Kallakesar 3 (kamolov)
* * *
Mehmonalini shahardan tashqaridagi qaysidir bir hovliga olib borishdi. Yo'l-yo'lakay shotirlarning yarmidan ko'prog'i boshqa manzilga burilib ketdi. Faqat orqadagi mashinada to'rt barzangi, Mehmonali o'tirgan mashinadagilar qoldi.
Mashina manzilga yetib kelib to'xtagandan keyin ham Mehmonalini ikki barzangi mahkam tirsaklaridan tutgan ko'yi yerto'laga olib tushishdi.
— Buni zanjirlab turinglar, — barzangilarga tayinladi Samad. — Men hozir ichkariga mo'ralayman-u chiqaman!..
Yerto'la Mehmonali kinolarda ko'rgandek shohona emasdi. Ichkaridan qandaydir qo'lansa hid taralardi. Qaysidir burchakda suvning shildirashiga o'xshash tovush quloqqa chalinardi.
Tayinlanganidek, barzangilar Mehmonalini zanjirlab tashlashdi. O'zlari esa naridagi stol qarshisiga cho'kib pista chaqishga tushishdi.
«Demak, bu xunasa meni o'ldirishga qaror qilibdi-da, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali. — Peshonamda birovlarning qo'lida o'lib ketish yozilgan shekilli-da. Aks holda yugurgilab katta shaharga kelmasdim. Qiziq… Qay yo'l bilan o'ldirarkin? Hoynahoy, to'pponchada otib o'ldirmasa kerak. Oldiniga qiynasa kerak. O'sha yaramas kinolardayam shunaqalarning ishlarini ko'rganlar, bilganlarini ko'rsatisharkan-da bundan chiqdi! Ana, anavi yugurdaklarining pinagiyam buzilgani yo'q. Hazil-huzul qilib o'tirishibdi. Ikkalasiyam xotirjam. Men-chi? Go'dakni yerga ko'mgan kunim tushlarimgacha bulg'anib chiqqandi. Qaltiroq bosib naq o'layozgandim. Nahotki, odam birovni o'ldiraversa, diydasi toshga aylansa?.. Ha-ya, chamasi o'sha murg'ak go'dakning arvohi meni qarg'agan ko'rinadi. Bo'lmasa, ishlar manavinaqangi chappasiga ketib o'tirmasdi. Jin ursin bunaqalarni! Bularga bas kelishning o'zi bo'lmasa. Hammasi bir-biridan vahshiy, qo'rs, shafqatsiz, imonsiz… Dardini kimga aytishni bilmaydi odam. Hatto, oppoq soqoli bilan Soli otayam shularga ilakishib o'tiribdi-ku! Xudodan qo'rqmagani-chi bularning!.. Afsus, niyatimga yeta olmadim. Mo''tabarni fohishaligi uchun jazolay bilmadim. Samadni o'ldirish tugul koyishgayam ulgurmadim. Uning o'zi meni shu yerlarga opkelib bo'g'izlash pallasida turibdi. Ojiz ekanman. Ojiz odam zo'rlarga bas kela olmasligini idrok etmabman. G'o'rlik qilibman. Karate-parateni bilsa, odam manaman deganning belini sindira oladi deb o'ylabman. Xom sut emgan banda ekanman…»
* * *
Mehmonalining xayoli bo'lindi. Kutilmaganda yerto'la eshigi sharaqlab ochildi-da, avval Samad, ketidan to'rt chog'li barzangi kirib keldi. Stol qarshisida o'tirgan barzangilar imi-jimida pistalarini qaytadan kissaga urib, qaddilarini g'oz tutishdi.
— Boplabsizlar-ku kuyov bolani, — deya kuldi Samad Mehmonalini ko'rsatib. — Mo'tashga sakrayverib toliqqandir harqalay. Shunaqami, kuyov bola?
Mehmonali masxaralanishlarga o'rganmagan.
Samadga yeb qo'ygudek tikilib turdi-da, bilinar-bilinmas tishlarini g'ijirlatib qo'ydi. Bu harakatidan Samad battar nasha qildi. Kula-kula, Mehmonaliga yaqin keldi.
— Demak, sen kelgindi, jo'jaxo'roz meni o'ldirishga kebsan-da-a? — so'radi Mehmonalining sochiga chang solib. — Qariya jo'natdimi? «Men uchun o'ch ol» dedimi? Gapir!..
— Men tergovda emasman senga gapirsam, — javob qildi Mehmonali. — O'ldirishga kelganim rost. Mening ayolimni, qalbimning egasini xo'rlaganing uchun, baxtiga chang solganing uchun javob berishing kerak.
— O', Muhsin, — Samadning kulgisi bu gal nafratga qorishiq chiqdi. — Eshitdingmi? Bratishka ja romantik ekan. Fohishani sevib qopti! Nima qilsak bo'larkin? Yo mana shu yerto'ladan ikkalasiga joy to'shab beraylikmikan-a? Romantika, asal oyi deganday… Nima deysan, Muhsin?..
Barzangi javob qaytarish o'rniga beo'xshov kulish bilan cheklandi.
— Yo'q, — dedi Samad ilkis ortga o'girilib. — Nizom!
Hov narida stolga suyangancha pista chaqayotgan barzangi yugura kelib Samadning qarshisida hozir bo'ldi.
— Eshitaman, aka!
— Bo'shat zanjirdan yigitni! — buyurdi Samad beixtiyor qovog'i uyilib. — Tezroq bo'l!
* * *
Mehmonali zanjirdan bo'shatildi. Ammo shundan keyin ham bir tuki seskanmadi. Allaqachon taqdirga tan berib bo'lgandi. Endi unga baribirdek tuyulardi. Qay holatda o'lishning farqi qolmagandi. Bilardi. Pichoqlashsayam, bo'g'ishsayam, yoki kaltaklab o'ldirishsayam baribir joni og'riydi. To yuragi urishdan to'xtaguncha joni og'riyveradi. Faqat… Tezlatishsaydi shu ishni…
Ruhiy azob og'irlik qilarkan odamga.
Nafrat, vahm, alam, armon, nadomat bir-biriga qorishib, Mehmonaliga yomon azob bera boshlagandi.
— Hozir mening ko'z o'ngimda manavi Muhsin akangminan bellashasan, — dedi Samad Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Hunaringni ko'rsatasan! Agar uni yutib chiqsang, gap bo'lishi mumkinmas, kechiraman, hamma hunarlaringga ko'z yumaman, eshiklarni katta ochib qo'yaman. Ketaverasan xohlagan yeringga. Hatto, akalaring mashinada manzilinggacha eltib ham qo'yishadi. Basharti yutqazsang… Yutqazsang, mening bir shartim bor. Shunga ko'nishingga to'g'ri keladi. Ko'nmasang, o'zingga yomon bo'ladi! Tushuntira oldimmi?
— Menga baribir, — yelka qisgan ko'yi javob qildi Mehmonali. — Qachon, qaerda o'lishning farqi qolmagan anchadan beri.
— Unaqa dema, o'g'il bola, — daf'atan baqirib yubordi Samad. — Qanaqa o'lish? Joningdan to'yganmisan? Hali mushtdek bo'la turib o'limni gapirishing nimasi? Bilib qo'y, mening yonimda bundan keyin o'limdan gap ochmagin! Yomon qip tashlayman, bola! Tushundingmi?
— Tushunarli, — dedi Mehmonali. — Men tayyorman!..
* * *
Muhsin ham chayirlikda Mehmonalidan qolishmasdi. Ayniqsa, bo'yining uzunligi unga juda qo'l kelardi. Mehmonali dastlab uning harakatlarini kuzatarkan, yuta olmasligiga amin bo'lgandi. Biroq Muhsin bir-ikki «tashlashish»dan keyin ketma-ket xatoga yo'l qo'ya boshladi. Mehmonali navbatdagi xatoga yo'l qo'yishini poylab turdi-da, avval qo'l, ketidan oyoq zarbalarini yo'lladi. Muhsin yiqildi. Yiqilganda ham yerga yuztuban tushgancha yotib, bir necha daqiqa yuzini changallab yotishga majbur bo'ldi.
— Qoyil, bola, qoyil, — dedi dast o'rnidan turib Samad. — Boplading. Desanturadanmisan nima balo?
— Ha, shunaqa desayam bo'ladi, — dedi Mehmonali bosh qashib. — Endi ketaversam bo'lar-a, brat?
Samad bu savolni eshitiboq shotirlariga bir-bir qarab chiqdi-da, shu orada Muhsinning yelkasiga qoqib ovutgan bo'ldi. So'ngra yana Mehmonalining yoniga qaytdi.
— Ha, manzilga o'zim oborib qo'yaman, — dedi u. — Lekin Mo'tashnikiga bormaysan. Menikiga boramiz. Senminan gaplashadigan gaplar ko'p. Xo'sh, rozimisan?
Mehmonali ayniqsa Samaddan bunday lutfni sira kutmagandi. Yutib chiqqani alam qiladi va tag'in yomonlik qilsa kerak deb xayol qilgandi. Vaziyat yumshab, Samadning o'z uyiga taklif qilishi, boyagidek qovoq-tumshuq qilishdan tiyilishi, munosabati keskin o'zgarganini ko'rib ancha xotirjam tortdi. Lekin ko'nglining bir chetida bu zo'ravon, kallakesardan baribir o'ch olishi muqarrarligiga amin turdi.
— Roziman, — dedi u majburan bo'lsa-da, jilmayish qilib. — Siz nima desangiz shu-da, brat!
— Juda soz, — deya shotirlarga yuzlandi Samad. — Qani, arslonlarim, ketdik biznikiga! Bugun Mehmon bratishka bilan tanishganimizni yuvamiz! yuvamiz!
* * *
Mehmonali mashinaning orqa o'rindig'ida, Samadning yonida jimgina ketib borardi-yu, qur-qur qalbiga quloq tutardi.
Qalbi sokin edi. Bezovtalik, qo'rqinch, vahm sezilmasdi.
«Bu zo'ravonning bir rejasi bor shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi u. — Juda ayyor bo'ladi bunaqangi nusxalar. O'zicha aldab-suldab turib boplayman deb o'ylasa kerak-da. Boplab bo'psanlar! Menam keyingi paytlarda jonimni tikib, ana undan keyin bir ishga qo'l uradigan bo'lganman. O'limdanam, zo'rliklaringdanam qo'rqmayman. Yo'qotadigan hech kimim ham yo'q. Tavakkal. Xudoga tavakkal qilaman!..»
— Bratishka, — deya kutilmaganda oradagi jimlikni buzib Mehmonaliga yuzlandi Samad. — Qaerliksan? Ota-onang bormi? Nega kelganding shaharga?
Mehmonali avvaliga javob berishni xohlamadi. Javob qilsa, sir boy berib qo'yadigandek tuyulaverdi. Biroq Samad baribir aytmasiga qo'ymasligini sezib, javob berishga ahd qildi.
— Ota-onam o'lib ketishgan, — dedi hiyla bosh egib. — Momomminan bobomning qo'lida o'sganman. Birin-sirin ular ham o'lib ketishdi. Mendan ancha katta yoshdagi tog'am bor. Shu tog'am sig'dirmadi. Uydan haydab soldi.
Samad Mehmonalini tinglab turdi-da, gap shu yerga yetganda, ilkis gapini kesdi.
— To'xta, Mamir, — haydovchiga baqirdi u. — To'xta! Muhsinga qo'ng'iroq qil, tez borib boyagi aytgan ishni qilsin! Ikkalasiniyam men borguncha uyimga opkeb tursin! Biz yo'l-yo'lakay bratishkaminan tamaddi qilvolamiz.
— Xo'p bo'ladi, xo'jayin, — deya mashinani chetga olib to'xtatgach, haydovchi qo'l telefoniga yopishdi.
Muhsin boshqa mashinada yo'lga chiqqandi. Mehmonali sezdiki, mushtlashuvda yutib chiqqanini Samad kechira olmabdi. Demak, Muhsinga o'ch olish uchun imkon bermoqchi. Hoynahoy, kallakesarlarining abjirroqlari bo'lsa, o'shalarni Samadnikiga olib borsa kerak. Na iloj? Hozir shularning qo'lida. Xohlashsa, o'ldirishadi, xohlashmasa, tepkilab-tepkilab yo'l chetiga irg'itib ketishadi…
* * *
Ammo Mehmonali sir boy bermadi. Indamasdan o'tiraverdi. Samad haydovchi buyrug'ini Muhsinga yetkazib, motorga o't qo'ygach, yana Mehmonaliga yuzlandi.
— Senam o'zimizdan ekansan, bratishka, — dedi u barmog'i bilan mashina oynasiga chertib. — Menam xuddi senga o'xshab ko'chada o'sganman. Faqat farqimiz shundaki, meni tug'ishgan akam uydan haydab solgan. Hechqisi yo'q, senam pishasan hali. Hammasi oldinda. Xafa bo'lma!..
«Qanchalar ayyor va tilyog'lamaykan bu Samad, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali zimdan unga tikilarkan. — To joningni olgunchayam bildirmaydiganlar, sezdirmaydiganlar xilidanakan. Lekin… Nima zariliykin? Jig'iga tegdimi, yo'liga g'ov bo'ldimi, o'ldirib yuboravermaydimi cho'zmasdan? Baribir shu ishni qiladi-ku! Paysalga solib baraka toparmidi…»
Samad to manzilga yetib kelishguncha so'z qotmadi. Mashina hashamatli hovlilardan biri darvozasidan o'tib hovlida to'xtagachgina, qaddini rostlab Mehmonalining yelkasiga qoqib qo'ydi.
— Hadeb o'y suraverma, — dedi u Mehmonaliga sovuq boqib. — Xudoga tavakkal qil, bratishka! Baribir xudoning aytgani bo'ladi. Hatto, o'limgayam tik qara, bratishka!..
Bu gaplar Mehmonalining shubhalarini battar kuchaytirdi. Samad behuda kimsasiz joyga olib kelmaganiga yana bir karra amin bo'ldi. Demak, hammasi uchun o'ch oladi. Birinchi navbatda Mo''tabarni oraga qo'shsa kerak. Bahona bor. Ana undan keyin Muhsinning yutqazganini ro'kach qiladi. Lekin… Nega haqiqiy erkak bo'lsa, o'z qo'llari bilan qilib qo'ya qolmaydi shu ishni? Qo'rqadimi? Hecham. Qo'rqqanda shu yoqlarga kelib ovora bo'lmasdi…
Qanchalar miyasini yomon o'ylar chirmab olmasin, Mehmonali qalbida qo'rquv hissini tuymayotgandi. Go'yo dunyoga o't ketsa ham bir tuki qimir etib qo'ymaydigan darajada sokin, xotirjam edi.
To'g'ri-da, agar ajal ta'qib etishni boshlasa, olmaguncha qo'ymaydi. Qo'rqib nima baraka topardi?!. Ota-buvalari o'z davrida dushmanning o'qiga qo'rqmasdan, tap tortmasdan tikka borishgan. O'shalarning avlodi-ku! Manavilardan qo'rqib, qaltirab tursa, o'limdan cho'chib yolvorsa, Azroil ortga qaytib ketadimi? Aslo! Shunday ekan, dadil oldinga yuradi! Dushmanning ko'ziga tik boqadi. Toki bu nusxalar ko'rib qo'ysin! Tan bersin!..
Mehmonali Samadning ortidan ichkariga kirdi. Dahliz orqali mehmonxonaga o'tishdi.
Ostona hatladi-yu, Mehmonali taqqa to'xtadi.
Ne ko'z bilan ko'rsinki, poygakda Mo''tabar va Soli ota bosh eggan ko'yi tik turishardi.
* * *
Mehmonali haqiqatan juda noqulay ahvolda qolgandi. Na Mo''tabar, na Soli otaga so'z qota olar, ularga ham hayrat, ham nafrat aralash boqish bilan cheklanardi.
Bir ko'ngli «Qichqir, dunyoni buzgudek juda baland ovozda qichqir! O'ldir, noinsoflar, nonko'rlar, haromilarning boshini kes!», deya hayqirardi. Biroq boshqa bir ko'ngli izn bermasdi. Bardoshli bo'lishga undardi. Xotirjam tortishga chaqirardi.
— Hayron bo'lding-a, bratishka, — dedi oradagi birpaslik sukutni buzib Samad. — Bularni nega opkelishdiykin, nima muddaosi bor ekan deb bosh qotira boshlading. Tushunaman, seni, yaxshi tushunaman. To'g'ri, ochig'i boshida seni ko'rganimda, o'ldirib, jasadingni itlarga tashlashni xohlagandim. Ayniqsa, to'pponchani anavi Mo'tashning boshiga tirab turganingni ko'rib, seni ko'rishga ko'zim qolmagandi. Bilasanmi nega? Chunki men hech qachon ayol kishiga qurol tugul, qo'l ham ko'tarmayman. Buni hezalakcha ish deb qabul qilaman. Ana shuning uchunam sen paymonamni to'ldirding. Ammo keyinroq g'amgin hikoyangni tinglab, basharangga yaxshilab nazar solib, senminan ozmi-ko'pmi gaplashib, fikrimni o'zgartirdim. Sen yaxshi yigitga o'xshading. Bunga ishonaman. Sababi, qalbim hech qachon meni aldamaydi. Nima deysan?..
Mehmonali avvaliga ne deb javob qaytarishni bilmay halak bo'ldi. Samadga xuddi ilgarigidek sira ishongisi kela qolmadi. Bu gaplari, tutgan ishlari ko'zbo'yamachilik, o'ldirishdan oldin shunchaki chalg'itish deb xayol qildi. Lekin ko'p eshitgan, kinolarda ko'rgan. Zo'ravonlar, kallakesar, banditlar birovni chalg'itib, behudaga vaqt ketkazib o'tirmaydi. O'ldirib qo'ya qoladi. Samad esa boshqacha yo'l tutyapti. Shuncha gapni gapirgan, hamdardlik bildirgan odam qotillikka qo'l urmasa kerak, axir!?. Tag'in… Xudo biladi. Umuman, nimani o'ylayapti o'zi? O'ylab bu o'ylarning oxiriga yeta oladimi? Yo'q. Hali hech kim o'yining oxiriga yeta olmagan. U ham yeta olmaydi.
— Ochig'i, rostdan hayron bo'ldim, — dedi tavakkal Mehmonali. — Ikkovlarini nega olib kelganingizni haliyam anglab yetganim yo'q, ishoning. Lekin bilamanki, sizday aqlli inson bir narsani o'ylab qo'ygandirki, ularni opkeltirgandir…
— Barakalla, bratishka, — deya unga yaqin kelib ikki yelkasiga qo'llarini qo'ydi Samad. — Adashmabsan. Men haqiqatan ota-bolani atayin opkeltirdim. Boshqacharoq aytganda, senday mard, qo'rqmas, jasur bratishkaga «syurpriz» qilay dedim. Yoqdimi syurprizim?
Mehmonali yana bu savolga jo'yali javob topa olmay xunob bo'ldi. Shuning uchun yelka qisish bilangina javob qaytarishga ahd qildi.
* * *
— Xo'sh, qariya, kayfiyat qalay, kayfiyat? — Samad Soli otaga yaqin borib masxaraomuz so'z tashladi. — Nimaga titrayapsiz? Yo «poxmel» bezovta qilyaptimi? Pulingiz yo'qmi bosh og'riq qilishga?
Soli ota qo'rqa-pisa Samadning ko'zlariga bir marta boqdi-yu, qayta yer chizib norozi bosh qimirlatish bilan cheklandi.
— Ana shunaqa bo'ladi, — davom etdi bir Mo''tabarga, bir qariyaga boqarkan Samad. — Tarbiyasizlik oxiri sharmandalikka opkeladi. Sen tarbiyasiz eding, buning kasri manavi fohisha qizingga urgan. Hatto, homiladorlikdan saqlanishniyam bilmaydi buning! Sen bo'lsang, tirik go'dakni, begunoh bolani roddomdan o'g'irlatib chiqib mana shu jirkanch, iflos qo'llaringminan bo'g'ib o'ldirding. Xo'sh, buning ajrini kim to'ladi? Mehmonmi? Kechagina qishloqdan pul topaman deb shaharga kelgan begunoh yigitmi? Nega? Nima uchun bo'g'ib o'ldirishga duxing yetibdi-yu, murdani ko'mishga kelganda, vijdonchang qiynalib qoldimi? E, sendaqalarda vijdon nima qilsin?
— Otamni haqorat qilmang, iltimos, — kutilmaganda Samadning so'zini kesdi Mo''tabar. — U kishi… Shahardagi eng obro'li odamlarning biri.
— Obro'li? Vey, tiling chiqib qoptimi? Qachondan beri?
— Qo'y, qizim, sen aralashma, — dedi Soli ota boshini sarak-sarak qilib. — Biz… O'zimiz kelishvolamiz…
— Demak, gap bunday, — dedi Samad Mehmonali tomon bir qarab qo'yib. — Senlarminan pachakilashib o'tirishga vaqtim yo'q. Qariya, sen hoziroq Mehmon yozgan tilxatni mening qo'limga tutqaz! Qani tilxat?
Soli ota shosha-pisha qo'yniga qo'l solib tilxatni chiqardi-da, Samadga uzatdi.
— Juda yaxshi, — dedi Samad tilxatni erinmay ko'zdan kechirish asnosida. — Endi Mehmonning oyog'iga yiqilib tavba qilasanlar! Yo'q, oldin oyog'ini o'pib, ana undan keyin tavba qilasan. Qani, boshla, qariya!
Soli ota bunday vaziyat yuzaga kelishini kutmagan ekanmi, birpas dovdirab qoldi. Bir Samadga, bir Mehmonaliga qarab javdiradi. So'ngra Samadning jahdga qorishiq qiyofasidan qo'rqa-pisa asta Mehmonalining qarshisiga yaqin bordi-da, tiz cho'kdi.
Mehmonali sezib turardi. Qariya o'ziga yetguncha qaysar, dimog'dor va qo'rs odam. Ammo hozirgi holatda qo'rsligi o'tmasligini biladi. Hoynahoy, Samadni ko'pdan beri tanigani uchun fe'lidan yaxshigina xabardor bo'lsa kerak, astoydil engashdi-da, Mehmonalining oyog'ini o'pib, ketidan poyini ko'zlariga surdi.
— Kechiring, bolam men gumrohni, — dedi qariya beixtiyor yig'lamsirab. — Ahmoqlik qip qo'ydim. Kechiring!..
Samad Mo''tabarni ham tiz cho'kishga, uzr so'rashga majbur etdi. Shundan keyin so'nggi gapini tiliga ko'chirdi.
— Endi, qariya qulog'ingga quyvol, — dedi u yonidagilarga ko'z qisib. — Mehmonga zo'rlik qilganing, mening bolamni o'ldirib, ko'mdirganing, qizingni fohishaga aylantirganing uchun badal to'laysan. Agar to'lamasang, o'lasan!
Soli ota badal so'zini eshitgandayoq ado bo'layozgandi. Buni tizzalaridagi titroq kuchayishi, boshini o'zi bilmagan holda chayqay boshlaganidan ilg'ab olsa bo'lardi.
— M-men… Q-qancha?.. — arang o'zini tutib Samadning ko'zlariga boqdi qariya. — Haligi…
— Yuz ming ko'kida opkelasan. Senga ertaga kechqurungacha muhlat. Agar soat kechki sakkizda pullar qo'limga tegmasa, tamomsan! Seniyam, qizingniyam asfalosofinga jo'nattiraman! Endi surlaring meni uyimdan! Ertaning harakatini qil! Aytgancha, Mo'tash, sen qolasan! Senga alohida ish bor!
* * *
Soli otaning qanday noinsof, toshbag'ir, yengil tabiatliligi shu yerda ham yana bir karra oshkor bo'ldi. Agar boshqa ota bo'lsa, o'zi o'lib ketsa-da, qizini begona erkakning ixtiyoriga tashlab ketmasdi. Ayniqsa, uni olib qolgan odam qanchalar zo'ravon, shafqatsiz va diyonatsizligini bilib turib bunday sharmandalikka yo'l bermasdi. Afsuski, qariya qutulganiga shukr qildi. Qizi tarafga bir marta bo'lsin qarab ham qo'ymadi. Xuddi yumshoq supurgi kabi mayinlashgancha pildirab chiqib ketdi.
Shu tobda Mehmonalining boshi tobora g'uvillab, asablari qaqshagandan qaqshab borar, nimalar bo'layotganini sira idrok etib ulgurmasdi. Go'yo chalkashliklardangina iborat, ammo yoqimsiz bir tush ko'ryapti-yu, qancha chiranmasin, uyg'ona olmayapti. Tushga barham berib qo'ya bilmayapti.
— Mo'tash, — uning xayolini bo'lib bir burchakda qo'l qovushtirgancha tek turgan Mo''tabarga yuzlandi Samad. — Sen, bor, dahlizga kirib tur! O'sha yerda bizni kut!
— Xo'p bo'ladi! — Mo''tabar bir tuki seskanmay, yer ostidan Mehmonaliga sovuq qarab oldi-yu, aytilgan xona tomon yo'l oldi.
— Mehmon, bratishka, — dedi Samad Mehmonalining yelkasiga qo'l tashlab. — Yur, gaplashib olishimiz kerak!
Mehmonalining bu zo'ravonga berishi kerak bo'lgan savollari ko'p edi. Ammo tilini tiydi. Bunday vaziyatda savol tashlash noo'rinligini anglab yetdi. Savollarni gaplashish asnosida berishga ahd qildi.
* * *
Samad haydovchiga ketish uchun ruxsat berdi. Yonida faqat Muhsinni olib qoldi xolos. Ikkovlari unga ergashib hovlining boshqa bir chetidagi xonaga kirishdi. Bu xona jihozlardan xoli ekan. To'rga yarqiragan atlas ko'rpacha to'shab qo'yilibdi. Ko'rpachaga birinchi bo'lib Samad o'tirdi va ikkovlarini o'tirishga chorladi.
Mehmonali hanuz Samaddan nigohini uzmasdi. Uning qovoqlari uyilgancha, sira ochilishidan darak yo'qdek edi. Qur-qur jahl bilan barmoqlarini qisirlatib olar, nimadandir bezovta ekani, qattiq asabiylashayotgani ko'z qarashlaridan shundoq ko'rinib turardi.
— Bratishka, — nihoyat boshini ko'tarib Mehmonaliga yuzlandi Samad qarshisidagi Muhsinga ma'noli qarab qo'yib. — Hammasini tushunaman. Xayolingdan shu tobda nimalar kechayotganini ham bilib turibman. Imkon topsang, meniyam bo'g'izlab tashlaging kelyapti. Bunga haqqing bor. Axir, sen aldanding, g'ururing poymol bo'ldi. Buyam yetmaganday, ko'z oldingda xotinchangga ega chiqyapman. Tushunaman… Tushunaman…
— U endi xotinim emas, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Fohishaligini o'z ko'zim bilan ko'rganimdayoq taloq qilganman uni!
— Bu to'g'ri qaror, — dedi Samad yana bir karra Muhsinga ma'noli ko'z tashlab olgach. — Sening o'rningda boshqasi bo'lsayam shunday yo'l tutardi. Mayli, bo'lar ish bo'lib o'tdi. Endi buyog'iga mahkam bo'l, ukam, judayam mahkam bo'l! Hayot shunaqangi beshafqat! Ayniqsa, sen bilan bizga o'xshaganlarga har qadamda zug'um o'tkazishga harakat qiladi. Biz esa bo'sh kelmasligimiz kerak. Dushmanlarimizni yer bilan yakson qilaverishimiz zarur. Ana shunda g'alaba bizniki bo'ladi. Nima deysan?
— Haqsiz, — Mehmonali so'nggi lahzalarda azbaroyi asabiylasha boshlaganidan arang o'zini idora etib turardi. Uni Samadning asl niyati xavotirga, shubhaga solar, tezroq maqsadga ko'chishini xohlayotgandi.
«Ey Yaratgan egam, — xitob qilardi qalban. — Sen adolatlisan! Sening adolating qarshisida mendek bandalaring jon fido etsa arziydi. O'zing saqlaguvchisan! O'zing alqaguvchisan! Xatoga yo'l qo'ysam, o'zing jazolaguvchisan! Yomonlarga, ko'ngli qora, ikkiyuzlamachilar, firibgarlar, shafqat neligini bilmagan nodonlarga o'zing tavfiq ber!..»
Ruhan ezilib borayotgan bo'lsa-da, Mehmonali tez fursatda o'zini qo'lga ola bildi.
Ollohni chin ko'ngildan yodga oldi deguncha, ko'ngli yorishib ketgandek, qalbida bahor yashnay boshlagandek, vujudini iliq bir tuyg'u qamrab olgandek yengil tortdi.
— Siz haqsiz, — dedi yana bir bor Samadga tik boqib. — Dushman ta'qibida qolishdan, xasisga qarzdor bo'lishdan, nomardga muhtojlikdan xudoning o'zi asrasin!..
— Barakalla, — Samad bu gaplardan keyin dast o'rnidan turdi. Unga javoban Mehmonali, Muhsin ham tik oyoqqa turishdi.
Samad asta Mehmonaliga yaqinlashdi-da, yelkasiga qo'l tashladi.
— Seni kuchli, jasur desam, juda aqlli ham ekansan. Bu fe'ling menga ma'qul. Endi gapni cho'zmaylik-da, maqsadga o'taylik. Mehmonali, jasurliging, qo'rqmasliging, to'g'riso'zliging bir taraf, Mo'tash-u Soli qariya bir taraf. Ishon, agar islovotxonaga kirib men bilan ochiqchasiga olishishga ahd qilmaganingda, ko'zlarimga tik qarab niyatingni oshkor etmaganingda, manavinaqangi ishlar, gap-so'zlar bo'lmasdi. Seni har qanaqasiga tinchitish qo'limdan kelardi. Biroq sendagi shiddatni ko'rib, o'zim kabi qiynalganingni eshitib fikrimni o'zgartirishga majbur bo'ldim. Endi esa gapimni eshit. Shaharda Qo'ysinboy degan obro'li, puldor bir boyvachcha bor. Juda shinavanda, ko'ngli toza, dangalchi odam. Uyam menga ulush berib turadi. Evaziga men uni mentlardan, soliqchilardan, prokuratura xodimlaridan himoya qilib turaman. Maqtanishmas, judayam boy, ammo mendan o'lguday qo'rqadi. Shu odamning Jahongir degan yolg'iz o'zboshimcha o'g'li Rossiyada narkotikka aralashib qopti. Buyam yetmaganday, qo'lga olish jarayonida melisani o'ldirib qo'yibdi. Otasi yalinib xudoning zorini qilyapti. Agar kim o'g'lining aybini bo'yniga olib turmada o'tirib bersa, og'ziga siqqan pulni berarkan. Nima deysan? Sen boyvachchaning hojatini chiqara olasanmi?
Mehmonali suhbatda bunday keskin burilish yuzaga kelishini kutmagandi.
Ne deb javob qaytarishni bilmay garangsib qoldi.
* * *
Mehmonalining o'y-xayollari tamoman chalkashib ketdi. Qay biri haqiqatga yaqin, qay biri ziyonli ekanini anglay olmay halak bo'ldi.
«Samad g'irt mushtumzo'r, ashaddiy kallakesar, jinoyatchi, insof-u diyonatni unutgan, his-tuyg'ulardan mosuvo bir kimsa bo'lsa, — deya o'ylardi u javob berishga shoshilmay. — Aslida men shu kimsani tinchitish niyatida keldim. Ishlar esa butunlay chappasiga ketdi. Samad meni bir zarba bilan sindirdi-yu, hammasini o'zgartirib yubordi. Nima qilay? Qanday ishonay bu zo'ravonga? Shunaqa deyman-u, o'sha… Islovotxonadagi qo'lga tushishimdan to hozirga qadar menga yomonlik qilmadi. Aksincha, nuqul mening yonimni ola boshladi. Hatto, qariya, Mo''tabarniyam qarshimda tiz cho'ktirdi. Nega? Qaysi ko'rsatgan karomatim uchun bunday qildi? Nahotki, bularning hammasini mana shu turmada o'tirishga rozilik berishim uchun qilgan bo'lsa? Zo'rlik bilan, yoki shantaj qilib ham ko'ndirsa bo'lardi-ku! Xudoyim, menga to'g'ri yo'l ko'rsat! Qachongacha qoqinishda davom etaman? Qachongacha meni sinaysan? Ota-onamning tayini bo'lmadi, tog'am uydan mahrum qilib ko'chaga haydadi. Hammasini ko'rib, bilib, kuzatib turding. Shunda ham shukr qildim o'zingga. Sen bo'lsang, bir itqitding-u, qayoqdagi zinokor, iymonsizlar qo'liga topshirding. Ular keragicha ustimdan kulishdi. G'ururimni, erkaklik sha'nimni o'zlari istagancha toptashdi, oyoqosti qilishdi. Shundan keyin ham rahm qilmading. Mana, anavi go'rso'xtalar, ashaddiy kallakesarlarga ro'baro' qilding. Bu maraz o'zim ko'ngil qo'ygan ayolga ham ko'z o'ngimda egalik qilib turdi. Miq eta olmadim. Nima qilay? Qachongacha sukut saqlaysan? Qalbimga biror belgi yuborsang-chi! O'zing ko'rsatmagin, basharti hozir Samadga tashlanib qolsam, pichoqlabmi, otibmi o'ldirsam, nima qilarding? Qanday yo'l tutarding, xudoyim? Bilaman, sen meni iblis yetagiga kirganlikda ayblay boshlaysan. Demak, bo'rining yesa ham, yemasa ham og'zi qon bo'lganidek, har qanaqasiga aylantirmay, qay yonboshimga ag'darilmay, baribir halovat bermaysan. Xotirjamligimni o'zimga qaytarmaysan. Unda mening oldimda bittagina yo'l qoladi. Samad aytgan taklifga rozi bo'laman-u, o'zingga tavakkal qilaman. Mabodo kun kelib achinsang, rahmimni yersan, bo'lmasa, bundan-da battar kunlarga solarsan…»
— Roziman, — dedi Mehmonali nihoyat boshini ko'tarib. — Ammo hammasini oldindan bilishim kerak. Qancha to'lashidan tortib, qancha muddatda turmadan chiqib ketishimgacha bilishim shart. O'sha odam va'da berishi lozim. Bu… O'zingiz tushunasiz… Hazilakam gapmas bu.
— Haqsan, Mehmon uka, — dedi Samad Mehmonalining ko'zlariga tik boqib. — Hammasini sen xohlaganday hal qilamiz. Rozilik bildirib, juda to'g'ri yo'l tutding. Bir-ikki so'mli bo'p qolasan bahonada. Qani, ketdik unda! Dam olamiz! Nasib bo'lsa, ertaga ertalab Qo'ysin boyvachchanikiga boramiz…
* * *
Haqiqatan, ertasi kuni Samad Mehmonalini mashinasiga o'tqazib, aytilgan manzilga olib bordi. Ularga faqat Muhsin hamrohlik qiladigan bo'ldi. Mehmonali tushundiki, Muhsin deganlari juda ayyor va hushyor yigit ekan. Balki shuning uchun ham Samadning eng yaqin shotirlaridan biriga aylangan. Samad Muhsinning ishtirokisiz hech bir ishga qo'l urmaskan.
Ammo hashamatli hovli ro'parasiga yetib kelishgach, Muhsin mashinada qoladigan bo'ldi.
Darvoza qarshisida esa, boyvachcha bo'lsa kerak, yonida to'rt chog'li barvasta erkaklar bilan qo'l qovushtirgancha turardi. Samad boyvachcha va yonidagilar bilan sovuqqina ko'rishdi-da, ichkariga yo'l oldi. Mehmonali ham Samad yetagida hovliga kirdi.
Umrida bunday uyni ko'rmagandi.
Hashamatni ko'rib tosh qotdi. Uy egasi Qo'ysin boyvachchaning esa juda dimog'dor, qo'rs, sovuqqon va badjahlligi shundoq yuzidan sezilib turardi.
Mehmonlarni pildiragancha mehmonxonaga boshlab kirdi-da, bezatilgan uzun stol qarshisiga o'tirishni so'radi
— Ukajonim, xush kepsiz, — dedi yuzlarga fotiha tortilgach, Samadga muloyim ohangda. — Bir og'iz qo'ng'iroq qilib buyursangiz, mashina yuborardim-ku! Ja noqulay ahvolga solingiz-da odamni!..
— Hechqisi yo'q, — dedi Samad qarshisidagi boyvachchaga sovuq boqib. — Atayin o'zim xabar bermay keldim. Bir mehmondorchiligingni ko'rib qo'yay dedim.
— Juda to'g'ri qipsiz, — yaltoqlandi boyvachcha. — Biz xizmatda! Iloyim umringiz uzun, martabangiz bundanam ulug' bo'lsin, ukajon!.. Aytgancha… Qani, dasturxonga qaranglar, ukajon!..
— Biz mehmonga kelmadik senikiga, — gapni kesdi Samad. — Mana bu yigit bizning ukaxonlardan. Ishonchli, gapi keskir, tegirmonga tushsa tirik chiqadi. Hov o'sha aytgan gaping bo'yicha opkeldim.
— Voy, shunaqami? — boyvachcha dast o'rnidan turdi-da, artistlarcha Mehmonaliga yuzlanib ta'zim bajo ayladi. Shu asnoda ko'zlarida yosh g'iltilladi. — Samadjon uka, oltin boshingiz omon bo'lsin! Bechora Jahongirim…
— Vey, boyvachcha, o'zingni qo'lga olsang-chi yig'loqi qizlarga o'xshab ko'zyosh qilavermay. Undan ko'ra, gapning po'stkallasini ayt. Qancha berasan, qachon bu ukaxonni chiqarib olasan, turmadagilar, prokuratura, politsiya bilan qanday kelishgansan… Shularni bilishimiz kerak. Xudo ko'rsatmasin, mening yuzim shuvut bo'lsa, bilasan seni nima kutishini! Yo bilmaysanmi?
— Bilaman, — dedi yer chizib boyvachcha. — Sizni bilmay o'libmanmi?!. Endi… Ha, allaqachon uyoqdagilarminan ishni pishitib qo'yganman. Rozi-rizolik, oldi-berdilar joyida. Faqat bu ukamizni oborsak, o'g'limning ayblarini bo'yniga olsa… bo'ldi…
— Qancha bermoqchisan? Shundan gapir!
— Besh yuz ming ko'kida beraman, — dedi ilkis boshini ko'tarib boyvachcha. — Gap bitta, xudo bitta!
— Mening ulushim-chi? — sovuq tirjayib Qo'ysin boyvachchaga ayyorona boqdi Samad. — Bilasan, men tekinga ishlamayman.
— Samadjon, uka, — dedi boyvachcha hanuz yer chizgan ko'yi. — Besh yuz ming ko'kida beryapman-ku! Nima deydi… O'zlaring kelishvolasizlar-da endi! Bir umr xizmatingizdaman, uka! Tonsam… Xudo ursin-e!..
— Bo'pti, — boyvachchaning yelkasiga qoqib, shu orada Mehmonaliga ko'z qisib qo'ydi Samad. — Xudoni bezovta qilma! Hazillashdim. Bu ukam bilan o'zimiz gaplashib olaveramiz. Xo'sh, haqni qay tartibda, qachon berasan? Dangalingni ayt!
— Agar ukam xo'p desalar… Bankdan plastik kartochka olib o'shanga tashlab bera qolsammikan?
— Bo'ladi. Xo'sh, qachon tashlaysan?
— Hayron bo'p qoldim. Sizlar… Nima deysizlar bu masalada?
— Bizmi? — dedi kaftlarini bir-biriga ishqalab Samad. — Ukam ketishidan oldin tashlaysan o'sha plastikka. Plastik menda turadi. Chunki begona yurtlarda, «tem bolee» turmada plastik ko'tarib yurmaydi-ku! Mayli, buniyam o'ziminan alohida gaplashamiz. Sen unda ertagayoq bizni olib bankka borasan, plastik zormandasini olamiz, ana undan keyin indinga jo'nayversangizlar bo'ladi. Aytgancha… Yana bir narsa… Mehmon ukamni qancha muddatda chiqarib olasan u yerdan?
— Bir yilga kelishganmiz sudya, prokurorlar bilan, — dedi endi boshini balandroq ko'tarib boyvachcha. — Gap bitta, xudo bitta! Xudo nasib qilsa, kelasi yil xuddi shu kuni o'zim turmadan opchiqib, opkelaman Mehmonjonni.
— Xavfsizlik masalalari-chi? Harqalay bolang mentni o'ldirgan. Tag'in…
— Tushunaman, — dedi asabiy lab tishlab boyvachcha. — Men hammasini hal qip kelganman, uka, xotirjam bo'laveringlar! Ukamizni birov chertmaydi. Agar chertsa, telefon berib kelaman, menga qo'ng'iroq qiladi, o'zim erinmasdan borib adabini beraman. U yaramaslargayam hazilakam pul sarflamadim, uka! Mana shu betavfiq o'g'ilning dastidan bo'larim bo'lyapti!
— Hechqisi yo'q, — dedi Samad ketishga chog'lanib. — Bolang hali boshini devorga urib ko'rmagan-da! Urib ko'rsa keyin yuvosh tortadi. Bo'pti, bizga ruxsat! Demak, ertaga ertalab seni kutamiz ukam bilan!
— Albatta… Haligi… Samadjon uka, bir cho'qim osh…
— Oshni keyin yeymiz, boyvachcha, — kulib Qo'ysinboyning yelkasiga qoqdi Samad. — Mana bu ishkallar biryoqli bo'lsin, bir cho'qimmas, ko'prog'ini yeymiz!
— Xudo xohlasa! Agar… Sizlarni ovora qilgan bo'lsam, urintirgan bo'lsam, kechirib qo'yasiz-da, uka!..
Samad javob qilmadi. Sovuq tirjayish bilan kifoyalanib, Mehmonalining tirsagidan tutgancha ko'chaga yo'l oldi.
* * *
Shu kecha Mehmonali ancha vaqtdan beri xotirjam va tinch uxlabdi. Samadning hashamatli uyidan alohida xonani ajratishgan ekan. Yumshoq divanda uxlab o'rganmagani uchunmi, bir muddat u yonboshdan bu yonboshga ag'darilaverib xunob bo'ldi. Hatto, ostidagi ko'rpacha ustiga to'shalgan oppoq choyshabga teginishga-da qo'rqdi. O'rganmagandan keyin shu-da. Qishloqda eski-tuski, uvadasi chiqqan ko'rpalar ustida uxlashga odatlangan odam biroz o'ng'aysizlanib qolarkan…
Biroq ko'ngli hayitdagidek yorug' edi. Shunday badjahl va qachon qarasa qovog'ini uyib yuruvchi Samaddek odam uni boyib ketishga undashi Mehmonalini quvontirardi. Shularni o'ylaganda, ko'z oldida tog'asi, kennoyisining shang'illayotgan qiyofasi namoyon bo'ldi. O'z jigarlaridan ro'shnolik ko'rmagani, aksincha, ularning bor-budidan ayirib, ko'chaga sharmandalarcha haydab solgani alam qildi. Ularning ketidan Barno, o'zi chin ko'ngildan sevgan qiz xayolida jonlandi. Uning so'nggi so'zlari yodiga tushib, ko'ngli g'ashlandi. Xayolan bo'lsa-da, bir kunmas bir kun albatta qishloqqa borishni, borganda ham yarqiragan mashina haydab borishni orzuladi. O'shanda hammalari, tog'asi-yu, kennoyisi, Barno-yu, uning ota-onasi afsusdan til tishlashlariga ishondi…
Xayol-da, bir olib ketsa, uzoqlarga sudraklab ketadi. Mehmonali Qo'ysin boyvachcha va'da qilgan yarim million dollar haqida o'ylay boshladi. Axir… Bu juda katta pul. Qamoqda o'tirib chiqsa, bir yildan keyin o'sha pullarga egalik qilishi mumkin bo'ladi. Qanday kecharkin ahvoli? Dasta-dasta pullarni qo'liga olgach, havolanib ketmasmikan? Nimaga sarflaydi shuncha pulni? Biznesga uradimi o'zini? Yo boshqa yo'llari ham bormi?..
«E, Samad bor-ku, — o'yladi Mehmonali g'ijini kelib. — Bir yo'lni ko'rsatar, axir! Balki birga ish qilishni taklif qilar. Nima bo'pti? Bular shahar odami. Tishi shu shaharda chiqqan. Pulni aylantirishni yaxshi bilishadi… Ishqilib, xudo to'g'ri yo'ldan adashtirmasin-da!..»
Mehmonali yana bir talay shirin xayollarni ko'ksiga bosgan ko'yi ko'zi ilinganini ham payqamay qoldi.
* * *
Ertasi kuni Qo'ysinboy uni poezd vokzalida qarshi oldi. Mehmonali bundan ham juda mamnun tortdi. Chunki samolyotni jini suymaydi. Sababi, qo'rqadi. Samolyot pastlayotganda, joni chiqqudek bo'ladi. Poezd esa juda tinch bo'ladi. Rossiyaga ketishda Qozog'iston cho'llaridan o'tadi. Har xil hamrohlarga ro'baro' bo'ladi, tanishadi, ko'ngil yozadi. Bunga armiya xizmatidan qaytayotganda shaxsan guvoh bo'lgan. Har xil yo'lovchilar zeriktirishmagan, qanday manzilga yetganini sezmay qolgan. Maza qilgan…
Bu gal ham shunday bo'ldi hisob. Kupedoshi andijonlik To'xtamish degan o'zi tengi yigit ekan. Avvaliga gaplari qovushmadi. Bir-birlariga ishonchsiz, shubhali nazar bilan boqa boshlashdi. Bir-birlarini o'g'riga yo'yib go'yo mushuk-sichqon o'ynashdi. Oxiri bo'lmadi. To'xtamishning toqati toq bo'ldi.
— O'rtoq, yo'l bo'lsin? — so'radi u Mehmonaliga tegishli o'rindiqqa ohista cho'kib. — Sir bo'lmasa nima ish bilan ketyapsiz Rossiyaga?
Mehmonali batafsil gapirib o'tirishni xohlamadi. Samad ham shunday tayinlagandi. Shuning uchun gapni qisqa qildi.
— Tijorat bilan ketyapman. «Mol» opkelishim kerak uyoqdan.
— Ha-a, tushunaman, — dedi To'xtamish yer chizib. — O'zim ham tijoratchi bo'lsangiz kerak deb o'ylovdim.
— O'zingiz-chi? — so'radi Mehmonali. — Siz nima ish qilasiz uyoqda?
— Menmi? — kulimsiradi To'xtamish. — E, bizdaqalar qurilishdan boshqa nimayam qilardi?!. Ish borakan. Akaxonlardan biri katta ob'yektni olibdi. Meniyam chaqirdi. Lekin nolimayman. Xudoga shukr, qurilishdayam yaxshi pul to'lashadi.
— Ha, eshitganman, — dedi Mehmonali. — Uyoqda biznikilar tiqilib yotibdiykan. Har qadamda uchratarkansiz.
— Albatta, tirikchilik toshdan qattiq. Masalan, mening ikkita bolam bor. O'xshaymanmi bolali odamga?
— Yo'g'-e, — dedi Mehmonali hayrati ortib. — Sirayam o'xshamaysiz. Bo'lishi mumkinmas.
— Hamma shunday deydi. Lekin bu haqiqat. Otam rahmatli to'yingni ko'rib qolay deb erta uylantirib qo'ygan.
— Xudo rahmat qilsin otangizni!
— Rahmat.
— Agar men ishlaydigan shaharga borsangiz, bir o'tasiz-da kulbamizga! Har holda tanishib oldik. Bir yurtdan bo'lsak. Nima deysiz?
— Nasib bo'lsa albatta o'taman…
* * *
Olis yo'l nihoyat ortda qoldi. To'rt kun deganda, Mehmonali aytilgan manzilga yetdi. Shu yerda uni bir odam kutib olib, qo'liga Rossiya pasportini topshirishi lozim edi. Shunday bo'ldi ham. Yangi hujjatni qo'lga olgach, vokzaldan chiqib, o'ngga yurdi. Xuddi o'sha yerda Mehmonalini politsiya mashinasida kutib turishardi. U so'nggi bor osmon-u falakka tikildi, toza havodan qayta-qayta simirdi. Ko'ngli esa baribir alg'ov-dalg'ov edi. Umrida politsiyachilar bilan ish olishmagan, turma deganlarining yaqiniga bormagani uchunmi, qalbining bir chetini vahimaga o'xshash nimadir kemirib o'tar, ammo shu zahoti miyasi katta va ko'kimtir pullarni yodiga solib, yoqimsiz tuyg'uni nari haydardi.
Ha, ana, bir-birini barvastalikda quvib o'tishga tayyor to'rt politsiyachi mashina yonida tek turgancha Mehmonali yaqin kelishini kutayotgan ekan. Yaqinlashishi bilan ulardan biri bir qadam oldinga tashladi-da, harbiylarcha salomlashdi.
— Politsiya katta leytenanti Morozov! Adashmasak, siz o'sha Mehmonalisiz, shundaymi?
— H-ha, — dedi negadir tutilib Mehmonali. — Xuddi o'sha!
Javob qaytargani hamono orqaroqda turgan uch politsiyachi baravar kelib ikki qo'liga chang soldi. Katta leytenant shosha-pisha Mehmonalining qo'llarini kishanladi.
Mashinaga chiqib o'tirishgach, haydovchiga buyurdi:
— Bo'limga hayda!
Mashina taxminan yarim soatcha yo'l bosib, nihoyat ichki ishlar bo'limiga yetib bordi. Darvoza ochilgach, hovlidan o'tdi-da, eng chetdagi eshik ro'parasida to'xtadi.
«Shu shekilli qamoqxonasi, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali. — Hozir shu yerga opkirishadi-yu, tamom, qaytib yorug' dunyoni ko'rsatmasliklari aniq. O'lib ketmaydimi. Bir yil chidab bersa, niyatiga yetadi. Boyib ketadi. Yegani oldida, yemagani ketida bo'ladi. Mo''tabardaqalarning o'zi yugurib kelib bo'yniga osiladi…»
— Chapga yur, — buyurdi orqada kelayotgan politsiyachilardan biri. — Juda yaxshi. Endi zinadan pastga yur!
Shundagina bildiki, kameralar yerto'lada ekan. Hayron bo'ldi. Kinolarda ko'rgani yerto'lada emasdi-ku! Yo har yerda turlicha bo'larkanmi qamoqxonalar?..
Uni yerto'ladagi uzun yo'lak orqali oxirgi eshikka olib borishdi.
Politsiyachilarga ichki ishlar bo'limi navbatchilaridan biri hamrohlik qilayotgandi. Epchillik bilan borib kamera eshigini ochdi.
Kirishdi. Shu yerda qo'lidagi kishanni yechib olishdi.
Kamerada uzun bo'yli, ingichka mo'ylab qo'ygan, qaytarma lab bir o'zbek yigiti o'tirgan ekan. Mehmonali kirgani hamono ildam yurib uning qarshisida to'xtadi.
— Demak, dadam seni yollabdi-da, hamshahar, — dedi u Mehmonaliga boshdan oyoq razm solib. — Juda yaxshi qipsan rozi bo'lib. Bir nimali bo'p qolasan. Lekin turmaga borganingdan keyin aristonlar bilan do'st tutinishga harakat qil. Osmondan kelma, burningni ko'tarma!
Mehmonali bildiki, bu Qo'ysinboyning o'sha qaysar va battol o'g'li. Otasi shu arzandasi uchun besh yuz ming dollardan kechib o'tiribdi.
Negadir yigitga qarab turib g'ijini keldi. Azaldan boyvachchalarning arzandalarini jini suymasdi. Shu tobda o'sha jinlari qo'zg'olon qila boshladi. Nimadir qilib bu yigitning qitig'iga tekkisi kelib ketdi.
— O'rgatishga yoshlik qilasan hali, — dedi chirt etib polga tupurib. — Undan ko'ra ishtoningni shilta qilmay yashashni o'rgan!
— Nima? — hech qachon bu taxlit haqoratli so'z eshitmagan ekanmi, boyvachchaning o'g'li ikki qo'lini baravar yuqoriga ko'tarib Mehmonalini urishga chog'landi. Lekin narida politsiyachilar turgani esiga tushib, shosha-pisha bir qadam ortga tislandi.
Nimadir demoqchi bo'lib lablarini qiyshaytirib, tishlari g'ijirladi. Biroq indamadi. Bosh chayqay-chayqay, tashqariga yo'l oldi.
* * *
Qora qismatning kirdikorlari ko'p va xo'b bo'ladi. U bandasiga bir yopishdimi, ajralishga sira shoshilmaydi. Odamzodni o'zining turli jirkanch va zulmatdangina iborat ko'chalariga itqitib tashlayveradi. Jon achchig'ida yuqoridan pastga qulagan, qulash tufayli joni uzilgudek darajaga yetgan odam qora qismatning ixtiyoriga qarshi hech bir harakat sodir eta olmaydi. Rostakam qulga aylanadi.
Mehmonali ham o'z qismatining quliga aylanib bo'lganini endi-endi chuqurroq idrok eta boshlagandi. Ayniqsa, kamera ichkarisida hukm sura boshlagan xunuk sukunat uni xayolning turli ko'chalariga sudraklab ketardi. Badbo'y hidni dimog'ida tuygani sayin ko'ngli behuzurlanib, o'z qismatiga la'natlar o'qirdi…
Shu taxlit ikki kunni o'tkazdi. Yerto'laga soqchilar bir kunda faqat ikki marotaba tushardi. Unda ham ovqat olib kirishardi. Beriladigan ovqat esa bir bo'lak qora non-u, ichida bir nechta kuyindi piyoz bo'laklari suzib yurgan sho'rvadangina iborat edi. Nima ham qila olardi. Bu yerlar bo'lak shahar, musofir yurt. O'zining yurtida, kindik qoni to'kilgan qishlog'ida topilmagan mehribonlar bu yurtlarda topilishi amri mahol.
«Hechqisi yo'q, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali tishni tishga bosib. — Qay kunlarni ko'rmadim. Go'dak murdasini mana shu qo'llarim bilan quchoqlab yerga ko'mdim, qancha kaltaklar yedim, erkak bo'la turib fohishani nikohimga oldim, quchog'imga solib yotdim. O'zimcha maqtandim, g'ururlandim. Xursandligimdan terimga sig'may qoldim. Oqibati-chi?.. Yo'q, noshukrlik qilmasligim kerak. Xudoyim rahm qildi-ku! Samadga ro'baro' etdi-ku! Qo'ysinboy katta pul berdi-ku! Qiyinchiliklarga atigi bir yilgina chidasam bas, ana undan keyin mendan badavlati bo'lmaydi. Yeganim oldimda, yemaganim ortimda bo'ladi…»
* * *
Mehmonali kelguncha hamma hujjatlarni taxt qilib qo'yishgan ekanmi, ertasi kuni tushdan keyin soqchilar uni tashqariga sudraklashdi. Tayinlashgandi. Endi SIZO ga olib borishadi. U yerda o'tirib sud hukmini kutadi. Ammo koloniyaga ketmaydi. Qo'ysinboy aka SIZO dagilar bilan kelishib qo'ygan ekan. Mehmonali bir yilni turmaning o'zida o'tkazarkan. Ammo bu yerdagi shart-sharoit, muhit juda yomonligini ham shipshitishgan. Turmadagi aristonlarni soqchi-yu, nazoratchilardan tashqari «qonundagi o'g'ri» va uning gumashtalari kuzatuvga olgan. Bu chirkin muhitdagi hayotini xuddi o'shalar belgilashadi, so'nggi qarorni o'g'riboshining o'zi chiqaradi. Ammo Mehmonali zarracha cho'chimasdi. Bilardi. Unga qo'yilgan ayb aristonlar olamida cheksiz hurmatga sazovor etishi tayin. Negaki, hech bir ariston mentni yoqlamaydi. Ularga yaltoqlangan, kameraning gapini yetkazgan mahbus siquvga olinadi, kerak bo'lsa, o'ldirib yuboriladi. Turma qonunlari shuni taqozo etarkan…
Mehmonali o'tirgan mashina qandaydir keng tavaqali darvozadan ichkariga o'tib yana picha yurdi. Goh o'ngga, goh chapga burildi. Tashqarida allakimlarning baqir-chaqirlari qulog'iga chalindi. Nihoyat mashina to'xtagach, soqchilardan biri eshikni ochdi. Uning yonida bir it yetaklagan, barvasta askar, orqaroqda yana bir askar qo'lidagi avtomatni Mehmonali tarafga to'g'rilagan ko'yi qotib turardi.
— Chiq ivirsilanmay tez, — buyurdi soqchi baland ovozda. — Qo'llarni orqaga qil!
Mehmonali pastga tushgani hamono askar yetaklab olgan ovcharka bezovta hurib u tomon intila boshladi.
«Itiyam o'zidan battar bu g'alamislarning, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali soqchilar ta'qibida ro'paradagi bino tomon ketib borarkan. — Aristonni taniydimi bu mahluqlar ham? Tushishim bilan akillashni boshladi — ya! Suyakka tiqilib o'lgur!..»
Buyoqdagi manzara xuddi detektiv filmlardagidek kechdi. Navbatchilik qismiga kirishdi. Ichkarida uch-to'rt chog'li, barvastalikda bir-biri bilan poyga o'ynashga hozir askarlar shay turishgan ekan. Sal narida esa keng yelkali, malla, yuzlari zaxildan zaxil mayor qo'lida charm tayoqni o'ynatgancha turardi.
— Shumi qahramon? — soqchidan so'radi mayor Mehmonaliga ishora qilib. — O'sha aytilgani shumi?
— Xuddi o'zi, — dedi soqchi mayor bilan so'rashish asnosida. — «Derzkiy» emas lekin. Qo'rqmasangizlar ham bo'ladi. Xuddi yuvosh itga o'xshaydi. Hurmaydi, sakramaydi. Jim yuradi.
— Hali ko'ramiz-da yuvoshligini, — dedi mayor Mehmonaliga yaqin kelib. — Xo'sh, qahramon, nega qotib qolding? Yechin!..
— Nimani yechay? — so'radi Mehmonali tushunmay. — Nega yechinaman?
— Vey, bu yer katta xolangning uyimas, — baqirdi uni yelkasidan tortqilagan ko'yi nari surib mayor. — Bu yerda savolni men beraman! Yechin dedim senga!
— Nimani yechay? Kurtkamnimi?
— Trusiginggacha yechasan, — yanada qattiqroq baqirdi mayor. — Bo'l tez!
— Turtma meni, — oxiri toqati toq bo'lib Mehmonali mayorning qo'lini yelkasidan olib tashladi. — Haqqing yo'q turtishga!
— Nima?
Jahli burnining ustida turarkan. Mayor shu zahoti yuzlari qizarib, Mehmonalining yelkasiga charm tayoq bilan tushirib qoldi.
— Kimning haqqi yo'q? Gapir, isqirt!
— Xudodan qo'rqlaring hech bo'lmasa, — bo'sh kelmadi Mehmonali mayorning ko'zlariga nafrat aralash boqib. — Qarshingda hayvonmas, odam turibdi-ku!
— Ie, tiling uzunmi hali? Bu yerda xudo menman, bildingmi? Yechin dedim!..
* * *
Turma haqidagi dastlabki taassurotlari shulardan iborat bo'ldi.
Mayorning turtkilari ostida yechindi, nimalarnidir tekshirishdi, kursiga o'tqazib suratga olishdi, kaftlariga qora bo'yoq surib qaysidir qog'ozga bostirishdi. Shu amallar yakun topgachgina goh yelkasi, goh beliga avtomat qo'ndog'i bilan turtib yo'lakka olib chiqishdi. Uyog'iga turma nazoratchisi, xomsemiz, nuqul beo'xshov irshayaveradigan erkak uni oldiga solib kameralarning biriga olib kirdi.
Kameraga ikki qavat qilib karavotlar qo'yib chiqilgan. Yuqoridagi bir qarich darichadan Ollohning mo''jizasi — yorug'lik tushib turardi.
Ammo kamera ichkarisidan badbo'y hid taralardi. Agar bunday hidga o'rganmagan odam kirsa, ko'ngli ag'darilib qusib tashlashi aniq edi. Mehmonali hayotida bu taxlit hidlar-u, holatlarni ko'p ko'rgan, ko'p bor dimog'ida tuyib ko'rgani sababli jirkanib o'tirmadi.
Karavotlardan beriroqqa uzun stol qo'yilibdi. Atrofida to'rt ariston o'tirardi. Ular kamera eshigi ochilgani hamono dast o'rinlaridan turishdi-yu, karavotlari tomonga yo'rg'alashdi va shu ko'yi hammalari baravar Mehmonalini kuzata boshlashdi. Aftidan salom berishini kutishdi.
— Salom, bratva, — deya o'ng qo'lini ko'ksiga qo'yib o'tirganlarga bir-bir nigoh tashladi Mehmonali. — Men Mehmonman!
— Xush kelding, yaxshi odam, — deya asta o'rnidan turib Mehmonaliga yaqin keldi yoshi oltmishlarga borgan, tepakal, qalin qoshlarigacha buralib o'sgan ariston. — Demak, sen Mishasan bundan buyog'iga.
— Mayli, Misha bo'lsam Mishaman-da, — dedi Mehmonali unga so'rashish uchun qo'l uzatarkan. — Joningiz salomat bo'lsin!
— Meni Saveliy amaki deb chaqiraver, — dedi ariston. — Anavi bukchayib o'tirgan akang Vasya, chapdagi dumaloq yuzli akang Jenya. Yonidagisi Marat.
— Tanishganimdan juda xursandman, — dedi Mehmonali barchalariga jilmayib boqib. — Nasib bo'lsa, kelishib yashaymiz-da endi!
— Sen hurmatga loyiqsan, — dedi Saveliy amaki. — Qilib yurgan ishlaringni bilamiz. Sen qahramonlarcha ish tutgansan. Omadingni bersin! Shuning uchun sen hov birinchi qavatdagi karavotga joylashasan! Qani, marhamat!
Mehmonali asta borib ko'rsatilgan karavotga qo'lidagi kerakli buyumlar solingan xaltachani tashladi.
— Endi biz seni mehmon qilamiz, — dedi kaftlarini bir-biriga ishqalab Saveliy amaki. — Senga atab qo'yganimiz bor. Qani, yigitlar, hamma buyoqqa kelsin!
* * *
Mehmonali ilgari bu kabi aristonlar, jinoyat olami vakillari bilan osh-qatiq bo'lib ko'rmagan. U aristonlarni o'ta sovuqqon, alamzada, noinsof, hamisha darg'azab, ikkiyuzlamachi, ta'magir deb hisoblardi. Hozirgi mulozamatni ko'rib hayratdan yoqa ushlay dedi…
Yo'q, avvaliga ishongisi kelmadi. Shunaqa yo'l bilan sinab ko'rishsa kerak deb xayol qildi. Biroq bu yerda sinovning hidi kelmasdi. Saveliy amaki hash-pash deguncha stol ustiga bir xil hajmda kesilgan qora non, bir shisha ichkilik, dudlangan go'sht qo'ydirib chiqdi. Joylashib olib, alyumin krujkaga to'ldirilgan ichkilikni xuddi askarchasiga bir aylantirib, gazagiga dudlangan go'sht bo'lagidan tishlashgach, Saveliy amaki qo'ynidan bir dona papiros chiqarib Mehmonalining oldiga qo'ydi.
— Bu nimaligini bilasanmi, o'g'lim? — so'radi u kameradoshlarga bir-bir yer ostidan razm solib. — Qo'lingga olib ko'rganmisan?
— Bu oddiy papiros, — dedi Mehmonali yelka qisib. — Lekin men chekmayman. Shuning uchun qo'limgayam olib ko'rmaganman.
— Tushunaman, — dedi Saveliy amaki sovuq tirjayish qilib. — Unda qo'lingga olib ko'r! Yo mening ra'yimni qaytarasanmi?
— Yo'g'-e, — Mehmonali xijolat tortgan ko'yi papirosni shoshib qo'liga oldi. — Sizning yaxshi insonligingizni, qolgan bratvalarniyam yomon insonlarmasligini ko'rdim. Do'stlar uchun zahar yutsa arziydi, amaki!
— Barakalla, — dedi Saveliy amaki quvonib. — Demak, sen bilan do'stlashsak arziydi. Biroq bu papirosmas, tamakisi olib tashlanib, o'rniga nasha tiqilgan. Bilasanmi nasha nimaligini?
— Albatta, ko'p eshitganman. Ammo ochig'ini aytaman. Bunday narsalarning yaqiniga yo'lamaganman.
— Ishonamiz, — dedi Saveliy amaki. — Bugun sen bizning aziz mehmonimizsan. Xudo xohlasa, kelgusida ota-bola, aka-ukaday bo'p ketamiz. Sen aristonlarning dushmani bo'lmish mentni tinchitibsan. Hali o'g'riboshi ko'rgani yo'q seni. Chaqirtiradiyam. O'shanda senga o'g'riboshimiz mukofotning zo'rini beradi. Ha endi… Bizniki shunaqa… Kamtargina-da…
— Rahmat, — dedi bosh egib Mehmonali. — Xudo meni sizlarday ajoyib insonlar bilan uchrashtirdi. Men… Bratvalar uchun kerak bo'lsa jonimni fido qilaman…
— Endi tutat-da, tort! Buniyam ichkilik kabi aylantiramiz. Xuddi askarchasiga aylantiramiz!..
* * *
Hali og'uni tutatib ulgurmagandi. Endigina gugurtni qo'liga olgandi. Kamera eshigi sharaqlab ochilib, ichkariga turma nazoratchisi kirib keldi.
U ostona hatlab ichkariga kirishi bilan mahbuslar baravar o'rinlaridan turishdi.
— Sen men bilan yurasan, — Mehmonaliga yuzlanib so'z qotdi nazoratchi. — Qo'llaringni orqaga qilib oldimga tush!..
Mehmonali hayron bo'ldi-yu, kameradoshlarga bir-bir qarab olib buyruqni ado etdi.
Turmaning uzun yo'laklari orqali yurib borib chapga burilishdi. Sal narida navbatchilik qismi joylashgan. Ichkaridan turma xodimlari yo ofitserlarning baqir-chaqiri atrofni tutgan edi.
Nazoratchi bu yerdan ham indamay o'tib, taxminan ellik metrcha yurishgach, o'ngga burilishni buyurdi. Shundoq ro'parada turma rahbarining kabineti joylashgan ekan. Eshik qarshisiga yetishgach, nazoratchi Mehmonalini devorga qaratib turg'azib qo'ydi-da, o'zi eshikni ochdi.
— O'rtoq podpolkovnik, mahbus Murodov olib kelindi, — hisob berdi u turgan yerida. — Nima qilay? Olib kiraymi?
— Olib kir! — buyurdi ichkaridan turib dag'al ovoz sohibi.
Mehmonali nazoratchining buyrug'iga itoat etgan holda kabinetga kirdi.
Kabinet keng edi. To'rdagi uzun stol qarshisida o'rta bo'yli, keng yelkali, mo'ylovdor erkak kerilgancha o'tirar, ikki ko'zi Mehmonaliga yeb qo'ygudek sovuq boqardi.
Turma rahbari tashqi ko'rinishidan juda-juda o'zbekka o'xshardi.
* * *
Mehmonali ichkariga kirgach, podpolkovnikning buyrug'ini kuta boshladi.
Turma boshlig'i gap boshlashga negadir shoshilmasdi. Mehmonaliga boshdan oyoq nazar tashladi. Ko'zlariga sovuqqon boqib bir necha marta bosh chayqab oldi. Mehmonali esa boshqa narsadan mamnun tortgandi. Musofir yurtda o'zbekni uchratgani, yana turma boshlig'i yurtdoshi ekanidan terisiga sig'mas darajada quvonardi. Ishonardi. Bu odam arosatda qo'ymaydi. Nima bo'lganda ham bir tuproqning odami-ku! Tashlab qo'ymas, axir!..
— O'tir manavi yerga, — buyurdi o'zbekchalab boshliq. — Tortinma, bemalol, o'zingni erkin tut!..
— S-siz… Rostdanam o'zbekmisiz? — quvonchini ichiga sig'dira olmay so'rashga jazm etdi Mehmonali.
— Ha, o'zbekman, — javob qildi uni mensimaygina javob qildi turma boshlig'i. — Tohir Suyunov bo'laman. Lekin bundan keyin meni «o'rtoq boshliq» deb chaqirasan! Uqdingmi?
— U-uqdim, — bosh irg'adi Mehmonali o'tirgan yerida. — Albatta shunday deb chaqiraman, o'rtoq boshliq!
— Barakalla. Endi maqsadga o'tamiz… Xullas, sen Qo'ysinning odami ekaningni bilaman. Qancha o'tirishinggacha hammasi kelishilgan. Ammo bu yerni turma deb qo'yibdi. Turmaning o'z qonunlari, sirlari, shartlari bor.
— Bilaman, — dedi Mehmonali beixtiyor jiddiy tortib. — Hammasini tushuntirishgan.
— Unda menga quloq sol. Kameradagilar bilan tanishib ulgurdingmi?
— Ha, tanishdim.
— Saveliy degan bachchag'ar qanday odam ekan? Senga ma'qul bo'ldimi?
— Qariyami? Ha, yaxshi odamga o'xshaydi. Yaxshi qarshi oldi.
— Xuddi o'sha Saveliy kamerangda «smotryaщiy». Bilasanmi ma'nisini?
— Bilaman. Jo'raboshi-da bizning tilda!
— Haqsan. Saveliy jo'raboshi. Sen uning nega qamalganini aniqladingmi?
— Yo'q, — dedi Mehmonali turma boshlig'iga yer ostidan boqib. — Hali ulgurmadim so'rashga.
— U yaramas to'rt begunohni so'yib tashlagan. Lekin shularning uchtasini bo'yniga olmayapti. Tergovchilar rosa harakat qilishdi. Biroq kalavaning uchini topa olishmadi.
Mehmonali turma boshlig'ining asl muddaosini tushuna olmay, yelka qisish bilan cheklandi.
— Balki sen yordam berarsan kalavaning uchini topishga-a? Qo'lingdan keladimi?
Mehmonali bu savolni sira kutmagandi. Biroz dovdirab qoldi. Chunki yo'lga chiqishidan oldin Samad turmadagi ikir-chikirlarni rosa qulog'iga quygandi. Turma xodimlarining gapiga uchib qo'ymaslikni, aristonlar orasida gap tashuvchiga aylanmaslikni uqtirgandi. Shuning uchunmi, nima deb javob qilishni bilmay garangsidi. Ammo boshliq uzoq kutmaydi. Indamay o'tiraversa, tag'in ijikilaydi…
Eh, shu tamaki hidi anqigan xonasidan tezroq daf bo'la qolsaydi…
— Qo'limdan kelgan taqdirdayam bu ishni qila olmayman, o'rtoq boshliq, — bu safar dadil javob berdi Mehmonali. — Bunaqa narsalar menga to'g'ri kelmaydi.
— Nima? — Tohir bunday keskin javobni kutmagandi. Azbaroyi jahli chiqqanidan beixtiyor o'rnidan sakrab turdi-da, Mehmonalining tepasida hozir bo'ldi.
— Yana bir marta takrorla! Nima deding?
— Bunaqa ishlarni qila olmayman, — javobini takrorladi Mehmonali. — Menga to'g'ri kelmaydi.
— Shunaqami?..
Turma boshlig'i jahdini jilovlay olmay ortga tislanib, devorni mushtladi. Keyin esa ildam yurib borib joyiga cho'kdi.
* * *
— Vey, yigit, sen qaerda turganingni bilasanmi o'zi? — o'tirgan yeridan Mehmonaliga sovuq tikilib so'radi turma boshlig'i. — Kim bilan gaplashayotganingni fahmlayapsanmi?
Mehmonali indamadi. Nima deb javob qaytarishni bilmadi. Bilgani shu bo'ldiki, podpolkovnik uning zimmasiga xavfli bir vazifani yuklashni mo'ljallayapti. Uning qo'li bilan ko'zlagan niyatiga yetish payiga tushgan.
— Seni qanday jinoyat sodir etganlikda ayblashgani ravshan bo'lsa kerak-a? — bu gal gapni uzoqdan boshladi Tohir. — Farosating yetganmi o'zi?
Mehmonaliga turma rahbarining so'nggi savoli juda alam qildi. Agar turmadamas, ko'chada kimdir shunday masxaraomuz, kamsitib savol bersa, miyasini chaqib qo'yardi. Baxtga qarshi bu yerda miq eta olmaydi. Hammasini Samad uqtirib, miyasiga quygan. Nima qilsa, qanday baloga yo'liqishi-yu, oxiri nima bilan tugashini tushuntirgan.
— Yetadi, — dedi majburan o'zini bosib Mehmonali. — Mentni o'ldirganlikda ayblashgan.
— Juda soz. Endi bir savolimga javob ber. Kamerangdagilar bundan xabardormi?
— Xabardor. Saveliy amakining o'zi aytdi.
— To'g'ri, gaping rost. Aristonlar pixini yorgan odamlar. Hamma gapdan xabar topa olishadi. Lekin Toshkentingda nima ish qilganing, qanday qandlar yeb qo'yganingni bilishmaydi-da o'shalar! Yo tonasanmi?
Mehmonali kirgandan beri boshida bo'lgani kabi xavotirga tushmayotgandi. Turma boshlig'ining muomalasi, holatga ancha ko'nikib qolgandek edi.
— Nima ish qilgan ekanman? — savolga savol bilan javob qaytardi Mehmonali. — O'-o'rtoq boshliq… Kechirasiz-u, tushunmadim.
— Tushunasa-an! — dedi sovuq tirjayib turma boshlig'i. — Baloni tushunasan senlar! Endigina tug'ilgan go'dakni o'ldirib yerga ko'mganing, fohishaga uylanib uyda o'tirganing, o'sha fohisha birovlar bilan yotib ro'zg'orga pul topib kelgani, sen esa o'sha pullar evaziga kayf qilib yurganingni nazarda tutdim. Yo adashdimmi?
Mehmonali bu gaplarni turma rahbaridan eshitishni sira kutmagandi.
Qotib qoldi.
Tili kalimaga kelmay, ko'zlari olma tergan ko'yi tizzalarigacha o'ziga bo'ysunmay titray boshladi.
***
— Ha, qo'rqib ketdingmi? — masxaraomuz tirjayish qildi Tohir Suyunov. — Birov bilmaydi, bilgan qandimni yeb yuraveraman deb o'ylaysan-da-a? To'g'ri, sen tarafdagi melisa, prokurorlar bilmasligi mumkin. Chunki okaxonlaring ularniyam og'zini moylab qo'ygan. Usta okaxonlaring bunaqa ishlarga. Lekin shu yerdan turib ham melisalarga shipshitib qo'yish qo'limizdan keladi, qahramon. Qo'limizdan hamma ish keladi. Lekin unday qilmayman. Bilasanmi nega? Sababi shuki, anavi fohisha bilan bo'lgan gaplar, go'dakni podvalga ko'mishingdan Saveliy amaking xabar topsa, senga yetib ortadi. Vah, ja-a yomon qip tashlashadi seni aristonlar. Birinchidan, gap kamerangga yetgani hamono seni unitazning yonboshiga itqitishadi. Xuddi o'sha yerda badbo'y hidlarni hidla-ab yashaysan. Bundan tashqari, hech bir ariston seni davraga qo'shmay qo'yadi. Xudoning bergan kuni aristonlarning oyog'ini yuvib, poyida tiz cho'kib umr kechirasan. Kerak bo'lsa, ular senga orqasini o'ptiradi. Qani aytganini qilmay ko'r-chi!..
— Ba-as! — beixtiyor baqirib yubordi Mehmonali. — Itimos, o'rtoq boshliq, yetadi! Yetadi!..
— Qo'rqib ketdingmi? — turma boshlig'i yanada jonlanib Mehmonaliga yaqin keldi. — Qo'rqmaganning joni nechtaykan!?. Xo'sh, tarqataveraymi o'sha gaplarni? Yo biz bilan kelishib ishlaysanmi? Ishon, agar biz bergan topshiriqlarni uddalay bilsang, turmadagi hayoting birmuncha yaxshilanadi. Mayli, bir yil o'tirgin. Biroq bir yil ham ja cho'zilib ketadi turmada. Bu yer ozodlikmas, turma, ukam, turma!..
* * *
Rozi bo'lishdan boshqa yo'l qolmaganini Mehmonali tushunib yetgandi. Qarshisidagi zaxil yuzli bu yurtdoshi aytgan ishni bajarmasa, it kuniga solishi muqarrarligini sezib turardi. Shuning uchun gapni cho'zgisi kelmadi. Tavakkal qilishni ma'qul topdi.
— Roziman, — dedi u yer chizib. — Faqat o'sha gaplar oramizda qolsin, iltimos, aka!
— Albatta qoladi, — Tohir kaftlarini bir-biriga ishqalagancha joyiga borib o'tirdi. — Men so'z berdimmi, demak, so'zimda turaman. Qani, o'tir!
Mehmonali ortiqcha qarshilik qilib o'tirmay, turma boshlig'i ko'rsatgan kursiga cho'kdi.
— Saveliyni shunday gapga tutasanki, — uqtirishga tushdi u. — O'ziyam bilmay qolsin tilidan ilinganini! Shu bachchag'arni deb necha marta tergovchi almashtirildi. Baribir bo'yniga olmayapti.
— Men… Harakat qilaman, — dedi Mehmonali asabiy lab tishlab. — Harakat qip ko'raman!
Turma boshlig'i nimadir yodiga tushgandek dast o'rnidan turdi-da, orqaroqda turgan temir sandiqni ochib ichidan diktofonni olib Mehmonaliga uzatdi.
— Manavindan foydalanishni bilasanmi?
— Bilaman, — dedi Mehmonali diktofonni qo'liga olarkan. — O'zimnikiyam boridi, kimgadir berovdim, qaytarmagan.
— Unda juda ustalik bilan ish tut. Kameraga kirmasingdan oldin diktofonni yoqqin-da, kissaga joylavol. Kameradagilarga umuman ko'rsatma. Ko'rib qolishsa, kallangminan javob berasan. Uqdingmi?
Mehmonali so'zsiz bosh irg'ab turma boshlig'ining savoliga javob qaytardi.
— Barakalla, — dedi u Mehmonalining yelkasiga qoqib. — Saveliyni ilintirib ber qarmoqqa! Ishni qoyillatsang, keyingi hayotingni o'ylab ko'ramiz. Balki… Qaysidir yaxshiroq kameraga o'tkazarmiz… Xullas, ko'ngling to'q bo'lsin! Endi bor! Omadingni bersin, hamshahar!
* * *
Mehmonali ham anoyi emas. Turmadagi bu taxlit ishlar, gap-so'zlar haqida ko'p eshitgan. Chuv tushib qolganlar, sirli ishini sezdirib qo'yib aristonlarning g'azabiga uchraganlar haqida ham gapirib berishgan. Samad ham turma sirlarini shipshitayotib, ayni «stukach»lik masalasida ham aytib ogohlantirgandi. «Stukach», ya'ni, to'porichasiga aytganda, ikkiyuzlamachilar hech qachon jinoyat olami vakillari orasida hurmat topa olmasligini gapirgandi…
Shunday xayollar iskanjasida kamerasiga yetib keldi. Soqchi shosha-pisha kamera eshigini ochdi-da, sovuqqon va zardali ohangda buyurdi:
— Kir!..
Mehmonali kirishdan oldin epchillik bilan diktofonni yoqdi-da, kissasiga qayta joyladi. Shundan keyingina buyruqni ado etdi…
Kameradoshlari uni ko'rgach, birinchi galdagidek qiziqish bilan boqishmadi. Saveliy amaki ham karavotida qanday cho'zilib yotgan bo'lsa, shundayligicha yotaverdi. Faqat bir-ikki tomoq qirib oldi xolos.
Ishni tezlashtirish lozim edi. Turma boshlig'i kechki yo'qlamadan keyin yana chaqirtirishini aytgan. Shoshilmasa, ulgurmaydi. Ulgurmasa, turma boshlig'i shubhalana boshlaydi. Imi-jimida aristonlar bilishi kerak bo'lmagan gaplarni tarqatish payida bo'ladi. Shularni o'ylab karavotiga cho'kdi. Ammo ilkis yana o'rnidan qo'zg'aldi. Go'yo asabiylasha boshlagan bo'lib, bir necha marotaba kameraning uyog'idan buyog'iga borib keldi.
Aristonlar hayron bo'lishmasdi. Unga yotgan yerlarida hissiz qarashardi. Mehmonali payqagan bo'lsa-da, tusini o'zgartirmasdan, eshitilar-eshitilmas so'kindi.
— Itdan tarqagan ment! Iflos! Meni kim deb o'ylayapti o'zi bular? Aniqlab bo'psan! Hayotda aytmayman sen kutgan gapni! He enangni!..
Ana shu so'kinishlari ish bera boshlagandek bo'ldi. Saveliy amaki dast o'rnidan turdi-yu, bir muddat Mehmonaliga sirli nigohlarini qadagan ko'yi sukut saqladi. So'ngra karavotdan pastga tushib unga yaqin keldi.
— Nima bo'ldi, Mehmon? Nega asabiysan? Nima gap o'tdi?
Mehmonali qariyaga ta'sirini o'tkaza olganidan quvonib battar jig'ibiyron bo'la boshladi.
— E, anavi turma boshlig'ini so'kyapman, — dedi u mushtlarini tugib. — Bo'ynimga yana bir qotillikni ilishga chog'lanibdi xunasa!
— Ie, — hayron bo'lib unga qattiqroq tikilib qaradi Saveliy amaki. — Nega unaqa qiladi u haromi? Turma boshlig'ining tergovga aralashishga haqi yo'q-ku! Aytmadingmi shuni?
— Tergovchi yonidaydi, — dedi Mehmonali o'zini battar alamzadalikka solib. — Ikkovlashib qonimni ichishdi. Ikki soat ichida yana chaqirisharkan. Agar bo'ynimga olmasam, umrimni karserda chiritarkan.
Saveliy amaki kameradagi boshqa mahbuslarga bir-bir qarab oldi-da, stol tarafga ishora qildi.
— Ochig'i, o'g'lim, bachchag'ar turma boshlig'i ziyofatning beliga tepdi. Kelinglar, birgalikda ziyofatimizni oxiriga yetkazib qo'yaylik!..
Aristonlar darrov stol qarshisida hozir bo'lishdi. Kimdir ko'rpa ostiga berkitilgan bir shisha ichkilikni keltirib stol ustiga qo'ydi. Yana kimdir gazak uchun qora non keltirdi.
Shu ko'yi ular yarim soatcha o'tirishdi. Ichkilikning ko'proq qismi Mehmonali va Saveliy amakiga berilgani sababmi, ularning kayfi oshib, yanada yozila boshlashdi.
— Yur, sen bilan endi nariroqda suhbatni davom ettiramiz, — deya o'rnidan qo'zg'aldi Saveliy amaki. — Sen Mehmon, ja shinavanda suhbatdosh chiqib qolding. Sendaqalarni hurmat qilaman, ha!
Mehmonaliga ayni shu kerak edi. Borib Saveliy amakining ro'parasidagi karavotga cho'kdi.
— Menga ishonasan-a? — so'radi Saveliy amaki shivirlab. — Gapir, qahramon, ishonasanmi menga?
— Albatta ishonaman, — dedi kulimsirab Mehmonali. — Birinchi ko'rishdayoq ajoyib inson ekaningizni ilg'aganman.
— Barakalla. Xo'sh, unda tergovchiga aytmaganlaringni menga ayt! Aslida o'sha bo'yningga qo'ymoqchi bo'lishayotgan ikkinchi qotillikkayam qo'l urganmiding? Yo haqiqatan…
Mehmonali suhbat xuddi o'zi xohlagandek avj pallaga kira boshlaganidan terisiga sig'mas darajada sevinib, Saveliy amakining qulog'iga shivirladi.
— Rostini aytsam, ular haq. Men birmas, ikki mentni tinchitganman. Faqat ikkinchisini daryoga uloqtirishga ulgurovdim. Shuning uchun darrov aniqlasha olmay qolishgan. Endi esa kimdir jasadni daryodan topib olgan bo'lsa, surishtirib mengacha yetishibdi-da qizig'arlar!
— Yashavor shovvoz, — deya uning yelkasiga shapatiladi Saveliy amaki. — Boplabsan! Senga hurmatim yanayam oshdi. Aslida-chi… Menam sendan battar ahvoldaman.
— Nega? — xuddi qiziqsingan kabi qariyaga qattiq tikildi Mehmonali. — Tinchlikmi?
— E, mana shu mentlarning dastidan bo'larim bo'ladi shekilli. Uch murdani bo'ynimga yuklashmoqchi. To'g'ri, aslida shunday. Uchtasini tinchitganman. Lekin faqat bittasini bo'ynimga oldim. Qolganidan tonib turibman. Shuning uchunam SIZO da ushlab turishibdi. Yo'qsa, allaqachon zonaga jo'natgan bo'lishardi.
— Nima, sizam menga o'xshab ularni daryoga uloqtirganmisiz? — so'radi Mehmonali ish silliq bitayotganidan quvonib. — Yo yoqvorganmisiz?
— Rostini aytaymi?
— Ayting, ayting. Juda qiziqib ketyapman.
— Unda shu gap shu yerda qolsin, — dedi Saveliy amaki stol atrofida o'tirgancha qartabozlik qilayotgan aristonlarga ma'noli ko'z tashlab olgach. — Agar buni eshitib qolsa, mentlar meni zambarakning og'ziga boylab otadi.
— Bilasiz-ku, men sir saqlay olaman, amaki, — dedi Mehmonali jiddiylashib. — Menga ishonaversangiz bo'ladi. Bratvalarni sotish yo'q. Sotgandan ko'ra o'zimni osganim ma'qul…
— Bilasanmi, men ikki marazning murdasini maydalab to qo'lga tushgunimcha pishirib yeganman, — shivirladi sovuq kulimsirab Saveliy amaki. — Alamdan shunday qilganman. Xudoning g'azabiga uchrashniyam o'ylab o'tirmaganman.
— Yo'g'-e, — kutilmagan gapdan Mehmonalining ikkala ko'zi ham chaqchaygancha jussasini orqaga tashladi. — Axir… Bu…
Saveliy amaki ikki qo'lini Mehmonalining yelkasiga tashlab, norozi bosh chayqadi.
— Zinhor chunqingni chiqara ko'rma! Xudo ko'rsatmasin, agar bu gaplar mentlarning qulog'iga yetsa, birinchi navbatda sen g'azabimga uchraysan. Uqdingmi, bola?..
— Uqdim, — deya asabiy lab tishladi Mehmonali. — Sizning dardingiz menikidan ming barobar og'irroq ekan. Ishoning, kar-soqovman!
Saveliy amaki bir muddat sukut saqlagan ko'yi Mehmonaliga tikilib turdi-da, asta o'rnidan qo'zg'aldi.
* * *
Hali stol atrofida qartabozlik qilayotgan aristonlarning yoniga o'tirib ulgurmagandi. Kamera eshigi sharaqlab ochilib, tanish nazoratchi kirdi.
— Sen qo'lingni orqaga qilib oldimga tush, — buyurdi Mehmonaliga. — Tez bo'l, turma boshlig'i kutyapti seni!..
Mehmonali ortiqcha savol berib o'tirmadi. Itoat bilan ikki qo'lini orqaga qilgancha nazoratchiga ergashdi.
Kameradan chiqishi bilan yana tanish buyruq quloqlari ostida jarangladi.
— Devorga o'giril! Qimirlama!..
Turma boshlig'i yolg'iz emasdi. Qarshisidagi kursida taxminan qirq yoshdagi kalbosh erkak o'tirar, ular nimalar haqidadir astoydil bahslashishardi.
Turma boshlig'i hanuz ostonada tek qotgancha buyruq kutayotgan Mehmonaliga sovuq boqdi-da, qarshisidagi erkakka so'z qotdi.
— Mana, bo'lg'usi mijozingiz yetib keldi, — dedi u masxaraomuz tirjayish qilib. — Shu yerda gaplashaverasizmi, yo tergov xonasiga chiqasizlarmi?
— Tohir, oldin birgalikda o'sha siz aytgan diktofondagini tinglab ko'raylik-chi, — javob qildi erkak. — Sizdan yashiradigan sirimiz bo'lmasa, nima qilamiz tergov xonasida? Nima deysiz?
— Gap yo'q, — dedi turma boshlig'i. — Qani, mahbus, manavi kursiga o'tir! Bu kishi tergovchi Yevgeniy Morozov bo'ladi. Seni tergov qiladi. Qani, diktofonni ber!
Mehmonali indamay ko'rsatilgan kursiga cho'kdi-da, kissasidagi diktofonni olib turma boshlig'iga uzatdi.
— Eplay oldingmi ishqilib? — kulgi aralash so'radi turma boshlig'i. — Yo shu ishniyam uddalay olmadingmi?
— Nachalnik, eshitib ko'rsangiz hammasi ravshan bo'ladi, — turma boshlig'ining muomalasi yoqmay, xuddi u kabi sovuqqonlik bilan javob berdi Mehmonali. — Hammasi yozilgan.
Tohir Suyunov diktofonni yoqdi-da, stol ustiga qo'ydi. Undan Saveliy va Mehmonali orasida bo'lib o'tgan suhbat yangray boshladi.
Turma boshlig'i va tergovchi berilib tinglashar, Tohir Suyunov ora-orada Mehmonaliga yer ostidan razm solib lab tishlab olardi.
Suhbat yakun topgach, turma boshlig'ining ham, tergovchining ham rangi o'zgardi. Ular baravar Mehmonaliga yeb qo'ygudek boqqancha bir muddat sukutga tolishdi.
Oradagi sukunatni esa Tohir Suyunov buzdi.
— Hali sen shunaqa ishbilgi qotilmisan? — u dast o'rnidan turdi-da, Mehmonalining tepasida hozir bo'ldi turma boshlig'i. — Hali bizni, militsiyani, prokuraturani laqillatib yurganmiding? Shu yo'l bilan jazodan qochishni niyat qilganmiding?
— M-men… Nima qildim? — vaziyat bu darajada qaltis tus olishini kutmagan Mehmonali ko'zlari chaqchaygancha bir Tohir Suyunovga, bir Yevgeniyga javdiradi. — Men… Axir…
— O'chir chakagingni! — baqirdi Tohir Suyunov. — Bizning turmada bunaqa nomerlaring o'tmaydi. Mana, Yevgeniy xuddi shu masalada tergov qilishni mo'ljallab kelgandi. Muammoni o'zing yechib berding. Nima deysiz, Jenya?
Tergovchi istar-istamas, o'rnidan qo'zg'aldi-yu, ikki qo'lini beliga tiragancha Mehmonaliga tikilib qoldi.
— Ha-a, bu yigitning ishi biz o'ylagandanam chalkashga o'xshaydi, — dedi nihoyat beixtiyor sergak tortib. — Bu ishni shunday qoldirib bo'lmaydi. Tez bayonnoma tuzishim kerak, Tohir!
— Marhamat, — dedi turma boshlig'i yelka qisib. — Bemalol tuzavering bayonnomani! Kabinet sizning ixtiyoringizda! Men… Nima qilay? Chiqishim kerakmi yo…
— Ishingiz bo'lsa qarshiligim yo'q. Bo'lmasa, menga xalal bermaysiz. Aksincha, siz shu yerda bo'lsangiz, bizga dalda bo'ladi… Aytgancha, bu mahbusning taqdiri nima bo'ladi endi?
— Karserda o'tiradi ma'lum muddat, — dedi Tohir Suyunov. — O'sha yerda adabini beramiz boshlanishiga.
— Qarshi emasman!.. Xo'p, unda boshlayveraylik-a suhbatni!
— Albatta.
Evgeniy qo'liga oppoq qog'oz va ruchka oldi-da, nimalarnidir yoza-yoza, oxiri Mehmonalini savolga tutishni boshladi.
* * *
Ammo tergovchi niyatiga yeta olmadi. Chunki Mehmonali hammasini anglab yetgandi. Turma boshlig'ining o'yinlari-yu, uni chuv tushirish maqsadida boshlagan ishi haqida to'liq tushunchaga ega bo'lib ulgurgandi. Shuning uchun avvaliga indamadi. Tergovchining savollaridan qotilliklarni faqat u sodir etgani anglashilgach, ortiq tek o'tirishni xohlamadi.
— O'rtoq turma boshlig'i, — dedi u tergovchi yo'llagan navbatdagi savolni ham javobsiz qoldirib. — Qo'ysin aka bunday narsalar haqida gapirmagandi. Siz bilan kelishganini aytgandi. Men axir…
— Ha, sen axir, — jerkib berdi uni turma boshlig'i. — O'zingcha boyib ketdingmi? Shu sababli tergovchini pisand qilmayapsanmi? O'sha Qo'ysin akang seni aldaganini bilasanmi o'zi? Vey, bola, sen turmadasan! Bu yerda pul, kelishuv, qonunbuzarliklar o'tmaydi. Qolaversa, o'sha Qo'ysin akang bergan pullarni Samad deganlari allaqachon o'zlashtirib, sarflab bo'lgan. Sen quruq qolding. Go'lliging, omiliging uchun hozir qip-qizil jinoyatchiga aylanding.
— Bo'lishi mumkinmas, — dedi Mehmonali gezarib. — Samad aka unaqangi odammas!..
Shu orada tergovchi qog'oz-qalamini qaytadan jildiga joyladi-da, qovoq uygan ko'yi o'rnidan turdi.
— Ertaga bu aristoningizni javob berishga taxt qilib qo'yarsiz, — dedi u xonadan chiqishga chog'lanib. — Agar ertagayam hozirgiday hunar ko'rsatsa, diktofondagi dalil asosida ishni yopib sudga oshiraman.
— Xo'p bo'ladi, Jenya, — deya dast o'rnidan turdi turma boshlig'i. — Ertaga tayyor turadi. Aksi bo'lsa, o'zidan o'pkalasin?..
Davomi bor
Olimjon Hayit
