Xtales.ru

Killer 6 (kamolov) yakun

Yarqiragan “Neksiya” ko'z ochib yumguncha Qo'qonmahallaga yetib bordi. Mergan aka o'tirgan yerida signal chaldi. Ichkaridan kelishgangina qiz chiqib darvozani ochdi.

Vali bu qizchani o'sha kecha ko'rmagandi. Har holda yoshi o'n uchdan oshib qolgan-da, go'zalligiga tan berib beixtiyor jilmayib qo'ydi.

— Qani, o'g'il bola, tushaylik-chi!..

Vali Mergan akaga ikki qo'lini uzatdi. U epchillik bilan bolani ko'tarib olib aravachasiga o'tqazarkan, bir chekkada hayron bo'lib turgan qizga qarab kuldi.

— Momoxol qizim, ko'rdingmi, bu Valijon!.. Haqiqiy o'g'il bola!.. Tez dasturxon yoz, qorni ochib ketgandir ukangning!..

Bular ham holva ekan. Ichkariga kirgach…

Ne ko'z bilan ko'rsinki, xona o'rtasiga to'shalgan baxmal ko'rpacha ustida Botir akasi o'tirardi…

Xursandligidan qichqirib yuborayozdi.

Botir ham kutmagan ekanmi, o'tirgan yerida silkinib-silkinib ketdi.

— Valijon!.. Valijon, o'zimning ukaginam!.. Qaerlarda yuribsan-a?.. Kel-chi, bir seni bag'rimga bosay!..

Ularning holatini ko'rib Mergan aka ham kulib yubordi.

— Obbo aka-ukalar-ey!.. — deya hayqirdi u Valini ko'tarib Botirning yonboshiga o'tqazarkan. — Zap topishdilaring-a?.. Ha-a, men shunaqa odamman!.. Tushlaringdayam ko'rmagan ishlarni qilib yuraman!..

Momoxol yelib-yugurib o'rtaga dasturxon tuzadi. Yeguliklar keltirib qo'ydi. Mergan aka bir imlagandi, patnisda aroq, gazaklar olib kirib xontaxta ustini yasatgan bo'ldi.

— Qani, omad uchun ichamiz! — Mergan aka qadahlarni to'ldirib aroq quydi-da, bittasini olib Botirning og'ziga to'g'riladi. — Kel, og'ayni, o'zim ichirib turaman!..

Vali ularning ichishlarini tomosha qilib o'tirar, uzatib qolishlaridan umidvor edi. Chunki Oqsoqolnikida bir piyola aroq ichgandan beri mazasi og'zida qolgandi.

Shu ko'yi yarim soatcha kutdi. Bir shisha aroq tugab, Mergan aka ikkinchisini ochdi. Ammo hadeganda unga uzatavermadi.

“Mayli, — ichida o'yladi Vali. — uzatmasa uzatmas. Katta bo'lvolay, o'zimning pulim ko'p bo'ladi. O'shanda menam bularga bermasdan aroq ichaman!..”

— Valijon, zerikmadingmi, bolam? — Mergan aka tovoqdagi oshdan Botirga yedirarkan, unga kulib qarab qo'ydi. — Oshdan ol, sovib qoladi!..

— Men tashqarilarni aylanib kelsam maylimi? — so'radi Vali kutilmaganda qo'lidagi qoshiqni joyiga qo'yib. — Hovlilarni tomosha qilaman.

— Shunaqami? Mayli, ana, Momoxol seni aylantiradi. Qizim, qaverdasan?.. Kel, yetakla aravachani!..

Momoxol oshxona edi. Dadasining ovozini eshitib yugurgancha ichkariga kirdi-da, Vali o'tirgan aravachani yetaklab tashqariga chiqdi…

— Qo'yaver, o'zim aylanaveraman! — dedi Vali hovliga chiqishgach. — O'rganib ketganman…

Qiz uning oyoqlaridan ko'z uzolmas, nimanidir so'ramoqchi bo'lardi-yu, iymanibmi, sira jur'at etolmasdi.

— Menga qara, oyog'ingga nima qilgan? — nihoyat yurak yutib so'radi qiz.

— Oyog'imgami?.. — qizga havas bilan tikilib javob qildi Vali. — Mashinadan yiqilib tushganman…

— Voy bechora-ey! Ilgari butunmidi oyoqlaring?

— Albatta butun edi…

— Kechirasan agar xafa qilgan bo'lsam!

— Xafa emasman… Yaxshisi menga boshqa uylaringniyam ko'rsatgin, maylimi?

— Yur, senga hov anavi yerdagi uylarni ko'rsataman!..

Momoxol uni yo'lak bo'ylab yetaklab tomorqaga yaqinroq yerdagi ikki xonali uychaga olib kirdi…

Uy unchalik bezatilmagandi. Naqshlari ham yo'q. Shunchaki oqlab qo'yilgan.

Ammo Valining e'tiborini boshqa narsa tortdi. Xona burchida qora sandiq turardi. Ana o'sha sandiqdan ko'z uzolmay qoldi.

— Momoxol, anavi sandiqda nima bor? — asta qizdan so'radi u.

Momoxol sekin derazadan tashqariga qarab olgach, Valining qulog'iga shivirladi.

— Bu yerda dadamning qurollari turadi.

— Nima? Qurollari? O'zing ko'rganmisan?

— Albatta ko'rganman.

— Mergan amaki nima qiladi bu qurollarni?

— Jinnimisan? Sotadi.

— Mergan amaki-ya?

— Ha-da, bo'lmasa nima ish qiladi?..

Vali tushundi. Shuning uchun ham uning ko'z qarashlariga qiziqib qolgan ekan-da!.. Tushunarli. Demak, Valiga o'zicha quroldan o'q otishni o'rgatmoqchi bo'lgan…

Bolaning niyati buzila borar, shu xonadan chiqib ketgisi kelmasdi. Ikki ko'zi sandiqda edi… Essiz, qulfi katta ekan. Bunaqa qulfni katta odamlar ham kalitsiz ocholmasa kerak…

Yo'q, agar kechasi bildirmay kirib kalitini axtarib ko'rsa-chi?.. Buyam bo'lmaydi. Mergan amaki bilib qolsa…

“Baribir o'g'irlab ketaman. — qizga bir-ikki marta ma'noli qarab qo'yib xayolidan o'tkazdi Vali. — Yo'lini topaman… Agar o'g'irlay olsam, hech kim topolmaydigan yerlarga yashirinib olaman-da, haqiqiy killer bo'laman…”

Bolaning orzulari bir dunyo edi. Biroq killer bo'lish oson emasligini, jonini naq o'limga tikishi muqarrarligini hali tushunmasdi…

***

Uychadan chiqib Momoxolning ko'magida Mergan akalar o'tirgan xonaga kirib borgan Vali hamon sandiq haqida bosh qotirardi. O'z xayollari bilan bo'lib Botirning bir chetga yotib olgancha qusayotganiga ham e'tibor qilmadi…

— Amaki, men hov anavi yerdagi uychangizda uxlasam bo'lmaydimi? — tavakkal so'radi u o'tirgan yerida mudrayotgan Mergan akaga yuzlanib.

Kutilmagan savol uy egasini hushyor torttirdi.

— Nima? Qaysi uyni aytayapsan?

— Hov anavi… Tomorqa tarafdagi uy.

— U yerda nima qilasan?..

— Aravachamminan kechasi tashqariga chiqishga qulay ekan.

— Sen… Aravachada uxlamoqchimisan?

— Ha.

— Joning qiynalib ketadi-ku, bola!.. Qo'y, yaxshisi, mana shu xonada uxla. Momoxol yumshoqqina joy solib beradi. Nima qilasan u yerda?..

— Jon amaki, ruxsat bera qoling!.. — yolg'ondakam yalina boshladi Vali. — Menga yoqib qoldi-da!..

— Bo'pti. — Mergan aka garchi kayfi bo'lsa-da, bolaga o'g'rincha razm soldi. — O'tgin, ammo xonadagi narsalarga tegmagin!..

— Tegmayman…

— Qani, o'zim seni o'sha xonaga oborib qo'yaman!..

— Dada, siz qo'yavering, men o'zim!.. — Momoxol yugurib kelib aravachani dadasining qo'lidan oldi. — Siz damingizni olavering!..

Shu tobda Vali sezdiki, Mergan aka qiziga ko'zi bilan sirli ishoralar qildi. Qiz ham uni tushunib boshini sekingina qimirlatib qo'ydi-da, Valini uycha tomon olib ketdi…

Qorong'i tun. Qish bo'lishiga qaramay, bu kecha yer muzlamadi. Havo iliq edi. Bu albatta qor yog'ishidan darak…

Haqiqatan, birdan havo aynib qor uchqunlay boshladi. Bu mahal Vali uy chirog'ini yoqmasdan, gohi-gohida derazadan tashqariga qarab olgancha kalit izlardi. Sholchalar ostini, shkaf ichlarini titkilab chiqdi. Nihoyat topdi. Xursandligidan terisiga sig'may ketgan Vali oyog'i dard qilayotganini ham unutdi. Shosha-pisha kalitni qo'liga olib sandiqqa osilgan qulfga soldi…

Ajabo!.. Sandiq to'la avtomat, miltiq edi…

— Voy, zo'r-ku!.. — dedi o'ziga-o'zi ovozini hiyla balandlatib. — Shuncha miltig'ing bo'lsa bormi…

— Aytgandim-ku hech narsaga tegmagin deb!..

Kutilmagan ovozdan cho'chib tushgan Vali sal qursa aravachadan ag'darilib tushayozdi…

Keskin boshini ko'tarib tepasiga qaradi. Unga Mergan aka mayin jilmaygan ko'yi tikilib turardi.

— Obbo sen-ey, — kuldi u Valining yelkasiga qoqib. — ja usta ekansan-ku-a?.. Bu sandiqni uncha-muncha odam ocholmasdi. Kalit topishni-ku, qo'yaver!..

— M-men… — Vali nimadir demoqchi, o'zini oqlamoqchi bo'ldi. Tili aylanmadi. Tutilib qoldi.

— Mayli, — dedi Mergan aka. — Seni kechirsa bo'ladi. Pul o'g'irlayotganing yo'q-ku!.. Miltiqqa ishqibozligingni bilaman. Shoshmasang, shu miltiqlarning eng zo'ri seniki bo'ladi. Odam o'ldirasan, shu yo'l bilan pul topasan.

— Rostdanmi? — so'radi hovliqib Vali. — Qachon berasiz?..

— Biroz vaqt bor. Biz Botir akangminan ertaga maslahatlashib ko'ramiz… Aytgancha, umringda miltiq otib ko'rganmisan o'zi?

— Otmaganman-u, lekin… Bu ishlar menga chikora, amaki. Ko'raverib ko'zim pishib ketgan.

— Qaerda ko'rgansan?

— Axlatxonalarda.

— U yerda miltiq nima qiladi?

— Kelishardi-da miltiq ko'targan odamlar!.. Bir kuni-chi, qimorbozlar bittasini opkelib axlatxonaning o'zida otib tashlashgan. Miltig'ining ovoziyam unchalik chiqmagan.

— Shunaqa degin?.. Yo'q, baribir miltiqdan aniq nishonga olishni o'rganmasang bo'lmaydi… Xo'p, hozir yotib uxla. Kalitni buyoqqa ber!..

Vali uy egasi chiqib ketgach, bo'laricha bo'ldi. Qilib qo'ygan ishidan pushaymonlar yedi. Mergan akaning indamaganini ko'z oldiga keltirib, so'nggi so'zlarini eslagani sayin duv qizarib ketaverdi… Tashqarida esa, qor kuchaya boshladi…

***

— Hov og'ayni, bosh qalay? Turaqol endi!.. — Mergan aka g'ujanak bo'lib yotgan Botirni erta tongda turtib uyg'otdi.

