tutib oladi-ku meni! Qochishim kerak! Melisalarning iti yomon bo'ladi…»

Shunday paytda qachonlardir o'zing tomosha qilgan detektiv filmlar ham asqotib qolarkan. It degan so'z miyasiga urgani hamono Mirsolining xayoliga o'tgan oyda televizor orqali berilib tomosha qilgan film keldi. Film qahramoni ham militsiya xodimlari ta'qibidan qochgandi. Militsionerlar hali yaqinlamay turib iztopar itlar jinoyatchini tutishdi. Bu itlar faqat oqib turgan ariq yoki kanalning qirg'og'iga borganda, yo katta ko'lmak suvga yaqinlashganda izni yo'qotarkan…

— Tutdirib qo'yadigan ahmoq yo'q, — dedi u shivirlab. — Buyog'iga faqat berkinishim, uzoq-uzoqlarga ketishim shart. Meni hech kim ko'rmasligi zarur. Ha, topdim, itlarga chap berishning zo'r yo'li bor. Dalani tikkalab boraman-da, zovurni kechib narigi tarafiga o'taman. Keyin… — Mirsoli buyog'iga kallasi ishlay qolmaganidan g'ijinib, peshonasiga kaftini bosdi. — Nima qilyapman o'zim? Nega cho'zyapman? Halizamon onamning qorasi ko'rinsa-chi? Qo'ni-qo'shnining ko'zi tushib chaqirib qolsa-chi? Muyulishdan kutilmaganda melisalar itlarini choptirib kelib qolsa-chi? Nimaga qaqqayib turibman o'zi? Kimni, nimani kutyapman?..

Shu tobda kun asrga og'a boshlagandi. Asta-sekin daladan qaytayotgan mol-qo'ylarning mo'-masi quloqqa chalina boshladi. Bu tovush ham Mirsolining yuragiga battar g'ulg'ula soldi. U tavakkal dala tomon yugurib ketdi. Yengil atletika musobaqalarida qatnashaverib chayirlashgan oyoqlari tosh bormi, qattiqroq kesak bormi bosib o'tar, vahima, qo'rquv, jazava og'riqni sezdirmasdi. O'sha ketishda ko'z ochib yumguncha Mirsoli zovurdan o'tib qishloqdan taxminan besh-o'n chaqirim naridagi tashlandiq shiypongacha yetib bordi. Va shundagina to'xtab, yuzlari osha bo'yniga qadar oqib tushgan terlarni kafti bilan sidirib artdi.

* * *

Mirsoli tashlandiq shiyponning qorong'i, har yer har yeridagi g'ishtlari ko'chib tushgan xonasida cho'nqaygancha uzoq o'tirdi. Tanasida zohir terlar qotdi. Dahshatlar nari chekingan kabi ko'ngli biroz yumshadi.

— Zarinaniyam opqochishim kerak, — dedi o'ziga o'zi. — Men bilan ketishi shart. Baribir meni sevadi-ku! Ketsa nima bo'pti? Kamayib qoladimi? Yo mendan yaxshirog'ini topadimi? Topolmaydi. Do'konchi endi yo'q. Dodlasayam, sochini yulib dunyoga jar solsayam qaytarib kela olmaydi uni. Men esa yonida bo'laman. Uni hech kimga bermay, begona ko'zlardan asrayman. Arzimaymanmi? Arziyman…

Yo'q, ketmaydi endi men bilan. Otasidan qo'rqadi. Mendan hozir nafratlanib o'tirgani tayin. Qizlar shunaqaykan. O'ldim-kuydim deganminan manavinaqangi ishlar bo'p ketgach, ters o'girilib olarkan. Muhabbatini unutib, ota-onasining pinjiga kirarkan-qo'yarkan. Ablah do'konchi! Menday mag'rur, uncha-munchasiga so'zini bermagan yigitni rasvo qilding-a? O'zing… O'zingga nima bo'pti? O'lding-ketding… Yo'q, Zarina men bilan ketishi kerak. Ketishi shart! Bundan boshqa yo'l yo'q unga! U taqdirimga yozilgan bitik. Mening juftim bo'lish uchun tug'ilgan.

Ha, rostdanam astagina qishloqqa borib Zarinadan xabar olaman. Kerak bo'lsa, sudrab opchiqaman uyidan. Qaytmayman. Uni hech kimga bermayman!..

Mirsoli ehtiyotkorlikni qo'ldan bermay, oyoq uchida shiypon ichkarisidan chiqdi. Allaqachon zulmat hukm sura boshlagan keng dala tarafga o'g'rincha boqdi.

Tinchlik, xotirjamlik, erkinlik asta-sekinlik bilan bo'lsa-da vujudiga chirmashgani sayin yanada dadillanib, ikki-uch qadam oldinga yurdi. Zarinani olib qochish, nihoyat azaliy orzusiga yetish istagi ko'nglida battar tug'yon urdi.

— Meni hali yaxshi bilmaskan bu qiz, — deya so'zlangancha yana oldinga qadam qo'ydi. — Men Mirsoliman. Nasibasini birovga berib tek o'tiraveradigan bolamasman. Men — Erkakman! Erkak!..

Shunday deb Mirsoli qishloq tomon yo'naldi. Ammo darrov to'xtadi. Xuddi uzoq vaqt karaxtlikdan so'ng hushiga kelgan banda kabi vahima, qo'rquv, dahshat aralash ko'zlarini kafti bilan ishqalay-ishqalay ortga tislandi.

— Men… D-dada!!!..

Haqiqatan, undan yigirma metrcha narida havoda muallaq holda sersoqol, baland bo'yli, oppoq sochli, keng yelkali erkak xo'mrayib turardi. Mirsoli erkakka ko'zi tushgani hamono nimalardir deyishga urindi. Biroq kalovlanishdan nariga o'ta olmadi.

