Xtales.ru

Josuslar yakun (kamolov) copy

Shu kecha kemadagi banditlar deyarli uxlashmadi. Ular mast-alast ahvolda so'kinib uyoqdan-buyoqqa yurishardi. Kayutamni sigaret tutuni bosdi. Odamlar tuni bilan burchak-burchaklarda to'planishib, o'zlaricha nimalarnidir muhokama qilib chiqishdi. Menga esa, murdalar sonini yana bittaga ko'paytirish qoldi. Shundan so'ng hammasi tugaydi. Vazifamni a'lo darajada bajarishim aniq. Shu asnoda bir narsaga hayron qolardim. Banditlar bunchalar sabrli bo'lishmasa!.. Hamon chidashyapti. Agar kattasining aqli bo'lganda, butun kemaga yog'mi, shunga o'xshash narsa surtib chiqqan bo'lardi va shuning yordamida meni topardi…

Beshinchi odamni palubada tinchitishim kerak edi. Shuncha shovqinlardan so'ng kayutaga kirib borish xavfli tuyuldi. Chunki, banditlar endi yolg'iz qolishmayapti. Kamida ikki kishi bo'lib o'tirishibdi.

Kayutam oynasidan tashqariga juda osonlik bilan sirg'alib chiqdim. Faqat… O'tgan gal chiqayotib biqinimni qattiq yaralab olgan ekanman. Ana shu yara biroz achishib og'ridi.

Asablarim tobora taranglashib bordi, palubada uzoq vaqt turib qolish mumkin emasligini seza boshladim.

Oradan o'ttiz daqiqa vaqt o'tdi. Endigina ketmoqchi bo'lib turganimda, ko'zlangan o'lja o'z oyog'i bilan kelib qoldi. Ajal shunaqa. Bexosdan chaqiradi. Qanday qilib uning domiga tushib qolganingni o'zing ham bilmay qolasan.

Uning men yashirinib turgan joydan o'tib ketishini poylab turdim-da, orqasidan yurdim. U, shubhasiz, mening nafas olishimni eshitib orqasiga o'girildi.

— Kimsan? — so'radi u sal bezovtalangan ohangda.

— Yuqoriga qara! — buyurdim ko'rsatkich barmog'imni osmonga qaratib.

U o'ylab ko'rishga ham ulgurmadi. Buyruqqa o'rgangan emasmi, darhol boshini ko'tarib osmonga boqdi. Bu orada men tomog'iga barmog'imni yo'lladim. Bandit shu zahoti yerga quladi. Men jasadni shoshilmasdan bir burchakka yotqizdim-u, xotirjam o'z kayutamga yo'l oldim.

* * *

Tunda yana bir bor razvedka qilishni lozim topdim. Bugun navbatdagi jasad kim va qaerda bo'lishini shu razvedka natijasida aniqlayman. Buning uchun mashina bo'limi, paluba va yuk saqlash xonasini tanladim.

Qiziq, bortga ko'tarilib hayron qoldim. Hammayoqni sukunat qoplagan. Go'yoki kemada hech kim yo'qdek. Nahotki, banditlarning sabr-toqati shu qadar kuchli bo'lsa? Hechqisi yo'q. Men baribir shu kecha ularni ko'raman. Bunga ishonchim komil. Shunday vahimaga solib qo'yayki, tug'ilganlariga pushaymon bo'lishsin.

Kemada bir soatga yaqin bekitiqcha aylanib atrofni kuzatdim. Xayriyat, banditlar shu yerda ekan. Ana endi o'zlaridan ko'rishsin. Nima qilib bo'lsa ham oltinchi murdani albatta ularning ixtiyoriga topshiraman.

Harqalay, uzoq kutdirishmadi. Yo'lak bo'ylab kimningdir qadam tovushlarini eshitdim. U uzun-uzun esnagancha men tomonga yaqinlashib kelardi. Hozir menga uning kimligi baribir edi. Xoh bandit bo'lsin, xoh matros. Ularning bari bu kemada bitta bo'yoqqa bo'yalgandek…

«O'lja» uyqusiragancha hojatxonaga kelayotgan ekan. O'tkazib yuborib sekin orqasidan kirdim. Bu yer o'ldirish uchun juda qulay.

Ostonada kuta boshladim. Hech qancha o'tmay u kiyimlarini to'g'rilagan ko'yi tashqariga yo'l oldi. Bu gal ham kursda o'rgangan usullarimdan birini qo'llab, ko'rsatkich barmog'imni tomog'iga yo'lladim. Eh, bu galgi ishim anchagina samarali bo'ldi. Sho'rlikni ko'tarib qaergadir joylab ham o'tirmadim. O'zi sekingina kiraverishga yotdi-yu, jon berdi. Men bo'lsam, ovoz chiqarmasdan o'z kayutamga yo'l oldim.

* * *

Afsuski, oradan bir kun o'tib ko'zlagan maqsadimga yeta olmadim. Endigina palubada paydo bo'lganimda, birdan projektor yoqilib ko'zlarim qamashdi. Hali o'zimni o'nglashga ulgurmay, kimningdir orqamda turganini his etdim.

— Qimirlama! — dedi ovoz sohibi va biqinimga avtomat tiradi. Shu lahzaning o'zidayoq boshqa bittasi old tarafimdan kelib qornimga qurol tiradi. Bildimki, bunday vaziyatda hech qayoqqa qochib keta olmaydi odam.

Qaerdandir uchinchisi paydo bo'lib cho'ntaklarimni paypaslay ketdi.

— Hech vaqosi yo'q! — dedi u sheriklariga

— Qani, yur! — buyurdi orqadagisi. — Tez bo'l!..

Men besh-olti qadam oldinga yurgach, kutilmaganda to'xtab atayin aksa urdim.

— To'xtanglar, burnimga nimadir kirib ketdi shekilli! — dedim ularga.

Engashmoqchi bo'lganimda orqamda kelayotgani orqa miyam aralash musht tushirdi. Bunaqangi kuchli zarbaga yaqin orada ro'baro' kelmagandim. Shu zahoti hushimdan ketdim.

* * *

Ko'zimni ochganimda omborga o'xshash qorong'i bir xonada yotardim. Xonaning derazasi ham yo'q. Faqat chiroq xira nur sochib turardi. Qo'l-oyoqlarim boylab tashlangandi.

— Hushingga keldingmi? — so'radi menga tanish bo'lib qolgan tovush egasi.

Sezdimki, bu yerda bir o'zim emas. O'sha menga musht tushirgan yigit qo'riqlab turibdi.

Sekin ko'zlarimni ochdim. Yo'q, xonada uch kishi uch tomonda qo'llarida qurol bilan qotib turishardi.

Xo'sh, endi nima qilaman? Qo'lga tushdim-tushdim. Bularning qo'lidan osonlikcha qutulib bo'lmaydi. Demak, qutulish yo'lini izlashim kerak. Qanday? Ha, kichik imkoniyatni ham qo'ldan boy bermasligim zarur. Yo'qsa, itday o'lib ketishim muqarrar.

Tepamdagi qurolli yigitga boqdim. Nahotki?.. U mana shu yerlik Rezident edi!..

Ishonqiramasdan qayta-qayta unga tikilib qaradim. Afsuski, o'shaning o'zi bo'lib chiqaverdi.

— Ha, bu men! — dedi u sovuq ohangda xuddi xayolimni o'qigandek. — Taniding-ku harqalay-a?

Axir… Qaerda ilakisha qoldi bu nusxa? Samolyotga chiqayotganimda, keyinroq necha marotaba kuzatuv olib borganman. Ortimda hech qanaqangi «dum» ko'rinmagandi. Qolaversa, familiyam, ismim, tashqi ko'rinishim, hatto, ovozimgacha butkul o'zgartirilgan. Qanday tanidi bu meni?

— Sen ahmoqlik qilib qo'yding! — so'zida davom etdi u. — Samolyotni hech kim olib qochmagan. Hech kim garovga ham olinmagan. Bu bizning samolyot edi.

* * *

Ma'lum bo'lishicha, Rezident tayyorlanayotgan taftishni oldindan bilgan. Markazdan kimdir unga o'n olti kun avval xabar berib qo'ygan ekan. U taftishchilarning suratlarini ham tekshirib o'tirmagan, zarur hujjatlarni ham titkilamagan. Hatto, ular qanchaligi bilan ham qiziqmagan. O'sha markazdan xabar qilgan odam unga taftishchilarning maqsadi va yetib kelish muddatini aytgan. Ana shuning o'zi yetarli edi. O'zlari o'zlarini tanitib berishgan.

Xullas, u shunday yo'l tutgan ekan.

Taftishchilar meni qoldirib yo'llarida davom etishganda, Rezidentning odamlari ularni chorrahalardan birida kutib turishgan. Mashina qizil chiroqdan o'tishi bilan militsioner kiyimidagilar negadir uchta oddiy yengil avtomashinada orqalaridan kelib to'xtatishgan.

— Tayyorlaninglar, — deya sheriklariga buyurgan yoshi ulug'roq taftishchi. — Bular militsionerlar emas. Balki, to'qnashishga to'g'ri kelib qolar.

— Hujjatlaringni ko'rsat! — uzoqdan turib baqirgan militsioner kiyimidagilardan biri. Shu asnoda haydovchi o'rindiq ostidagi avtomatni olgan-u, sekin oynadan boshini chiqargan.

— Komandir, bu nimasi? — degan u avtomatni o'qlab. — Hujjatlarimiz joyida.

— Bizni qiziqtirmaydi. Ko'rsat deyildimi, ko'rsat!

— Mana texpasport! — deya hujjatni yaqinlashib kela boshlagan «militsioner»ga ko'rsatgan haydovchi.

Shu lahzada orqadagi mashinalarning eshiklari ochilib ichkaridagilar tashqariga chiqishgan. Yaqinlashib kelgani esa, haydovchining peshonasiga to'pponcha tiragan. Ana shundan so'ng sabr kosasi to'lgan haydovchi eshikni shu qadar zarb bilan ochganki, natijada kuchli zarbadan to'pponcha tutgan yigit yerga qulagan. Qolganlari ham baribir o'q uzishga ulgurishmagan. Taftishchilar anoyi emas. Ular ko'z ochib yumguncha barchalarini asfaltga tep-tekis qilib yotqizishgan-da, jonholatda motorga o't qo'yib orqaga qaytishgan. Endi birdan-bir yo'l o'rmon ichkarisiga kirib borish edi.

* * *

Yo'q, ular shoshilishmasdi. Chunki, taftishchilarning ham o'z usullari, o'ylab qo'yilgan rejalari bor. Afsuski, bir narsani hisobga olishmabdi. Uchinchi mashinadagilar professional chiqib qolishdi. Qanday qilib o'rinlaridan turishgan, hech kim bilmaydi. Taftishchilar bitta-bittadan mashinadan tushishlari bilan orqadan o'qday uchib kelib ularga qarata o'q uza boshlashgan. Yoshi ulug' taftishchi birinchi bo'lib yerga qulagan va qaytib turmagan. Haydovchi esa, mashina ortiga yashiringan ko'yi quvib kelganlarni avtomatdan o'qqa tutardi. Uning o'zi barchalarini yer tishlatdi. Taftishchilar eng avvalo maxfiy jihozlarni, qolaversa, o'z jonlarini haydovchining ko'magidagina saqlab qolishgan.

Shundan so'ng ishi o'ngidan kelmagan Rezident xonasiga qamalib olgancha bosh qotirgan. Ha, u faqat meni qidirgan. Bilganki, faqat biz u bilan bir kursni tamomlaganmiz. Muallimlarimiz ham bir. Taftishchilar orasida bo'lsa, meni topa olmagan. Xo'sh, nima qilish kerak? Axir, men ko'rinmas odam emasman-ku! Qaerdadir, qandaydir iz qoldirishim kerak-ku!..

