Kallakesar 4 (kamolov)
Tergovchi chiqib ketgandan so'ng u yana joyiga kelib o'tirdi-da, yer ostidan Mehmonaliga boqdi.
— Demak, sen haliyam gapimga ishonmayapsan-a? — dedi Mehmonaliga yeb qo'ygudek tikilib. — Yaxshi, hozir oldingda o'sha Samadga qo'ng'iroq qilaman. O'zing eshitasan!
Tohir kissasidan telefon chiqarib, kerakli raqamlarni terdi. Keyin esa ovoz kuchaytirgichni yoqdi. Zum o'tmay, go'shakdan Samadning ovozi yangradi.
— Ha-a, Tohirbek do'stim, ishlar qalay? — dedi u kulgi aralash. — Bizning Mehmon mehmondorchilikni qoyillatyaptimi?
— Xuddi shu masalada qo'ng'iroq qildim sizga, — dedi Tohir bir Mehmonali tarafga ko'z tashlab olib. — Mehmoningiz pulini talab qilyapti. Tez yetkazarmishsiz!
— Pul? Qanaqa pul? Jinni bo'lganmi u?
— Bilmadim. Turmada bir yil o'tirib berishga kelishgandagi pullarni so'rayapti ekan. Nima deb qo'yay?
— Hech qanaqangi pul-mul yo'q, — dedi Samad gapni kalta qilib. — U qovunlar pishib sotilib ham ketdi. O'zidan ko'rsin! Mening qo'lim tekkan ayolga ilakishmasligi kerak edi o'shanda. Endi o'sha ahmoqligining jabrini tortaversin! Bo'sh kelmang, adabini bering! Toki keyingi gal birovning haqiga ko'z olaytirmaydigan bo'lsin!
— Xo'p, tushunarli, — dedi Tohir jiddiylashib. — Yaxshilikda ko'rishaylik!..
Telefon o'chgach, ich-etini yeb bitira boshlagan Mehmonaliga yuzlandi.
— Eshitdingmi, qahramon? — so'radi u mushtlarini tugib. — Okaxonlaring seni chuv tushirishdi. Ammo bu ishda bizning aybimiz yo'q. Sen bizlar uchun hozir eng xavfli retsidevistsan. Qotilsan! Qotil bo'lgandayam, militsiya xodimlarining qotilisan! Kamida 20 yil olasan. Bu aniq!..
Mehmonali hanuz nimalar bo'layotganiga tushunmay, bir necha o'n marotaba atrofga alangladi. Go'yo nimanidir qidirgan bo'ldi. Keyin… Kutilmaganda o'rnidan turdi-da, turma boshlig'iga yopishdi.
— Ablahla-ar, — deya uni bo'g'a boshladi Mehmonali. — K-ko'rsatib qo'yaman senlarga!..
— Konvoy!!! — jon achchig'ida qichqirdi Tohir kuch bilan Mehmonalining qo'llarini tomog'idan olib tashlarkan. — Konvo-oy!!!
Ko'z ochib yumguncha xonaga uch nafar nazoratchi kirib keldi va he yo'q, be yo'q Mehmonaliga yopishib, darhol qo'llarini kishanladi.
— Bu iflosni «odamxo'r» o'tirgan karserga tashlanglar! — buyurdi kiyimini to'g'rilash bahonasida turma boshlig'i. — O'sha yerda o'tirsa, ko'zi ochiladi. Bo'l tez! Opketlaring!
* * *
Mehmonaliga turma boshlig'ining dag'dag'alari, pastga urishi, it o'rnida ko'rishi alam qilmasdi. Samadning gaplaridan ado bo'layozgandi. Yaqin o'tmishni yodga olarkan, ko'z o'ngida Samadning viqor bilan kerilib turishi gavdalanar, va'da ustiga bergan va'dalari, Mehmonaliga goh achinib, goh ko'nglini ko'tarib dalda berganlari quloqlari ostida jaranglardi. Jaranglagani sayin tepa sochi tikka bo'lar, yorug' dunyoga, odamlarga, do'stlik, insoniylikka qayta-qayta qo'l siltardi.
«Nahotki, xudoyam faqat qo'li kaltalar, o'zi ojiz va notavon yaratganlarga g'azabini sochaversa? — o'ylardi u qalbida g'alayon ko'tara boshlagan talvasa iskanjasida to'lg'onib. — Unda nega yaratdi? Alamlarini olish, boplab ustidan kulish, qiynab, azoblab, masxaralab maza qilish uchunmi? Nega battollar, pulini qaerga qo'yishini bilmay qolgan, ko'zini yog' bosgan, yuragini muzlik qoplagan bandalariga shohona hayotni ravo ko'radi-yu, biz kabilardan darig' tutadi? Unda nimaga yaratdi? Jonimni olib qo'ya qolsa bo'lmaydimi?.. Endi nima bo'ladi? O'zimni o'zim turmaga tiqdim-ku! Endi bu yerdan qanday qutulaman? Umrimda pashshagayam ozor bermagan menday go'l va lattani qip-qizil jinoyatchiga, qassobga, jallodga chiqarib o'tirishlariga qanday chiday? Kimga dardimni aytay? Qaniydi, shuncha baloni boshimga yog'dirgan xudo bir qudrat, shasht, g'ayrat, imkon ato etsa-yu, yomonlarning, ikkiyuzlamachilar, qasamxo'rlarning jazosini bersam! Ularni ham xuddi o'zim ko'rayotgan kunga solsam. Til tortmay o'layotganlarini ko'rib ko'nglim taskin topsa…»
— Devorga o'giril!..
Mehmonali shunday o'ylar girdobida karserga yetib kelishganini payqamay qolibdi.
Soqchining dag'dag'asini eshitib, birdan sergak tortdi va buyruqni ado etdi.
Shundagina turma boshlig'i aytgan «odamxo'r» haqida bosh qotira boshladi.
«Nega uni odamxo'r dedi? — deya o'ziga o'zi xayolan savol berdi. — Rostdanam odam yeydimi nima balo? Yo'qsa, bunday deb atamasdi anavi nusxa. Ko'ramiz, odamxo'ri qanaqaykin!?. Agar shu haqiqat bo'lib chiqsa, demak, o'ch olishni shu kameradan boshlayman. Odam zotini jazolashni o'sha odamxo'ridan boshlayman. Xudo, meni qiynasang ham, dodlarimni tinglamasang ham, mendan yuz burgan bo'lsang ham baribir tilayveraman. Menga kuch, bardosh, matonat, omad ber. Toki intiqom qiyomatga qolib ketmasin!..»
* * *
Umrida qamoqxonaning yaqiniga yo'lab ko'rmagan odam karser neligini qaydanam bilsin.
Mehmonali karserni ham Saveliylar o'tirgan kameralarning biri bo'lsa kerak deb o'ylagandi. Adashibdi. Karser, birinchidan, juda sovuq ekan. Ichkariga kirgandayoq qo'lansa hid dimog'iga urilgach, jirkanib ketdi. Ustiga-ustak karserda na karavot, na kursi, stol bor edi. Faqat beton supachalargina «savlat» to'kib turibdi. O'sha supalarning birida yoshi qirqqa borib-bormagan, soqol qo'ygan erkak chordona qurgancha tasbeh o'girardi. Mehmonali kirib kelgandan keyin ham o'rnidan jilmadi. O'tirgan yeridan unga sirli tikilgancha sukut saqlashda davom etdi.
Mehmonali sovvuqdan eti junjikkancha ro'paradagi supacha ustiga cho'kdi. Keyin esa boshini orqaga tashlagan ko'yi bir muddat ko'zlarini yumdi.
Shu ondayoq yana ko'z oldida olis qishloq ko'chasi namoyon bo'ldi. Lekin bu gal o'sha chang ko'chada xayolan Mo''tabar bilan qo'ltiqlashgancha qishloq tomon keta boshladi. Zum o'tmay, hov narida qo'shni ayollar, sinfdoshlari, tog'asi, yangasi qotib turganiga ko'zi tushdi.
Ular yaqinlashib kelgach, turganlarning barchasi ko'zlari alang-jalang o'ynagancha ikkovlariga tikilib qoldi…
Shu tobda orqaroqdan Samadning dag'dag'ali tovushi quloqlari ostida jarangladi:
— Sen bola, tag'in nima qand yeb qo'yding? Yana mening qo'lim tekkan buyumga ko'z olaytirdingmi?..
Shu dag'dag'a Mehmonalini hushyor torttirdi.
Shosha-pisha jussasini ko'tarib, «odamxo'r»ga boqdi. U hanuz chordona qurgan holda o'tirar, ora-orada chuqur xo'rsinib qo'yardi.
Mehmonali aristonga yaxshiroq razm soldi. Kirgandayoq qaramagan ekan. U boshini eggan ko'yi hamon tasbeh o'girish bilan band edi.
«Namozxonga o'xshaydi, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Buyam o'zbek. Aniq sezilib turibdi. Ammo nega salom-alik ham qilmadi? Hatto, pinagini buzmadi kirib kelganimdayam. Nega bu yerda o'tiribdi?.. Umuman, shundaylarga havasim keladi. Namoz o'qiydi, xudoni taniydi, xudoga har kuni sajda qiladi, niyatlari ijobat bo'lishini so'raydi. Men-chi? Men nega shunday qila olmayman? O'qishni bilsam, xotiram joyida bo'lsa. Nima uchun namoz o'qimayman? Nahotki, bir umr yetimlikning qattiq nonini kemirib ham ko'zim ochilmagan bo'lsa?.. So'rab ko'rsammikan anavindan? Nima derkin? Qanday maslahat berarkin? Yordam qilarmikin?..»
Soqolli yordam so'rashga hojat qoldirmadi. Daf'atan tasbeh o'girishdan tiyildi-da, tasbehni o'pib, ko'zlariga surgach, kissasiga kissasiga joyladi va Mehmonaliga yuzlandi.
* * *
— Ha, bo'tam, xafa ko'rinasan? — so'radi u o'zbekchalab. — Kim seni ranjitdi? Nega karserga tashlashdi?..
Mehmonali xursand bo'lib ketdi. Karser bo'lsa ham yonida rus emas, o'zbek o'tirganidan, o'z tilida dardlashish imkoni borligidan ko'ngli yorishgandek bo'ldi.
— Men o'ldirmagan odamning xunini bo'ynimga yuklamoqchi bo'lishyapti marazlar, — dedi asta o'rnidan turib. — Men bo'ynimga olmadim. Shuning uchun turma boshlig'i alamiga chiday olmay karserga qamashni buyurdi.