Boshqa birov bo'lsa, bu manzarani ko'rgandanoq duch kelgan tomonga qochib qolar, yoki o'zini tappa yerga tashlardi. Mirsoli negadir o'zini u darajada yo'qotmadi. Kalovlansa-da, tizzalari dag'-dag' titrasa-da, jonini nimadir uzib-uzib olayotgandek tuyulsa-da, yerga ag'anamadi. Sal o'tmay dadilroq so'zlashga o'zida kuch topa oldi.

— S-siz dadammisiz? — so'radi u telbalarcha chayqalib. — Unda… Axir, soqol qo'ymagandingiz-ku!.. Siz… O'lgandingiz-ku!..

Erkak Mirsoliga javoban hech narsa demadi. Ikki kafti bilan soqolini bir necha marotaba tutamlab olib, norozi bosh chayqab qo'ydi xolos.

— M-meni o'ldirasizmi? — poyintar-soyintar savol tashlashda davom etdi Mirsoli. — Siz… Sodiqning bobosimisiz-a?.. Ha-a, siz arvohsiz! Sodiqni himoya qilishga kelgansiz!.. O'ch olasizmi? O'ldirasizmi? Meni… Majaqlab tashlaysizmi?.. Qo'rqmayman! Sizdan qo'rqmayman!.. Sizminanam urishaveraman, ha, men zo'rman, zo'r!..

Shunday deyishga dedi-yu, erkakning mualllaq holatda o'zi tomon yaqinlasha boshlaganini ko'rib ado bo'layozdi. Dod solib dalani boshiga ko'targancha katta yo'l tomonga chopa ketdi…

* * *

Shu ko'yi uzoq vaqt chopdi. Tanasini bosgan ter kiyimlarini ho'l qildi. Ammo yugurishdan to'xtamadi. Soqolli cholning qo'liga tushib qolishdan qo'rqdi. Qanday bo'lmasin, bu yerlardan olis-olislarga ketish, jonini omon saqlash ilinjida bo'ldi. Bir soatcha to'xtamay chopish baribir charchatdi. Mirsoli taqqa to'xtadi-da, o'zini yerga tashladi. Shu taxlit bir necha daqiqa harsillab yotdi. Keyin esa daf'atan boshini ko'tarib, qaddini rostladi. O'zining qaerdaligini anglashga urindi. Choldan asar yo'q, hov narida chiroq lipillab turar, allambalolarning taraq-turug'i quloqqa chalinardi.

«Axir… Bu vokzal-ku, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli dast o'rnidan turib. — Yuk poezdiga o'tirib uzoq yurtlarga ketib qolsam-chi?.. Ha, shunday qilishim kerak. Aks holda do'konchining kasriga qolib qamalaman. Ammo qamaladigan ahmoq yo'q. Judayam uzoqlarga ketib qolaman. It ham topolmaydigan joylarda berkinib yashayman. Agar niyatim toza chiqsa, bir kunimni ko'raman, yo'limni topvolaman. Lekin… Vagonga qanday chiqsa bo'ladi? Ko'rib qolishsa-chi? Nima deyapman o'zim? Qo'rqoqmanmi men? Yo'q, men undaylardanmasman. Bir ilojini topaman. Shoshilishim zarur, shoshilishim…»

Ko'ngliga o'rlagan noma'lum shiddat bo'y yigitni yana yo'lga otlantirdi. Faqat bu gal chopmadi. Ko'ngil xotirjamligiga suyangan ko'yi shoshilmay chiroqqacha yetib bordi. Adashmabdi. Bu shahardagi vokzalning bir cheti ekan. Har yer-har yerda yuk ortilgan vagonlar saf tortib turar, odam ovozi deyarli eshitilmasdi.

«Ishqilib qorovullari ko'rib qolishmasin, — o'yladi Mirsoli qur-qur atrofga alanglab. — Aniq bilaman, bu vagonlarni ertami-kechmi sostavga ulab uzoqqa olib ketishadi. Almashib-almashib bo'lsayam, ko'zlagan manzilimga yetib olsam bo'ldi-da! Meni kim tanib o'tiribdi. Kuchim bo'lsa bor. Biror ish topvolsam, ko'chada qolmayman…»

Mirsoli chiroqlarning nim shu'lasidan qochib qorong'ilikka o'zini urdi va vagonlardan biriga yaqin bordi. Baxtga qarshi vagonning eshiklari taqa-taq yopiq ekan. Picha alanglab turdi-da, boshqa yo'lga o'tish ilinjida eshigi yopiq vagon ostiga kirdi. Emaklab bo'lsa-da, boshqa yo'lga o'tib oldi. Bu yer qop-qorong'i, yaqin atrofda odam sharpasi ham eshitilmasdi. Ammo negadir Mirsolining yuragi chopmay, navbatdagi temir yo'lga o'tishga qaror qildi. Yana emaklagancha vagon ostidan uchinchi yo'lga o'tdi. O'tayotganda qorong'ida bo'lsa ham ro'paradagi vagon eshigi ochiqligiga ko'zi tushgandi. Hiyla yuragi xotirjam tortib vagon ostidan chiqdi-yu, qaddini ko'tardi. Afsuski, kutilmagan hodisa sodir bo'ldi. O'zidan ikki-uch metr narida to'rt yigit turar, ularning biri o'z qo'llari bilan otib tashlagan Sodiq do'konchi edi. U Mirsoliga sovuq tikilgancha nuqul irshayardi.