— Ie, uxlab qolibmiz-ku! — ko'zlarini bazo'r ochib kulimsiradi Botir. — Nima balo, qor yog'ayaptimi deyman?

— Ha, — og'ir xo'rsinib javob qildi Mergan aka. — qish qishligini qilgani yaxshi-da!.. Qolaversa, bizning ishda mana shunaqangi qorli kunlar juda qo'l keladi… Kel, seni yuvintirib qo'yay, keyin muhim gap bor!..

Mergan aka qo'lsiz-oyoqsiz Botirni yarim qop undek dast ko'tarib kranning oldiga olib chiqdi va yuz-qo'llarini chayib, sochiq bilan artdi.

— Ana endi o'tirib choyxo'rlik qilamiz, og'ayni! — dedi uyga kirishgach. — Peshonangga shu kunlar yozilgan ekan. Nimayam qilarding… Esingdami, qanday baquvvat, chayir yigit eding?!.

Botir javob berish o'rniga bosh egdi.

— Menga qara, — Mergan aka atayin jimlikni buzib do'stining ko'nglini ko'tarishga urinardi. — anavi qizing bo'lardi-ku!.. E, bir paytlar uchrashib yurgan…

— Yaramni yangilama, Mergan! — lablarini tishladi Botir. — Men afg'ondan manavinaqangi ahvolda qaytib kelganimni ko'rdi-yu… Qizlargayam ishonib bo'lmas ekan…

— Ayol zotiga ishonib bo'lmaydi, og'ayni!.. — uning gapini ma'qulladi Mergan aka. — O'shim qirqqa bordi. Momoxol borakan yaxshiyam. Onasi bo'lsa, birinchi marta qamalganimdayoq quyon bo'lib qolgan…

— Hozir qaerda?

— O'sha… Surxondaryosida-da, go'rda bo'larmidi?!. Aytishlaricha, allaqachon bittasini topib tegvolganmish. Vey, qizim boridi, ko'ray ham demaydi…

— Sen nimaga uylanmay yuribsan?

— O'zing aytding-ku, ayollarga ishonib bo'lmasakan deb!.. Shunaqa ishlardan keyin ishonch qoladimi?.. Bularni-chi, mana shunaqangi xilvat yerga opkevolib jonini olish kerak…

Botir kulib yubordi.

— Haliyam anavinaqalaridan opkeb turaman degin?

— Albatta-da!.. Hali shoshma, biz senminan manaman deganlarini opkelib… Bo'pti, aynimaylik!.. Menga qara, sen shu ahvoldayam menga ko'-o'p yordam bergansan. Qurol masalasini aytaman-da! Mana, sening orqangdan ancha-muncha mijozlar orttirdim. Ishqilib kam bo'lganim yo'q… Endi gap munday… Valini aytaman. Shu… Boladan yaxshigina killer chiqadi-yov!..

— Qaerdan bila qolding? — ayyorona ko'z qisdi Botir.

— Bildim. Kechasi qurollarim turgan sandiqni ochvolib astoydil tomosha qilayotgan ekan… Kel, yana bir yaxshilik qil. Bilaman, kuchli mergan bo'lgansan. Senminan… Qolaversa, talaygina “qaysarlar”ning boshiga yetganmiz. Shu bolani o'rgataylik!.. Ajabmas, “tijorat”imiz yanayam kuchayib ketsa…

— Bu ishni eplasa bo'ladi. — o'ychan ohangda javob berdi Botir. — Vali mengayam ma'qul kep qolgandi… Ko'zlari aytib turadi-da!.. Bo'pti, uni otishga o'rgatish mendan. Faqat unutma, o'zing homiylik qilasan!

— Buyog'idan xavotir olma!.. Mana shu uy, nimaiki boyligim bo'lsa, o'rtada. Faqat sodiq do'st bo'lib qolsak bas…

— Valining o'zi qani? — xavotirlanib boshini ko'tardi-da, deraza tomon ko'z tashladi Botir.

— Ie, — Mergan aka nimadir esiga tushgandek sapchib o'rnidan turdi. — esim qursin. Uyg'otishni unutibman!..

Shu tobda hovlida aravachaning g'ildiragan tovushi eshitilib Mergan aka deraza tomon yugurdi… Qaradi-yu… Ko'ngli tinchlanib qaytadan joyiga o'tirdi.

— Xayriyat, Momoxol uyg'otib opkelayotgan ekan!..

— Ie, yigitcha ja epchil chiqib qoldi-ku! — kuldi Botir. — Qizingminan tanishib ulguribdi-da!..

— Hali bular nihol! Mayli, tanishsin, ajabmas, shuminan ikkovlarining ham ko'ngillari ko'tarilsa…

— Hazillashdim, Mergan, hazillashdim!.. Xo'-o'sh, qani, Valijon, kel, choy ich!..

Botir kulimsiragancha xonaga kirib kelgan Valiga boshi bilan dasturxonni ko'rsatdi. — Mana, amaking senga atab tuxumlar qovurtiribdi…

Vali uy egasining ko'magida ko'rpacha ustiga o'tirib ishtaha bilan tuxumni yeb oldi. Mergan aka uning oldiga piyolada shirin choy qo'ydi-da, maslahatlashish uchun Botirni ko'tarib narigi xonaga chiqib ketdi.

***

Ertasiga qor yanada qalinroq yog'di. Bunday mahallarda hovlida yashaydiganlarning ishlari ko'paygandan-ko'payadi. Hovli, darvoza ro'paralarini qordan tozalanmasa, yurib bo'lmay qoladi. Shu sababli uy egalari qo'llariga kurak olib, erta tongdanoq qor kurashga tushib ketishadi.

Mergan akaning bu to'g'rida muammosi yo'q. Tayin etgan odamlari bor. Ularning qachon kelishgani-yu, qachon qor kurashganini sezmay qolasiz. Albatta mehnatlari evaziga Mergan aka ularga yaxshigina pul to'laydi.

— Botir, — tashqaridagi hamon bo'ralab yog'ayotgan qorga ma'yus tikilgancha do'stiga o'girildi Mergan aka. — Biz qilmoqchi bo'lgan ish Toshkanda amalga oshmaydigan ko'rinadi. Nega deganda, harqalay shahar shahar-da!.. Ko'z ko'p. Bittasi bo'lmasa bittasi, baribir hidlanadi.

— Yo'q, o'zi nimaga bunday qarorga kela qolding? — Botir o'tirgan yerida yelka qisib so'radi. — O'llayman desang, killerlar shaharda tiqilib yotibdi. Nega endi aynan shu bolani tanlaganingni tushunmayyapman. Bu bola nogiron bo'lsa. Qolaversa, hazilakam puling ketmaydi…

— Eh, do'stim!.. Haliyam meni yaxshi bilmas ekansan. Gaping to'g'ri, yollayman desam otadigani tiqilib yotibdi. Ammo, bu bola mening ko'nglimga o'tirishgan. Bunaqalar hech qachon sotqinlik qilishmaydi. Buyog'idan kelsang, nogironligi menga qo'l keladi. Nogironlardan milisa shubhalanmaydi. Albatta, uni yaxshilab o'qitsang. Ikkinchidan… Axir, yoshim ham bir yerga borib qolayapti. Mana, qirqdan oshyapman. Mundoq shogird-pogird ham qoldirish kerak-ku!.. Bizdanam iz qolsin-da!..

— O'ylaysanki, Validan sen istaganchalik zo'r mergan chiqarkanmi? Balki yanglishayotgandirsan?

— Sen uyog'ini o'ylamay qo'yaqol!.. — dedi Mergan aka Botirga yaqin kelib yelkasiga qo'lini qo'yarkan. — Sen o'rgatishni bil!.. Men chiqadi dedimmi, demak, nimanidir bilaman.

— Keyin-chi?.. Uning qo'liminan kimlarni tinchitasan? Dushmaning shunchalar ko'pmi?..

Mergan aka birpas o'ylanib turgach, javob qildi.

— Ha, Botir, dushmanlarim ko'p. Hisob-kitob qiladiganlarim bor. Ularga ochiqchasiga qarshi chiqib bo'lmaydi. Naq yutib yuborishadi. Shu sababliyam ayyorlik bilan yengmoqchiman…

— Xo'p, tayyorgarlikni qaerga ko'chiramiz? — sabrsizlik bilan so'radi Botir.

— Men Namangan cho'llarini bilaman. U yerlarning aylana atrofi qumlik. Hozir ayniqsa, qor yog'ib ja bizbop bo'p qolgandir. Milisa-pilisa zoti bormaydi uyoqlarga. Bomba tashlasangam birov eshitmaydi.

— Juda qulay yer ekan. — dedi Botir kulib. — Unda vaqtni o'tkazmaylik. Tezroq bizlarni o'sha yoqlarga olib bor!

— Gaping to'g'ri, shu bugunoq yo'lga chiqish lozim…

***

… Oradan uch yil vaqt o'tdi. Vali o'n oltiga to'lib, o'n yettiga qadam qo'ydi. Shu yillar ichida umri Mergan akanikida o'tdi. Botirdan merganlikdan yaxshigina saboq oldi…

To'g'ri, Botir ham u kabi aravachada o'tirar, o'tirgan yerida bolaga otish sirlarini o'rgatardi. Ana shu qilingan mehnatlar, ba'zida asabiylashishlar ish berib, nihoyat Mergan akaning orzusi ushaldi. Vali zo'r mergan bo'ldi.

— Ana endi asosiy ishlarga o'tsak ham bo'ladi. — dedi bir kuni Mergan aka Botirga. — Xizmatlaring evaziga senga ketvorgan aravacha sovg'a qilaman, do'stim!.. Qani, Shapko'r, sovg'ani opchiq!..

Bo'yi naq ikki metr keladigan bu erkak Mergan akaning ishongan yordamchilaridan hisoblanardi. Aytishlaricha, Mergan aka bir paytlar o'g'irlik qilib qamalganda, turmada birga o'tirishgan ekan. O'sha-o'sha yaqin bo'lib qolishgan-u, turmadan chiqishgach, Shapko'r(bir ko'zini doim qisibroq yurgani uchun Mergan aka unga shunday laqab qo'yib olgan. Asl ismi Haybatilla bo'lsa-da, u laqabini aytib chaqirishsa, sira achchiqlanmasdi.)ning ishlari yurishmaydi. Mergan aka esa, darrov yo'lini topdi. Botir bilan tanishib, qurol sotish sirlarini o'zlashtirdi. Ko'ribsizki, ko'p o'tmay, cho'ntagi pul ko'rib, yoniga Shapko'rni ham chaqirib oldi…

U yarqiragan aravachani mashina turadigan garajdan yetaklab olib chiqib, Botirning ro'parasiga qo'ydi. Aravacha haqiqatan havas qilsa arzigulik edi. Bunaqasi kam bo'ladi. Nogiron garchi oyoq-qo'lsiz bo'lsa-da, aravachani mustaqil, birovning yordamisiz boshqara olarkan. Ya'ni, ikki chetiga maxsus tugmachalar o'rnatilgan. Ular shu qadar yumshoqki, Botir bir qarichginasi kesilmay qolgan bilaklari bilan bemalol ularni bossa bo'ladi…

— Xo'sh, sovg'a yoqdimi? — kulimsirab Botirga tikildi Mergan aka. — Hali shaharda bunaqa aravacha juda kam. Yo'q desayam bo'ladi. Qara, endi o'zing ham mustaqil yura olasan… Shapko'r, zinalardan ko'tariladigan tugmachasiyam bor ekanmi?..