— Xavotir olma, — dedi soqolli sovuq tirjayish qilib. — Bu turmada adolatsizlikka uchragan yolg'iz sen emassan. Hammasi o'tib ketadi. Boshingni baland tut! Bularga bo'yin egma! Bo'yin egsang, qul qilvolishadi.
— Menam osonlikcha jon berib qo'yadiganlardan emasman, — dedi Mehmonali kameraning sho'r bosgan devorlariga alam aralash termilib. — Hali ko'radi bular. Nimaga qodirligimni ko'rsatib qo'yaman.
Soqolli Mehmonalining bu gapidan so'ng tasbehni kissasidan chiqarib olib qo'yinga urdi-da, asta o'rnidan turdi va unga yaqin keldi.
— Qani, qaddingni g'oz tut, — dedi u Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Barakalla! Kelbatingga qaraganda, baquvvatsan, irodalisan, dushmanlarning shafqatsizliklariga arzirli javob qaytara oladigan shashting ko'rinib turibdi. Shu kelbatni yo'qotma bola? Aytgancha, isming nima?
— Mehmonali.
— Meniki Muhammad Sayyid. Mana, tanishib ham oldik. Endi gapimga quloq sol, bo'tam. Harqalay, uch-to'rtta ko'ylakni sendan ko'proq yirtganman. Qolaversa, bu turmalarini ko'raverib ko'z pishdi. Sen-chi, hech qachon ularga siringni boy berma! Boy bersang, tamom. Ezg'ilab tashlashadi.
— Bilasizmi, Muhammad Sayid aka, — dedi Mehmonali yer chizib. — Aslida meni bir boyvachcha ko'ndirgandi. Katta pul evaziga o'g'lining o'rniga turmada bir yil o'tirib berishimni so'ragandi. Pulning kattaligini ko'rib yo'q deyolmadim. Pullarni esa shahardagi mafiyachi tanishimga berib qo'ygandim. Turmadan chiqqan kunim qaytarib beradigan bo'luvdi. Endi bo'lsa, u iflos tonyapti. Pul ham yo'q. Turma boshlig'iga meni shu yerda chiritib yuborishni tayinladi. Mana shu quloqlarim bilan eshitdim gapini.
— Shunaqa degin? — Muhammad Sayid bosh qashigancha nari ketdi. Kamerani aylanib nimalarnidir mulohaza qildi. Keyin tag'in Mehmonalining qarshisida hozir bo'ldi.
— Bilasanmi, sen undaylardan o'ch olishing kerak, — dedi asabiy lab tishlab. — Bo'shashmasliging kerak. Hozirgi holatingda esa bu ishni uddalashing mushkul. Boshqacha yo'l bilan ko'nglingdagi nafrat uchqunini alangaga aylantirish kerak. Ana shunda ko'ksingda shahd, shasht, jahd paydo bo'ladi. Shunday odamga aylanishing kerakki, dushmanlaring uchun rosmana johillik bilan kurashgin. Qo'lingdan keladimi shu ish?
— Bilmadim, — yelka qisdi Mehmonali Muhammad Sayyidga qattiqroq boqib. — Bu haqda ilgari sira o'ylab ko'rmaganman.
— O'ylab ko'rish shart emas, — dedi Muhammad Sayyid yanada jonlanib va kissasidan jajjigina xaltacha chiqardi. — Mana bu johillikni qo'zg'aydigan ajabtovur dori. Ko'p kerakmas, bir chimdimini ichib olsang bas, dushmanning haqiqiy basharasini ko'ra boshlaysan. Shu paytgacha kallani ishlatmaganing, baland shasht bilan harakatlar sodir etmaganingdan afsuslana boshlaysan. Ishon, bu dori odam o'ldirishga to'g'ri kelib qolsayam juda asqotadi. Yurakdagi qo'rquvni, hadikni, ikkilanish, andishani bir chetga surib qo'yishga majbur qiladi. Qaerda kim bilan kurashma, albatta g'olib bo'lasan. Xo'sh, tatib ko'rasanmi?
— Ha, — dedi Mehmonali bu matohning neligini chamalab ko'rgach. — Nimaligini bilaman. «Gera» bo'lsa kerak. Topdimmi?
Muhammad Sayyid bu gapni eshitdi-yu, ko'zlari ola-kula bo'lgancha Mehmonaliga yaqinroq keldi.
— Nima… Ilgariyam tatib ko'rganmisan?
— Yo'q, shunchaki… Bu matoh juda tanish menga. Shu xolos.
— Unda, ma, ol, tatib ko'r. Yoqmasa ikkinchi marta majburlash yo'q.
Mehmonali shaxsan o'zi hech qachon bunday narsalarning yoniga yaqinlashmagan. Lekin tanishlaridan biri shu oq og'u bilan andarmonligiga guvoh bo'lgan. O'sha tanishi obdon tushuntirgandi. Geroin deb atalgan narkotikni tatib ko'rsa, odam dunyoni unutarkan, yuragi baquvvatlasharkan, hatto, bomba shundoq yonida portlasa ham bir tuki seskanmaskan. Geroin ta'siri ostida o'zi yoqtirmaydiganlarni sira ikkilanmasdan yo'q qilishga qodir bo'larkan. Dushmanni yenga olishiga yuz ellik foiz ishona boshlarkan…
Mehmonali bir og'iz so'z demay, yangi tanishining qo'lidan paketchani oldi.
* * *
Muhammad Sayyid ham xuddi shunday ta'sir qiladiganini bergan ekan. Geroin ta'sir qila boshlagach, go'yo Mehmonalining kuchi bilaklariga sig'mayotgan kabi hadeganda mushtlari tugilaverdi. Qalbidagi kimlargadir atalgan mehr-oqibat, muhabbat, hurmat, izzat tuyg'usi qaergadir g'oyib bo'ldi. Ular o'rnini achchiq, taxir, sovuqqondan-da sovuqqonroq nafrat chulg'ab oldi. Unga yaxshilik tilamaydiganlar borki Mehmonalining xuddi shu sovuq nafratiga ko'ndalang keldi. Qo'yib berishsa, qo'liga qurol tegsa, qurol tugul hatto igna tegsa ham o'zi nafratlanadiganlarni chavaqlab tashlashga tayyor turdi.
«Dunyosi, mana shu ko'rimsiz va jirkanch dunyolari, — ko'nglidan kechirardi Mehmonali karser poliga uzala tushib yotgancha ko'zlarini yumib. — Mendaylarni xush ko'rmas ekan. Shuning uchun tug'ilgandan faqat yomonliklarga do'st tutindim. Hammasi iymonsiz, insof-diyonatsiz! Ular men kabi seva olishmaydi. Mendaylarni fursat topildi deguncha jarga qulatishadi. Ular dinsiz, xudoning qarg'ishiga uchragan kofirlar… O'ldiraman! So'yaman! Chavaqlayman!..»
Shunday to'lg'onishlar asiriga aylanibdi-yu, uxlab qolibdi.
Erta tongda Muhammad Sayid uyg'otdi.
— Xo'sh, bo'tam, kecha maza qildingmi? — so'radi u beo'xshov irshayib. — Rosa xurrakning enasini ko'rsatding o'zingam!..
Mehmonali javob qilmadi.
Javob qiladigan ahvolda emasdi.
Negadir ko'ngli aynib qusgisi kelardi-yu, qusa olmasdi.
Yuragining allaqaerini nimadir mahkam siqib turgan kabi nafas olishga qiynalar, havo yetmayotganini his etgani sayin vujudini vahima bosa boshlardi.
Bu ham yetmagandek, suyaklari xuddi kimdir qo'l bilan majburan burayotgandek tortishib-tortishib og'rirdi.
Mehmonalining o'zi bu neligini idrok etmasa-da, hammasi ravshan edi.
Muhammad Sayyidning kasofatiga qolgan, organizmi geroin talab qilardi.
Og'riqlar, ko'ngil aynishi, nafas siqishi shu tufayli edi.
Mehmonali giyohvandlar ta'biri bilan aytganda, ilk bor «lomka» deb atalmish maraz bir vaziyatni boshdan kechirardi.
* * *
Muhammad Sayyid supacha ustiga chordona qurgancha tasbeh o'girardi. O'sha yerdan turib Mehmonalining ahvolini zimdan kuzatardi.
Hadeb buralavergach, tasbehni qo'yinga urdi-yu, tepasiga keldi.
— Iltimos, taqsir, kechagidan yana picha bering, — dedi Mehmonali beixtiyor Muhammad Sayidga javdirab. — O'lib qolaman hozir. Iltimos, bir chimdim bering!
— Ie, g'alati yigit ekansan-ku, — dedi sovuq tirjayish qilib Muhammad Sayyid. — Bir chimdim geroin qancha turishini bilasanmi? Kecha ahvolingni ko'rib rahmim kelgani uchun tinchlanar degan niyatda beruvdim. Endi bo'lsa uyalmasdan so'rashing nimasi?.. Mayli, agar puling bo'lsa, sotishim mumkin. Har holda bu noyob matoh. Tekinga bervorsam uyim kuyadi-da, uka!..
— Pulga bo'lsayam bering! Ko'rmayapsizmi ahvolimni? O'lib qolaman hozir, o'lib!..
— Pul? Qani o'sha pul? Qaerdan topib berasan pulni?
— Topaman! O'lmasam topaman!
— Topa olmaysan. Qaranglar-a, toparmish! Puling bo'lsa shu yerlarda o'tirarmiding? Undan ko'ra, gapimga quloq sol. Agar haqiqatan shu matohsiz yashay olmasligingga ko'zing yetsa, mening shartlarimni bajarishing kerak bo'ladi. Shunda doza sen uchun tekinga tushadi. Xo'sh, nima deysan?
— Roziman, roziman, — deya Muhammad Sayyidga yaqinroq surilib o'tirdi Mehmonali. — Faqat bersangiz bas. Nima shart bo'lsa, turib beraman.
— Turib bera olmasang-chi? — deya ijikiladi Muhammad Sayyid. — Bu shart sen o'ylaganchalik oson emas. Kerak bo'lsa, umringni garovga qo'yishingga to'g'ri keladi.
— Farqi yo'q, — dedi Mehmonali betoqatlanib. — Faqat tezroq bering matohingizni, iltimos!..
— Mayli, ko'ndirding, — dedi Muhammad Sayyid sira shoshilmasdan qo'yin kissasidan xaltachani chiqarib olarkan. — Hozir dozangni olasan-da, keyin shartlarimni eshitasan. Basharti hozir aytgan so'zingdan qaytadigan bo'lsang, bilib qo'y, oxiri yomon bo'ladi. Uqdingmi?
— Uqdim, aka, uqdim!..
Muhammad Sayyid bir chimdimgina geroinni olib Mehmonalining kaftiga qo'ydi va jonholatda kukunni tishlariga ishqalay boshlagan kameradoshiga masxaraomuz termilgan ko'yi qaytadan tasbeh o'girishga tushdi.
* * *
Oradan hech qancha o'tmay, Mehmonali yana lazzatli lahzalar og'ushiga kirdi. Kayfiyati ko'tarilib, tanasida paydo bo'lgan og'riqlar, ko'ngil aynishi ortga chekindi. Odatiga ko'ra, mushtlarini tugib, lablarini qattiq tishlab, kimnidir do'pposlash, kerak bo'lsa o'ldirar darajaga yetgandek qalbi junbushga keldi.
— Ana endi eshit gapimni, — Muhammad Sayyid tasbehni qo'yin kissasiga qaytadan joyladi-da, Mehmonaliga yuzlandi. — Bu doza bir umr senga kayf bera olmaydi. Buni o'zingam yaxshi bilasan. Agar shartimni bajarmaydigan bo'lsang, geroin yo'q. Demak, yana qiynala boshlaysan. Bu safargi qiynoqlaring oldingisidan kuchliroq bo'ladi. Agar o'z vaqtida dozani olmasang, o'lib ketishing hech gapmas. Uqdingmi?
— Ayting shartingizni, — dedi dadillik bilan Mehmonali. — Bajarmagan nomard. Aytavering.
— Saveliyni o'ldirasan!
— Anavi… Mening kameramdagi Saveliymi?
— Xuddi o'sha. U mening azaliy dushmanim. O'sha iflosning dastidan karserda o'tiribman. Ishning beliga tepdi turma boshlig'iga chaqib. U seniyam sotgan. Aniq bilaman.
— Gap yo'q, — dedi Mehmonali qovoq uyib. — Sotqinlarni qiyomatga qoldirish yo'q. Ular kofir! Kofirlarni ko'rishga ko'zim yo'q.
— Barakalla, — dedi Muhammad Sayyid sovuq kulimsirab. — Unda kechqurun tayyor turasan. Yana yarimta doza beraman. Keyin anavi soqchilari bilan gaplashib seni bo'sh, ko'zdan pana kameraga kirittiraman. O'sha yerda o'ldirasan-u, orqangga qaytasan. Ishni qoyillatsang, dozalar seniki. Agar dushmanimni o'ldirib bersang-chi, yigit, seni birinchi bo'lib afg'on diyoriga yuboraman. U yerda bizning akaxonlar bor. Haqiqiy jangarilar! Seni kutib olishadi. Jang qilishni o'rgatishadi. Kofirlarni qirasan. Ularning urug'ini quritasan. Haqiqiy jihodchiga aylanasan. Baxting kulib, nasibang qo'shilsa, shahid ketasan. Bilib qo'y, musulmon uchun jangda shahid bo'lish sharaf. Shahidlar to'ppa-to'g'ri Yaratganning huzuriga borishadi. Jannatning to'ri o'shalarniki bo'ladi. Ishon, ular seni tashlab qo'yishmaydi. Manavi matohlar oyoq ostida qalashib yotadi. Keyin… O'zim tayinlayman, uylantirib ham qo'yishadi. Mayli, endi dam ol, kayfingni qil! Kechqurun xudo deb shartni bajarishga borasan!
Mehmonali Muhammad Sayyidga yana birpas tikilib turgan bo'ldi-yu, ko'zlarini yumdi.
* * *
Nihoyat kech ham tushdi. Muhammad Sayyidni kunduzi nazoratchilar olib chiqib ketib, qosh qorayganda olib kelishdi. Mehmonali yotgan yerida unga zimdan tikilib qaradi. Sochini kalga oldiribdi. Qizg'ish soqol va kallangan boshi Muhammad Sayyidga ot hurkar darajada xunuk savlat bag'ishlagandi.
Nigohlariga boqdi. Bu nigohlarda hech qanday his-tuyg'u ko'zga tashlanmasdi. Ular juda sovuqqon va alamli edi.
— Ha, qahramon, — deya Mehmonalining tepasiga keldi Muhammad Sayyid. — Yana ranging oqaribdimi? Namuncha bo'sh-bayov bo'lmasang? Erkak kishi degan sal o'zini qo'lga oladi-da! Bir umr shu doriga qul bo'lib o'tmaysan-ku, xumpar!..
— Balki qul bo'lib o'tarman, sizga nima?!. — to'ng'illadi Mehmonali. — Menga baribir. O'lamanmi, qolamanmi, qizig'i qolmagan.
— Bu yaxshi, — dedi Muhammad Sayyid beton supachaga cho'karkan. — Qara, mana shu yer karser deyiladi. Senam xuddi menga o'xshab birinchi kirganingda dahshatga tushganding. To'g'rimi?
— Xo'sh, keyin-chi?
— Keyin ko'nikding. Menam shunday bo'lganman. Oldiniga alam qilgan, keyin ko'nikkanman. Haq yo'lni tanlaganlar, jihodga umrini bag'ishlaganlarga karserlari nima bo'pti. Bu qizig'arlar bizlarni karser bilan qo'rqitib olmoqchi bo'lishadi. Qo'rqitib bo'pti! Hali shoshmay turishsin, biz sen bilan ularning kulini ko'kka sovuramiz! Aytgancha…
Muhammad Sayyid nimadir yodiga ttushgan kabi ilkis o'rnidan turdi.
— Saveliy masalasini unutganing yo'qmi?
— Yo'q, — dedi Mehmonali ham o'rnidan qo'zg'alib. — Jihodni dinsizdan boshlashim menga juda ma'qul bo'ldi. Hali qarab turishsin, undaylarning dodini beraman. Qiraman, yoqaman, balchiqqa bo'ktiraman!..
— Lekin bir narsani bilib qo'y, — dedi Muhammad Sayyid. — Saveliyni mana shu karserning o'zida tinchitasan.
— Nima? Shu yerda-ya? Axir…
— Ha, nega hayron bo'lyapsan? Yo meni aldashni mo'ljallaganmiding?
— Bu nima deganingiz? — Mehmonali jahlini tiya olmay, Muhammad Sayyidga sovuq tikildi. — Kim sizga shunday dedi? O'ylab gapiring, og'a! Men shunchaki hayron bo'ldim xolos. Har holda bu yer xavfli. Chunki yo'lakdan ko'p odam o'tadi. Shuning uchun…
— Bilaman, — dedi Muhammad Sayyid hanuz Mehmonaliga sirli boqishda davom etarkan. — Ammo sen buniyam tadorigini ko'rishing kerak. Bugun qiladigan ishing imtihon deb hisobla. Men sendan haqiqiy jihodchi chiqishiga amin bo'lishim kerak.
— Ishonmasangiz o'zingiz bilasiz, — qo'l siltab qo'ydi Mehmonali. — Menga kimni qaerda o'ldirishning farqi yo'q. Lekin baribir pana-pastqam, guvohsiz joy bo'lsa yaxshiydi. Buni mensizam o'zingiz yaxshi bilishingiz kerak.
— Mayli, o'ylab ko'raman. Faqat sen manavi dorining quliga aylanib qolma. Buni senga do'st sifatida gapiryapman. Bilasanmi nima qilishing kerak?
— Xo'sh, nima qilishim kerak?
— Bizni nega jangarilar deb atashlari sababini bilasanmi?
— Yo'q, — dedi Mehmonali hayrati ortib. — Ilgari bunday odamlarga ishim tushmagan. O'zingiz ayta qoling.
— Unda eshit. Bizni jangari deyishlariga birinchi sabab shuki, biz o'limdan qo'rqmaymiz. Ikkinchidan, jang san'atini puxta egallaganmiz. Bundanam zo'rroq sabab bor. U odam qonini ichish.
— Nima? — Mehmonali bu gapni eshitiboq dast o'rnidan turib ketdi. — Q-qanaqasiga? Odamning…
— Ha, qo'rqib ketdingmi? — sovuq tirjayish qildi Muhammad Sayyid. — Tan ol, qo'rqib ketding-a?
— Qo'rqmadim, — dedi darrov o'zini qo'lga olib Mehmonali. — Kutmagandim xolos. Axir… Odam bo'la turib odamning qonini ichish… Har holda…
— Hamma gap shunda, — davom etdi Muhammad Sayyid. — Odam qonini ichsang, kuchingga kuch qo'shiladi. Uning xumori-chi, manavi doridan o'n barobar kuchli. Xuddi o'sha seni jangga undab turadi. Dushmanlarni o'ldirayotganingdayam, o'zing jon berayotganingdayam bir tuking qilt etmaydi. Ana shunda haqiqiy jangari, jihodchiga aylanasan.
— Tushundim, — dedi Mehmonali qovoq uyib. — Menam odam qonini ichishim kerak ekan-da unda? To'g'rimi?
— Ha, sen Saveliyning qonini ichasan. Bu jihodga, jangarilikka ilk qadaming bo'ladi. Undan keyingi ishlarni yo'l-yo'lakay gaplashaveramiz.
Mehmonali suhbatdoshining so'nggi gaplaridan negadir ensasi qotgan kabi qovoq uyib yuzini ters burdi.
* * *
Mehmonali shu ko'yi beton supacha ustida chalqancha yotgancha o'yga toldi. Ko'z o'ngida Barnoning chehrasi namoyon bo'ldi. Shu bahona qishloq ko'chalarini tasavvur qildi. Loyqa suvga to'lib oquvchi Bachqirariq bo'yida o'tirib Barno bilan suhbatlashganlari xayolida gavdalanib, ko'nglini g'ashlik hissi chulg'adi. Ayniqsa, tog'asi Obid suvchining mast-alast unga xezlanganlari, uydan haydab solgan kundagi haqoratlari esiga tushgani sayin beixtiyor mushtlari tugildi. A'zoyi badanini g'azab egalladi.
«Ularning o'chini ham Saveliy kofirdan olaman, — o'ylardi u ko'zlarini yumgancha. — Bu dunyoda mehr-oqibat qolmabdi. Muhammad Sayyidning gaplari to'g'ri. U haq. O'sha Obid ham kofirdan battar ish qildi. Tug'ishgan jiyanini ayamadi. Xotinini qayirib tashlamadi. Buning o'rniga meni oldiga solib quvdi. Bir marta bo'lsin oqibat qilmadi. Demak, undaylarniyam o'ldirib, qonini ichish kerak. Shunda tinchlanadi odam. Xotirjam tortadi. Ha, o'ldiraman! Kofirlarni, kofirlikka moyil kimsalarni ayab o'tirmayman. Shunday qilamanki, qiynalib-qiynalib o'ladi. Padariga la'nat bu dunyosining!..»
Oradan ikki-ikki yarim soatcha vaqt o'tgach, Muhammad Sayyid xayolini bo'ldi.
— Tur, vaqt bo'ldi, — dedi u tepasiga kelib. — Hozir ikkimizni opketishadi.
— Sizam borasizmi? — so'radi Mehmonali dast o'rnidan turib. — Bormoqchimasiydingiz-ku!
— O'z ko'zim bilan ko'rmoqchiman hammasini, — dedi Muhammad Sayyid. — Bir o'zingni yolg'izlatib qo'ymayman. Bu turma nazoratchilaridan hamma narsani kutsa bo'ladi…
Shu mahal karser eshigi sharaqlab ochilib, ostonada turma nazoratchisi paydo bo'ldi.
— Qani, chiqlaring, — dedi u boshi bilan tashqariga ishora qilib. — Vaqt bo'ldi!
Muhammad Sayyid pildiragancha borib uning qo'liga pul tutqazdi.
Nazoratchi pul ushlagan kaftini ochdi-da, qovoq uydi.
— Bu kam-ku! Qolgani qani?
— Qolganini qochayotganimizda olasan, — dedi Muhammad Sayyid. — Ammo o'sha gap-gap-a? Og'zingga qulf solasan, ukam!
— Menga o'rgatma! O'zim bilaman nima qilishni! Bo'llaring tez! Faqat aytib qo'yay, shovqin ko'tarmaysanlar! Basharti shovqin ko'tarsalaring o'zingdan o'pkala! Men javob bermayman!
— Qo'rqma, ukam, — dedi Muhammad Sayyid. — Hammasi imi-jimida bo'ladi.
— Qani, qo'lingni orqaga qilib bitta-bittadan chiqlaring!.. Endi devorga o'girillaring!..
Nazoratchi eshikni yopgach, oldinma-ketin turmaning butkul boshqa bir burchagi tomon yo'l olishdi.
* * *
Shu ko'yi nazoratchi ularni boshqa bir binoga yo'lak orqali olib o'tib, pastga tushish uchun mo'ljallangan zinapoya ro'parasida to'xtadi.
— Devorga o'girilib, ikki qo'lingni ko'tarlaring! — buyurdi ularga. — Hozir yerto'laga tushamiz. Senlarga kerakli odam yerto'lada o'tiribdi. Senlarga bir soat vaqt beraman. Keyin orqaga qaytamiz. Faqat aytib qo'yay, shovqin ko'tarilmasin! Mabodo meni gapga qo'ysang, ikkalangniyam ayab o'tirmayman! O'ldirib, murdangni turma itlariga tashlayman!..
Ular miq etishmadi. Ikkovlari ham o'z xayollari bilan bandligi sukut saqlashga majbur etdi.
Nazoratchi esa ularni yerto'laga olib tushdi-da, tashqaridan turib eshikni qulfladi.
Ichkariga kirishgach, Muhammad Sayyid gugurt chaqib elektr yoqqichni topdi-da, chiroqni yoqib yubordi.
Shundagina burchakda qo'l-oyog'i zanjir bilan boylab tashlangan Saveliyga ko'zlari tushdi.
— O', ment bizga o'ljamizni tap-tayyor qip qo'yibdi-ku, — dedi kulib Muhammad Sayyid. — Juda aqlli mentakan. Malades! Qani, o'g'il bola, ishni boshlaysan endi. Mana senga pichoq! Mana bunisi arqon. Xo'sh, ishni nimadan boshlashni bilasanmi?
Mehmonali javob berish o'rniga naridagi eski kursiga o'tirib oldi-da, Muhammad Sayyidga ko'zlarini lo'q qildi.
— Ha, yana nima? — so'radi jahli chiqqan kabi qovoq uyib Muhammad Sayyid. — Biror kamchilik bormikan?
— Haligindan ozgina bermasangiz bo'lmaydi, — dedi Mehmonali. — Miyam chiqib ketguday bo'lyapti.
— Shunaqa demaysanmi? — Muhammad Sayyid qo'ynidan kichik xaltacha chiqardi-da, bir chimdim kukun olib Mehmonalining kaftiga tashladi.
— Tez bo'l! Vaqtimiz ziq!.. Keyin… To'xta, manavilarniyam olvol!
Muhammad Sayyid qo'yin kissasidan kichik bir bokal, skotch chiqarib, Mehmonaliga uzatdi.
— Bular nima uchunligini bilarsan-a? Yo tushuntiraymi?
— Tushundim, — dedi Mehmonali bokal va skotchni qo'liga olarkan. — Hozir boplaymiz!..
Kukunni milklariga surib-surib olgach, yana supachaga borib o'tirdi. Oradan hech qancha o'tmay, rangi battar oqarinqirab, ko'zlari javdiragan ko'yi o'rnidan turdi va Saveliyga yaqin bordi.
Qari mahbus hanuz ulardan ko'z uzmas, o'zicha nimalardir deb shivirlab olishni kanda qilmasdi.
Mehmonali tepasiga yaqinlashgani hamono tilga kirdi.
— Ha, jangari, qallob, meni shu yigitchaning qo'liminan o'ldirmoqchi bo'ldingmi? — dedi u pinagini buzmay. — Oxirating kuyib ketadi baribir. Nima qilasan yana gunohga botib. Shundog'am begunohlarning qoniga to'ygansan!..
Mehmonali ortiqcha gaplarga vaqt ketkazib o'tirishni istamasdi. Tezda ishini bitirib, bu xilqatdan chiqib ketishni xohlayotgandi. Qolaversa, narkotik ta'siri hali ketganicha yo'q. U odam qonini tezroq tatib ko'rishga undardi.
Shosha-pisha Saveliyning og'zini skotchladi-da, qo'lidagi pichoq bilan bilagini kesdi. Shu zahoti qariyaning bilagidan qon oqa boshladi. O'rgatilganidek, chashkani tutib, ellik grammcha qon quyilishini kutdi. Keyin esa Saveliyning tipirchilashlariga qarab o'tirmay, orqasiga o'tib tomog'iga chang soldi.
Keksa aristonga ko'p kuchning ham zarurati yo'q edi. Bir necha o'n marotaba tipirchilagach, jimib qoldi. Shundan keyin Mehmonali qo'lini uning tomog'idan olib, og'zidagi skotchni yechdi.
Muhammad Sayyid bu manzarani sinchiklab kuzatgandi. Mehmonali qaddini ko'targani hamono yelkasiga qoqib, olqishlagan bo'ldi. So'ngra qonni ichishga undadi.
— Aytib qo'yay, — dedi u ogohlantirib. — Birinchi marta odam qonini ichyapsan. Demak, ko'ngling aynib qusishing aniq. Biroq sira tashvish chekma. Tag'in ikki-uch karra shunday qilsang, ko'nikasan. Ko'ngling yovvoyi mahluqlarnikidan ham qattiqroq tusga kiradi. Ich, bo'tam, ich!..
Mehmonali tavakkal chashkadagi qonni ichib yubordi.
Muhammad Sayyid aldamagandi. Umrida qon ichib ko'rmagandi. Hatto, bolaligida kimdir yonida chumchuq so'ysa ham qonini ko'rgach, ko'ngli allanechuk bo'lib, qayt qila boshlardi.
Hozir ham deyarli shunday bo'ldi. Qon ko'nglini ag'dar-to'ntar qildi. Ammo qusmadi. O'qchiy-o'qchiy, Muhammad Sayyid tutqazgan bir chimdim oq og'uni oldi-da, milklariga ishqalab tashladi.
Oradan bir necha o'n soniya vaqt o'tib, ko'ngil aynishi hiyla bosilgandek bo'ldi.
— Ana endi juftakni rostlasak ham bo'ladi, — dedi Muhammad Sayyid qaytadan Mehmonalining yelkasiga qoqib. — Birinchi ishni qoyillatding. Haqiqiy jihodchi bo'lib yetishishingga ishondim, ha, ishondim, bo'tam! Endi quloq sol, ertalab azonda jo'nab ketasan!
Mehmonali narkotik ta'sirida ko'zlari suzilgan ko'yi, Muhammad Sayyidga alamli tikilib so'radi:
— Qaerga jo'nab ketaman? Nega?
— Ie, unutdingmi? — dedi kulib Muhammad Sayyid. — Sen bundan buyon turmada o'tirmasliging kerak. Kofirlarni, biz va biznikilar odam hisoblamaganlarning qonini ichishing kerak. «Jihod» qilishing kerak.
— Bilaman buni, — dedi sovuqqonlik bilan Mehmonali. — Aytmasangizam bilaman.
— Bilsang, uqvol. Ertaga azonda Afg'onistonga jo'naysan. Turmadan chiqarib qo'yishadi. Mashinadan tushgan joyda seni boshqa bir avtomobil kutib turgan bo'ladi. O'shanda chegaragacha yetvolasan. Xavotirlanma, hammasi pishitilgan. Bizning jangarilar seni quchoq ochib kutvolishadi.
— Xo'p, — dedi Mehmonali ketishga chog'lanib. — Tushundim. Uqdim. Iltimos, shu bexosiyat yerdan chiqaylik tezroq! Anavi kofirga qarasam, jinim qo'ziyapti!
— Ketdik!
Muhammad Sayyid asta borib eshikni taraqlata boshladi.
* * *
Mehmonali turma qonunlarini deyarli bilmasdi. Qaerdan ham bilsin. Kelgan kunidan faqat kamera, sovuqqon nigohlar, do'q-haqoratga botgan so'zlarnigina eshitdi, ko'rdi, guvoh bo'ldi. Ichkarida, qaerlardadir burchak-burchakda qilinajak harom ishlar, bekitiqcha jinoyatlardan butkul bexabar edi.
O'zining osonlikcha turmadan qocha olishini ko'rib yana bir bor hayratlandi. Hayrat aralash dahshatga ham tushdi. Dahshatga tushganining sababi turma boshliqlari, nazoratchilari, askarlari mana-mana yetib oladigandek xavotirlanishi, o'zi sezmagan holda qo'rqa boshlashida namoyon bo'lardi. Biroq bu qo'rquv va dahshatlarni o'zidan nari hayday bildi. «Jihod»ga oshiftalik, qonga tashnalik hissi katta tezlikda borlig'ini domiga olib, sarvari olamga yana qaytadan tik boqa oldi. Ana shunday ifloslangan, gunohlar botqog'i loyini totgan hislar iskanjasida chegaragacha yetib oldi.
Muhammad Sayyid aldamabdi. Uni baland bo'yli, soqol qo'ygan, nigohlari qahraton sovug'idan-da yoqimsiz bir erkak qarshi oldi.
Mehmonali mashinaga o'tirdi-yu, so'nggi manzil tomon jo'nab ketdi.
* * *
Mashina o'qdek uchgan ko'yi bir necha qishloqlardan o'tib tog'li hududga chiqib oldi. Mehmonali qishloqlarni berilib tomosha qilishga ulgurdi. Ayniqsa, afg'on bolalarining mashina ketidan qichqirishlari, qoramag'iz qizchalarning ular tomon o'zgacha bir hayrat aralash boqib qolishini ko'rgach, ona qishlog'i yodiga tushdi. Qishlog'i bu yerdagi qishloqlarga o'xshamaydi. U katta bo'lgan qishloqning qandaydir boshqacha fayzi bor edi. Ayniqsa, yoz kelsa, tollar ko'm-ko'k novdalarini pastga osiltirib, xuddi qirq kokil qizlarni eslatib yuborardi. Loy aralash suv to'lib oquvchi ariqda Mehmonali doim tush payti o'rtoqlari bilan cho'milardi. Quvur boshiga kelishardi-da, kattakon trubaning ichidan oqib o'tish o'ynashardi. Rosa maza qilishardi bir paytlar…
«Ifloslar, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali mushtlarini asabiy tugib. — Meni shunday qishloqdan, o'rtoqlarimdan judo qilishdi. Sig'dirishmadi. Hali ko'rasan, hammangning kallangni olaman. Yo'q, oldin qoningni simirib-simirib ichaman. Keyin kallangni kesaman. O'chimni olaman hammangdan. Mana, meniyam qadrlaydiganlar borakan. O'zlari qo'llarini ko'ksiga qo'yib mashinada olib ketishyapti. Xudoga shukr!..»
Ilg'amabdi. Mashina allaqachon oldi baland tog'lar bilan o'ralgan vodiysifat manzilga yetibdi. Haydovchi kichik ko'zgudan Mehmonaliga sirli qarab qo'ydi-da, aylanasiga baland devorlar bilan o'ralgan kattakon bino darvozasiga yetmay beriroqda tormoz berdi.
— Buyog'iga o'zingiz kirib ketaverasiz, — dedi haydovchi. — Omadingizni bersin! Xudo yor bo'lsin!..
Mehmonali asta pastga tushdi-da, darvoza tomon yurdi. Hali yetib-etmay, darvoza qiya ochildi-da, ikki nafar soqol qo'ygan, yoshi taxminan o'ttizlarga yetgan erkak chiqib keldi.
— Makonga xush kepsiz! — dedi ularning biri qo'lini ko'ksiga qo'yib. — Chegarada xit qilishmadimi ishqilib?
— Yo'q, hammasi yaxshi o'tdi, — dedi Mehmonali ikki erkakka bir-bir shubha nazari boqib. — Ammo… Aytgancha, sizlar kimsizlar? Bilsak bo'ladimi?
— Aytishmadimi yo'lda? — ikkinchi soqolli erkak qovog'ini ochmagan holda savol tashladi. — Tushuntirmadimi haydovchi?
— Tushuntirdi, — dedi Mehmonali yelka qisib. — Shunchaki… Tanishib qo'yaylikmi devdim-da!
— Tanishishga ulguramiz, ukam, — chapdagi soqolli gapni qisqa qildi. — Hozir dala komandirining yoniga kirasiz. Sizni kutyapti!
— Gap yo'q. Boshlanglar unda!..
* * *
Tashqarida ko'rganlari holva ekan. Bino ichkarisi poyonsiz sahroni eslatar darajada keng edi. Hov narilarda jangarilar turli mashqlarni bajarishar, ora-sirada jo'ravozlikda «Allohu Akbar!», deya qichqirishardi.
«Muhammad Sayyid aldamabdi, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali. — Terror lageri shu ekan demak. Demak, men ham anavilarga o'xshab mashq qilsam kerak. Intiqom-chi? Intiqomni qachon olaman? Qachon meni xo'rlagan marazlarning qonini ichaman?..»
Darvozada kutib olgan ikki soqolli uni keng bir xonaga boshlab kirishdi.
Xona to'ridagi yumshoq divanda to'ladan kelgan, soqolli, yoshi nari borsa qirqlarga yetgan erkak oyoqlarini chalishtirgancha televizor tomosha qilayotgan ekan.
Mehmonali ko'rdiki, televizorda jangarilar haqida qandaydir kinomi, ko'rsatuvmi berilayotgan ekan.
«Bularning ishi zo'rakan-ku, — o'yladi Mehmonali. — O'tiribdi ayshini qilib. Birov mushugini pisht demaydi. Xohlasa, ko'chaga chiqadi-yu, boyagi qishloqlargami, katta shahargami borib duch kelganni o'ldiradi. Alamidan chiqadi…»
— Xush kepsiz, uka! — Mehmonali ichkariga kirishi bilan erkak televizorni pult orqali o'chirdi-da, peshvoz chiqdi. — Qani, tanishaylik unda! Kimsiz?
— Mehmonali meni ismim, — dedi u erkakka sirli tikilarkan. — Muhammad Sayyid…
— Bilaman, bilaman, — gapni kesdi erkak. — Men Mahmud al Javhariy bo'laman! Mana shu sizning qutlug' qadamingiz yetgan koshonada dala komandiriman! Tushuntira oldimmi?
— Albatta, — javob qildi Mehmonali bosh qashib qo'yib. — Hammasi tushunarli, o'rtoq komandir.
— Yaxshi, unda munday qilamiz… Ha, esim qursin, o'tiring divanga! Uyalmang, o'tiravering! Yo'ldan charchab kelgansiz. Tushunaman!
Mehmonali qarshilik qilib o'tirmay, divanga cho‘kdi.
— Endi quloq soling, — Javhariy uning yoniga cho'kdi-da, soqolini o'ng kafti bilan bir-ikki silab qo'yib davom etdi. — Bugundan boshlab soqolni o'stirasiz! Bizda qoida shunday. Soqolsiz yigit farishtasiz hisoblanadi. Qolaversa, imijimiz shunday. Uqdingizmi?
— Uqdim, — deya Javhariyga tik boqdi Mehmonali. — Tushundim.
— Ikkinchi qiladigan ishimiz shuki, siz-u biz Ollohning lashkarlarimiz. Shunday ekan, shahid bo'lishni har birimiz orzu qilamiz. Shahidniing ma'nisini bilasizmi?
— Ha, xudo yo'lidagi jangda halok bo'lganni shahid deyiladi. Ularning hammasi to'g'ri jannatga tushadi.
— Barakalla, — deya kulimsiradi Javhariy. — Tushunarkansiz. Biz-chi, Mehmonboy, kofir va kofirchalishlarning kushandasimiz. Musulmonlar ham turlicha bo'ladi. Ular orasidagi bizga yordam berishdan, safimizga qo'shilishdan bosh tortganlari ham bizning nazarimizda kofir sanalishadi. Biz undaylarni sal yumshoqroq qilib kofirchalishlar deb ataymiz. Bugundan e'tiboran siz ham Ollohning lashkarisiz. «Jihod» o'yida yashashingiz kerak. Boshlanishiga men sizni bir joyga opkiraman. O'z ko'zingiz bilan ko'rasiz, amin bo'lasiz! Qani, cho'zmaylik, ketdik!..
Mehmonali qansharini qashib olgan bo'ldi-yu, Javhariyga ergashib tashqariga chiqdi.
* * *
Hovliga chiqishgach, Javhariy taqqa to'xtab kissasidan kichik xaltacha chiqardi-da, Mehmonaliga tutqazdi.
Xumor tuta boshlagandi. Javhariyning sezgirligiga tan berdi-yu, xaltachani qo'liga oliboq bir chimdim oq og'uni milklariga ishqaladi.
Bir necha o'n qadamcha yurgach, narkotik elta boshlaganini his etdi. Kayfi chog'lana bordi. Nazarida vujudi kuch va g'ayratga, yuragi nafratga to'lib borayotgandek tuyuldi. Aslida ham shunday edi. Og'u Mehmonalini xuddi sher qiyofasiga kiritib qo'ygandek tezroq «jihod» qilishni ixtiyor eta boshlagandi…
Javhariy uni boshlab boshqa bir bino ichkarisiga olib kirdi. Yo'laklardan yurib borib chapga burilishdi.
To'g'rilarida ikki qanotli eshik zohir edi. Javhariy ildam yurib borib eshikning ikkala qanotini ham ochib yubordi va qo'li bilan Mehmonalini kirishga undadi…
Ichkari juda keng bo'lib, butkul boshqa manzara namoyon edi.
Xonani aylantirib stollar qo'yilgan. Ustiga juda nafis matodan tikilgan dasturxonlar yozilib, noz ne'matlarga to'la edi. Dasturxonlarda odamning jonidan bo'lak hamma narsa bisyor edi.
Bu ham mayli. Har besh metrda bir-biridan go'zal qizlar qo'l qovushtirgancha turishar, ular negadir yevropacha kiyimlarda edi. Shiftning har yer-har yeriga sayroqi qushlar solingan qafaslar ilingan, qushlar bir-biriga gal bermay sayrardi.
Ichkarining o'zidan esa juda yoqimli hidlar taralib turardi.
— Xo'sh, yoqdimi bu yer? — so'radi Javhariy qizlarga bir-bir ko'z tashlab olarkan. — Taassurotlar qalay?
— Hozir… Anavi qizlardan birini tanlashim kerakmi? — soddalarcha Javhariyga boqib so'radi Mehmonali. — G-gunohmasmi?..
Javhariy kulib yubordi.
— Vey, musulmon, — dedi nihoyat kulgidan arang tiyilib. — Oldin bu qanaqa joyligini so'rang-da! Bu yer yorug' dunyoning jannati. Sizni opkirishimdan maqsad, boqiy dunyo jannatini ozgina bo'lsayam tasavvur qila olishingiz kerak. Bu qizlar tugul, stol ustidagi noz-ne'matlargayam tegish mumkinmas. Quloq solmasdan tegib qo'yganlarning kallasi ketadi. Undaylar shahid hisoblanmaydi. Do'zaxga do'mbira bo'ladi. Tushuntira oldimmi?
— Tushundim, — dedi Mehmonali aybdorona yer chizib. — Boshqa bu savol qaytarilmaydi, komandir.
— Juda soz. Unda yaxshilab eslab qoling. Mabodo biz sizni belingizga bomba boylab o'limga yuborsak, shahid bo'lasiz. Ko'ribsizki, to'ppa-to'g'ri narigi dunyoning jannatiga tushasiz. Jannat taxminan mana shunday tusga ega. Faqat uyoqda xonamas, so'lim bog', gulzorlarda yashaysiz. U dunyoning jannatidayam hech bir narsaga, huriliqolarga tegmaysiz. Ular qarshingizda muqomlar qilib ko'nglingizni ovlaydi. Hurlarning muqomlaridan joningiz rohatlanadi. Dard, tashvish, armon, tushkunlik, xastalik neligini bilmay, qiyomat kunini kutasiz. Bizlarga quloq tutmay, o'zboshimchalik qilsangiz, do'zaxga do'mbira bo'lasiz. To qiyomat kunigacha alanga orasida kuyasiz. Olov hech qachon o'chmaydi, uning domidan chiqib ham ketolmaysiz. Xullas, shunaqa gaplar. Endi yuring, navbatdagi ishga o'tamiz!..
* * *
Javhariy Mehmonalini ergashtirgancha hovlining butkul boshqa tarafiga yo'l oldi. Orqaga o'tishgach, Mehmonali umuman kutilmagan, xunuk, ayanchli manzaraga guvoh bo'ldi. Ammo ichidagini Javhariyga sezdirmadi. Uning holatini sezdimi, Javhariy taqqa to'xtadi-da, kissasidan yana xaltachani chiqarib, Mehmonaliga tutqazdi.
— «Doza»ni qabul qilvolsinlar, o'rtoq jangchi, — dedi u sovuq tirjayish qilib. — Hozir bajaradigan ishingiz ja nervniy bo'ladi. Bo'ling tezroq!
Mehmonali buyruqni so'zsiz ado etdi. Uning o'zi ham o'lib turgandi. Keyingi paytlarda narkotik quliga aylanib ulgurganini xayoliga ham keltirmasdi. Keltirishni xohlamasdi. Go'yo shunday o'ylarni miyasida saqlasa, bu oq zahardan abadul-abad ayrilib qoladigandek qo'rqardi. O'ylab o'tirmasdan, har galgidan jonliroq kukunni og'ziga tiqdi. Zum o'tmay, yana o'ziga tanish va qadrdon bo'lib qolgan holatga tushdi. Boshi sarxushlanib, vujudida chumoli o'rmalashiga o'xshash jimirlashni his etdi. Sal o'tib, og'u u kutgan kayfni bera boshladi. Ko'zlari qizarib, rangi oqarinqiradi. Xayolan shaytoniy amallarni tusadi. Qalbini ichki g'alayon to'foni tutdi. Hatto, yonidagi Javhariyning kimligini bilsa-da, basharti ortiqcha gap aytsa, so'yib tashlashga-da tayyor turdi.
— Barakalla, erkak, — Mehmonalining yelkasiga qoqdi Javhariy. — Hov anavi tiz cho'kib boshiga qop kiydirilgan nusxani ko'rdingizmi? — so'radi Javhariy Mehmonaliga ko'zlarini qisgan ko'yi sovuq tikilib. — Hech shunday manzaraga duch kelib ko'rganmisiz?
— Yo'q, — dedi Mehmonali mushtlarini tugib. — Duch kelmaganman. Lekin siz meni shu yerga opkelganingiz uchun minnatdorman, komandir!
— Rahmat, — dedi Javhariy yelka uchirib. — Doim shunday minnatdor bo'lib qoling. O'zingizga yaxshi. Xudo ko'rsatmasin, bizga o'xshagan komandirlardan noliganingizni, yo norozilanganingizni payqasak, kechirmaymiz. Ha, aytgancha, sotqinlarniyam ayab o'tirmaymiz. Shuni bilingki, har bir qadamingiz nazoratimizda bo'ladi. Tushuntira oldimmi?
— Tushundim, — bosh irg'ab javob qildi Mehmonali. — Sotqinlik qiladigan bo'lsam, bu yerlarga kelib o'tirmasdim.
— Bu javobingiz menga yoqdi. Hozir navbatdagi sinovimizdan o'tasiz. Hov o'sha ko'rib turganingiz… Ya'ni, boshiga qop kiydirilgan nusxa angliyalik jurnalist. Kecha qo'lga olganmiz. Uni siz qatl etishingiz kerak. Ha, aytgancha, qatl neligini bilasizmi?
— Bilaman, — dedi Mehmonali. — Xotirjam bo'ling, komandir! Men undaylardan emasman. Bu yoqlarga dushmanlarimdan o'ch olish uchun kelganman!
— E, yo'-o'q, — dedi Javhariy qoshlari chimirilib. — Bu yer sizning dushmanlaringizdan o'ch oladigan joymas. Biz kofir va kofirchalishlardan o'ch olamiz. Dinsizlarning sho'rini quritamiz. Shuni miyangizga quyib oling!
— Yaxshi, angladim!
So'nggi lahzalarda qarshisidagi bu soqolli komandir joniga tega boshlagandi. Shubhasiz, bu ham oq og'uning ta'siri. Ayni pallada kayfini surayotgan bu o'zboshimcha va iblis yetagida qolib ketgan yigit o'zidan bo'lakni tan olmas, atrofga, odamlarga, shubhasiz, qarshisidagi soqol qo'ygan Javhariyga ham barmoq orasidan qaray boshlagandi. O'zini dunyodagi eng abjir, kuchli, xavfli, qaysar va zo'r deb hisoblardi. Shu turishida hech narsadan qaytmasligi tayin edi. Biroq bir haqiqatni ham anglab turardi. Qaerda turgani, kimlarga ilakishganini juda yaxshi sezardi. Shu sababli Javhariyga qarshi gap aytishdan tiyildi. Yaqin-yaqinlarda undan-da million hissa zo'rroq jangariga aylanishini haqiqat deb bildi.
— Tushungan bo'lsangiz, ketimdan yuring! — buyurdi Javhariy. — Tezroq bo'ling!
Ular ikki hatlab o'sha joyga yetishdi. Yelkasiga avtomatlar ilingan, yuzlariga qora niqob tortilgan jangarilarning o'rtasida boshiga qop kiydirilgan bir kimsa tiz cho'kkancha sukut saqlardi. Jangarilar Javhariy qarshilarida hozir bo'lishi bilan qo'llarini ko'ksilariga qo'ygancha undan buyruq kuta boshlashdi.
— Qopni yeching! — buyurdi Javhariy to'g'risida turgan o'zi qolib soqoligacha malla, keng yelkali jangariga.
Jangari darhol buyruqni ado etdi. Mehmonalining ko'z o'ngida kalbosh, yuzlari ichga botgan, moviy ko'zli erkak namoyon bo'ldi.
— Xo'sh, nima bilan qatl etasiz bu nusxani? — Mehmonaliga yuzlanib so'radi Javhariy. — O'zingizga ma'qul usulni tanlayvering! Bunisiga ruxsat bor. Faqat cho'zmaysiz. Agar imtihondan o'ta olmasangiz, xafa bo'lish yo'q, sizni boshqa ish bilan band qilishga majbur bo'laman!
— Menga o'tkir pichoq bilan bitta piyolami, chashkami bersangizlar bo'ladi, — dedi Mehmonali o'ylab o'tirmay. — Shularning o'zi kifoya demoqchiydim.
— Piyola? Uni nima qilasiz?
— Hozircha sir bo'la qolsin, — dedi Mehmonali hanuz qovog'ini uyib. — Faqat… Buni aybga yo'ymaysiz-da, komandir! Shu mening yoqtirgan usulim.
— Ha-a, shunaqami? Demak, bu dinsizning qonini ichmoqchisiz. Topdimmi?
— Xuddi shunday.
— Ho'qandiy, chop, ichkaridan bitta piyola bilan qora sopli pichoqni opchiq!
Chetroqda turgan bo'yi Mehmonalidan pastroq jangari buyruqni eshitishi bilan qaddini bir rostlagan bo'ldi-da, bino ichkarisiga chopa ketdi…
Ko'z ochib yumguncha jangari qo'lida o'tkir pichoq hamda bir dona chashka bilan chiqib keldi.
Javhariy ham, atrofini o'rab turgan jangarilar ham Mehmonali nima qilishi mumkinligini fahmlashsa-da, atayin sir boy berishmadi. Tosh qotgancha unga tikilib, voqea rivojini kuta boshlashdi.
Tiz cho'ktirib qo'yilgan asir esa pichoqni ko'rgandayoq titrab-qaqshab, nuqul Mehmonaliga javdiray boshlagandi. Lekin geroin ta'siri Mehmonaliga bu javdirashlarni ko'rsatmadi, sezdirmadi. Deyarli toshga aylanayozgan qalbini yumshatmadi. Aksincha ko'nglining to'rini egallab olgan Samad, tog'asiga bo'lgan nafratini, g'azabini haddan oshirdi. Ular ikkovlashib qo'zg'olonni kuchaytirayverishdi. Bir yoqdan iblis hozir-u nozir bo'lib, hadeganda Mehmonalini gij-gijlayverdi.
U shoshilmasdan bordi-da, bir muddat asirga tikilib turgach, qo'lidagi pichoq tig'ini uning tomog'iga tiradi va «Bismillohi Ollohu Akbar», deya sira shoshilmasdan, namoyishkorona bir necha bor tig' tortdi. Asir xirillay-xirillay, oxiri indamay qoldi. Mehmonali esa so'yilgan tomoqdan tirqirab pastga tushayotgan qonning pichasini chashkaga to'kdi-da, ohista qaddini ko'tardi va oldin Javhariyga, so'ng jangarilarga ijirg'angannamo qarab qo'yib, bir ko'tarishda sipqordi. Shundan keyingina jangarilarga birdan jon kirdi. Javhariy yetagida baravar qichqira boshlashdi:
— Ollohu Akbar! («Olloh buyuk»)… Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!..
Qichqiriqlar chamasi bir necha daqiqa davom etdi. Mehmonali bo'lsa, iblis battar ko'ksini qitiqlab, gij-gijlab oq og'u va qon ta'mi ta'sirida ko'ksiga urib-urib olar, qon o'tgan galgidek ko'nglini alg'ov-dalg'ov qilmasdi. Ora-orada yerda yuztuban yotgan asirning murdasiga ko'z tashlab, aftini bujmaytirar, «Kofirchalishlarga o'lim», deya so'zlanardi.
* * *
Dastlabki sinovdan a'lo darajada o'tganini Javhariyning zaxil yuzlariga tabassumga o'xshash tus yo'laganidan ham bilib olish qiyin emasdi. Hoynahoy, hech qachon kulish tugul, mayin jilmayishni ham unutib yuborgan bu jangari kallakesar anchadan beri tabassumni yuzlariga ishongan bo'lsa kerak. Ammo nigohlaridagi sovuqqon, qonga tashnalik, shafqatsizlik nuqsi baribir bir lahzalik tabassumni qora parda kabi to'sib qo'yaverdi. Javhariy kazarmaga kelishgach, Mehmonaliga sovuq tirjayish bilan boqdi.
— Haqiqiy xudo lashkari senga o'xshagan bo'lishi kerak, — dedi u o'zi bilan ovora jangarilarga zimdan qarab qo'yib. — Ishonsang, mana shularning hammasiyam uch oy oldin kelib bizga qo'shilgan. Hali qonxo'rlik tugul, vintovkadan eplab otishni yaxshi o'zlashtira olishmadi. O'zimga qolsa, hammasini bir chuqur kovlab tiriklay ko'mvorardim. Axir, bunaqalarminan xalifalik qurib bo'larmidi…
— Xalifalik? — hayron bo'lib Javhariyga boqdi Mehmonali. — Nima o'zi u?
— Ie, bilmaysanmi xalifalik nimaligini?
— Yo'q… Ochig'i, ertaklarda o'qiganim bor. Ammo hozir…
— Eslab qol, xalifimiz arabistonlik Said as Qo'rg'oniy bo'ladi. Hozircha Bag'dodni o'zimizga bo'ysundirdik. Lokigin senga o'xshagan mard, cho'rtkesar, sovuqqon yigitlar ko'paysa, Suriyaniyam o'zimizniki qilvolamiz. Bungayam hali bor. Hozircha Afg'onistonni egallaylik, uyog'i bir gap bo'lar!.. Xullas, xalif butun dunyoni o'ziga bo'ysundirishni xohlaydi. Hoynahoy, sen haqingda aytsam, qabuliga chorlab qolsa kerak. O'shanda ko'rasan u odam qandayligini.
— Ajabmas. Nasib qip qolar…
Shu tobda Mehmonali charchoq yengibmi, ko'zlari yumila borayotganini his eta boshlagandi. Biroq dala komandirining qarshisida uyqusi kelayotganini sezdirish to'g'ri kelmasligini o'ylab tetik turishga urinardi.
— Hozir sening oldingda yana bir sinov ko'ndalang turibdi, — dedi Javhariy Mehmonaliga sirli qarash qilib. — Tayyormisan? Yo anavilarga o'xshab charchab qoldingmi?
— Menga charchash, qo'rqish, hayiqish degan narsalar umuman begona. — dedi Mehmonali sir boy bergisi kelmay. — Faqat… Sal xumor tutganday bo'lyapti.
— Shunaqa demaysanmi? Senday qahramonlardan aylansin shu geroinlari. Ma, manavini olib qo'y. Hozircha ozroq dozada qabul qil. Besh daqiqadan keyin tashqariga chiqamiz. Sen navbatdagi imtihonni topshirasan!
Mehmonali xaltachadagi kukundan keragini odatga ko'ra milklariga ishqaladi-da, avval Javhariyning gapini ma'qullab, bosh irg'adi. Keyin esa ikki yarusli karavot temiriga suyanib ko'zlarini yumdi.
* * *
Charchoq yengdimi, yo boshqa sababdanmi, tik turgan holda ko'zi ilingan ekan. Javhariyning turtkisidan uyg'onib ketdi.
Uyg'ondi-yu, bu gal ilk bor narkotik ta'sirida kayfiyati ko'tarilganini his etdi. Negadir o'zi sezmagan holda qarshisidagi Javhariy bilan hazillashgisi keldi. Bahona ham topila qoldi.
Dastlab komandiri o'zini tanishtirganda, hayron bo'lgandi. «Shu so'tak shoirmikan?», degan gap xayolidan o'tgandi. Hozir shu narsani hazil aralash so'ramoqqa tutindi.
— Komandir, nega familiyangiz Javhariy? — so'radi u qaddini rostlab. — Shoirmisiz deyman?
— Topding? Seni professional terrorchi desam, bilog'on ham ekansan-ku-a? Ha, shoirman. Oxirgi she'rimni o'qib beraymi?
— Y-yo'-o'q, shart emas, — dedi Mehmonali. — Ya-yana bitta savolim boridi. Maylimi o'sha savolimniyam bersam?
— Beraver!
— Haligi… Muhammad Sayyidni bilasiz-ku-a?.. Meni buyoqqa kuzatib qo'ygan odam bor-ku, o'sha!..
— Xo'sh, unga nima qipti? Savolga uning nima aloqasi bor?
— Bilasizmi, Muhammad aka kelayotganimda «uyoqqa borganingdan keyin o'zlari qizlardan topib beradi», deb edi. Shuni… So'ramoqchiydim.
— Ha-a, gap buyoqda degin? — beo'xshov tirjaydi Javhariy. — To'g'ri aytibdi Muhammad Sayyid… Ha, topib beramiz. Ertaga bir joyga jo'nataman. O'sha yerda o'zing tanlab olaverasan.
— Gap yo'q.
— Endi yur, vaqt bo'ldi. Navbatdagi imtihonni topshirasan!..
Mehmonali Javhariyning orqasida ketib borarkan, og'zi qulog'iga yetayozgandi.
«Haqiqiy menbop yerlarakan, — o'ylardi yo'l-yo'lakay. — Ishiyam og'irmas. Yeyish-ichish tekin. Hech kim «yo'qol, uyni bo'shatib qo'y», deb xit qilmaydi. Narkotikniyam tekinga berarkan. Yana hurmatingni joyiga qo'yishgani-chi?!. Eh, Muhammad Sayyid, qoyilman senga! Seni xudoning o'zi uchrashtirdi. Gap yo'q!..»
Tashqariga chiqishgach, Javhariy hov narida daraxtga suyangancha turgan bir jangarini chorladi.
— Odamboy, buyoqqa kel!..
Jangari buyruqni eshitgani hamono ikki hatlab komandirning qarshisida hozir bo'ldi.
— Manavi jo'jaxo'roz bugun kelib halitdan xotin topib ber deb garang qilyapti-ku, — dedi Javhariy Odamboyga Mehmonalini ko'rsatib. — Sal qattiq tegib hovurini pasaytirib qo'ymasang bo'lmaydi shekilli…
Mehmonali sezib turardi. Javhariy atayin shu gaplarni qistirib o'tdi. Aslida imtihondan o'tkazmoqchi. Qanday mushtlashishini tekshirib ko'rmoqchi. Umuman, Odamboy arzirli raqibdek tuyuldi. Sportdan yaxshigina xabari borligi ko'rinib turibdi. Buning ustiga sal nervniyroqqa ham o'xshayapti. Kim bilsin? Balki narkotikning xumori tutayotgandir. Xumor tutsa, so'rasa beradi-ku manavi shoir…
Shunday xayollarni miyasidan o'tkazishga ulgurib-ulgurmay, Odamboy xezlangancha Mehmonaliga yaqinlashdi. Qo'llarini ko'tarishdan oldin bir-ikki aftini bujmaytirib, qarshisidagi yigitni mensimagandek yerga chirt etib tupurib ham qo'ydi.
So'nggi qilig'i haqiqatan Mehmonalining nafsoniyatiga tegdi.
Azaldan birov qarshisida turib yerga tupursa o'zini haqoratlangandek his etar, o'sha ahoti javobini albatta qaytarardi.
Hozir ham o'zini tutib tura olmadi. Mushtlari tugilib, ko'zlari qonsiradi. Keyin esa…
O'zining maxsus usulini qo'lladi. Ikki marta turgan yerida aylandi-da, Odamboyning ko'krak qafas qismiga kuchli zarba yo'lladi.
U kutmagandi. Ikki metr nariga uchib ketdi. Shu alfozda ko'ksiga kaftlarini bosgancha engashib qoldi. Aftidan javob zarbasi yo'llashga imkoni qolmagandi.
Javhariy bir necha marta «Allohu akbar!» deya qichqirdi-da, Odamboyning yelkasidan tutib qaddini ko'tarishga undadi.
— Mayli, xafa bo'lma, ukam, — dedi u Odamboyning yelkasiga qoqib. — Shu kungacha o'zingni zo'r deb kelganding. Haqiqatan zo'riding. Birontayam mushtlashishda yengilib, manavinaqangi ahvolga tushmaganding. Zo'rdan zo'r chiqarkan-da, Odamboy! Xafa bo'lma! Mehmonali, yur, endi yana bittasi bor, o'shaminan bir cho'qilashib ko'r-chi!..
* * *
Bu galgi sinov negadir qilich bilan bo'ladigan chiqib qoldi. Bir paytlar Mehmonali to'garaklarga qatnashib yurganda, qilichbozlikniyam o'rganib olgandi. Umuman, qilichbozlik juda xavfli mashg'ulot. Tig' degani yoqimsiz narsa. To'garaklarda haqiqiy qilich bermagan bo'lishsa-da, keyinchalik harbiy xizmatdaligida rosmana qilich bilan ham mashq qilishiga to'g'ri kelgan…
Raqibi Odamboydan bo'yi sal pastroq, biroq juda abjir ekan. Javhariy uni Furqat deb tanishtirdi. Furqatning basharasi ham havas qiladigan emasdi. Ayniqsa, qirra burni qachon qarasa nimadandir norozilangandek ko'rsatarkan…
Sinov boshlandi. Mehmonali qo'liga tutqazilgan qilichni aylantira-aylantira, xezlangan ko'yi oldinga tashlangan Furqatning qorni aralash tepdi. U ag'darilib tushdi. Qirra burni yanada jiyilib, aftini bujmaytirgancha Mehmonaliga tezkor zarbalar yo'lladi. Lekin tomog'iga kelib qadalgan tig' uni taqqa to'xtatdi. Agar qarshisidagi dushman bo'lsa, Mehmonaliga tig'ni yana bir bahya qattiqroq tirash kifoya edi. Qilich uchi dushmanning tomog'ini teshib o'tgan bo'lardi.
— Bo'ldi, bas! — Javhariy qo'rqib ketdimi, yugura kelib Mehmonalining bilagiga yopishdi. — Qo'yib bersa bir-biringni bo'g'izlay deysan-a! Dushmanlarga ko'rsatishgin shu g'azabingni! Kofirlarga, kofirchalishlarga ko'rsat!.. Mehmon, ukam, bugun tamom! Yengding! Qobiliyating super! Men xalifimizga albatta yetkazaman! Endi yur, xonangni ko'rsataman! Sen-chi, uka, kazarmada yotmaysan. Alohida xonang bo'ladi! Yur, buguncha kayfingni qil! Ertaga bosqinga chiqasan!
— Xo'p bo'ladi!
Mehmonali qilichini yerga tirkagancha tek qotgan Furqatga yer ostidan masxaraomuz qarab qo'ydi-yu, Javhariyga ergashdi.
* * *
Ertasi kuni erta tongda Javhariy huzuriga chorladi. Mehmonali tunda «doza»ni sal ko'paytirib qo'ygan ekan. Ertalabgacha yuragi bezovta qilgandi. Shu sababli uyqu ham harom bo'lgandi. O'z uyida emasligini yana bir karra anglab, istar-istamas, kiyinib, aytilgan yerda hozir bo'ldi. Javhariy sakkiz nafar jangarini yig'ib, asabiylashgancha uni kutayotgan ekan. Ammo indamadi. Sovuqqina qo'l berib so'rashgan bo'ldi-yu, shkafini ochib «Kaldashnikov» avtomatini oldi-da, Mehmonalining qo'liga tutqazdi. Bundan tashqari, yana to'pponcha olib uni ham Mehmonaliga topshirdi. To'pponchaning uch qismiga ovoz pasaytirgich o'rnatilgandi.
— Uka, men xalifimiz bilan qo'ng'iroqlashdim, — dedi Javhariy Mehmonaliga sovuq boqib. — Sen hozirgi bosqinga komandirlik qilasan. Mana bu sakkiz yigit ixtiyoringda bo'ladi. Qishloqqa chiqib borasizlar-da, narigi chetdagi ko'k darvozali hovliga kirasizlar. Bu uyda qari ota, 16 yashar qizi, xotini yashaydi. Iflos sassiq chol bizni sotibdi. Qobuldagi operatsiyamizni yo'qqa chiqartiribdi. O'shani yo'q qilasanlar. Lekin birov bilmasin. Imi-jimida tinchitasanlar-u, orqaga qaytasanlar. Aytgancha, Mehmon, qizini qul qilib olishing mumkin. Men ruxsat beraman! Kayfingni qili-ib yurasan keyinchalik.
— Nikohimga olishim kerak bo'ladimi uni? — soddalarcha savol tashladi Mehmonali. — Haligi…
— Qanaqa nikoh? — norozi qo'l siltadi Javhariy. — Qul degani sening shaxsiy mulking. Agar ko'nglingga kelmasa, insof qilsang, uch-to'rt kun kayf qilib, keyin askarlaringga oshirib yuborsang ham yomon bo'lmaydi. Bil, sen-u men salafizm vakillarimiz. Salafiylarni xudoning o'zi uyoqdan turib nikohlab qo'yadi. Sira xavotirlanma!.. Qolaversa, bizda yigitlar xuddi shunday yo'l tutishadi. Hozir ayolini ham o'rtada bo'lishib yashashadi. Tushuntira oldimmi?
— Tushundim, — dedi Mehmonali bir-birlariga mamnun qarab qo'ya boshlagan jangarilarga bir-bir nazar tashlab. — Ketsak bo'ladimi, komandir?
— Ha, oq yo'l! Aytgancha, Er-xotinni tinchitgandan keyin uyi ichkarisini titkilanglar! Pulmi, tillami, ishqilib, qo'lga ilinadigan neki topsangiz, menga olib kelib topshirasizlar! Xudo yor bo'lsin! Bosqin sizniki, g'alaba Ollohniki!..
O'rgatilganidek, Javhariyning bu gapidan so'ng jangarilar baravar qichqirdi:
— Ollohu Akbar! (Olloh buyuk) Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!!!
BOSQIN
* * *
Mehmonalining og'zi qulog'iga yetgandi. Kuni kecha kelib komandirlikka tayinlanishi bu sovuqqon yigitga moydek yoqib tushgandi. Yo'l-yo'lakay narkotikdan pichasini milklariga ishqalab oldi. Ana endi sotqinlikni ko'rsatib qo'yar darajaga yetdi hisob. Miyasida faqat qo'l ostidagi jangarilarning «Ollohu Akbar»lashi aylanardi. Aylangani sayin to'lqinlanib, o'zini kuch-qudratda tengsiz jangari his etib borardi.
Hash-pash deguncha Javhariy tayinlagan uyga yetib kelishdi. Qishloqda zog' uchmasdi. Avvaliga hayron bo'lgandi. Marat ismli tatar jangari shipshitib qoldi. Aytishicha, bu qishloqda axborot tashuvchilar juda yaxshi ishlarkan. Demak, jangarilar bosqin uyushtirishini oldindan bilib olgach, uy-uylariga biqinib olgancha o'tirisharkan.
Ammo Mehmonalini hayratda qoldirib, qariya biqinib olmabdi.
— Ko'ring, komandir, — dedi Marat ayvonda qiblaga qaragancha namoz amalini ado etayotgan cho'qqisoqol qariyaga ishora qilib. — Bu iflos bizni sotgani yetmay, xudodan jazo ham so'rayapti. Bu ishni ochiqchasiga, namoyishkorona qilyapti. Ruxsat bering! O'zim tinchitay!
— Yo'q, sizlar uy ichlarini tintib chiqasizlar! Qizini o'ldirib qo'ymalaring! Kallangminan javob berasan!
Qariya allaqachon sezgandi. Jangari kallakesarlar tobora o'zi tomon yaqinlashib kelayotganini ham chuqur his etib turardi. Lekin o'rnidan jilmasdi. Namozni buzib, qo'rquvdan dag'-dag' titrash, shafqat so'rash o'rniga ovozini bir bahya ko'targan holda xudoga nola qilardi.
— Xudoyim, marazlarning, xudosizlarning, odamxo'rlarning jazosini o'zing ber! — deya iltijo qilardi qariya. — Begunohlarning qonini to'kayotganlarni g'azabingga ol!..
«Hali shunaqami? — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali qo'yin cho'ntagidan to'pponchani chiqarib o'qlarkan. — Hozir o'zing xudoning g'azabiga giriftor bo'lasan!..»
Oq og'uning kayfi borlig'ini o'ziga bo'ysundirgan Mehmonali shu tobda faqat iblisning qistovlarigagina quloq tutardi. Iblis allaqachon vujudiga o'rnashib olgan ko'yi uni odamiylik, shafqat, mehr-oqibatdan mosuvo etib bo'lgandi. Mehmonalining toshga aylanayozgan yuragi faqat nafratni tan olardi. Shu alfozda namoz o'qishda davom etayotgan qariyaning tepasiga keldi-da, to'pponchani uning boshiga tiradi.
Bu orada jangarilar qariyaning zavjasini ham imi-jimida so'yib, kelishgangina, o'ziga harir ro'moli yarashib tushgan ko'hlik qizni og'ziga skotch yopishtirgan holda tashqariga olib chiqishdi.
Mehmonali qiz tarafga suq bilan tikilib oldi-da, past ovozda qariyaga so'z qotdi.
Hayratlanarlisi, qariya garchi a'zoyi badani o'limini sezib bezovta titrab qo'yayotgan bo'lsa-da, jangarilarga sir boy bermasdi. Titrab-qaqshab bo'lsa-da, Yaratgandan insof-tavfiq so'rardi.
— Sening o'liming yaqin, — dedi Mehmonali qatorlashgancha undan harakat kutayotgan qo'l ostidagi jangarilarga bir qarab olib. — Biz senga Olloh lashkarlarini hukumatga sotishni ko'rsatib qo'yamiz!..
Qariya shu gapdan keyingina xudoga yolvorishdan tiyilib, kalima keltirdi.
— Ash'aduallo, iloho illolloh! Ash'aduanna Muhammadun abduhu va Rasuluh!..
Mehmonali tepkini bosdi. Ikkinchi marta orqa miyasiga qarata o'q uzdi.
Qariya qiblaga qaragan ko'yi joynamoz ustiga yuztuban quladi. Joynamoz usti qora qonga bo'yaldi.
Otasining o'ldirilganiga guvoh bo'lib, battar dahshatga tushib qolgan qizi uv tortib yig'lar, silkinib, jangarilar qo'lidan xalos bo'lishga urinardi. Jangarilarning joniga tegdimi, qizning orqa miyasi aralash zarba yo'llashdi.
U hushidan ketdi.
Boshqa bir jangari uni dast ko'tarib olgancha tashqariga yo'naldi.
Mehmonali esa ichkaridan olib chiqilgan bir dasta pul, bir nechta tilla taqinchoqni jangarilardan oldi-da, kissasiga joylab ko'chaga yo'l oldi.
Qariyaning tanasidan oqqan qon joynamoz ustini to'liq egallab ulgurgandi.
— Bopladik-a? — mashinaga o'tirib jo'nashgach, Mehmonali jangarilarga so'z qotdi. — Hozir bu qulvachchani xonaga olib borib tatib ko'ramiz-da! Nima deysizlar?
— Komandir, sizdan ortsagina biz tatib ko'rishimiz mumkin, — dedi Marat. — Halolingiz bo'lsin!
— Orttiraman! Senlarday jasur lashkarlardan bitta qulvachchani ayarmidim? Hali bundaylarning son mingtasini ko'ramiz nasib bo'lsa!
Jangarilar bu gapdan ruhlanib ketishdimi, baravar jo'ravozlikda qichqira ketishdi:
— Mehmon og'a, ko'p yashang! Mehmon og'a ko'p yashang! Ollohu Akbar! Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!..
Borlig'i shafqatsizlik, hayvoniy hirsdangina iborat bu kallakesarlar to manzilga yetguncha qichqirishdan tiyilishmadi.
Mashina darvozadan ichkariga kirgachgina, barchasining uni o'chdi.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT
