Professional uchun taftishchilikdan yomonroq kasb bo'lmasa kerak. Kutilmaganda hech qanday ogohlantirishsiz Markazga chaqirishadi-da, xuddi o'zingga o'xshagan bittasini taftish qilish uchun jo'natib yuborishadi. Keyingi ishlaring, hatto, hayoting ana shu topshiriqni qanday uddalashing bilan bog'liq bo'lib qoladi. Sen qaysidir agentning ishini tekshirayapsanmi, yo o'zingni taftish qilishayaptimi, bilmaysan. Bizning tashkilot esa, bundaylarning haqiqiy ustasi desa bo'ladi. Xohlagan josusni tanlaydi-da, qaysidir kasb egasi ko'rinishida noma'lum tarafga jo'natadi. Buyruq, shubhasiz, muhokama qilinmaydi.
Soat o'nda kelasan deyildimi, kelasan! Vaqt ketdi.
Kelganingdan so'ng topshiriq ko'rsatilgan konvertni imzo chekib qabul qilib olasan. Maxsus xonaga o'tasan, o'qiysan, o'rganib chiqasan. Hammasini yodingda saqlab qolgach, konvertni yoqib, kulini yana maxsus savatchaga solasan. Xudo ko'rsatmasin, biror qog'oz yo'qolsa, yoki biror jumla devordan tashqariga chiqsa, tamomsan!
Ilgari, kursantlik davrimda bu ishlar men uchun faxrdek tuyulardi. Hozir bo'lsa, ko'nglim ayniydi…
Qisqasi, men navbatdagi topshiriqni oldim. Vazifa hazil emas. Ilgarigilaridan anchagina mushkul va xavfli.
Mana, pasportim, xizmat safari guvohnomasi, oila a'zolarimning suratlari, qandaydir uy manzillari bilan to'latilgan bloknot, aslida mavjud bo'lmagan kvartiramning kaliti. Bir haftadan so'ng men haqimda umuman ma'lumotga ega bo'lmagan, meni tanimagan odamlar kelishadi. Ular belgilangan manzildagi pochta qutisi (Buni mening o'zim tanlashim kerak) ni qidirib topishadi. Ana shu qutida ularga qo'shimcha axborotlar bitilgan qog'oz saqlangan bo'ladi.
Men aniqroq aytadigan bo'lsam, bugun butkul boshqa odamman. Qo'limga tutqazilgan pasportda yozilishicha, ismi-sharifim Lev Georgiyevich Serov. Muhandis. Aytilgan manzilga yetib borgach, o'zimni xizmat safarlaridan charchagan qilib ko'rsatishim, atrofimdagilarni ishontira olishim, to'g'ri kelganda, xizmat safarlaridan charchagandek nolishim, kotibalarga shokoladlar sovg'a qilishim, duch kelgan do'konga kirib pivo ichishim lozim. Bundan tashqari, zarur tekshiruv ishlarini olib borishim, hisobot tayyorlashga ham ulgurishim talab etiladi va hokazo…
Men yo'lga otlandim. Oyning o'ninchi sanasida vokzalga yetib bordim.
* * *
Yana poezd, relslarning taqir-tuquri. Yuqori polkadagi qo'shni xurrak otishni boshlaydi. Zerika boshlayman. Kel, bekor o'tirgandan tashkilotda men uchun to'qilgan «afsona»ni yana bir karra xayolan qaytarib olay. Unutib qo'ymaslik uchun. Xo'-o'sh, nemis tili muallimamni qanday atashardi? Ha, Serafima Petrovna. Kichik farzandimning ko'zlari qanday rangda? Qachon qizamiq bilan og'rigandi? Eh-he, kursantlik davrimdan boshlab qanchalab farzand ko'rmadim!.. Har bir hujjatda uch-to'rt nafarlab farzandli ekanim yozilardi. Aslida esa, na farzandim, na oilam, na uy-joyim bor. Mana shunisi alam qiladi ba'zan. Qarindosh-urug'larim, ota-onamni mendan tortib olishgan. O'zimni o'n besh yil avval shahar qabristoniga dafn etishgan…
Nolimayman, ayollar bilan uchrashishga ruxsat etishardi. Busiz bo'lmaydi. Faqat bir shart bilan. O'sha ayol bexosdan homilador bo'lib qoldimi, kerak bo'lsa, to'qqizinchi oyda abort qilib tashlashi shart. Razvedkachiga ayol kishi bilan doimiy, uzoq muddat davom etadigan yaqinlik taqiqlanadi. Farzand ko'rishni-ku, gapirmasa ham bo'ladi. Bizda faqat tish cho'tkasi, to'pponcha va zahar to'ldirilgan kichkinagina shishacha bo'ladi xolos. Shularnigina olib yurishga ruxsat etishadi.
Mayli, qo'limga olgan so'nggi pasportimga yana bir nazar tashlay. Ana, ikki o'g'lim bor ekan. Misha va Vova. Men ularni juda-juda yaxshi ko'raman. Shu jumladan, aslida mavjud bo'lmagan xotinim, bolalarimning onasini ham…
Stansiya. Poezd to'xtadi. Yodlangan afsonaga amal qilib tashqariga chiqsam-u, pivo sotib olsammikan? Yo'q, bunday qilmayman. Yaxshisi, sabr qilaman…
* * *
Belgilangan joyga yetib kelgach, ancha yengil tortdim. Poezdda yuraverish jonimga tekkandi. Tezlik bilan yashashim lozim bo'lgan kvartiraga joylashdim va shu kuniyoq ketishimda kerak bo'ladigan variantlar rejasini tuzib chiqdim. Yozmasdan barcha poezdlar, avtobuslar, samolyotlar yo'nalishlarini eslab qoldim. Chunki, yozish bizning ishda qat'iyan taqiqlanadi. Har bir shahardagi ko'chalarni o'z uyimdek bilishim zarur. Qolaversa, har bir shaharda ortimdan tushishi mumkin bo'lgan «dum»lardan yashirinish uchun maxsus joyim bo'lishi shart edi. Vaqt esa, juda ziq. Ixtiyorimda bor yo'g'i bir haftagina bor xolos.
Hali aloqa qutichalarini qidirib topishim zarur. Eh, o'zim bajarishim kerak bo'lgan ishimni ipidan ignasigacha bilganimda edi, shartta hammasidan voz kechib yaxshisi, uchuvchilikkami, shunga o'xshash bosh og'riqsiz kasablarga o'zimni urgan bo'lardim. Afsuki, buning ham iloji yo'q. Kech bo'lgan. Balki, oldinda meni yana kaltaklanishlar, azoblanishlar kutib turgandir. Qiynoqlar, ta'qiblar qancha davom etadi, Xudoning o'zi biladi.
Aytilgan texbrigada o'z muddatida yetib keldi. Kechikishga haqqimiz ham yo'q. Hatto, bir daqiqa kechikilsa ham butun operatsiya barbod bo'ladi.
Men ularning aniq maqsadlarini, qurollanish usullarini umuman bilmasdim. Faqat yakka-yakka bo'lib harakatlanishlaridan xabardor edim. Ular maxsus konteynerlarda yuk olib kelishdi. Ichida nima borligini ham birov bilmaydi. Balki, o'zlari ham bilmas. Negaki, bizning tashkilot mana shunaqangi sirli ishlarni amalga oshirishni xush ko'radi. Tovar kontrabanda bo'ladimi, yo undan-da battarrog'i bo'ladimi, farqi yo'q. Militsiya, boshqa xavfsizlik tashkilotlari bizning rahbarlarni qiziqtirmaydi. Maqsadga erishish yo'lida turli usullarni qo'llab ko'raverishadi.
Xullas, ularning kelganidan xabar topgach, ertasi kuni o'z vazifamning debochasini amalga oshirish niyatida sirkka kirib keldim. Men juda sirk tomosha qilishni yaxshi ko'raman.
Soat kechki 19: 30. Roppa rosa o'n yetti daqiqadan so'ng menga umuman notanish bo'lgan kimsa uchinchi yo'lak orqali pastga qarab kirib keladi. Shu yerdan o'tsa, demak, aloqa o'rnatiladi, harakat mexanizmi ishga tushadi. Aksincha bo'lib chiqsa, operatsiya shu joydayoq to'xtaydi.
Mana, o'n olti yarim daqiqa ham ko'z ochib yumguncha o'tdi-ketdi. Men sahnadagi maymunning qiliqlarini ko'rib kulayapman-u, xayolim, nigohlarim, quloqlarim uchinchi yo'lakda.
O'n yetti yarim daqiqa. Xayriyat, keldi. Faqat ellik soniyaga kechikdi. Bunisini men muhokama qilib o'tirmayman. Rahbarlarning o'zlari hal qilishar. Chunki, bizning ishda ellik soniya oz muddat emas. Shu arzimagan soniyalarni deb infarktga uchrash, yo peshonadan o'q yeyish hech gapmas.
Sahnadagi maymunlar o'z chiqishlarini yakunlab, ularning o'rnini gimnast yigitlar egallashdi. Men baland ovozda bir-ikki yo'talgan bo'ldim-da, o'tirgan kursimdan turib tashqariga yo'l oldim. Aslida sirkni oxirigacha tomosha qilishim zarur edi. Ammo olomon orasida yurishga tobim yo'q.
Oyning yigirma birinchi sanasi… Yigirma ikkinchi… Men operatsiyani kuzatish bilan bandman. Meni hayratda qoldirib, barcha ishlar juda tekis bitayapti. Taftishchilar ob'yektga qarama qarshi uyni ijaraga olishdi. Ob'yekt deganimni yanada aniqlashtiradigan bo'lsam, bu ko'p qavatli uy. Shu uydagi kvartiralardan birida Rezident, ya'ni men yashayman. (Xayriyat, o'ylaganimdek, navbatdagi topshiriqni bajarish oldidan menga Rezident lavozimini berishgandi) Maqsadim bo'layotgan ishlarni zimdan kuzatish. Kerak paytda buyruqlar jo'natib turish. Xullas, operatsiyani boshqarish.
Kvartiralarning oynalari bir-biriga qarama-qarshi. Bemalol bir-birlarini kuzatib, ish bitiraverishlari uchun qulay.
Taftishchilar yana bir kun maxsus kuzatuvlar o'tkazishdi. Qizig'i, shu qadar ustalarcha ishlashdiki, hayron bo'ldim. Nega endi oddiy, arzimagan bir ishga bu qadar professionallarni yuborishdi? Kim bilsin? Balki, bu ish haqiqatan katta operatsiyaning negizidir? Shuning uchun jiddiyroq yondashishgandir. Nima bo'lganda ham, bizning tashkilot rahbarlari nima qilayotganlarini yaxshi bilishadi.
Kechasi yo kuchli shamol tufayli, yo qaysidir yaramasning ishi bilan tomdagi antenna qulab tushdi. Birpasda tom odamga to'ldi. Ko'pchilik bo'lib antennani joyiga o'rnata boshlashdi. Ana shundagina bildimki, shu uyda yashovchilar orasida bizning taftishchilar ham o'ralashib yurishibdi. Ular shunchaki antennani ko'tarib qolmasdan, xuddi shu yerga o'zlarining tungi va kunduzgi kuzatuv uskunalarini ustalik bilan o'rnatishga ulgurishayapti. Ana endi odamlar hayron bo'lishlari aniq. Chunki, antennaga o'rnatilgan qo'shimcha uskunalar televizorlarning ko'rsatishini anchagina yaxshilaydi. Shu uskunalar yordamida meni kuzatishlarini ham bilaman.
Yo'q. Jimjitlik. Kuzatuvlarimni qayta-qayta tekshirib ko'rdim. Hammasi ko'ngildagidek.
Oyning yigirma to'rtinchi sanasi. Uskunalar axborot yozishda davom etayapti. Qo'riqchi hovlini aylanib meni kuzatish bilan ovora. Men bo'lsam, qo'riqchining ortidan kuzataman.
Yigirma oltinchi sana. Shu kuni kichkinagina, muhim bir yangilikka ega bo'lganday his qildim o'zimni. Ya'ni, o'zimning haqiqatan bor ekanimni qo'riqchiga sezdirganday bo'ldim. Qo'riqchi tushmagur juda tajribali ko'rinadi. Ortidan kimdir kuzatayotganini darrov payqadi. Mana endi «mushuk-sichqon» o'ynash payti yetdi. U meni topishga urinadi, men esa, izlarni yo'qotishga harakat qilaman.
Oyning o'ttizinchi sanasi. Bir necha marotaba taftishchi hamkasbimni ko'rib qoldim. Hovlida hayotdan mamnundek xursand aylanib yuribdi.
Oyning ikkinchi sanasi. Unchalik jiddiy bo'lmagan xato yuz berdi. Bugun bir kishini ikki marotaba ko'rdim. Dastlab erkak, so'ngra ayol ko'rinishida. Adashishim sira mumkin emas. Kursda bizni adashishga o'rgatishmagan. Xo'sh, bu nima degani? Yo ogohlantirishmi? Yarim kun uni kuzatdim. Yo'q, baribir adashibman. Tasodifiy o'tkinchi ekan.
Oxiri hammasi jonga tegdi. Uch haftalik jim o'tirishlardan so'ng, chamasi, taftishchilar ham zerikishdi. Chunki, ular bu qadar sukunatga o'rganishmagan. Ularga arzimagan bo'lsa-da, haqiqiy ish bo'lsa. Lekin uch haftalik kuzatuvlar, qo'riqchilarning almashinib turishlari ham ish bermagach, men operatsiyani yana ikki kunga cho'zishga qaror qildim. Taftishchilarga harakat qoidalarini zahiradagi aloqa qutisi orqali jo'natdim.
Qaytadan hamma ishga tushdi. Qo'riqchilar o'tkinchilar orasida aylanib yurishardi. Ular bilan hech kimning ishi yo'q. Goh avtobus bekatida, goh uy atrofida paydo bo'lib kuzataverishadi. Kelib-ketayotgan mashinalar ham har gal boshqa-boshqa ko'rinishda.
Xo'sh, buyog'iga qanday yo'l tutaman? Tashkilotimizga qaysi isbot-dalilni olib boraman? Shu ko'yi natijasiz o'tiraveradigan bo'lsam, anavi taftishchilar ustimdan arz qilishadi. Nima qilay? Shartta ko'chaga chiqib qo'riqchilardan birining yoqasidan olaymi? E, u menga baribir hech narsa aytmaydi. U holda taftishchilar bilan qanday aloqa bog'lay? Keksa kampir ko'rinishida yaqinlashib boraymi? Suhbatga tortaymi?
Nihoyat topdim. Shu atrofda qandaydir qurilish ketayotgandi. Quruvchilardan birining eski kiyimini oldim-da, qo'riqchilar aylanib yuradigan joydagi kanalizatsiya qudug'iga kuppa-kunduzi tushib oldim va qopqoqni qiya ochiq qoldirdim. Ular e'tibor berishmadi. Meni santexnik deb o'ylashdi shekilli.
Tashqaridagi gap-so'zlar aniq-tiniq eshitilib turar, taftishchilarni shundoq yaqindan ko'rib turardim.
— Jonga tegdi. — dedi qo'riqchi-taftishchilardan biri sherigiga.
— Haddan tashqari chegaradan chiqayapti. — javob qildi boshqasi.
— Axir, uning maqsadini bilmaymiz!
— Ha, u o'zini ham, bizni ham go'rga tiqadiganga o'xshaydi.
— U boshliq, nima qilishini balki o'zi bilar?
— Eh, uning basharasini bir ko'rsaydim!
Sherigi unga javoban kulib qo'ydi…
* * *
Kunduz soat 16: 15. Men hamon quduqda o'tirgancha qiya ochiq joydan qo'riqchining harakatlarini kuzatayapman. U «UAZ» avtomashinasi yonida to'xtadi. Sekin eshikni ochdi-da, rulga o'tirib motorga o't qo'ydi va jo'nab ketdi. Qiziq… Kuzatishda davom etaman.
16: 50 dan 17: 20 gacha mashinaga yoqig'li quyish bilan band bo'ldi.
18: 05 da taftishchilar xuddi shu mashinaga qandaydir uskunalarni yuklashdi. Albatta, bu vaqtda begona ko'zlar ularni kuzatib turishibdi. Lekin kuzatuvlar taftishchilarni qiziqtirmay qo'yganga o'xshaydi. Ochiqchasiga o'yin boshlashdi.
18: 20 dan 23: 00 gacha mashina shahar bo'ylab kezib yurdi. Nihoyat 23: 05 da o'z joyiga kelib to'xtadi. Endi men taxminan o'ttiz soniyalar kutishim kerak.
Roppa-rosa soat 23: 36: 15 da qopqoqni ko'tarib bir chetga surdim va sekin tashqariga chiqdim. Maqsadim o'zimga aniq. Taftishchilar bilan buyog'iga yuzma-yuz ish olib boraman. Ammo ular meni ko'rishmaydi. Sababi, niqobdaman. Faqat ko'zlarimgina ochiq qolgan. Faqat bir narsani bilishadiki, ularga buyruqlar yuborayotgan odam afsonaviy emas, sportchilarga xos qomatga ega bo'lgan bir kimsa…
Ohista mashinaga yaqin borib ostki qismini ko'zdan kechira boshladi. Shu payt ichkarida o'tirganlardan biri eshikni ochdi-da, menga qo'l uzatdi. Tamom, men taftishchilar bilan ochiq aloqaga kirishdim deb hisoblasam bo'ladi! Ular menga yordam berishadi endi!
— Chapga qayrilgach, Shimoliy shosse bo'ylab yuz chaqirim yuramiz! — buyurdim men haydovchiga mashina o'rnidan qo'zg'algandan so'ng. — Faqat to'xtamasdan yurasan!..
Haydovchi yelka qisgancha buyrug'imni ma'qulladi.
* * *
— Tekshirish ishlaridan ko'nglim to'lmadi. — dedim ularga. — Yana ikki kunga cho'zishga to'g'ri keladi.
Taftishchilar yalt etib men tomonga qarashdi. Ko'rinishidan ular tekshiruvni davom ettirishga rozi emasdi. Hammalari yaqin orada nafaqaga chiqish arafasida. Ana shuning uchun ham hayotlarini ortiqcha xavfga qo'ygilari kelmasdi.
— Siz o'z vazifangizni suiste'mol qilayapsiz. — dedi nihoyat ulardan biri. — Tekshiruvni cho'zishga haqqingiz yo'q.
— Haqqim bor. — javob qildim men. — Chunki, hammasiga men javobgarman.
— Yo'q, tekshiruv 48 soat qilib belgilangandi. Muddat tugadi.
Nimayam qilardim? Mundoq olib qaraganda, ularning fikriga qo'shilgim ham kelardi. Sababi shuki, umrlarida ko'rmagan rahbar ularga ahmoqona buyruq berib turibdi. Tanimagan odamga qanday ishonishsin? Kim ham rozi bo'lardi?..
— Mayli yigitlar, — dedim rahbarlarga xos ohangimni o'zgartirmay. — Tushunaman. Men o'z vazifamdan sal chetladim. Lekin bilib qo'yinglar, men xato qilishga o'rganmaganman. Menga sizlarning yordamingiz judayam zarur.
— Bu bizning ishimiz emas. — dedi taftishchilardan biri aftini bujmaytirib.
— Axir, men sizlardan ham ko'ra ko'proq xavf ostidaman! Sizlar balki oxir oqibat mukofotdan, boringki, kvartirangizdan ayrilarsizlar. Men-chi? Hayotimni tikkanman bu ishga. Bilasizlarmi, kim aytadi sizlarni professionallar deb-a? Ikki hafta qulog'ingizga tepishdi, aldashdi, chalg'itishdi…
— Biz o'z ishimizni qilib bo'ldik. — javob qildi taftishchilarning kichikroq yoshdagisi.
— Shunaqami? — men sekin kiyimlarim ostidan to'pponcha chiqardim. — Sizlar bilan yaxshilikchasiga gaplashmoqchi edim. Afsuski, buni tushunmadilaring. O'zlaringdan ko'ringlar!
Shu zahoti haydovchining beliga to'pponchani tiradim.
— Sen ortiqcha harakatlarsiz ish tutasan!..
Haydovchi bosh irg'ab gapimni ma'qulladi. Qolganlari esa…
Ular zarracha qo'rqqanlari yo'q. Bilaman, qo'rqishmaydi ham. Negaki, ular professional. O'q uzmasligimni juda yaxshi bilishadi.
— Aytgandim-ku, — shivirladi yosh taftishchi sherigini turtib. — U jinni, ha!..
— Jinni men emas. — dedim unga qattiq tikilib. — Haqiqatdan ko'z yumadiganlar jinni. Mayli, yon beraman. Yordam berishni xohlamasalaring, hech bo'lmaganda, uskunalarni menga berib turinglar!
— Iltimos qilayapti. — shivirladi boyagi yosh taftishchi.
— Bo'pti, iltimos qilmayman. Talab qilaman.
— Uskunalar juda qimmat turadi. — dedi boshqasi.
— Hayot ham qimmat turadi.
— Nima, rostdan ham otib tashlamoqchimisan bizni?
— Albatta.
— Unga quloq solganimiz ma'qul. — sheriklariga uqtira boshladi haydovchi. — Nega deganda, u aslida yo'q odam. Otib tashlagani bilan hech narsa yo'qotmaydi. Uni birov qidirib ham, ayblab ham o'tirmaydi. Buni, axir, hammangiz yaxshi bilasiz!
Men indamadim. Ular ham sukut saqlashardi. Shu lahzalarda o'zimni beixtiyor yomon ko'rib borardim. Hozirgi qilgan ishim uchun o'zimni o'zim sira kechira olmayotgandim. Axir, qaysi ahmoq o'z hamkasblariga to'pponcha o'qtaladi? Bu g'irt ahmoqlik-ku!..
To'pponchani ohista cho'ntagimda soldim. Bu ishim haydovchini xursand qildi shekilli, kutilmaganda xoxolab kulib yubordi.
— Eh, siz, — dedi u ko'z qisib. — Bekor to'pponchani tortib oldingiz. Busiz sizga uskuna bermaymiz-ku!..
Uning haziliga men ham, boshqalar ham jo'r bo'lib kuldik.
— Bo'pti, ko'ndirding. — deya chuqur oh tortdi nihoyat yoshi ulug' taftishchi. — Uskunani beramiz. Faqat uch kunga. Agar to'rtinchi kunga o'tib ketsa, qurol yordamida uskunalarimizni tortib olganing haqida rahbariyatga raport yozamiz. Boshqachasiga yordam bera olmaymiz.
Ikkinchi taftishchi ruxsat so'rab ham o'tirmay, uskunalar joylangan qutini ochdi.
— Mana bunday yoqasan, — tushuntira ketdi u. — Mana bunday ishga tushirasan. Juda ehtiyot bo'lishing kerak. Bloklar nozik. Parolni o'zing o'ylab topasan.
Men soatimga qaradim. Uchdan o'n besh daqiqa o'tibdi. Mashinani orqaga burishga buyurdim. Shu ko'yi o'n besh daqiqalar chamasi yo'l bosgach, o'zim tanlagan kanalizatsiya qudug'i ro'parasiga yetganda to'xtatdim. Va uskunalar joylangan qutini olib mashinadan tushdim.
— Oq yo'l! — dedim kulib ularga.
— Bizning yo'limiz shundoq ham oq. — kinoya aralash javob qildi taftishchilarning biri. — Uch kun muddat esingdan chiqmasin!..
* * *
Afsuski, ishni boshqatdan boshlashim kerak. Qo'riqlanayotgan ob'yekt derazasiga boqaman. Men joylashgan yerdan o'n besh metrlar narida. Mana shu masofadan turib men o'z oldimga qo'yilgan vazifani ado etishni boshlashim zarur. Biroq ko'zga tashlanmasdan. Ob'yektda, bilamanki, mikrofonlar o'rnatilgan. Kameralar ishlab turadi. Xudo ko'rsatmasin, uch marta basharam kamera orqali monitorda ko'rinsa, tamom, ish pachava. Yutqazaman.
Xo'sh, ko'rinmaslik, payqamasliklari uchun nima qilsam bo'ladi? Ha, yuz tuzilishimni o'zgartiraman. Yaxshisi… Ayol qiyofasiga kirsam-chi?.. Eh, bu faqat kinolardagina oson kechadi. Hayotda esa, juda mushkul ish. Ayol qiyofasiga kirish uchun eng avvalo hech kimda shubha uyg'otmaydigan kiyim, poyafzal, soch, turli bo'yoqlar topish lozim bo'ladi. Bundan tashqari, yurish turishing ham ayollarniki kabi bo'lishi shart. Katta ko'chada ketayotib begona erkaklarga ko'z suzishni bilishing, transportda ketayotganda ayollarga joy bo'shatmasliging kerak. Ana shundagina seni sezmasliklari mumkin. Ana shundagina o'z oldingga qo'yilgan vazifani uddalay olasan.
Men tavakkal qildim. Do'kon kezib o'zimga mos ayollar ko'ylagi, bo'yoqlar sotib oldim. Va shahardagi erkaklar hojatxonalaridan birining kabinasiga berkinib olgancha tayyorgarlik ko'ra boshladim. Yuzlarimga ishlov berdim. Kipriklarimni bo'yoqlar yordamida uzaytirdim, qoshlarimni terdim. Ana endi bemalol tashqariga ayol qiyofasida chiqaversam ham bo'ladi. Endi qurol masalasini hal qilaman.
Non do'koniga kirdim-da, uzun baton sotib oldim. Ichini yorib yumshoq joylarini olib tashladim va orasiga gaz to'ldirilgan ballonchani joylashtirdim. Bu gazni o'zimni qiziqtirgan kvartira oynasiga otishim kerak. U yerda mikrofonlar, kameralar joylashgan. Agar gaz oynaga borib urilsa, hech narsani ko'rib bo'lmay qoladi. Oyna bo'yalib ketadi.
Bu ishni ham qoyillatgach, o'zim uchun zarur bo'lgan ovozlarni eshitish imkonini beruvchi uskunani qaerga o'rnatish haqida bosh qotira boshladim. Agar kimningdir derazasiga o'rnatsam… Yo'q, to'g'ri kelmaydi. Kim ham ichkariga kirib derazaga qandaydir uskunachani o'rnatishga ruxsat berardi. Tom-chi? Bu yer ham ma'qul emas. Hozirgi yoshlar uchrashish uchun odatda tomni tanlashadi. Gumonsirashlari aniq. Ha, boshqa yo'li bor…
Yana do'konga kirdim va radio sotib oldim. Ichini ochib ba'zi qismlarini olib tashlab ichiga o'sha uskunani o'rnatdim. So'ngra podyezdlardan biriga kirib birinchi qavatdagi kvartirani taqillatdim. Eshikni o'rta yashar bir ayol ochdi.
— Kechirasiz, — dedim chiroyli qilib o'ralgan xaltachani unga tutqazarkanman. — Sizlarga «posilka» jo'natishibdi. Olib qo'ysangiz!
Ayol qo'limdagi radio joylangan xaltachani olgani hamono ortga qaytdim. Ana endi ish sal yurgandek bo'layapti. E, bu xaltachani axlatga irg'itmasliklari aniq. Ularga nima keragi bor bu ishning. Kvartiraning qaysidir burchagiga tashlab qo'yishadi, vassalom!..
Endi navbatdagi ishga o'tsam ham bo'ladi. Ya'ni, o'zim qidirayotgan shaxsni qidiraman. U ko'rinishi bilan boshqalardan sira farq qilmaydi. Biz tashkilotdagilar uchun maxsus odam hisoblansa-da, bu yerdagilar uchun oddiy bir yashovchi. Har kuni sutga, nonga chiqadi, hovli aylanadi…
Qo'limdagi eshitish uskunasini ishga soldim. Oh, o'zimga kerak bo'lgan ilk tovushni eshitdim.
— «Taftishchilarni oxirigacha kuzating!..»
— «Kuzatuvchini qidirish bas qilinsin!..»
Ha, demak, men qidirayotgan odam taftish o'tkazilishini oldindan bilgan. Shuning uchun ham buyruqlar berayapti.
Qolaversa, men taftishchilar qoldirgan uskunalar qutisi ichidan o'zimga juda-juda muhim bo'lgan konteynerni topdim. Bu oddiy tanga ko'rinishida edi. Konteynerni ham bizning tashkilot emas, taftishchilar tayyorlashgan. Eh, bu shu qadar qimmatliki, men qidirayotgan odam kerak bo'lsa, mening boshimni hadya qilardi taftishchilarga. Lekin qo'lga kiritardi. Demak, bu gal ham mening omadim chopdi…
Baxtga qarshi, xursandligim uzoqqa cho'zilmadi. Uyga yaqinlashib kelganimda, negadir yuragim g'ash tortdi. Xayolimda kimdir meni kuzatayotgandek bo'laverdi. Balki, qo'rqayotgandirman? Yo'q, hozir tavakkal ish tutib bo'lmaydi. Qo'limda muhim tovush yozilgan tasma. Undan ham muhimrog'i, tanga. Hamma gap ana shu tangada. Men uni eson-omon tashkilotimizga yetkazishim lozim. Lekin shartta ketib yuborishni ham istamasdim. Meni kuzatishayaptimi-yo'qmi, baribir aniqlashim shart. Eh, koshkiydi, yonimda birgina yordamchim bo'lsa! O'shani jo'natgan, tekshirib ko'rishga undagan bo'lardim. Afsuski, men o'zim yolg'izman. Jo'natsam, faqat o'zimnigina jo'nata olaman. Biroq men uyga sog'-salomat qaytishni xohlayman. To'xta, militsionerlarni ishga solaman! Ha, aynan o'shalargina tekshirib bera olishadi menga…
Shosha-pisha telefon budkasiga kirdim-da, «02» raqamini terdim. Go'shakni, chamasi, navbatchi militsioner ko'tardi.
— Allo, mana shu manzilda pichoqlashayapti bir-birlarini! Ha, besh kishi! Bittasini so'yib bo'lishdi! Tez yetib kelinglar! Voy-dod!.. Tezroq! O'ldirishayapti!..
Militsionerlar yigirma daqiqadan so'ng yetib kelishdi. Loqaydlikni qarang, axir odam so'yib qo'yilgani haqida xabar berildi ularga! Yigirma daqiqa ichida yana qancha odam yer tishlashi mumkin edi!..
Mening e'tiborimni tortgan narsa shu bo'ldiki, uch nafar militsioner podyezdga kirishlari bilan orqalaridan besh chog'li tasodifiy yo'lovchi kirib bordi. O'tgan bo'lsa, oradan uch-to'rt daqiqa o'tdi-da!.. Beshovlon uchchala militsionerni ham ko'z ochib yumguncha qurolsizlantirishdi. Ularning hushsiz tanalarini o'zlari kelgan mashinaga yuklashdi-yu, jo'nab qolishdi. Ana shundan keyingina nega yuragim g'ash tortganini angladim. Agar militsionerlarni chaqirmay, o'zim tavakkal ish tutganimda, hozir militsionerlarning o'rnida men rasvoga aylangan bo'lardim. Negaki, o'sha besh nafar kimsa, mening izimdan tushgan haqiqiy professionallar edi.
Xayriyat, ish oson ko'chdi. Men harqalay, xavfdan xalos bo'ldim. Endi jo'nab ketmasam bo'lmaydi. Yo'q, eski yo'llardan voz kechaman. Garchi yuzimdan tanishmasa-da, baribir ehtiyot chorasini ko'rganim ma'qul.
Men egnimdagi ayol kiyimlarini yechib, yuzlarimdagi bo'yoqlarni yo'qotib tashladim. Mana, qaytadan erkakka aylandim. Shu ko'rinishda avtobusga o'tirdim-da, shimol tarafdagi aeroportga yo'l oldim. Yetib olgach esa, samolyotga o'tiraman-u, Moskvaga jo'nayman…
Essiz, yigitlar, kechikib qoldilaring! Buyog'iga sizlarda hech qanday imkon yo'q. Xush qolinglar!.. Ha, bu o'yinda sizlar yutqazib qo'ydilaring! Endi faqat men tasodifan avariyaga uchrab, yo boshqa bir kutilmagan sabab bilan o'lsamgina, yengil nafas olishlaring mumkin. Men ham bu baxtsiz hodisa yuz bermasligi uchun harakat qilaman. Svetoforning yashil chirog'i yongachgina ko'chani kesib o'taman. Xullas, meni kutinglar! Yaqin orada yuzma-yuz uchrashib qolishdan umidvorman!.
* * *
Aksiga olgandek, jo'nab ketishim ham biroz qiyin kechdi. Samolyotning uchishi avval bir soatga, keyin ikki, oxiri borib o'n soatga kechiktirib qo'yildi. Yo'lovchilar dastlab hayron bo'lishdi, keyinroq ensalari qotib ochiqchasiga so'kina boshlashdi. Xayriyatki, qanchadir vaqt o'tib bitta samolyot uchadigan bo'ldi. Odamlar esa, ko'p. Hamma sig'masligi aniq. Men ham to'polonda bir amallab salonga kirib oldim. Shunisigayam shukr!..
— Nima balo, qaerlardadir kira qilib yurishadimi bular? — kimdir baqirardi kassa tarafga qarab.
— Salonni iflos qilmanglar! — qichqirdi uchuvchi. — Qirq daqiqadan keyin havoga ko'tarilamiz!..
Bilmadim, bu yuk tashiydigan samolyot shekilli. Har o'n besh-yigirma daqiqada qo'nar, nimalarnidir yuklar, shu orada iltimos qilgan yo'lovchilarni shundoq ham to'lib ketgan salonga joylardi.
— Qani, sal surilinglar! — buyurdi uchuvchi navbatdagi qo'nishdan so'ng. — Hozir pul yuklashadi.
Aytganidek, qop-qop pullarni salonga yuklashdi. Pul to'la qoplar ustiga qorovullab ketuvchi yigitlar o'tirishdi. Samolyot yana havoga ko'tarildi.
— Voy, qornim og'riyapti! — deb qoldi bir mahal mendan sal narida o'tirib kelayotgan yigit. — Chiday olmayman!..
Yigit o'rnidan turib qornini changallagancha bir joyda aylana boshladi. Pullarni qorovullab kelayotgan yigitlar esa, nuqul kulishardi.
Yigit bir muddat shu taxlit aylanib turgach, birdan pastga engashib, o'rindiq ostidan uzunligi yarim metrcha keladigan temir chiqardi va juda chaqqonlik bilan qorovul yigitlarni birma-bir boshi aralash tushirdi. Ular oldinma-ketin jon berishdi.
O'tirganlar, shu jumladan men ham qotib qolgandim. Hech kim o'rnidan qo'zg'alib yigitni tinchlantirishga botina olmasdi.
— Ana endi hammang jim o'tir! — shu payt uchuvchilar kabinasidan ikki barvasta erkak qo'llarida avtomatlar bilan salonga kirib keldi. — Ortiqcha harakat qilganing, o'lasan!..
Shundagina tushundimki, bular kelishib olishgan. Sheriklar…
Afsus, hozir avtobusda bo'lganimda, bularning uchchalasini ham bir o'zim eplagan, yo'lovchilarni xavfdan qutqarib qolgan bo'lardim. Ammo samolyotdaman. Bu juda qiyin. Agar ortiqcha harakat sodir etsam, samolyot yerga qulashi, hamma o'lib ketishi muqarrar. Konteyner ham, tasma ham tashkilotga yetib bora olmaydi.
Shu ko'yi biz qirq daqiqalar osmonda parvoz qildik. Samolyot unchalik balandda emasdi. Oynadan yer bemalol ko'rinib turardi.
Xo'sh, ular bizni qaerga olib ketishyapti? Ishqilib, chet elga bo'lmasin!
Nihoyat samolyot pastlab katta bir ekin maydoniga qo'ndi. Banditlar asabiylashishardi. Qo'ngandan keyin ham bizni bir soatdan ortiqroq olib o'tirishdi.
— Menga quloq sol hammang! — deya qichqirdi avtomat quchoqlaganlardan biri. — Militsiya bizning yigitlarni qamoqqa olgan… Senlar hammang garovdasan! Agar yigitlarimizni uch kun ichida qo'yib yuborishmasa, hammangni itday otib o'ldiramiz! Hech kimni tirik qo'ymaymiz!
***
Bir soatlardan so'ng bizni turta-turta tashqariga olib chiqishdi. Shundagina bildimki, men ekin maydoni deb o'ylagan joy aslida atrofi o'rmon bilan o'ralgan katta bir maydon ekan. O'rtada brezent bilan o'rab tashlangan mashina turardi. Hamma yo'lovchilarni o'sha mashinaga tiqishdi.
Biz mashinada to qorong'i tushguncha yo'l bosdik. Bir mahal mashina to'xtab hammani pastga sakrashga undashdi. Qarasam, daryo bo'yidamiz. Qirg'oqda ulkan kema chayqalib turibdi. O'sha kemaning yerto'lasiga qamashdi. Ichkari qorong'i edi. Qandaydir yoqimsiz hid dimog'ni achishtirardi. Faqat bir narsagina menga taskin berdi. Qo'llarim boylanmagan.
— Qani, hamma erkaklar bir joyga to'plansin! — deya kimdir qo'lida sham yoqqan holda qichqirdi.
— Ha, nima gap? — erkaklar asta-sekinlik bilan unga yaqin kelishdi.
— Shunday o'tiraveramizmi? — so'radi erkaklardan biri. — Kelinglar, qo'limizda bor narsalarni olib ularga qarshi kurashaylik!
— Ha, kurashasan. — to'ng'illadi kimdir. — Otib tashlashadi hammamizni.
Erkaklar cho'ntaklaridan aytarli qo'lga ilinadigan narsalar topa olishmadi. Kimdir ruchka, kimdir yondirgich… Shunga o'xshash arzimas narsalar…
Agar menga qo'yib berishsa, shu arzimas buyumlar yordamida ham odam o'ldira olardim. Hatto, tufli poshnasidan ham hayot uchun xavfli qurol yasasa bo'ladi. Buni bizga kursda ekanimizda obdon o'rgatishgan.
— To'xtanglar, — oxiri sabrim chidamay oraga qo'shildim. — Ayollarda qurolga yaraydigan buyum bo'lishi kerak.
— E, ularda nimayam bo'lardi?
— Soch qistiradigan… Ha, aynan o'sha kerak bo'ladi.
Hech kimdan sado chiqmagach, kurash taktikasini xayolan ishlab chiqa boshladim. Agar men harakat qilmasam, bu yerdagi erkaklar hech narsa qila olishmasliklarini sezib turardim.
Oldiniga xonaning har bir teshik-kovagini o'rganib chiqdim. So'ngra qurolga yaraydigan har qanday buyumni topish kerak…
— O'rtoqlar, hozir turgan yerimizda shovqin ko'taramiz. — dedim erkaklarga. — O'zimizni xuddi mushtlashayotgandek ko'rsatamiz. Bu bizga foyda berishi aniq.
Yo'q, yana hech kimdan sado chiqmadi. Chamasi, hamma o'z jonini asrab qolgisi kelardi. Men bo'lsam, shu o'tirganimcha, o'ndan ortiq rejalar tuzib chiqdim. Baribir hafsalam pir bo'laverdi. Yonimdagilar qancha undamay, sira unashmasdi. Ularga mana shunday tinch o'tirish qimmatliroqqa o'xshaydi…
Oradan qancha o'tdi, bilmayman. Bir mahal yerto'la qopqog'i ochilib banditlardan birining boshi ko'rindi.
Rostdan ham radio orqali yo'lovchilar o'g'irlanganligi haqida e'lon berilar, kim ularni ko'rgan, yo eshitgan bo'lsa, militsiyaga xabar berishlari so'ralardi.
— Eshitdilaringmi? — so'radi bandit. — Endi senlar mashhursanlar!
— Undan ko'ra ovqat bersalaring bo'lardi. — dedi pastdagilardan kimdir.
— Ovqat?.. Balki, peshonangdan otilging kelayotgandir? Qani, yorug'roq joyga kel-chi! Kimsan o'zi?
— Bormasam nima qilasan?..
— Ie, voy itdan tarqagan!.. Hozir ko'rsatib qo'yaman!..
Ana endi o'zingiz o'ylang. Avtomat nima uchun olib yuriladi? Dushmanni o'ziga yaqinlashtirmaslik uchunmi? Xuddi shunday. Banditlar esa, uch kishilashib jonholatda pastga — olomon orasiga sakrashdi. Erkaklar bo'lsa, qorong'ilikda ularni urmoqchi bo'lib qo'l siltashar, biroq shu zahoti peshonalariga kelib tushgan kuchli zarbdan yerga qulashardi…
***
Baribir yo'lovchilar bu kurashda yengildi. Uch kishi olamdan o'tdi. Men… Yo'q, men oraga qo'shila olmasdim vaqtincha. Avval puxta reja tuzib olmasdan turib ularga tashlana olmasdim… Banditlar esa, shu voqeadan so'ng hammani alohida-alohida kayutalarga qamashdi. Mana shunisi menga ma'qul edi. Harqalay, bemalol, jimjitlikda o'tirib, rejalar tuzish mumkin…
Xo'sh… Boshlanishiga banditlarning yuzlariga tik boqib ko'rdim, harakatlarini, fe'l-atvorlarini o'zimcha o'rgandim. Yo'q, ular o'limdan o'lgudek qo'rqishadi. Shuning uchun ham garovdagilarni qattiqqo'llik bilan, qurol yordamida ushlab turishibdi. Hech qachon yakkama-yakka kurasha olishmaydi. Faqat… Menga alam qiladigani shu ediki, kimdir taqdiringni hal etib tursa, kimlargadir vassal bo'lib qolsang, dahshat ekan. Bunaqasi ketmaydi. Bu ablahlar bizni garovga olishdimi, endi ularni men garovga olaman. Rolimizni almashtiramiz. Har tun ular birma-bir, ovoz chiqarmasdan jon bera boshlashadi. Bu haqda hech kim bilmay ham qoladi. Har tun ular o'zlaricha fol ochib, bugun kim o'lishi muqarrarligini chamalab chiqishadi.
Shu ahvolda ikki kun operatsiyani qanday amalga oshirish haqida bosh qotirdim. Boshlanishiga kunlab to'shakka o'rangancha jim yotaverdim. Qo'riqchilar mening bu odatimga ko'nikishlari kerak edi. Ular achchiqlanganlaridan meni bir-ikki marotaba yaxshilab kaltaklashdi. O'zgarish bo'lmagach, to'shakni butkul tortib olishdi. Qo'llarimni esa, kishanlab, karavot temiriga boylab tashlashdi. Men navbatdagi operatsiyaga o'tdim. Endi tashqaridan mo'ralashganda, karavotda meni emas, oddiy sholchani ko'ra boshlashdi. Oradan bir kun o'tib yotgan yerimda hojatga chiqdim. Bu ham oldindan o'ylangan edi. Kayutani shu qadar sassiq hid qopladiki, qo'riqchilar umuman ichkariga kirmay qo'yishdi. Menga mana shunisi kerak. Endi mana shu kayutadan bildirmaygina chiqib olsam bas. Har bir burchakni sinchiklab tekshirdim. Oynadangina chiqib ketsa bo'larkan. Oldin kishanlarni bu yerga olib kirishmasdan burun o'zim topib qo'ygan ingichkagina sim yordamida osonlik bilan yechib oldim. Bundan ham ko'nglim to'ldi. Buyog'iga istagan paytda o'zimni kishanlab, hech narsa ko'rmaganday yotishim, istagan paytda yechib harakatlanaverishim mumkin…
Oyna ko'rinishidan juda tor edi. Faqat boshgina sig'ishi mumkin. Ammo men kursda buni ham o'zlashtirganman. Bizni yetti-sakkiz yashar bola ham sig'ishi mumkin bo'lmagan teshiklardan sirg'alib o'tishga o'rgatishgan. Buning uchun gavdani shu qadar buklay olish zarurki, xuddi qog'oz buklanganday tekis, yumaloq holatga kelishingiz kerak.
Biz kursda avval mushuklarni juda tor teshiklardan o'tishga majburlaganmiz. Shu yo'l bilan ularning harakatlarini, o'tish usullarini o'zlashtirganmiz. Keyin o'zimiz buni amalda sinab ko'rganmiz. Shu ishni qilmasak ham bo'lmasdi. Agar bajarmasang, na tushlik, na kechki ovqat, na nonushta beriladi. Och-nahor qolib ketaverasan…
Oynaga yaqin borib yechindim. So'ngra deraza qirg'oqlarini tupugim bilan ho'llab boshimni suqdim. Boshim o'tadi. Endi tanamning qolgan qismlarini o'tkaza olishim kerak bo'ladi. Yelkamgacha tashqarida qolgach, tanamni aylanma harakatga keltira boshladim. Ha-a, kursda bunday teshiklardan osongina o'tib keta olardim. Yillar o'tib, biroz yog' bosibdi tanamni. Ana, tashqariga chiqib oldim. Xudoga shukr. Asosiy ishga o'tsam ham bo'ladi…
Birinchi bo'lib banditlarning aloqachisini o'ldirdim. Yarim tunda radiosini kovlashtirib o'tirgan ekan. Eshigi ochilib qarshisida qip-yalang'och, sovuqdan ko'karib ketgan odam paydo bo'lganini ko'rib kuldi.
— Qushday yengil bo'lsinlar! — dedi u va o'rnidan turdi. Men ana shu qulay fursatdan foydalanib unga unchalik kuchli bo'lmagan zarbani yo'lladim. Aloqachi hushdan ketdi. Uni shu ahvolda kursiga o'tqazdim-da, polda yotgan simni olib bir uchini rozetkaga tiqib, ikkinchi uchini aloqachining qulog'iga yaqinlashtirdim. Hozirgi vaziyatda umuman vijdonim qiynalmasdi. Chunki, men ham boshqalar singari garovdaman. Ertami-kechmi, o'ldirib yuborishlari hech gapmas.
Sim qulog'iga tiqilgach, u tok ta'sirida silkina boshladi. To joni chiqmaguncha simni sug'urib olmadim.
Jasadni sekingina polga avaylab yotqizgandan keyin simni ichi ochib tashlangan uskuna ichiga joylab bir uchini rozetkaga tiqilgan ko'yi qoldirdim. Endi kirgan sheriklari tok urib o'libdi degan xayolga borishlari tayin. Ketayotib ichkaridan o'zimga mos kostyumni ham qo'ltiqlab oldim. Qaytadan oyna orqali kayutamga kirdim-da, qo'llarimni kishanlab joyimga yotdim.
Ertasiga tashqaridan kelayotgan zardali tovushlar qulog'imga chalindi.
— Kechasi radio kovlashtirish o'rniga uxlash kerak. — derdi banditlardan biri sheriklariga. — Ana, o'ziga o'zi qildi…
Shu kundan e'tiboran har bir tun banditlar uchun dahshatli kechadigan bo'ldi. Tun o'tdimi, ertalab murda, ertasiga yana shu hol takrorlanaverdi…
Ko'rsatib qo'yaman ularga!..
* * *
Ertasi kuni men tunda shoshilmasdan yuqoriga chiqdim. Ekipaj komandiri baxtimga tungi chiroqlarni yoqmabdi. Qolaversa, egnimdagi aloqachining kostyumi meni tanishlariga yo'l bermaydi.
Sekin trap orqali pastga tushdim. Kayutalardan birining eshigi ochiq edi. Ehtiyotkorlik bilan ichkariga quloq tutdim. Xayriyat, bu gal ham omadim chopdi. Karavotdagi bandit astoydil xurrak otardi. Ohista qadam tashlab karavot tepasiga keldim. Ne ko'z bilan ko'rayki, yerto'lada ekanimda meni tasodifan mushtlab yuborgani ekan. Xo'sh, qasosimni olaymi hozir? Yo'q, qasos olish niyatim yo'q edi. Ojizlik degan narsadan allaqachonlar xalos bo'lganman. O'ldirishim istakdan ham emas. Shu narsa hozir juda zarur.
Bandit, chamasi, mast shekilli, bir ag'darilib narigi yonboshi bilan yotdi. Bu menga uni o'ldirish uchun yana bir qulaylik yaratdi.
Men ko'rsatkich barmog'im bilan uning uyqu tomirini bosdim. U birdan uyg'onib ko'zlarini ochdi. Nimadir demoqchi bo'ldi. Biroq ulgurmadi. Ko'zlari qaytadan yumilib, tovushsiz jon berdi.
Ertasiga banditlar ikkinchi murdani suvga uloqtirishdi.
— Ichishning oqibati shunaqa bo'ladi! — baqirishardi qolganlari uyoqdan-buyoqqa chopib. — Kamroq ichsa, o'lmasdi yaramaslar! Xo'sh, kechga borib garovdagilarni tekshirib ko'ringlar! Qurollarni tozalanglar! Dam olib yotganlaring yetar!..
Bu buyruq men uchun ham muhim edi. Shu bahonada uchinchi jasadni suvga uloqtirishlari kerak bo'ladi…
* * *
Shu kundanoq banditlar tipirchilab qolishdi. Ular qatorasiga ikki sheriklarini o'ldirgan dushmanni qidirishardi. Agar ertaga ham uchinchi murdani suvga tashlashsa, dushmanni kemadan emas, qirg'oqdan izlay boshlashadi. Bunga shubham yo'q.
Bu gal men kayutamdan erta tongda chiqdim. Bilardim. Banditlar baribir ko'z yumishmaydi.
O'zimga kerak bo'lgan kayutani qiynalmay topdim. O'ldirilishi lozim bo'lgan bandit g'irt mast holda stolga bosh qo'ygancha uxlardi. Yonida to'pponcha yotibdi. Mana shu to'pponcha meni qiziqtirardi. Sekin banditning tepasiga keldim-u, yelkasiga qo'l tashladim.
— Vey, ko'zingni och! — deya qulog'iga shivirladim.
U shoshib ko'zini ochdi-yu, to'pponchani olish uchun qo'l uzatdi. Lekin to'pponcha allaqachon mening qo'limda edi. Cho'zilgan qo'lini mahkam qisib oldim va zarur tomirini topdim. Bir daqiqaga yaqin shu taxlit ushlab turganimdan so'ng u hushini yo'qotib shilq etgancha boshini stolga qo'ydi. Men epchillik bilan polda yotgan lattani olib to'pponchaning og'zini yopdim va bo'yniga qarata ikki marta o'q uzdim. To'pponchani qon oqa boshlagan tomog'i ostiga yaxshilab joylashtirib qo'ydim.
Kursdaligimda yuqoriga sakrab chiqish, oynadan sirg'alib o'tish mashqini o'n soniyada bajara oladigan bo'lganman. Bu eng yaxshi ko'rsatkich edi. Hozir esa, o'q ovozini eshitish nasib qilgan boshqa banditlar to kayutalaridan yugurib bu yerga kirguncha ancha vaqt o'tadi. Demak, men o'z kayutamga kirishga bemalol ulguraman.
Kutganimdek, zum o'tmay, banditlar eshikni bir-ikki taqillatishdi-da, birdan ichkariga o'zlarini urishdi. Men sekin o'zimni panaga oldim. Kirganlar, shubhasiz, stolga bosh qo'ygancha qoniga belanib yotgan sheriklarini ko'rishdi…
Shu lahzalarda umrimda birinchi marotaba biroz o'zimni yo'qotgandim. Nima qilay? Qanday yo'l tutay? Shu turishida unga o'q ham uza olmayman. Agar mushtlashishga o'tsam, qolganlari ham yetib kelishadi.
Bir qarorga kelishim uchun bir soniyadan ham kamroq vaqt kerak edi. Hozircha anavi xayolini bir joyga yig'ib ulgurmasdan, miyamda undan xalos bo'lishning bir necha o'nlab variantlarini ishlab chiqdim. Ammo birontasi ham to'g'ri kelmasdi. To'g'ri, uni ham boshqalari singari o'ldirsam bo'ladi. Faqat bu ishim o'zim uchun qimmatga tushishini sezib turibman. Yo'q, tavakkal qilaman.
Men majburan tabassum qilib uni ichkariga chorladim.
— Kiraver! Bizni qo'lga tushirishlariga sababchi bo'lasan!..
Bandit ichkarida mendan tashqari yana kimdir bor deb o'yladi shekilli, qiziqishi ortib sekin ostona hatladi.
— Eshikni yop! — dedim unga.
U eshikni yopdi.
Buyog'iga qanday yo'l tutishni o'zim yaxshi bilardim.
«Mehmon» juda yaxshi tayyorlangan xilidan ekan. Zarba tufayli hushini yo'qotgach, bir necha soniya ichida yana o'ziga keldi. Ko'zlarini ochib yon tarafiga boqdi. U yerda sherigi ko'zlari yumiq holda yotardi. Dahshatga tusha boshladimi, boshini boshqa yoniga burdi. Men unga to'pponcha o'qtalgancha jilmayib turardim.
Yo'q, bandit boshqa hech narsa ko'rmadi. Ulgurmadi. Men tepkini bosdim. O'q uning boshini teshib o'tdi.
Endi harakatni kuchaytirmasam bo'lmasdi.
Ana, yo'lakda qadam tovushlari eshitilyapti.
Jonholatda stol ustiga sakrab chiqdim-da, oynadan sirg'alib tashqariga chiqib o'zimni pastga tashladim. Afsuski, dengizga boshim bilan sho'ng'idim. Baribir yaxshi. Banditlar meni ilg'ayolmay qolishdi. Ulgurishmadi.
Suvdaligimni ko'rib qolmasliklari uchun ehtiyot shart kema ostiga suzib kirdim. Yakorgacha suzib bordim-u, yuqoriga ko'tarildim.
Kemadagi har bir burchak yodimda muhrlanib qolgandi. O'z kayutamni qiynalmaygina topib oyna orqali ichkariga kirdim…
***
Tanam ma'lum muddatdan keyin sal bo'shashgach, miyamni sog'inch va alam hissi qayta chulg'ay boshladi. Ko'z o'ngimda o'zim tug'ilib o'sgan qishloq, oriq-semiz, uzun-qisqa odamlar gavdalandi. Ular orasida ota-onam, yaqinlarimgina ko'rinmasdi.
Odamlar men tomon nafrat aralash boqishardi va baravariga qo'llarini oldinga cho'zib meni qarg'ashardi.
Xo'rligim keldi.
Axir, men vatanimni himoya qilyapman, shu qora-ko'zlar tinch yashashi uchun jonimni jabborga bermoqdaman. Nega ular meni qarg'ayverishadi?..
Qurib ketsin! Agar qarg'ishga arzirli xatoga yo'l qo'ygan bo'lsam, mayli, qarg'ishlari ura qolsin, xudoyim!
(davomi bor)