Haybatilla shosha-pisha aravachaning kitobini qo'liga oldi-da, bir ko'zi qisilgan ko'yi o'qiy boshladi.

— Ko'ryapsanmi o'zi harflarni? — xoxolab kuldi Mergan aka. — Namuncha burningga taqab olmasang?!.

— Shoshmay turing-da, aka!.. — kulgiga jo'r bo'ldi Haybatilla. — Sabringiz chidamaydi-ya vey!.. Ha, mana!.. Manavi sariq tugmani bossa aravacha asta-sekinlik bilan balandlikka, zinapoyalarga qarab chiqa boshlarkan.

— Malades!.. — Mergan aka ikki kaftini bir-biriga ishqalab Botir tomon engashdi. — Qani, o'tir og'ayni!.. Mana shu aravachada o'tirib yuvasan!..

Momoxol dadasining nima demoqchi ekanini tushundi va tezda ayvonga dasturxon yozib aroq, mayda-chuyda gazaklarni keltirib qo'ydi.

— Qani, Valijon, ol! — piyolaga quyilgan aroqni uzatarkan, kuldi Mergan aka. — O'ziyam Namanganlik bo'p ketayozding-ov-a?.. Ol, bugun mana o'n yettiga qadam qo'yding. Endi kap-katta yigitsan… Ol!..

Vali piyoladagi aroqni bir ko'tarishda simirib, tuzlangan bodringdan tishladi.

— Yashavor, o'g'il bola! — qarsak chalib uni olqishladi Mergan aka. — Mana buni haqiqiy merganning ishi desa bo'ladi… Shoshmay turgin, sengayam yaqin orada xuddi Botir akangnikiga o'xshagan aravacha sotib olamiz… Shapko'r, sen nega qoqqan qoziqdan tepamda turibsan? O'tirib ichavermaysanmi?..

Haybatilla haqiqatan ularning o'zaro suhbatiga mahliyo bo'lib o'tirishni ham unutgan ekan. Xijolat tortib Mergan akaning yonidan joy oldi.

— Endi gap munday. — maqsadga o'tdi Mergan aka. — Bir paytlar Samin bo'qoq degan qimorbozminan tortishib qolganman. Yutqazib qo'yib qarzini uzmadi bachchag'ar. Mana, sakkiz yil o'tdi. Lekin mening esimdan chiqqani yo'q.

— O'shanda bir yoqlik qip qo'ya qolmagan ekansan-da! — dedi Botir bo'shagan piyolani bir chetga qo'yayotib. — Senga nima bo'ptiydi o'sha qimorboz?..

— Sen tanirmiding o'zi uni?

— Albatta. Ja unaqangi “krutoy” ham emasdi shekilli?

— To'g'ri. Biroq o'sha vaqtlarda men endi-endi qamoqdan qaytgandim. Qolaversa, yolg'iz edim. Ular ko'pchilik.

— Nima qipti? Bittasini yollab o'ldirtirvorsang olam guliston edi.

— Shunday qilsam ham bo'lardi. Biroq pulni keyin kimdan olaman. Bilasan-ku, yollanma killerlar orqa-ketiga qarab o'tirishmaydi. Tezroq tinchitsa-yu, pulini olsa, shu zahoti ko'zdan g'oyib bo'lsa…

— Bir jihatdan to'g'ri qilgansiz. — suhbatga aralashdi Vali chayir qo'llarini musht qilib. (uch yil ichida u ancha et olgan, har kuni tosh ko'targani tufaylimi, qo'llari dag'allashib qolgandi.) — Endi o'sha iflosni o'zim tinchitaman.

— Rahmat senga, Valijon! — uning yelkasiga qo'lini qo'ydi Mergan aka. — shu kunni kutgandim-da o'zi!.. Endi avval pulni undirib olamiz-u, keyin… — a?..

— Ha, biz endi ko'pchilikmiz. — dedi Haybatilla. — Uncha-munchasini asfalasofinga jo'natish qo'limizdan keladi. Bo'pti, birinchi ish uchun!..

Hammalari Haybatillaning gapidan ruhlanib, to'ldirilgan piyolalarni qo'llariga olishdi…

***

— Seni Shapko'r mashinada olib boradi. — ertasi kuni tongda Valini yoniga chorlab uqtira boshladi Mergan aka. — Men kechasi odam yollab hamma pullarimni olib bo'ldim. Xudoga shukr, qarzidan qutuldi… Ammo bu pullarning foizi bor. Sakkiz yil ichida juda katta miqdorda foiz tuqqan. Ana shu foizlarni Samin o'z hayotiminan to'lashi lozim. Bo'lmasa bo'lmaydi. Qolaversa, alamim shundagina pasanda bo'ladi. Xullas, u katta bir bozorda nomigagina oshxona ochib qo'yibdi. O'zi avvalgiday kechasi hujrasiga qimorbozlarni to'plarkan. Xo'sh, qaerda tinchitgan ma'qulroq deb o'ylaysan?..

Vali bir Botirga, bir Mergan akaga qarab olgach, xotirjamlik bilan javob qildi.

— Albatta qimorxona ma'qul. Bozor nima bo'lgandayam, gavjum yer. Shovqin-suron, milisa deganday…

— Bo'lmasa, hozir Botir akangminan ichkariga kiringlar-da, yaxshilab reja tuzinglar! Shunday bo'lishi kerakki, o'ligini it ham topolmasin…

Haybatilla Vali o'tirgan aravachani yetaklab mehmonxonaga qkrab yurdi. Botir esa, yangi aravachaning tugmachasini ehtiyotkorlik bilan bosdi. Aravachaning old qismi biroz ko'tarilib, zinalardan asta ko'tarila boshladi. Mo''jizani ko'rgan Mergan aka xursandligini yashirolmay, qotib-qotib kular, har kulganda tizzasiga kuch bilan shapatilab-shapatilab qo'yardi…

— Mergan amaking ikkovimizni qimorxonaga yaqin joydagi dalaroq joyga olib boradi. O'sha atrofda bir tanishi bor. Seni o'shaning tomiga chiqarib qo'yishadi. Juda qulay yer otishga. Tomdan atrof kaftdek ko'rinib turadi.

— Samin o'sha dalaga chiqadi deb o'ylaysizmi? — yelka qisdi Vali. — Ahmoq emasdir o'zini o'qqa tutib berib?

— Buyam oldindan o'ylab qo'yilgan. Saminni Shapko'r tashqariga opchiqadi. Atayin mushtlash uyushtiradi. Biladii, Samin ja baquvvat odam. Uni Shapko'rga o'xshaganlar qulata olmaydi. Buni o'ziyam biladi. Shuning uchun birinchi mushtdan so'ng Shapko'r yiqiladi. O'zini hushdan ketganga solib yotadi. Sen hammasini kuzatib turishing lozim. Yiqilgani hamono miltiqni Saminning ko'ksiga to'g'rilab otishing kerak. Fursatni aslo boy berma! Bo'lmasa, hammamizxarob bo'lamiz.

— Tushundim. — dedi Vali lablarini tishlab. — Lekin men-chi?.. O'sha tomda qolaveramanmi? Saminning odamlari baribir chor atrofni titkilab tashlashadi-ku!..

— Esingdami? Mergan amaking aytgandi. Aravachada yurgan nogiron odamdan hech kim shubhalanmaydi. Sni tomdan tushirib qo'yishadi. Sekin hech narsa bo'lmaganday aravachangni g'ildirati-ib ko'chaga chiqasan-da, bamaylaxotir katta ko'cha tomon ketaverasan. Ja ko'ngling bo'lmasa, qotilni qidirayotganlardan sigaret so'raysan… Qo'rqma, hech kim sendan shubha qilmaydi. Mana, meni aytdi dersan!..

Vali boshini sarak-sarak qilgancha, tashqariga yo'l oldi. Shu tobda negadir Momoxolni juda-juda ko'rgisi kelgandi…

***

Yigitlik Validek nogiron yigitni ham chetlab o'tmadi. U hov o'sha o'n uch yasharligida ilk bor Momoxolni ko'rgach, qalbining tub-tubida yoqimli bir iliqlik tuygandi. Ana shu iliqlik bora-bora o't olib, alangaga aylanishini payqamay qoldi. Oylar, yillar o'tib qiz bilan yaqin bo'lib ketishdi. Kunlarining birida Vali tortina-tortina dardini unga aytdi…

Juda-juda qiynaldi aytib olguncha. Garchi qiz aytarli javob aytmasdan, yerga boqqancha uf tortib qo'ygan bo'lsa-da, bu holatiga o'zi ham hayron edi. Axir, umri bino bo'lib qancha-qancha yomon, shafqatsiz, yuzsiz, hayvonsifat odamlarni ko'rdi, ular bilan bir tovoqdan osh yedi. Dakkilarini, kerak bo'lganda kaltaklarini yedi. Ko'z oldia ular manaman degan ayollarni quchoqlashdi, bir to'shakda qanday yotganlarigacha ko'rdi. Ammo biror marta ham o'sha kundagichalik og'ir ahvolga tushmagan. Nega?.. Ha, nega Momoxol hanuz jim?.. Qiynalib ketganlarini, har ko'rganda xo'rsinishlarini biladi. Biroq indamaydi…

Vali shularni o'ylab tashqarida astoydil hovli supurayotgan Momoxolni zimdan kuzatdi. Taqimiga tushgan sochlari ko'zni o'ynatardi. Egilib olganda sochining bir tutami yuzlari aralash pastga osilib tushadi. Bu Momoxolga juda yarashadi…

Shu tobda Vali bir narsaga hayron bo'ldi. Mergan akaning shuncha puli bor. Qo'lini qaerga uzatsa yetadi. Nimaga bittagina qizini ayamaydi?.. Xizmatchi yollasa bo'lmaydimi? Ana, anavi Shapko'rga o'xshagan bittasini qo'yib qo'ysa, bas. Hamma ishni o'sha qilaveradi… Kim bilsin yana?..

U asta qizga yaqinlashdi. Momoxol garchi orqa o'girib hovli supurayotgan bo'lsa-da, aravacha tovushini eshitib jilmayib qo'ydi.

— Senga juda jabr bo'pti. — dedi Vali Momoxolning olt tomoniga o'tib. — Dadangga aytsang bo'lmaydimi?

— Nimani?

— Biror ayolni yollasa bo'ladi-ku!..

— E, nima keragi bor?.. Men o'zim istamayman buni.

— Nima uchun?

— Sababi bor-da!..

— Shunchalik sirmi?

— Sirmas… Bilasanmi, men dadamni ayollardan qizg'onaman.

— Ie, buyog'i qiziq bo'ldi-ku!.. — kuldi Vali. — dadangni yeb qo'yarmidi ular…

— E, ishing bo'lmasin!.. Yaxshisi, o'zingdan gapir. Nimalarni shivir-shivir qilib gaplashdilaring dadamminan?

— Hech narsani. Shunchaki… Ish yuzasidan…

— O', ja zo'rsizlar-ku-a?.. Nima ish?

— Buni sen bilishing shart emas…

Vali sekin ortiga o'girilib ichkariga qarab olgan bo'ldi. Mergan aka mehmonxonada uyoqdan-buyoqqa yurib Botirga nimalarnidir uqtirardi.

— Senga… Bir gapni aytsam maylimi?.. — yerga qaragancha so'radi Vali.

— Ayt!.. — Momoxol hushyor tortib supurgisini yerga tashladi-da, Vali tomon o'girildi. — Aytaver, nima gap?