Shunda Rezident bir fizikni oldiga chaqirgan. Fizikdan u kamdan-kam hollarda, asosan o'sha paytdagi kabi yechimi topila qolmayotgan masalalar chiqib qolganda foydalanardi. Fizik unga shunday maslahatlar berar, yo'llar ko'rsatardiki, buni o'zidan boshqa hech kim bilmasdi.

— Basharti ko'chaga radioaktiv suyuqlik quyib chiqilsa nima bo'ladi? — so'ragan undan Rezident.

— Shaharning yarmi zaharlanishi mumkin.

— Bu ikkinchi darajali narsa. Shu suyuqlik yordamida yo'qotilgan izni topish mumkinmi?

— Bo'ladi.

— Qancha vaqtda topsa bo'ladi?

— Bir haftada.

— Yo'q, besh soat vaqt beraman. Har bir daqiqa uchun belgilangan puldan tashqari qo'shimcha foiz olasiz.

— Bu, axir, mumkin emas!

— Mumkin. Manavi qog'ozga o'sha suyuqlikni tayyorlashingiz uchun nima kerak bo'lsa, hammasini yozib chiqing!

Fizik suyuqlikni to'rt yarim soatda tayyor qilgan. Shundan so'ng ko'chalarga, yo'laklarga, qisqasi, qaerda odamlar ko'proq yuradigan bo'lsa, o'sha joylarga imi-jimida sepib chiqilgan.

Suyuqlik yerni ifloslantirmas, oyoqqa yopishib ham qolmas, biroq oyoq bosildimi, tovonga yopishardi-qolardi. Ko'ribsizki, odam yerni bosib ketaveradi. Ko'rinmas izlar esa, yo'l ko'rsatib boraveradi. Albatta, Rezident mening oyoqlarim, poyafzalim razmeri, rangi haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lgan.

Shu iz yordamida men ketayotgan yo'limni Rezidentga aniq ko'rsatib beribman. Ilgari ko'rinmas odamman deya hisoblaganim bir pul bo'libdi.

Qolganlari texnikaning ishi ekan.

* * *

Vokzalga, aeroportga, serqatnov yo'llarning kesishish joylari, bekatlarda maxsus tayinlangan yigitlar yelkalariga sport sumkalarini osgancha atrofni kuzatishardi. Ko'rinishlaridan hech kim shubhaga bormaydi. Bemalol chekka-chekkalarda turib pleyer eshitish bilan ovora. Ammo qandaydir o'tkinchi kela boshlasa, quloqqa taqilgan eshitgichda signal yangraydi. Yigitlar signalni eshitishlari bilan o'tkinchi haqida Rezidentga darak bera boshlashadi.

Meni, nihoyat aeroportda uchratishgach, Rezident mahalliy mafiyachilar bilan kelishib alohida samolyot olgan va yarim soat ichida uchuvchi ham topib keltirilgan. Ular mening shoshayotganimni, tezroq Markazga yetib borishim shartligini bilishardi.

— Kel, erkakchasiga gaplashib olaylik! — dedi Rezident «hikoya»sini tugatarkan.

Ochig'i, jim o'tiraverish o'zimning ham jonimga tekkandi. Xo'sh, gaplashsam nima bo'ladi? Nari borsa o'ldirib yuboradi. Nima bo'lgandayam qarshimdagi mening dushmanim. O'ldirsa o'ldirar. Baribir yutqazdim. Yutqazish bundan ham ortiq bo'lmaydi.

Yaxshisi, rozi bo'laman. O'lib ketgan odamni Markaz so'roq qilib o'tirmaydi. U faqat Xudogagina hisob beradi xolos.

— Qo'l-oyoqlarimni yeching unda! — dedim.

— Hech qachon. O'zing tushunasan, seni ozodlikka chiqarish biz uchun xavfli. Hali biz o'zimizni qiziqtirgan narsani topganimizcha yo'q. Hali seni ichak-chavog'inggacha titkilab o'sha narsani qidirishimiz kerak bo'ladi. Shunday ekan, sabr qil qo'lingdan kelsa.

— Hech bo'lmasa, tagimga ko'rpacha to'shab berarsiz?

— Buni amalga oshirsa bo'ladi…

Buyog'iga nimalar bo'lishini sezib turardim. Rezident uyoq-buyoqqa qarab olguncha qo'riqchilar meni kaltaklash zarur bo'lgan «qurol»larini hozirlashdi.

— Disketani ber! — sovuq ohangda mendan talab qila boshladi Rezident.

— Disketa yo'q. — javob qildim xotirjamlik bilan. — Dengizga cho'ktirib yuborganman.

U so'rayotgan disketa haqiqatan yonimda emasdi. Uni kayutamning ishonchli joyiga berkitib qo'ygandim.

— Mabodo qidirsak-chi? — so'radi Rezident.

Men yelka qisdim. Chunki, ularning qanday qidirishlarini bilaman. Avvaliga kiyimlarimni yechishadi. Ketidan butun badanimni timirskilab ko'rishadi. To'g'ri kelib qolsa, terimdan bir bo'lak-bir bo'lak kesib olib qidirishadi. Mana shunisi dahshatli. Nima qildim? To'xta, ularga ham, o'zimga ham oson yo'lini topsam-chi? To'g'ri-da, ular ishga tushmaslaridan burun o'zim ehtiyot chorasini ko'rishim, sevimli tanamni kesilishdan asrab qolishim kerak.

Bildirmasdan barmoqlarimni qimirlatdim. Shuncha paytdan beri yuvinmaganimdan tirnoqlarim o'sib, pichoqday o'tkirlashibdi. Ikki qo'limdagi ikki barmog'imni qo'llarim boylangan arqon tolalari orasiga tiqib ohista uyoqdan-buyoqqa yurg'aza boshladim. Haqiqatan kesyapti. Eh, shu ahvolda yana yarim picha o'tirsaydim, o'zimni kishandan ozod qilgan bo'lardim. Shu orada Rezidentning mayda-chuyda savollariga erinmasdan javob beraverdim. Shunday qilmasam bo'lmasdi. Arqonni to'liq kesib tashlashga ulgurmayman.

— Bo'pti, — dedim nihoyat arqonni oxirigacha uzganimga amin bo'lganimdan keyin. — Sizga disketa kerak, shundaymi?

Rezident bosh irg'adi.

— Disketani, adashmasam, narkozsiz qidirasiz, to'g'rimi?

— Albatta. O'zing tushunasan-ku ishimizni! Bilaman, joning og'riydi.

— Mabodo siz qidirayotgan narsa badanim orasida bo'lsa, menga nima va'da qila olasiz?..

Bilardim, agar men Markazga tegishli bo'lmaganimda, Rezident menga oltin deysizmi, go'zal ayol deysizmi, xayoliga kelganini va'da qilib yuborgan bo'lardi. Lekin biladiki, yolg'oniga ishonmayman.

— Yoqimli o'lim va'da qilaman. To'g'ri, boshqa variantlar ham bor. Biroq…

Bosh irg'adim. Menga ham aynan shunisi ma'qulroq edi.

— Disketa palubada. Ko'rsatishim mumkin.

U shu zahoti qo'riqchilarni chorladi. Ular meni sholchaga o'tqazishdi-da, to'rt burchidan to'rt kishi bo'lib ko'targancha tashqariga olib chiqib ketishdi.

* * *

— Hoy, to'g'ri ushlanglar, — qichqirardim o'tirgan yerimda. — Silkitmanglar! Yuqumli kasalim bor!..

— Shu yerga qo'yinglar! — buyurdi Rezident qo'riqchilarga.

Meni palubaga yetganda yerga qo'yishdi.

— Xo'sh, qaerda? — so'radi u menga yeb qo'ygudek tikilib.

— Hov anavi teshikka tushish kerak.

Yigitlardan biri men ko'rsatgan teshikka tusha boshladi.

— Yo'q-ku! — deya qichqirdi u paypaslana-paypaslana hech vaqo topolmagach.

— Yanayam chuqurroq!..

Men shuni bilardimki, bu teshikdan yanayam pastroqqa tushilsa, yo boshi, yo boshqa yeri bilan o'tkir uchli armaturaga uriladi. Shunday bo'ldi ham. Qo'riqchi bilmasdan o'tirib yubordi-yu, o'tkir uchli armatura orqasiga qadaldi. Qo'riqchi ih deyishga-da ulgurolmay jon berdi.

Qolganlari esa, tosh qotib qolishgandi. Menga bo'lsa, xuddi shunisi kerak. Epchillik bilan o'rnimdan turdim-u, ro'paramda turgan qo'riqchining jag'i aralash tushirib yerga qulatdim. Ketidan ikkinchisini… Rezident sal narida turgandi. Beixtiyor himoyaga shaylandi. Balandga sakrab yo'l-yo'lakay yana bir qo'riqchini tepab qulatib, shundoq Rezidentning tepasidan uchib o'tib dengizga o'zimni otdim.

* * *

Men yanada chuqurroq cho'kib borardim. Cho'kib borarkanman, o'limim tezroq yaqinlashishini, nafasim nihoya topishini kutardim.

* * *

Men kema tibbiy punktida o'zimga keldim.

Ko'zlarimni ochib-ochmay ichkariga Rezident kirib keldi.

— O'zingga keldingmi? — so'radi u mendan. Teskari o'girilib oldim.

— Afsus, meni jinni deb o'ylading, afsus!.. Nima deb o'ylovding? Seni cho'kib ketishga yo'l qo'yarkanmanmi? Kechirib qo'yasan, bu yerda hayoting ham, o'liming ham mening qo'limda. Bizda tartib shunaqa. Bilib qo'y, men o'sha narsani topdim.

Bu gapni eshitdim-u, ichim muzlab ketdi. Nahotki, bu gal ham yutqazgan bo'lsam?..

— Faqat menga bir narsani aytishing kerak. — davom etdi Rezident. — Disketaning parolini ayt!

Men norozi bosh chayqadim.

— Bilib qo'y, bu so'nggi bosh qimirlatishing bo'lishi mumkin.

Men indamay yotaverdim.

— Hoy, qaerdasanlar? — tashqariga o'girilib qichqirdi u. Shu ondayoq uch nafar qo'riqchi kirib keldi.

— Buning adabini beringlar! Faqat cho'zmanglar!

Meni palubaga olib chiqishdi. Shunda bildimki, kema qirg'oqda turgan ekan. Chamasi, menga narkotik ukol qilib hushimdan ketkazishgan. Qiziq, qancha vaqt hushsiz yotdim ekan?..

— Kechirib qo'yasan, Rezident! — tepamga engashib dedi u. — Menga qolsa, sen bilan o'zim shug'ullanardim. Biroq yigitlar qo'yishmayapti. O'zlari hisob-kitob qilishni ma'qul ko'rishdi. Ularni qattiq ranjitibsan. Senga Xudo sabr bersin!

Qo'riqchilar meni qirg'oqqa olib chiqishgachgina, bildimki, u yerda bizni o'nlab jangarilar kutib turishgan ekan.

— Maraz, tayyorgarligingni ko'raver! — deya o'shqirdi ulardan biri. — O'lib ketgan yigitlarimizning har biri uchun javob berasan bugun!

Meni uzoq vaqt, maza qilib kaltaklashdi. Har bir jangari navbatma-navbat tepamga kelar va yo oyog'i, yo mushtlari bilan zarba berardi.

— Ur uni! — qichqirishardi bir-birlariga. — Och biqiniga sol!

Zum o'tmay qoshlarim yorilib, yelka, bellarim ko'karib ketdi. Qovurg'alarim sindi. Kiyimlarimgacha qora qonga bo'yaldi. Xayriyatki, bular professional emas. Yo'qsa, bitta zarba bilan narigi dunyoga ketishim hech gap emasdi.

Bas, kaltak yeyishdan charchadim. Hushimdan ketmasam bo'lmaydiganga o'xshaydi. O'rnimdan turg'azib endi navbatdagi zarbani yo'llamoqchi bo'lishgandi, tizzalab yerga yotdim-u, «hushimdan ketdim».

Shunda ham ular meni besh daqiqalar chamasi boplab savalashdi.

— Vey, bas qilinglar! — jangarilar orasidan kimdir baqirdi. — Hali men uni otishim kerak. O'ldirib qo'ymanglar!

Ustimga sovuq suv sepib «hushimga keltirishdi». So'ngra itara-itara qatl qilinadigan joyimga olib borishdi. Joyning tepalik ekanidan bildimki, orqa miyamga qarata o'q uzishmoqchi. Xo'sh, endi nima qilsam bo'ladi? Qachon o'q uzisharkin deb qarab turaveraymi? Yo'q, ana, avtomatni o'qladi anavi nusxa. Mening ixtiyorimda qandaydir soniyalar qolyapti xolos.

Jangari avtomatni o'qlab orqa tomondan menga yaqin keldi va boshimga qurolini qadadi. Shu onda uni chunonam tirsakladimki, jangari shundoq tizzaladi-yu, boshini yerga xiyol eggan ko'yi tosh qotdi. Bu menga navbatdagi harakatim uchun imkon yaratgandi.

Qarasam, men turgan yerdan ancha narida daraxtzor. O'n-yigirma qadamlar pastga qarab chopsam, to bular o'zini o'nglab olguncha o'sha daraxtzorlar orasiga yetib olishim mumkin ekan. Bir sakrab pastga sakradim-u, jonim og'riganigayam e'tibor qilib o'tirmay o'sha tarafga chopa ketdim. Jangarilar esa, bir necha daqiqa hayron bo'lib turishgach, o'zlariga kelishdi shekilli, avtomatlardan tinimsiz o'q uza boshlashdi.

Jismonan tayyorgarligim mana shu yerda ish berdi. Daraxtzor orasiga kirib olgach, orqamdan quvib kelayotganlarni chalg'ita-chalg'ita oldinga bosaverdim. Shu ketishda besh soatlar chamasi yo'l bosdim. Quvayotganlarning ovozlari ham o'chdi. Ha, ular meni butkul yo'qotib qo'yishdi…

* * *

Bu tun men uchun juda og'ir kechdi. Egnimda umuman kiyimim yo'q, hammasini qonlar badanimga yopishib azob bermasligi uchun yechib tashlagandim. Shuning oqibatida bemalol dam ololmadim. Qolaversa, a'zoyi badanim qonga botgan. Singan qovurg'alarim menga azob berar, hammayog'im shishib ketgandi. Bu ahvolda yo'l tanlab o'sha yoqqa yurishga holim yetmasdi. Tashqaridan qaraganda, ko'rinishim xuddi lattaga o'xshab qolgan.

Bir amallab tong ottirgach, qornim nihoyat darajada ochib ketganidan atrofni qidirib qurt-qumursqa, qurbaqalar bilan oziqlandim. To'g'ri, bundan ko'ra mevalar terib yeganim durust edi. Biroq meva organizmning kuchga to'lishiga yordam bera olmaydi.

Rezident kinolardagi kabi orqamdan qopog'on itlarni yetaklab quvlamadi. Chunki, u ham ahmoq emas. Mening ahvolimdan xabardor. Har qanday vaziyatda ham o'zim daraxtzorlar orasidan chiqishimni yaxshi biladi.

Nihoyat yaralarim sal bitib, picha o'zimga kelib tashqariga chiqdim. Bilardim. Jangarilar meni kutib yotishibdi. Hammalarining qurollari otishga shay. Buyruq ham shunday bo'lgan. Hech qanday qo'l jangi tashkil etmasdan, menga o'n-yigirma qadam uzoqlikdangina turib boshimni mo'ljallagan holda o'q uzish va o'ldirish.

Ana, jangarilardan biri avtomatni men tomonga to'g'rilab o'q uzdi. Yaxshiyam tasodifan boshim tepasida paydo bo'lgan daraxt shoxi bor ekan. O'q o'shanga kelib tegdi. Lekin o'q zarbi mening o'zimni ham bir chetga itqitib yubordi. Men yiqildim. Jangarilar shu zahoti berkingan joylaridan chiqib «o'lgan» dushmanlari tomon yugurishdi. Bunday vaziyatlarda ular ham hushyor bo'lishadi. Negaki, ko'pchilik menga o'xshash dushmanlar eng qulay vaziyatda birdan tirilib qarshilik ko'rsata boshlashadi.

Ular tepamga kelib o'lgan-o'lmaganimni tekshirib ko'ra boshlashdi. Men bo'lsam, qurbim yetganicha o'zimni o'likka solib yotardim. Shu yotishda tekshirib ko'rish uchun otiladigan navbatdagi o'qni kutardim. Yo'q, ular otishmadi. Aksincha meni sudrab dengiz bo'yiga olib borishdi. Ha, hozir ular meni dengizga tashlab yuborishadi. Lekin men ham anoyi emasman. Ulardan birini o'zim bilan birga sudrab ketaman. Albatta shu ishni qilaman. Axir, dengizda bir o'zim zerikaman!

— Itdan tarqagan og'ir ekan! — so'kindi bittasi meni sudrab borarkan.

— O'liklar doim shunaqa bo'lishadi. — javob qildi boshqasi.

Shu lahzalarda dengizga juda-juda yaqin qolgandi. Men kimni sudraklab ketishni ham mo'ljallab ulgurgandim. Ammo yana kechikdim. Qaysidir jangari qovoqlarimni shu qadar qattiq qisdiki, tasodifiy og'riqdan ihlab yuborishga majbur bo'ldim.

— Ie, yaramas tirik ekan! — deya qichqirdi u.

Ana endi hammasi tamom! Ular albatta meni otib tashlashadi.

— Vey, bu nima qilganlaring? — sal narida tamaki tutatgancha bir qariya o'tirgan ekan. O'tirgan yerida jangarilarga qichqirdi.

— O'zing kimsan, qariya? — so'rashdi undan.

— Otangman! — yarim hazil, yarim chin ohangda javob berdi qariya. — Nega bu yigitni qiynayapsanlar? Insoflaring bormi o'zi?

— Otaxon, bu jinoyatchi. — dedi bir jangari. — U xotinini so'yib qo'yibdi. Senam bu yerdan ketaqol, qariya!

— Shunaqami? Bo'pti… Aytgancha, nega militsionerlar yo'q?

— Biz militsioner bo'lmay kimmiz? Boraqol, gunohdan uzoqroq bo'l!

— Men-ku, ketaman. Lekin sizlar negadir boshqacharoq yo'l tutyapsizlar. Aslida odamni avval sud qilishadi. Keyin… Advokat degan gaplar bo'lardi…

Jangarilar bilishdiki, qariya guvoh bo'lib qolishi mumkin. Oyog'imdan ko'tarib olgani meni tashlab yubordi-da, quroliga yopishdi.

— Iflos! Hozir senga ko'rsatib qo'yaman birovlarning ishiga burun tiqishni!..

Yo'q, jangari ulgurmadi. Qariya undan ham oldinroq yoniga qo'yilgan miltig'ini qo'liga oldi-yu, jangariga qarata o'q uzdi. Besh millimetrlik o'q jangarining naq ko'ziga borib tegdi. Uning ortidan qolgan ikki jangari ham yerga quladi. Shundagina men qariyaning ovchi ekanini bildim.

— Qoyilman sizga! — dedim uning yelkasiga qoqib. — Siz mening hayotimni saqlab qoldingiz! Nega?

— Buning ahamiyati yo'q. Sen hozir hov anavi oq qayinning oldiga bor. Boraver! Yaqinroq! Yanayam yaqinroq!

— Bu qariya yana nimalarni o'ylab topyapti? — o'ylardim men. — Meniyam otib tashlamoqchimi? Agar qo'yib yubormoqchi bo'lsa, nega miltig'ini menga to'g'riladi?

— Endi qayinni mahkam oyoq-qo'llaring bilan quchoqla! Teparoqqa chiqib!.. — buyurdi qariya. — Shunday. Endi qo'llaringni tizzang ostiga tiq! Xo'sh, yiqilmayapsanmi? Endi kuching yetganicha pastga qarab sirg'al!

Eh qariya-ey!.. Bu usul bilan urush vaqtida yaponlar asir olingan dushman askarlarini tutib turishgan. Arqonni iqtisod qilish niyatida shu usulni o'ylab topishgan. Shu ahvolda daraxtga yopishtirib qo'yishadi-da, pastga tushishga majburlashadi. Sal pastroq tushdimi, shartta qo'llarini orqasiga qilib, so'ngra belidan daraxtga boylashadi. Ko'ribsizki, asir na yuqoriga chiqa oladi, na pastga tusha oladi.

— Yanayam pastroq tush! — qichqirdi qariya.

— Bo'ldi, ortiq kuchim yetmaydi.

— Sen harakat qil!

— Otaxon, bir o'zingiz minglab odamlarni yenga olasiz bu yo'l bilan. — dedim men. — Faqat barmog'ingizni miltiq tepkisidan oling! Odamni qo'rqitavermang!

— Mening barmog'im bilan ishing bo'lmasin! — dedi qariya. — Yaxshisi, o'zingnikini o'yla!

— Endi menga quloq soling! — dedim unga. — Siz haqiqatan meni qutqarib qoldingiz. Biroq bilib qo'ying, siz qandaydir kambag'al bir bechorani emas, balki, davlat xavfsizlik xizmati xodimini qutqardingiz. Afsus, ko'p sirlaringizni ochiq aytib yubordingiz. Bu ishlaringiz uchun bir umr qamoqda chiritib yuborishadi sizni. Qolaversa, dengiz bo'yidagi hov anavi uchta murda-chi? Yaxshi emas, ota!..

Ko'rdimki, qariyaning tepkiga qadalgan barmoqlari titray boshladi. Ishqilib, jon talvasasida otib qo'ymasa bas meni. Ana shundan cho'chib turardim.

Yo'q, otmadi. Qanday turgan bo'lsa, shu ko'yi qotib turaverdi. Garchi ko'p yillar qamoqda o'tirib chiqqani ko'rinib tursa-da, hozirgi lahzalarda rostdan qo'rqa boshlaganini yurakdan his etdim.

— Menga yaxshilab quloq soling. — dedim paytdan foydalanib. — Sizning oldingizda ikkita yo'l turibdi. Birinchisi, peshonangizdan o'q yeb o'lish, ikkinchisi, mening aytganlarimni ado etish. Sizni ogohlantirdim. Men o'z ishining ustasiman. Kim ekaningizni ko'rib turibman. Xo'sh, rozimisiz?

Qariya biroz o'ylab turgach, ikkinchi shartga rozi bo'ldi.

— Unda eshiting. Kemani bir o'zingiz qo'lga olasiz. Men sizga yordam bermayman. U yerda garovdagi odamlar bor. Ular haliyam ozod qilinmagan bo'lsa, ozod qilasiz. Banditlarni bittama-bitta tinchitasiz. Basharti birontasiga men haqimda gullaydigan bo'lsangiz, o'zingizdan ko'ring. Mendan qochib qutula olmaysiz.

Xullas, kelishilganidek, qariya kemada ish bajaradi. Men bo'lsam, avval qariya bergan benzinlardan to'rtta shishada portlovchi modda tayyorlayman. Bu kemani yoqib yuborishimda yordam beradi. Shishalarni cho'ntaklarimga joylaganimdan so'ng suv ostiga sho'ng'iyman…

Hammasi ko'ngildagidek tashkil etildi. Faqat men suv ostida kutaverib juda sovuq yedim. Nihoyat kemada shovqin-suron ovozi, keyinroq qariyaning signali eshitildi.

— Hammasi joyida. — dedi u men suv yuziga chiqqanim hamono. — Boshlayver.

Men qo'limdagi birinchi shishani kemaga irg'itdim. Ketidan ikkinchisi, uchinchisi…

Ko'z ochib yumguncha kema o'rtasida katta tutun havoga ko'tarildi. Kimlarningdir baqir-chaqirlari, uyoqdan-buyoqqa yugurganlarini ko'rdim.

— Endi komandirlarini tinchiting! — buyurdim qariyaga. — Hov ana, ular kemaning narigi boshida turishibdi.

— Nega?

— Ortiqcha savol bermang! Bajaring!

Qariya kemani qirg'oqqa burishga urinayotgan komandirlarni ko'rgach, qo'lidagi miltiqdan ketma-ket o'q uza boshladi. Oxirgi banditni o'zim suvda turgan yerimda qirg'oqda qo'lga kiritgan avtomat yordamida qulatdim. Shundan keyin epchillik bilan kemaga chiqdim-u, ovozimning boricha baqirdim.

— Qani, hammang qurolingni tashla! Ogohlantirib o'tirmayman! Hammang bir joyga to'plan! Avval garovdagilarni ozod qil!..

Hammasi men buyurganimdek ado etildi. Yonayotgan kemani amal-taqal qirg'oqqa haydattirdim va garovdagilarni qo'yib yuborib, asirga olingan banditlarni qariya menga o'rgatganday qayinlarga oyoqlari bilan «yopishtirib» qo'ydim-u, qariyaga yuzlandim.

— Shuncha banditni qaerga joylashtirasiz? — hazil aralash so'radim undan.

— Be, bunaqalarni ko'p ko'rganman. Qolaversa, o'rmon keng. O'q ham yetarli.

Endigina ko'nglim to'lgandek edi. Xayriyat, hech bo'lmasa bir ishni qoyillatdim. Burchimni bajardim. Qariya bularni albatta prokuror ixtiyoriga topshiradi. Men bo'lsam, o'sha o'zim uchun «suyukli» bo'lib qolgan Rezident bilan shaharda uchrashishim lozim. U allaqachon shaharga yetib olgan. Bu voqealardan harqalay xabardor bo'lmasa kerak. Agar shoshilmasam, baribir xabar topadi-yu, zahiradagilari bilan birga bu yerga yetib kelishi muqarrar…

Qariya ko'rsatgan so'qmoqlar orqali katta serqatnov yo'lga chiqib oldim va yo'lovchi mashinani to'xtatib shahar yaqinigacha yetib bordim-u, kursantligimdagi hayotimni eslab birinchi navbatda picha pul topish maqsadida yaqin oradagi omonat kassaga yo'l oldim. Bu ishni ham qoyillatgach, hammomga borib yuvindim. So'ngra hujjat to'g'rilash… Qisqasi, shaharda lozim bo'ladigan barcha kamchiliklarimni joyiga qo'yib ehtiyot shart ikki-uch bor militsiyaga o'zimning kimligimni bildirmagan holda qo'ng'iroq qildim va dengiz bo'yidagi yonib ketgan kema haqida xabar berdim. Ana endi ilgari o'zim yuz tuzilishimni o'zgartirgan hojatxonaga kirishim hamda qaytadan grimm qilishim zarur. Busiz bo'lmaydi. Yana xato qilishni istamayman. Rezident bu gal ancha ehtiyotkorlik bilan tanish podyezd atrofida kutadi. Nima qilib bo'lmasin, jasadimni ko'rishni istaydi. Shubhasiz, kimlardir unga kemadagi ko'ngilsizliklarni aytib ulgurgan.

Hojatxonadan men emas, balki Rezidentga qo'shni bo'lib yashayotganlarning o'ttiz yoshli o'g'li chiqadi…

Tashqi ko'rinishimdagi o'zgarishni yana bir karra ko'zdan o'tkazib olish ilinjida ko'zguga boqdim.

O'zgarish ko'ngildagidek tuyulardi.

* * *

Uyga yaqinlashib kelganimda yana o'sha eski manzaraga ko'zim tushdi. O'tkinchilar orasida qo'riqchi yigitlar allaqachon atrofni aylanib kuzatuv ishlarini boshlab yuborishgandi. Qanday abjir odamlar! To men yetib kelgunimcha hamma ishni o'rniga qo'yib bo'lishibdi. Mayli, endi o'z «ota-onam»ning huzuriga kiraman. Ko'rinishimdan ular hech qachon shubha-gumonga borishmaydi. Negaki, ularning qarshisida o'z o'g'illari turgan bo'ladi.

Sekin tanish kvartira eshigi ro'parasiga kelib qo'ng'iroq tugmachasini bosdim. Uzoq kutdirishmadi. Eshikni o'rta yashar ayol, ya'ni, mening «onam» ochdi. U juda ko'hlik edi. Shu sababli ham ayolga musht tushirish gunoh. Ichkariga kirib olgach, ming bor uzr so'ragancha uni kursiga mahkam boylab qo'ydim. Og'zini ham yelim qog'oz yordamida yopdim.

— Jim o'tiring, — dedim muloyim ohangda. — asabiylashmang! Menga sizning o'limingiz ham, buyumlaringiz ham kerak emas. Faqat ba'zi qimmatbaho narsalarni uyingizdan qidirib ko'raman. U narsalarni sizgacha yashagan odamlar berkitib ketgan bo'lishlari kerak. Topsam, shu zahoti chiqib ketaman. Kelishdikmi?

Uy bekasi ma'qul ishorasini qildi. Uning o'rnida bo'lsam, men ham rozi bo'lardim.

Har ehtimolga qarshi deraza pardalarini tushirib, magnitofonni yoqdim. O'zim kirish eshigi teshikchasidan ro'paradagi Rezident yashaydigan kvartira eshigini kuzatishga tushdim. Ha, uning eshigi boshqalarnikidan deyarli farq qilmasa-da, qulflari xuddi banklarniki kabi mustahkam. Uni lom tugul, buldozer bilan ham ocholmaysiz. Mayli, kutishdan bo'lak choram yo'q. Bizning ishda vaqtning to'qson to'qqiz foizi kutishga ketadi. Kutish jarayonimda o'n yetti marotaba har xil odamlar uyoqdan-buyoqqa o'tishdi. Bir-ikkitasi eshik ro'parasida to'xtagan bo'ldi. Ammo qo'ng'iroq tugmachasini bosmasdan jo'nab qolishdi. Oradan bir qancha vaqt o'tib nihoyat eshik ochildi va tashqariga devday bir qo'riqchi hamrohligida kelishgan, go'zal bir ayol chiqdi. Buni qarang-a! Rezident qanday yashashni biladi. Shunday ayolni albatta qo'riqchisiz qoldirib bo'larmidi. Yo'q. Eh, Rezident!.. Men mabodo qo'limga bir it tutqazishsa, qanday boqishni bilmay garang bo'laman. U bo'lsa, butun boshli banditlar to'dasini ish bilan, pul bilan ta'minlayapti, ularning qornini to'ydirayapti. To'g'ri-da, mafiyalarga sotilgandan keyin qurbi yetadi!.. Mafiyachilar sotqinligi uchun yaxshi pul to'lashadi.

Sekin deraza qarshisiga bordim. Ayol mashinaga o'tirib qayoqqadir jo'nab ketdi. To'xta, balki, men adashayotgandirman? Balki, bu Rezident emasdir? Meni ahmoq qilishayotgan bo'lmasin tashkilotdagilar? Nima bo'lganda ham endi orqaga yo'l yo'q. Hammasini kuzatib, tagiga yetishim shart…

Ayol qo'riqchisi bilan bir soatlardan so'ng qaytib keldi va maxsus kalit yordamida eshikni ochishga tutindi. Ana endi payti yetdi. Men darrov tashqari eshikni ochdim-u, ovozimning boricha qichqirdim:

— Salom bekajon!..

Qo'riqchi orqasiga o'girildi. Va shu ondayoq bo'shashdi. Ha, u meni tanigandi. Yo videotasma, yo suratim orqali tanidi. Tanimasdan iloji ham yo'q. Bu uning ishi. Shu uydagilarning barchasini tanishi lozim.

— Qaerlarda yuribsiz? — hech narsa bo'lmaganday qichqirishda davom etdim men o'zimni xuddi mast odamdek tutib. — Bu yigit kim?

Qo'riqchiga bu savolim yoqmadi shekilli birdan rangi o'zgarib men tomon bir qadam tashladi. Essiz! Shu ishni noto'g'ri qildi. Yo'qsa, hozir bir zarba yeb oyoqlarim ostida dumalab yotmagan bo'lardi.

— Eshikni tezroq och! — buyurdim ayolga. — Qo'riqching sovimasdan ichkariga olaylik. — Va shu asnoda yerda hushsiz yotgan qo'riqchi yigitning cho'ntagidan to'pponchasini sug'urib oldim-u, ayol eshikni ochishi bilan tansoqchini ichkariga sudrab kirdim.

* * *

Tansoqchi hushsiz yotgan mahalda ayol bilan suhbatlashib olishim lozim edi. Lekin qanday qilib? Qo'rqitaymi? Yo'q, aksar ayollarga qo'rqitish bilan ta'sir o'tkazib bo'lmaydi. Yaxshisi, bosiqlik bilan gap boshlayman.

— Seni o'ldirish niyatidan uzoqman. — deya gap boshladim. — Shunday go'zal ayolni o'ldirish gunoh.

Shundan keyingina ayol sal bo'shashdi.

— Lekin, — davom etdim men qo'limga piska olib. — manavi narsa bilan sal tirmalayman manavi do'mboq yuzlaringni… Qo'rqma, og'ritmayman. U yer-bu yeringda chandiqchalar qolishi mumkin.

Shu gapdan keyin bir muddat unga ma'noli tikilib turdim-da, sekin siynasiga qo'l yubordim.

— Bunchayam go'zal bo'lmasa siynalaring? — dedim kulimsirab. — Xudo senga berib qo'ygan ekan-da!

Ayol bilinar-bilinmas titrayotgan bo'lsa-da, qo'llarim badaniga yoqayotganini sezib turardim.

— Xo'jayining qachon keladi? — so'radim birdan jiddiy tortib.

— Tez orada qaytib qoladi.

— Unda uy kiyimlaringni kiygin-da, choy damla! Harqalay, uyingga mehmon kelgan.

— Sizning oldingizda kiyinaveraymi?

— Albatta. Bu men uchun yoqimli kechadi.

Rezident yarim soatdan so'ng qo'ng'iroq qildi.

— Uydamisan? — so'radi u.

Bu paytda men qip-yalang'och ayolning tirnoqlarini shoshilmasdan kesar, bu garchi unga yoqmayotgan bo'lsa-da, majburan tabassum qilardi.

— Ha, — javob qildi ayol.

— Tinchlikmi hammayoq.

— Ha.

— Men o'n daqiqadan so'ng yetib boraman.

Ayol javob qilayotganda men unga oq qog'oz olib «Men bir daqiqada qaytaman» deb yozdirdim-da, stol ustiga qo'ydirdim. Shundan so'ng endi-endi hushiga kela boshlagan tansoqchi bilan ayolni qo'shni kvartiraga olib kirib, alohida-alohida kursiga o'tqazdim-da, qo'l-oyoqlarini boyladim va ichkari uyga olib kirib bir-birlariga qarama-qarshi holatda o'tqazdim. O'zim ortga qaytib kvartirani yaxshilab yig'ishtirdim. Va kuta boshladim. Aytgan vaqtida Rezident kirib keldi-yu, oshxona tarafga o'tdi. Shubhasiz, stol ustidagi qog'ozga yozilgan so'zlarni o'qidi. Ammo kiyimlarini yechib ulgurmasdan eshik qo'ng'irog'i jiringladi. Baxtga qarshi kvartiraga sheriklaridan uch nafari kirib kelishdi. Bunisi endi yomon bo'ldi. Men to'rt kishiga qarshi kurashishim kerakka o'xshaydi. Nimayam qilardim? Bu yerdan ovozsiz, izlarsiz chiqib ketishning aniq iloji bo'lmaydi.

— To'satdan kirib kelganimiz uchun uzr. — dedi ulardan biri. — Ayol qani?

— Qo'shninikida. — javob qildi Rezident. — Yarim soat laqqillashib o'tirsa kerak.

— Vaziyat o'zgarib ketdi. — dedi kelganlarning boshqasi. — Kema g'oyib bo'lgan, garovdagilar ozod qilingan.

— Yana o'shaning ishimi?

— Aniq bir narsa deyolmaymiz. Militsiyadagi o'zimizning odamlardan ma'lumot oldik. Qiziq, Tashkilot qanday chora ko'rarkin?

Bu gapni eshitib sal qursa pardaning ortidan chiqib ketayozdim. Axir, bu nimasi? Biz har bir gapimizni qandaydir sirli kinoyalar, parollar bilan aytamiz! Tashkilotdagilar shuni talab qilishadi. Bular esa, ochiqdan-ochiq gapirayapti.

— Tashkilot chorani ko'rib bo'ldi. — dedi Rezident. — Qo'shimcha taftishchilarni jo'natishdi. Men bugun shu haqda ma'lumot oldim.

— Bizning odam-chi?

— U endi hech narsa qila olmaydi. Hamma ishni rasvo qildi.

Kelganlar yalt etib Rezidentga boqishdi.

— Nima maslahat berasiz?

— Baza yaqinidagi o'rmonlarni, shaharga olib boradigan yo'llarni titkilab chiqasizlar.

— Garovdagilar-chi?

— Tupurdim ularga. Bu sizning muammoingiz. Meni anavi yaramas qiziqtiradi. Agar u yangi taftishchilargacha yetib olsa, tamom bo'ldi deyavering. Hammasini aytib qo'yadi. Chunki, biz haqimizda ko'p narsalarni bilib oldi.

Eh, yaramas Rezident! Taftishchilarni yo'q qilgani yetmay, endi aybning hammasini menga ag'darmoqchi.

— Ertaga uchrashamiz. Qolgan gaplarni o'shanda gaplashib olamiz. — dedi Rezident sheriklariga.

Men jonlana boshladim. Nahotki, omad yuz o'girmagan bo'lsa mendan?

Bu orada «mehmon»lar tashqariga yo'l olishdi. Tashqari eshik qarsillab yopildi. Rezident ortga qaytdi. Men esa, shoshilmasdim. Unga besh daqiqalar vaqt berish lozim. Mayli, mening shu yerdaligimni sezsin.

Rezident sekin oromkursiga o'tirib o'yga toldi. Men butun n og'irligimni o'ng oyog'imga berib, chapini hujumga shay qildim. Shu tobda negadir tashqari eshik qulfiga kimdir kalit solgandek bo'lib, Rezident hushyor tortdi.

— Katya, senmisan? — so'radi u o'tirgan yerida.

Eh, qanaqa Katya bo'lsin? Axir, u qo'shnining kvartirasida qo'l-oyoqlari boylangan holda o'tiribdi!

Ne ko'z bilan ko'rayki, eshik ochilib, nimqorong'ilikda uch erkak yo'lakda paydo bo'ldi. Hammalarining yelkalarida avtomat. Biri eshik oldida qoldi. Qolganlari xona tomon yurishdi.

— Tamom! — o'yladim parda ortida tosh qotib turarkanman. — Disketka ham, Rezidentning ketidan tushish ham qimmatga tushadiganga o'xshaydi. Sababi, bular baravariga o'q uzishadi. Uzganda ham tepkidan barmoqlarini olmagan holda aylanib otishadi. Endi nima qilaman? Agar shu ko'yi o'y surib turaversam, uch-to'rt soniyadan so'ng hammasi tugaydi. Xayol surishga vaqt yo'q.

Men sekingina oyog'imdagi botinkaning bir poyini yechib narigi burchakka irg'itdim. Qurollilar darhol o'sha tomonga boshlarini burishdi. Ana shunda bildimki, bular professional emas, shunchaki havaskorlar ekan. Professionallar to o'z ishlarini bajarib bo'lmaguncha boshqa narsaga e'tibor qilishmaydi. Paytdan foydalanib shundoqqina yonimda teskari o'girilib turganini tepib yubordim. U polga qulab, qo'lidagi qurol uchib ketdi. Kutib o'tirmay, juda katta tezlikda o'zimni polga otdim va qurolni qo'limga olib hali o'zini o'nglab ulgurmagan sherigiga o'q uzdim. Ikkinchi o'qim ham xato ketmadi. Ammo uchinchi marta otishga ulgurmadim. Eshik oldida turgan bandit ichkariga qarata tinimsiz o'q yomg'irini yog'dira boshladi. Men goh o'ngga, goh chapga yumalar, ba'zan allaqachon murdaga aylanib ulgurgan banditlar panasiga o'zimni olardim. Bir mahal o'q ovozlari tindi. Xonani sukunat qopladi. Asta boshimni ko'tardim-u, qotib qoldim. Tepamda menga to'pponcha o'qtalgancha Rezident turardi.

— Qurolni tashla! — buyurdi u shivirlab.

Tashlamadim. Qanday yotgan bo'lsam, shundayligimcha qolaverdim. Biroq u hamon sukut saqlardi. Xo'sh, nimani kutayapti? Nega otib tashlamayapti? Nahotki, qo'rqayotgan bo'lsa? Shu ko'yi qancha turamiz? Bir soat, ikki soat… Balki, bir kun turarmiz?

Oxiri jonimga tegdi. Qurolni mahkam ushlab asta-asta o'rnimdan turdim va epchillik bilan orqa miyasiga qo'ndoqni tiradim.

— Qo'llaringni orqaga qilib devorga suyan! — buyurdim men. — Disketani ber!

— Sen bekorga chiranayapsan. — dedi Rezident buyrug'imni bajarish asnosida. — Bir-ikki daqiqadan so'ng bu yerga qo'shimcha kuchlar kirib kelishadi. Qolaversa, tashqarida turgan haydovchim ham hammasini eshitgan. O'zingga jabr qilib qo'yma!

— Men sen o'ylagan qo'rqoqlardan emasman. Disketani ber!

— Sen bu bilan nimaga erishasan?

— Disketani ber dedim! Vey, uni kim uchun asrayapsan o'zi? Hozirgina uch birday qotilni seni o'ldirish uchun yo'llagan akaxonlaring uchunmi? Bilib qo'y, sening ittifoqchilaring yo'q endi. Har tarafdan qurshovda qolib borayapsan xolos.

— Senga hech qachon disketani bermayman!

— Unda men bilan birga ketishingga to'g'ri keladi.

Shu mahal yana eshikni kimdir kalit solib ocha boshlagandek tuyuldi.

— Ana, kelishdi. — jonlanib ketdi Rezident. — Seni ogohlantirgandim. Ixtiyoringda yaxshilikchasiga ketishing bir soniyagina vaqt bor.

— Disketani bermaguningcha hech qayoqqa qimirlamayman.

Rezident bu gapimdan so'ng kulib qo'ydi va ruxsat ham so'rab o'tirmay kursiga cho'kdi. Chunki, u hozir o'ziga qarata o'q uzmasligimni yaxshi bilardi.

Eshik ochildi. Men darhol o'zimni xona eshigi orqasiga oldim.

— Bu men! Otma! Iltimos, otma! — bu ayol kishining, aniqrog'i, men qo'shni kvartiraga boylab qo'ygan ayolning ovozi edi.

Rezident hushyor tortib men tomonga o'girildi.

— Otma, iltimos! — deya yalina boshladi u menga. Men bo'lsam, yelka qisdim.

— Disketa sandiqchada. — shivirladi Rezident va menga bir dasta kalitlarni irg'itdi. — Ular necha kishi ekan-a?

Men sekin qulog'imni ding qilib yo'lakdagi tovushlarni tinglagan bo'ldim-da, javob qildim.

— Uch kishi.

— O'rnimdan tursam maylimi?

— Faqat ortiqcha harakatlarsiz. Yo'qsa, birinchi o'q sening oyimchangga qaratiladi.

Shu gaplarni aytib ulgurmasimdanoq yo'lakda qotillardan biri to'pponchadan o'q uzdi. Ayolning ingragancha qulaganini eshitdim. Endi harakatga tushmasam bo'lmasdi. Qo'limdagi avtomatni o'qlab sekin yo'lak tarafga mo'raladim. Afsuski, shu zahoti kimdir menga qarata o'q uzdi. Yaxshiki, yotib qoldim. Bo'lmasa, o'q naq miyamga kelib tegishi muqarrar edi. Birinchi o'q ketidan ikkinchisi, uchinchisi uzildi. Men yana ikki-uch bor aylanib o'qlar yomg'irini aldagan bo'ldim va tavakkal avtomat tepkisini bosdim. Xayriyat, kimdir gursillab polga qulagandek tuyuldi.

Men shoshib orqamga o'girildim. Tepamda xuddi o'tgan galgi kabi Rezident hozirgina otilgani sabab qizib ketgan to'pponchani boshimga to'g'rilagancha tirjayib turardi.

Hayron qoldim. Axir, bu hozirgina polga qulagan dushmanning to'pponchasi! Rezident uni qo'lga kiritishga qachon ulgurdi? Nahotki, shunday katta tezlikka ega bo'lsa?..

Nima ham qilardim? Bu jangda yutqazganimni tan olishga majbur edim.

— Qurollarni yig'ib ol! — buyurdi menga Rezident. — Ketishimiz kerak.

Men itoat bilan uning aytganlarini qildim-u, ortidan tashqariga chiqdim. Podyezd ro'parasida ikkita mashina turardi. Biz ulardan birining ballonlarini teshdik-da, ikkinchisiga o'tirib jo'nadik. Albatta, bu gal ham men istagan tomonga emas, aksincha Rezident ixtiyor qilgan manzilga.

Shaharga yetgach, mashinani kichik bir ko'chalardan birida qoldirib o'zimiz avtobusga o'tirdik.

— Bitta zo'r joy bor. — dedi Rezident xotirjam ohangda. — O'sha yerda uch kun o'tirib turamiz.

Men undan baribir gumonsirardim. Tutayotgan ishlari mening foydamga emas deya baholagim kelardi. Ammo yuz ko'rinishiga qaraganim sayin bu fikrimdan qaytishga va shoshilmaslikka intilardim.

Avtobusdan qaerdadir tushib elektrichkaga o'tirdik. Bir-ikki chaqirim yo'l bosganimizdan keiyn esa, kichkinagina uy oldida tushib qoldim.

— Bu tanishimning dala hovlisi. — tushuntirdi menga Rezident. — Bu yerni hech kim bilmaydi.

Ichkariga kirgach, Rezident shkafni ochib u yerdan non va konserva oldi. Lekin negadir to'pponchasini mening shundoq ro'paramga qo'ydi. Bundan payqadimki, u yana yangi o'yin boshlamoqchi.

Qiziq. Buyog'i qanday kecharkin? Rezident mening savollarimga javob berarmikan? O'zini qanday tutadi?

Qarangki, u hali savol bermasimdan turib barchasiga javob berib qo'ya qoldi.

— Men senga bu yerdan ketishingga yordam beraman. — dedi u. — Qolaversa, Tashkilotimizni, meni va nihoyat o'zingni taniydigan odamlarning ismi-shariflariniyam beraman.

Ana shunisi menga juda kerak edi. Chunki, prokuror deganlari menga ham eng shafqatsiz jazo tayinlanishini talab qilardi. Shunday ekan, men o'zimni o'sha jazodan qutqarish, hayotimni saqlab qolish uchun kurashishim zarur. Agar u odamlar tirik qolishsa, Tashkilot meni ham, Rezidentni ham yo'q qilishi aniq.

Kechqurun Rezidentning qo'lidan konteynerni oldim-u, dala hovlini tark etdim.

* * *

Ketayotib, ortimga o'girildim-u, deraza qarshisida o'tirgan Rezidentga nazar soldim. U shu o'tirishda xuddi keksarib, dunyodan charchagan kampirni eslatardi. Umrida ilk bor sira shoshilmayotgandi u. Hozir meni ham hayratda qoldirib qurshovda ham, poezd kupesida ham emas, aksincha oddiy kursida xotirjamgina o'tirardi. Agar yaqin kelajakda bo'lishi kerak ishlarni hisobga olmasa, buni haqiqiy dam deb aytish mumkin. Rezidentning hisob-kitobi bo'yicha dushman deb atalmish jinoyatchilar guruhi dala hovliga besh-olti soat ichida yetib kelishlari lozim. Lekin Rezident bu uchrashuvdan sira qo'rqmaydi. Bu taxlit uchrashuv, qarama-qarshiliklarning ko'pini ko'rgan.

Uni ham tushunsa bo'lardi. Negaki, katta bir mafiyachilar guruhini fosh etish maqsadida yollagan agenti ishonchini oqlamadi. Agent mafiyachilarning tuzog'iga ilindi. Katta pul, yaxshi ovqat, shohona uy-joylar uning ko'zini ko'r qilib qo'ydi. To'g'ri, agent ham tashkilotdagi boshqa xodimlar kabi halol, to'g'ri so'z yigit edi. Agar ish bir haftada yakun topganda balki o'z vazifasini a'lo darajada uddalagan bo'lardi. Afsuski, operatsiyaning oylarga cho'zilib ketishi Rezidentning zarariga hal bo'ldi. Agent sotilib qoldi. Endi esa, hammasini qaytadan boshlamasa bo'lmaydi. Buning uchun bugungi tashrif buyuradigan dushmanlar bilan kurashishi shart.

Banditlar kechqurun to'rtta mashinada dala hovli ro'parasida paydo bo'lishdi.

— Vey, gaplashib olishimiz kerak, eshitayapsanmi? — qichqirdi ulardan biri.

— Kerak bo'lsa, o'zing kiraver! — javob qildi Rezident ichkaridan turib.

— Hadeb o'zingni bozorga solavermasang-chi! Bizning ixtiyorimizda uch daqiqagina vaqt bor. Chiq!

— Kelaver, yaqinroq kel! — o'zicha shivirladi Rezident avtomatni o'qlab. — O'qlarim hammangga yetadi.

— Bo'pti, chiqmasa chiqmas! — dedi bandit sheriklariga qarab. — Boshlanglar!

Shu gapdan so'ng daraxtzor orasidan ikkita buldozer chiqib kelib dala hovli darvozasi yonida to'xtadi.

— Oxirgi marotaba ogohlantirayapman! — yana qichqirdi bandit. — Chiqmasang, yer bilan yakson bo'lasan!

— Shunaqami? — o'ziga o'zi dedi Rezident. — Meni traktorlar ostida yanchib tashlamoqchimisanlar? Yaxshi, kelishdik.

U shunday dedi-yu, cho'ntagidagi to'pponchani chiqarib o'qladi va peshonasiga tiradi.

Oradan ko'z ochib yumgunchalik vaqt o'tmay buldozerlar dala hovlining devorlarini buzgancha ichkariga qarab yurishdi. Shu bilan bir vaqtda esa, Rezident tepkini bosdi…

Xullas, bu jangda Rezident bironta ham dushmanni yo'q qila olmadi. Asir ham tushmadi. Asirlikdan ko'ra o'z joniga qasd qilishni afzal topdi.

— Murdani albatta topinglar! — sheriklariga buyurdi bandit yakson qilingan dala hovliga ma'noli boqarkan. — Yerning ostidan bo'lsayam topinglar!

* * *

Dala hovlini tark etganimda men Rezidentning qanday o'lishini bilmasdim. Faqat bir narsa menga ayon edi. Uning uchun bu yorug' dunyoning umuman qizig'i qolmagan. Na ittifoqdoshlari bor, na do'stlari. Hammasidan judo bo'lgan. Faqatgina dushmanlarigagina kerak. Ular ham Rezidentni behuda emas, o'ldirish uchungina qidirishadi. Men bo'lsam, baribir undan mamnunman. Chunki, menga barcha kerakli narsalarni, familiyalar, mafiya kattalarining manzili, shaxsiy konteynerigacha berdi. Hech narsani ayab o'tirmadi. Lekin men unga yordamga bora olmasdim. Hatto bor ovozda chaqirsa ham qayrilib qaramasdim. Sababi oddiy. Oldimda hali ko'p kurashlar, qiyinchiliklar turibdi. Men o'z burchimni to'liq bajarganim yo'q. Maqsadimga yetish uchun olg'a borishim lozim.

Rezident aytgan joydan konteynerni olgach, barcha narsalarni sport sumkamga joyladim-da, shaharga jo'nadim. Shaharning uchta tumanidan uchta kvartirani ijaraga oldim. Uchchala kvartira ham ikkinchi qavatdan. Zarur bo'lganda, tashqariga deraza orqali sakrab tushib keta olish uchun shunday qildim. Qolaversa, barcha podyezdlar ikki eshikli. Ham kirish joyi, ham uyning orqa tarafiga chiquvchi eshiklar. Bu navbatdagi operatsiya uchun muhim edi.

Asosiy yashash joyim sifatida shahar markazidagi to'rt xonali kvartirani tanladim. Negaki, bu kvartira oynalari shahar ichki ishlar boshqarmasi binosi bilan ro'parama-ro'para. Banditlar bu yerda ochiqchasiga otishma tashkil eta olishmaydi.

Uch kungacha xuddi mushuk go'sht atrofida aylangandek o'zim uchun muhim hichoblangan besh mafioz yashaydigan tumanlarda daydib yurdim. Topografik rejalar tuzdim, turli kirish-chiqish joylarini chamalab ko'rdim. Uchinchi kecha so'ngida esa, o'sha besh mafiozni o'ldirish usullari haqida bosh qotirdim.

Birinchi «mijoz»im ayni shu kunlarda kvartirasini ta'mirlatayotgan ekan. Mana shu fursatdan foydalanib qolishim shart. Xuddi o'zimni shu mahallada yashaydigan qo'shnilardek tutib ta'mir uchun javobgar brigadirga uchrashdim.

— Bilasizmi, bugun-erta men uylanishim kerak. — dedim unga. — Mehmonlar kelishadi. Manavinaqangi bo'yoqlar yerda yotsa, ta'mirlab tursalaring, xunuk ko'rinadi. Keling, ikki kunga ta'mirni to'xtatib, boshqa podyezdda ishlab turing. Men vaqt yo'qotganingiz uchun haqini to'layman.

— Bo'pti, — javob qildi brigadir. — tushunaman. O'zim ham bir paytlar uylanganman. Xavotir olmang, aytganingizdek bo'ladi.

Bu ishni qoyillatgach, ikkinchi «mijoz»ga o'tdim. U qadar kuchli tayyorgarlik shart emasligini aniqlaganimdan so'ng uchinchisi tomon yo'l oldim. Uchinchi «mijoz» mashina jinnisi ekan. O'zining yap-yangi chet el mashinasi borligini bildim. Katta tezlikda mashina haydashni xush ko'rarkan. Ayni muddao. «Baxtsiz tasodif» tufayli halok qilish mumkin.

Bu shaharda ham boshqa yerdagi kabi tunda yolg'iz yurish xavfli edi. Yolg'izliging har qanday o'tkinchining e'tiborini tortadi. Gumonini oshiradi. Biroq men bunisiga ham oldindan tayyorgarlik ko'rib qo'yganman. Mabodo bezorilar yo'limni to'sishsa, ortiqcha shovqin ko'tarilmasligi uchun yonimda anchagina pul olib yuraman. Agar pul ham ularning ko'nglini to'ldirmasa, cho'ntagimdagi «Makarov» to'pponchamni o'qtalib qo'rqitishga majburman. Militsionerlarga duch kelsam, tergovchilik guvohnomasi tayyorlab qo'yilgan. Muhr va shunga o'xshash narsalarni Rezidentning konteyneridan olganman. Ana endi bemalol ko'cha kezib ish olib borsam bo'laveradi. Guvohnomani ko'rgan militsionerlar meni bezovta qilmaygina qolmay, yaqindan yordam berishga majbur bo'lishadi.

Men to'ppa-to'g'ri mashinalar turadigan joyga keldim-da, qorovulga guvohnomani ko'rsatib ichkariga kirdim. Maqsadim mashinalarni ko'zdan kechirib olish edi.

Sizning qiladigan ishingiz yo'qmi? — so'radim zarda aralash ortimdan ergasha boshlagan qorovuldan. U tushunib darhol o'z joyiga qarab yo'l oldi. Men mashinalarni kuzatib chiqib o'zimga keraklisini topdim. Uyoq-buyog'ini tekshirgan bo'lib turgach, ostiga portlovchi modda yopishtirdim. Shundan keyingina bu joyni tark etdim.

* * *

Endigi ishim ta'mirlanayotgan uydan sal nariroqda yashaydigan ikkinchi mafiozni tinchitish edi. Uning ertalablari ich kiyimda yugurishga havaskor ekanini bilib erta tongdayoq tashqariga chiqishini poyladim. Nihoyat u yonida tansoqchisi bilan podyezddan chiqdi. Men darhol o'zimni panaga oldim. Qaytib kelib eshigi tutqichiga qo'l yuborganda esa, cho'ntagimdan sigaret qutisi chiqardim. Aslida bu sigaret qutisi emas, balki, maxsus distansion boshqaruv qutisi edi. Ichidagi «sigaret» donasini mahkam ezilsa, bas, kuchli portlash sodir bo'ladi.

Shunday qildim. Tutqichga qo'l yuborgan mafioz kutmagandi. Eshikka maxsus plastik mato yopishtirilganidan bexabar edi. Men tugmachani bosganimda mato ovozsiz portlab ikkalasini ham yerga qulatdi.

* * *

Bu galgi o'ljani qahvaxonada kutishimga to'g'ri keldi. Qovrilgan kolbasaga buyurtma bergandim. Muddati o'tib ketgan ekanmi, badbo'y hid kelardi. Yeyishga majbur bo'ldim. Birinchidan qornim och, ikkinchidan, shu qahvaxonaning oynalari, kirish eshigi menga yoqib qoldi. Shu sababli oshqozonimni kasalga yo'liqtirib olishdan ham qo'rqmay, kolbasani paqqos tushirdim. Bir mahal tashqariga men kutayotgan odamning mashinasi kelib to'xtadi. Endigina ichmoqchi bo'lgan choy to'la stakanni stol ustiga qo'ydim-u, tashqariga otildim. Ha, mashina har kuni kelib to'xtaydigan yerida ekan. Endi mafioz mashinadan tushib o'z podyezdigacha ellik metrlar piyoda yurib boradi.

Men mashina ro'parasiga borganda, birdan to'xtab tomog'imni changallagancha engashib oldim. Yegan kolbasalarim ko'nglimni aynita boshlagan, shu lahzalarda qusib yengil tortmoqchi edim. Ammo tansoqchi menga xalal berdi.

— Eh, sassiq, yo'qol bu yerdan! — u meni itarib yubordi.

Shu zahotiyoq nari ketdim. Ammo ortga qaytishni ham unutmadim. Gavdamni bazo'r rostlagancha mafiozga yaqin borishga erishdim va barmoqlarim orasidagi ingichka zaharli ignani kiyimlari osha bilagiga tiqdim. U og'riqqa chidolmadi shekilli, meni itarib tashladi. Unga tansoqchi qo'shimcha qilib boshim aralash musht tushirdi. Shunda ham ko'nglim xotirjam edi. Endi jang maydonini sekin tark etsam bo'ladi. Men yutdim. Maqsadlarimdan biriga erishdim.

Ha, o'ylaganimdek, mafioz uch soatdan so'ng yurak xuruji tufayli olamdan o'tdi. Vaholanki, uning yuragi hech qachon og'rimagan ekan.

* * *

To'rtinchi mafiozni boshqacharoq yo'l bilan tinchitishimga to'g'ri keldi. O'zim oldindan u yashaydigan ko'p qavatli uyning tomiga chiqiladigan eshik qulfini buzib qo'ygandim. O'sha yerdan chiqib ventilyatsiya trubasi ichiga ingichkagina, uzun trubkani tushirdim. Bu aslida kamera bo'lib, to'g'ri mafiozning kvartirasi ichidagi hojatxonaga tushardi. So'ngra monitorni yoqdim. Endi kutish kerak. Ertami-kechmi, baribir hojatxonaga kirishi kerak. Yarim soatlar kuzatganimdan keyin hojatxonaga xotini bo'lsa kerak, ayol kishi kirdi va unitazga o'tirdi. Uf-f!.. Qancha kutish mumkin u yaramasni?.. Yo'q, uzoq kutdirmadi. Ayol chiqib ketgach, oradan o'n daqiqalar o'tib nihoyat u paydo bo'ldi. Chamasi, anchadan beri hojat chiqara olmay qiynalayotgan shekilli, nuqul inqillar, yo'lakda turib qachon chiqishini so'rayotgan xotiniga ham e'tibor bermasdi. Xo'sh, nima qilish lozim? Men truba orqali zaharli gaz to'ldirilgan ballonchani tushirdim. Bu unga yordam berishi kerak. Agar gazning ozginasi tashqariga tarqalsa ham, mening ishim muvaffaqiyatli tugashi aniq.

Men uning gaz hidi tarqalgach, qay ahvolga tushganini monitor orqali ko'rdim. Mafioz o'tirgan yerida qotib qolgandi.

— Tezroq chiqmaysizmi? — qichqirardi xotini yo'lakdan turib. — Eshitayapsizmi, qachon chiqasiz, axir?

Afsuski, u endi qaytib chiqmaydi. Ruhi allaqachon yerni tark etib, arshi a'loga yo'l olib ulgurgan.

Ish bitganiga amin bo'ldim-u, shosha-pisha kamera, monitorlarni sumkaga joylab pastga tushdim. Endi iloji boricha tezroq harakatlanishim zarur edi. Eh, qaniydi yo'limda biro mashina uchrasa-yu, haydovchisini itqitib tashlab manzil tomon o'qday uchsam! Baxtga qarshi, katta ko'chada bironta ham mashina ko'rinmasdi. Yugurib ketishga majbur bo'ldim.

Balo kutilmaganda kelishi rost ekan. Chorrahaga yetganimda, qaerdan paydo bo'ldi, bilmayman, qandaydir «Uazik» orqamdan kelib chunonam urdiki… Bir tarafga uchib ketdim.

* * *

Hushimga kela boshlaganimda o'nlab odamlar tepamda turishganini ko'rdim.

— Sumkamni beringlar! Beringlar! — deya ingranardim. Javob bo'lavermagach, jonholatda o'rnimdan turib yo'l chetida aylangancha disketa solingan sumkamni qidira boshladim.

— Unga yordam berish kerak! — derdi kimdir yelkamdan ushlab. — Hushi joyida emas!

Baribir odamlarning orasidan chiqishga erishdim. Albatta, sumkamni qo'ltig'imga qisgancha.

Endi qanday bo'lmasin, bu olomondan uzoqroq ketishim shart edi. Agar vrach chaqiradigan bo'lishsa, tamom! Ular birinchi navbatda hujjat talab qilishadi. Yo'q, bunga yo'l qo'ya olmayman.

Yugurgancha duch kelgan tarafga qarab ketdim. Nihoyat ko'p qavatli uylardan biri ro'parasiga yetganda biroz nafas rostlagan bo'ldim. Xayriyat, odamlar qolib ketishdi. Faqat chap oyog'im jiddiyroq jarohatlangan shekilli, simillab og'rirdi. Bu taxlit katta ko'chada turaverish ham xavfli. Qarshimdagi podyezdga kirib ikkinchi qavatga ko'tarildim va eshiklarni birma-bir taqillata boshladim. Baxtga qarshi, hech kim eshik ochmadi. Uchinchi qavatga chiqdim. Omadim kelib kvartiralardan biri shunchaki qulflanmasdan muhrlab qo'yilgan ekan. Eshikni ochib ichkariga kirdim. Mana shu yerda yuvinib, kiyimlarimni tartibga keltirdim va shundan keiyngina o'z kvartiramga yo'l oldim. Endi vaqtni behuda o'tkazishga haqqim yo'q edi. Ob'yekt yaxshi ko'rinadigan deraza qarshisiga suratkashlarning oyoqli uskunasini eslatuvchi maxsus tekshiruv asbobini o'rnatib kuzata boshladim. Xudoga shukr, uzoq kutmadim. Ob'yekt uy chirog'ini yoqib esnagancha xonaning uyog'idan-buyog'iga yura boshladi. Eh, mafioz bo'lish ham xavfli! Ularning hayoti juda qisqa bo'ladi. Nimayam qilardim? Burchimni ado etmasam bo'lmaydi. Qo'limga avtomatni oldim-u, uni nishonga oldim. Afsuski, birinchi marotaba o'qim nishonga tegmasligi ma'lum bo'lib qoldi. Ob'yekt kutilmaganda panaga o'tib o'rindiqqa o'zini tashladi.

Endi kutishdan o'zga choram qolmadi. Chunki, mening qo'limda atigi avtomat. Bu qurol bilan devorni teshib bo'lmaydi. Aksiga olgandek, u o'rnidan turay demasdi. Magnitofonni yoqib, qo'liga gazeta jurnallarni olgancha bamaylaxotir varaqlash bilan band edi.

Shu payt men joylashgan kvartira eshigi qattiq taqillay boshladi. Kimlar kelishi mumkin? Ohista eshik ro'parasiga kelib tashqariga quloq tutdim. Tashrif buyurganlar kamida to'rt-besh kishi edi. Ular bo'ralab so'kinishar, baqirishar, oyoqlari bilan eshikni tepishardi.

Xo'sh, endi nima qildim? Agar o'q uzadigan bo'lsam, qo'shnilar xabar topadi. Ko'ribsizki, militsiyaga kimdir xabar berib yuboradi. Yo'q, yaxshisi, oynadan pastga bir amallab tushaman-u, berkinaman. Hoynahoy, bular mafiozning odamlari. Yo'qsa, kutilmaganda, bostirib kelishmasdi. Demak, mening payt poylayotganimni biladi. Lekin qanday qilib?

O'ylab o'tirishga fursat yo'q. Avtomatni yelkamga osdim-da, jonholatda derazani ochib pastga shundoq yonginamdan o'tgan trubaga osilgan ko'yi pastga tusha boshladim. Bilmayman. Yerga oyoq qo'yib ulgurdim, yo ulgurmadim. Aniq bir narsani bilamanki, podyezd ro'parasida mashina turgandi.

— Tez mashinaga o'tir! — kimdir orqamdan kelib boshimga to'pponcha tiradi.

Ehtiyotkorlik bilan orqaga o'girilishga urindim. Qarshimda to'rt nafar barvasta-barvasta yigitlar avtomat ushlagancha menga sovuq tikilib turishar, beshinchisi, orqamda boshimga hamon to'pponcha tirab turardi.

— Tez bo'l! — buyurdi orqadagi.

Itoat etishga to'g'ri keldi. Sekin mashinaning orqa eshigini ochdim.

— Yo'q, rulga o'tirasan. — deya shivirladi menga orqadagi yigit atrofga bir-bir alanglab olib. — Rulni boshqarasan!

Obbo, endi buyog'i qanchadan tushdi. Nega meni rulga o'tqazib qo'yishdi? Kimlar o'zi bular?..

— Mashinani katta tezlikda, biz aytgan tarafga haydaysan. — deyishdi menga motorga o't qo'yishim bilan.

— Sigaret cheksam bo'ladimi?

— Bo'ladi. Faqat bizgayam berasan.

Cho'ntagimdan bir quti sigaret chiqarib bir qo'lim bilan hammalariga ulashgan bo'ldim. Yigitlar shundan keyingina qo'llaridagi qurollarni yonlariga qo'yishdi.

Ular bilishmasdiki, sigaretlar orasida maxsus tanlangan donalar bor. Ular portlovchi moddalar. Professional emasliklari shu yerdan ham ma'lum.

Men yana payt poylardim. Katta tezlikda svetoforning qizil chirog'idan o'tib ketganimdan so'ng orqadagi yigitlardan biri buyurdi.

— Chapga bur!

Chapda torgina, deyarli kimsasiz ko'cha mavjud edi. Ana shu yer qulay! Endi «sigaret»larni harakatga keltirsam ham bo'ladi. Bir qo'llab quti ichidan o'sha sigaretlardan birini oldim-da, sekin gugurt yoqib tutatdim va kutilmagan harakat bilan orqa o'rindiqqa qarab irg'itib yubordim. O'zim esa, rulni qo'yib yuborib eshikni ochdim-u, pastga sakradim. Shu zahoti mashina salonida kuchli portlash sodir bo'ldi…

Yigitlar baqirishga ham ulgurishmadi chog'i…

Men olov ta'qibidan qochib ancha yergacha chopib bordim va jonim omon qolganiga yana bir bor amin bo'lib to'xtadim. Endi yaqin oradagi o'rmon orqali imi-jimida qaytadan shaharga yetib olishim lozim edi.

* * *

Men buyog'iga qanday yo'l tutishni bilmay qolgandim. Mana, navbatdagi urinishim ham ish bermadi. Shu ko'yi ish tutaveradigan bo'lsam, mafiozlarni yo'q qila olmayman. Boshqacharoq, ish beradigan yo'lini topishim kerakka o'xshaydi. Xo'sh, nima qilaman? Yo harbiy samolyotlardan birini o'g'irlab qochib o'sha yaramaslarning uyiga bombalar yomg'irini yog'diraymi? Harqalay, bizni kursda harbiy samolyotlarni boshqarishga o'rgatishgan. Yo'q, buning ham foydasi bo'lmaydi. Oxir-oqibat o'zim tashkilotimizning ta'qibiga uchrayman. Ha, yaxshisi, pionerlar uyiga boraman. U yerda astrologlar to'garagi bo'lishi kerak.

Shhar xiyobonida sayr qilgan bo'lib avval maqsadimga aniqlik kiritib oldim. Ha, u yerga go'yoki ilmiy-ommabop jamiyatning vakili bo'lib boraman. Galaktikalardan birida qora soya kuzatilgan-u, men o'shani ilmiy asoslab olish niyatida shaharga jo'natilganman. Menga teleskop juda zarur.

— Afsuski, bizda ish beradigan teleskopning o'zi yo'q. — yelka qisdi to'garak rahbari. — Bolasi tushmagurlar hammasini bo'zib tashlashgan. Birontasiyam ishlamaydi.

— Menga ijaraga berib tursangiz bas. — dedim unga. — Har bir kun uchun ellik foiz ustamasi bilan haq to'layman. Kerak bo'lsa, o'zim ta'mirlab ham olaman.

Rahbar bu gapimni eshitgach, darrov rozi bo'ldi. Men bu yerdan o'n beshta durbin va yettita teleskop topishga erishdim.

Shundan so'ng men o'zim uchun kerakli uyga yetib bordim va uy-joylar boshqarmasi boshlig'ini men uchun tomni ijaraga berishga ko'ndirdim. Albatta, buning evaziga ikkita kvartirani, podyezdlarni bepul ta'mirlab berish majburiyatini zimmamga oldim. Shunga qo'shimcha, kassaga talab qilingan pullarni ham topshirdim. Ko'cha supuruvchilar ham yaxshigina pul evaziga teleskoplarni ta'mirlatib berishdi. Ana endi ish bitdi. Kuzatuvni boshlasam ham bo'ladi. Teleskoplardan birini o'zimga ma'lum bo'lgan ob'yektga to'g'rilab o'rnatdim. To'g'ri, bu masofadan o'q uza olmayman. Naf chiqmaydi. Ammo bemalol ob'yektni kuzatish imkoniga egaman.

Tun cho'kdi. Uyning pardalari yopiq. Hovlida qo'riqchi aylanib yuribdi. Begona odamlar ichkariga kirganlari ham, tashqariga chiqqanlari ham yo'q. Sukunat.

Tong otdi. Qo'riqchi hamon hovlida kezish bilan band. Qandaydir yengil avtomobil kelib to'xtadi. Qo'riqchilardan biri mafiozning itini sayr qildirishga chiqdi.

Shu ko'yi bir necha kunni kuzatish bilan o'tkazdim. Mafiozning uyiga deyarli hech kim kelmasdi. Asosan qo'riqchilar kirib-chiqib turishardi xolos.

Bu turishda ham hech narsaga erishib bo'lmaydiganga o'xshab qoldi. Chunki, ochiqdan-ochiq mafiozning darvozasiga yaqin borib bo'lmaydi. Qo'riqchining yonidagi it yo'l bermaydi. Nima qilsam ekan? Men ham bozordan it sotib olaymi? Balki, shu yo'l bilan qo'riqchini chalg'ita olarman?

Shu kuniyoq kuzatuvni yig'ishtirib bozorga yo'l oldim va mafioznikidan qolishmaydigan doberman sotib oldim. Ana endi bemalol hovliga chiqib qo'riqchiga yaqinlasha olaman.

Shunday qildim ham. Itni bir-ikki kun tomda ushlab o'zimga o'rgatib olgach, ishonch bilan hovliga chiqdim. Mafiozning itiga ko'zi tushgan doberman o'sha yoqqa qarab chopdi.

— Mumkinmas! — qichqirardim men. — Orqangga qayt!

Menga qo'shilib qo'riqchi ham baqirardi. Ammo itlar bizga quloq tutib o'tirmay, uyning narigi burchagiga qarab chopib ketishdi.

Men xotirjam edim. Sababi, itimning bo'yniga kichkinagina uskuna o'rnatilgan. U har qirq soniyada cho'ntagimdagi axborot qabul qiluvchi moslamaga signal jo'natib turadi.

Itlar ko'z ochib yumguncha bizdan uzoqqa ketib qolishibdi. Men zir yugurib ularni izlashga tushdim. Qarangki, to'rt kvartal nariga borib bir-birlarini yalab-yulqashayotgan ekan. Shu yerda birinchi qiladigan ishimni belgiladim. Mafiozning itini o'ldirishim kerak edi. Hech kim yo'q joyga o'tib cho'ntagimdagi gugurt qutisiday keladigan maxsus to'pponchaga ovoz pasaytirgich o'rnatdim va itga qarata o'q uzdim. Bu ish men uchun qiyin emasdi. Faoliyatim davomida qancha odamlarni o'ldirdim. Hech qachon achingan emasman. Qolaversa, bu it dushmanimga tegishli.

Itning jasadini pana-pastqamlar orqali o'zim ijaraga olgan kvartiraga olib keldim. Vannaxonaga olib kirdim-da, ichak-chavoqlarini olib tashlab, o'rniga portlovchi modda joylashtirdim. Ularning yoniga portlovchi moddaga qo'shimcha kuch bag'ishlashi uchun bir dunyo mayda mixlarni ham qo'shib so'ngra yorgan yerimni boshqatdan tikib chiqdim. So'ngra jag'ini ham yorib u yerga mikrofon o'rnatdim. Hamma ish bitgach, itni tarozida tortib ko'rdim. Hammasi joyida. It tirikligidagi vaznini yo'qotmabdi.

Uni o'zim hamon darvozasidan ichkariga kira olmayotgan mafiozning uyidan uch yuz metrlar narida qoldirdim. Itning jasadini ikki soatlardan keyin topishdi. Ikki qo'riqchi sudraklagancha hovliga olib kirishdi. Eh, hammasini to'g'ri hisob-kitob qilgan ekanman! Negaki, itni xo'jayinga ko'rsatmasda hech qachon ko'ma olishmaydi.

Ishimning natijasini kutib o'ntalar uy naridagi avtobus bekatida turaverdim. Xuddi avtobus kutayapman-u, kelavermaganidan bezovtalangan kabi tez-tez atrofga javdirab qo'yyapman. Nihoyat qulog'imdagi eshitish moslamasidan tanish ovoz keldi.

— Eh, seni qaysi yaramas bu ko'yga soldi?

Bu mafiozning ovozi edi.

Men mafioz kaftlari bilan itning tanasini silaganini, mikrofonga ko'z yoshlari tomchilaganini, tansoqchilarning afsus aralash oh torta boshlaganlarini aniq eshitdim.

Oradan hech qancha vaqt o'tmay, men kutgan hodisa ro'y berdi. Kuchli portlash… Baqir-chaqirlar… Ingrashlar…

Xayriyat, mafioz navbatdagi iflos ishlarini amalga oshirishga ulgurmadi. Unga baland-baland, mustahkam devorlari ham, o'nlab tansoqchi, qo'riqchilari ham yordam bera olishmadi.

Qiziq. O'z vazifamni ado etgach, xursand ham, xafa ham bo'lmadim. Xuddi hissiz odamdek manzil tomon ketib borardim.

* * *

Yaratganga beadad shukr, navbatdagi topshiriqni ham ko'ngildagidek ado etdim. Ko'pchilikni hoynahoy mafiya balosidan xalos qildim. Galdagi vazifam ortga qaytish haqidagi tashkilotning buyrug'ini kutish edi. Yana o'n soat sabr qilsam, albatta maxsus aloqa qutisiga o'sha buyruq kelib tushadi. Shundan so'ng yorug' yuz bilan boshliqlarning oldiga jo'nayman.

Nihoyat kutilgan onlar yaqinlashib men aloqa qutisini ochdim va ichidan konvertni sug'urib oldim. Ochib o'qiganimda, ne ko'z bilan ko'rayki, menga taftishchilar brigadasi tarkibida bo'lgan «kurator» bilan uchrashishga buyruq berilibdi. Manzil, familiya, aloqaga chiqish yo'llari…

Kayfiyatim tushib ketdi. Axir, agentning ortga qaytishini qoldirish yaxshilikka olib kelmaydi! Uni oldinda nimalar kutayotganini yolg'iz Xudoning o'zi biladi. Bu navbatdagi baxtsiz hodisami, yo boshqa bir ko'ngilsizlikmi, o'zimcha fol ochishga ham ojizman. Buni faqat tashkilotdagilar bilishadi.

Aytilgan vaqtda men o'sha joyga yetib bordim. Kirishim lozim bo'lgan kvartira eshigi ochiq edi. Yo'lakka kirib kiyimlarimni yechdim. Bu lahzalarda men o'zim uchrashishim zarur deb hisoblangan odamni ko'rmasligim, u ham meni ko'rmasligi shart. Bu ham tashkilotning qoidalaridan biri. Mehmonxonaga kirdim-da, stol ustiga maxsus qo'yilgan «shlem»ni boshimga kiydim. Undan faqat ko'zlarimgina ko'rinib turardi. Oradan hech qancha vaqt o'tmay, o'sha kimsa orqamdan kelib stol ustidagi ikkinchi «shlem»ni kiydi va menga savol tashlay boshladi.

Albatta, ovoz o'zgartirib olingan.

— Xayrli kun!

— Kun kimga qanaqa.

— Sizga bir necha savol berishimga to'g'ri keladi.

— Toshingni ter.

— Bu yerga kelgan kuningiz va vaqti…

Xullas, u menga juda ko'plab savollar berar, men ularga qo'rqmasdan, tap tortmasdan javob berardim. Sezib turardimki, u meni o'z savollari bilan boshi berk ko'chaga olib qo'ymoqchi. Shundan keyingina hushyor torta boshladim. Yo'q, bu yerdan tirik chiqib ketish uchun haqiqatni gapirishim kerak. Oxiri nima bo'ladi, buni bilmayman. Umuman, endi menga baribir. Nima bo'lsa bo'lar.

O'sha… Samolyot voqeasidan boshlab, hamma-hammasini oqizmay-tomizmay ortimda turgan suhbatdoshga gapirib berdim. Nuqta-verguligacha qoldirib o'tirmadim. Qisqasi, yana tavakkal qildim.

— Shumi? — so'radi u nihoyat.

— Hozircha shular.

— Keyingi uchrashuvimiz yetti soatdan so'ng bo'ladi. Manzil va aloqa ko'rinishi o'sha maxsus aloqa qutisida.

Quloqlarimga ishonmadim. Nahotki, meni qo'yib yuborayotgan bo'lsa? Tiriklay-a? Qiziq.

E, yo'-o'q, bu yerda boshqa gap bor. Tag'in bu kimsa mening hayotimga rahna solmoqchi. Mendan bor gapni bilib oldi-yu, tashkilotdagi maxfiy sheriklari bilan birgalikda meni yo'q qiladi va ko'ribsizki, o'zicha qahramon bo'ladi. Demak, nimadandir manfaatdorligi bor. Balki, bu nusxa ham mafiyaga sotilgandir… Shu sababli ham yetti soatdan so'ng yana uchrashuv belgiladi. Mana shu yetti soat mening o'limim bilan tugashi aniqqa o'xshaydi.

Eh, «kurator», meni ahmoq deb o'ylagan bo'lsang, adashasan!.. Niyatingga yeta olmasligingni ko'nglim sezib turibdi. Yaxshisi, tezroq yo'lga otlanishim-u, ikki ming chaqirim yo'lni bosib o'tib Moskvaga yetib olishim lozim. Ana shunda hammasi yaxshi yakun topadi. Tashkilotga bemalol, xotirjam hisobot beraman. Undan keyin esa, o'zim uchun ma'lum vaqt bo'lsa-da, hordiq e'lon qilaman!

Men bu kvartiradan eson-omon chiqib olgach, shoshilinch yo'lga otlandim.

Afsus… Bundan keyin ham bir talay muhim topshiriqlarni muvaffaqiyatli ado etdim. Lekin… Bugunga kelib shuncha yil tortgan azoblarimning azobini tortyapman.

Saraton xastaligiga uchrabman. Shuncha xavf-xatarga chap bera olibman-u, saratonga chap berish kerak bo'lganda, ojiz qolibman.

Sezaman, bilaman, idrok etaman. Ota-onam ham allaqachon yorug' dunyoni tark etib boqiy dunyoning jannatida osoyish topishgandir. Men ham nari borsa bir-ikki oy yashasam kerak. Lekin ular bilan uchrashish nasib qiladimi-yo'qmi, bilmayman. Hozirgi ishim bu to'g'rida bosh qotirishdan iborat emasligini ham yaxshi bilaman. Shu tobda tavba, tavba va yana tavbalar qilib, gunohlarim uchun Yaratgandan avf so'rashim zarur.

Sizga Olloh uzoq umr bersin, birodar!

(Tamom)

Olimjon HAYIT

O‘xshash hikoyalar