Xtales.ru

Kallakesar 5 (kamolov)

Javhariy aytganidek, bugungi tun Mehmonalining hayotida unutilmas lahzalarga boy bo'lishi kutilardi.

U qariyaning 16 yashar ko'hlikkina qizini qul qilib lagerga olib keldi.

Qo'l ostidagi jangarilarning ham havasdanmi, hasaddanmi, ko'z qarashlari alang-jalang edi. Kimlardir bir-birini turtkilab, afg'on qizini ko'rsatar, eshittirmasdan nimalarnidir bir-birlariga uqtirishardi.

Umrida chimildiq ko'rmagan Mehmonali esa bir quvonsa, bir hayajonga tushar, bu qiz bilan o'tkazadigan kechani tasavvur qilganda, toshga aylanayozgan yuragi entikishdan tiyila olmasdi.

Shunday ahvolda qizni xonasiga olib kirdi.

Bunday g'alabani, romantik kunni nishonlamasa bo'lmasdi. Qo'llari chandib boylangan qizga ters o'girilib, oq og'u kukuni bilan xumorini bosgan bo'ldi.

Borlig'iga inib ulgurgan quvonchni narkotik battar kuchaytirdi. Qizning qarshisida go'yo o'zining zo'rligini namoyish qilmoqchidek, ora-sirada kerilib-kerilib oldi…

Biroq bu xom sut emgan banda qishloqda qanday og'ir gunohga yo'l qo'yganini, ma'suma qizning ko'z o'ngida padarini so'yganini, yana bu ishga xudoga nola qilar chog'ida qo'l urganini, ibodatgo'y uchun juda qimmatli bo'lgan joynamozni qonga bo'yaganini zo'rlik intihosi deb bilishi do'zaxga do'mbira qilishi muqarrarligini, bunday gunohlar, shirkning ajri juda yomon bo'lishini xayoliga ham keltirmasdi. Bilmasa ham kerak. Chunki bunday kallakesarlarning o'zi tavba qilsa ham boshqa yeri tavba qilmasligini xudo ham ko'rib, sezib, hisoblab, his etib turibdi…

— Xo'sh, xotinbo'y, oting nima? — so'radi ko'zlari qizarib, afti murdaniki kabi oqarib ketgan Mehmonali qizning yoniga o'tirib. — O'zbekchani bilasanmi?

Qiz ko'zlari jiqqa yoshga to'lgan holda Mehmonaliga bir o'qrayib qaradi-yu, eshitilar-eshitilmas «Xudoyo otamning arvohi ursin!», deya shivirlab olish bilangina cheklandi. Afsuski, shu tobda Mehmonalining qulog'iga gap kirmasdi. Ikki xayoli yonidagi xuddi shu ma'suma qiz bilan aysh qilish, unga haqiqiy erkakligini ko'rsatib qo'yishda edi. Bu qiz azali ekaniga, umrida erkak bag'riga kirib ko'rmagani, hayosi, orzulari xohishlaridan-da mo'lroqligini bilmasdi. Bilsa-da fahmi yetmasdi.

Mehmonali yana birpas unga hirs bilan tikilib turgach, daf'atan qo'llarini arqondan bo'shatdi.

— Qani, yechin, — buyurdi qizga po'pisa aralash. — Nega baqrayib qolding? Yechin, mening ko'nglimni ovla!

— Ovora bo'lasanlar, — dedi qiz tap tortmay. — Sendaqa ifloslarminan yotadigan ahmoq yo'q. Xudo joningni olsin iloyo!

— Gapni ko'paytirma, ojiza! — baqirdi kayfi battar taranglashib go'yo vahshiy qiyofasiga kirib bo'lgan Mehmonali va shosha-pisha kissasidagi to'pponchani chiqarib qizning peshonasiga tiradi. — Yechin dedim! Hozir asfalasofinga jo'natvoraman! Bo'l tez!..

Qizdan sado chiqmagach, nimadir yodiga tushgandek, shkafdan qalin skotch oldi-da, kerakli qismini qirqib olib jonholatda og'zini skotchlab tashladi.

— Ana endi dodingni xudogayam ayta olmaysan, — dedi pishillagancha qizning egnidagi kiyimlarni tortqilab yecharkan. — Menday mujikka xotin bo'lganing uchun ro'molingni osmonga otmaysanmi, g'alcha? Men kimsan bo'lg'usi dala komandiriman! Fahming yetadimi shunga?..

Qiz javob qaytarishga chog'landi. Biroq og'zi skotchlangani xalal berib, inqillashdan nariga o'ta olmadi.

Bu orada Mehmonali qizni to'liq yechintirib bo'ldi. Qomatini tomosha qilarkan, og'zi qulog'iga yetdi.

— Voh, — dedi u qizning tanasiga qo'l yuborib. — Sen anavi maraz Mo''tabarimdanam zo'r ekansan! Voh, shunaqayam chiroyli bo'ladimi qiz deganning qomati!?. Qani, yotsinlar endi xotinbo'y! Vaqt ziq! Hali…

Mehmonalining gapi og'zida qoldi.

Eshik g'iyqillab ochildi-yu, ichkariga Javhariy kirib keldi.

Kiriboq qip-yalang'och qizga, ko'zlari xuddi qonga to'lgan Mehmonaliga ko'zi tushdi.

— O', Mehmon, maishatlar zo'r-ku-a?!. Zo'rini topibsan-ku sohibjamolning! Bundaylarni qul qilib olsa yarashadi, ha!..

Mehmonali komandir kirgandayoq dast o'rnidan turib ketgandi. Bir muddat qo'l qovushtirib turgan bo'ldi-yu, tilga kirdi.

— Bu… O'sha o'zingiz aytgan cholning qizi ekan. Qarang, ja ketvorgan xilidan ekan!

— Bu yaxshi, — dedi Javhariy Mehmonaliga yanada yaqinroq kelib. — Lekin o'zboshimchalik qip qo'yibsan-ku, ukam! Komandiring xonasida zerikib, dard chekib o'tirsa-yu, kirib bir og'iz ruxsat so'rab qo'ymabsan-da! Bu odobdan emas, bo'lg'usi komandir!

— Haligi… O'zingiz aytgan…

— Bas, — gapni kesdi Javhariy. — Haqiqiy jangari o'zi suygan buyumni yaqin odamlar bilan baham ko'rishi kerak. Bizda qoida shunaqa! Bugun bu qiz mening ko'nglimni ovlaydi. Uqdingmi, yo yana takrorlaymi?..

— Gap yo'q, — deya oldi Mehmonali tarvuzi qo'ltig'idan tushgan kimsa kabi bo'shashib. — Nimayam derdim? Siz komandirsiz! Gap yo'q!..

— Mana bu boshqa gap, — Javhariy kaftlarini bir-biriga ishqalagancha qizni qaytadan kiyintirishga tushdi. Kiyintirib bo'lgach, og'zidagi skotchni yechmagan holda tashqariga yetakladi.

— Sen ertaga erlik qilasan bunga, — dedi chiqib ketishdan oldin. — Faqat lab-lunjingni osiltiraverma! Hali bizning qoidalarga o'rganib ketasan. Ishon, ertaga xotiningni bus-butun qilib qaytaraman o'zingga!..

* * *

Mehmonaliga juda alam qilgandi. Kelganidan beri bu tun haqida ko'p va xo'b orzu qilgandi. Shu afg'on qizi bilan birga bo'lib, Mo''tabarning xiyonatini bir lahza bo'lsin unutmoqchi edi. Vujudiga muz bo'lib ingan alam va nafratga yengilmasligini, aksincha ulardan-da yovuzroq kimsaga aylanganini isbotlamoqqa shaylangandi. Javhariy barchasini yo'qqa chiqardi. Ko'zini lo'q qildi-yu, nasibasini tortib oldi.

Mehmonali alam ustida yana oq kukundan bir chimdimini milkiga ishqaladi. Bu safar ko'zlaridan o't chaqnab ketgandek bo'ldi. A'zoyi badanini sovuq terga o'xshash bir namlik chirmab borayotganini his etdi va bo'shashgancha karavotga o'tirib qoldi.

Shu payt qizarishi bir bo'lib, zo'rg'a ochilayotgan ko'zlari hov narida — deraza qarshisida tanish qiyofani ko'rgandek tuyuldi.

Oldiniga o'zini uxlayotganga, tush ko'rayotganga yo'ydi. Lekin u yer-bu yerini chimdim ko'rib, ko'rayotgani tush emasligiga amin bo'ldi.

Deraza qarshisida a'zoyi badani qonga bo'yalgan, boyagina o'zi kallasini olgan qariya qo'lida qon qotgan joynamozni siqimlagancha unga alam aralash boqardi.

— S-senga nima kerak? — Mehmonali narkotik ta'sirida bo'lishiga qaramay, yuragini qo'rquv hissi chulg'agan ko'yi ehtiyotkorlik bilan o'rnidan qo'zg'alishga tutindi. Ammo uddasidan chiqa olmadi. Jussasi o'ziga bo'ysunmadi. Go'yo kimdir karavotga mixlab qo'ygan-u, qo'zg'alsa, kuchli og'riqdan azob chekadigandek goh o'ng, goh chap yonboshiga o'zini tashlashdan nariga o'ta olmadi.

— Sen o'lishing kerak, — dedi qariyaning arvohi qo'lidagi qon qotgan joynamozni silkitib. — Menga o'xshab pichoq tig'idan oh chekib, nola qilib o'lishing zarur. Sen joynamozimni bulg'ading, iflos, iymonsiz! O'lasa-an! Qon qusib o'lasa-an!!!

Mehmonali bu hayqiriqlar quloqlari ostida jaranglaganini aniq-tiniq sezib turardi.

Qo'rquv, hadik, ajal ta'qibi uni yotishga majbur etdi. Yotganda ham ko'rpaga o'ralgancha qorni bilan yotib oldi. Hayqiriqlar, tahdidli va o'zi uchun yoqimsiz tovushlar tinishiga umid bog'ladi.

Oradan bir necha daqiqa o'tdi yo o'tmadi, nihoyat tovushlar tindi.

Xonani zulmat isi hamda shubhali sukunat qopladi.

* * *

Shu uxlagancha Mehmonali erta tongda kimningdir turtkisidan cho'chib ko'zlarini ochdi.

Tepasida o'zidan ikki yosh katta Avaz tavakkalchi degan jangari tirjaygancha qarab turardi. Unga bir ishga qo'l urish kerak bo'lsa, reja tuzmasdan, darrov hovliqib ish boshlashi tufayli shunday laqab qo'yib olishgan.

Mehmonali uning ilkis turtkisidan so'ng kechagi ko'rganlari xotirasiga muhrlanib qolganmi, sal qursa o'layozdi. Yuragi tez urib, ko'zlari kappa ochilgan ko'yi vujudi titrab ketdi.

Tavakkalchi laqabli bu jangariga ko'zi tushgachgina bo'shashib qaytadan o'ringa cho'zildi.

— Nima, kecha ko'payib ketdimi deyman dori? — savol tashladi tavakkalchi turgan yerida. — Juda bezovtasan? Tinchlikmi?

— Doza ko'paysa shunaqa bezovta bo'ladimi odam? — dedi Mehmonali tepasidagi jangariga sirli boqib. — Qo'rqadigan bo'p qoladimi?

— Ha-da, — dedi yanada jonlanib tavakkalchi. — Agar vaqtida kamaytirmasang, o'lib qolishing turgan gap. Ajoyib kunlarning birida uxlaysan-u, qaytib uyg'onmaysan.

— Avaz aka, Javhariy meni «lox» qip ketdi, — dedi Mehmonali istamaygina o'rnidan qo'zg'alarkan. — Chuv tushirdi. Erkakchasiga va'da berib, oxirida ustidan chiqmadi.

— Bilaman, ukam, — dedi Avaz beixtiyor qovog'ini uyib. — Shuning uchun yoningga kirdim-da! Senga ba'zi past-balandliklarni shipshitib qo'ymasam bo'lmaydi. Keyin… Maslahatli ish ham bor.

— Gap yo'q, — dedi Mehmonali. — Qanaqa past-balandlik, aka?

— O'sha sen xudoga sig'inganday sig'ina boshlagan Javhariy-chi, — dedi Avaz tavakkalchi. — G'irt hezalakning o'zi. O'g'ri, muttaham, chaqimchi va sotqin.

— Yo'g'-e, — deya unga qattiqroq tikildi Mehmonali. — Nahotki, komandir bo'p turib shunaqa bo'lsa?..

— Ha-da, komandirligidan unumli foydalanadi u xonasalot.

— Poraxo'rmi?

— Qanaqa poraxo'r? O'g'ri, muttaham dedim-ku! Keyin buyog'idan kelsak, sen o'sha afg'on qizidan umidingni uzaver!

— Nega? Qaytarib bermaydimi? — soddalarcha so'radi Mehmonali. — Xotin qilvoladimi o'ziga?

— Uf-f, muncha g'alcha bo'lmasang? Jinnimidi u xotin qilib? Xotin qilvolgandan keyin u manjalaqini boqish, himoya qilish kerak. Ahmoqmidi o'sha iflos xotin qilib?

— Unda nima qiladi?

— Nima qilishini bilmadim-u, lokigin qaysi qizni xonasiga opkirib ketsa, o'sha qiz izsiz g'oyib bo'ladi. Hech qachon ko'rmaysan uni.

— Demak, o'ldirib ketarkan-da, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Bundan boshqa nimayam qilardi.

— Bunisidan xabarim yo'q. Balki o'ldirib yuborar. Ammo Javhariyning asl laqabini bilasanmi?

— Yo'q, — yelka qisdi Mehmonali. — Shoirligini aytgan, lekin laqabini…

— Laqabi «Murdaxo'r», — dedi Avaz ovozini hiyla pasaytirib. — Yigitlarimiz bir necha marta lagerning narigi chetidagi yashirin xonasida murdalarni bo'laklab qovurayotganini ko'rib qolishgan ekan. Murdaning kallasiniyam ko'rishgan. Kalla-chi, ayol kishiniki bo'lib chiqqan.

— Nahotki? Shunchalik vahshiymi?

— Shuning uchunam unga murdaxo'r deb laqab qo'yvolishgan. Shunday ekan, ukam, afg'on qizidan umidingni uzaver!

— Voy maraz-ey, — Mehmonalining mushtlari tugilib, yelkalari ucha boshladi. Qachon asabiylashsa, shunday holatga tushib qolardi. — Avaz aka, o'ldiraymi shartta xonasiga borib? Nima deysiz?

— O'ldirolmaysan, — dedi Avaz tavakkalchi norozi bosh chayqab. — Sendan boshqalar ham ko'p marta urinib ko'rishgan. Uddalay olishmagan. Ovcharka itga o'xshaydi u xunasa. Juda sezgir. Xayolingni xuddi jodugarlarday o'qib turadi. Yo'q… Qo'lingdan kelmaydi. Uka, yuz-qo'lingni yuvib oshxonaga chiqarsan-a? Juda muhim ish bor. Maslahatlashib olardik. Nima deysan?

— Xo'p, aka, — dedi Mehmonali birdan bo'shashib. — Besh minutda oshxonada bo'laman!

Avaz tavakkalchi uning yelkasiga qoqib qo'ydi-yu, tashqariga yo'l oldi.

* * *

— Ukam, endi menga yaxshilab quloq sol, — dedi Avaz Mehmonali stollardan biri qarshisiga kelib o'tirgach. — Faqat ikkalamizdan bo'lak hech kim bilmasin. Uqdingmi?

— Gapiravering, — dedi Mehmonali hafsalasizlik bilan. — Bu lagerda mening sirdoshim ham, yaqin do'stim ham yo'q. Buni o'zingizam yaxshi bilasiz.

— Javhariyning… Ya'ni, «Murdaxo'r»ning xonasida kattakon temir sandiq bor. Ichi pulga to'la.

— Q-qanaqa pul? Yo'g'-e…

— Ha, hayron bo'lma. «Murdaxo'r» bu yerda biznes qiladi. O'sha pullar ham yo'qolib qolgan qizlarning yaqinlaridan zo'rlikminan olingan. Bilasanmi qanday yo'l tutadi?

— Qanday?

— Oldin qiz bilan bir kecha yotadi. Yoqtirib qolsa ikki kechayam yotishi mumkin. Keyin u qiz yo'qolib qoladi. Xo'sh, innaykeyin nima bo'ladi? Bilmaysan. Innaykeyin qizning yaqinlari bu yerga keladi. To'g'ri kelib Javhariy janoblariga uchrashadi. Qizini topib berishni talab qiladi, baqir-chaqir qiladi. Qo'rqitadi. Javhariy esa darrov shantaj qilishga o'tadi. Hukumatga bizni sotganini aytib tuhmat qiladi. Qatl qilish bilan po'pisa qiladi. Hatto, bir nechta jangarini chaqirib qo'lini arqonlatadi ham. Ko'ribsanki, boyagina shovqin ko'tarib, dunyoga jar solgan mard qo'yday yuvosh tortadi-qoladi. Endi uning o'zi shafqat so'rab yalina boshlaydi. Ana shunda «Murdaxo'r» shantaj qilishga o'tadi. Shuncha pul berasan, tirik qo'yaman deb turib oladi. Sho'rlik odam nima qilsin?!. Jon shirin-da baribir! Topadi aytgan pulini. Shundan keyingina Javhariy u odamni tinch qo'yadi.

— Voy iflos-ey, — deya qo'llarini musht qildi Mehmonali. — Men bunaqa iflosligini bilmagandim. Nahotki?.. Axir… Xalif indamaydimi? Yo xabari yo'qmi?

— Qanaqa xalif? — qo'l siltadi Avaz. — Bu yerda jo'raboshi bor. Xalif emas. Qolaversa, uning o'ziyam farishta emas. Uchiga chiqqan xudbin va o'g'ri, poraxo'r.

— Demak, uyam biznes qilarkan-da!

— Ana endi o'zingga kelyapsan. Buyog'ini eshit endi. Sen qanday bo'lmasin, Javhariyning mehrini qozonib o'sha sandiqdagi pullarni o'g'irlashing kerak.

— Nimaga? Keyin-chi?

— Keyinmi? Keyin biz senminan alohida otryad tuzishimiz kerak. Tog'ning narigi chetida bir g'or bor. Vaqtincha o'sha yerda yashab turardik. O'n besh-yigirma chog'li askar bo'lsa, boshlanishiga yetadi. Biz bu diyordan Javhariyga o'xshagan lattalarning dumini tugsak, o'zimiz xalifalik tuzardik. Otryadgayam, xalifalikkayam o'zing bosh bo'lasan, ishon! Askar topishni menga qo'yib ber. Bu lagerda Javhariyni ko'rishga ko'zi yo'qlar ko'p. Ularga pichadan pul bersang, jon deb ortingdan ergashadi.

— Ja qiyin bo'lar-ov, aka, — dedi Mehmonali. — Burnining ostida turib qanday yashaymiz? Hamma qurol shularning qo'lida bo'lsa. Buning ustiga afg'on diyorida bunday otryadlar juda ko'p deyishadi.

— Bizning qaerdaligimizni it ham bilmaydi, — dedi Avaz. — Keyin… Ombor qorovullari mening og'aynilarim. Quroldan xavotir olma. Kerak bo'lsa-chi, eng zo'rlarini o'marib ketamiz. Asosiysi, pulni o'mara olsang bas. Xo'sh, nima deysan?..

Odam bolasi yetakchi, rahbar, amaldor bo'lishi mumkinligidan xabar topmasin. Jamiki poklik, halollik, diyonat, vijdon, shafqatni unutadi. Darrov iblis tarafga og'ib ketadi. Uning quliga aylanadi. Amal kursisiga o'tirsa bas. Bundan boshqasi uni qiziqtirmay qo'yadi. Mehmonali ham o'shalarning biri-da. Avazning ishonch bilan yetakchi, komandir bo'la olishiga ishora qilgandayoq yuragiga o't tushib bo'lgandi. Halitdan xayolan qo'l ostidagilarga, qo'l qovushtirgancha uning uchun kerak bo'lsa o'limga tayyor turgan jangari kallakesarlardan iborat otryadga buyruq berar, kofirchalish deya tan olinib qo'lga olinganlarni o'z qo'llari bilan qatl etar, mahkumning joni uzilgach, otryaddagilar «Ollohu Akbar!», deya qichqirishlaridan sarxush edi. Shunday shirin va xom xayollar qurshovida ilkis o'rnidan turdi. Shu tobda yana oq kukunning xumori tuta boshlagandi.

— Men roziman, — dedi Avazning ko'zlariga tik boqib. — Faqat tashqaridan turib menga yordam berasiz. Ishni tashkil qilib berib turasiz.

— Gap yo'q, — dedi Avaz ham o'rnidan qo'zg'alib. — Unda mening xabarimni kut, komandir!..

Avaz tavakkalchining so'nggi gapi Mehmonaliga moydek yoqib tushgandi.

Og'zining tanobi qochib, beo'xshov tirjayish qildi-da, xonasiga yo'l oldi.

* * *

Mehmonali xonasiga kirgach, bir muddat o'y surgancha o'tirib qoldi.

Keyin nimadir esiga tushgan kabi ilkis o'rnidan turdi-da, ilgichga ilingan kostyumi kissasini kovlab, xaltacha chiqardi. Biroq bu gal dozani oshirish niyatidan yiroq bo'ldi. Negaki, Avaz tavakkalchining gaplaridan so'ng yuragiga g'ulg'ula tushib qolgandi. Endi har bir qadamni o'ylab bosish lozimligini yanada chuqurroq anglab borar, salomatlik va xotirjamlikda jangari kallakesarlarning mard, shafqatsiz, uddaburon, sovuqqon dala komandiriga aylanish, shu bahonada shuhrat qozonish, boylik to'plash haqida o'ylay boshlagandi.

U yarim chimdimgina kukunni odatiga ko'ra milklariga ishqaladi-yu, asta karavotga cho'zildi.

Shu tobda Javhariyning xonasidagi temir sandiqdan pul o'g'irlash rejasini tuzishi zarur edi. Shu xususda bosh qotirishni ixtiyor eta boshlagandi.

Biroq doza kamligiga qaramay, negadir tag'in kayfi taranglashdi-yu, ko'zlari ola-kula bo'lib, yurak urishi tezlashgandek sapchib ketdi.

Miyasi g'uvillay boshlaganini aniq-tiniq his etib turdi. Keyin esa g'uvillash tinib, boshi aylana boshladi.

Yo'q, kayf qilgan paytlarda boshi bu taxlit aylanmasdi. Bu galgisi o'ta yoqimsiz edi.

Mehmonali bir-ikki qadam tashlasa yengil tortadigandek oldinga qarab yurdi. Ammo gandiraklab qaytadan karavotga o'tirib qoldi.

Bu ham mayliydi. Chidardi. Shundoq ham narkotik degan baloga mukkasidan ketgani uchun tavbalar qilishga hozir-u nozir edi.

Qonyuqi joynamoz siqimlagan afg'on chol tag'in ko'z o'ngida, shundoq ro'parasida hozir bo'lishi oshib tushdi.

— Sen?.. — deya beixtiyor ortga tislandi Mehmonali. — Yana qand yeyapsanmi bu yerda, mishiqi? Sen… O'lgansan-ku! Daf bo'l bu yerdan!..

Qariya javob o'rniga qo'lidagi joynamozni yoyib yubordi. Shu zahoti joynamozdan qop-qora qon polga tomchilay boshladi.

Bu manzara naq dahshatning o'zi edi. Mehmonali rangi shundoq ham narkotik ta'sirida oqargani kamlik qilib, bu manzara sababli murda qiyofasiga kirib qolganini sezib turardi. Baqirmoqchi bo'lardi, ovozi o'ziga bo'ysunmasdi. Ortga tislana-tislana, tashqariga qochishni mo'ljallagandi. Buning ham uddasidan chiqa olmadi.

— Daf bo'l! — deya alamli shivirladi u. — Hech kimning ko'zi uchib turgani yo'q senga! Yo'qol! Eshityapsanmi? Yo'qol yaxshilikcha!..

— Sen o'lsanggina, qon qusib o'lsanggina ketaman, — dedi qariya dag'al va yoqimsiz tovushda. — Bo'l, harakatingni qil! Joynamozni qonga bo'yaganing uchun ajr talab qilishyapti uyoqda! Tezroq o'l! Ajringni to'la, qonxo'r!..

Mehmonali jonholatda tashqari eshikka boqdi. Eshikni yopish xayolidan ko'tarilgan ekan. Sal yengil tortgan bo'lib ehtiyotkorlik bilan eshik tomon yurib ko'rdi. Qariya joyidan jilmayotganiga amin bo'lgach, bir siltanishda tashqariga chiqib oldi va eshikni yopgancha bir muddat tutqichni qo'yib yubormasdan tek turib qoldi. Go'yo shunday qilsa, qariyaning arvohi tashqariga chiqa olmaydigandek tuyuldi. Chiqmagach, tutqichni qo'yib yubordi-da, orqa-ketiga qaramay qochdi.

* * *

Hovliga chiqib olgandan keyin ham o'ziga kela olmay besh daqiqacha bir joyda tik turib qoldi. Lagerdagi jangari kallakesarlar uyoqdan-buyoqqa o'tish asnosida Mehmonaliga hayron qarab olishar, lekin indashmasdi. Ba'zilari bosh chayqab qo'yar, ayrimlar ochiqchasiga Mehmonalini masxaralagan kabi kulib o'tardi.

Mehmonali esa ularga e'tibor qaratadigan ahvolda emasdi. O'zidan o'tganini o'zi bilar, hadeganda ko'z o'ngida qonli joynamoz tutgan qariya gavdalanib, ich-etini yerdi.

Oxiri bo'lmagach, hov naridagi kran yoniga bordi va obdon yuz-qo'llarini muzdek suvga yuvdi. Shundan keyingina hiyla o'ziga kelgandek yengil tortdi. Qariya ham ko'ziga ko'rinmay qoldi.

— Xayriyat-ey, — dedi o'ziga o'zi. — Qayoqdanam o'sha nusxani so'ydimakan? Shunchaligini bilsam, boshqa birovga aytib o'ldirtirardim-a! Soqolingga qurt tushkur chol! Ochiqchasiga hamla qilishga o'tdi endi… Yo'q, u arvoh. Arvohlar tirik odamga zug'um o'tkaza olmaydi. Bobom aytgan. Shunchaki… Mana shu zaharni qabul qilmasam, shu ishlar yo'g'idi. Padariga la'nat!..

So'kingancha qaytadan oshxona tomonga yurishga chog'langandi. Avaz tavakkalchining hovliqqan ko'yi kelayotganini ko'rib to'xtadi.

— Muncha ranging oqarib ketibdi? — so'radi Mehmonalining avzoyini ko'riboq Avaz. — Yo bugun ham dozani oshirdingmi? Vey, ma, manavi tabletkalar xumorni bosadi, tinchlantiradi. Sendan bir-ikkita ko'ylakni ko'proq yirtganim uchun aytyapman. Bu og'uga ja berilvorma! Ko'rganmiz og'zidan ko'pik kelib o'lganlarni. Jon bera olmay, azobda qolganlargayam guvoh bo'lganmiz. Sen hali yoshsan, kallangni ishlat!

— Bo'ldi, tushundim, — dedi gapni qisqa qilishga urinib Mehmonali. — O'zim ham pushaymon bo'lib o'tiribman. Ko'zimga haliyam o'sha sassiq chol ko'rinib tinchlik bermayapti. Majbur bo'ldim xonamdan qochib chiqishga!

— U ko'rganlaringning hammasi narkotik ta'siri, — dedi Avaz kuyinib. — Toming ketib qoladigan bo'pti. Agar vaqtida to'xtatmasang, itday o'lib ketasan. Ishon, sen o'lsang, it ham qarab qo'ymaydi. Bu yerlarda ahvol shunday. Odamning o'lishi odatiy holga aylanib bo'lgan. Birov achinib ham qo'ymaydi. Aksincha, xayriyat-e, deb o'tib ketishadi. Undan ko'ra, men aytgan ishni qil. Kam bo'lmaysan. Harakat qip qolishimiz kerak.

— Haqsiz, — dedi Mehmonali xuddi ayb ish qilib qo'ygan bola kabi yer chizib. — Men rostdanam shu zaharni tashlashim kerak. Tashlayman ham. Kuchim yetadi. Avaz aka, men hozir asta borib Javhariyning xonasini razvedka qip kelaman!.. Keyin…

Mehmonalining gapi og'zida qoldi. Asosiy darvoza tarafdan changga botgan xorij mashinasi yaqinlashib kelib, ularning ro'parasiga yetganda to'xtadi.

Avaz tavakkalchi ham, Mehmonali ham hech narsaga tushunmay, mashinaga qaragancha qolishdi.

Mashinadan esa oldin Javhariy tushdi. Ketidan ro'mol o'rab, egniga uzun qora ro'dapo kiygan to'rt ayol hiringlashgancha tushishdi.

— O', Mehmon, xotinlarimiz keldi, — hazil aralash Mehmonalini turtdi Avaz. — Hozir Javhariy keladi-da, ularni bizning ixtiyorimizga beradi. Hoynahoy, sendan afg'on qizini tortib olgani uchun xijolatda qolgan shekilli.

Kutilganidek, Javhariy ularga yaqin keldi-da, o'ng qo'lini ko'ksiga qo'yib, Mehmonaliga yuzlandi.

— Ukam, mana, qullaringni opkeldim. Bari vodiydan. Sening yurtingdan ekan. Olloh lashkarlarining ko'nglini ovlashga, bizga xizmat qilishga kepti. Tanla! Xohlaganingni opkirib ketaver.

Mehmonali vaziyatdan foydalanib qolishi shart edi. Bu ishni ortga suraverish noto'g'riligini idrok etardi.

— Keyin sizning xonangizga borib muhim bir gapni gaplashib olishim kerak edi, — dedi u Javhariyga qovoq uygancha boqib. — Guvohlarsiz gaplashishimiz kerak.

— Gap yo'q, — dedi Javhariy sovuq tirjayish qilib. — Oldin xotinchangni tanla! Qolgan ishlar keyin bo'laveradi. Qani, bo'l! Men ikki soatdan keyin xalifning qabuliga borishim kerak. Bo'l tez!

Mehmonali uchun bu ayni muddao edi. Bunday imkoniyat har kuni bo'lavermasligini juda yaxshi anglab turardi. Shuning uchun ayollar orasidan xushbichimgina, past bo'ylisini tanladi-da, yetaklab xonasiga yo'l oldi.

* * *

Oradan taxminan o'n besh daqiqalar vaqt o'tib, ayolni o'z xonasida vaqtincha qoldirdi-da, o'zi Javhariyning xonasida hozir bo'ldi. Gaplashishga, bu yuzsiz va o'zidan-da beshbattar sovuqqon, vahshiy komandirni ko'rishga ko'zi uchmayotgandi. Faqat bu xonani yaxshilab o'rganishi, har bir burchagini yodda saqlab qolishi shart edi.

Picha uyoq-buyoqdan gaplashgan, ba'zi narsalarni surishtirgan bo'ldi. Shu ko'yi yigirma daqiqacha o'tirishgach, Javhariy shoshilinch kiyimlarini kiydi-da, ketishga chog'landi. Mehmonali ham u bilan birga tashqariga chiqdi. Ma'lum vaqt, Javhariyning jo'nab ketganiga, qaytmasligiga amin bo'lmaguncha ortga qaytmadi. Mashina lager darvozasidan chiqib ketgandan keyin ham har ehtimolga qarshi o'n-o'n besh daqiqacha hovli keza turdi. So'ngra atrofga zimdan nazar soldi. Hamma o'zi bilan o'zi ovora. Demak, endi asta Javhariyning xonasiga qaytsa bo'ladi. Shoshilmasa bo'lmaydi…

Avaz tavakkalchidan zahira kalit olgani bor edi. O'sha kalit bilan xotirjamlikda xona eshigini ochdi. Ichkariga kirdi deguncha eshikni ichkaridan qulflab oldi. Keyin esa ostonada qotib turgancha ichkarini ko'zdan kechira boshladi.

Ana, temir sandiq burchakka qo'yilibdi. Sandiqning qulfini ochish muammo bo'lmaydi. Demak, pullarni olishga uzog'i bilan o'n daqiqa vaqt yetib ortadi. Asosiysi, hech kim, ayniqsa, Javhariyning o'zi xitlanib qolmasa bas.

Endi sandiqqa yaqinlashib qanday ochish haqida bosh qotira boshlagandi, ko'zi xona chetiga tushib hushyor tortdi. Burchakdagi gilamning bir uchi qaytarilibdi. Ostida esa taxtadan yasalgan qopqoq turardi.

Mehmonali bunday qopqoqlarni bolaligida ko'p ko'rgan. Ularning uyida ham dahliz cheti chuqur kovlanardi-da, tashqariga suv chiqib ketadigan kanalcha ochishardi. Chuqurning ustini betonlashardi. Bu qishloqda avraz deb atalardi. Kimning cho'milgisi kelsa, o'sha avrazga tushib bemalol cho'milishi mumkin edi. Cho'milib bo'lgandan keyin esa xuddi shunga o'xshash taxtadan yasalgan qopqoq bilan avraz usti yopilib, taxta ustiga sholchami, gilamchami tashlanardi. Ko'ribsizki, bu yerda avraz borligini hech kim bilmasdi…

Mehmonali ehtiyotkorlik bilan taxta qopqoqni ko'tardi. Osti uzun qo'l yetadigan qilib kovlanibdi. U yerdan esa bir nechta paket to'la allambalolar joy olibdi. Mehmonali hayron bo'lib paketlardan birini ko'tarib yuqoriga chiqardi. Shu zahoti dimog'iga badbo'y hid urilib, shosha-pisha burnini bekitib oldi. Hid shu qadar badbo'y ediki, boyagina urib olgan narkotikning kayfi ham allaqaerlarga g'oyib bo'lgan kabi sergakligi oshdi, ko'zlari moshdek ochildi. Miyasi avvalgidan yaxshiroq ishlay boshlaganini his etdi.

Qiziqishmi, yoshlikning beboshligimi, hidlar ko'nglini ag'darar darajada sasiyotgan bo'lsa-da, jonholatda paketning ip bilan tang'ib boylangan og'zini ochdi. Ochdi. yu…

Ich-ichi muzlab ketdi…

Qo'liga ilingan narsani na polga qo'yishni, na paketga qaytarib solishni bildi.

Karaxtlangan ko'yi bir muddat tosh qotgancha o'tirib qoldi.

Bu manzarani ko'rgan har qanday odamning esxonasi chiqishi tayin edi…

Chunki Mehmonalining qo'lidagi narsa o'zi otasini joynamoz ustida so'yib tashlagan 16 yashar qiz, Javhariy tortib olgan do'ndiqchaning kallasi edi.

Kalladan oqqan qonlar qotib bo'lgandi…

Mehmonali darrov o'zini qo'lga olib paketga qayta qo'l suqdi.

Ular bo'laklangan jasad bo'lib chiqdi. Faqat jasadning suyaklarigina paketga solinibdi.

Bu dahshatlarga ozmi-ko'pmi ko'nikkani, ko'ngli qattiqlashgani boismi, Mehmonali u darajada o'zini yo'qotmadi. Aksincha, Avazning oshxonada aytgan gaplari yodiga tushdi.

«Javhariy murdaxo'r. U olib kirib ketgan qizlarni qaytib hech kim ko'rmaydi…»

«Nahotki, shu shoir Javhariyning ishi bo'lsa? — ko'nglidan o'tkazdi hiyla xotirjam tortgan bo'lib qizning kallasini qayta qo'liga olarkan Mehmonali. — Nahotki, mendan ham o'tib tushgan vahshiy bo'lsa? Shu qizning go'shtini pishirib yedimikan? Shunaqaga o'xshaydi. Yo'qsa faqat suyaklarinigina bu yerga berkitmagan bo'lardi. Qani, qolgan paketlarda nimalar bor ekan…»

Chuqurdan yana ikkita kattakon paket chiqarib olib og'zini ochdi. Bu paketlardagilar ham odam suyaklari edi. Faqat ular sasimadi. Qurib-qaqshabdi. Demak, Javhariy bularni ilgari ko'mgan. Qiziq, nega bularni pol ostiga berkitdi ekan? Maqsadi nima? Nega toqqa oborib ko'mib yubora qolmadi?..

Mehmonali nimadir yodiga tushgandek, paketlarni bir chetga surdi-da, sandiqni ochish payiga tushdi.

Avazdan kerakli asboblarni olib kirgandi. O'shalar yordamida taxminan besh-olti daqiqa ovora bo'ldi. Ammo eshigini ocha bildi. Ochgandan keyin esa yana yuragi orziqdi. Temir sandiq ichida Avaz aytmoqchi taxlam-taxlam ko'kimtir pullar jamolini ko'z-ko'z qilardi. Mehmonali shosha-pisha bo'sh paketga pullarni joyladi-da, sandiq eshigini qaytadan yopdi. Ehtiyot shart bir necha marta o'ziga tortib ko'rdi. Eshik avvalgidek mustahkam yopilibdi. Biror yeri tirnalmagani Mehmonalini yanada xotirjam torttirdi…

Shu tobda xona eshigi bezovta taqillay boshladi.

Mehmonali yuragi orqaga tortgancha ilkis o'rnidan turdi va ehtiyotkorlik bilan eshikka yaqin bordi. Eshik ichkaridan qulflab qo'yilgan. Shuning uchun tahlikaga tushmasdan, kim taqillatayotganini aniqlashga urindi.

Eshik bir necha o'n marta taqillagach, tashqaridan Avaz tavakkalchining tovushi qulog'iga chalindi.

— Mehmon, bu men! Eshikni och!

Mehmonali shundan keyingina erkin nafas olib eshik qulfini ochdi.

Avaz kirishi bilan yana qaytadan qulflab qo'ydi.

— O', ishni qoyillatdingmi deyman? — Avaz ichkariladi-yu, paketlarga yopishdi. — Nima?.. Mehmon, manavi… Kechagi qizning… Kallasimi?.. Yo… Men adashdimmi?

— Xuddi o'zi, — dedi Mehmonali Avazga sovuq boqib. — Sizning gaplaringiz to'g'ri chiqdi, brat! Javhariy haqiqatan murdaxo'rakan. Qarang, qancha ayolni tinchitibdi! Sal anaqaroqmi deyman shu odam?

— Nega unaqa deyapsan? Odam o'ldirganigami?

— Yo'-o'q, — dedi Mehmonali beo'xshov tirjayib. — Odam o'ldirishni tushunsa bo'ladi. Men anavi paketlarni nazarda tutdim. O'ldirishga o'ldiribdi, mayli, o'sha murdaning go'shtini pishirib ham yebdi deylik. Qoldiqlarini imi-jimida toqqa ko'mvorsa bo'ladi-ku! Nimaga pol ostida asradiykan? Tushunmadim…

— Menam tushunmadim, — yelka qisdi Avaz. — Biror rejasi bo'lsa kerak desam, anavi suyaklar berkitilganiga ancha bo'lgan. Qurib-qaqshab ketibdi.

— Bu bizga asqotadi, aka, — dedi Mehmonali. — Ashyoviy dalil bular. Agar Javhariy g'ing desa, shularni eslatib qo'ysak yetsa kerak. Nima deysiz?

— Haqsan, — dedi birdan jonlanib Avaz. — Bularni hozir pakkamizga oborib qo'yamiz.

— Qaysi pakka?

— G'orni aytyapman. Axir, kelishdik-ku! Unutdingmi?

— Ha-a, shunday demaysizmi? To'g'ri aytasiz, bularni lagerda asrab bo'lmaydi. Baribir ertami-kechmi Javhariy xitlanadi. Lekin pullarni mening xonamga berkitamiz. Siz… Qurol masalasini gaplashdingizmi?

Avaz Mehmonaliga ma'noli qarab turdi-da, kulimsiragan ko'yi qo'l siltadi.

— Naqd qurol! Bombalargacha olamiz. Hozircha sen-u menga ergashadiganlar 15 kishi bo'ldi. Yomonmas-a boshlanishiga?

— Ha, yomonmas. Ular ham abjir, haqiqiy jangchi bo'lsa bas.

— Jangchiyam gapmi, — dedi Avaz. — Profi degin. Kerak bo'lsa-chi, ularning har biri yulduzni narvonsiz uradi. Zo'rlarini tanladim.

— Unda ketdik. Ishga kirishaveramiz! Aytgancha, aka, xonamda bir ayol o'tiribdi. Anavilardan bittasini oldim-ku, o'sha! Nima qilsam ekan uni?

— Bugun hech qaerga bormay turamiz, — dedi Avaz yuzi tundlashib. — Men ertaga ertalab uch-to'rt kishini g'orga yuboraman. Tozalab, supur-sidir qilib, keyin razvedka degan gaplar bor. Hammasini rejalab, puxtalab olishimiz kerak. Keyin qo'lga tushmaydigan bo'lish kerak-da!

— Ha, to'g'ri, ammo anavi suyaklarni qaerga qo'yay unda? Xonamga opkirib bo'lmaydi. Sasib ketadi. Keyin… Kimdir xitlansa, sotib qo'yishi mumkin.

— Ularni menga ber, o'zim joyini toptiraman. Sen pulning ehtiyotini qil!

— Aka, — dedi tashqariga chiqishdan oldin Mehmonali bezovtaligi ortib. — Javhariy bugun kelsa-yu, sandig'ini ochsa…

— Xavotir olma, bugun qaytishi dargumon. Lekin tan berdim senga! Qoyil! Komandir tanlashda adashmabman! Ofarin! Inshoolloh, sen-u bizning yelkamizgayam oftob tegadigan bo'lib turibdi. Nasib bo'lsa, yaqin vaqtlarda dahshatli bir otryad tuzamiz. Javhariyga o'xshaganlarni bir cho'qishda yo'q qilamiz. Afg'on diyori o'zimizniki bo'ladi.

— Ha, aytganingiz kelsin, aka, — dedi Mehmonali pul to'la paketni qo'ltig'iga qisgancha xonasi tomon ketib borarkan. — Enasini uchqo'rg'ondan ko'rsatamiz hammasining!

* * *

Mehmonali xonasi eshigiga yaqin borgandagina ichkarida ayol kishini qoldirib ketganini eslab qoldi. Esladi-yu, afsus cheka boshladi. Yonida shuncha puli bo'la turib, qayoqdagi qalang'i-qasang'i ayol bilan bir to'shakda yotishni o'zi uchun haqorat hisoblay boshladi. Shunday tushkun kayfiyatda eshikni ochib ichkariga qadam qo'ydi. Ayol karavotda o'tirib olgancha qo'lidagi jajji ko'zguchaga boqib ko'z ostilariga bo'yoq surar, shu orada kokillarini barmoqlari orasiga olib silagan bo'lardi. Chamasi, o'z husniga o'zi ham mahliyo edi. Ammo shu tobda Mehmonaliga ayol husnining umuman qizig'i yo'q edi. U qo'ltig'iga qistirilgan paketichidagi ko'kimtir pullar damidan sarxush edi. Hatto, tanasining allqaerida narkotik xumori qo'zg'olon qila boshlagan bo'lsa-da, e'tibor bermasdi.

— Siz tashqariga chiqib turing, hozir menam chiqaman, — dedi sovuqqon ohangda Mehmonali. — Faqat uzoqqa ketib qolmang!

— Xo'p bo'ladi, — zo'rg'a ovozi chiqib o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ydi ayol. — Kutaman unda!..

Mehmonali ayol chiqib ketishi bilan xona eshigini ichkaridan qulfladi-da, karavotdagi matrasni ko'tardi. Keyin ko'kimtir pullarni taxlami bilan erinmasdan karavot ustiga terib chiqdi. Ustiga yana matrasni tashlab, choyshabni chiroyli qilib yoydi. Ana endi ko'ngli xotirjam tortsa yarashadi. Matras ostida pul borligini it ham bilmaydi. Bemalol ishlarni bitirishga tushaversa bo'ladi.

Mehmonali hanuz pul tufayli sarxushlangan boshini qashiy-qashiy tashqariga chiqib xona eshigini qulfladi va hovliga yo'l oldi. Sal narida ayol uni kutib turgan ekan. Uyoqdan buyoqqa o'tib turuvchi jangarilar unga ko'z qirini tashlab qo'yar, ayrimlari ayolga qarab jilmayishdan tiyila olmasdi.

— Yuring, — dedi ayolga Mehmonali toqatsizlanib. — Faqat imillamang! Imillaganlarni yomon ko'raman!

Ayol yana itoat bilan qo'lini ko'ksiga bosgancha Mehmonaliga ergashdi.

«Bularning bari bir go'rakan shekilli, — o'ylardi u Avaz turadigan kazarma tomon ketib borarkan. — Pul bo'lsa bo'ldiykan-da hammasiga! Yo'g'sa, vatanni tashlab manavinaqangi harom ishlarga kelmasdi manjalaqilar. Nahotki, dunyoda hayo, uyat, nomus degan narsa qolmagan bo'lsa? Ana, Mo'tash ham uyalmasdan kechasi mening qo'ynimda yotarkan-u, kunduzi pul deb birovlarning bag'riga o'zini urarkan. Men ahmoq bo'lsam, birovlardan qolgan qolg'indini sevibman, ardoqlabman, u bilan hatto faxrlanibman. Qanchalar tubanlik! Birovi yuzingda ko'zing demay, nasibangni tortib olsa, yana birovi hasmi halolingni qo'yniga solib yotsa, ishrat qilsa. Yaxshiki, Muhammad Sayyidga uchradim. Mana shu yerlarga adolat istab keldim. Mana, yomon bo'lmadim. Hademay bu jangari kallakesarlardan ham zo'rroq kallakesarga aylanaman. Balki aylanib bo'lgandirman? Jurnalistning kallasini olganimda, qonini simirib ichganimda qoyil qolishdi-ku! Demak, bu jangarilarning hammasi bo'shang, latta ekan. Agar mendanam zo'r bo'lsa, qariyanikiga shular borishi kerak edi. Mening o'rnimga joynamoz ustidagi qariyani so'yib kelgan bo'lardi. To'g'ri-da, musulmon bo'la turib musulmonni sotibdi u qariya. Tag'in shuncha gunohi bilan joynamoz ustiga chiqib namoz o'qigani nimasi? Mana, menam farishta emasman. Bir nechtasining jonini sug'urvoldim. Demak, gunohkorman. Shuning uchun ham namoz o'qimayapman. Yuragim betlamaydi. Qachonki gunohlar qilishdan tiyilsam, ana undan keyin namoz boshlasam bo'ladi. Buni Javhariy ham aytdi. Aytgancha, Javhariy kelib sandig'ini ochsa nima qilarkin? Jinni bo'p qolsa kerak alamdan. Men olganimni aniqlay olarmikan? Keyin-chi? Keyiniga ulgurmaydi. Yaqinda uniyam kallasini olaman. Qonini simiraman. Shundog'am qonsirab yuribman shu kunlarda. Eh, Mo'tash hozir shu yerlarda paydo bo'lib qolsaydi… Jigini uzardim o'ziyam. Menga qilgan xiyonatlarining, otasi ko'rsatgan kunlarning, Samaddan tortgan jabrlarimning alamini o'sha manjalaqidan olardim. Jangarilarning o'rtasiga yotqizib enasini ko'rsatardim. Keyin esa kallasini hammaning ko'z o'ngida sapchaday uzib tashlardim. Murdasini bo'lsa, bo'rilarga yedirardim…»

Shunday xayollar bilan Avaz tayin etgan g'orga yetib kelganini ham payqamabdi.

Mehmonali shosha-pisha yoniga razm soldi. Ayol hamon boshini quyi solgan ko'yi yonida qadam tashlardi. Unga ko'z tashladi-yu, Mehmonalining toshga aylanayozgan yuragi hapriqib qo'ygandek bo'ldi. Biroq darrov o'zini qo'lga oldi. To'g'ri-da, hademay xalifalar xalifasiga aylanish arafasidagi odam, ustamon, tengsiz komandir, buning ustiga dasta-dasta pullarning egasi bu taxlit ayollarni ko'rganda so'lagini oqizmasligi kerak. So'lagi oqsa arziydigani hali uchraydi. Albatta uchraydi…

* * *

G'or og'zida Avaz tavakkalchi yonida Mehmonali tanib-tanimas bir uzun bo'yli jangari bilan gaplashib turgan ekan. Mehmonalini ko'rdi-yu, ikki qulochini kergancha unga peshvoz chiqdi.

— Kutaverib qon bo'p ketdik-ku, komandir! — dedi Avaz ayolga tez-tez nazar tashlab olarkan. — Nega kech qop ketding? Yo Javhariy kep qoldimi?

— Kelgani yo'q, — dedi Mehmonali yerga chirt etib tupurib. — Manavi ayolni olib chiqqunimcha sal kechikdim.

— Ha, mayli, — kaftlarini bir-biriga ishqalab oldi Avaz. — Hozirning o'zida askarlarimiz o'ttiz kishidan oshdi. Suyunchini cho'zaver! Keyin… Seni ko'rishga mehmonlar kelgan. G'orda kutib o'tirishibdi.

— Mehmonlar? Kim ekan? Mening qishlog'imdan kelishibdimi?

— Yo'q, — dedi Avaz kulimsirab. — Qishlog'ingdanmas. Ammo ularni taniysan. Yur, vaqt ketmasin! Hali oldinda qiladigan ishlar ko'p!

Mehmonali ayolni ergashtirgancha Avazning ketidan g'orga kirdi.

Ichkari uzun edi. G'orning narigi boshidan ham tangadek yorug'lik ko'zga tashlanar, uzunligi taxminan bir kilometrcha kelardi.

Yarmigacha borishgach, chapga burilib, kichkinagina xonaga o'xshash xilqatga kirishdi. Bu yerda sham yoqib qo'yilgani bois ichkari yaqqol ko'rinib turardi. Nimalarningdir chiyillagan tovushi quloqqa chalinib qolar, ichkaridan zaxmi, murdami, ishqilib, nimaningdir sasigan hidi ufurardi. Mehmonali bunday hidlarga ancha ko'nikib qolgani bois u qadar e'tibor bermadi. Yonidagi ayol esa kiriboq burini kaftlari bilan berkitgancha bo'g'riqib-bo'g'riqib nafas ola boshladi. Lekin chiqib ketishga qo'rqdimi, joyidan jilmadi…

Xilqat burchagida esa Mehmonalini «syurpriz» kutardi. Buyog'iga qo'l ostida xizmat qilishga ahd qilgan jangarilar aylana qurib o'tirib olishgan, ular orasida esa Muhammad Sayyid kerilgancha o'tirar, yonidan esa…

Mehmonali xuddi o'shani ko'rib sal qursa dahshatdanmi, xursandligidanmi, baqirib yuborayozdi.

Ha, farishtalar omin degan chog'i, Muhammad Sayyidning yonidan joy olgan ayol boyagina xayolidan kechirgan Mo''tabar edi. Xuddi o'sha fohisha, Mehmonalining nomusini yer bilan bitta qilgan buzuqi, xiyonatkor, Samadning o'ynashi, fohishaxonaning to'rini birovga bermas Mo''tabarning o'zi edi. U Mehmonalini ko'rgandanoq boshini egib olgan, sham yorug'ida ham yelkalari titrab qo'yayotganini ilg'ash qiyin emasdi…

— Ini-im, — deya birinchi bo'lib qulochini kerib ko'rishishga tutindi Muhammad Sayyid. — Bormisan? Komandirim! Ishonganim, inim! Ko'rsatganiga, uchrashtirganiga, yetkazganiga shukr!..

Ular xuddi eski qadrdonlar kabi bir-birlarini qo'yib yubormay bir daqiqadan ortiqroq turib qolishdi. Nihoyat Muhammad Sayyid Mehmonalini qo'yib yuborib, ikki yelkasiga qo'l tashladi.

— Bormisan, qiyomatli inim? — dedi u Mehmonalini sekin-sekin siltab. — Mana, men keldim! Senga xizmat qilishga keldim, inim!..

— Ochig'i kutmovdim sizni, — dedi og'zining tanobi qochib Mehmonali. — Endi qaytib ko'rmasam kerak deb o'ylagandim. Xayriyat, o'zingiz kep qoldingiz.

— Qani, o'tiraylik, — dedi Muhammad Sayyid ko'rpachaga ishora qilib. — O'tir! Barakalla! Seni kutib mana bu jangchi ukalar bilan chaqchaqlashib o'tirgandim. Bularning hammalari ajoyib yigitlar ekan. Rosa maqtashayotgandi seni, inim!..

— Boringlarga shukr, — dedi o'ng qo'lini ko'ksiga qo'yib Mehmonali. — Ollohning o'zi yetkazdi sizni! Bu yigitlar siz aytgandan ham zo'rroq. Inshoolloh bundan keyin ular bilan quroldoshga aylandik. Ollohning lashkari bo'lib, mana shu zaminda adolat o'rnatmoqchimiz! Haromilarning qonini ichmoqchimiz…

Oxirgi gapini Mehmonali atayin bir chetda qimtinibgina o'tirgan Mo''tabarga tekkizib aytgandi. Shu gapni eshitsa, sal uyala boshlar, afsus cheka boshlar deb o'ylagandi. Mo''tabarda hech qanday o'zgarish sezmagach, unga bo'lgan nafrati ming chandon oshdi va beixtiyor mushtlari tugildi.

* * *

Oradan taxminan yarim soatcha vaqt o'tgach, Mehmonali yana toqatsizlana boshladi.

Yo'q, shu tobda Javhariy ham, uning xonasiga berkitilgan sassiq pullari ham, hali zamon u Mehmonalini qidirib, BTR larda kirib kelishi ham qiziqtirmayotgandi. Bu narsalar Mo''tabarni ko'rgandayoq xayolidan ko'tarilgandi. Mehmonalini bu fohishaning ne niyatda Muhammad Sayyidga ergashib kelgani ko'proq o'ylantirardi. Unaqasiga o'yladi, bunaqasiga fikrlab ko'rdi. O'xshay qolmadi. Baribir o'ylab o'ylarining oxiriga yeta olmadi.

Oxiri yorildi.

— Ustoz, bir daqiqaga tashqariga chiqib kela olasizmi? — Muhammad Sayyidga yuzlandi Mehmonali. — Judayam zarur gaplarim boridi.

— Ochig'i, menam seni tashqariga boshlamoqchiydim o'zi, — dedi kulib Muhammad Sayyid. — Yur, gaplashib olaylik bo'lmasa!

— Uzoq qolib ketmanglar faqat, — tayinladi Avaz tavakkalchi chiqib ketayotganlarida. — Mehmon, shoshilish kerak.

— Bilaman, — dedi Avazga ko'z qisib Mehmonali. — Xotirjam bo'ling!

Tashqariga chiqqanlari hamono Mehmonali Mo''tabardan gap ochdi.

— Anavi ayol nega sizga ergashib keldi, ustoz? (lagerga kelgandan beri Mehmonali ko'nglining bir chetida Muhammad Sayyidni shunday atashga ahd qilgandi) — so'radi u qarshisidagi Muhammad Sayyidga tik boqib. — Sira tushuna olmadim. Halidan beri o'ylayverib qon bo'ldim.

— Bilaman, — dedi hiyla bosh egib so'z boshladi Muhammad Sayyid. — Bu ayol hammasini menga gapirib bergan. Buyog'idan kelsang, Mo''tabarni turmadan chiqqan kunim ko'chada uchratib qolgandim. Ko'zimga o'tday ko'rindi. Afg'ondagi ukaxonlarni xursand qilarman degan maqsadda ko'ngliga qo'l soldim. Darrov ko'ndi-qo'ydi. Yo'lda esa sen haqingda gap ochdi. Surishtirib kelib, u bizga begona emasligini aniqladim. Shundan keyin Mo''tabarni jangari yigitlarga qo'shib qo'yish niyatimdanam qaytdim. Bilmadim… Senda gaplari ko'pmish.

— Gapiga ko'zim uchib turgan yo'g'idi, — dedi alam aralash Mehmonali. — To'g'risi, shuni ko'rsam jinim qo'ziyapti. Asabim buzilib, zo'rg'a o'zimni tiya olyapman.

— Bu ishing noto'g'ri, — dedi Muhammad Sayyid va shoshilib kissasidan xaltacha chiqarib Mehmonaliga uzatdi. — Oldin turmadagi kunlarni bi-ir eslab qo'ymaymizmi?

Mehmonali kulib xaltachani qo'liga oldi va bir chimdimini olib tishlariga ishqaladi.

Muhammad Sayyid bergan bu og'u turmadagisidan ancha kuchli tuyuldi.

Mehmonali hech qancha o'tmay, kayf sura boshladi. Yuragini deyarli chirmab olgan alam va nafrat tuyg'usi ortga chekinib, illyuziya girdobiga kirib borayotganini his etdi. His-tuyg'ulari junbushga kela boshladi.

Xonasiga berkitilgan pullarni, Javhariyni ham unutgandek, erkin nafas olib, o'zini qo'yib yubordi.

Endi Mo''tabar ko'zlariga fohisha emas, bir dasta gul kabi ko'rina boshladi. Bir to'shakda «asal oyi»ni o'tkazgan kunlarini yodga olib entika boshladi.

— Mehmon, inim, — deya uning yelkasini siqimladi Muhammad Sayyid. — Nima bo'ldi? Ja xursandsan? Tinchlikmi?

Mehmonali unga narkotik ta'sirida qizarib ketgan ko'zlar bilan boqarkan, beixtiyor yana jiddiy tortdi. Xayoliga kutilmagan rejalar o'rladimi, yelkasini uchira-uchira Muhammad Sayyidga suyanib oldi.

— Ustoz, Mo''tabar iflos, — dedi shivirlab. — Eshityapsizmi? Iflos va pastkash u!

— Unda o'ch ol! — dedi Muhammad Sayid Mehmonalini quchib. — Men bekorga opkelganim yo'q uni. Bor-e, deb haydab solishim ham mumkin edi. Ammo senga xotin bo'lib yurganidan xabar topgach, bu fikrimdan qaytdim. Bor, intiqom yaqin. Bo'shashma! Qara, seni terrorchi oshnalaring qanday hurmatlasharkan! Shunday hurmatli er yigit qayoqdagi bir fohishadan intiqom olmasa, uyat bo'ladi. Ustiga ustak o'z oyog'iminan keldi.

— Haqsiz, — dedi mushtlarini tugib Mehmonali. — O'zi keyingi kunlarda qonsirab yurgandim. Mayli, siz askarlar bilan o'tira turing! Ichkariga kirib Mo''tabarni tashqariga chiqarvorsangiz bo'ldi. Ishini bitiraman-u, qaytaman, ustoz! Ana undan keyin ertalabgacha bi-ir chaqchaqlashamiz!

— Xo'p, omadingni bersin! Faqat sergak bo'l!

Shunday dedi-yu, Muhammad Sayyid pildiragancha g'or ichkarisiga kirib ketdi…

* * *

Bu galgi doza haqiqatan Mehmonaliga boshqacha ta'sir qilib, tafakkurini teranlashtirib yuborgandek edi. Shuning ta'sirida Mo''tabar tashqariga chiqib qarshisida hozir bo'lgach, o'zini majburlab bo'lsa-da, jilmayish qildi.

— Sen haliyam mening xotinimsan, — dedi Mehmonali Mo''tabarning ikki yelkasidan tutib. — Shuni bilasanmi?

— Bilaman, jonim, — deya uning yelkasiga bosh qo'yib oldi Mo''tabar. — Har kuni sog'inardim. Oxiri chidolmay, Samaddan aniq manzilingizni oldim-u, yo'lga otlandim. Baxtimga anavi kishi uchrab qoldi. Siz haqingizda gap ochgandim, darrov tanidi. Keyin birga opkeldi. Baraka topsin!

— Unda ketdik, — dedi Mehmonali Mo''tabarning bilagini siqimlab. — Uchrashuvni yuvmasak bo'lmaydi.

— Voy, nima bilan yuvamiz?

— borganda ko'rasan. Hozir seni zo'r joyga oboraman. Faqat qo'rqmagin!.. Aytgancha, shoshma, shu yerda tura tur! Men hozir…

Mehmonali nimadir esiga tushgandek yugurgancha g'or ichkarisiga kirdi. O'zining o'tkir xanjarini oldi, skotchni qo'yinga urdi. Shundan keyingina asta yurib tashqariga chiqdi-da, Mo''tabarni qo'ltiqladi. Ayol bu harakati azbaroyi yoqib tushganidan bir qo'li bilan Mehmonalining bilagidan mahkam ushlab oldi.

— Qaerga boramiz? — so'radi muloyimlik bilan. — Lageringizgami?

— Yo'q, — dedi Mehmonali zo'rma-zo'raki jilmayib. — Lagerda ko'zi ochlar ko'p. Seni qizg'onaman ulardan… Seni tog'ning zo'r yeriga oboraman. O'sha yerda yuvamiz uchrashuvimizni…

Ular qo'ltiqlashgancha yolg'izoyoq so'qmoq orqali ikki kilometrcha yo'l bosishdi. Nihoyat qoyalardan birining ostida qad rostlagan g'orsifat joyga kirishdi. Bu yer qorong'i edi. Mehmonali buning ham tadbirini ko'rib olgan ekan. Qo'yin kissasidan sham va gugurt olib, shamni yoqib yubordi. Keyin boshqa cho'ntagini kovlab piyola chiqardi. Mo''tabarga bildirmasdan xanjar va piyolani bir chetga qo'ydi. So'ngra quloqlarini ding qildi. Yaqin atrofda zog' uchmasdi. Og'ir sukunat hukmron edi. Baqir-chaqirni yaqin orada hech kim eshitmasligiga amin bo'lgach, Mo''tabarning belidan oldi.

— Kel, o'zimning xipcha bel xotinim, — deya uni mahkam quchoqladi — da, yerga bosdi. — Men seni yeyman! Yeb qo'yaman!..

Besh o'n daqiqadan keyin Mehmonali nafsini qondirib, Mo''tabarning boshiga boshini tiragan ko'yi o'ng yonboshdagi skotchni qo'liga oldi va qaddini ko'tarib yarim metrchasini xanjar bilan kesib oldi.

Mo''tabar pinagini buzmasdi. Mehmonalining asl maqsadidan bexabar edi. Shuning uchun yana va yana bag'riga tortishni kanda qilmasdi. Mehmonali esa bu orada kuch bilan Mo''tabarning og'zini skotchladi. Shundagina ayol o'zini nimalar kutayotganiga fahmi yetdimi, tipirchilashga tushdi.

— Qimirlama, fohisha! — shivirladi Mehmonali Mo''tabarni ustidan mahkam bosib. — Intiqom yaqin! Sen hademay jahannamning to'ridan joy olasan! Menga qilgan xiyonatlaring, aldovlaring, jodugarliklaring uchun javob berasan! Qara, qoning juda shirin bo'lsa kerak-a? Seni o'psam, maza qilaman har gal. Demak, qoning shirin!..

Mehmonali sira tap tortmay, ikkilanmay, piyolani yaqinroqqa surdi-da, qo'liga o'tkir xanjarni olib tinimsiz tipirchilab qo'lidan chiqishga urinayotgan Mo''tabarning tomog'iga tiradi va juda sekinlik bilan tig' tortdi. Ayol xirillab, oyoq-qo'llarini qoqishga tushdi. Mehmonali bu harakatdan juda yaxshi xabardor edi. So'yib tashlangan odam oyoq-qo'lini qoqib jon taslim qilishi unga juda yaxshi tanish. Mo''tabar jon berish bilan ovora bo'lib turgan mahal u piyolani uning qoniga to'ldirdi va bir ko'tarishda sipqordi. O'qchiy-o'qchiy, piyolani joyiga qo'yayotganda, Mo''tabar indamay qolganiga guvoh bo'ldi.

Fohisha haqiqatan jon berib bo'lgandi.

Bunga to'liq amin bo'lgach, shoshilmasdan o'rnidan turdi-yu, tashqariga yo'l oldi.

* * *

Olloh kechirimli. Olloh bardoshli. U o'zi yaratgan bandalariga juda-juda mehribon. Hatto, iblisning etagidan tutib, razolat botqog'ida izg'uvchi, balchiqlarning badbo'y va jirkanch isini dimog'ida tuyib zavq olguvchilarni ham jazolashga shoshilmaydi. Arqonni uzun tashlaydi. Astoydil tavba qilsa, ajrini kamaytirishi mumkin. Tavbadan darak bo'lmasa, kun keladiki, Yaratgan egamiz, Parvardigor, to'qson to'qqizta nom bilan qayta-qayta tilga olishga, tavoblar qilishga, yolvorishga, shafqat so'rab ta'zimlar bajo aylashga, sig'inishga, tavob qilishga arzirli xudoyim favqulodda g'azabga keladi. Ana shu g'azabi razolatni makon tutganlargagina ataladi. G'azabga qolgan noshukr banda ikki dunyo orasida qiyomat kuniga qadar sarson kezadi. Laxta-laxta qonlar yutadi…

Qachonlardir qo'y og'zidan cho'p olishga andisha qilguvchi Mehmonali ham xuddi o'sha razolat botqog'iga botdi. Sarobdangina iborat boylik ishqida jonini jabborga berishga-da hozir-u nozir bo'ldi. O'zini o'zi qullikka mahkum etdi. Bu birinchi qullik edi. Iymonidan ayrilib ham tavba qilish haqida o'ylab ko'rmagan bir bandaning so'ziga kirib narkotikka qul bo'ldi. Bu qullik uni uchinchi qullikka giriftor etdi. Mehmonali o'zi kabi xudo yaratgan bandalarning qonini ichishga o'rgandi. Og'u ta'sirida birovni so'yishgacha, so'yib ham bir tuki qilt etmas ahvolgacha bordi. Shu ko'yi boshi berk ko'chaga kirdi. Ammo o'zi payqamadi. Hanuz o'zini erkin, qaerga qo'l uzatsa yetar darajada bildi va bilmoqda. Bu taxlit og'irdan-og'ir gunohlarga botsa, bir kun itdek o'lim topishini, jasadini zaharli ilonlar chaqib-chaqib olganda ruhi chirqirab azob berishini, bir tishlam go'shtini o'laksaxo'r qushlarmi, quturgan itlarmi talashib-tortishgan mahal to'lg'onib dard chekishlarini o'ylamayapti-da…

Astag'firillo!!!

* * *

Mo''tabarning qonini ichgandan so'ng lager ichkarisiga kirib kelardi-yu, qur-qur o'qchib qo'yardi. Joniga tegdimi, qo'yin kissasidan xaltachani chiqardi-yu, bir chimdimini og'izga urdi. Lekin yurishdan to'xtamadi.

Tanasi ancha ko'nikkanmi, endi narkotik oyog'idan olmasdi. Sarxushlantirardi. Yuragi tezroq urib, miyasida faqat bir xil manzara videoyozuv kabi aylana boshlardi.

Xayolan dushmanni tutar, yerga chalqancha yotqizib qo'yib tomog'iga nuqul tig' tortardi. Xuddi shuning o'zi hali o'n gulidan bir guli ochilmagan yigitning iblis yetagida ekanidan bir darak edi…

U rejani puxtalagandi. Hozir asta xonasiga kiradi-yu, Javhariyga tegishli pullarni olib yana ortga qaytadi. Muhammad Sayyid, Avaz tavakkalchi, qo'l ostidagi jangarilarga bu pullarni ko'z-ko'z qiladi. Bilib qo'yishsin-da u qanday uddaburon va qaytmasligini!..

Ammo navbatdagi postda turgan qorovullardan o'tib xonasiga yaqinlashay deganda taqqa to'xtadi. Xona ro'parasida tanish odam turganini qorong'ilikda bo'lsa-da, ilg'ay bildi.

Ha, bu Javhariyning o'zi edi. U chap qo'lidagi tasbehni asabiy o'girgancha uyoqdan buyoqqa borib kelar, jahl otiga mingani aniq-tiniq ko'rinib turardi.

Mehmonali sir boy berib qo'ymaslik ilinjida to'xtab sal o'zini bosib olgandek bo'ldi va dadil qadamlar tashlab Javhariyga yaqinlashdi.

— O', bormisan, komandir? — Javhariy hech narsadan bexabarmi, Mehmonalini ko'riboq chehrasi ochildi. Uning ikki yelkasidan tutib, bir necha marta silkib qo'ydi. — O'lay agar, yarim soatdan beri kutyapman. Agar kelmasang, qidiruv e'lon qilmoqchi bo'lib turgandim.

— Tinchlikmi, komandir? — so'radi Mehmonali iloji boricha xotirjam tortishga urinib. — Biror muammo chiqdimi? Yo ayb ish qilib qo'ydimmi?

— E, yo'-o'q, — dedi Javhariy hov naridagi qorovul xizmatini o'tayotgan avtomatli jangarilarga qarab olib. — Qanaqa ayb? Boyagina keldim xalifimizning oldidan. Senga quyuq salom yo'lladi u kishi.

— Salomat bo'lsin, — dedi Mehmonali sovuqqonlik bilan. — Shu xolosmi?

— Keyin… «Badalg'or»ni tozalab, odambashara qipsizlar deb eshitdim. Rostmi? Yo meni aldashdimi?

Bu savolni eshitgandanoq Mehmonali tamom bo'layozgandi…

Yo'q, qo'rqmadi. Mushtlashishga to'g'ri kelsa, Javhariyni yanchib tashlashini biladi. Faqat… Hammasidan xabar topgan bo'lsa, bu gapni xalifgacha yetkazishidan cho'chirdi. Qolaversa, lagerdagi jami qurol-aslaha shu Javhariyning qo'lida ekanini ham yaxshi biladi. Xudo ko'rsatmasin, g'orga BTR larda borib bomba yog'dirib qolsa, itdek o'lib ketishdan qo'rqardi. Niyatlari amalga oshmay qolishidan vahmi kelardi.

— Aldashmagan, — dedi tavakkal. — Tozaladik. Odambashara qildik. Bilib bo'ladimi, hukumatningmi, amerikaliklarningmi askarlari hujum qip qolsa, jon saqlashga qulay joy kerak-ku!..

— Yaxshi, — deya bosh qashib ketishga chog'landi Javhariy. — Hozir borasanmi g'orga?

— H-ha, borishim kerak, — dedi Mehmonali toqatsizlanib. — Uyoqda Muhammad Sayyid aka Avazlarminan o'tiribdi.

— Shunaqami? Bo'pti, sen boraver! Menam yarim soatlardan keyin o'taman! Chaqchaqlashamiz!..

«O'tsang o'tib o'lmaysanmi, «kazyol», — deya xayolan so'kingancha xonasiga yo'l oldi Mehmonali. — Sen borguncha pullaring joyini topadi. Keyinam isbotlab ko'r-chi!..»

Xonasi eshigigacha yetishga ulgurmadi.

Negadir Javhariy ortga qaytib to'xtatib qoldi.

— Ukam, esimdan chiqibdi-ku bir gap, — dedi u ovozini pasaytirib. — Xalif senga maxsus topshiriq berib yuborgandi. Hoziroq topshiriqni bajarishga jo'nashing kerak.

— Nima bo'pti? Tinchlikmi?

— Yur, xonangga kiraylik, o'sha yerda aytaman!..

Mehmonali tarvuzi qo'ltig'idan tushgan kimsa kabi birdan bo'shashdi-yu, shalviragancha Javhariyning oldiga tushdi.

* * *

Harqalay Javhariy xonada uzoq qolib ketmadi. Topshiriqni, nima qilishni, qanday yo'l tutishni, kimlarni o'zi bilan olib ketishni uqtirdi-yu, chiqib ketdi.

Aytishicha, lagerning xuddi o'sha Mehmonalilar kirib joylashgan g'or tarafidan o'n chaqirimcha narida bir qishloq bor ekan. Qishloq oqsoqoli Mo'ydinbek, Qo'ysin nashafurush deganlar qachonlardir Javhariyni amerikaliklarga sotgan, qaerdaligini, qachon qaerga borishini ma'lum qilgan, oqibatda ular tuzoqqa tushib, o'nlab jangarilar bombaning tagida qolib o'lgan ekan. Javhariygina arang jonini saqlab lagerga kelvolganmish. To'g'ri, bir necha kundan so'ng ko'plashib qishloqqa borishibdi. Lekin sotqinlarni topa olishmabdi. Qochib qolishganmish. Hozir esa yana paydo bo'lishibdi. Javhariy xuddi o'sha ikki erkakning uyiga kirib borib bo'g'izlashni, ayollarini, qizlarini qul qilib olishni, ketayotib uylariga o't qo'yishni buyurdi. Sheriklikka Avaz bilan qo'shib g'ordagi jangarilarni olib ketishni tayinladi.

Bu topshiriq Mehmonali uchun ayni muddao bo'lgandi. Chamasi Javhariy hozircha pullari yo'qolganidan, pol ostidagi odam suyaklari olib ketilganidan bexabar shekilli. Bu haqda hatto, ishora ham qilib qo'ymadi.

«Hali shoshmay tur, sen yaramas, — o'ylardi bir xalta pulni ko'targancha g'or tomon ketib borarkan Mehmonali. — Mayli, shu topshirig'ingniyam bajarib beramiz. Keyin esa enangni uchqo'rg'ondan ko'rsatamiz. Oyog'imni o'pib shafqat so'raysan. Menga, faqat menga itoat etadigan, buyrug'imni mo'ltirab kutadigan bo'lasan, ha! Men tez orada bu yurtning johil va shafqatsiz, nomdor komandiriga aylanaman. Ana undan keyin qurol ombori bizning ixtiyorimizga o'tadi. Ana shundan keyin o'sha dimog'dor, zo'ravon xalifingni bosamiz. Ko'ribsanki, afg'onda ham, o'sha Suriya, Iroqdayam men hukmron bo'laman, men!..»

Shirin va xom xayollar hanuz og'u ta'sirida qolib ketgan Mehmonalini jo'shtirib yubordi. Qo'yib berishsa, bor ovozda ashula aytib yuborar bo'ldi. Shunday ahvolda g'orga yaqinlasha bordi.

Ichkarida qolgan jangarilar, Avaz, Muhammad Sayyidlar negadir tashqariga chiqib olishgan, ularning qarshisida Javhariy tik turgan holda hammalariga nimalarnidir uqtirar, ahyon-ahyonda Mehmonali kelayotgan tomonga qarab olardi.

* * *

— O', bo'lg'usi komandir keldilar, — qulochini kerib Mehmonalini qarshi olgan bo'ldi Javhariy. — Qani, ichkariga kirsinlar!

Mehmonali imi-jimida qarshisidagilarning aft-angoriga nazar soldi. Ularning avzoyi buzuq, ayniqsa, Avaz tavakkalchining goh labi, goh yelkasi uchib-uchib olardi. Mehmonali sezdiki, bu yerda bir gap bo'lgan. Ammo qanday gap? Javhariyning yuz tuzilishida deyarli o'zgarish ko'rmadi. Xonasida qanday bo'lsa, shundayligicha qolibdi.

«O'zaro janjallashishgan shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali ehtiyotkorlik bilan g'or ichkarisiga yurib borarkan. — Bularning hammasi bir-birini ko'ra olmaydi. Kattaroq bir narsani talashishgan bo'lsa kerak…»

G'orga kirishgach, holat butkul o'zgardi.

Ichkaridagi jangarilar ko'z ochib yumguncha Mehmonalini o'rab oldi.

Kimdir orqadan kelib tizzadan pastiga kuch bilan tepgandi, Mehmonali tizzalab o'tirib qoldi.

Shundan so'ng tepasida Javhariy hozir bo'ldi.

— Xo'sh, qahramon, yaxshi yetib keldilarmi? — kinoya aralash savol tashladi u jonholatda Mehmonalining qo'lidagi pul to'la xaltani tortib olarkan. — Shuncha pulni qaerga opketmoqchiyding? Axir, bizdan bir og'iz so'rasang bo'lardi-ku pul kerak ekan! Yo halitdan bizni odam o'rnida ko'rmay qo'ydingmi?

— Bu xalifalikka da'vo qilyapti, — dedi Avaz sovuq irshayib. — Mana, shu yergayam bizni o'zi boshlab keldi. Niyatini payqaganimizdan keyin atayin qo'yib berdik. To siz kelguningizcha indamay turishga kelishib oldik.

— Juda yaxshi qipsizlar indamay, — dedi Javhariy Muhammad Sayyidga yuzlanib. — Ko'rdingizmi, otaxon, shogirdingiz pand berdi!?. Mening sirlarimni ochib o'ldirtirmoqchi bo'libdi.

— Niyating nima o'zi? — deya tepasidagi Javhariyga tik boqdi Mehmonali. — O'ldirishmi? O'ldir! Nega qarab turibsan? Yo duxing yetmayaptimi?

— Nima?..

Bu gapi Javhariyning nafsoniyatiga tegib ketgani ma'lum edi. U kutilmaganda Mehmonalining yuz qismiga tizzalab yubordi. U chalqancha yiqildi. Shu zahoti yuz-ko'zlari qonga bo'yaldi.

— Sen menga o'rgatyapsanmi hali? Vey, salaga, kimsan o'zing? Kimsan-a?

— Odamman! — dedi Mehmonali sira tap tortmay. — Hali shoshma, sen murdaxo'r, qarg'a, xaliflikni qo'lga kiritvolay, o'shanda gaplashamiz senminan!

Bu gapini eshitgan jangarilar baravar kulib yubordi. Ammo Javhariy kulgiga jo'r bo'lmadi. Tiz cho'kdi-da, Mehmonalining iyagini siqimladi.

— Yo'g', — dedi u tishlarini beo'xshov g'ijirlatib. — Sen oson o'lim topmaysan. Qiynalib, jon achchig'ida o'ldirishimni so'rab yolvorasan! Har bir a'zoingni kesib olganimda, naq do'zax o'tida kuyasan. Qani, kim seni qutqarib qolarkin?!. Hech kim. Hatto, xudoyam sendan yuz o'girgan. Shuni bilasanmi, g'alcha?

— Qo'lingdan kelganini qil, — dedi Mehmonali va Javhariyning yuziga tufladi.

Shubhasiz, bu haqorati Javhariyni oyoqqa turg'azdi. O'rnidan turiboq, uyoq-buyoqqa alanglab turdi-da, hov narida yotgan qilichni qo'liga oldi va yana Mehmonalining tepasida paydo bo'ldi.

— Ana endi boshlaymiz, — dedi u jangarilarga viqor bilan bir-bir boqib. — Hammang guvohsan! Bu nonko'r komandirning xonasidan katta pul o'g'irladi. O'g'irlikni xudoyam kechirmaydi. Keyin pol ostidagi dushmanlarning murdalarini chiqarib olibdi. Shu bilan meni shantaj qilmoqchi bo'libdi. Xo'sh, bunday nonko'rlar qanday jazoga loyiq?

Jangarilar baravar qichqirishdi:

— O'lim!!! O'lim!!! O'g'riga o'lim!!!

Hayqiriqlarga Avaz ham, Muhammad Sayyid ham jo'r bo'ldi.

Mehmonali esa Avazga yer ostidan alam aralash boqardi-yu, afsus-nadomatlar o'tida qovrilardi. Qanchalar sodda, laqmaligiga la'natlar o'qirdi. Ko'ziga qarab turib aldagani esiga tushgani sayin uni bo'g'izlab tashlashga hozir edi. Biroq buning imkoni yo'q edi. Ortiqcha harakat sodir etsa, tamom, tepasida turgan jangarilar ur-kaltak qilib tashlashadi. Sportchiligi ham bu vaziyatda ish bermasligini bilardi. Shuning uchun taqdiriga tan bergancha sukut saqlashdan nariga o'ta olmadi. Qanchalar og'ir gunohlarga yo'l qo'ygan bo'lmasin, baribir xayolan bo'lsa-da, xudoga nola qila boshladi. Shafqat so'rab yolvordi. Baxtga qarshi xudo uni ko'rmayotgandek tuyulardi.

G'oyibdan na shafqat, na rahmat-mag'firatlar bo'y ko'rsatardi…

* * *

— Yo Olloh!!! — Javhariy qo'lidagi qilichni azot ko'tardi-da, Mehmonalining o'ng oyog'iga urdi.

— A-a-a-a-a!!!

Qilichning o'tkir tig'i Mehmonalining oyog'ini cho'rt uzib o'tgandi. Lekin qon darrov tirqiramadi. Bir marta paydo bo'lgan kuchli og'riq uni bor ovozda baqirishga majbur etdi. Keyin esa og'riq tingandek bo'ldi. Faqat ko'z oldi qorong'ilashib, o'zini quyuq tuman orasida turgandek his etdi. Javhariy uzoq vaqt to'xtab qolmadi. Ikkinchi zarbani Mehmonalining chap oyog'iga yo'lladi. Bu zarbaga chidab turishning imkoni yo'q edi. U na'ra tortgancha tipirchilay boshladi. Oyoqlari ham ikki tomonda qoniga botgan ko'yi xuddi o'zi kabi tipirchilardi.

Shu tobda…

G'or tepasida samolyotlarning gurillashi eshitildi. Bir necha o'n soniya ichida kuchli portlash atrofni tutdi. Ichkaridagi jangarilar tashqariga chiqishga-da ulgurmadi. Hammayoqning to's-to'poloni chiqdi. Ikkinchi portlashdan keyin Mehmonalining ustiga qandaydir olovsifat narsa kelib tushdi-yu, bir zumda tindi.

Tevarakni o'lik sukunat qopladi…

Mehmonali ko'zlarini ochdi-yu, o'zini keng darada ko'rdi. Dara turli ko'rinishda bo'y ko'rsatardi.

Bir tomon yam-yashil daraxtzorlar, bir-biriga husnini ko'z-ko'zlayotgan gulzor, boshqa tomonda esa qoramtir balchiq zohir edi. Balchiq nuqul bilq-bilq qilib, o'zidan gazsifat, o'ta badbo'y hid taratardi.

Dahshatlisi, balchiqning shundoq tepasida Mo''tabar muallaq turar, a'zoyi badani qora loyga belangandi.

Mehmonali hech narsaga tushunmay, o'ng tomoniga ko'z tashladi.

Gulzorlarning biri o'rtasida Barno jilmaygancha unga qarab turardi…

Battar hayrati oshib, oldinga boqdi.

Oldinda… Hov narida oltinsifat tus olgan yorqin nur, nur orasida esa yangi tug'ilgan chaqaloqlar qurshovida yana bir go'dak yuqorida muallaq turgancha qiqir-qiqir kulib, go'yo Mehmonalini masxaralardi.

Darrov tanidi.

Bu chaqaloqni qachonlardir uning o'zi Soli ota qistovi bilan yerga ko'magandi.

U Mo''tabarning o'ynashdan bo'lgan bolasi.

Ammo… Nega u yerda turibdi? Nimaga onasining yonida emas? Ha-a, demak, xudoning xohishi shunday bo'lgan. Xudo chaqaloqni hurlar orasiga qo'shilishini ixtiyor etgan. Uning gunohi yo'q-da. Shuning uchun go'dakni balchiqqa ravo ko'rmagan…

O'zi-chi? Nega yo u yoqli, yo bu yoqli emas? Qaerga boradi endi? Qay tomonga yursin?..

Barno!.. Birinchi muhabbati! Arzimas uy tufayli muhabbatini oyoqosti qilgan nodon qiz!..

Ha, uning yoniga boradi. Aftidan Mehmonaliga xudoning o'zi ham tanlash imkonini bermoqda. Barnoning yoniga borsa, balchiqqa botmaydi…

Ammo…

Nima uchun Barno bu yerlarda turibdi? U ham o'lganmidi? Nimaga? Qachon?..

Savollar ko'p, faqat ularga javobning o'zi yo'q edi…

Mehmonali jonholatda gulzor tomon talpindi.

Lekin shu zahoti qarshisida juda baland, tikanaklarga burkangan devor paydo bo'ldi. Devor nafaqat uning yo'lini to'sib qoldi, balki gulzorni tomosha qilishdan-da mahrum etdi.

— Sen chapga yur! — g'oyibdan noma'lum ovoz keldi shu tobda. — Sen botqoqlik qa'rida yashashga mahkumsan! Agar shoshilmasang, bundan ham ayrilib, yer girdobiga kirasan. Ajriq tomirlari bilan o'ralgan bu metindek yer bor bo'ying bilan qisib, o'zingni asfalasofin domiga g'arq etadi. Shoshil!.. Shoshil!!!

Na iloj? Mehmonali o'lganini, endi o'zga dunyo qonunlariga itoat etishga majbur ekanini ilk bor idrok etdi va istar-istamas balchiq tomonga qarab yurdi.

U yaqinlashgani hamono Mo''tabar muallaq turishni bas qilib, balchiq ustiga oyoq qo'ydi-da, darrov qulochini kerdi. Zum o'tmay, Mehmonali ko'ksining allaqaeridan otilib chiqqan faryodga qul bo'lgancha achchiq-achchiq yig'lab fohishasining, xiyonatkor, ikkiyuzlamachi, yuzsiz, nomussiz, hayosiz, diyonatsiz zavjasining bag'riga kirdi.

Bag'irlar birlashdi deguncha ikkovi ham asta-sekinlik bilan botqoqlik qa'riga ravona bo'ldi.

Ulardan keyin bilq-bilq etgan yoqimsiz tovushlargina qoldi.

Ha, Mehmonali boqiy dunyoda ham gunohlari ajrini to qiyomatga qadar xuddi shu botqoqlik qa'rida to'lashga, azoblanishga, bezovtalik, xo'rlik, tubanlik tubida qolishga mahkum etilgandi.

(Tamom)

Olimjon HAYIT

P/S: oxiri bunday tugashi menga ham yoqmadi. Nima bo‘lgandayam o‘qib chiqgan hammaga raxmat. Keyin hikoyalarda ko‘rishguncha azizlar.