— Sen… Judayam chiroylisan.

— Shu xolosmi?

Qiz shu qadar noz bilan tikildiki, Valining yuragi orziqib ketdi.

— Yo'q… Men… Men seni yaxshi ko'raman, Momoxol!.. — Shu gap qanday og'zidan chiqib ketganini o'zi ham payqamay qoldi. Aytishga aytdi-yu, a'zoyi badanidan muzdek ter chiqib ketgandek bo'ldi…

— Nima? — kutilmaganda kulib yubordi Momoxol. — Jinni bo'lganmisan?

— Ha, shu gapni aytmasam, jinni bo'lishim tayin edi…

Qiz indamay qo'liga supurgisini oldi. Indamadi. Faqat… Og'ir uf tortib qo'ydi xolos…

***

— Valijonni mashinaga chiqar!.. — Shapko'rga buyurdi Mergan aka. — Keyin Botirniyam!.. Faqat ortiqcha shovqin solmalaring!.. Miltig'ini yaxshilab tekshirganmikan?.. Qarab ko'r!..

— Xo'p!.. — Hovli chiroqlarini atayin o'chirib qo'yishgandi.

Shapko'r qorong'ilikda aravachada o'tirgan ikki yigitni “Gazel”ga chiqarib, eshikni yopdi va o'zi katta sumkaga solingan miltiqning uyoq-buyog'ini tekshirib ko'rgan bo'ldi.

— Hammasi joyida.

— Yaxshi. Unda eshit!.. Bularni tegishli joyga joylashtirganingdan keyin o'zing kirib Saminni opchiqasan tashqariga. Ataylabdan jig'iga tekkin!.. Achchig'i tez uning. Sal gapga lovillab ketadi. Ammo kimligingni ayta ko'rma!..

— Hammasini tushuntirgansiz-ku!.. Bilaman.

— Xo'p, Xudo yor bo'lsin sizlarga!.. Ish tugashi bilan menga qo'ng'iroq qilgin!

— Bo'pti.

Hammalari yuzlariga fotiha tortishgach, mashina joyidan qo'zg'aldi…

Saminning shaharda ham uyi bor edi. Biroq u ko'p vaqtini mana shu qishloqdagi mo'jazgina hovlida o'tkazardi. Aniqrog'i, bu yerda katta qimor o'yinlarini tashkil qilar, o'zi o'ynamasdan, cho'tal yig'ib o'tirishni xush ko'rardi. Aslida, qimorda cho'talchining hamisha oshig'i olchi. Yutgan odam albatta unga himmat qilib “bir-ikki so'm” tashlaydi. Tashlamas bo'lmaydi ham. Qimorbozlarning udumi shunaqa. Qolaversa, Samin uyi uchun ham barchadan haq oladi…

Soat taxminan tungi ikki. Mashina uzoqni oluvchi chiroqlari o'chirilgan holda qishloqqa kirib keldi. Qaysi uyga kirish oldindan rejalashtirilgani bois, uy egasi — yoshi elliklardan oshgan, cho'qqisoqol Umarali aka darvozani lang ochib qo'ygandi. Bu odam ham bir paytlar kimnidir pichoqlab qamalgan. Turmada Mergan aka bilan bir-ikki yil osh-qatiq bo'lgandi… Og'aynigarchilik bois shu kecha bola-chaqasini qarindoshlarnikiga jo'natib yuborgan. Shunday qilmasa bo'lmasdi. Mergan aka Bir marta iltimos qilsa-yu, yo'q deydimi?.. Buning ustiga Mergan bir so'zli yigit. “Sizga gard yuqmaydi” deb so'z berdi. Demak, so'zining ustidan chiqadi…

— Kelinglar, xush kepsizlar, mehmonlar!.. — u avval Haybatilla, so'ngra pastga tushirib qo'yilgan ikki nogiron bilan ko'rishdi. — Qani, ichkariga!.. Bir piyola choyimiz bor!

— Choy ichishga vaqt yo'q. — dedi Haybatilla. — Bizga tomni ko'rsating! Valijonni o'sha yerga joylashtirishimiz lozim…

— Xo'p, siz nima desangiz shu-da, mehmon!.. Ketdik bo'lmasa!..

Haybatilla ikkovlari ikkita aravachani ko'tarib maxsus bog'langan arqonga navbati bilan mahkamladi. Uy egasi tepaga chiqib aravachalarni qabul qilib oldi. Shunday qilmasa bo'lmasdi. Aravachani ustida odami bilan tomga ko'tarib chiqishning o'zi azob…

— Qoyil-e, — silkinib-silkinib kuldi Umar aka hamon hansirashdan o'zini tiyolmay. — haqiqatan ishlaring og'ir ekan… Lekin…

U negadir hayrati oshib bir Botirga, bir Valiga qarab qo'ydi. — Mehmon, kim bu yerda…

— Buyog'iminan ishingiz bo'lmasin! — uy egasining gapini bo'ldi Haybatilla. — O'zingiz tushunasiz, bunaqa ishlarda har kimgayam gullayverilmaydi…

— To'g'ri, to'g'ri… Uzr, mehmon!.. Mayli, men ichkariga kirib keta qolay bo'lmasa-a?..

— Sizmi?.. — birpas bosh qashib turgach javob qildi Haybatilla. — Yaxshisi, uydan keting!.. Hali zamon bu yerda qiyomat qoyim bo'ladi… Birontasi so'rasa, mehmonga ketgandim deb qo'ya qolasiz…

— Bu gapingizam to'g'ri. Xo'p, ketganim bo'lsin!..

***

Ish bitdi. Valining birinchi ishi bo'lgani sabab Botir uning yonida turishi shart edi. Harqalay yosh, tajribasi yo'q…

Haybatilla ko'ngli tinchib navbatdagi vazifasini amalga oshirish niyatida Saminning hovlisiga yo'l oldi. Darvozaga yetgach, ehtiyotkorlik bilan ichkariga mo'raladi. Hovlida chiroq yoniq. Ichkari uydan mast-alast erkaklarning baqir-chaqirlari, beo'xshov kulgilari aniq eshitilib turardi.

— Ha-a, qimor avjidaga o'xshaydi. — o'zicha shivirladi u. — Ayni muddao… Samin aka!.. Hov Samin aka!..

Haybatilla uch-to'rt marotaba darvoza tirqishiga og'zini tirab qichqirgach, ichkari uy eshigi ochilib kimdir tashqariga chiqdi. Chiroq yorug'ida aniq ko'rdi. Barvasta, sersoqol erkak. Bu xuddi Saminning o'zi…

— Kim u?.. — ostonadan turib baqirdi Samin qimorboz. — Kim deyapman?

— Buyoqqa chiqib keting!.. Baribir tanimaysiz!..

Samin hayrat aralash yelka qisgancha kelib darvozani ochdi.

— Sizga kim kerak?.. — qarshisida turgan Haybatillaga boshdan-oyoq tikilib qararkan, so'radi u.

— Ie, men bu qishloqdagilarni juda mehmondo'st deb o'ylardim. — piching qilgan bo'ldi Haybatilla. — Sen avval salom bersang-chi, go'rso'xta!..

— Nima?.. Vey, kimni go'rso'xta deding?.. Meni-ya?.. Kimsan o'zing?..

Aytganlaricha bor ekan. Samin bir zumda tutoqib Haybatillaning yoqasiga yopishdi.

— Qani, ichkariga kirgin! Ko'rsatib qo'yaman sen itga!..

Haybatilla ham anoyi emas. Bir zarb bilan Saminning qo'llarini orqasiga qayirib oldi.

— Ichkarida balo bormi? Erkak bo'lsang, yur, hov anavi dala tomonda mushtlashamiz!..

— Shunaqami?.. Xolma-at!..

— Ovozingni o'chir!.. — uning og'zini kaftlari bilan yopib oldi Haybatilla. — Yana bir marta ovoz chiqarsang, o'ldim deyaver!.. Xunasamisan yo?..

— Men-a?.. Mana endi ko'rasan ko'radiganingni!.. Qani, ketdik, itdan tarqagan!..

Buyog'iga Saminni ushlab turishga hojat qolmagandi. So'nggi haqorat uning tepa sochini tikka qilib tishlari g'ijirlagancha Haybatillaning oldiga tushgan ko'yi dala tomonga — Umar akaning uyi tarafga qarab keta boshladi…

— To'xta! — ayni Umar akaning uyiga — Vali hamda Botir pusib o'tirgan tom ro'parasiga kelganda Haybatilla Saminni yelkasidan ushlab to'xtatdi. — Mana shu yer qulayga o'xshaydi. Xo'sh, erkak, mehmonni qanday kutib olish kerakligini bilmasmiding?..

— Yoqamni qo'yvor, hezalak!.. — xirillab Haybatillaning qo'llarini nari surmoqchi bo'ldi Samin. — Mushtlashish mana bunaqa bo'ladi!..

Haybatilla atayin yoqasini qo'yib yuborib qo'llarini baland ko'tarib qo'ydi-da, ikki qadam ortga chekindi. Bu mahal Vali miltiqdan o'q uzishi lozim edi…

Shunday bo'ldi ham. Samin urish ilinjida qo'llarini raqibi tomon ko'tardi-yu…

Miltiqning ovozi eshitilmadi. Tiq etgan tovush keldi xolos…

Samin ko'ksini changallagancha yerga quladi…

Haybatilla jonholatda jasadni sudraklab tutzor ichiga yashirdi…

Endi tezda ikkala yigitni qaytadan tushirish va juftakni rostlash zarur edi…

***

— Qani, tez kirlaring, milisa-pilisa kep qolmasdan yashirinlaring!.. — Mergan aka jonholatda darvozani yopib, mashinadan Botir hamda Valilarni ko'tarib tushirdi. — Tez-tez ichkariga choplaring!.. Menga qara, hama chiroqlarni o'chir!..

Hash-pash deguncha chiroqlar o'chirilib, eshiklar qulflandi…

—Lekin senga tan berdim. — qorong'ilikda Valining yelkasiga qoqib qo'ydi Mergan aka. — Oyog'ing bo'lmasayam, sog' odamdan yaxshi ish ko'rsatding, malades?.. Buyog'igayam mahkam bo'l! Hali oldinda seni juda xavfli ishlar kutib turibdi…

Shu payt darvozaxonaga qandaydir mashina kelib to'xtadi. Ichkaridagilarning barchasi hushyor tortib quloqlarini ding qilishdi.

— Aytmaganmidim? — sekin deraza qarshisiga borib pardaning bir chetini ochdi Mergan aka. — Milisalar bular. Is olib yurishadi-da qanjiqlar!.. Mayli, senlar dimingni chiqarmay o'tirib turlaring, men asta chiqib xabar olay!..

Mergan aka ehtiyotkorlik bilan darvozaxonaga chiqdi. Biroq chiroqni yoqmadi. Darvozaga ham kichkinagina oynali kuzatkich o'rnatilgandi. O'shanga og'zini to'g'rilab turib ohistalik bilan so'radi:

— Kim u?

— Nima, tanimayapsanmi?

U tanish ovozni eshitgachgina, chuqur nafas olib chiroqni yoqdi.

— Qo'rqitib yubordingiz-a. Samad aka!.. — Mehmonni quchoq ochib kutib olarkan, kuldi Mergan aka. — Men bo'lsam, milisalarmikan deb ichimdan ich qirindi o'tib o'tiribman.

— Nima, yana biror gunoh qilib qo'ydingmi? — Samad aka haydovchiga “ketaver” degandek ishora qilib qo'ygach, ichkariga o'zini urdi. — Qo'rqma, menday akang borakan, senga milisa zoti tegmaydi.

— Buni bilaman-ku-ya, — dedi Mergan aka baribir hushyorlik bilan tashqariga qarab olib. — lekin u xonasalotlar is olib yurishadi-da!.. Hammasiga pul kerak. Bermasang,yoqangdan olishadi.

— Bo'pti, menga to'g'risini ayt, nima ish qilib qo'yding?

Mergan aka mehmonning qulog'iga nimadir deb pichirladi.

— Nima? Qanaqa nogiron?.. Qani, ko'rsat-chi menga!..

— Xo'p bo'ladi, aka! Marhamat, ichkariga kiraylik!..

Qo'riqchilar odatga ko'ra tashqarida qoldi. Ikkovlari oldinma-ketin mehmonxonaga yo'l olishdi. Vali shu lahzalarda negadir xomush tortgancha bir burchakda o'y surib o'tirardi…

Samad akani ko'rdi-yu, birdan rangi oqarib, qoshlari chimirildi…

Mehmon ham undan ko'z uzolmay qolgandi.

— Menga qara, Mergan, — deya uy egasiga o'girilib so'radi Samad aka. — Bu bolaning basharasi negadir tanishday tuyulyapti. Qaerdadir ko'rganman buningni.

— Ha endi… Ko'chalarda daydib yurgan bir bola. O'tib ketayotganingizda ko'zingiz tushgandir-da!..

— E, yo'-o'q… To'xta… Esingdami, mening qo'limda Vadim degan bir haromi bo'lardi?!.. Esingda bo'lishi kerak… Itday o'lib ketgan o'zboshimchaligidan.

— Esladim, esladim. Anavi suyuqoyoqning ketidan ilakishib yurgan o'ris bolami?

— Xuddi o'sha… Adashmasam, bu bolani o'sha haromi olib yurgandi.

— Yo'g'-e, — bir Valiga, bir Samad akaga boqib bosh chayqadi Mergan aka. — Axir… Bu bolani… Qanaqasiga Vadim olib yursin, aka?..

— Menga ayon-ku!.. Qiziq, oyog'iga nima qilgan bu bolaning?

— Aytishicha, bolaligida mashinada ketayotib…

— Tushunarli, — uning so'zini bo'ldi Samad aka. — Demak, xuddi o'zi. Men Vadimni tinchitish uchun yollagan odam tog'da avariyaga uchragan. Mashinada bu bolayam bo'lgan… Bo'pti, qani, tashqariga chiqaylik!

Samad aka qovog'ini uygancha uy egasini hovliga boshladi.

— Yaxshilab quloq sol, — dedi u darvozaxonaga yetishgach. — Bu yetimchani tezlik bilan yo'qot!.. Yaxshilik keltirmaydi.

— Aka, foydasi tegib turibdi-ku!..

— Foydasidan kech!.. Obro'ying borida daf qil uni!.. Bir kun kelib boshingga yetadi bunaqalar.

Mergan aka bir muddat jim qoldi. Hovlini aylanib o'zicha nimalarnidir xomcho't qilgan bo'ldi…

Bir to'xtamga keldi shekilli, beixtiyor Samad akaning oldiga qaytdi.

— To'g'ri aytasiz… Lekin… Bir reja chiqib qoldi.

— Xo'sh? Qanaqa reja?

— Esingizda bo'lsa, Jizzax yo'liga chiqaverishda bir tabib bor. Juda o'tkir yaramas. Jodulashniyam qotirarkan.

— Qisqaroq qilsan-chi!

— Xullas, o'tgan yili men bittasiga besh-o'nta qurol pullagandim. Keyin bilsam, u odam o'sha tabibni yo'q qilish niyatida mendan qurol sotib olibdi.

— O'ldiribdimi?

— Eshitib turing-da!.. Tabib dushmanlarning iltimosiminan tijoratchining ish yo'llarini boylab tashlabdi. Tijoratchi bir necha oylar uydan ko'chaga chiqolmay, kechalari soyasini ko'rsayam sapchib ketaveradigan, ba'zan vasvasaga tushib o'zini o'zi o'ldirish payiga tushadigan bo'p qopti. Xotiniyam qarab turmagan. Nafasi o'tkir domlalarga erini o'qitib o'ziga keltirgan. Tijoratchi hushiga kelib ko'zlari ochilgach, tabibni o'ldirishga ahd qilibdi. Ammo mendan qurol olib yollagan to'rt birday odamning hammasi narigi dunyoga ravona bo'libdi.

— Vey, ja cho'zvorasan-da! Qisqaroq qil dedim-ku!.. Vaqtim yo'q.

— Xo'p bo'ladi… Oradan sal o'tib xabaringiz bor, mening ishlarim chappasidan keldi. Sal bo'lmasa, ikkinchi marta qamalib ketayozdim. Bilsam, tabib qandaydir ruhlar orqali tijoratchiga men qurol sotganimni aniqlagan-u, menga qarshi duo o'qivorgan.

— Ol-a!.. — kulib yubordi Samad aka. — Ja opqochasan-da!.. Zamonaviy odamsan-u, qayoqdagi jodugarlarga ishonib yuribsan.

— Axir, ishonmay desam… Yo'q, nima desangiz deng-u, ammo men ishondim o'sha haromxo'rga.

— Bo'pti, maqsading nima?

— Maqsadim… Mana shu yigitchaning qo'liminan tabibni tinchitish… Undan keyin… Mabodo bu yetimcha tirik qolgan taqdirdayam, uni o'zim bir amallab yo'qotib yuboraveraman… Tushuning, men Valini shuncha yildan berisiga boqdim, hunar o'rgatdim. Qo'llari pul ko'rdi… Endi xizmatimniyam qilsin-da!..

— Rejang yomonmas. Biroq melisasiga ehtiyot bo'l! O'zing hech nasa ko'rmaganday chetda turaver!.. Mabodo yigitcha qo'lga tushib qolsayam ahmoqqa o'xshab orqasidan melisama-milisa chopib yurma!.. Buyoqda biz turganimizni esingdan chiqarma!

— Jinni bo'pmanmi yugurib, aka?.. — tirjayib deraza tarafga o'g'rincha qarab qo'ydi Mergan aka. — Birinchi kun bunday ishlarni qilayotganim yo'q. Xudoga

shukr, sizminan tanishib kam bo'lmadim. Sizni to'rga ilintirib beradigan ahmoq yo'q. Kerak bo'lsa, siz uchun o'qqa uchishgayam tayyor turaman, bilasiz-ku!..

— Sadoqatingga ishonaman, Mergan! — uning yelkasiga qoqib qo'ydi Samad aka. — Qayg'urma, milisaga yon berib bo'pmiz!.. Mayli, omadingni bersin!.. Ertaga mening odamlarim keladi. O'ttiz- qirq quti anavi zormanda o'qlardan berib yubor, soqqasini qo'lingga berib ketishadi!

— Gap bo'lishi mumkinmas, aka!.. Men hamisha sizning xizmatingizga tayyorman!

— Xo'p, ko'rishguncha! Faqat anavi yigitcha masalasini kechiktirma!

— Ertagayoq kirishganim bo'lsin!..

Samad aka qo'riqchilar hamrohligida mashinaga o'tirib jo'nab ketgach, Mergan aka yana bir marotaba katta ko'chani kuzatgan bo'ldi-yu, shosha-pisha darvozani yopib hovli chiroqlarini o'chirdi.

***

Vali keyingi kunlarda boshqa bir dunyoda yashayotgandek edi. Bo'lib o'tgan ishlar, Mergan akaning kelgusi rejalari, niyatlari uni qiziqtirmay qo'ydi. Ikki xayoli Momoxolga yaqinroq bo'lish, uning ko'ngliga yo'l topishda bo'lib qoldi. O'tirsa ham, tursa ham shu qiz ko'z o'ngidan ketmadi. Ammo Momoxol hanuz unga beparvo. Shunchaki nogiron yigit, otasining sodiq xizmatchisi sifatida hurmat bajo keltirar, hovlida, tomorqa taraflarda birga aylanishganda ko'proq ishlari bilan qiziqardi. Mabodo yigit muhabbatdan so'z ochsa, har gal bir jilmayib qo'yardi-yu, gapni boshqa yoqqa burib yuboraverardi. Bundan, albatta Valining g'ashi kelardi. Ich-etini yeb, yuraklari uvishib ketgandek bo'lardi…

“Yo'q, — Vali oxiri chiday olmadi. Erta tongda o'rnidan turib amal-taqal aravachasiga o'tirib olgach, (So'nggi bir yil ichida mustaqil mashq qilib aravachaga o'zi mustaqil chiqib olishga o'rgangandi) astagina hovliga chiqdi. — Bu qiz ayyorlik qilayapti. Meni nogiron, yarim jon deb kamsitayapti. Bilib turibman, ichida sevadi. Faqat unga shu narsa xalal berayapti… Axir, oyog'im bo'lmagani bilan o'zim soppa-sog'man-ku!.. Bir oilani boqish qo'limdan keladi-ku!.. Qo'limda shunday hunarim bo'lsa, yaxshi topsam. Nega ro'yxushlik bermaydi?.. Yo otasidan hayiqadimi?.. E, Mergan aka meni yaxshi ko'radi. Bitta qizini ayamasa kerak mendan. Hali u kishiga ko'p marotaba foydam tegishi ma'lum-ku!.. Mening qo'lim bilan qancha dushmanlarini tinchitadi-yu!.. Agar shundayam qizini ayasa…

Yo'q, ortiq toqat qila olmayman. Hammasini uzil-kesil hal qilishim lozim. Harqalay, yosh bola emasman…”

Shu tobda Momoxol do'kondan nimadir xarid qilish uchun tashqariga chiqib ketayotgandi. Mergan aka esa, derazadan hovlini kuzatardi…

— Momoxol, to'xtagin!.. — endi darvozani ochmoqchi bo'lgan qizni to'xtatdi Vali.

— Ha, nima deysan? Tezroq gapira qolgin, shoshib turibman!..

— Bu tezda aytiladigan gap emas-da!..

— Uf-f… Bo'pti, qaytganimdan keyin aytarsan…

Vali indamasdan aravachani Momoxolning yo'liga ko'ndalang qildi.

— Qachongacha meni qiynaysan?.. — to'satdan qizning qo'llaridan ushlab o'ziga tortdi u. — Shunchalik tosh yurakmisan?..

— Voy, bu nima qilganing? — Momoxol shartta qo'llarini tortib olib orqasiga alanglab qo'ydi. — Uyating qolmabdi o'zi. Dadam ko'rib qolsa…

— Sen, axir, sevishimni bilasan-ku!.. Bilib turib azoblayapsan odamni…

— Bor-e, qanaqa sevgi?.. Jinni bo'psan!..

— Yo'q, to bir yoqli qilmagunimizcha seni hech qaerga qo'yib yubormayman!..

Qiz asabiylashib qoshlarini chimirdi.

— Shunaqami? — dedi u hamon yo'lida ko'ndalang turgan aravachani nari surib. — Unda bilib qo'y, mening yigitim bor… Agar bilib qolsa, seni…

— Nima meni?.. O'ldiradimi?

— Ha, o'ldiradi.

— O'ldirib bo'pti!.. Hali meni yaxshi bilmas ekansan… Oyog'im yo'q bo'lsayam, uncha-munchasiga so'z beradiganlardan emasman…

— Yaxshi bo'pti, endi qoch, yo'limni to'sma!

— To'saman. Sen to rozi bo'lmaguningcha, turaveraman.

— Hozir dadamni chaqiraman.

— Chaqir!

Momoxol nima qilishni bilmay, turgan yerida aylana boshladi…

Haqiqatan, tang ahvolda qolgandi. Chunki Valini yaxshi biladi. Bir qaysarligi tutsa, qaytarib bo'lmaydi… Biroq… Sevgi to'g'risidagi gaplari kulgili… Axir… Kelib-kelib nogiron yigitga ko'ngil qo'yish… Ahmoqlik-ku!..

Toqati toq bo'ldi. Bu taxlit gap-so'zlarga nuqta qo'yish payti yetgandi.

— Menga qara, — dedi Valining ko'zlariga tikilib. — Sen-chi, chuchvarani xom sanabsan. Nima, senga mehribonchilik qilganimni noto'g'ri tushundingmi?.. Yo'q, sen mening didimdagi yigit emassan. Mening… O'z tengim bor, bildingmi?.. Boshqa bu to'g'rida og'iz ochma!..

Bunday keskin javobni kutmagan Valining ko'zlaridan o't chaqnab ketganday bo'ldi. Bo'yin tomirlari tortishib borayotgan kabi boshini uyoqdan-buyoqqa silkitib-silkitib yubordi…

Bu lahzalarda Momoxol allaqachon ko'chaga chiqib ketgandi…

***

Qiz Valining ko'nglini qattiq cho'ktirib qo'ydi. Nogironligini yana bir bor esiga soldi…

Bo'laricha bo'lgan yigit shoshilmasdan hojatxonaga kirib eshikni ichidan tambaladi.

Shu yer to'yib-to'yib yig'lashi uchun qulay edi…

Vali ba'zi-ba'zida… Dunyodan to'yib ketgan mahallarda, ota-onasizligi pand bera boshlagan vaqtlarda bir chetga yashirinib, ko'z yosh to'kishga odatlangandi. Yig'lasa, ancha yengil tortib, qayg'ulari biroz arigandek bo'lardi…

Afsus… Tag'in xalal berishdi.

Da'fatan hojatxona eshigi bezovta taqillab, tashqarida Mergan akaning ovozi eshitildi.

— Valijon, tez chiq!.. Zarur ish chiqib qoldi. Kechiktirsak bo'lmaydi. Bo'laqol!..

— Obbo, — ovozini pasaytirib g'udrandi Vali. — Sira tinchlik yo'q ekan-da!.. Bemalol yig'lashgayam qo'yishmaydi-ya!..

— Xo'sh, Valijon, kayfiyatlar qalay endi? —Mergan aka mehmonxona to'riga yastanib olgancha gapni atayin uzoqdan boshladi. — Yaxshi yotib turdingmi, bo'tam!..

— Rahmat, yomon emas… Botir akam ko'rinmaydimi?

— Ha, Botir akangni bir yerga ishminan jo'natdik. Hali zamon kep qoladi… Bilasanmi, senbop yana bir ish chiqib qoldi.

— Odam o'ldirishmi? — zo'rma zo'raki tirjaydi Vali.

— Topding. Killerga odam o'ldirishdan bo'lak ishni ishonib topshirib bo'larkanmi?!.

— Bilasiz-ku, men tayyor odamman.

— Mana shu odating menga juda yoqadi. — silkinib-silkinib kuldi Mergan aka. — Bo'lmasa eshit. Jizzax yo'liga chiqaverishda bir tabib yashaydi. Ja badavlat u xunasa. O'shani tinchitib berasan. Lekin esingda bo'lsin, suf desa suvni teskari oqizadiganlar xilidan. Shuning uchun ko'ziga ko'rinmasdan turib tinchitish kerak. Ko'rindingmi, tamom bo'ldim deyaver!..

“Ko'ziga ko'ringanim ming marta yaxshiydi. — xayolidan o'tkazdi Vali. — O'lib ketgan durust bu qadar azobda yashagandan… Qachon qarasa, cho'loqligingni esga olasan, har kimgayam o'zingni teng bila olmaysan… Yana… Kamsitganlari… Mayli, ko'rsatsin o'sha jodugar tabibni. Uyog'ini o'zim bilaman…”

— Mayli, ko'rsatmalaringizni beravering! — tilga kirdi Vali boshini ko'tarib. — Hammasi siz aytganday bo'ladi.

— Seni Haybatilla mashinada olib boradi. To ishni bitirguningcha kutib turadi. Lekin milisa-pilisasiga ehtiyot bo'l. Tag'in chuv tushib o'tirmagin. Meniyam juvonmarg qip ketasan-a!..

— Xotirjam bo'ling! Qo'lga tushgan taqdirimdayam sizni sotadigan ahmoq yo'q.

— Bo'pti, xonangga kirib tayyorgarligingni ko'r… Aytgancha, bir sidirg'a kiyimlaringdanam olvol! O'ng kelmay qolsa, o'sha atrofdan joy topib tunab turishlaringam mumkin…

Vali tushunmadi. Nega kerak kiyimlar?.. Bahor isi kelib qolgan bo'lsa. Sovuq emas…

Shunda ham e'tibor qilmay xonasiga kirdi-da, zarur kiyimlarni diplomatga joylab, miltiqni tozalashga tushdi…

***

Bu galgi reja yanada puxta ishlab chiqildi. Mergan aka atayin Botirni aralashtirmadi. Sababi ayon. Jodugar tabib o'ta xavfli odam. Qotilni ko'rmagan taqdirda ham baribir kimligini ajinalari orqali aniqlab ola biladi. Odamlar bekorga u haqida turli afsonalar to'qib yurishmaydi. Qolaversa, shu kungacha o'ldirmoqchi bo'lganlarning o'zlari narigi dunyoga ravona bo'lganliklari tabib kuchliligiga aniq isbot… Shunday ekan, bu ishga iloji boricha uzoqroq kishilarni jalb etgan ma'qul. Toki, Botirga o'xshagan yaqinlari jabr ko'rishmasin…

— Qani, Valijon, endi senga oq yo'l tilaylik!..

Mergan aka o'n besh nafar qurollangan yigitlar oldida turgan Valining yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Ishqilib, omadingni bersin!.. Esingda tut, agar o'sha jodugarning boshiga yetsang, boyliklarining hammasi o'zimizga qoladi. Xatlab olamiz. Ha endi senday sodiq ukamniyam xafa qilib qo'ymayman!..

Vali birinchi marotaba Mergan akaning gaplari soxta ekanini angladi. Angladi-yu, tunda ko'rgan tushi yodiga tushdi…

Ha, bepoyon sahroga borib qolgandi tushida. Sahro shu qadar issiq, havo dim ediki, nafas olishga qiynalar, qaynoq shamol uchirib yuborayotgan qumlar og'ziga kirib nuqul o'qchirdi…

Bir mahal uzoqdan qandaydir ajdahosifat mahluqlar u tomon chopib kela boshladi. Vali qo'rqib ketdi. Lekin qochishga sira imkon yo'q edi. Nima bo'lsa bo'lar dedi-yu, orqa-ketiga qaramay qocha boshladi…

Baribir foydasi bo'lmadi. Mahluqlar Valiga nisbatan yuz chandon tez chopishardi. Naq yelkasidan kelib bosishdi. U yerga kirib borayotganini his etdi. Nafasi bo'g'ilib, bir-ikki soniya ichida dunyodan butkul uzilib qoldi…

Vali o'ldim shekilli deb xayol qilgandi. Tirik ekan. Ertalab qora terga botgan holda uyg'ondi… Tushini esladi… O'zicha ta'bir izlab ko'rdi…

Topa olmadi… Qancha o'ylamasin, o'limdan bo'lak narsa miyasiga kelmasdi…

Oxiri bezor bo'lib yuragi g'ash tortgancha o'rnidan qo'zg'oldi…

Hozir sal bo'lsa-da, payqab turibdi. Jodugarning la'natiga qolishi mumkin. Balki, tayindir?!. Yo'qsa, Mergan aka yoniga shuncha qo'riqchini qo'shib bermasdi. Avvallari ikki, yo nari borsa to'rt kishi ketaverishardi…

— Mayli, men sizdan yomonlik ko'rmadim. — deya Mergan akaning ko'ksiga bosh qo'ydi Vali. — Mabodo qaytib kelish nasib qilmasa, mendan rozi bo'ling!..

— E, unaqa sovuq nafas qilma! — norozi bosh chayqab qo'ydi Mergan aka. — Bekorga shuncha yigitni qo'shib berayapmanmi senga? Bitta jodugarni tinchita olmasang, qanaqa ustamon qotilsan?!. Eng asosiysi, ruhni tushirmasang bas. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi. Omadingni bersin!..

Valini qo'riqchi yigitlardan biri epchillik bilan “Mersedes”ga o'tqazdi. Qolganlar ham orqadagi uchta mashinaga joylashishgach, Mergan aka haydovchilarga jo'nash uchun izn berdi…

***

Tabib aslida cho'l hududlardan birida joylashgan bozorning kattasi ekan. Uni ana shu cho'l yo'lidagina uchratish mumkin edi. Chunki katta yo'l, qatnov u qadar ko'p emas. Ikki yonbosh adirsifat baland-pastliklardan iborat. Odamni o'ldirib, biron-bir chuqurchaga tashlab ketilsa ham hech kim payqamaydi.

— Shuning uchun Mergan aka buyoqlarni tanlagan ekan-da, — yonidagi haydovchiga o'girilib kulib qo'ydi Vali. — Ja bizbop joylarga o'xshaydi…

Haydovchi boshi bilan ma'qullagan bo'ldi-yu, to'satdan qattiq tormoz berdi.

— Uyog'iga borish mumkinmas. — dedi ikki qo'li bilan rulni mushtlab.— Bozor deyarli yaqin qoldi. O'n kilometr ham chiqmaydi… Sizni shu yerga tashlab o'zimiz hov anavi ko'rinib turgan shiyponda poylab turamiz. Esingizda bo'lsin, tabib o'tadigan mashinani chalkashtirib yubormang!.. Uzoqdan ko'rishingiz bilan darhol yo'l o'rtasiga chiqing!..

— O'zim yaxshi bilaman nima qilishni. — haydovchini jerkib berdi Vali. — Menga o'rgatishning hojati yo'q. Faqat… Sizlar qaytarib opketishni unutmasangiz bas…

— Ie, bu nima deganingiz? — xoxolab kuldi haydovchi. — Mergan aka naq terimizga somon tiqadi-ku!.. Tashvish tortmang, siz otishni boshlaganingiz hamono yetib kelamiz…

***

Mashinalar karvoni ikki chaqirimlar naridagi kimsasiz shiyponga qarab yo'l soldi. Valining esa, hanuz yuragi g'ash edi. Cho'ntagidan sigaret olib tutadi-da, yana Momoxolni ko'z oldiga keltirdi…

— Ha-a, — og'ir xo'rsinib o'zi bilan o'zi gaplasha boshladi u. — Nogiron bo'lish azob ekan. Sevishgayam haqsiz bo'larkan odam… Lekin… Bu adolatdan emas-ku!.. Nogiron odam emasmi?.. Uning baxtli bo'lgisi kelmaydimi?.. Nega sog' kimsalar menga o'xshaganlardan qochishga urinishadi?.. Aybim oyoqsizligimmi?.. Ko'zim, yo og'zim qiyshiq, badbashara emasman-ku!.. E, yo'q, taqdirga tan beradigan ahmoq yo'q. Xudo xohlasa, mana shu ishniyam qoyillatsam, Mergan akadan ruxsat so'rayman. Tashlayman odam o'ldirishni… To'plagan pullarimga o'zimning tijoratimni ochaman… Ana o'shanda… Ko'rib qo'ysin Momoxolga o'xshaganlar… Yo'-o'q, yaxshisi, odam yollayman-da, majburan huzurimga keltiraman Momoxolni. Qani, o'shandayam meni kamsita olarmikan?!. Kamsitib bo'pti…

Shu tobda uzoqdan tanish mashina ko'rinib, Vali shosha-pisha yonboshiga yashirib qo'yilgan miltiqni paypaslab tekshirdi. Hammasi joyida ekaniga amin bo'lgach, hech narsa bo'lmaganday yo'l o'rtasiga chiqib qotgancha turaverdi…

Mashina katta tezlikda kelayotgandi. Valigacha o'ttiz metrlar qolganda qattiq tormoz berib to'xtadi. U aniq ko'rdi. Haydovchining yonida o'tirgan erkak o'sha suratda ko'rgan tabib. Bunga shubha yo'q…

Sekin chap yonboshiga qo'l suqib miltiqning qo'ndog'ini mahkam ushladi-da, tabibning mashinadan tushib yaqin kelishini kuta boshladi.

— Vey bola, joningdan to'yganmisan? — barvasta, sochlari oqarib ketgan, sersoqol tabib mashinadan tushiboq o'dag'aylay ketdi. — Qoch yo'ldan!..

Vali sekin miltiqni qo'liga olib tabibga to'g'riladi. Tabib jonholatda o'zini mashinaning orqasiga otdi. Haydovchi allaqachon mashinani ichidan qulflab o'rindiqlar ostiga kirib ketgandi… Aravacha esa, tobora yaqinlashib borardi.

— Menga qara, ahmoqlik qilma, o'zingni juvonmarg qilma!.. Yarim jon ekansan! Qayt, qayt!..

Tabib mashina ortidan turib tinimsiz qichqirardi. Bu orada Vali unga juda yaqin borib, miltiqdan o'q uzdi. Aksiga olgandek, o'q tabibga tegmadi…

— Hali, shunaqami? — deya epchillik bilan mashinaning boshqa tarafiga qochib o'tdi tabib. — Menminan mushuk-sichqon o'ynaging keldimi?.. Sen cho'loqni-ya?.. Xudoyam bekorga oyoqdan qismagan ekan sen bachchag'arni!.. Endi o'zingdan ko'r!..

Tabib shunday deb birdan Valining ro'parasiga chiqib qaddini g'oz tutdi.

— Men seni ogohlantirdim, bola! Quloq solmading!..

U ovozining boricha qandaydir duolarni o'qiy boshladi. Vali bo'lsa, qichqiriqlarga quloq solmay, tag'in miltiqdan o'q uzdi…

Shu payt…

O'q tabibga borib tegdimi-yo'qmi, Vali payqamadi. Kutilmaganda orqa miyasida kuchli og'riq paydo bo'ldi… Hammayoq shovqin-suronga to'lib ketganday tuyuldi. Qandaydir chiyillagan tovushlar qulog'iga

chalindi…

Bu holat atigi bir-ikki daqiqa davom etdi…

Keyin… Chor atrofni zulmat qoplab, Vali o'tirgan aravacha ag'darilib ketdi…

***

Atrof kimsasiz edi. Havoning issiqligini ham, sovuqligini ham bilib bo'lmasdi… Osmon qonga bo'yalgan ko'yi qip-qizil…

Vali qaerga kelib qolganini anglay olmay, ancha vaqt kimsasiz biyobonda turib qoldi. Tanasi qizib, nafas olishi qiyinlashayotganini, chanqagandan tomoqlari qurib borayotganini his etgan sari yuragini vahima bosardi…

— Qiziq, oyoq qaydan kep qoldi menga? — engashib tizzalarini chimdib-chimdib ko'rarkan, o'zicha so'zlandi Vali. — Boyagina cho'loq edim… Aravacha qaerga gumdon bo'ldi?.. Qaerdaman o'zi?.. Kim keltirib qo'ydi bu yerlarga meni?..

Shu taxlit turaverish ham befoyda. Tomog'i qurib, boshi aylana boshlayapti… Agar yana birpas tursa, o'qchib yuborishi hech gapmas…

Vali esa, bolalikdan qusishni yomon ko'radi. Qussa, go'yoki o'lim topadigandek bo'laveradi…

— E, Xudoning rahmi keldi shekilli menga! — ko'nglidan o'tkazdi u uzoq-uzoqlarga sinchkovlik bilan tikilib. — Taqdirim shunday ekan, demak, bu kimsasiz joylardan chiqib olishim zarur. Balki, qaerlardadir odam zoti bordim…

Oyoq ostidagi qumlar negadir bosgan sari odamning g'ashini keltirib g'ijirlardi. Ayniqsa, Vali yalang oyoq bo'lgani sababmi, tovoniga mayda-mayda toshsimon zarralar botib battar asabini qo'zg'atardi…

Bilmaydi, chamasi ikki chaqirimlar yo'l bosdi-yov!.. Olis-olislardan uchburchak shaklidagi bino ko'zga tashlandi. Vali jonlanib chanqaganiniyam unutdi va o'sha tomonga chopdi…

Tovonlari og'riyotganiga ham qarab o'tirmadi. Ne qilib bo'lsa-da, o'sha binoga yetib olish ilinjida bo'ldi…

Uzoqdan kichkina ko'ringan ekan. Aslida bu bino ulkan qasrlardan kam emasdi. Darvozada bo'yi ikki-ikki yarim metr keladigan devsifat erkaklar qo'llarida chalg'i ushlagancha qotib turishardi.

Vali qo'rqa-pisa ularga yaqin borgan ediki, xuddi anchadan beri kutib turishgandek, ikkala erkak ham unga peshvoz chiqib qo'llaridagi chalg'ilarni tashlashdi-da, qo'ltig'idan olishdi.

— Seni pushti panohimiz qachonlardan beri kutayapti! — dedi erkaklarning biri. Ovozi qandaydir yoqimsiz, beo'xshov chiqqani Valining shubhasini battar oshirdi.

— Sizlar kimsizlar o'zi? — gavdasini orqasiga olishga urindi u. Ammo kuchi yetmadi. Uzun, baquvvat qo'llar bilaklarini yanada qattiqroq qisib oldinga yetakladi.

— Sen bizning yurtlarda xor bo'lmaysan. — davom etdi erkak. — Eh, bu yerlar shunchalar yaxshiki… Mana ko'rasan, bir-ikki kun yashasang, umuman ketging kelmay qoladi…

Darvoza ochilgani hamono Valini titroq bosdi. Hovli umuman yo'q. O'rnida bir odam siqqulik so'qmoq. Ikki tomoni baland g'ishtin devorlar bilan o'ralgan…

“Ana endi tamom bo'ldim. — ko'nglidan o'tkazdi Vali. — Bir balodan qutuldim, Xudo menga qaytadan oyoq ato etdi deb quvonganim bir pul ekan. Endi meni rostakamiga baloga giriftor qilishlari aniq manavi mahluqsifatlar…”

O'ylaganidek, uni temir eshiklardan birining ro'parasiga olib kelishdi.

— Hozircha shu xonada o'tira turasan. — dedi erkaklarning biri. — Pushti panohimiz chorlamaguncha indamay o'tirib kutasan. Bilib qo'y, bizda baqir-chaqir qilish, to'polon ko'tarish mumkin emas. Jazosi og'ir kechadi…

Vali indamay xonaga kirdi. Ichkari nim qorong'i edi. Qandaydir qo'lansa hid kelardi…

Eshik sharaqlab tashqaridan yopilgach, ehtiyotkorlik bilan yon verini kuzatdi. Burchakda soqollari o'sib ketgan, yelkasi turtib chiqqan bir qariya o'tirar, yuz-ko'zlari qonga bo'yalgan, nuqul yig'lardi…

— Nega yig'layapsiz, bobo? — ehtiyotkorlik bilan qariyaga yaqin borib so'radi Vali. — Qaer o'zi bu joylar?..

Qariya yig'lashdan to'xtab Valiga boqdi.

— Sen nimaga kelding?.. Bor, tez ket!.. O'sh joningga jabr bo'ladi, bolam!..

U shunday deb polga engashdi-da, qo'liga hassasini oldi.

— Nega qarab turibsan, yigit?.. Keta qolsang-chi!..

Vali hech narsaga tushunmay yelka qisdi.

— Qayga boray?.. Hozirgina olib kelishdi meni!..

— Shunaqami?.. Vahshiylar!.. Bularda rahm-shafqat yo'q!.. Menga qara, sen shaytonlar mamlakatidasan… Agar ketishning ilojini topmasang, bekorga juvonmarg bo'p ketasan.

— Men o'lganman-ku!.. Yana…

— Bekorlarni aytibsan!.. O'lmagansan. Shunchaki… Qattiq uxlab qolganingdan foydalanib, bu yerga keltirib qo'yishgan seni… Agar aytganimga quloq tutmasang, rostakamiga o'lasan… Bilasanmi keyin nima bo'ladi?..

— Yo'q.

— Ana, ko'rdingmi, hali g'o'rsan, g'o'rsan!..

Valining kulgisi keldi. Qiziq, bu qariya qaerdan olib gapirayapti bu gaplarni?.. O'zi-chi? O'zi nega bu yerda o'tiribdi yig'lab?.. Demak, o'ziyam o'lgan emas… Xo'sh, o'zi ketish o'rniga nega uni haydayapti?..

— Bobo, siz-chi? — nihoyat yurak yutib so'rashga jur'at etdi Vali. — O'zingiz ham o'lmaganmisiz?..

— Ha, o'lmaganman. Biroq menga endi baribir. O'shimni yashab bo'lganman… Hali zamon jonimni olishga kelishadi. Shunga… Yaqinlarimminan xayolan vidolashayotgandim…

— Nimaga hammayog'ingiz qon?..

— E, buning tarixi uzun. Yaxshisi, so'rama!..

Qariya bir muddat sukutga cho'mdi. Aftidan, dardini qarshisidagi Valiga baribir aytmoqchi bo'ldimi, asabiy qo'l siltab davom etdi.

— Bolam-ey, men qimorboz edim… Shu… Qimorga kirib hali yutqazish nimaligini bilmagan odamman… Afsus… Ko'rolmaydiganlar ko'p ekan… O'zimminan shuncha yil oshiq tepib, oshimni maqtab-maqtab yeganlar, arog'imni ichgan ulfatlar o'lasi qilib kaltaklashdi… Mana, shuning kasriga manavi yerda-a o'tiribman…

Bu gaplarni eshitib Valining nafrati qo'zg'aldi. Axir, qanday iflos odamlarki, saksondan oshgan cholni kaltaklab pulini shilib olishsa?!.

— Bobo, siz ham menminan keta olasizmi? — sekin so'radi Vali. — Ayting, keta olasizmi?..

— Yo'q, nafasim yetmaydi, bolajonim!.. Bo'g'ilaman men, bo'g'ilaman… Bir o'zing ketishing kerak…

— Men qaerga borishni bilmasam… Qanday ketaman?..

— Men senga yo'l ko'rsataman… O'rdam beraman… Mayli, umrimda hech bo'lmasa senga yaxshilik qilay. Yo'qsa, armon bilan o'lib ketaman… Quloq sol, hali zamon qorong'i tushadi. Ana o'shanda mening orqamdan yurasan. Ishqilib, shaytonning malaylari sezib qolishmasa bas… Uyog'i yaxshi bo'ladi… To'xta, oyog'ingga nima qilgan?..

Vali hayron bo'lib oyoqlarini ko'zdan kechirdi.

— H-hech nima… Mana, joyida turibdi… Oyoqlarim butun.

— Yo'q, ikkala oyog'ing ham negadir ko'rinmayapti.

— Mana turibdi-ku, bobo!..

— E, ja qaysar bola ekansan o'zing ham!.. Senga shunday tuyulayapti xolos… Bo'pti, peshonaga yozilgani bo'ladi-da! Qo'lingdan nimayam kelardi. Ollohning inoyati buyam!.. Sabr qilib yashayverasan endi…

— M-mening oyoqlarim butun… Butun… Mana, o'zim ko'rib turibman…

— Gapni ko'paytirmay, buyog'iga quloq sol!.. — jerkib berdi qariya. — Yo ketishni istamaysanmi?..

— Bilmasam. — Vali bo'shashib polga o'tirib qoldi. — Xudo izn bermasa-chi?.. Boyagina o'zingiz aytdingiz-ku!..

— Izn berib turibdi, o'g'lim, berib turibdi!.. Faqat… O'zing ham harakat qilishing lozim. Bo'shashib o'tiraversang, seni ko'tarib olib borib qo'yishmaydi…

— Qaerga borishim lozim?..

— Uf-f…

Qariya achchiqlanib Valining bilagidan tutib turg'azdi.

— Qaerga bo'lardi? Asfalosofinga emas harqalay! Yorug' dunyoga qaytasan…

— Yo'q!!! — Vali kutilmaganda siltanib qariyaning qo'lidan chiqib ketdi. — Uyoqqa qaytishni istamayman!.. Yana… Oyoqsiz yashashni istamayman!!!

— Kim sendan so'rab o'tirardi?.. Yashashing zarurmi, vassalom!.. Qani, yur, ana, qorong'i tushib qoldi. Endi orqamdan yuraver! Faqat dimingni chiqarma!..

Qariya uni xona burchagiga sudrab bordi. Qo'li bilan devorni siypalab-siypalab chiqqandi, devor ikki tomonga surilib, qarshilarida bepoyon kenglik paydo bo'ldi. Vali hovliqib osmonga tikildi. Na yulduz bor, na oy. Butun osmonni qop-qora bulut qoplab olibdi chamasi…

— Hov anavi tomonni ko'rayapsanmi? — qariya Valiga olis-olislarni ko'rsatdi. — O'sha yoqqa qarab yugurasan. Boraversang, bir ko'prik chiqadi. Old tomoni baland devorlar bilan o'ralgan. Devorga yaqin borib “Bismillahir rahmonir rohiym!” deysan. Devor o'z-o'zidan ikkiga bo'linib senga yo'l beradi. Shoshil, angraymay, tezda o'tib olgin. Chunki, devor bir daqiqagina ochiq turadi xolos… Uyog'ini o'zing tushunib olaverasan… Chop, kechikma! Yo'qsa, hademay anavi yaramas malaylar uyqudan uyg'onib qolishadi!..

Qariyaning “oyoqlaring yo'q” degan gapi hali ko'nglidan chiqmagandi. Vali ishonqiramay, ohista yugurib ko'rdi. Hammasi joyidadek ko'rindi…

Shundan so'ng orqa ketiga qaramay chopib ketdi…

Yugurgan sari yashashga bo'lgan ishtiyoq kuchayib boraverdi…

Yarim yo'lga yetganda nafasi tiqilib sal qursa yiqilib tushayozdi. Ammo o'zini tutib olib chopishda davom etdi…

Faqat devorga yaqin kelgandagina ko'ngli ag'darilib yerga yuztuban yiqildi…

***

Vali inqillay-inqillay ko'zlarini ochishga urindi. Negadir ko'zlari ochilmadi… Atrof faqat zulmatdangina iborat edi… Birpas nimalar bo'lganini anglashga urinib ko'rdi. Hech narsani eslay olmadi… Faqat… Quloqlari ostida kimningdir mayin ovozi yangragandek bo'lardi…

O'ng yonboshiga o'girilib olmoqchi bo'ldi. Ammo oyog'i shu qadar chimillab og'ridi-ki, beixtiyor qichqirib yubordi:

—A-a-a-a!..

—Sizga nima bo'ldi?.. O'zingizni qo'lga oling!.. Ko'zingizni ochsangiz-chi!..

Bu ovoz unga juda tanish tuyuldi. Ha, qaerdadir eshitgan…

Lekin qaerda?.. Anavi… Qariya… Yo'q, uning yonida hech kim yo'q edi… Unda qaerda eshitgan…

—Oching ko'zingizni!.. Iltimos, ocha qoling!..

Vali yana ko'zlarini ochish uchun harakat qilib ko'rdi. Yo'q, hech narsani ko'rmayapti. Ko'z o'ngida qorong'ilikdan bo'lak hech narsa yo'q…

—M-men ko'rmayapman!.. — dedi inqillab. — Hech narsani ko'rmayapman!!! Siz kimsiz?.. Ayting, kimsiz?..

—Menmi?.. Nahotki, ovozimni tanimayotgan bo'lsangiz? Momoxolman men, Momoxol!..

—Qaysi Momoxol?.. Men bunaqa ismni eshitmaganman…

—Axir… Mergan akaning qizi…

—Nima?..

Vali qo'llari bilan paypaslanib ovoz sohibini qidira boshladi.

—Siz bu yerlarga qaerdan kep qoldingiz? Keting!.. Tez keting!.. Bu yerlar shayton malaylarining makoni, tushunayapsizmi?!. Keting, hali yashashingiz kerak!..

—Yo'q, unday demang, Vali aka!.. Siz shunchaki hushdan ketgandingiz xolos… Jodulab qo'yishgandi xolos… Unaqa gaplarni gapirib meni qo'rqitmang!.. Mana, muzday suvdan iching, o'zingizga kelasiz!..

Vali Momoxol tutqazgan suvdan bir-ikki ho'plagach, haqiqatan o'zini taniy boshlagandek qo'llari bilan oyoqlarini ushlab ko'rdi.

— Momoxol, oyoqlarim yo'q, oyoqlarim qani?!.

Qiz og'ir xo'rsinib Valining tepasiga o'tirdi.

—Meni qiynamang!.. Ilgariyam yo'q edi oyoqlaringiz. Avariyaga uchraganingizda kesib tashlashgan ekan.

—Ko'zlarim-chi? Nega ko'rmayapman hech narsani?..

—Bunisiga bilmadim… Bilmadim…

—Menga qara, Momoxol, adashmasam, sen meni yoqtirmasding! Nega meni sizlayapsan?.. Yigitim bor demaganmiding?.. Nimaga yonimdasan? Mergan akalar qani? Nega ular yo'q?.. Qaerdaman o'zi?

—Siz biznikidasiz… Avvalgi gaplarimni miyangizdan chiqarib tashlang!.. Ahmoq edim ilgari, ha, ahmoq edim, Valijon!.. Mana, o'zim sizni ayvonga joy qilib yotqizganman.

—Y-yo'q… To'xta, menga nima bo'lgandi o'zi?.. Hech narsani fahmlay olmayapman!..

—Siz jodu balosiga uchradingiz. O'sha yaramas hushingizni olib qo'ygan. Siz… O'mon odamlarning qo'liga tushib qoldingiz!.. Bazo'r opkeltirib oldim bu yerga sizni.

—Qachon?.. Qachon kep qoldim bu yerga?..

—Bir hafta bo'ldi. Bir haftadan beri o'zingizga keltirolmay halakman. Do'xtir chaqiray desam, qo'rqdim… Topib olishlaridan qo'rqdim!..

—Dadang-chi? Qani Mergan aka?..

Momoxol bir muddat jim qoldi.

—Dadam qamalib qoldi. — dedi nihoyat. — O'sha… Siz hushdan ketgan kuningiz katta miqdorda qurol topishdi uyimizdan. Butun uyni titkilab tashlashdi tekshiruvchilar… Aytishlaricha, Samad aka degan odam sotib qo'yganmish dadamni…

—Samad aka?.. Nahotki?..

Vali o'rnidan turmoqchi bo'ldi. Ammo gavdasini ko'tarishga qurbi yetmadi.

—O'sha… Haromi… Vadim akamniyam o'ldirgan!.. Mergan akani nega sotadi?.. U kishi o'sha yaramasga… Xizmat qilardi-ku!..

—Ha, lekin… Oxirgi marta qurollarni sal qimmatroq sotmoqchi bo'lgan ekan…

Momoxol bir qo'li bilan Valining sochlarini ohista silab, ikkinchisini peshonasiga qo'ydi.

—Vali aka, kechiring!

—Ha-a, undami? E, menday nogiron yigitning kimgayam keragi bor?.. Xafa bo'lganim yo'q o'shandayam… Ko'nikib ketganman… Sen… Bekor bu yerga opkelibsan meni… Ko'chada qoldirib ketaversang, yaxshi bo'lardi…

—Ikkinchi marta mening oldimda o'zingizni nogiron demang!.. Xafa bo'laman…

—Xo'sh, senga nima keragim bor?.. Mana, buyam kamdek, ko'r ham bo'lib qoldim shekilli. Boshingga urasanmi meni?.. Ha endi yigitlik ustun kelib sevgi izhor qilsam qilgandirman… E'tibor qilma u gaplarimga!.. Haliyam bo'lsa, o'sha yigitingdan qolma!..

—U menga kerak emas… Uyam anavi kallakesarlarga o'xshagan bo'ladi-da!.. Otasining yo'lidan boradi-da!.. Qo'ying!.. Men qasam ichganman… Siz bilmaysiz… Endi bir umr sizning yoningizda bo'lishga qasam ichganman… Hammasini hal qilib bo'lganman!

—Rahming kelganidan bo'lsa kerak-da! —dedi Vali inqillab.

—Bekorlarni aytibsiz… Rahmim kelganidan emas… Siz… Siz… Hech kimga o'xshamaysiz… Sizni juda-juda qadrlayman!.. Buni o'sha kuni… Bir o'zingiz yumalab kimsasiz joylarda qolib ketganingizni eshitganimdan keyin anglab yetdim. Shu sababliyam o'zingizni tanladim. Menga boshqacha hayot kerakmas… Faqat… Vali aka, qasam iching!.. Ortiq odam o'ldirmayman deb qasam iching!..

—Sen o'ylab gapirayapsanmi? Ko'r odam qanday qilib birovni o'ldirsin!?. Kulgimni qistatma!.. Shundog'am a'zoyi badanim og'rib ketayapti. Lekin… Bunday qarorga kelganing chatoq bo'pti…

—Bo'ldi, boshqa gapirmang!.. Hali ko'rmaganday bo'p ketasiz… Xudoga shukr, otam menga ajratgan pullar ikkalamizgayam bir umr yetadi… Uzoq-uzoqlarga opketaman sizni!.. O'ldir-o'ldirlardan, qon to'kishlardan nari bo'lsak bas… Men hammasiga chidayman…

Valining ko'zlariga beixtiyor yosh keldi…

O'pkasi to'lib keldi-yu, shundoq yonginasida Momoxolni his etib o'zini dodlashdan bazo'r tiyib qoldi…

Paypaslana-paypaslana, qizning qo'llarini topib kaftlari orasiga olarkan, eshitilar-eshitilmas, pichirlab qo'ydi:

—Hammasi yaxshi tugadi-ku, lekin ko'zlarim ham ko'r bo'lib qolgani, sening jamolingga to'yolmasligim yomon-da, Momoxol!..

Momoxol indamay boshini Valining yelkasiga qo'yib, yig'lab yubordi.

Unaqa demang!.. Ko'ngil ko'zingiz ochiqligiga shukr qiling! Menga o'sha ko'zingizning o'zi yetadi!.. Yana bir marotaba meni kechiring!

Tamom.

Olimjon HAYIT

O‘xshash hikoyalar