* * *

— Ha, mergan, — hanuz irshaygancha Mirsoliga yaqin keldi Sodiq do'konchi. Sheriklari ham do'konchining imosi bilan Mirsolini o'rab olishdi. — O'zingcha «Zo'rman, Sodiqni boplab o'ldirdim, endi boshim oqqan tarafga ketaveraman», deb o'ylovdingmi? Muallimlaring otishni yaxshi o'rgatishmagan ekan. Xohlaysanmi o'zim senga otishni o'rgataman. Hoziroq, shu yerning o'zida. Xohlaysanmi? Nega indamaysan? Ishtoningni ho'l qip qo'ydingmi deyman qotib qolding? Yangi ishton olib beraymi?..

Mirsoli shu tobda qarshisidagi o'ziga sovuq tikilib turgan mushtumzo'rlardan qo'rqmayotgandi. Umuman bu haqda o'ylamayotgandi ham. Xayolini Sodiqning qanday tirik qolgani band etib qo'ygandi. Qachon va qanday xatoga yo'l qo'yganini o'ylab xit bo'lardi. Ammo uzoq o'ylanishga fursat yo'q. Istaydimi-yo'qmi, Sodiq do'konchi tirik, u qarshisida turibdi.

— Merganmanmi-yo'qmi, bilmadim-u, — dedi Mirsoli iloji boricha sir boy bermaslikka tirishib. — Ammo omading borakan. Boshqasi bo'lsa, allaqachon yer ostida yotishi lozim edi. Xo'sh, nega orqamdan itga o'xshab quvlab kelding? Tag'in nima qilib beray?

— Erkak kishi bir ishni boshladimi, oxiriga yetkazishi kerak, — dedi Sodiq do'konchi. — Meni o'ldirishga bel bog'laganding. Birinchi urinishing zoe ketdi. Hozir ikkinchi marta urinib ko'rishing kerak. To'g'ri aytdimmi, Po'lat?

Do'konchiga javoban barzangilardan biri kulgi aralash bosh silkitdi.

— Shunaqami? — Mirsoli tishlarini g'ijirlatgancha Sodiq do'konchiga nafrat aralash termildi. — Demak, o'ldirishimni istayapsan, shundaymi?

— Ha-da, — dedi do'konchi jonlanib. — Mana, akalaringam qiziqishyapti. Hamqishlog'ing qanday merganligini bizam ko'raylik deyaverib hol-jonimga qo'ymadi. Aytgancha, Zarinayam eshitgan hammasini. Shaxsan mendan iltimos qildi. Tag'in bir marta seni sinab ko'rishim shart ekan.

Mirsoli Zarinaning nomini eshitgan zahoti bir nafratiga o'n nafrat qo'shilib, mushtlarini tugdi. Ayni pallada gapni cho'zib o'tirish befoydaligini angladi. Juda tez vaqt ichida to'rtovini ham bir yoqli qilib juftakni rostlashga ahd qildi.

Shunday xayollar ta'sirida kuchiga kuch qo'shilgan kabi bir zarb bilan avval do'konchini, keyin esa uch barzangini yerga ag'anatdi. Qachonlardir ustozidan o'rgangan usullar yodiga tushib, ehtiyot shart yerda inqillab yotganlarga qayta zarbalarni yo'lladi. Endi bilardi. Ular kamida bir soat behush yotishadi. Shu muddat ichida poezdga bekitiqcha chiqib olsa, jo'nab ketsa, marra uniki. Keyin nima bo'lsa bo'lar. Peshonasidagini ko'raveradi…

* * *

Mirsoli amallab yuk tashuvchi vagonga chiqib oldi. Qorong'ida vagonga nimalar ortilganini anglay olmadi. Buning qizig'i ham yo'q edi. Qanday bo'lmasin, Rossiyaga yetib olsa, bas, yaxshiroq ish topib olish, balolardan olisroq bo'lish haqida bosh qotirardi.

«Men sob bo'ldim, — o'ylardi Mirsoli buyumlar orasida chalqancha yotgancha ko'zlarini yumib. — Qizlar bevafo bo'larkan, ular boylikka o'ch ekan. Aks holda Zarina meni degan bo'lardi. Ota-onasiga quloq tutib o'tirmasdi. Demak, o'zidayam xohish bo'lgan. Essiz, merganman, sportchiman, kuchliman, zo'rman deb ko'krakka urib yuraveribman-u, oqibatda qiz bolaga aldanib o'tiribman. Mayli, yo'limni topvolay, ko'rsataman hammasiga. Qasdma-qasdiga bo'lsayam rostakam zo'r bo'lishim kerak. Shunday odam bo'layki, hamma mendan qo'rqsin, soyamga salom bersin. Men shunday odam bo'lmagunimcha, o'sha Zarinadan zo'rini qo'ynimga solmaguncha tinchimayman. Ko'radi hammasi hali…»

Qancha uxladi, bilmaydi, nimaningdir taqillashidan cho'chib uyg'ondi. Yovvoyi hadik tufaylimi, yuragi keragidan tezroq urib, shosha-pisha ko'zlarini ishqalagan ko'yi vagon eshigidan tashqariga boqdi. Tong g'ira-shira yorisha boshlabdi, tashqarida allakimlardir baqir-chaqir qilar, allambalolarni taraqlatib, dunyoni buzay derdi.

— Qancha kun yo'l yurdim o'zi? — o'ziga o'zi savol berib boshini changalladi Mirsoli. — Rossiyaga keldimmi-yo'qmi? Qanday aniqlasam bo'ladi? Agar hozir pastga tushadigan bo'lsam, tashqaridagilar ko'rib qoladi. Melisa chaqirib, ayuhannos solishi tayin. Yaxshisi, qorong'i tushishini kutaman. Ishqilib, poezd yo'lida davom etsin…

Poezd Mirsolini uzoq kutdirmadi. Sal o'tib asta-sekinlik bilan harakatga keldi…

Shu taxlit Mirsoli to yarim tungacha yuk joylangan vagonda yotdi. Poezd yana bir necha joyda to'xtadi, aftidan temiryo'lchilar yuk to'la vagonlarning ba'zilarini sostavdan yechib qolishdi. Ammo Mirsoli bu voqealarga u qadar e'tibor qaratmadi. Ikki xayoli begona yurtlarda qanday yashash, ish topish, tirikchilik qilish, qanday yo'l bilan melisaning nazariga tushmaslik bo'ldi…

* * *

Nihoyat yarim tunda poezd tag'in to'xtadi. Mirsoli tilni yaxshi bilgani sababli tashqaridagi notanish erkaklarning suhbatiga yaxshilab quloq tutdi. Kimdir poezd bir soatcha shu stansiyada qolib ketishini aytgach, beixtiyor jonlanib o'rnidan qo'zg'aldi. Qadam tovushlari hiyla uzoqlashgach, ehtiyotkorlik bilan vagon eshigini ochdi. Atrof aylanasiga temir yo'llardangina iborat edi. Mirsoli har ehtimolga qarshi bir necha o'n soniya quloqlarini ding qilib turdi-yu, yaqin orada hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, bir sakrab pastga tushdi va epchillik bilan vagon ostidan narigi tomonga o'tib oldi.

Tevarak sokin edi. Nariroqdagi serqatnov yo'ldan allakimlardir ketib borar, gohi-gohida mashinalar signal chalib, sukunatning oromini buzardi.

«Xayriyat, bu ish ham silliq kechdi, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli chuqur xo'rsinib. — Ish ham topila qolsa yomon bo'lmasdi… To'xta, nega keldim o'zi buyoqlarga? Do'konchi o'lmagan bo'lsa, meni birov quvlagani ham yo'g'idi. Nima qilaman begona yurtlarda? Enam ham bo'laricha bo'lib o'tirgandir. Bir og'iz shipshitib ham qo'ymadim. Kasal bo'lib qolsa-chi? Yo'q, kasal bo'lmaydi. Xat qoldirganman. Xatda hammasini yozganman. Tushunadi. Men esa yo'lga chiqdimmi, endi oldinga bosishim kerak. Bir kun kelib kimligimni ko'rsatishim shart. Birinchi navbatda do'konchidan boplab o'ch olishim zarur. Uning yorug' dunyoda yashashga baribir haqi yo'q. Qanday bo'lmasin, silliqchasiga, bekitiqchasiga uni yo'q qilmasam tinchlana olmayman…»

Mirsoli hissiz nigohlar bilan yo'l tomonga tikildi. Yo'l chetidagi xorij mashinasi yonida kelishgan, bashang kiyingan bir ayol kim bilandir telefon orqali gaplashar, ora-orada bor ovozda kulardi. Bir mahal qaerdandir uch barzangi paydo bo'ldi-yu, ularning biri ayolning qo'lidagi sumkani kuch bilan tortib oldi. Shu zahoti uchchalasi ham qorong'ilik qa'riga sho'ng'idi.

— Voy-do-od, yordam beringlar! Pullarimni o'g'irlashdi! Yordam beringla-ar!!!

Mirsoli nimalar bo'layotganini juda tez angladi va beixtiyor o'g'rilar ortidan chopdi. Ular hali uzoqlashib ulgurmagandi. Orqada chopib borayotgan past bo'ylisiga yetib olib oyog'idan chalib yiqitdi va jag' ostiga bir marta zarba berib, qolganlarni quvlay ketdi. Ular ham ko'z ochib yumguncha yerga baravar chalqancha quladi.

— Bir soat shu taxlit yotsang, bilvolasan ayol kishini ranjitish qanaqa bo'lishini, — dedi Mirsoli yerda tuproqqa qalashib yotgan sumkani qo'liga olarkan. — Boring shu ekan-u, chiranib nima qilardilaring? He… Dayuslar!..

Tunab ketilgan ayol atrofiga bir necha erkak yig'ilib, qanday yo'l tutishni maslahatlashayotgan ekan. Mirsoli asta ayolga yaqinlashib, sumkani qo'liga tutqazdi.

— Bundan keyin ehtiyot bo'ling, — deya ketishga chog'landi u qovoq uyib. — Ichidagilar joyida. Hech kim qo'l tekkizmagan.

Shunday dedi-yu, tavakkal metro tomonga yurdi.

— To'xtang! — ayol kutilmaganda Mirsolining bilagidan tutib javdiradi. — Sizda ishim bor, iltimos, men bilan yuring!

— Nima ish? — hushyor tortib ayolga savol nazari bilan boqdi Mirsoli. — Tinchlikmi, opa?

— Yo'lda aytib beraman. Iltimos, faqat yo'q demang!

Mirsoli qaerga borish, qay manzildan ish qidirishni bilmay, so'nggi soniyalarda bosh qotirayotgandi. Bu gal ham muammo oson hal bo'lishini ko'ngli sezgan kabi itoatkorona mashinaga chiqib o'tirdi.

— Mening ismim Natalya, — dedi ayol yo'ldan ko'z uzmay. — Sizniki-chi?

— Mirsoli.

— Mana, tanishib ham oldik. Ishonsangiz, bunday bo'lishini sira kutmagandim. Marazlar poylab yurishgan ekan shekilli meni.

— Bundan keyin qo'lingizda katta pul bilan yurmang, — dedi Mirsoli bir-biridan go'zal binolarni ko'z qiri bilan kuzatarkan. — Har holda ayol kishisiz. Aytmoqchi, nega melisaga murojaat qilmadingiz? Adashmasam, melisalar yetib kelgandi. Siz ularni qaytarib yubordingiz. Nega?

— Ular nimaniyam eplashardi, — norozi qo'l siltadi Natalya — Bir oy burun erimni yomon odamlar o'ldirib ketishgan. Melisalar haliyam qotilni topishmadi.

— Eringiz… Boymidi? — so'radi Mirsoli biroz tutilib. — Aytmoqchiydimki…

— Ha, erim katta biznesmen edi. Raqobatchilarning ishi bu, bilaman. Ochig'i, hozir uning kompaniyasini men boshqaryapman.

Ammo meniyam izimga tushishgan. Juda qo'rqaman. Yo'q, o'lishdan qo'rqmayman, shunday kompaniya dushman qo'liga tushib qolishidan qo'rqaman. Ha, mayli, qurib ketsin hammasi. O'zingiz nima ish bilan kelgandingiz bizning shaharga? Nima ish qilasiz? Kasbingiz nima? Juda yoshga o'xshaysiz…

— Men… — yana tutilib javob qildi Mirsoli. — Karate, kikboksing, quroldan o'q otish bo'yicha viloyat chempioniman. Buyoqqa… Ish qidirib keluvdim.

— Tushunarli, — Natalya to'satdan tormozni bosib mashinani to'xtatdi va Mirsoliga qattiqroq tikildi. — Demak, sportchiman, merganman deng?

— H-ha, shunaqa desayam… Bo'ladi…

— Sizga bir ish taklif qilsam, yo'q demaysizmi? Yaxshi pul to'layman. Yotar joyingizam tayin, osh-ovqatdan qiynalmaysiz. Xo'sh, nima deysiz?..

Mirsoli nima deyishni bilmay, bosh qashib olish bilan kifoyalandi. Ammo Natalya uning ko'zlariga tikilgancha javob kutardi.

— Qanaqa ish ekan, opa? — so'radi Mirsoli nihoyat boshini bir bahya balandroq ko'tarib. — Agar qo'limdan kelsa…

— Qo'lingizdan keladi, — dedi Natalya. — Boya ko'rdim qanchalar abjir, kuchliligingizni. Yosh bo'la turib shuncha san'atga ega ekaningizni ko'rib, ochig'i, quvonib ketdim. Qaniydi meniyam sizdaqa o'g'lim bo'lsa…

— Qanaqa ishligini aytmadingiz-ku!

— Ha-ya, esim qursin! Xullas, rozi bo'lsangiz, men sizni tansoqchilikka ishga olmoqchiman. Ishingiz oddiy, meni qo'riqlab yurasiz.

— Nima, dushmanlaringiz ko'pmi?

— Boya aytdim-ku, marhum erimning ishlarini yuritish mening chekimga tushgan. Ammo raqobatchilar izimdan yovvoyi mushukday poylashgani poylashgan. Nima bo'lgandayam, ayolman, ularga kuchim yetmaydi. Ishonsangiz, ular juda razil odamlar, meniyam o'ldirib ketishdan toyishmaydi. Bu aniq. Xo'sh, rozi bo'lasizmi? Yoki…

Mirsoli beixtiyor Natalyaga boqdi. Ayol haqiqatan juda go'zal va shiddatliligi o'tkir nigohlaridan sezilib turardi.

«Bu ishim ham silliqchasiga bitadigan bo'lib turibdi shekilli, — o'yladi Mirsoli. — Enam bekorga aytmaskan. Yolg'izga xudoning o'zi yordam berarkan. O'zim ham aynan shunday ish topish umidida edim. Mana, peshonamdan chiqdi-qoldi. Agar bu imkoniyatni qo'ldan boy bersam, keyin sarson bo'lishim tayin. Yaxshisi, rozi bo'lay-da, kelajak haqida bosh qotiray. Natalya badavlat ekan, keyinchalik ham tashlab qo'ymaydi. Mendan nima ketardi, qo'riqlash bo'lsa qo'riqlash-da!..»

— Men roziman, — dedi Mirsoli. — O'zim ham xuddi shunaqa ish topish niyatida keluvdim, opa!

— O', zo'r bo'ldi, — ko'zlari chaqnab motorga o't qo'ydi Natalya. — Rozi bo'lishingizga ishongandim. Xo'sh, ketdikmi?

— Ketdik.

— Oldin do'konga kirib ul-bul xarid qilamiz. Sizni yaxshilab mehmon qilmasam, ayb bo'ladi. Nima deysiz?

— Ixtiyoringiz.

Natalya Mirsolining so'nggi javobidan yanada qoniqish hosil qilib gazni bosdi.

* * *

Mirsoli bunday hashamatli hovlini yetti uxlab tushida ko'rmagandi. Ichkariga kirib, cho'g' kabi qizil gilamlar, turli qimmatbaho buyumlarga o'zi bilmagan holda qur-qur tikilaverdi. Natalya ham uning holatini sezdimi, jilmayib qo'ya qoldi. Ayniqsa, Mirsolini tun yarimlab uxlashga yotgandan keyingi manzara lol qoldirgandi. Unga juda yumshoq divanga joy to'shab berishdi. Hech qachon bunday hashamatlarga ko'nikmagan yigit ancha vaqt hatto qimirlashga-da qo'rqib tek yotdi. Xayolida qimirlasa, divanning taxi buziladigandek tuyulaverdi. Shu ko'yi ko'zi ilinayozgan ekan. Tashqarida nimaningdir taraqlaganini eshitib, beixtiyor o'rnidan turib ketdi va quloqlarini ding qildi. Natalyaning yotog'ida jimjitlik edi. Asta borib derazadan tashqariga qaradi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, ikki barzangi qo'llarida qurol bilan ichkarilayapti. Mirsoli ularni ko'rdi-yu, nimanidir anglagandek yanada hushyor tortdi va o'zini panaga oldi.

«Dushmanlari shular shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli. — Nima qilsa bo'ladi? Qo'limda qurol ham yo'q. Agar meni payqab qolishsa, tamom, itday otib tashlashi hech gap emas. Demak, hushyorroq ish tutish kerak. Nima qilaman? Nima qilsam, ikkoviniyam yerga qulataman? Yuzma-yuz mushtlashishning sira imkoni yo'q. Qo'lida qurol tutgan odam o'ylab ham o'tirmaydi. Tepkini bosadi-yu, hammasi tugaydi. Eh, bunaqa ish qilib ko'rmagan odamga… Ha, esladim, bir kinoda qahramon orqadan borib… Ha, ha, usul ham yodimga tushdi. Xuddi shunday qilaman. Boshqa yo'l yo'q… Mirsoli, o'zingni ko'rsatish payti yetdi shekilli. O'zingdan ko'r, shu yo'lni tanlading, begona yurtlarga kelding, xuddi shunaqa hayotni qidirding. Mana, o'sha hayot yo'lingdan chiqib turibdi. Buyog'iga peshonangda borini ko'rasan…»

Mirsoli kutdi. Barzangilar to oshxonaga kirib olguncha poyladi. Balkondan oshib tushib, tovushsiz oshxonaga kirganlari hamono bir harakat bilan ikkoviga ham bo'yin qismi aralash kuchli zarbalar berdi. Bu usulni ustozidan naq bir yil deganda arang o'rgangandi. Xuddi shu usul yordamida odamni hushidan ketkaziladi. Behush kimsa kamida yarim soat tek yotadi. Uyg'ongandan keyin ham darrov o'zini o'nglay olmaydi. Zarba berilgan joyda kuchli og'riq turadi…

Ikkala barzangi ham baravar polga chalqancha quladi. Mirsoli shosha-pisha bir burchakdan ikkita arqon topdi-yu, barzangilarning qo'l-oyoqlarini chandib bog'ladi…

Ana endi bemalol uxlasa bo'ladi. Natalya hech narsani payqamagan chog'i, chirog'ini ham yoqmadi…

Adashibdi, oshxonadan xonaga chiqib ulgurmay, ostonada rangi oqarib ketgan Natalya hozir bo'ldi. U javdiragancha bir Mirsoliga, bir polda cho'zilib yotgan barzangilarga savol nazari bilan boqdi.

— Shularmidi dushmanlaringiz? — so'radi Mirsoli xotirjamlik bilan. — Nega indamaysiz? Yig'layapsizmi?..

Shu asnoda Mirsoli barzangilarning to'pponchalarini qo'liga oldi.

— Bular… Qaydan paydo bo'ldi? — so'radi Natalya vahima aralash. — Qachon kela qolishdi?

— Siz uxlab qolgandingiz, — javob qildi Mirsoli. — Qarasam, hovliga devor osha tushib kelishdi. Darrov tushundim. Shular dushmanlaringiz ekaniga shubham qolmadi. Keyin esa…

— Keyin nima qildingiz? O'ldirdingizmi?

— Yo'g'-e, — qo'l siltab sovuq kulimsiradi Mirsoli. — Jinni bo'libmanmi o'ldirib? Oldin sizdan so'ray dedim. Ikkoviyam hozir shirin tush ko'rayotgan bo'lsa kerak. Bir soatcha shunday yotishadi. Siz tezroq bir qarorga kelishingiz kerak. Agar o'ldir desangiz…

— Yo'q, yo'q, — yanada vahimaga tushib ortga tislandi Natalya. — Mening uyimdan o'lik chiqishini xohlamayman.

— Unda uyg'onishsa, bular sizni o'ldirishadi. — dedi Mirsoli. — Ko'rib turibsiz-ku, qurollanib kelishgan. Demak, allaqachon nima qilishni bilishgan. Xo'sh, nima qilay? Hademay tong otadi. Tezroq bularni bir yoqli qilmasak bo'lmaydi.

— Meni xudo bir asradi, — deya ichiga bir necha marta tuflab oldi Natalya. — Yaxshiyam siz uchrab qoldingiz-a! Yo'qsa, haligiday…

— Ha, sizni o'ldirib, hech narsa bo'lmaganday jo'nab ketishardi.

— Bularni… O'rmonga oborib tashlashimiz kerak, — dedi Natalya bir qarorga kelgandek sergak tortib. — Haromilar mening uyimda cho'zilib yotmasligi zarur.

— Yaxshi, unda mashinangizni tayyorlang! Yukxonaga ortamiz-u, aytgan yeringizga oborib tashlaymiz.

Natalya tashqariga chiqishga shoshilmadi. Kutilmaganda ko'zlari yoshlanib, Mirsoliga yaqinlashdi-da, yelkasiga bosh qo'ydi.

* * *

Shu tobdagi manzarani Mirsoli faqat filmlardagina ko'rgandi. Endi esa arslondek erkaklarni qo'ltiqlab uning o'zi mashinaga ortdi. Bu ham mayli, halizamon umrida ko'rmagan o'rmonga tashrif buyuradi. O'sha kimsasiz maskanda ikki barzangini qoldirib ortga qaytadi. Bularning taqdiri ne kechishi bilan qiziqishga haqi yo'q. Chunki u tansoqchi. Tansoqchining vazifasi xo'jayinning hayoti uchun balogardon bo'lish. Shuni uddalamasa, o'zi barzangilar o'rniga yotishi lozim bo'ladi.

«Aslida shular ham do'konchining biri-da, — o'ylardi u mashina oynasidan zulmat qa'riga hissiz tikilib. — Uyam mening baxtimni tortib oldi, o'zimni biryoqli qilishga bel bog'ladi. Agar undan zo'r bo'lmasam, allaqachon go'rda yotardim. It ham achinmagan bo'lardi menga. Faqat enam sho'rlik kuya-kuya qolardi. Yaxshiki, qo'limdan hech bo'lmasa mushtlashish kelarkan. Yo'limni to'g'rilab yura olaman. Ha, endi ortga qaytish yo'q. Men o'zimga o'zim so'z berdim. Qishloqqa qachon zo'rlar zo'riga aylansam, katta pul yig'samgina kirib boraman. O'shanda boyligimni, qudratimni Zarinaga ham, do'konchiga ham ko'z-ko'z qilaman. Haqiqiy zo'r qanaqa bo'lishini ko'rib qo'yishadi…»

— Yetib keldik, — Mirsolining xayolini bo'lib so'z qotdi Natalya. — Mana shu yerda qoldirsak bo'ladi. Agar daydi jonivorlar is olib yeb ketmasa, o'lishmaydi.

— O'lib ketishgani yaxshirog'idi, — dedi sovuqqon ohangda Mirsoli. — Dushman o'lmay qolsa, baribir dushmanligini qilaveradi.

— Ajabmas, — dedi Natalya. — Menam bu nusxalar tirik qolishini sira xohlamasdim. Qaniydi, o'lishsa-yu, xotirjam yashasam…

Mirsoli qorong'ilikda juda tez fursatda ikki barzangini daraxtlar ostiga yotqizdi-da, mashinaga qaytib o'tirdi.

— Ketdik, — dedi u o'rindiq chetiga mushtlab. — Tezroq bu yerdan daf bo'laylik!

— Siz dovyurak ekansiz, — Natalya gazga oyoq bosishdan oldin Mirsoliga jilmayib, ammo hadik aralash boqdi. — Mabodo yosh boshingizga qamoqda bo'lmaganmisiz?

— Nimaydi?

— Bunaqa ishlarni qamoq ko'rganlargina xotirjam bajarishadi. Shuning uchun so'radim.

— Xudoga shukr, unaqa joylarga tushishga ulgurmadim. Lekin armiyaga chaqirishdi yaqinda. Hoynahoy hozir harbiy komissariatdagilar qidiruv e'lon qilib yuborishgandir.

— Qo'rqmang, — uning yelkasiga qoqib qo'ydi Natalya. — Hammasi yaxshi bo'ladi!

— Rahmat!

— Qani, ketdik unda!

* * *

Oradan uch kun o'tdi. Mirsoli Natalyaning ba'zi injiqliklariga, tergashlariga, hadeganda ishdan so'ng do'konga kirib, uni yeguliklar joylangan xaltalarni ko'tarishga majbur qilishlariga ham deyarli ko'nikib qoldi. O'rmon voqeasi haqida o'ylamay ham qo'ydi. Faqat onasining g'oyibona zorlanib yo'l qarashlari yodiga tushganda, yuragi siqilib, yorug' dunyoga sig'may ketdi. Lekin Zarina qilib qo'ygan ishlar, do'konchining qalbiga nafrat urug'ini sochib turgan basharasi, sovuq muomalasi, so'nggi bor aytgan masxaraomuz so'zlarini eslab o'zini bosar, to'g'ri ish tutayotganiga qayta-qayta amin bo'lardi-yu, vujudidan nadomat tuyg'usini haydab solardi…

— Sizga zo'r taxallus topib qo'ydim, — deb qoldi Natalya kutilmaganda ofisidan chiqib mashinaga o'tirgach. — O'zbekcha ismingizni aytishga har gal qiynalardim. Bu taxallusni tilga ko'chirish oson ekan. Aytaymi?

— Men… Shoir emasman-ku, — dedi Mirsoli sovuqqonlik bilan. — O'zimning ismim bo'lsa enam qo'ygan. Nima keragi bor?

— Tushunmadingiz, — dedi Natalya mayin jilmayib. — Kelajakda zo'rlarning zo'ri bo'lmoqchiman dedingiz-ku o'zingiz! Yo noto'g'rimi?

— To'g'ri, — dedi Mirsoli lab burib. — Buning kelajakka nima dahli bor, opa?

— Zo'rlar hamisha o'zlariga taxallus o'ylab topishadi. O'sha yangi nom bilan mashhur bo'lishadi. Demak, sizga ham yangi nom olish vaqti yetdi.

— Xo'sh, qanaqa taxallus o'ylab topdingiz menga? — betoqatlanib Natalyaga qattiqroq tikildi Mirsoli. — Eshitaylik-chi!

— Siz bugundan e'tiboran «Sasha krutoy»siz. Xudo xohlasa, bu nomni eshitgan marazlar kechalari qo'rqqanlaridan uxlamay chiqadigan bo'lishadi. Xo'sh, sizga yoqdimi taxallus?..

Mirsoli bu qadar balandparvoz nomga ega bo'lishi mumkinligini yetti uxlab tushida ko'rmagandi. Azbaroyi quvonganidan og'zining tanobi qochib xuddi yosh bola kabi Natalyaga mo'ltiradi.

— Zo'r-ku, opa, — dedi jilmayishdan tiyila olmay. — Ochig'i… Yo'q, menga juda yoqdi. Rahmat!

— Unda sizga yana bir yangiligim bor. Eshitasizmi?

— Albatta.

— Bilasizmi, erim rahmatlining dushmanlari menga baribir tinchlik bermaydiganga o'xshaydi. Ko'rdingiz-ku anavilarni! Yaxshiyam siz bor ekansiz, aks holda u ifloslar meni allaqachon bir yoqli qilib ketishardi. Xullas, o'ylay-o'ylay, bir qarorga keldim. Kompaniyani sotaman-u, Yevropaga ko'chib ketaman. Tinchgina ishlayman, xavotirgayam tushmayman. Qolaversa, siz yonimda bo'lasiz. To'g'rimi?

— Men?.. — Mirsoli bu xabarni eshitiboq sarosimaga tushib qolgandi. Aniqrog'i, Natalyaning bunday qarorga kelishini sira kutmagandi. — Q-qaerga? Yevropagami?

— Ha-da, hech narsadan kamimiz bo'lmaydi. Siz uyoqdayam tansoqchilikni davom ettirasiz. Men yangi ish boshlayman.

— Y-yo'q, opa, — dedi beixtiyor bosh egib Mirsoli. — Men… Borolmayman. Haligi… Mening rejalarim boshqa. Enam xavotir oladi. Qolaversa, meniyam qishloqda hisob-kitob qiladigan odamlarim bor. Ularni…

— Shunday javob qilishingizni sezgandim, — norozi ohangda uning so'zini bo'ldi Natalya. — Chunki allaqachon sizning fe'l-atvoringizni yodlab oldim. Juda qaysar va bir so'zli yigit ekansiz. Umuman, bunday fe'l haqiqiy yigitlarga xos, ukajon. Shu odat bilan juda uzoqqa borasiz… Nimayam derdim?!. Sizni tushunaman. Olisdan alohida rejalar bilan kelgansiz. Juda ma'qul. Bilasizmi, men sizdan sira xafa emasman. Aksincha, ketishimdan oldin sizga kichkinagina yordam berib ketaman.

— Qanaqa yordam?

— Meniyam yomonlar orasida bir tanishim bor. U ham bilganicha tirikchilik qiladi. Agar o'sha bilan tanishtirib qo'ysam, sizga albatta o'zingiz xohlagan ishni topib beradi. Faqat juda ehtiyot bo'lib yashang. Duch kelganga ishonib ketavermang! Bu gaplarni sizdan yoshim ulug' bo'lgani uchun aytyapman. Ertagayoq tanishasiz. Umid qilamanki, yo'lingizni topasiz. Xo'sh, Sasha, rozimisiz?

— Rahmat sizga, opajon, — dedi Mirsoli. — Menam sizni uchratganimdan juda xursandman. Yo'qsa, qiynalardim ish topishga. Rahmat!..

— Xo'p, ketdik uyga! — Natalya shunday deb kulimsiragancha motorga o't qo'ydi. — Bugun yangi taxallusni yuvmasak bo'lmaydi!

* * *

Mirsolini bir savol qiynardi. Agar zo'ravonlardan tanishlari bo'lsa, nega ularni yordamga chaqirmadi? Nima uchun aynan Mirsolini tansoqchilikka tanladi? O'sha zo'ravonlardan iltimos qilsa, yo'q deyishmasdi-ku!..

Savollar qatma-qat edi. Ammo sira javob topolmas, o'ylab o'ylarining so'ngiga yeta olmasdi. Oxiri Natalyaga yorildi.

— Opa, tanishlarim bor dedingiz. Nimaga o'shalar sizga yordam bermadi? Sababi nima?

Natalya bir kulimsirab oldi-da, Mirsolining ko'zlariga jiddiy boqdi.

— To'g'ri, tanishlarimni chorlasam bo'lardi, yo'q deyishmasdi, — dedi u yer chizib. — Lekin men ularning hammasini yomon ko'raman. Ulardan nafratlanaman.

— Shunday nafrat bilan ham do'stlashish mumkinmi? — so'radi Mirsoli yanada betoqlanib. — Tushunmadim…

— Siz hali yoshsiz, — mayin jilmayib so'z qotdi Natalya. — Shuning uchun ham bu kabi ikir-chikirlarni tushunmaysiz. Hechqisi yo'q, hali shunday kunlar keladiki, hammasini anglaysiz, hisob-kitob qilasiz. Hayotga boshqa ko'z bilan boqa boshlaysiz. Xo'sh, bir qarorga keldingizmi? Balki fikringizdan qaytgandirsiz? Men bilan ketishga rozi bo'larsiz?..

— Yo'q, opa, — dedi lab tishlab Mirsoli. — Men shu yurtda odam bo'lishim kerak. Sizga aytgandim-ku, qishlog'imda ba'zi odamlarga alamim bor. O'shalarning oldiga faqat zo'r bo'lib borishim shart. Boshqa yo'l yo'q.

— Qat'iyatli yigit ekansiz, — dedi Natalya Mirsolining yelkasiga qoqib. — Sizga hurmatim yana oshdi. Barakalla, hamisha mana shunday bir so'zli bo'lib qoling. Xudo xohlasa, bir kun tag'in ko'rishib qolarmiz. O'shanda sizni butkul boshqa odam… Aniqrog'i, hozirgidanam yaxshiroq odam qiyofasida ko'rishni xohlayman.

— Rahmat!

— Xo'sh, ketdikmi, Sasha?

— Ketdik, opa!

— Sizni allaqachon tanishtirib bo'lganman u odamlar bilan. Hozir sizga manzilini beraman-da, shaharga oborib qo'yaman. O'zingizga puxta, pishiq bo'ling! Zo'ravon, bezori, o'g'rilarga so'zingizni berib qo'ymang!

— Xo'p bo'ladi, opa!

— Ketdik unda! Sizga xudo yor bo'lsin!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT